Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

37-TADQIQ MAQOLASI

Tayyorlik ila Yahovaga bo‘ysuning. Nega va qay yo‘sin?

Tayyorlik ila Yahovaga bo‘ysuning. Nega va qay yo‘sin?

Otamizga tayyorlik ila bo‘ysunishimiz yanada muhimroq emasmi? IBRON. 12:9

9-QO‘SHIQ Yahova — Podshohimizdir!

BU MAQOLADA *

1. Nima sababdan Yahovaga bo‘ysunamiz?

YAHOVA Yaratuvchimiz ekan, Unga bo‘ysunishimiz * kerak. U O‘z ijodlari uchun me’yorlar o‘rnatishga haqlidir. (Vah. 4:11) Ammo Unga bo‘ysunishimizning boshqa bir sababi ham bor: Uning boshqaruv uslubi eng a’losidir. Tarix mobaynida odamlar boshqalarning ustidan hokimlik qilib kelgan. Ular bilan solishtiradigan bo‘lsak, Yahova eng dono, sevgiga to‘la, shafqatli va rahmdil Tangridir. (Chiq. 34:6; Rim. 16:27; 1 Yuhan. 4:8)

2. Ibroniylarga 12:9–11 ga ko‘ra, Yahovaga bo‘ysunishimiz uchun qanday sabablarimiz bor?

2 Yahova qo‘rqqanimiz emas, sevganimiz uchun Unga bo‘ysunishimizni va Uni mehribon Otamiz deb bilishimizni istaydi. Pavlus Ibroniylarga yo‘llagan maktubida «Otamizga tayyorlik ila bo‘ysunishimiz» kerakligini va U «foydamizni ko‘zlashini» tushuntirgan. (Ibroniylarga 12:9–11 ni o‘qing.)

3. a) Yahovaga bo‘ysunayotganimizni qanday ko‘rsatamiz? b) Qaysi savollarga javob topamiz?

3 Barcha narsada Yahovaga itoat qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilish va o‘z aqlimizga tayanishni rad etish orqali Unga bo‘ysunamiz. (Hik. 3:5) Yahovaning go‘zal fazilatlarini bilib olganimizda, Unga bo‘ysunish osonroq bo‘ladi. Nega deganda, barcha ishlarining asosi Uning betakror fazilatlaridir. (Zab. 145:9) Yahova haqida qancha ko‘p bilib olsak, Unga bo‘lgan sevgimiz shuncha oshadi. Yahovani sevganimizda esa, nima mumkin va nima mumkin emasligi keltirilgan uzun qoidalar ro‘yxatiga muhtoj bo‘lmaymiz. Boisi, Yahova istaganiday fikr yuritishga va his qilishga o‘rganib, yomonlikdan qochamiz. (Zab. 97:10) Lekin gohida Yahovaga bo‘ysunish oson bo‘lmasligi mumkin. Nima uchun? Oqsoqollar, otalar hamda onalar hokim Naximiyo, shoh Dovud hamda Isoning onasi Maryamning o‘rnagidan qanday saboq olishsa bo‘ladi? Bu maqolada ushbu savollarga javob topamiz.

NEGA YAHOVAGA BO‘YSUNISH QIYIN BO‘LISHI MUMKIN?

4–5. Rimliklarga 7:21–23 ga binoan, nega Yahovaga bo‘ysunish oson bo‘lmasligi mumkin?

4 Biz uchun Yahovaga bo‘ysunish qiyin bo‘lishining sabablaridan biri meros bo‘lib o‘tgan gunoh va nomukammallikdir. Shu bois, bizda isyon ko‘tarish moyilligi bor. Odamato va Momohavo taqiqlangan mevani yeb, Xudoga qarshi isyon ko‘targach, nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekanini o‘zlari hal qilishdi. (Ibt. 3:22) Bugungi kunda ham aksariyat odamlar Yahovani pisand qilmay, nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasida o‘zlari qaror chiqarishni afzal ko‘radi.

5 Hatto Yahovani biladigan va sevadiganlar uchun ham Unga bo‘ysunish qiyin bo‘lishi mumkin. Masalan, havoriy Pavlus shunday qiyinchilikka duch kelgan. (Rimliklarga 7:21–23 ni o‘qing.) Pavlus kabi biz ham Yahovaning nazarida to‘g‘ri bo‘lgan ishni qilishni istaymiz. Ammo yomon ishlar qilish moyilligiga qarshi doim kurashishimiz kerak.

