Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-TADQIQ MAQOLASI

Bugungi kunda «shimol shohi» kim?

Bugungi kunda «shimol shohi» kim?

Uning kuni bitadi, hech kim unga yordam qo‘lini cho‘zmaydi. DON. 11:45

95-QO‘SHIQ Nur yanada yorqinroq porlamoqda

BU MAQOLADA *

1, 2. Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

HOZIR har qachongiga qaraganda bizda zamonaning oxirgi kunlarida yashayotganimizni ko‘rsatuvchi ko‘p isbotlar bor. Yaqinda Yahova hamda Iso Masih Osmon Shohligiga qarshilik qilayotgan barcha hukumatlarni yo‘q qilishadi. Bu voqea sodir bo‘lishidan oldin, shimol va janub shohlari o‘zaro va Xudoning xalqi bilan kurashishda davom etishadi.

2 Ushbu maqolada Doniyor 11:40–12:1 da yozilgan bashoratni ko‘rib chiqamiz. Undan hozirgi kunda shimol shohi kimligini va nima yuz berishidan qat’i nazar, nega xotirjam qolib, Yahova bizni qutqarishiga ishonishimiz mumkinligini bilib olamiz.

YANGI SHIMOL SHOHI

3, 4. Kimlar o‘zini shimol shohi sifatida ko‘rsata boshladi? Tushuntiring.

3 Sovet Ittifoqi 1991-yili qulagach, ushbu katta hududda Xudoning xalqi «ozgina yordam» oldi, ya’ni erkinlik davridan bahramand bo‘ldi. (Don. 11:34) Natijada ular erkin va’z qiladigan bo‘lishdi va ko‘p o‘tmay sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi mamlakatlarda va’zgo‘ylarning soni bir necha yuz mingga yetdi. Bir necha yil o‘tgach, Rossiya va uning ittifoqchilari o‘zlarini shimol shohi sifatida ko‘rsata boshlashdi. Oldingi maqolada muhokama qilinganidek, shimol va janub shohlari rolini bajaradigan hukumatlar: 1) Xudoning xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazishi, 2) o‘z ishlari bilan Yahovaga hamda Uning xalqiga dushmanlik qilayotganini ko‘rsatishi va 3) raqib shoh bilan raqobatlashishi kerak.

4 Bugun Rossiya va uning ittifoqchilarini shimol shohi deb aytishimizning bir nechta sabablari bor. 1) Ular va’zgo‘ylik ishini taqiqlab va nazoratlari ostidagi hududda yashayotgan yuz minglab birodar-u opa-singillarimizni ta’qib qilib, Xudoning xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazishmoqda. 2) Bu harakatlari bilan Yahovaga hamda Uning xalqiga dushmanlik qilayotganini ko‘rsatishmoqda. 3) Ular janub shohi bo‘lmish Angliya-Amerika jahon imperiyasi bilan raqobatlashmoqda. Keling, qanday qilib Rossiya va uning ittifoqchilari shimol shohi rolini bajarayotganini bilib olaylik.

JANUB SHOHI SHIMOL SHOHI BILAN TO‘QNASHISHDA DAVOM ETMOQDA

5. Doniyor 11:40–43 da qanday davr haqida gap ketgan va bu vaqt oralig‘ida nimalar yuz beradi?

5 Doniyor 11:40–43 ni o‘qing. Bashoratning ushbu qismi bizni oxirzamon deb ataladigan davr bilan tanishtiradi. Bu parcha diqqatimizni shimol va janub shohlari o‘rtasidagi raqobatga qaratadi. Doniyor payg‘ambar bashorat qilganidek, oxirzamon paytida shimol va janub shohlari «to‘qnashadi». (Don. 11:40)

6. Ikkita shoh bir-biri bilan to‘qnashayotgani nimadan ko‘rinyapti?

6 Shimol va janub shohlari dunyoga egalik qilish uchun raqobat qilishda davom etishmoqda. Masalan, Ikkinchi jahon urushidan keyin Sovet Ittifoqi va uning ittifoqchilari Yevropaning talay qismiga ta’sir o‘tkaza boshlaganidan so‘ng nima bo‘lganini ko‘rib chiqaylik. Shimol shohining bunday harakatlari janub shohini Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) deb nomlangan xalqaro harbiy ittifoqni yaratishga majbur qilgan. Shimol shohi qurol poygasiga ko‘p pul sarflab janub shohi bilan raqobat qilishda davom etmoqda. Shimol shohi parda ortida turib Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasida urush olib borib, tartibsizliklar qilib raqobatlashmoqda. So‘nggi yillarda Rossiya va uning ittifoqchilari dunyo bo‘ylab o‘z ta’sirini o‘tkazishmoqda. Shuningdek, ular janub shohi bilan kiber-urush olib borishmoqda. Shohlar bir-birini vayron qiluvchi dasturlardan foydalanib iqtisodiyoti va siyosiy tizimlariga zarar yetkazayotganlikda ayblashmoqda. Doniyor payg‘ambar bashorat qilganidek, shimol shohi Xudoning xalqiga hujum qilishni ham davom ettirmoqda. (Don. 11:41)

SHIMOL SHOHI «GO‘ZAL O‘LKAGA HAM BOSTIRIB KIRADI»

7. «Go‘zal o‘lka» bu nima?

