Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-TADQIQ MAQOLASI

«Oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman»

«Oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman»

Ey, zahmat chekayotganlar va og‘ir yuk ostida yurganlar, barchangiz oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman. MAT. 11:28

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

BU MAQOLADA *

1. Matto 11:28–30 ga ko‘ra, Iso qanday va’da bergan?

ISO uni tinglayotgan olomonga ajoyib va’da bergan. U: «Oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman»,— degan. (Matto 11:28–30 ni o‘qing.) Bu shunchaki quruq va’da bo‘lmagan. Masalan, u dahshatli kasallikdan azob chekkan ayol uchun nima qilgani haqida o‘ylab ko‘ring.

2. Iso kasal ayol uchun nima qildi?

2 O‘sha ayol rosa yordamga muhtoj edi. Tuzalib ketish niyatida u bir qancha shifokorga murojaat qilgandi. Ayol 12 yildan buyon azob chekardi va hech kim uni davolay olmagandi. Tavrotga ko‘ra, u nopok hisoblanardi. (Lev. 15:25) Bir safar u Iso azob chekayotganlarga shifo bera olishi haqida eshitadi va uni topmoqchi bo‘ladi. Uni topgach esa, ustki kiyimining etagiga qo‘l tekkizadi va shu zahoti tuzaladi! Lekin Iso unga shifo berishdan ko‘proq ishni qiladi — u ayolga sevgi va hurmat ko‘rsatadi. Masalan, Iso unga gapirganda, «qizim» deya unga o‘z mehri-yu hurmatini namoyon etadi. O‘sha ayol rohat topgan yoki kuchga to‘lgan bo‘lsa kerak! (Luqo 8:43–48, izoh)

3. Qanday savollarga javob topamiz?

3 E’tibor bering, o‘sha ayol Isoning oldiga bordi. Ha, u tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Bugungi kunda ham xuddi shunday, ya’ni biz Isoning oldiga «kelish» uchun harakat qilishimiz lozim. Hozir Iso uning oldiga «kelganlarga» tom ma’noda shifo bermaydi. Ammo u: «Oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman»,— deya bizni taklif qilmoqda. Bu maqolada quyidagi beshta savolga javob topamiz: «Qanday qilib Isoning oldiga “kelishimiz” mumkin? Iso: “Bo‘yinturug‘imni oling”,— deb aytganda, nimani nazarda tutgan? Isodan qanday o‘rnak olyapmiz? Nega Iso bizga topshirgan ish rohat baxsh etadi? Qay yo‘sin Isoning bo‘yinturug‘i ostida bo‘la turib, rohat topishingiz mumkin?»

«OLDIMGA KELINGLAR»

4–5. Qanday ba’zi yo‘llar orqali Isoning oldiga «kelishimiz» mumkin?

4 Isoning oldiga «kelishning» yo‘llaridan biri — iloji boricha uning aytganlari-yu qilgan ishlari to‘g‘risida ko‘proq bilib olishdir. (Luqo 1:1–4) Muqaddas Kitobda Iso haqida nima deyilganini tadqiq qilish shaxsiy mas’uliyatimizdir. Bundan tashqari, suvga cho‘mishga va uning shogirdi bo‘lishga qaror qilganimizda, Isoning oldiga «kelgan» bo‘lamiz.

5 Isoning oldiga «kelishning» boshqa bir yo‘li — yordamga muhtoj bo‘lganimizda, oqsoqollarga murojaat qilishdir. Iso suruviga g‘amxo‘rlik qilish uchun oqsoqollarni «hadya qilib bergan». (Efes. 4:7, 8, 11; Yuhan. 21:16; 1 Butr. 5:1–3) Yordam olish uchun harakat qilishimiz zarur. Oqsoqollar fikrlarimizni o‘qib, nimaga muhtoj ekanimizni bilib olishini kutmaymiz. Julian ismli birodar nima deganiga e’tibor bering: «Sog‘ligim tufayli Baytildan ketishimga to‘g‘ri keldi va bir do‘stim oqsoqollarga murojaat qilib, daldali tashrif buyurishlarini so‘rashni aytdi. Boshida men bunga muhtoj emasman, deb o‘yladim. Lekin keyin yordam so‘radim va ularning daldali tashrifi men uchun ajoyib sovg‘alardan biriga aylandi». Julianga yordam bergan o‘sha ikkita oqsoqol singari, sadoqatli cho‘ponlar «Masih kabi fikr yuritishimizga», ya’ni uning fikrlash tarzi-yu munosabatini tushunib, unga taqlid qilishimizga ko‘maklashadi. (1 Kor. 2:16; 1 Butr. 2:21) Darhaqiqat, bu biz ega bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan eng a’lo hadyalardan biridir.