6–7. Yahovaga bo‘ysunish qiyin bo‘lishining yana bir sababi nima? Misol keltiring.

6 Yahovaga bo‘ysunish qiyin bo‘lishining yana bir sababi biz ulg‘aygan hududdagi urf-odatlar-u odamlarning fikrlash tarzining ta’siridir. Insonlarning ko‘pgina g‘oyalari Yahovaning irodasiga zid va ular kabi fikr yuritmaslik uchun muntazam kurash olib borish oson kechmasligi turgan gap. Bir misolga e’tibor bering.

7 Ba’zi joylarda yoshlar ko‘p pul topish bosimiga duch kelishi keng tarqalgan. Imondoshimiz Malika * shunday qiyinchilikka duch kelgan. Yahova to‘g‘risida bilib olishdan avval u mamlakatidagi eng nufuzli universitetlardan birida o‘qigan. Malikaning oila a’zolari unga bosim o‘tkazib nufuzli ishda va yaxshi lavozimda ishlashga undagan. Uning o‘zi ham buni istagan. Lekin u Yahova haqida bilim olib va Uni yaxshi ko‘rib, maqsadlarini o‘zgartirdi. Ammo bu oson bo‘lmadi. Malika shunday dedi: «Ba’zida ko‘p pul topishga imkon beradigan, biroq ma’naviy ishlarimdan chalg‘itadigan ish taklif qilishadi. Tarbiyam tufayli, ba’zida yo‘q deyish qiyin bo‘ladi. Yahovaga yolvorib xizmatdan chalg‘itadigan ishni taklif qilishganda, vasvasaga qarshi turishimga yordam berishini so‘rayman». (Mat. 6:24)

8. Nimani ko‘rib chiqamiz?

8 Yahovaga bo‘ysunib, o‘zimiz ham foyda olamiz. Ammo oqsoqol, ota va ona kabi muayyan hokimiyatga ega insonlar Yahovaga bo‘ysunishi uchun yana bir sabab bor: bunday yo‘l tutib, ular boshqalarga ham yordam bera oladi. Keling, qay yo‘sin hokimiyatdan foydalanib, Yahovaning qalbini quvontirishga yordam beradigan Muqaddas Kitobdagi ayrim misollarni ko‘rib chiqaylik.

OQSOQOLLAR NAXIMIYODAN QANDAY SABOQ OLISHI MUMKIN?

Naximiyo Quddus devorlarini tiklashda yordam bergani singari, oqsoqollar Yig‘ilish zali bilan bog‘liq ishlarda qatnasha oladi (9–11-xatboshilariga qarang.) *

9. Naximiyo qanday qiyinchiliklarga duch kelgan?

9 Yahova oqsoqollarga Uning xalqiga cho‘ponlik qilish kabi muhim vazifani topshirgan. (1 Butr. 5:2) Oqsoqollar Naximiyo Yahovaning xalqiga qanday munosabat ko‘rsatganini bilib olib, ko‘p narsaga o‘rganishi mumkin. Yahudo hokimi Naximiyo anchagina hokimiyatga ega bo‘lgan. (Naxim. 1:11; 2:7, 8; 5:14) U duch kelgan ba’zi qiyinchiliklarni tasavvur qiling. Naximiyo xalq ma’badni bulg‘aganidan va Tavrotda aytilganiday, levilarni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlamayotganidan xabar topadi. Yahudiylar Shabbat haqidagi qonunga bo‘ysunmayotgandi va ba’zilar Yahovaga topinmaydigan xalqlardagi ayollarga uylangan edi. Hokim Naximiyo bu qiyin vaziyatni hal qilgan. (Naxim. 13:4–30)

10. Qiyinchiliklarga duch kelganda, Naximiyo qanday yo‘l tutdi?

10 Naximiyo hokimiyatidan foydalanib, Xudoning xalqini o‘z g‘oyalariga amal qilishga majburlamagan. Aksincha, u chin qalbdan ibodat qilib Yahovadan yo‘l-yo‘riq izlagan va xalqqa Tavrotga asoslanib ta’lim bergan. (Naxim. 1:4–10; 13:1–3) Bundan tashqari, Naximiyo kamtarinlik ila xalq bilan birga mehnat qilib, hatto Quddus devorlarini tiklashga yordamlashgan. (Naxim. 4:15)

11. Salonikaliklarga birinchi maktub 2:7, 8 ga ko‘ra, oqsoqollar jamoatdagilarga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?

