Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaga bo‘lgan sevgi va minnatdorchilik sizni suvga cho‘mishga undaydi

Yahovaga bo‘lgan sevgi va minnatdorchilik sizni suvga cho‘mishga undaydi

Mana suv, mening suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti? HAVOR. 8:36

37-QO‘SHIQ Yahovaga jon-jahd-la xizmat qilaylik

BU MAQOLADA *

1–2. Havoriylar 8:27–31, 35–38 da keltirilganidek, habashistonlik amaldorni suvga cho‘mishga nima undadi?

MASIHNING shogirdi sifatida suvga cho‘mishni istaysizmi? Sevgi va minnatdorchilik ko‘plarni bunday qarorni chiqarishga undadi. Habashiston malikasi huzurida yuqori mavqega ega bo‘lgan kishining misolini ko‘rib chiqaylik.

2 O‘sha habashistonlik Muqaddas Yozuvlardan bilib olganlariga shu zahoti amal qildi. (Havoriylar 8:27–31, 35–38 ni o‘qing.) Bunday yo‘l tutishga uni nima undadi? U Xudoning Kalomini qadrlagan ko‘rinadi, chunki aravada ketayotganda Ishayo payg‘ambarning kitobini o‘qiyotgandi. Filip unga gapirganida, habashistonlik amaldor Iso u uchun qilganlaridan minnatdor bo‘ladi. Xo‘sh, o‘sha amaldor nega Quddusga borgandi? U Yahovaga nisbatan sevgini allaqachon rivojlantirgan edi. Buni qayerdan bilamiz? U Yahovaga topinish uchun Quddusga borgandi. Ehtimol, o‘sha habashistonlik e’tiqodini o‘zgartirib, haq Xudoga bag‘ishlangan yagona xalqqa qo‘shilgandir. Yahovaga bo‘lgan o‘sha sevgi uni yana bir muhim qadamni qo‘yishga, ya’ni suvga cho‘mib Masihning shogirdi bo‘lishga undadi. (Mat. 28:19)

3. Suvga cho‘mishga kishiga nima to‘sqinlik qilishi mumkin? (« Sizning qalbingizda nima bor?» nomli ramkaga qarang.)

3 Yahovaga bo‘lgan sevgi sizni suvga cho‘mishga undaydi. Ammo sevgi bu qadamni qo‘yishingizga to‘sqinlik qilishi ham hech gap emas. Qanaqasiga? Mana ayrim misollar. Imonda bo‘lmagan oila a’zoingiz yoki do‘stlaringizni qattiq sevganingiz tufayli, suvga cho‘msam ular meni yomon ko‘rib qoladi, deb tashvishlanarsiz. (Mat. 10:37) Yoki Xudo jirkanadigan odatlarni yaxshi ko‘rarsiz va ularning iskanjasidan chiqish siz uchun oson bo‘lmayotgandir. (Zab. 97:10) Yo bo‘lmasa, soxta din bilan bog‘liq urf-odatlarda qatnashib ulg‘aygandirsiz. Balki ularni nishonlash bilan bog‘liq yorqin xotiralar siz uchun qadrlidir. Oqibatda Yahovaga noma’qul bo‘lgan urf-odatlarda qatnashishni to‘xtatish siz uchun qiyin bo‘lishi mumkin. (1 Kor. 10:20, 21) Quyidagi savolga javob topishingiz kerak: «Nimani yoki kimni ko‘proq sevaman?»

ENG KO‘P SEVISHIMIZ KERAK BO‘LGAN SHAXS

4. Suvga cho‘mishingizga qaysi kuchli undov turtki bo‘ladi?

4 Sevgingizga va minnatdor bo‘lishingizga arziydigan ko‘p narsalarga egasiz. Masalan, Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishdan avvalroq Xudoni qattiq sevgandirsiz. Balki Uni rozi qilishni istagandirsiz. Endi esa Yahovaning Shohidlari bilan tanishgach, ular bilan muloqot qilish sizga yoqayotgandir. Lekin yuqorida sanab o‘tilganlar o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mishni istashingiz uchun doim ham yetarli emas. Suvga cho‘mishingizga turtki bo‘ladigan eng kuchli undov — Tangri Yahovaga bo‘lgan sevgi. Har narsadan ko‘ra Yahovani ko‘proq sevsangiz, hech narsa yoki hech kim Uning xizmatchisi bo‘lishingizga to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘ymaysiz. Yahovaga bo‘lgan sevgingizga ham suvga cho‘mishga yo‘l ochadigan darvoza, ham Unga xizmat qilishda davom etishingizga ko‘maklashadigan tutqich kabi qarashingiz mumkin.

5. Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

5 Iso Yahovani butun qalbimiz, jonimiz, ongimiz va quvvatimiz bilan sevishimiz kerakligini aytgan. (Mark 12:30) Qanday qilib Yahovani shu darajada sevishni va hurmat qilishni o‘rgana olasiz? Yahovaning bizga bo‘lgan sevgisi ustida mulohaza yuritish bizni Uni sevishga undaydi. (1 Yuhan. 4:19) Bu eng muhim sevgini rivojlantirish yana qaysi tuyg‘ularni his qilishga va harakatlarga chorlaydi? *

6. Rimliklarga 1:20 ga ko‘ra, Yahova haqida bilib olishning yo‘llaridan biri qanday?

6 Yahovaning ijodlari orqali u haqida bilib oling. (Rimliklarga 1:20 ni o‘qing; Vah. 4:11) O‘simliklar va jonzotlar qanchalar donolik ila yaratilgani ustida mulohaza yuriting. Qolaversa, tanangiz naqadar ajoyib yaratilgani to‘g‘risida bilib oling. (Zab. 139:14) Bundan tashqari, Yahova quyoshni energiyaga ega qilib yaratgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. Quyosh milliardlab yulduzlardan bittasi, xolos *. (Ishayo 40:26) Shunda Yahovaga bo‘lgan hurmatingiz oshadi. Biroq Yahova dono va qudratli ekanini bilish U bilan quradigan munosabatlaringiz asosining atigi bir qismi. Yahovani qattiq sevish uchun U haqida ko‘proq bilib olishingiz zarur.

7. Yahovani qattiq sevishingiz uchun nimaga ishonch hosil qilishingiz kerak?

7 Yahova shaxsan sizga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Osmonu yerning Yaratuvchisi sizga e’tibor berishiga va g‘amxo‘rlik qilishiga ishonish qiyinmi? Agar shunday bo‘lsa, Yahova «har birimizga yaqin» ekanini eslang. (Havor. 17:26–28) U «yuraklarni tekshiradi» va sizga «izlasang, albatta topasan» deb va’da bermoqda. (1 Sol. 28:9) Aslida hozir Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganingizning sababi Yahova: «Seni O‘zimga jalb qildim»,— deb aytganidadir. (Yerm. 31:3) Yahova siz uchun nimalar qilganini qanchalik yaxshi tushunsangiz, Unga bo‘lgan sevgingiz shunchalik oshadi.

8. Qay yo‘sin Yahovaning sevgisiga javob bera olasiz?

8 Yahovaning sevgisiga javob berish yo‘llaridan biri — ibodatda U bilan gaplashish. Xudoga tashvishlaringiz haqida aytganingiz va sizga qilgan barcha yaxshiliklari uchun minnatdorchilik bildirganingiz sayin Unga bo‘lgan sevgingiz oshadi. Yahova ibodatlaringizga javob berganini ko‘rganingiz sayin U bilan bo‘lgan munosabatlaringiz mustahkamlanadi. (Zab. 116:1) U sizni tushunishiga amin bo‘lasiz. Ammo Yahovaga yanada yaqin bo‘lish uchun Uning fikrlash tarzini tushunishingiz kerak. Shuningdek, U sizdan nimani istayotganini bilishingiz zarur. Bunday bilimga ega bo‘lishning yagona yo‘li Uning Kalomini, ya’ni Muqaddas Kitobni tadqiq qilishdir.

Xudoga yaqin bo‘lishning va U bizdan nimani istayotganini bilishning eng a’lo yo‘li Muqaddas Kitobni tadqiq qilishdir (9-xatboshiga qarang.) *

9. Qay yo‘sin Muqaddas Kitobni qadrlayotganingizni ko‘rsata olasiz?

9 Xudoning Kalomini — Muqaddas Kitobni qadrlashni o‘rganing. Yahova to‘g‘risidagi haqiqat va Uning sizga bo‘lgan niyati borasida faqatgina Muqaddas Kitobda yozilgan. Muqaddas Kitobni kunda o‘qib, tadqiqlaringizga tayyorlanib va bilib olganlaringizni amalda qo‘llab uni qadrlashingizni ko‘rsatasiz. (Zab. 119:97, 99; Yuhan. 17:17) Muqaddas Kitobni shaxsan o‘qish uchun reja tuzganmisiz? Kalomni har kuni o‘qish uchun o‘sha rejaga amal qilyapsizmi?

