Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yaxshi misollardan saboq olish meni qut-barakalarga yetakladi

Yaxshi misollardan saboq olish meni qut-barakalarga yetakladi

YOSHLIGIMDA va’z qilishga qiynalardim. Ulg‘ayganim sayin, qachondir qo‘limdan kelmaydi, deb o‘ylagan vazifalar menga topshirilgan edi. Keling, qo‘rquvlarimni yengishga ko‘maklashgan hayotimdagi yaxshi misollar va 58 yil davomidagi to‘la vaqtli xizmatimda ega bo‘lgan ajoyib qut-barakalar haqida aytib beray.

Men Kanadaning Kvebek provinsiyasidagi Kvebek shahrida, fransuz tilida gapiradigan hududda tug‘ilganman. Otamning ismi Lyuis, onamniki esa Zaliya, ular juda mehribon bo‘lib, meni rosa yaxshi ko‘rishgan. Otam uyatchan bo‘lib, kitob o‘qishni yoqtirgan. Menga yozish yoqardi va bir kun emas, bir kun jurnalist bo‘lishni orzu qilganman.

Taxminan 12 yoshda bo‘lganimda, otamning hamkasbi Rudolf Sousay va uning bir do‘sti uyimizga kelishdi. Ular Yahovaning Shohidlari edi. Ular haqida deyarli hech narsa bilmasdim va dini bilan umuman qiziqmasdim. Lekin ular Muqaddas Kitobdan foydalanib muloyimlik ila savollarga mantiqiy javoblar berishgani menga qattiq ta’sir qildi. Ota-onamga ham bu yoqdi. Shuning uchun, Muqaddas Kitob tadqiqiga rozi bo‘ldik.

O‘sha paytda katoliklar maktabida o‘qirdim. Shu orada, Muqaddas Kitob tadqiqida o‘rgangan narsalarim to‘g‘risida sinfdoshlarim bilan gaplashardim. Vaqt o‘tgach, ruhoniy bo‘lgan o‘qituvchilarim suhbatlarimizdan xabar topishdi. Muqaddas Yozuvlarni qo‘llab, aytayotganlarim yolg‘on ekanini isbotlashning o‘rniga, ulardan biri meni butun sinf oldida isyonkorga chiqardi. To‘g‘ri, bu vaziyat mushkul edi, lekin u barakaga aylandi. Nega deganda, bu, maktabimdagi diniy ta’lim Muqaddas Kitobda yozilganlarga zid ekanini ko‘rishimga ko‘maklashdi. O‘shanda bu maktabdan ketishim kerakligini tushundim. Ota-onamning roziligi bilan boshqa maktabga o‘tib ketdim.

VA’ZGO‘YLIKNI YOQTIRADIGAN BO‘LDIM

Tadqiq o‘tishni davom ettirgan bo‘lsam-da, ma’nan sekin ulg‘ayardim, chunki uyma-uy va’z qilishdan qo‘rqardim. Katolik cherkovi juda kuchli ta’sirga ega bo‘lib, va’zgo‘ylik faoliyatimizga dahshatli qarshiliklar uyushtirardi. Kvebekning bosh vaziri Moris Dyuplessi cherkov bilan yaqindan hamkorlik qilardi. Uning yordami bilan olomon Yahovaning Shohidlaridan g‘azablanib, hatto ularga hujum qilardi. O‘shanda ular va’z qilishi uchun rosa jasoratli bo‘lishi kerak edi.

Qo‘rquvni yengishimga yordam bergan birodarning ismi Jon Ray edi. U Gilad maktabining to‘qqizinchi sinfini bitirgan edi. Jon juda tajribali bo‘lib, kamtarin edi va unga bemalol murojaat qilish mumkin edi. U menga kamdan-kam to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahatlar bergan, lekin uning yaxshi misolidan anchagina saboq olganman. Jon fransuz tilida gapirishga qiynalardi. Shu bois, u bilan tez-tez xizmat qilib, til o‘rganishga ko‘maklashardim. U bilan birga vaqt o‘tkazish Yahovaning Shohidi bo‘lish qarorini chiqarishimga yordam berdi. Ilk bor Yahovaning Shohidlari bilan gaplashganimdan o‘n yil o‘tgach, 1951-yili 26-mayda suvga cho‘mdim.