11 Oqsoqollar Naximiyoning vaziyatida bo‘lgan muammolarga duch kelmas, lekin undan ko‘p narsaga o‘rganishlari mumkin. Masalan, oqsoqollar birodar-u opa-singillariga yordam berish uchun jon kuydirib mehnat qiladi. Lekin ega bo‘lgan hokimiyati tufayli o‘zlarini boshqalardan yaxshiroq deb hisoblamaydi. Aksincha, ular jamoatdagilar bilan yumshoq muomala qiladi. (1 Salonikaliklarga 2:7, 8 ni o‘qing.) Ularning chuqur sevgisi va kamtarinligi boshqalar bilan qay yo‘sin gaplashishlarida ham aks etadi. Tajribali oqsoqol Andrey quyidagicha dedi: «Oqsoqol mehribon bo‘lsa, do‘stona munosabat ko‘rsatsa, bu birodar-u opa-singillarning qalbiga ta’sir qilishini sezdim. Bunday fazilatlar tufayli jamoat a’zolari oqsoqollar bilan hamkorlik qilishga intiladi». Ancha vaqtdan beri oqsoqol bo‘lgan Toni esa, shunday fikr bildirdi: «Men Filippiliklarga 2:3 dagi maslahatga amal qilishga va doim boshqalarni o‘zimdan ustun qo‘yishga intilaman. Bu menga boshqalarning ustidan hukmronlik qilishdan qochishga yordam beradi».

12. Nima uchun oqsoqollar kamtarin bo‘lishi muhim?

12 Oqsoqollar Yahova singari kamtarin bo‘lishi lozim. Yahova Sarvari Olam bo‘lsa-da, «bechorani tuproqdan» turg‘izish uchun «egiladi». (Zab. 18:35; 113:6, 7) Darhaqiqat, Yahova kekkaygan va takabbur kishilardan jirkanadi. (Hik. 16:5)

13. Nima sababdan oqsoqol «tilini tiyishi» kerak?

13 Yahovaga bo‘ysunadigan oqsoqol «tilini tiyishi» kerak. Aks holda, kimdir unga hurmat ko‘rsatmasa, ranjitadigan tarzda gapirib qo‘yishi mumkin. (Yoqb. 1:26; Galat. 5:14, 15) Yuqorida tilga olingan Andrey shunday dedi: «Ba’zida kimdir menga hurmatsizlik ko‘rsatganday tuyulsa, unga qo‘pol gapirishni istardim. Lekin Muqaddas Kitobda keltirilgan sadoqatli kishilarning misollari ustida mulohaza yuritdim va bu menga kamtarin hamda o‘zimni boshqalardan past tutishga o‘rganishim muhim ekanini tushunishimga yordam berdi». Oqsoqollar birodar-u opa-singillariga hamda boshqa oqsoqollarga sevgi va mehr ko‘rsatib, Yahovaga bo‘ysunayotganini ko‘rsatadi. (Kolos. 4:6)

OTALAR DOVUDDAN QANDAY SABOQ OLISHI MUMKIN?

14. Yahova otalarga qanday vazifa topshirgan va ulardan nimani kutadi?

14 Yahova otani oila boshi etib tayinlagan va undan farzandlariga ta’lim-tarbiya berishini kutadi. (1 Kor. 11:3; Efes. 6:4) Lekin otaning hokimiyati cheklangan, ya’ni u Yahovaning oldida javob berishi kerak, zero har bir oila «Undan nom olgan». (Efes. 3:14, 15) Otalar hokimiyatidan Yahovani mamnun qiladigan tarzda foydalanib, Uni mamnun qilayotganini ko‘rsatadi. Shoh Dovudning hayotini ko‘rib chiqib, ko‘p narsaga o‘rganishimiz mumkin.

