Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-TADQIQ MAQOLASI

Bir-biringizni ixlos bilan seving

Bir-biringizni ixlos bilan seving

Bir-biringizni chin yurakdan, ixlos bilan sevinglar. 1 BUTR. 1:22

109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi

BU MAQOLADA *

Iso o‘limidan oldingi kecha havoriylari bilan bo‘lganida, sevgi fazilatini alohida ta‘kidlagan (1-2-xatboshilariga qarang.)

1. Iso shogirdlariga qanday o‘zgacha amr bergan edi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

O‘LIMIDAN oldingi kecha Iso shogirdlariga o‘zgacha amr bergan edi. U shunday degan: «Men sizlarni sevganimdek, sizlar ham bir-biringizni sevinglar. Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi». (Yuhan. 13:34, 35)

2. Bir-birimizga sevgini namoyon etish qanchalik muhim?

2 Iso, izdoshlari u kabi sevgini namoyon etgan taqdirdagina uning chinakam shogirdlari ekani aniq ko‘rinishini aytgan. Mazkur so‘zlar birinchi asrda amaliy bo‘lganidek bugun ham o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Shu bois, har qanday qiyinchiliklarni yengib, bir-birimizga sevgini namoyon etish juda muhim!

3. Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 Nomukammallik bir-birimizni ixlos bilan sevishni qiyinlashtiradi. Shunga qaramay, biz Masihga taqlid qilishga intilishimiz lozim. Bu maqolada qanday qilib sevgi tinchlik o‘rnatuvchilar bo‘lishga, yuzxotirchilik qilmaslikka va mehmondo‘stlik ko‘rsatishga yordam berishini muhokama qilamiz. Tadqiq paytida o‘zingizdan: «Qiyinchiliklarga qaramay sevgini namoyon etayotgan imondoshlarimdan nimaga o‘rganishim mumkin?» — deb so‘rang.

TINCHLIK O‘RNATUVCHILAR BO‘LING

4. Matto 5:23, 24 ga binoan, nega bizdan xafa bo‘lgan imondoshimiz bilan yarashishimiz kerak?

4 Iso, imondoshimiz bizdan xafa bo‘lsa, u bilan yarashishimiz muhimligini o‘rgatgan edi. (Matto 5:23, 24 ni o‘qing.) U, Xudoni mamnun qilishni istasak, boshqalar bilan yaxshi munosabatlarni saqlash kerakligini ta’kidlagan. Imondoshlarimiz bilan yarashish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilsak, Yahova xursand bo‘ladi. Bordi-yu, birovdan xafa bo‘lib yursak va yarashishdan bosh tortsak, topinishimiz Unga ma’qul bo‘lmaydi. (1 Yuhan. 4:20)

5. Bitta birodarga tinchlik o‘rnatish nega qiyin bo‘lgan?

5 Tinchlik o‘rnatish, ya’ni yarashish qiyin bo‘lishi mumkin. Nega? Keling, Murod * bilan nima yuz berganini ko‘rib chiqaylik. Bitta birodar uni tanqid qilib, jamoatdagilarga uni yomonlagani Murodga qattiq botgan. U bunga qanday munosabat bildirdi? «O‘zimni tuta olmadim, jahl ustida unga gapirdim»,— deb eslaydi Murod. So‘ng u o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, o‘sha birodardan kechirim so‘rashga va u bilan yarashishga harakat qilgan. Ammo o‘sha birodarning yarashgisi kelmagan. Boshida Murod: «U yarashishni istamas ekan, nega men harakat qilishim kerak?» — deb o‘ylagan. Biroq tuman noziri uni taslim bo‘lmaslikka undagan. Xo‘sh, Murod qanday yo‘l tutgan?

6. a) Qanday qilib Murod tinchlik payida bo‘lgan? b) Murod Kolosaliklarga 3:13, 14 ni qanday qo‘llagan?

