Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

24-TADQIQ MAQOLASI

«Ismingdan qo‘rqishim uchun, yuragimni butun qil»

«Ismingdan qo‘rqishim uchun, yuragimni butun qil»

Ismingdan qo‘rqishim uchun, yuragimni butun qil. Ey, Tangrim Yahova, butun qalbim bilan Senga hamd-u sano aytaman. ZAB. 86:11, 12

7-QO‘SHIQ Yahova — kuch-qudratimizdir

BU MAQOLADA *

1. Xudodan qo‘rqish nima va nega Yahovani sevadiganlar uchun bunday qo‘rquv muhim ahamiyatga ega?

MASIHIYLAR Xudoni sevishadi va shu bilan birga Undan qo‘rqishadi. Ayrimlar uchun bu bir-biriga zid fikrday tuyulishi mumkin. Lekin bu yerda dahshatga soladigan qo‘rquv haqida gap ketmayapti. Keling, qo‘rquvning o‘zgacha turini ko‘rib chiqaylik. Bunday qo‘rquvga ega kishilar Xudoga nisbatan ehtirom hissini tuyadi va Uni chin dildan hurmat qiladi. Ular samoviy Otasi bilan bo‘lgan do‘stlik rishtalariga zarar yetkazishni istamagani tufayli Uni ranjitishdan qochadi. (Zab. 111:10; Hik. 8:13)

2. Shoh Dovudning Zabur 86:11 da keltirilgan so‘zlari asosida qaysi ikkita narsani ko‘rib chiqamiz?

2 Zabur 86:11 ni o‘qing. Mazkur so‘zlar ustida fikr yuritar ekansiz, shoh Dovud Xudodan qo‘rqish qanchalik muhim ekanini tushunganini aniq ko‘ra olasiz. Keling, Dovudning ilhomlantirilgan so‘zlarini qay yo‘sin amalda qo‘llashimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik. Avvaliga Xudoning ismiga nisbatan ehtirom hissini tuyishimiz uchun qanday sabablar borligiga diqqat qaratamiz. Keyin esa Xudoning ismiga nisbatan ehtirom hissini tuyayotganimizni kundalik hayotimizda qanday ko‘rsatishimiz mumkinligi haqida gap boradi.

NEGA XUDONING ISMI EHTIROM HISSINI UYG‘OTADI?

3. Qaysi hodisa Musoga Xudoning ismiga nisbatan doim ehtirom hissini tuyishga yordam bergan bo‘lishi mumkin?

3 Muso qoyaning yoriq joyida turib, Yahovaning ulug‘vorligi uning oldidan o‘tib ketganini ko‘rganida nimalarni his qilgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. Ehtimol, bu — Iso yer yuziga kelishidan avval insonlar ko‘rgan eng ajoyib hodisa bo‘lgan. Muso, hoynahoy, farishta aytgan quyidagi so‘zlarni eshitgan: «Yahova, Yahova — shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo. U minglab odamlarga mehr-sadoqat ko‘rsatuvchi, xato, ayb va gunohni kechiruvchi... Tangridir». (Chiq. 33:17–23; 34:5–7) Muso Yahova ismini aytganida mazkur hodisa uning esiga kelgandir. Keyinchalik u Isroil xalqiga Xudoning «ulug‘, mahobatli ismidan» qo‘rqish kerakligini aytganining ajablanarli joyi yo‘q. (Qonun. 28:58)

4. Yahovaning qaysi fazilatlari ustida mulohaza yuritsak, Unga nisbatan ehtirom hissiga to‘lamiz?

4 Xudoning ismi to‘g‘risida fikr yuritganda, bu ism ortida turgan Shaxs haqida ham mulohaza qilish maqsadga muvofiqdir. Uning qudrat, donolik, adolat va sevgi kabi fazilatlarini yodga olishimiz lozim. Xudoning bu va boshqa fazilatlari ustida mulohaza yuritsak, Unga nisbatan ehtirom hissiga to‘lamiz. (Zab. 77:11–15)

5, 6. a) Xudoning ismi nimani anglatadi? b) Chiqish 3:13, 14 va Ishayo 64:8 ga ko‘ra, qay yo‘sin Yahova irodasini bajo keltiradi?