Masihiy ota ibodat qilganda, kamtarin ekani ko‘rinishi kerak (15–16-xatboshilariga qarang.) *

15. Nega shoh Dovud otalar uchun yaxshi o‘rnak desa bo‘ladi?

15 Yahova Dovudni nafaqat oila, balki butun Isroil xalqi ustidan bosh etib tayinlagan. Shoh sifatida Dovud qudratga ega bo‘lgan. Ba’zida u bu qudratidan noto‘g‘ri foydalangan va jiddiy xatolar qilgan. (2 Shoh. 11:14, 15) Biroq u Yahovaning tarbiyasini qabul qilib, Unga bo‘ysunganini ko‘rsatgan. Dovud Yahovaga ibodat qilib, qalbidagilarni to‘kib solgan. Qolaversa, Yahovaning maslahatiga amal qilish uchun qo‘lidan kelganini qilgan. (Zab. 51:1–4) Shuningdek, u kamtarin bo‘lgani uchun nafaqat erkak kishining, balki ayollarning ham o‘rinli maslahatini qabul qilgan. (1 Shoh. 19:11, 12; 25:32, 33) Dovud xatolaridan saboq olgan va Yahovaga xizmat qilish u uchun eng muhim ish bo‘lgan.

16. Otalar Dovuddan qanday saboq olishi mumkin?

16 Keling, otalar Dovuddan qanday saboq olishi mumkinligining ba’zi misollariga e’tibor beraylik. Yahova sizga bergan hokimiyatdan noto‘g‘ri foydalanmang. Xatolaringizni tan oling va Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatni qabul qiling. Shunday yo‘l tutsangiz, oila a’zolaringiz kamtarligingiz uchun sizni hurmat qiladi. Oilangiz bilan ibodat qilayotganda, ichingizda borini Yahovaga ayting va Undan yordam hamda yo‘l-yo‘riq olishni juda ham istayotganingizni ko‘rsating. Eng asosiysi, Yahovaga xizmat qilish hayotingizda birinchi o‘rinda tursin. (Qonun. 6:6–9) O‘rnagingiz oilangizga bera oladigan eng qadrli hadyangiz bo‘lishi mumkin.

ONALAR MARYAMDAN QANDAY SABOQ OLISHI MUMKIN?

17. Yahova onalarga qanday vazifa topshirgan?

17 Yahova oilada har bir onaga muhim mas’uliyat topshirgan va u farzandlari ustidan qaysidir darajada hokimlik qilishga haqli. (Hik. 6:20) Darhaqiqat, ona farzandining hayotiga qattiq ta’sir qilishi mumkin. (Hik. 22:6) Onalar Isoning onasi Maryamdan qanday saboq olishlari mumkinligiga e’tibor beraylik.

18–19. Onalar Maryamning misolidan qanday saboq olishi mumkin?

18 Maryam Muqaddas Yozuvlarni juda yaxshi bilardi. U Yahovani chuqur hurmat qilib, U bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lgan. Hayoti butunlayin o‘zgarib ketishiga to‘g‘ri kelsa ham, u Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga bo‘ysunishga tayyor edi. (Luqo 1:35–38, 46–55)

Ona charchaganda yoki jahli chiqqanda, oila a’zolariga sevgisini ko‘rsatish uchun ancha harakat qilishiga to‘g‘ri kelar (19-xatboshiga qarang.) *

19 Aziz onalar, Maryamning o‘rnagiga turli yo‘llar bilan taqlid qila olasiz. Qanaqasiga deysizmi? Birinchidan, shaxsiy tadqiq va o‘zingiz ibodat qilish orqali Yahova bilan bo‘lgan munosabatlaringizni mustahkamlang. Ikkinchidan, Yahovani mamnun qilish uchun hayotingizga o‘zgarishlar kiritishga tayyor bo‘ling. Masalan, ehtimol, siz ulg‘aygan oilada g‘azablanish yoki bolani jerkib berish kabi vaziyatlar tez-tez bo‘lgandir. Balki farzandni shu yo‘sin tarbiyalash kerak degan fikr bilan katta bo‘lgandirsiz. Hatto Yahovaning me’yorlarini bilib olganingizdan keyin ham, bolangizga nisbatan xotirjamlik va sabr namoyon etish qiyin kechishi hech gap emas. Ayniqsa charchab kelganingizda, u o‘zini yomon tutsa, bunday qilish oson bo‘lmasligi mumkin. (Efes. 4:31) Bunday paytlarda har qachongidan ham ko‘proq ibodatda Yahovaga tayanishingiz kerak. Lidiya ismli ona shunday dedi: «Gohida o‘g‘lim gapimga quloq solmaganida, unga jahl bilan gapirmaslik uchun tinmay ibodat qilishimga to‘g‘ri kelardi. Hatto gapimning o‘rtasida to‘xtab, ichimda Yahovadan yordam so‘rardim. Ibodat xotirjamlikni saqlashimga yordam beradi». (Zab. 37:5)