6 Murod fikrlash tarzini tahlil qilgach, unga kamtarlik yetmayotganini va o‘zini boshqalardan yaxshiroq, deb o‘ylashga moyil ekanini payqagan. U munosabatini o‘zgartirishi kerakligini tushungan. (Kolos. 3:8, 9, 12) U o‘sha birodar bilan yana uchrashib, kamtarlik ila o‘z qilmishi uchun undan kechirim so‘ragan. Shuningdek, Murod uzr so‘rab va munosabatlarni yangitdan boshlamoqchi ekanini aytib o‘sha birodarga xatlar yozgan. U birodarga yoqadi, deb o‘ylab hatto unga kichik sovg‘alar bergan. Afsuski o‘sha birodar kechirishni istamay, undan g‘azablanib yurgan. Shunga qaramay, Murod Isoning birodarni sevish va kechirimli bo‘lish amriga rioya qilishda davom etgan. (Kolosaliklarga 3:13, 14 ni o‘qing.) Boshqalar tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi harakatlarimizga javob qaytarmasa ham, masihiylarga xos sevgi bizni kechirimli bo‘lishda va hammasi yaxshi yakun topishi uchun ibodat qilishda davom etishga undaydi. (Mat. 18:21, 22; Galat. 6:9)

Yarashish uchun bir martadan ko‘proq urinishlar qilish talab etilishi mumkin (7–8-xatboshilariga qarang.) *

7. a) Iso bizni nima qilishga undagan? b) Bitta imondoshimiz qanday qiyin vaziyatga duch kelgan?

7 Iso bizni, boshqalar bizga qanday muomala qilishlarini istasak, ularga shunday muomala qilishga undagan. Shuningdek, bizni sevganlarnigina sevish bilan chegaralanib qolmasligimiz kerakligini ham aytgan. (Luqo 6:31–33) Bu kamdan-kam yuz bersa-da, lekin jamoatdan kimdir sizdan o‘zini olib qochsa va siz bilan salom-alik qilmasa-chi? Lara bilan shunday hol yuz bergan. «Bitta opamiz meni ko‘rmaslikka oladigan bo‘ldi va men sababini bilmasdim. Bundan siqildim va yig‘ilishlar menga xursandchilik keltirmay qo‘ydi»,— deb bo‘lishdi u. Avvaliga Lara: «Ayb menda emas. Boshqalar ham u o‘zini g‘alati tutayotganini sezishyapti»,— deb mulohaza yuritdi.

8. Tinchlik o‘rnatish uchun Lara qanday qadamlar qo‘ydi va bu voqeadan nimaga o‘rganyapmiz?

8 Lara tinchlik o‘rnatish uchun qadamlar qo‘ydi. U Yahovaga ibodat qildi va o‘sha opamiz bilan gaplashib olishga qaror qildi. Ular muammo haqida gaplashishdi va bir-birlarini quchoqlab yarashib olishdi. Hammasi joyiga tushganday edi. Lara davom etib shunday dedi: «Biroq keyin o‘sha opa yana avvalgiday munosabat ko‘rsatadigan bo‘ldi. Men qattiq tushkunlikka tushdim». Avvaliga Lara o‘sha opa o‘z munosabatini o‘zgartirsagina ko‘nglim xotirjam bo‘ladi, deb o‘yladi. Lekin Lara tushundiki, u qila oladigan eng yaxshi narsa o‘sha opamizga sevgi ila muomala qilishda davom etish va uni «chin dildan kechirish». (Efes. 4:32–5:2) Lara sevgi «xafagarchiliklarni hisoblab yurmaydi» va «har narsani ko‘taradi, hamma narsaga ishonadi, har narsaga umid qiladi, hamma narsaga chidaydi» degan so‘zlarni esladi. (1 Kor. 13:5, 7) Shunda ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. Vaqt o‘tib o‘sha opa unga do‘stona munosabat ko‘rsatadigan bo‘ldi. Imondoshlar bilan tinch munosabatlarga ega bo‘lish maqsadini ko‘zlasangiz va ularni sevishda davom etsangiz, «sevgi va tinchlik Xudosi sizlar bilan bo‘ladi». (2 Kor. 13:11)

