Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35-TADQIQ MAQOLASI

Tangri Yahova kamtar xizmatchilarini qadrlaydi

Tangri Yahova kamtar xizmatchilarini qadrlaydi

Yahova... kamtar insonga nazar soladi. ZAB. 138:6

48-QO‘SHIQ Yahovaga har kuni hamroh bo‘laylik

BU MAQOLADA *

1. Kamtarin kishilar haqida Yahova qanday fikrda? Tushuntiring.

YAHOVA kamtarin kishilarni sevadi. Faqatgina chinakam kamtarin insonlar U bilan iliq va yaqin munosabatlarga ega bo‘lishi mumkin. «Mag‘rur kishini esa [Xudo] yaqiniga ham yo‘latmaydi». (Zab. 138:6) Barchamiz Yahovani mamnun etishni va Uning sevgisini his etishni istar ekanmiz, kamtarin bo‘lishga o‘rganish uchun asosli sabablarimiz bor.

2. Bu maqolada nimalarni bilib olamiz?

2 Bu maqolada quyidagi uchta savolga javob topamiz: 1) Kamtarlik o‘zi nima? 2) Nega bu fazilatni rivojlantirishimiz kerak? 3) Qaysi vaziyatlarda kamtarinligimiz sinalishi mumkin? Shuningdek, kamtarinlikni rivojlantirib Yahovaning qalbini quvontirishimizni va bu o‘zimizga ham foyda keltirishini bilib olamiz. (Hik. 27:11; Ishayo 48:17)

KAMTARLIK O‘ZI NIMA?

3. Kamtarlik nima?

3 Kamtarlik — o‘y-fikrda o‘zini past tutish va mag‘rurlig-u takabburlikdan holi bo‘lish. Muqaddas Kitobga ko‘ra, kamtar kishi Tangri Yahova undan ancha yuksak ekanini va boshqalarning ham o‘z ahamiyati borligini tushunadi. Qolaversa, bunday inson boshqalar undan qaysidir jihati bilan ustuvor ekanini tan oladi. (Filip. 2:3, 4)

4–5. Nima sababdan kamtarin ko‘ringan kishi, aslida bunday bo‘lmasligi mumkin?

4 Ba’zilar kamtarin bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ular uyatchan tuyulishi mumkin. Balki ular madaniyati va tarbiyasi tufayli boshqalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatar. Ammo qalbi mag‘rurlikka to‘la bo‘lishi mumkin. Bir kunmas-bir kun ular aslida qanday inson ekani ayon bo‘ladi. (Luqo 6:45)

5 Boshqalar esa, qat’iy bo‘lib, nima o‘ylasa shuni gapirishi mumkin. Bu doim ham ular mag‘rur ekanini anglatmaydi. (Yuhan. 1:46, 47) Lekin bunday kishilar o‘z qobiliyatlariga ishonib qolishdan ehtiyot bo‘lishi lozim. Tabiatimiz qanday bo‘lmasin, chinakamiga kamtar bo‘lish uchun jon kuydirishimiz kerak.

Havoriy Pavlus o‘ziga nisbatan kamtarin nuqtai nazarda bo‘lgan (6-xatboshiga qarang.) *

6. Korinfliklarga birinchi maktub 15:10 ga binoan, Pavlusdan qanday saboq olyapmiz?

6 Keling, havoriy Pavlusning misoliga diqqat qarataylik. Yahova turli shaharlarda jamoatlarni tashkil qilish uchun undan juda ko‘p qo‘llangan. Ehtimol, Pavlus Iso Masihning boshqa havoriylariga qaraganda, xizmatda ko‘proq ishni bajargan. Ammo u o‘zini boshqa birodarlaridan yuqori hisoblamagan. U kamtarinlik ila: «Men havoriylarning eng kichigiman va havoriy deb nomlanishga ham noloyiqman, chunki Tangrining jamoatini ta’qib qilardim»,— degan. (1 Kor. 15:9) So‘ng Pavlus qandaydir o‘zgacha qobiliyatlari yoki ishlari tufayli emas, balki Allohning inoyati tufayli U bilan ajoyib munosabatlarga ega ekanini aytgan. (1 Korinfliklarga 15:10 ni o‘qing.) Ha, Pavlus kamtar bo‘lishda yaxshi o‘rnakdir. Korinfdagi masihiylarning ba’zilari uni tanqid qilgan bo‘lsa-da, u ularga maktub yo‘llaganida maqtanmagan. (2 Kor. 10:10)

Karl Kleyn Yetakchi kengashda xizmat qilgan kamtarin birodar (7-xatboshiga qarang.)