20. Ba’zi onalar qanday qiyinchilikka duch keladi va ularni qay yo‘sin yengish mumkin?

20 Ayrim onalar boshqa qiyinchilikka duch keladi — ular farzandlarini yaxshi ko‘rishlarini aytishga qiynalishadi. (Titus. 2:3, 4) Ba’zi ayollar ulg‘aygan oilalarda ota-ona farzandi bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirmagan. Sizning vaziyatingiz ham shunday bo‘lsa, ota-onangizning xatolarini takrorlamang. Yahovaga bo‘ysunadigan ona farzandiga nisbatan sevgisini izhor qilishga o‘rganishi mumkin. Ehtimol, fikrlash tarzini, his-tuyg‘ularini va xatti-harakatlarini o‘zgartirish u uchun oson bo‘lmaydi. Lekin uddasidan chiqsa bo‘ladi va bunday o‘zgarishlar ham unga, ham oilasiga baxt keltiradi.

YAHOVAGA BO‘YSUNISHDA DAVOM ETING

21–22. Ishayo 65:13, 14 ga ko‘ra, Yahovaga bo‘ysunib qanday foyda olamiz?

21 Shoh Dovud Yahovaga bo‘ysunish foydali ekanini bilgan. U quyidagicha yozgan: «Yahovaning buyruqlari adolatlidir, qalbni shod etadi, Yahovaning amri pokdir, ko‘zlarga nur beradi. Ular xizmatchingni ogoh etadi, ularga rioya qilgan kishi buyuk mukofotga ega bo‘ladi». (Zab. 19:8, 11) Hozirda Yahovaga bo‘ysunadiganlar va Uning mehr ila berilgan maslahatini rad etadiganlar orasidagi farqni ko‘rishimiz mumkin. Yahovaga bo‘ysunadiganlar «qalbi shodlikka to‘lganidan» hayqiradi. (Ishayo 65:13, 14 ni o‘qing.)

22 Oqsoqollar, otalar hamda onalar tayyorlik ila Yahovaga bo‘ysunsa, hayoti yaxshi tarafga o‘zgaradi, oilalari baxtli bo‘ladi va butun jamoat yanada yakdil bo‘ladi. Eng muhimi, ular Yahovaning qalbini quvontiradi. (Hik. 27:11) Bundan-da zo‘r xursandchilik bormikan?!

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz

^ 5- x.b. Ushbu maqolada nima uchun Yahovaga bo‘ysunishimiz kerakligi haqida gap boradi. Shuningdek, oqsoqollar, otalar hamda onalar — muayyan hokimiyatga ega bo‘lgan barcha — hokim Naximiyo, shoh Dovud va Isoning onasi Maryamdan nimalarga o‘rganishi mumkinligini bilib olamiz.

^ 1- x.b. IBORALAR MA’NOSI. Biron kishini itoat qilishga majburlashganda, bo‘ysunmoq va bo‘ysunish so‘zlari u uchun salbiy ma’noga ega bo‘ladi. Lekin Xudoning xalqi Unga itoat qilishni tanlaydi va bu ular uchun hech qanday salbiy ma’noga ega emas.

^ 7- x.b. Ushbu maqoladagi ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 62- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Naximiyo Quddus devorlarini tiklashda yordam bergani singari, oqsoqol o‘g‘li bilan Yig‘ilish zalini ta’mirlashda qatnashyapti.

^ 64- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Ota oila a’zolari bilan Yahovaga chin dildan ibodat qilyapti.

^ 66- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Bir bola kun bo‘yi video o‘yin o‘ynab, uy ishlari-yu vazifalarini bajarmagan. Onasi ishdan charchab kelgan bo‘lsa-da, uni jerkmay yumshoqlik ila tarbiyalayapti.