5 Xudo ismining ma’nosi borasida nimani bilamiz? Ko‘p olimlar Yahova ismi «U bo‘ldiradi» degan ma’noni anglatishiga qo‘shiladi. Bu Yahova O‘z niyatini amalga oshirishiga hech nima to‘siq bo‘la olmasligini va Uning qo‘lidan hamma narsa kelishini eslatyapti. Qanaqasiga?

6 Yahova niyatini amalga oshirish uchun Kim bo‘lishi kerak bo‘lsa O‘sha bo‘la oladi. (Chiqish 3:13, 14 ni o‘qing.) Adabiyotlarimizda Yahova shaxsiyatining ehtirom hissini uyg‘otadigan bu qirrasi borasida mulohaza yuritishga tez-tez undalamiz. Bundan tashqari, Yahova nomukammal odamlar Unga xizmat qilishi va niyatini amalga oshirishi uchun kim bo‘lishlari kerak bo‘lsa, ularni o‘sha qila oladi. (Ishayo 64:8 ni o‘qing.) Shu yo‘llar orqali Yahova irodasini bajo keltiradi. Irodasini amalga oshirishdan Uni hech nima to‘xtata olmaydi. (Ishayo 46:10, 11)

7. Qay yo‘sin samoviy Otamizga bo‘lgan minnatdorchiligimizni oshira olamiz?

7 Samoviy Otamiz nimalarni amalga oshirgani va bizni qobiliyatli qilgani borasida mulohaza yuritsak, Unga bo‘lgan minnatdorchiligimiz oshadi. Masalan, Yahova yaratgan ajoyibotlar haqida o‘ylaganimizda, Uning ishlari va yaratganlari bizni ehtirom hissiga to‘ldiradi. (Zab. 8:3, 4) Shuningdek, Yahova Uning irodasini bajarishimiz uchun bizga yordam bergani to‘g‘risida fikr yuritganimizda, Unga bo‘lgan hurmatimiz yanada oshadi. Ha, Xudoning ismi chindan ham ehtirom hissini uyg‘otadi! Bu Otamizning butun shaxsiyatini, U qilgan va qiladigan barcha ishlarni o‘z ichiga oladi. (Zab. 89:7, 8)

«YAHOVANING ISMINI E’LON ETAMAN»

Musoning o‘rgatganlari xalqqa dalda baxsh etgan. U Xudoning ismiga va shaxsiyatiga diqqat qaratgan (8-xatboshiga qarang.) *

8. Qonunlar 32:2, 3 ga ko‘ra, Xudo xizmatchilari Uning ismiga qanday munosabatda bo‘lishlarini istaydi?

8 Isroil xalqi va’da qilingan yurt ostonasida turganida Yahova Musoga bir qo‘shiqni o‘rgatdi. (Qonun. 31:19) Muso esa, o‘z navbatida, mazkur qo‘shiqni xalqqa o‘rgatishi kerak edi. (Qonunlar 32:2, 3 ni o‘qing.) 2- va 3- oyatlar ustida mulohaza qilsak, Yahova Uning ismi yashirin bo‘lishini va ovoz chiqarib aytmaydigan darajada muqaddas hisoblanishini istamaganini aniq ko‘rish mumkin. Aksincha, Xudo barcha ongli mavjudotlar Uning ismini bilishini xohlaydi. Muso Yahova hamda Uning ulug‘ ismi haqida o‘rgatgani Isroil xalqi uchun naqadar ulkan sharaf bo‘lgan! O‘simliklarga o‘sishga yordam beradigan mayin yomg‘ir singari, Musoning o‘rgatganlari xalqning imonini mustahkamlab, dalda baxsh etgan. Biz ham shunday ta’lim berayotganimizga qay yo‘sin ishonch hosil qila olamiz?