7. Qay yo‘sin bizning zamonamizdagi ba’zi mas’uliyatli birodarlar kamtarinlik namoyon etgan? Misol keltiring.

7 Yahovaning ko‘pgina xizmatchilari Yetakchi kengash a’zosi bo‘lgan Karl Kleyn birodarimizning tarjimai holidan dalda olgan. U tarjimai holida hayoti davomida kurashib kelgan zaifliklari va muammolari to‘g‘risida kamtarinlik ila ochiqdan-ochiq aytib o‘tgan. Masalan, Karl birodarimiz 1922-yili ilk bor uyma-uy xizmat qilgan. Lekin bu u uchun juda qiyin bo‘lgani tufayli deyarli ikki yil davomida bu xizmat turida qatnashmagan. Keyinchalik Baytilda xizmat qilayotganida, birodar unga maslahat berganidan so‘ng u muayyan vaqt davomida undan jahli chiqib yurgan. Buning ustiga, u asab tizimi bilan bog‘liq kasallikdan azob chekkan, lekin keyinchalik tuzalgan. Shuningdek, Karl bir qancha sharafli vazifalarga ega bo‘lgan. Darhaqiqat, bunday mas’uliyatli birodar zaif tomonlarini ochiqchasiga aytishi uchun qanchalar kamtarinlik kerak-a?! Ko‘pgina birodar-u opa-singillar Karl Kleyn va uning rostgo‘ylik ila yozilgan tarjimai holini zavq ila eslaydi *.

NEGA KAMTARINLIKNI RIVOJLANTIRISHIMIZ KERAK?

8. Qay yo‘sin 1 Butrus 5:6 dagi so‘zlardan kamtarinlik Yahovani quvontirishini ko‘ryapmiz?

8 Kamtarinlikni rivojlantirishimizning eng asosiy sababi bu Yahovani mamnun qiladi. Havoriy Butrus buni aniq aytgan. (1 Butrus 5:6 ni o‘qing.) Ko‘p tillarda chiqqan «Kel, Mening ortimdan ergash» nomli kitobda Butrusning so‘zlari quyidagicha tushuntirilgan: «Mag‘rurlik zahar kabidir. Uning ta’siri halokatli bo‘lishi mumkin. Inson ajoyib qobiliyatga ega bo‘lish bilan birga mag‘rur bo‘lsa, Xudo undan foydalana olmaydi. Ammo kamtarin oddiy odamdan esa, Yahova qo‘llanadi... Bu Unga quvonch keltirib, kamtarligingiz uchun U sizni mukofotlaydi» *. Qilishimiz mumkin bo‘lgan eng a’lo ish — Yahovaning qalbini quvontirish. (Hik. 23:15)

9. Nima sababdan kamtarin bo‘lsak, boshqalar bizga yaqinlashadi?

9 Kamtarinlikni rivojlantirsak, nafaqat Yahovaning qalbini quvontiramiz, balki bu bizga ham ko‘p foyda keltiradi. Bu fazilat boshqalarni bizga yaqinlashtiradi. Buni tushunish uchun bir o‘ylab ko‘ring: sizga qanday insonlar bilan muloqot qilish yoqadi? (Mat. 7:12) Doim o‘zinikida turib oladigan va boshqalarning taklifini rad etadiganlar bilan muloqot qilishni ko‘pchiligimiz yoqtirmaymiz. Aksincha, imondoshlarimiz «hamdard,.. birodarlarcha sevadigan, mehr-shafqatli va kamtar bo‘lsa», ular bilan suhbat qurishdan dalda olamiz. (1 Butr. 3:8) Kamtarin bo‘lib, bunday insonlarga yaqinlashsak, ular ham bizga yaqinlashadi.

10. Qanday qilib kamtarinlik tufayli yashash osonroq bo‘ladi?

10 Kamtar bo‘lsak, yashash ham osonroq bo‘ladi. Gohida nazarimizda adolatsizlikka yoki noto‘g‘ri tuyulgan vaziyatlarga duch kelishimiz mumkin. Dono shoh Sulaymon shunday yozgan: «Xizmatkorlar ot minib yurganini, beklar esa xizmatkorlarday piyoda yurganini ko‘rdim». (Voiz 10:7) Ba’zida juda qobiliyatli bo‘lgan kishilar hech qanday sharafga ega bo‘lmaydi. Uncha qobiliyatli bo‘lmaganlar esa, gohida ko‘proq sharaf va e’tiborga sazovor bo‘lishi mumkin. Sulaymon qandaydir vaziyat tufayli salbiy tuyg‘ularga berilgandan ko‘ra, uni to‘g‘ri qabul qilish oqilona bo‘lishini aytgan. (Voiz 6:9) Kamtarin bo‘lsak, hatto biz o‘ylaganday bo‘lmasa ham, vaziyatni qabul qilish osonroq bo‘ladi.