YUZXOTIRCHILIK QILMANG

9. Havoriylar 10:34, 35 ga binoan, nega yuzxotirchilik qilmasligimiz kerak?

9 Yahova yuzxotirchilik qilmaydi. (Havoriylar 10:34, 35 ni o‘qing) Yuzxotirchilik qilmasak Uning farzandlari ekanimizni isbotlagan bo‘lamiz. Biz yaqinimizni o‘zimizni sevganday sevish amriga rioya qilamiz va imondoshlarimiz bilan tinch munosabatlarni saqlaymiz. (Rim. 12:9, 10; Yoqb. 2:8, 9)

10–11. Bir imondoshimiz salbiy tuyg‘ularini qanday yengdi?

10 Ba’zilar uchun yuzxotirchilik qilmaslik oson emas. Rut ismli imondoshimiz bilan nima yuz berganiga e’tibor bering. O‘smirlik chog‘ida boshqa mamlakatdan bo‘lgan bitta kishi unga yomon muomala qilgan. Bu unga qanday ta’sir etgan? U tan olib shunday dedi: «Bu mamlakat bilan bog‘liq hamma narsadan nafratlanardim. O‘sha yerlik barcha odamlar, hatto imondoshlar ham shunaqa insonlar, deb o‘ylaganman». Rut salbiy tuyg‘ularini qanday yengdi?

11 Rut salbiy fikrlar bilan kurashganini tan oldi. U «Yilnoma»dan shu mamlakatga tegishli voqealar va ma’lumotlarni o‘qidi. U quyidagilarni aytdi: «O‘sha mamlakat odamlari haqida ijobiy o‘ylashga intildim. U yerdagi imondoshlarimiz Yahovaga g‘ayrat bilan xizmat qilishini payqaydigan bo‘ldim. Shunda ular ham umumjahon birodarligimizning bir qismi ekanini tushundim». Sekin-asta Rut sevgini namoyon etishi kerakligini tushundi. U shunday deb bo‘lishdi: «Bu mamlakatdan bo‘lgan birodar-u opa-singillarni uchratganimda, ular bilan do‘stlashish uchun ko‘proq harakat qilardim. Ular bilan gaplashardim va tanishardim». Natijasi qanaqa bo‘ldi? «Vaqt o‘tib salbiy tuyg‘ularim yo‘qoldi»,— deb aytdi Rut.

Imondoshlarimizni ixlos bilan sevsak, yuzxotirchilikdan yiroqda bo‘lamiz (12–13-xatboshilariga qarang.) *

12. Sara ismli imondoshimizning qanday muammosi bor edi?

12 Ba’zilar hatto o‘zi tushunmagan holda yuzxotirchilik qilishi mumkin. Misol uchun Sarani olaylik. U odamlarni irqi, moddiy sharoiti yoki tashkilotdagi mas’uliyatlariga qarab baholamagani tufayli yuzxotirchilik qilmayman, deb hisoblagan. Biroq u shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Men aslida yuzxotirchilik qilayotganimni tushuna boshladim». Qanaqasiga? Sara ziyoli oiladan edi va o‘qimishli odamlar bilan muloqot qilishni afzal ko‘rardi. Bir safar u hatto o‘z do‘stiga: «Men o‘qimishli imondoshlar bilan muloqot qilaman. Odam ziyoli bo‘lmasa, undan uzoqroq yuraman»,— deb aytgan. Ha, Sara munosabatini o‘zgartirishi kerak edi. Qanday qilib?