9. Qanday qilib Xudoning ismi muqaddas bo‘lishiga hissa qo‘sha olamiz?

9 Uyma-uy yoki jamoat joylarida va’z qilganimizda odamlarga Muqaddas Kitobdan Xudoning Yahova degan shaxsiy ismini ko‘rsatishimiz mumkin. Biz ularga Yahovani ulug‘laydigan ajoyib adabiyot yo videolar yoki veb-saytimizdagi ma’lumotni taklif qilishimiz mumkin. Ishda, maktabda yoki sayohatga chiqqanda suyukli Xudoyimiz va U qanday Shaxs ekani to‘g‘risida suhbatlashish imkoniyatlarini izlasak bo‘ladi. Ularga Yahova biz va yer yuzi uchun nimalar qilmoqchi ekanini aytishimiz mumkin. Bular haqida bilib olgach, ular Yahova bizni qanchalar qattiq sevishini ilk bor his etishlari hech gap emas. Boshqalarga sevuvchi Otamiz to‘g‘risida aytib Uning ismi muqaddas bo‘lishiga hissa qo‘shamiz. Ularga Xudo haqida yolg‘on ma’lumotga ega ekanini tushunishga yordam bera olamiz. Odamlarga Muqaddas Kitob asosida ta’lim berganimizda, ularga eng ko‘p dalda baxsh etuvchi bilimlarni o‘rgatamiz. (Ishayo 65:13, 14)

10. Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazganimizda, nima uchun Xudoning qonunlarini o‘rgatishning o‘zi yetarli emas?

10 Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazganimizda, odamlarga Xudoning ismini bilib olishga va Unga ismini aytib murojaat qilishga ko‘maklashishni xohlaymiz. Qolaversa, bu ism ortida qanday Shaxs turganini ko‘rishga yordam berishni istaymiz. Agar ularga shunchaki yo‘l-yo‘riqlarni, ilohiy me’yorlarni va xulq-atvor borasidagi qoidalarni o‘rgatsak, bu maqsadga erisha olamizmi? Kalomni yaxshilab o‘rganayotgan odam Xudoning qonunlarini bilib olishi va hatto ulardan zavqlanishi mumkin. Biroq u Yahovaga Uni sevgani uchun itoatli bo‘ladimi? Unutmang, Momohavo Xudoning qonunini bilgan, lekin na u, na Odamato Qonun chiqaruvchini chin dildan sevgan. (Ibt. 3:1–6) Shunday ekan boshqalarga Xudoning adolatli talablari-yu me’yorlarini o‘rgatishdan ko‘prog‘ini qilishimiz darkor.

11. Xudoning qonunlari-yu me’yorlarini o‘rgatganda, boshqalarga Qonun chiqaruvchini sevishga qay yo‘sin yordam bera olamiz?

11 Yahovaning talablari-yu me’yorlari yoqimli va doim biz uchun foydalidir. (Zab. 119:97, 111, 112) Lekin Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlar mazkur qonunlar ortida Yahovaning sevgisini ko‘rmaguncha, buni tushunmasligi mumkin. Shu sababli, ulardan quyidagicha so‘rasak bo‘ladi: «Nima deb o‘ylaysiz, nega Xudo xizmatchilariga muayyan ishni qilishni, boshqasini esa qilmaslikni aytadi? Bu Uning shaxsiyati borasida nimani oshkor etyapti?» Kalomni o‘rganayotganlarga Yahova haqida mulohaza yuritishga va Uning ulug‘ ismini chin dildan sevishga yordamlashsak, ularning qalbini zabt etish ehtimoli oshadi. Shunda ular nafaqat qonunlarni, balki Qonun chiqaruvchini sevishga o‘rganishadi. (Zab. 119:68) Ularning imoni kuchayib, duch keladigan og‘ir sinovlarda bardoshli bo‘la olishadi. (1 Kor. 3:12–15)

BIZ «YAHOVANING NOMI ILA YURAMIZ»

Bir safar Dovud yuragi ikkiga bo‘linishiga yo‘l qo‘ygan (12-xatboshiga qarang.)