Jon Rayning (A) o‘rnagi yordamida men (B) uyma-uy va’z qilish qo‘rquvini yengdim

Kvebek shahridagi kichik jamoatimizning aksar qismini kashshoflar tashkil etardi. Ularning yaxshi o‘rnagi meni ham kashshof bo‘lishga undadi. O‘sha paytda faqat Muqaddas Kitobdan foydalanib uyma-uy va’z qilardik. Adabiyotlarimizni qo‘llab va’z qilmaganimiz tufayli, Muqaddas Kitobdan mohirlik ila foydalana olishimiz kerak edi. Shu sababli, men ham haqiqatni himoya qila olishim uchun Muqaddas Kitobdagi oyatlarni yaxshiroq bilib olishga urinardim. Lekin ko‘pchilik katolik cherkovi tomonidan tan olinmagan Muqaddas Kitob nusxalarini o‘qishdan bosh tortardi.

1952-yili mahalliy sadoqatli singlimiz Simona Patri bilan turmush qurdik. Monrealga ko‘chdik va bir yil o‘tmay Liza ismli qizchamiz tug‘ildi. To‘yimizdan sal oldin kashshoflikni to‘xtatgan bo‘lsam-da, oila sifatida jamoat ishlarida to‘liq qatnashish uchun Simona ikkimiz sodda hayot kechirishga intilardik.

O‘n yil o‘tgach, yana kashshof bo‘lish haqida jiddiy fikr yurita boshladim. 1962-yili meni Kanadadagi Baytilda Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim olishga taklif qilishdi. U yerda Kamil Uallet ismli birodar bilan birga yashardik. Kamilning xizmatga bo‘lgan g‘ayrati men uchun turtki bo‘ldi. U ham uylangan bo‘lib, bolalari bor edi. Kvebekda bir nechtagina imondoshimiz ham kashshoflik qilardi, ham bola tarbiyalardi. Kamil ham bunday yo‘l tutishga harakat qilardi. O‘qib yurgan paytimizda u meni vaziyatim borasida o‘ylab ko‘rishga undardi. Bir necha oy o‘tgach, yana doimiy kashshof bo‘lib xizmat qila olishimni tushundim. Ba’zilar noto‘g‘ri qaror chiqarganimni aytgan, lekin niyatimdan qaytmadim, chunki Yahova xizmatimda yordam berishiga amin edim.

KVEBEK SHAHRIDA MAXSUS KASHSHOF BO‘LISH

1964-yili Simona bilan ona shahrimiz Kvebekka maxsus kashshof etib tayinlandik. U yerda bir necha yil xizmat qildik. O‘sha vaqtda va’zgo‘ylik xizmatimizga oldingiday qattiq qarshilik ko‘rsatilmas edi, ammo ba’zilar bari bir yomon munosabatda bo‘lgan.

Shanba kunlarining birida, tushdan keyin Kvebek yaqinidagi Sent-Mari shaharchasida meni hibsga olishdi. Ruxsatsiz uyma-uy xizmat qilganim uchun polisiya xodimi meni mahkamaga olib ketdi va qamoqqa tashladi. Keyinchalik, meni Bayilargeon ismli vajohatli sudyaning oldiga olib kelishdi. U advokatim kim ekanini so‘radi. Mashhur advokat bo‘lgan Glen Xau * birodarimizning ismini aytganimda, u: «Yo‘g‘-e, faqat u emas!» — deb xitob qildi. Bu birodarimiz Yahovaning Shohidlarini muvaffaqiyat ila himoya qiladigan advokat sifatida tanilgan edi. Men ham sudda aybsiz deb tan olindim.

Kvebekda faoliyatimiz ta’qib ostida bo‘lgani bois, yig‘ilishlar o‘tkazish uchun mos keladigan joy topish ham mushkul edi. Kichik jamoatimiz uchun faqat eski sovuq garaj topa oldik. Qahraton qish mavsumida sal-pal issiq bo‘lsin deb, birodarlar moyli isitgichni ishlatardi. Ko‘pincha yig‘ilish boshlanishidan bir necha soat oldin uning atrofida yig‘ilib, daldali fikrlar bilan bo‘lishardik.