«MENING BO‘YINTURUG‘IMNI OLING»

6. Iso: «Mening bo‘yinturug‘imni oling»,— deganda, nimani nazarda tutgan?

6 Iso: «Mening bo‘yinturug‘imni oling» deganda, ehtimol, «hokimiyatimni qabul qiling» degan fikrni nazarda tutgandir. Shuningdek, u «keling, bo‘yinturug‘imga qo‘shiling va birga Yahovaga xizmat qilamiz» demoqchi bo‘lgandir. Bu ikkala ibora ham, mehnat qilish kerakligini anglatadi.

7. Matto 28:18–20 ga ko‘ra, bizga qanday vazifa berilgan va nimaga amin bo‘la olamiz?

7 Hayotimizni Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mganimizda, Isoning taklifini qabul qilgan bo‘lamiz. Bu taklif hamma uchundir, ya’ni chin dildan Xudoga xizmat qilishni istagan kishini Iso hech ham rad etmaydi. (Yuhan. 6:37, 38) Barcha masihiylar Yahova Isoga topshirgan ishda qatnashish sharafiga ega. Shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, bu vazifani bajara olishimiz uchun Iso doim bizga yordam berishga tayyor. (Matto 28:18–20 ni o‘qing.)

«MENDAN O‘RGANINGLAR»

Isodek boshqalarga rohat baxsh eting (8–11-xatboshilariga qarang.) *

8–9. Nima uchun kamtar odamlar Isoga yaqinlashgan va o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

8 Kamtar kishilar Isoga yaqinlashgan. (Mat. 19:13, 14; Luqo 7:37, 38) Nega deysizmi? Iso va farziylar orasidagi farq haqida o‘ylab ko‘ring. O‘sha din rahbarlari mehrsiz va takabbur bo‘lgan. (Mat. 12:9–14) Iso esa, mehribon va kamtarin edi. Farziylar mansabparast bo‘lib, yuqori lavozimlarga ega bo‘lish bilan mag‘rurlanardi. Iso o‘zini bunday tutish noto‘g‘ri ekanini aytib, shogirdlarini kamtar bo‘lishga va boshqalarga xizmat qilishga o‘rgatgan. (Mat. 23:2, 6–11) Farziylar qo‘rquv va majburiyatlar orqali boshqalarga bosim o‘tkazishgan. (Yuhan. 9:13, 22) Bundan farqli ravishda, Iso sevgiga to‘la ishlari-yu so‘zlari bilan odamlarga rohat baxsh etgan.

9 Siz ham Isodan shunday yo‘l tutishga o‘rganyapsizmi? O‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Boshqalar meni muloyim va kamtar inson sifatida biladimi? Boshqalarga xizmat qilish uchun oddiy ishlarni qilishga tayyormanmi? Mehribonmanmi?»

10. Iso u bilan hamkorlik qilganlar uchun qanday muhit yaratgan?

10 Iso hamkorlari uchun tinch muhit yaratishga harakat qilgan va ularga ta’lim berishdan zavq olgan. (Luqo 10:1, 19–21) U shogirdlarini savollar berishga undagan va ularning nuqtai nazarini bilishni xohlagan. (Mat. 16:13–16) Shogirdlar oranjereyadagi o‘simliklar singari gullab-yashnagan. Ular Isoning so‘zlarini diqqat bilan tinglagan va yaxshi ishlari orqali hosil keltirgan.