QAYSI VAZIYATLARDA KAMTARINLIGIMIZ SINALISHI MUMKIN?

Qanday qilib bu kabi vaziyatlarda kamtarinligimiz sinalishi mumkin? (11–12-xatboshilariga qarang.) *

11. Maslahat olganda, qanday munosabat bildirishimiz kerak?

11 Kamtarlikni namoyon etish uchun kunda bir qancha imkoniyatga ega bo‘lamiz. Bir nechtasiga e’tibor beraylik. Misol uchun, maslahat olganimizda. Kimdir bizni tuzatish uchun vaqt ajratsa, shuni unutmaylikki, biz o‘ylaganimizdan ham jiddiyroq xato qilganmiz. Ehtimol, bizga maslahat berishsa, uni shu zahoti rad etishni istarmiz. O‘sha insonni yoki u qay yo‘sin maslahat berganini tanqid qilishimiz hech gap emas. Lekin kamtarin bo‘lsak, bunga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga intilamiz.

12. Hikmatlar 27:5, 6 ga binoan, bizga maslahat bergan kishidan nega minnatdor bo‘lishimiz kerak? Misol keltiring.

12 Kamtar kishi maslahat uchun minnatdor bo‘ladi. Tasavvur qiling, Yig‘ilish zalidasiz. Bir nechta imondoshingiz bilan suhbat qurgach, ulardan biri sizni chetga chaqirib, tishingiz orasida ovqat qoldig‘i borligini sekingina aytadi. Albatta, bundan xijolat bo‘lasiz. Ammo imondoshingiz bu haqida aytgani uchun minnatdor bo‘lasizmi? Shubhasizki, buni ertaroq aytishlarini istagan bo‘lardingiz. Shunga o‘xshab, imondoshimiz jasorat ila biz muhtoj bo‘lgan maslahatni berganida, kamtarinlik ila undan minnatdor bo‘lishimiz zarur. Uni dushman emas, do‘st deb bilamiz. (Hikmatlar 27:5, 6 ni o‘qing; Galat. 4:16)

Boshqalar sharafli vazifalarni olganda, nima uchun kamtar bo‘lishimiz kerak? (13–14-xatboshilariga qarang.) *

13. Boshqalar sharafli vazifalarni olganda, qay yo‘sin kamtarinlikni ko‘rsata olamiz?

13 Boshqalar sharafli vazifalarni olganda. Jeyson ismli oqsoqol shunday dedi: «Boshqalar sharafli vazifalarga ega bo‘lganda, ba’zida nega meni tanlashmadi, deb o‘ylab qolaman». Sizda ham shunday tuyg‘ular bo‘ladimi? Xizmatda sharafli vazifalarni olishga «intilish» noto‘g‘ri emas. (1 Tim. 3:1) Ammo nimalar haqida o‘ylayotganimizga diqqatli bo‘lishimiz kerak. Ehtiyot bo‘lmasak, qalbimizda mag‘rurlik ildiz ota boshlaydi. Masalan, masihiy jamoatda muayyan vazifani bajarish uchun ko‘proq mos kelaman, deb o‘ylar. Yoki imondoshimiz turmush o‘rtog‘i to‘g‘risida: «Erim bu vazifani boshqa birodarlardan ko‘ra ancha yaxshiroq bajaradi»,— deb o‘ylashi mumkin. Lekin chinakamiga kamtar bo‘lsak, bunday fikrlardan qochamiz.

14. Boshqalar sharafli vazifalarni olganda, Musoning o‘rnagidan nimaga o‘rganishimiz mumkin?

14 Boshqalar sharafli vazifalarni olganda, Muso bunga qanday munosabat bildirganidan o‘rnak olsak bo‘ladi. Muso Isroil xalqini yetaklash kabi vazifasini juda qadrlagan. Yahova Muso qilgan ba’zi ishlarni boshqalar qilishiga yo‘l qo‘yganda, u bunga qanday munosabat ko‘rsatgan? U hasad qilmagan. (Sah. 11:24–29) Muso kamtar edi va odamlarga hakamlik qilishda boshqalarning yordamini qabul qilgan. (Chiq. 18:13–24) Bu tufayli Isroil xalqiga xizmat qilish uchun ko‘proq odam bo‘lgan va masala tezroq hal qilinardi. Shu yo‘sin Muso o‘zining sharafli vazifalarini boshqalarning manfaatidan ustun qo‘ymagan. Biz uchun ajoyib o‘rnak! Tangri Yahova bizdan foydalanishini istasak, o‘zgacha qobiliyatlarga ega bo‘lishimiz emas, kamtarin bo‘lishimiz muhimroqdir. Zero, «Yahova yuksakda bo‘lsa-da, kamtar insonga nazar soladi». (Zab. 138:6)

