Bugungi kunda karnay chorloviga quloq solyapsizmi?
BARCHAMIZ ushbu «oxirzamon» paytida Yahova O‘z xalqini boshqarib, ma’nan qo‘llab-quvvatlayotganiga ishonamiz. (2 Tim. 3:1) Albatta hammamiz Unga itoat qilishimiz lozim. Bizning vaziyatimizni sahroda bo‘lgan isroilliklarnikiga o‘xshatsa bo‘ladi. Ular karnay tovushiga quloq solishlari kerak edi.
Yahova Musoga «jamoani chaqirish va chodirlarni yiqqanda» foydalanish uchun bolg‘a bilan shakl berilgan ikkita kumush karnay yasashni buyurgan. (Sah. 10:2) Karnaylar xalq qanday yo‘l tutishi kerakligini ko‘rsatish maqsadida turlicha chalingan. (Sah. 10:3–8) Bugungi kunda Xudoning xalqiga har xil usullar bilan yo‘l-yo‘riq beriladi. Keling, ushbu maqolada bizga ko‘rsatmalar beriladigan uchta usulni ko‘rib chiqaylik va ularni qadimgi Isroilda yangragan karnaylar chorlovi bilan solishtiraylik. Hozirgi paytda Xudoning xalqi katta yig‘inlarga taklif etiladi, tayinlangan nozirlar ta’lim olishadi va barcha jamoatlarga yangilangan yoki o‘zgargan yo‘l-yo‘riqlar beriladi.
KATTA YIG‘INLARGA CHORLOV
Yahova «butun jamoa» muqaddas chodirning sharqdagi kiraverishi oldiga to‘planishini istasa, ruhoniylar ikkala karnayni birdan chalishgan. (Sah. 10:3) Barcha qabilalar, ya’ni muqaddas chodirning atrofida qarorgoh qurgan to‘rtta bo‘linmadagilarning hammasi karnaylar tovushini eshitgan. Chodir kiraverishiga yaqin qarorgoh qurganlar bir necha daqiqa ichida kelishlari mumkin edi. Boshqalar uzoqroqda bo‘lishgan va kelish uchun ulardan ko‘proq vaqt hamda harakat talab qilingan. Odamlar yaqinda bo‘lishadimi yoki uzoqdami, Yahova hamma yig‘ilishini va Uning ko‘rsatmalarini tinglashini istagan.
Bugungi kunda biz muqaddas chodir oldiga to‘planmaymiz, ammo Xudoning xalqi bilan yig‘ilib turishga chorlanamiz. Bunday yig‘inlarga biz muhim ma’lumot va yo‘l-yo‘riq oladigan hududiy anjumanlar hamda boshqa maxsus tadbirlar kiradi. Butun dunyo bo‘ylab Yahovaning xalqi bitta dasturdan bahramand bo‘ladi. Bunday yig‘inlarga taklifni qabul qilganlar ulkan va baxtiyor jamoaning bir qismi bo‘lishadi. Ayrimlar u yerga borish uchun uzoq yo‘l bosib o‘tishadi. Biroq bu qilgan harakatlariga arzishini tan olishadi.
Katta yig‘inlar o‘tadigan joydan olisda yashaydigan guruhlardagi imondoshlarimiz ham ulardan foyda olishlari mumkinmi? Zamonaviy texnologiyalar tufayli olisda yashovchi imondoshlarimiz bu dasturlardan foyda olishlari va o‘zlarini ularda qatnashganday his etishlari mumkin. Masalan, bir safar bosh idora vakili tashrif buyurganida, Benindagi filialda bo‘lib o‘tgan dastur Sahroi Kabirda joylashgan Arlit shaharchasiga (Niger) videotranslyasiya qilingan. Uni birodar-u opa-singillar va qiziquvchilardan
iborat guruh, ya’ni yigirma bir kishi tomosha qilgan. Ular olisda bo‘lishlariga qaramay, o‘zlarini 44 131 kishidan iborat ulkan jamoa bilan birga bo‘lganday his etishgan. Bitta birodar shunday deb yozdi: «Dasturni videotranslyasiya qilganingiz uchun chin dildan minnatdormiz. Bizni juda yaxshi ko‘rishingizga yana bir bor amin bo‘ldik».TAYINLANGAN NOZIRLAR UCHUN CHORLOV
Isroillik ruhoniy karnayni bir marta chalganida «faqatgina yo‘lboshchilar — Isroil o‘g‘illarining mingboshilari» uchrashuv chodiri oldiga yig‘ilishlari kerak edi. (Sah. 10:4) Bu yerda ular Musodan ma’lumot va ta’lim olishardi. Bilib olganlari ularga qabilasidagi mas’uliyatini yaxshi bajarishiga ko‘maklashardi. Agar o‘sha yo‘lboshchilardan biri bo‘lganingizda, o‘sha uchrashuvlarda qatnashish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilgan bo‘larmidingiz?