Do‘stona munosabatda bo‘ling

Faol va g‘ayratli bo‘ling

Kamtar va mehnatsevar bo‘ling *

11. O‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

11 Siz ham qandaydir mavqe yoki hokimiyatga egamisiz? Agar shunday bo‘lsa, o‘zingizga quyidagicha savollar bering: «Ishda yoki uyda men qanday muhit yaratyapman? Tinchlik o‘rnatishga intilamanmi? Boshqalarni savollar berishga undaymanmi? Ularning nuqtai nazarini tinglashga tayyormanmi?» Hech birimiz farziylarga o‘xshashni istamaymiz. Axir farziylar kimdir ularning fikriga qo‘shilmaganida g‘azabga mingan va boshqacha nuqtai nazarni bildirgan kishilarni ta’qib qilgan. (Mark 3:1–6; Yuhan. 9:29–34)

«JONLARINGIZ ROHAT TOPADI»

12–14. Nima uchun Iso topshirgan vazifani bajarish rohat baxsh etadi?

12 Nima uchun Iso topshirgan vazifani bajarish rohat baxsh etadi? Buning sabablari ko‘p, keling, bir nechtasini ko‘rib chiqamiz.

13 Eng a’lo nozirlarga egamiz. Eng Oliy Nozirimiz Yahova noshukur va qo‘pol Xo‘jayin emas. U mehnatimizni qadrlaydi. (Ibron. 6:10) Shuningdek, Yahova zimmamizdagi mas’uliyatni bajarishimiz uchun kuch beradi. (2 Kor. 4:7; Galat. 6:5) Shohimiz Iso esa, boshqalar bilan qanday munosabatda bo‘lishda a’lo o‘rnak qoldirgan. (Yuhan. 13:15) Bizga g‘amxo‘rlik qiladigan oqsoqollar ham «Ulug‘ Cho‘pon» Isoga taqlid qilishga harakat qiladi. (Ibron. 13:20; 1 Butr. 5:2) Ular bizga ta’lim berganda va himoya qilganda mehribon bo‘lish, dalda va jasorat baxsh etish uchun jon kuydiradi.

14 Eng a’lo do‘stlarga egamiz. Bizning eng mehribon do‘stlarimiz va mazmunli ishimiz bor. Bir o‘ylab ko‘ring: yuksak axloqiy me’yorlar bo‘yicha yashayotgan, lekin kekkaymaydigan birodar-u opa-singillarimiz bilan hamkorlik qilish sharafiga egamiz. Ular iste’dodli, ammo kamtarin bo‘lib, boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yishadi. Bir-birimizni shunchaki hamkor emas, do‘st deb bilamiz. Sevgimiz shu qadar kuchliki, bir-birimiz uchun hatto o‘lishga tayyormiz.

15. Bajarayotgan ishimizga qanday munosabatda bo‘lishimiz lozim?

15 Eng a’lo ishimiz bor. Insonlarga Yahova to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatib, Iblis tarqatayotgan yolg‘onlarni fosh etamiz. (Yuhan. 8:44) Shayton odamlarga yolg‘onlarini singdiryapti. Natijada ular umidsizlikni his qilyapti. Masalan, u Yahova gunohlarimizni kechirmasligiga va bizni sevmasligiga ishonishimizni istaydi. Bu yolg‘on nihoyatda og‘ir yuk! Iso Masihning: «Kelinglar»,— degan taklifini qabul qilsak, gunohlarimiz kechiriladi. Chindan ham, Yahova barchamizni juda ham yaxshi ko‘radi. (Rim. 8:32, 38, 39) Insonlar Yahovaga tayanishga o‘rganishiga yordam berish va ular o‘z hayotini o‘zgartirayotganini ko‘rish katta baxt!