15. Qanday qilib ko‘pgina birodar-u opa-singillarimizning vaziyati o‘zgardi?

15 Yangi sharoitlarga duch kelganda. So‘nggi yillarda Yahovaga o‘nlab yillar davomida xizmat qilgan imondoshlarimizning vazifalari o‘zgardi. Misol uchun, 2014-yili viloyat nozirlari va ularning turmush o‘rtoqlari to‘la vaqtli xizmatning boshqa turiga tayinlanishdi. Qolaversa, o‘sha yildan boshlab tuman nozirlari 70 ga kirgach, xizmatning bu turida ishtirok eta olmaydi. 80 ga kirgan birodarlar esa, oqsoqollar kengashining raisi sifatida xizmat qila olmaydi. Bundan tashqari, oxirgi bir necha yil davomida ko‘pgina baytilchilar kashshof etib tayinlandi. Boshqalar esa, sog‘ligi, oiladagi mas’uliyatlari yoki boshqa sabablar tufayli to‘la vaqtli maxsus xizmatni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

16. Qay yo‘sin imondoshlarimiz yangi sharoitlarga moslashish uchun kamtarinlik ko‘rsatishdi?

16 Bu birodar-u opa-singillar uchun bunday o‘zgarishlarni qabul qilish oson kechmadi. Ular, ayniqsa, yillar davomida bajarib kelganlar vazifasiga bog‘lanib qolgan edi. Ayrimlari uchun yangi sharoitlarga moslashish oson bo‘lmadi. Ammo vaqt o‘tib, ular moslasha olishdi. Nega deganda, ular Yahovani sevadi. Ular ish, nom yoki vazifaga emas, Yahovaga bag‘ishlanganini bilardi. (Kolos. 3:23) Ular kamtarinlik ila qo‘ldan kelgancha Yahovaga xizmat qilishdan xursand. Bu imondoshlarimiz Yahova ularga g‘amxo‘rlik qilishini bilib, «barcha g‘am-tashvishlaringizni Unga tashlanglar», degan maslahatga amal qilishdi. (1 Butr. 5:6, 7)

17. Nima uchun Xudoning Kalomi kamtarin bo‘lishga undayotganidan minnatdormiz?

17 Xudoning Kalomi kamtarin bo‘lishga undayotganidan minnatdormiz, shunday emasmi?! Bu bebaho fazilatni rivojlantirsak, ham o‘zimizga, ham boshqalarga foyda keltiramiz. Shuningdek, hayotdagi muammolar bilan kurashish osonroq bo‘ladi. Eng asosiysi, samoviy Otamizga yaqinroq bo‘lamiz. Yahova «Oliy va Ulug‘ Zot» bo‘lishiga qaramay, kamtar xizmatchilarini sevishini va qadrlashini bilishdan juda xursandmiz! (Ishayo 57:15)

45-QO‘SHIQ Qalbim o‘ylari

^ 5- x.b. Rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan muhim fazilatlardan biri kamtarlikdir. Kamtarlik o‘zi nima? Nega bu fazilatni rivojlantirishimiz kerak? Qanday qilib vaziyat o‘zgarganda kamtarinligimiz sinalishi mumkin? Bu maqolada ushbu muhim savollarning javobini topamiz.

^ 7- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1984-yil 1-oktabr (ingl.) sonidagi «Yahova meni mukofotladi» nomli maqolaga va 2001-yil 1-may (rus) sonidagi «Yahova menga mehr-inoyat ko‘rsatdi» nomli maqolaga qarang.

^ 8- x.b. 3-bobning 23-xatboshiga qarang.

^ 53- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Havoriy Pavlus birodarning uyida imondoshlar, jumladan, bolalar bilan zavq ila suhbatlashyapti.

^ 57- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Birodar undan yoshroq bo‘lgan imondoshidan Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatni qabul qilyapti.

^ 59- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Yoshi ulug‘ birodar sharafli vazifani bajarayotgan yoshroq birodarga hasad qilmayapti.