Bugungi kunda jamoat oqsoqollari «yo‘lboshchilar» emas; ular Xudoning suruvi «ustidan hukmronlik» ham qilishmaydi. (1 Butr. 5:1–3) Lekin ular suruvga cho‘ponlik qilish uchun jon kuydirishadi. Shu bois oqsoqollar Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim dasturiga taklif etilganda, ular jon deb taklifni qabul qilishadi. Bunday dasturlar davomida oqsoqollar jamoatda yuzaga keladigan masalalarni yanada samaraliroq hal qilishni o‘rganishadi. Bunday ta’lim tufayli oqsoqollar va ularning qaramog‘ida bo‘lgan jamoat Yahovaga yanada yaqinlasha oladi. Siz shu kabi maktablarda qatnashmagan bo‘lsangiz-da, ularda o‘qiganlarning tajribasidan foyda olishingiz mumkin.
O‘ZGARISHLAR QILISHGA CHORLOV
Ba’zan isroillik ruhoniylar karnaylarni uzuq-uzuq chalishgan. Bu tovush Yahova butun qarorgoh yo‘lga chiqishini buyurganini anglatardi. (Sah. 10:5, 6) Qarorgohning ko‘chishi xalq hayratomuz tarzda tashkillashtirilganini ko‘rsatardi, lekin shu bilan birga bu barchadan anchagina mehnatni talab qilardi. Ehtimol, ba’zida ayrim isroilliklarga ko‘chish yoqmagandir. Nega?
Balki ayrimlarga ko‘chish haqidagi chorlov haddan tashqari tez-tez va kutilmaganda yangrayotganday tuyulgandir. «Gohida bulut kechqurundan to ertalabgacha to‘xtab turardi». Ba’zan esa ko‘chishlar orasida «ikki kun», «bir oy» yoki «undan ko‘proq» vaqt o‘tardi. (Sah. 9:21, 22) Hammasi bo‘lib qarorgoh necha marta ko‘chgan? Sahroda kitobining 33- bobida Isroil xalqi qarorgoh qurgan taxminan 40 ta joy tilga olingan.
Ba’zan Isroil xalqi soya bor joyda qarorgoh qurgan. «Ulkan hamda vahimali sahro» bo‘ylab yurgan xalqqa bunday joyda qarorgoh qurish juda yoqqandir. (Qonun. 1:19) Shuning uchun, ularda «Bundan yaxshiroq joy topa olmaymiz» deb o‘ylash vasvasasi tug‘ilishi mumkin edi.
Qabilalar yo‘lga chiqa boshlaganida esa ayrimlarga o‘z navbatini kutish qiyin bo‘lgandir. Karnayning uzuq-uzuq tovushini hamma eshitgan, biroq ular bir paytda yo‘lga chiqa olmasdi. Karnayning uzuq-uzuq tovushi birinchi marta yangraganida sharqda qarorgoh qurgan qabilalar, ya’ni Yahudo, Issaxor va Zabulun qabilalari yo‘lga chiqishi kerak edi. (Sah. 2:3–7; 10:5, 6) Ular yo‘lga chiqib bo‘lgach, ruhoniylar ikkinchi marta karnayni uzuq-uzuq chalishardi va bu safar janubda qarorgoh qurgan uch qabilali bo‘linma yo‘lga chiqardi. Butun qarorgoh yo‘lga chiqib bo‘lmaguncha ruhoniylar shunday qilishda davom etishardi.
Balki sizga ham tashkilotda yuz bergan ayrim o‘zgarishlarni qabul qilish qiyin bo‘lgandir. Nima uchun? Ehtimol, bir qancha kutilmagan o‘zgarishlar tufayli sarosimaga tushgandirsiz. Yo bo‘lmasa, muayyan vazifalarni bajarish siz uchun qulay bo‘lgandir va ularning o‘zgarishini istamagandirsiz. Sababi qanday bo‘lmasin, sabringiz sinalayotganday bo‘lgandir va moslashish uchun vaqt talab etilgandir. Ammo bu kabi vaziyatlarda kutilganiday itoatkor bo‘lsak, Xudoning barakalarini ko‘rishimiz shubhasiz.
Musoning davrida Yahova millionlab erkag-u ayollarni va bolalarni sahro bo‘ylab boshlab borgan. Uning g‘amxo‘rligi va yo‘l-yo‘rig‘isiz ular omon qola olmasdi. Bugungi kunda Yahova bizni ham xavf-xatarga to‘la oxirzamonda yo‘naltiryapti. U bizga Unga yaqinlashishga va imonimizni mustahkamlashga yordam beryapti. Shunday ekan, keling, Isroil xalqidagi sadoqatli kishilar kabi karnaylarning turli chorlovlariga quloq solishga qat’iy qaror qilaylik!