ISONING BO‘YINTURUG‘INI OLIB, ROHAT TOPING

16. Iso bizga olib yurishni taklif qilayotgan yuk nimasi bilan farq qiladi?

16 Iso bizga olib yurishni taklif qilayotgan yuk umuman boshqacha. Masalan, oddiy ishni oladigan bo‘lsak, kun oxirida ko‘plar o‘zini nafaqat charchagan, balki baxtsiz his qiladi. Bundan farqli ravishda, Yahova hamda Isoga xizmat qilishga vaqt ajratgach, chuqur mamnuniyat his qilamiz. Ehtimol, kun bo‘yi ishlab charcharmiz va ishdan keyin jamoat uchrashuviga borishga o‘zimizni majburlashga to‘g‘ri kelar. Ammo yig‘ilishdan odatda tetik va kuchga to‘lib qaytamiz. Xuddi shuni va’zgo‘ylik va shaxsiy tadqiqdan so‘ng his etamiz. To‘g‘ri, bu ishlarga kuch sarflaymiz, lekin olayotgan mukofotimiz undan-da ko‘proq!

17. Nega o‘zimizga to‘g‘ri baho berishimiz lozim?

17 O‘zimizga to‘g‘ri baho berishimiz lozim. Har birimizning kuchimiz har xil. Shuning uchun, kuchimizga mulohazakorlik ila yondashishimiz kerak. Masalan, moddiy narsalarga ega bo‘lish ilinjida juda ko‘p kuch sarflashimiz mumkin. Ammo boy bir yigit Isoga bergan savoliga e’tibor qarataylik: «Abadiy hayotga erishish uchun nima qilishim kerak?» Bu yigit Tavrotga amal qilgan va yaxshi inson bo‘lganga o‘xshaydi, sababi Mark o‘z bayonotida o‘zgacha tafsilotni, ya’ni Iso «unga mehr bilan qaradi» deb yozgan. Iso bu yigitga javoban: «Borib bor-yo‘g‘ingizni soting»,— dedi va: «So‘ng kelib, mening izdoshim bo‘ling»,— deya qo‘shib qo‘ydi. Ha, u Isoning izidan yurishni istagan, biroq «mol-mulki juda ko‘p» bo‘lgani uchun buni qila olmadi. (Mark 10:17–22) Natijada, u Iso taklif qilgan bo‘yinturuqqa qo‘shilishni rad etib, «boylikning» quli bo‘lib qoldi. (Mat. 6:24) Xo‘sh, siz nimani tanlagan bo‘lardingiz?

18. Nima haqida o‘ylab tursak yaxshi bo‘lardi va nima uchun?

18 Hayotimizda nima birinchi o‘rinda ekani borasida o‘ylab tursak yaxshi bo‘lardi. Sababi, shunday qilib kuchimizdan to‘g‘ri foydalanayotganimizni aniqlay olamiz. Mark ismli yosh yigit quyidagicha bo‘lishdi: «Ko‘p yillar davomida sodda hayot kechiryapman deb o‘ylagandim. Kashshof edim, ammo nuqul pul va hayotimni yanada yaxshilash to‘g‘risida o‘ylardim. Hayotim nega og‘ir yukday bo‘lib qolganini tushunishga harakat qildim. Keyin ko‘proq e’tiborimni o‘z qiziqishlarimga qaratayotganimni, bundan ortib qolayotgan vaqt hamda kuchimni esa Yahovaga berayotganimni angladim». Mark fikrlash tarzini-yu hayotini o‘zgartirib, ko‘proq vaqti-yu kuchini Yahovaga xizmat qilishga sarflay boshladi. «To‘g‘ri, ba’zida pul haqida o‘ylab turaman, ammo Yahovaning madadi va Isoning qo‘llab-quvvatlashi bilan butun diqqatimni xizmatga qarata olyapman»,— dedi Mark.