10. Muqaddas Kitobning o‘zgacha jihatlaridan biri nima?

10 Muqaddas Kitobning o‘zgacha jihatlaridan biri unda Isoni shaxsan ko‘rgan odamlarning bayonotlari yozilganidir. Faqatgina mazkur bayonotlarda Iso siz uchun nima qilgani to‘g‘risida aniq ma’lumot keltirilgan. Isoning aytganlari va qilgan ishlari to‘g‘risida o‘rganar ekansiz, ehtimol, sizda u bilan do‘stlashish istagi paydo bo‘lar.

11. Qay yo‘sin Yahovani sevishni o‘rgana olasiz?

11 Isoni sevishni o‘rganing. Shunda Yahovaga bo‘lgan sevgingiz oshadi. Qanday qilib? Iso Otasining fazilatlarini mukammal darajada aks ettirgan. (Yuhan. 14:9) Ha, Iso haqida qancha ko‘p bilib olsangiz, Yahovani shuncha ko‘p yaxshi tushunib, Uni ko‘proq qadrlaysiz. Iso boshqalar past nazar bilan qaraganlarga — kambag‘allarga, kasallarga va zaiflarga — qanday rahm-shafqat ko‘rsatgani ustida o‘ylab ko‘ring. Qolaversa, u sizga berayotgan amaliy maslahatlar va ularni qo‘llaganingizda hayotingiz qay yo‘sin yaxshi tarafga o‘zgarishi to‘g‘risida mulohaza yuriting. (Mat. 5:1–11; 7:24–27)

12. Iso to‘g‘risida bilib olganingiz sayin sizda qanday istak paydo bo‘lishi mumkin?

12 Gunohlarimiz kechirilishi uchun Iso jonini qurbon qilgani ustida chuqur fikr yuritsangiz, unga bo‘lgan sevgingiz oshishi mumkin. (Mat. 20:28) Iso siz uchun o‘lishga tayyor bo‘lganini anglab yetganingizda, tavba qilib Yahovadan kechirim so‘rash istagi paydo bo‘lar. (Havor. 3:19, 20; 1 Yuhan. 1:9) Iso hamda Yahovani seva boshlaganingizda, xuddi shunday tuyg‘ularga ega bo‘lganlarga o‘z-o‘zidan yaqinlashishni istaysiz.

13. Yahova sizga nimani taqdim etdi?

13 Yahovaning oilasini sevishni o‘rganing. Yahovaga xizmat qilmaydigan oila a’zolaringiz va sobiq do‘stlaringiz nega o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlamoqchi ekaningizni tushunmasligi mumkin. Ular hatto sizga qarshi chiqishi hech gap emas. Yahova sizga ma’naviy oilani taqdim etib yordam beradi. O‘sha oilaga yaqin bo‘lib qolsangiz, sevgi va siz muhtoj bo‘lgan yordamni olasiz. (Mark 10:29, 30; Ibron. 10:24, 25) Vaqt o‘tib oila a’zolaringiz Yahovaga xizmat qilishda sizga qo‘shilishi va Uning me’yorlari bo‘yicha yashashi mumkin. (1 Butr. 2:12)

14. Yuhannoning birinchi maktubi 5:3 da ta’kidlanganidek, Yahovaning me’yorlari borasida nimalarga amin bo‘ldingiz?

14 Yahovaning me’yorlarini qadrlashni va ularni amalda qo‘llashni o‘rganing. Balki Yahovani tanib-bilishdan avval nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasida o‘z me’yorlaringiz bo‘lgandir. Lekin endi Yahovaning me’yorlari yaxshiroq ekanini ko‘ryapsiz. (Zab. 1:1–3; 1 Yuhanno 5:3 ni o‘qing.) Er, xotin, ota-ona va bolalar uchun Muqaddas Kitobda yozilgan maslahatlar haqida o‘ylab ko‘ring. (Efes. 5:22–6:4) Ularga amal qilib, oilaviy hayotingiz yaxshi tarafga o‘zgarganini his etdingizmi? Do‘stlarni donolik ila tanlash borasida Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga itoat qilganingizda, yaxshi tarafga o‘zgardingizmi? Baxtliroq bo‘ldingizmi? (Hik. 13:20; 1 Kor. 15:33) Ehtimol, yuqoridagi savollarga «ha» deb javob berarsiz.

15. Muqaddas Kitob prinsiplarini qay yo‘sin amalda qo‘llashni bilmasangiz, qanday yo‘l tutsangiz bo‘ladi?

15 Balki vaqti-vaqti bilan Muqaddas Kitobdan bilib olayotgan prinsiplarni qay yo‘sin amalda qo‘llashni bilmay qiynalayotgandirsiz. Shu bois, nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekanini aniqlashimizga yordam berish maqsadida, Yahova tashkilotidan foydalanib Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni taqdim etmoqda. (Ibron. 5:13, 14) Bu adabiyotlarni o‘qib tadqiq qilganingizda, ular qanchalik amaliy va o‘zgacha ekanini ko‘rasiz va sizda Yahova tashkilotining a’zosi bo‘lish istagi paydo bo‘lishi hech gap emas.