12. Qay yo‘sin Dovud bir safar yuragini butun saqlay olmadi va buning oqibati nima bo‘ldi?

12 Shoh Dovudning Zabur 86:11 dagi «yuragimni butun qil» degan so‘zlari ham muhim ahamiyatga ega. Yurak ikkiga bo‘linishiga yo‘l qo‘yish qanchalar oson ekanini u o‘z hayotida ko‘rgan. Bir safar Dovud tomidan bitta ayol cho‘milayotganini ko‘rib qoldi. U boshqa kishining xotini edi. Xo‘sh, o‘sha payt Dovudning yuragi butunmidi yo bo‘linganmidi? U Yahovaning quyidagi me’yorini bilardi: «Yaqiningizning... xotiniga... ko‘z olaytirmanglar». (Chiq. 20:17) Ammo u o‘sha ayolga qarashda davom etgandir. Uning yuragi ikkita istak o‘rtasida bo‘lindi — Botsheva bilan bo‘lish yoki Yahovani mamnun qilish. Garchi Dovud doim Yahovani sevgan va Undan qo‘rqqan bo‘lsa-da, xudbinlarcha yo‘l tutdi. O‘shanda Dovud noto‘g‘ri yo‘lni tanladi. U Xudoning ismiga dog‘ tushirdi. Ustiga-ustak, Dovud begunoh odamlarning va o‘z oilasining boshiga kulfat keltirdi. (2 Shoh. 11:1–5, 14–17; 12:7–12)

13. Dovudning yuragi yana butun bo‘lganini qayerdan bilamiz?

13 Yahova Dovudga tanbeh berdi va u Xudo bilan munosabatlarini tikladi. (2 Shoh. 12:13; Zab. 51:2–4, 17) Dovud yuragi ikkiga bo‘linishiga yo‘l qo‘ygani qanday tashvish va azob keltirganini unutmagan. Yahova Dovudga yuragini butun qilishga yordam berdimi? Albatta, zero Muqaddas Kitobda Dovud Yahovaga «butun qalbi bilan» xizmat qilgani aytilgan. (3 Shoh. 11:4; 15:3)

14. O‘zimizga qanday savol berishimiz kerak va nega?

14 Dovudning misoli ham dalda beradi, ham ogohlantiradi. U jiddiy gunohga qo‘l urgani Xudoning bugungi kundagi xizmatchilari uchun ogohlantiruvchi misoldir. Yahovaga yaqinda xizmat qilishni boshladikmi yoki ancha yillardan beri xizmat qilyapmizmi, o‘zimizga shunday savol berishimiz kerak: «Shaytonning yuragimni bo‘lish uchun qilayotgan harakatlariga qarshi turyapmanmi?»

Yuragimizni ikkiga bo‘lish uchun Shayton har qanday usuldan foydalanadi. Bunga yo‘l qo‘ymang! (15-, 16-xatboshilariga qarang.) *

15. Axloqsiz tasvirlarga duch kelganimizda, Xudodan qo‘rqish qanday qilib biz uchun himoya bo‘lishi mumkin?

15 Misol uchun, televizor yoki Internetda noo‘rin istaklarni qo‘zg‘atadigan tasvirlar paydo bo‘lsa, qanday yo‘l tutasiz? Balki o‘sha tasvir yoki film pornografiya emas-ku, deb o‘zimizni oqlash osondir. Lekin bu Shayton yuragimizni bo‘lish uchun qilgan tuzoq bo‘lishi mumkinmi? (2 Kor. 2:11) O‘sha tasvir odam katta xodani yorish uchun ishlatadigan metall pona singari bo‘lishi mumkin. Avval u ponaning ingichka va o‘tkir uchini xodaga qoqadi. Keyin esa ponani chuqurroq qoqib kirgizadi va xoda bo‘linadi. Ehtirosni qo‘zg‘atishga qaratilgan tasvirlar ponaning ingichka uchiday bo‘lishi mumkinmi? Arzimas va bezararday ko‘ringan tasvirlar ko‘p o‘tmay kishining yuragini bo‘lib, gunoh qilishiga hamda benuqsonlikni saqlay olmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, yuragingizga hech qanday noo‘rin narsa kirishiga yo‘l qo‘ymang. Xudoning ismidan qo‘rqish uchun uni butun saqlang!