19. Nima uchun to‘g‘ri nuqtai nazarni saqlab qolish zarur?

19 Agar uchta narsani qilsak, Isoning bo‘yinturug‘i ostida bo‘lib, rohat topamiz. Birinchidan, to‘g‘ri nuqtai nazarni saqlang. Yahovaning ishini qilar ekanmiz, bu ishni U xohlaganday bajarishimiz kerak. Biz ishchilarmiz, Yahova esa Xo‘jayinimiz. (Luqo 17:10) Agar bu ishni o‘zimiz bilganday bajarishga intilsak, o‘zimizga-o‘zimiz qiyinchilik tug‘diramiz. Misol uchun, hatto baquvvat ho‘kiz ham bo‘yinturuqda bo‘la turib xo‘jayini yo‘naltirayotgan yo‘ldan emas, doim o‘zi istagan boshqa yo‘nalishda ketishga harakat qilsa, o‘ziga zarar keltirib, charchab qoladi. Demak, Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilsak, nazarimizda qila olmaydigan ishlarni bajarib, har turli qiyinchiliklarni yenga olamiz. Unutmangki, hech kim Xudoni O‘z irodasini amalga oshirishidan to‘xtata olmaydi! (Rim. 8:31; 1 Yuhan. 4:4)

20. Isoning bo‘yinturug‘ini olib yurar ekanmiz, niyatimiz qanday bo‘lishi kerak?

20 Ikkinchidan, ishni to‘g‘ri niyat ila bajaring. Maqsadimiz mehribon Xudoyimiz Yahovani sharaflashdir. Birinchi asrda ochko‘zlik yoki xudbinlik ila harakat qilganlar keyinchalik baxtsiz bo‘lib, Isoning bo‘yinturug‘ini tashlab ketishgan. (Yuhan. 6:25–27, 51, 60, 66; Filip. 3:18, 19) Ammo Xudoga va yaqiniga bo‘lgan beg‘araz sevgi ila harakat qilgan insonlar yer yuzidagi hayoti davomida ushbu bo‘yinturuqni olib, samoda Iso bilan birga xizmat qilishga umid bog‘lashgan. Keling, ular singari biz ham to‘g‘ri niyatlar ila Isoning bo‘yinturug‘ini olib baxtli bo‘lib qolaylik.

21. Matto 6:31–33 ga ko‘ra, Yahova nima qilishiga ishonsak bo‘ladi?

21 Uchinchidan, doim ishoning. Biz fidoyi hayotni va qiyin ishni tanladik. Iso ta’qiblarga duch kelishimizdan ogohlantirgan. Ammo har qanday qiyinchilikda bardoshli bo‘lishimiz uchun Yahova bizga kuch ato etishiga ishonsak bo‘ladi. Qancha ko‘p sabr-bardosh qilsak, shuncha ko‘p kuchli bo‘lamiz. (Yoqb. 1:2–4) Qolaversa, Yahova bizga kerakli narsani taqdim etishiga, Iso bizga cho‘ponlik qilishiga va imondoshlarimiz bizga dalda berishiga ishonsak bo‘ladi. (Matto 6:31–33 ni o‘qing; Yuhan. 10:14; 1 Salon. 5:11) Barchamiz har qanday qiyinchilik ostida bardoshli bo‘lamiz!

22. Nima uchun minnatdor bo‘lishimiz mumkin?

22 Iso sog‘aytirgan ayol o‘sha kuniyoq rohat topgan edi. Lekin abadiy rohat topishi uchun u Masihning sadoqatli shogirdi bo‘lishi kutilardi. Sizningcha, u nima qilgan? U Isoning bo‘yinturug‘ini olishni tanlagan bo‘lsa, ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan mukofoti, ya’ni Iso bilan birga osmonda xizmat qilish sharafi haqida bir o‘ylab ko‘ring. Bu ayol Isoga ergashib yurish uchun qilgan har qanday fidoyiligi u ega bo‘lgan barakalari oldida hech narsa emas. Yerda abadiy yashashga yoki osmonda yashashga umid qilishimizdan qat’i nazar, Isoning: «Oldimga kelinglar»,— degan taklifi uchun minnatdor bo‘laylik.

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

^ 5- x.b. Iso bizga uning oldiga kelishni taklif qilyapti. Xo‘sh, bu taklifni qabul qilish nimani o‘z ichiga oladi? Ushbu maqola mazkur savolning javobini berib, Iso bilan hamkorlik qilish qay yo‘sin rohat baxsh etishini eslatadi.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH Iso odamlarga turlicha rohat baxsh etgan.

^ 66- x.b. RASMGA SHARH Birodar ham o‘zgalarga har xil yo‘llar orqali rohat baxsh etishga harakat qilyapti.