13. Sara munosabatini o‘zgartirganidan nimaga o‘rganyapmiz?

13 Tuman noziri Saraga munosabatini tahlil qilishga ko‘maklashdi. U shunday aytib berdi: «U meni sadoqatli xizmatim, yaxshi sharhlarim va Muqaddas Kitobdan bilimlarga ega bo‘lganim uchun maqtadi. Bilimimiz oshgani sayin kamtarlik, o‘z haddimizni bilish va rahm-shafqat kabi masihiylarga xos fazilatlarni ham rivojlantirishimiz kerakligini menga tushuntirdi». Sara tuman nozirining so‘zlariga quloq soldi. U: «Muhimi mehribon va sevuvchi bo‘lishimiz kerakligini angladim»,— deb aytdi. Natijada u birodar-u opa-singillarga boshqacha ko‘z bilan qaraydigan bo‘ldi. Sara: «Yahovaning nazarida ularni qaysi fazilatlar qimmatli qilishini tushunishga intildim»,— deb aytdi. Biz haqimizda nima desa bo‘ladi? O‘qimishli bo‘lganimiz uchun aslo o‘zimizni boshqalardan ustun deb hisoblashni istamaymiz! Agar imondoshlarimizni ixlos bilan sevsak, yuzxotirchilikdan yiroqda bo‘lamiz. (1 Butr. 2:17)

MEHMONDO‘ST BO‘LING

14. Ibroniylarga 13:16 ga binoan, mehmondo‘stlik ko‘rsatsak Yahova bunga qanday qaraydi?

14 Yahova mehmondo‘stlikni yuqori qadrlaydi. (Ibroniylarga 13:16 ni o‘qing.) Ayniqsa muhtojlarga yordam berganimizda, U buni topinishimizning bir qismi deb biladi. (Yoqb. 1:27; 2:14–17) Shu sababli Muqaddas Kitob bizni «mehmondo‘st bo‘linglar» deb undamoqda. (Rim. 12:13) Mehmon chaqirganimizda biz chinakam mehr, sevgi va do‘stlikni namoyon etamiz. Boshqalar bilan shirinlik, ichimlik, ovqatni bo‘lishsak yoki vaqt va e’tiborimizni ayamasak, Yahova xursand bo‘ladi. (1 Butr. 4:8–10) Biroq mehmondo‘st bo‘lishimizga to‘sqinlik qiladigan narsalar bo‘lishi mumkin.

«O‘tmishda mehmondo‘stlik ko‘rsatishga ishtiyoqim yo‘q edi, biroq o‘zgardim va ko‘p xursandchilik topdim» (16-xatboshiga qarang.) *

15–16. a) Nega ba’zilar mehmondo‘stlik ko‘rsatishdan tortinishi mumkin? b) Editga mehmondo‘stlik ko‘rsatishga nima yordam berdi?

15 Sharoitimiz tufayli mehmondo‘stlik ko‘rsatishdan tortinishimiz mumkin. Edit ismli beva ayolning misolini olaylik. Yahovaning Shohidi bo‘lishdan oldin u boshqalar bilan kamroq aloqa qilishni afzal ko‘rardi. U boshqalarda mehmon kutish uchun imkoniyati va sharoiti yaxshiroq, deb o‘ylagan.

16 Yahovaning Shohidi bo‘lgach, Edit fikrini o‘zgartirdi. Mehmondo‘st bo‘lish uchun qadamlar qo‘ydi. U quyidagilarni aytib berdi: «Yangi Yig‘ilish zalimiz qurilayotganda, oqsoqol oldimga kelib qurilish ishida qatnashadigan er-xotinni ikki haftaga yashashga qabul qila olasizmi, deb so‘radi. Men Zorafatlik bevaga Yahova qanday baraka berganini esladim». (3 Shoh. 17:12–16) Edit o‘sha juftlikni uyiga qabul qildi. U barakaga ega bo‘ldimi? U shunday deb tushuntirdi: «Ular ikki hafta emas, ikki oy menikida qolishdi. Bu vaqt ichida qalin do‘stga aylandik». Shuningdek Edit jamoatda ham yaqin do‘stlarga ega bo‘ldi. Hozir u kashshof va xizmatdagi hamkorlari unikiga mehmonga kelganda u xursand bo‘ladi. U quyidagilarni aytdi: «Berish meni baxtli qilyapti! Evaziga ko‘p barakalar olaman». (Ibron. 13:1, 2)