Yillar osha va’zgo‘ylik faoliyati gullab-yashnaganini ko‘rish katta baraka. 1960- yillari Kvebek shahrida, Kot-Nor va Gaspe yarimoroli hududlaridagina bir nechta kichik jamoatlar bor edi, xolos. Hozir esa o‘sha hududlarda ikkitadan ko‘proq tuman bor bo‘lib, imondoshlarimiz chiroyli Yig‘ilish zallarida uchrashuvlar o‘tkazishadi.

KO‘CHMA NOZIRLIK XIZMATI

1977-yili Torontoda (Kanada) ko‘chma nozirlar uchun o‘tgan uchrashuvda

1970-yili biz tuman nozirlik xizmatiga tayinlandik. 1973-yili esa viloyat noziri bo‘lib xizmat qila boshladim. O‘sha paytlarda Lore Somyur * va Deyvid Spleyn * kabi tajribali birodarlardan ancha narsalarga o‘rgandim. Ularning ikkisi ham tuman noziri edi. Har bir anjumandan so‘ng, birodarimiz Deyvid bilan suhbatlashib, ta’lim berish mahoratimizni yaxshilashga qo‘l keladigan maslahatlar bilan o‘zaro bo‘lishardik. U menga bir safar: «Oxirgi nutqingiz menga juda yoqdi. Ajoyib bo‘ldi, lekin sizning o‘rningizda bo‘lganimda undan uchta nutq qilardim»,— deb aytgani hali ham esimda. Ha, nutqlarim nihoyatda ko‘p ma’lumotdan iborat edi. Fikrlarimni lo‘ndaroq yetkazishga o‘rganishim kerak edi.

Kanadaning sharqidagi turli shaharlarda xizmat qilganman

Viloyat nozirlari tuman nozirlariga dalda berish uchun tayinlanishgan edi. Gap shundaki, Kvebekda meni ko‘p va’zgo‘ylar yaxshi bilardi. Ularning tumaniga tashrif buyurganimda, ular odatda men bilan xizmat qilishni xohlardi. Ular bilan hamkorlik qilishni yoqtirardim, lekin tuman nozirlari bilan yetarlicha vaqt o‘tkazmayotgan edim. Bitta tuman noziri muloyimlik ila: «Imondoshlarimizga vaqt ajratayotganingiz juda yaxshi, ammo bu hafta menga bag‘ishlangan. Men ham daldaga muhtojman!» — deb eslatgan. Bu meni muvozanatliroq bo‘lishga o‘rgatdi.

Ming afsus, 1976-yili kutilmagan qayg‘uli hodisa yuz berdi. Azizam Simona jiddiy kasallikka yo‘liqib, hayotdan ko‘z yumdi. U fidoyi hamkorim bo‘lib, Yahovani juda yaxshi ko‘rardi. Ayriliq azobini xizmatda band bo‘lib yenga oldim va o‘sha qayg‘uli paytda Yahova meni sevgi ila qo‘llab-quvvatlaganidan rosa minnatdorman. Vaqt o‘tgach, Kvebekda va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish uchun kelgan inglizzabon kashshof Karolina Elliot ismli imondoshimiz bilan oila qurdik. Karolina kirishimli bo‘lib, tortinchoq yoki o‘zini yolg‘iz his etadiganlarga samimiy qiziqish ko‘rsatadi. Nozirlik xizmatim davomida u men uchun chinakam barakaga aylandi.

AHAMIYATLI YIL

1978-yili yanvarda Kvebekda Doimiy kashshoflar maktabini o‘tkazishni mendan so‘rashdi. Juda hayajonda edim, chunki bu maktabda o‘zim ham o‘qimaganman. Men va o‘quvchilar uchun ham hammasi yangilik edi. Yaxshiyamki, ushbu ilk sinfda juda ko‘p tajribali kashshoflar o‘qigan. To‘g‘ri, ularga ta’lim berdim, ammo ulardan ham ko‘p narsani o‘rgandim.