16. Yahova xalqini qay yo‘sin tashkillashtirgan?

16 Yahovaning tashkilotini sevishni va uni qo‘llab-quvvatlashni o‘rganing. Yahova xalqini jamoatlarga bo‘lgan; O‘g‘li Isoni esa ularning barchasi ustidan bosh qilib tayinlagan. (Efes. 1:22; 5:23) Iso bugungi kunda bajarilishini istagan ishni tashkillashtirishda yetakchilik qilish uchun moylanganlardan iborat kichik guruhni tayinlagan. Iso bu guruhni «ishonchli va aqlli xizmatkor» deb atagan va uning a’zolari sizni ma’nan to‘ydirish hamda himoya qilish mas’uliyatiga jiddiy yondashadi. (Mat. 24:45–47) Masalan, ishonchli xizmatkor sizga g‘amxo‘rlik qilishining yo‘llaridan biri talablarga mos keladigan oqsoqollarni tayinlashidir. Ular sizga yo‘l-yo‘riq berishi va himoya qilishi mumkin. (Ishayo 32:1, 2; Ibron. 13:17; 1 Butr. 5:2, 3) Oqsoqollar sizga dalda berish hamda Yahovaga yaqinlashishingizga ko‘maklashish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilishadi. Lekin ular siz uchun qilishi mumkin bo‘lgan eng muhim ishlardan biri boshqalarga Yahova haqida o‘rgatishingizga ko‘maklashishdir. (Efes. 4:11–13)

17. Rimliklarga 10:10, 13, 14 ga binoan, nima uchun boshqalarga Yahova haqida aytamiz?

17 Boshqalarga Yahovani sevishni o‘rganishga yordam bering. Iso izdoshlariga boshqalarga Yahova haqida o‘rgatishni aytgan. (Mat. 28:19, 20) Bu burchimiz ekanini tushunsakkina, Isoning amriga itoat eta olamiz. Ammo Yahovaga bo‘lgan sevgingiz kuchaygani sayin, o‘zingizni quyidagi so‘zlarni aytgan havoriy Butrus va Yuhanno kabi his etasiz: «Ko‘rgan-eshitganlarimizni aytmay turolmaymiz». (Havor. 4:20) Kimgadir Yahovani sevishga yordam berish bizga ulkan quvonch keltiradi. Xushxabar voizi Filip habashistonlik kishiga Muqaddas Yozuvlardagi haqiqatni tushunishga va suvga cho‘mishga yordam berganida naqadar quvonganini bir tasavvur qiling! Filipga taqlid qilib Isoning amriga bo‘ysunganingizda, Yahovaning Shohidi bo‘lishni istayotganingizni ko‘rsatasiz. (Rimliklarga 10:10, 13, 14 ni o‘qing.) Balki o‘shanda habashistonlik kabi: «Mening suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?» — deb so‘rarsiz. (Havor. 8:36)

18. Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

18 Suvga cho‘mishga qaror qilganingizda, hayotingizdagi eng muhim qadamni qo‘yasiz. Bu shunchalik jiddiy qadam ekan, u nimani o‘z ichiga olishi to‘g‘risida yaxshilab o‘ylab ko‘rishingiz kerak. Suvga cho‘mish borasida nimalarni bilishingiz zarur? Suvga cho‘mishdan avval va suvga cho‘mgandan keyin nima qilishingiz lozim? Bu savollarga navbatdagi maqoladan javob topamiz.

2-QO‘SHIQ Ismingdir Yahova

^ 5- x.b. Yahovani sevadigan ba’zilar Uning Shohidi sifatida suvga cho‘mishga tayyor yoki tayyor emasligi borasida ikkilanadi. Sizda ham shunday bo‘lsa, bu maqola yordamida suvga cho‘mishingizga ko‘maklashadigan ba’zi amaliy fikrlarni ko‘rib chiqishingiz mumkin.

^ 5- x.b. Hamma har xil bo‘lgani uchun ba’zilar bu maqolada keltirilgan takliflarni turli tartibda qo‘llashi mumkin.

^ 6- x.b. Ko‘proq misollarni bilib olish uchun «Hayot yaratilganmi?» (rus) va «Hayotning kelib chiqishi. Javob talab qilayotgan beshta savol» nomli (rus) risolalarga qarang.

^ 61- x.b. RASMGA SHARH. Imondoshimiz xarid qilish jarayonida bir yosh ayolga buklama beryapti.