17. Luka va xotini nimani tushunishdi?

17 Biz mehmondo‘stlik ko‘rsatayotgandirmiz, biroq bu borada yaxshilanishimiz mumkinmi? Masalan, Luka va xotini mehmon kutishni yaxshi ko‘rishadi. Ota-onalarini, qarindoshlarini, yaqin do‘stlarini va tuman noziri bilan xotinini mehmonga taklif qilish ular uchun odat tusiga kirgan. Ammo Luka shunday dedi: «Qarasak, biz faqatgina o‘zimizga yaqin bo‘lgan kishilarni taklif qilar ekanmiz». Mehmondo‘stlik ko‘rsatishda Luka va xotini qanday yaxshilanishdi?

18. Mehmondo‘stlik ko‘rsatishda Luka va xotini qanday yaxshilanishdi?

18 Luka va xotini Isoning: «Agar sizlarni sevganlarnigina sevsangizlar, qanday mukofotga erishasizlar?» — degan so‘zlari ustida mulohaza yuritib, fikrlarini o‘zgartirishdi. (Mat. 5:45–47) Ular hammaga nisbatan saxiy bo‘lgan Yahovaga taqlid qilishlari kerakligini anglab yetishdi. Shunda ular ilgari taklif qilmagan imondoshlarini mehmonga chaqirishni maqsad qilishdi. Luka shunday dedi: «Birga vaqt o‘tkazganimizdan barchamiz rosa xursand bo‘lamiz. Natijada bir-birimizga va Yahovaga yanada yaqin bo‘lganimizni his qilamiz».

19. Isoning chinakam izdoshlari ekanimizni qay yo‘sin isbotlaymiz va siz qanday yo‘l tutishga qaror qildingiz?

19 Ko‘rib chiqqanimizdek, bir-birimizni ixlos bilan sevganimiz bizga tinchlik o‘rnatuvchi bo‘lishga, yuzxotirchilik qilmaslikka va mehmondo‘stlik ko‘rsatishga yordam beradi. Har qanday salbiy tuyg‘ularni yengib, imondoshlarimizni chin yurakdan va ixlos bilan sevishimiz kerak. Bunday yo‘l tutsak baxtli bo‘lamiz va Isoning chinakam izdoshlari ekanimizni isbotlaymiz. (Yuhan. 13:17, 35)

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

^ 5- x.b. Hazrati Iso aytganiday, sevgi chinakam masihiylarni ajratib turadigan belgidir. Imondoshlarimizni sevish bizni tinchlik o‘rnatuvchi bo‘lishga, yuzxotirchilik qilmaslikka va mehmondo‘stlik ko‘rsatishga undaydi. Buni qilish doim ham oson bo‘lmasligi mumkin. Ushbu maqolada bir-birimizni chin yurakdan, ixlos bilan sevishda davom etishimizga ko‘maklashadigan amaliy fikrlar keltirilgan.

^ 5- x.b. Ushbu maqoladagi ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 57- x.b. RASMGA SHARHLAR. Imondoshimizning masalani hal qilishga uringani samara keltirmaydi, lekin u taslim bo‘lmaydi. U ixlos bilan sevishni davom ettiradi va nihoyat yarashib oladi.

^ 59- x.b. RASMGA SHARH. Keksa birodar o‘zini chetda qolib ketganday his qilyapti.

^ 61- x.b. RASMGA SHARH. Boshida mehmondo‘stlik ko‘rsatishdan tortingan imondoshimiz fikrini o‘zgartirdi va bu unga ko‘p quvonch keltirdi.