1978-yili Monreal olimpiada stadionida «Ulug‘vor imon» nomli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu Kvebekda o‘tkazilgan eng katta anjuman bo‘lib, 80 000 dan oshiq kishi tashrif buyurdi. Anjumanda ma’lumotlar bo‘limida xizmat qilishga tayinlangan edim. Ko‘pgina jurnalistlar bilan suhbatlashdim va ular biz haqimizda yaxshi maqolalar yozganidan juda xursandman. Umuman olganda, ular 20 soatdan oshiqroq vaqt mobaynida bizdan intervyular olib ularni televideniye va radio orqali efirga uzatishdi, yuzlab maqolalar nashr etishdi. Ha, keng shohidlik berildi!

BOSHQA HUDUDGA KO‘CHISH

1996-yili hayotimda keskin o‘zgarish yuz berdi. Kvebekda suvga cho‘mganimdan beri fransuzzabon hududda xizmat qilardim, o‘sha yili esa Toronto hududida inglizzabon tumaniga tayinlandim. O‘zimni tajribasiz his qilardim va ingliz tilida chala gapirganim uchun, nutqlar aytishdan qo‘rqardim. Men tez-tez ibodat qilib, Yahovaga ko‘proq tayanishim kerak edi.

O‘sha tumanda xizmat qilishga kirishishdan avval juda hayajonlangan edim, biroq hozir u yerda ikki yil davomida xizmat qilganimdan zavq oldim, deb ayta olaman. Karolina ingliz tilida yaxshiroq gapira olishimga sabr ila ko‘maklashdi va birodarlar ham menga dalda berib, qo‘llab-quvvatlashdi. Tez orada ko‘pgina do‘stlar orttirdik.

Qo‘shimcha vazifalar va anjuman uchun tayyorgarlik ko‘rishdan tashqari, ko‘pincha taxminan bir soat vaqtimni ajratib, juma kuni oqshomda uyma-uy va’z qilardim. Ba’zilar: «Dam olish kunlari anjuman bo‘lsa, xizmatga chiqmasa ham bo‘lar»,— degan fikrga borishi mumkin. Lekin va’zgo‘ylikda qiziqarli suhbatlar qurib, dalda olardim. Hozir ham va’zgo‘ylikda ishtirok etish ruhimni ko‘taradi.

1998-yili Karolina va men Monrealga maxsus kashshof etib tayinlandik. Bir necha yil davomida jamoat joylarida va’z qilishni tashkillashtirdim hamda Yahovaning Shohidlari haqidagi noto‘g‘ri fikrlarni bartaraf etish uchun ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qildim. Karolina ikkimiz Kanadaga ko‘chib kelgan va Muqaddas Kitob haqida ko‘proq bilishni istagan chet elliklarga va’z qilishdan zavq olyapmiz.

Xotinim Karolina bilan

68 yildan beri Yahovaning suvga cho‘mgan xizmatchisi ekanim haqida fikr yuritib, U menga qut-barakalarini yog‘dirganini his qilaman. Va’z qilishdan zavq olishni o‘rganib, ko‘plarga haqiqatni qabul qilishga yordam berganimdan juda baxtiyorman. Qizim Liza turmush o‘rtog‘i bilan farzandlarini katta qilgach, doimiy kashshoflikni boshladi. U hozir ham xizmatda jon kuydirayotganini ko‘rib juda quvonaman. Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lishimga va turli vazifalarni bajarishimga o‘rnagi, dono maslahati bilan yordam bergan imondoshlarimdan minnatdorman. Yahovaning qudratli muqaddas ruhiga tayansak, tashkiloti topshirgan har bir vazifani bajara olishimizga amin bo‘ldim. (Zab. 51:11) Yahova Uning ismini sharaflashimga yo‘l qo‘yayotganidan benihoya minnatdorman! (Zab. 54:6)

^ 16- x.b. Glen Xauning tarjimai holi «Uyg‘oning!» jurnalining 2000-yil 22-aprel (rus) sonidagi 18–24- sahifalarida keltirilgan.

^ 20- x.b. Lore Somyurning tarjimai holi «Qo‘riqchi minorasi»ning 1976-yil 15-noyabr (ingl.) sonidagi 690–695- sahifalarida keltirilgan.

^ 20- x.b. Deyvid Spleyn Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi a’zosi.