16. Vasvasaga duch kelganimizda o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

16 Vasvasaga soladigan tasvirlardan tashqari, noto‘g‘ri yo‘l tutishimiz uchun Shayton boshqa ko‘p yo‘llar orqali ham bizni yo‘ldan ozdirishga harakat qiladi. Xo‘sh, biz qanday yo‘l tutamiz? O‘zimizni oqlash oson bo‘lishi hech gap emas. Masalan, quyidagicha o‘ylarmiz: «Bu jiddiy gunoh emas-ku! Buni qilganim uchun jamoatdan chetlatilmayman». Bunday fikr yuritish mutlaqo noto‘g‘ri. O‘zimizga quyidagi savollarni bersak yaxshi bo‘lardi: «Shayton bu vasvasadan foydalanib yuragimni ikkiga bo‘lishga urinyaptimi? Noto‘g‘ri istaklarimga berilsam, Xudoning ismiga dog‘ tushirmaymanmi? Bu ishim meni Xudoga yaqinlashtiradimi yo Undan uzoqlashtiradimi?» Mazkur savollar ustida mulohaza yuriting. Ularga xolisona javob berish uchun donolik so‘rab ibodat qiling. (Yoqb. 1:5) Bunday yo‘l tutish chinakam himoya bo‘lishi mumkin. Bu sizga Iso kabi: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton!» — deb, vasvasani qat’iylik ila rad etishingizga yordam beradi. (Mat. 4:10)

17. Nega bo‘lingan yurakning hech qanday qadri yo‘q? Misol keltiring.

17 Bo‘lingan yurakning hech qanday qadri yo‘q. A’zolari o‘zaro kelisha olmaydigan sport jamoasini tasavvur qiling. Ba’zilari faqat o‘zlariga sharaf olishni istaydi, ayrimlari esa qoidalar bo‘yicha o‘ynagisi kelmaydi, yana boshqalari murabbiyni umuman hurmat qilmaydi. Bunday jamoa g‘alaba qozonishi amrimahol. Ammo yakdillik ila harakat qiladigan jamoada muvaffaqiyat qozonish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi. Yahovaga xizmat qilish uchun fikr, istak va his-tuyg‘ularingizda uyg‘unlik bo‘lsa, yuragingiz o‘sha muvaffaqiyatli jamoa kabi bo‘lishi mumkin. Unutmang, Shayton yuragingizni bo‘lishni istaydi. U fikr, istak va his-tuyg‘ularingiz Yahovaning me’yorlariga zid bo‘lishini xohlaydi. Lekin Yahovaga xizmat qilish uchun yuragingiz butun bo‘lishi kerak. (Mat. 22:36–38) Shayton yuragingizni bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘ymang!

18. Mixo 4:5 dagi so‘zlarga muvofiq qanday yo‘l tutishga qaror qildingiz?

18 Dovud singari Yahovadan: «Ismingdan qo‘rqishim uchun, yuragimni butun qil»,— deb so‘rang. Ibodatingizga muvofiq yashashni maqsad qiling. Har kuni chiqarayotgan qarorlaringiz — xoh kichik, xoh katta bo‘lsin — Xudoning muqaddas ismidan ehtirom hissiga to‘layotganingizni ko‘rsatsin. Bunday yo‘l tutib Yahovaning Shohidi sifatida bu ismga sharaf keltirasiz. (Hik. 27:11) Shunda barchamiz Mixo payg‘ambarning so‘zlariga qo‘shilib: «Biz esa, abadulabad Xudoyimiz Yahovaning nomi ila yuramiz»,— deb ayta olamiz. (Mixo 4:5)

41-QO‘SHIQ Yo Rab, qabul et duomni

^ 5- x.b. Ushbu maqolada Dovud Zabur 86:11, 12 dagi ibodatida Xudoga nima deb aytganiga diqqat qaratamiz. Xudoning ismidan qo‘rqish nimani anglatadi? Bu buyuk ismdan qo‘rqishimiz uchun qanday asos bor? Qay yo‘sin Xudodan qo‘rqish vasvasaga berilishdan himoya qiladi?

^ 53- x.b. RASMGA SHARH. Muso Isroil xalqiga Yahovani ulug‘laydigan qo‘shiqni o‘rgatgan.

^ 57- x.b. RASMGA SHARH. Momohavo noto‘g‘ri istaklarini rad etmagan. Undan farqli ravishda, biz noto‘g‘ri istaklarni uyg‘otadigan va Xudoning ismiga dog‘ tushiradigan ishlarga sabab bo‘ladigan tasvirlarni ko‘rishni yoki xabarlarni o‘qishni rad etamiz.