7 Doniyor 11:41 da aytilishicha, shimol shohi «Go‘zal o‘lkaga ham bostirib kiradi». Bu o‘zi qanday o‘lka? Qadimda Isroil o‘lkasi «yurtlar ichida eng go‘zali edi». (Hiz. 20:6) Biroq bu yurtni ayniqsa qadrli qilgan narsa u yerda odamlar Yahovaga topingani edi. Milodiy 33-yilning Hosil bayramidan e’tiboran bu «o‘lka» tom ma’nodagi muayyan geografik joy bo‘lmay qoldi va bo‘la olmas edi ham, chunki Yahovaning xalqi butun yer yuzi bo‘ylab tarqalgan edi. «Go‘zal o‘lka» bugungi kunda Yahova xalqining hayot tarzini bildirib, yig‘ilishlar hamda va’zgo‘ylik xizmati orqali Yahovaga topinish kabi narsalarni o‘z ichiga oladi.

8. Qanday qilib shimol shohi «Go‘zal o‘lka»ga bostirib kirgan?

8 Oxirzamon davomida shimol shohi qayta-qayta «Go‘zal o‘lka»ga bostirib kirdi. Masalan, nasistlar Germaniyasi shimol shohi bo‘lganida, xususan Ikkinchi jahon urushi paytida, Xudoning xalqini ta’qib qilib va o‘ldirib «Go‘zal o‘lka»ga bostirib kirgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin Sovet Ittifoqi shimol shohi bo‘lgach, Xudoning xalqini ta’qib va surgun qilib «Go‘zal o‘lka»ga bostirib kirgan edi.

9. So‘nggi yillari Rossiya va uning ittifoqchilari qanday qilib «Go‘zal o‘lka»ga bostirib kirishdi?

9 So‘nggi yillari Rossiya va uning ittifoqchilari ham «Go‘zal o‘lka»ga bostirib kirishdi. Qanday qilib? 2017-yili amaldagi shimol shohi Yahova xalqining faoliyatini taqiqladi va ayrim birodar-u opa-singillarimizni qamoqqa tashladi. Bundan tashqari, u adabiyotlarimizni, shu qatorda «Yangi dunyo tarjimasi»ni ham taqiqladi. Keyin shimol shohi Rossiyadagi filialimizni va shu qatorda Yig‘ilish va Anjuman zallarini musodara qildi. Bu ishlaridan keyin 2018-yili Yetakchi kengash Rossiya va uning ittifoqchilari shimol shohi ekanini aytdi. Biroq Yahovaning xalqi qattiq ta’qib qilingan bo‘lsa ham, ular hukumatlarni ag‘darish yoki o‘zgartirishda qatnashishdan bosh tortishyapti. Buning o‘rniga, ular Muqaddas Kitobdagi «yuqori mavqega ega kishilar uchun» ibodat qilish maslahatiga amal qilishmoqda, ayniqsa, bunday kishilar Xudoga erkinlikda topinishga ta’sir qiladigan qarorlar chiqarishganida. (1 Tim. 2:1, 2)

SHIMOL SHOHI JANUB SHOHINI MAG‘LUB QILADIMI?

10. Shimol shohi janub shohini mag‘lub qiladimi? Tushuntiring.

10 Doniyor 11:40–45 da yozilgan bashoratda asosiy e’tibor shimol shohining faoliyatiga qaratilgan. Xo‘sh, bu u janub shohini mag‘lub qiladi deganimi? Yo‘q. Yahova hamda Iso barcha insoniy hukumatlarni Armageddon jangida yo‘q qilishganida janub shohi hanuz «tirik» bo‘ladi. (Vah. 19:20) Nega bunga shunchalik aminmiz? Doniyor hamda Vahiy kitoblaridagi bashoratlarda nima deyilganini ko‘rib chiqing.

Armageddon jangida toshga o‘xshatilgan Xudoning Shohligi bu rasmda o‘lkan haykal sifatida tasvirlangan insoniy hukumatlarga chek qo‘yadi (11-xatboshiga qarang.)

11. Doniyor 2:43–45 nimaga ishora qiladi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

11 Doniyor 2:43–45 ni o‘qing. Doniyor payg‘ambar Xudoning xalqiga ta’sir o‘tkazgan bir qator insoniy hukumatlar haqida aytib o‘tgan. Ular bahaybat metall haykalning turli qismlari ko‘rinishida tasvirlangan. O‘sha hukumatlarning so‘nggisi haykalning temir bilan loy qorishgan oyoq panjalari ko‘rinishida ifoda etilgan. Oyoq panjalari Angliya-Amerika jahon imperiyasini bildiradi. Bu bashoratdan ko‘rinib turganidek, Xudoning Shohligi insoniy hukumatlarga zarba berib, ularni yo‘q qilganida Angliya-Amerika jahon imperiyasi hanuz faoliyat yuritayotgan bo‘ladi.

12. Yirtqich hayvonning yettinchi boshi nimani bildiradi va buni bilish nega muhim?

12 Havoriy Yuhanno ham Yahovaning xalqiga ta’sir o‘tkazgan bir qator jahon imperiyalari haqida gapirgan. Mazkur hukumatlar yetti boshli yirtqich hayvon ko‘rinishida tasvirlagan. Ushbu hayvonning yettinchi boshi Angliya-Amerika jahon imperiyasini bildiradi. Bu muhim ma’lumot, chunki hayvonning boshqa boshlari o‘sib chiqqani ko‘rsatilmagan. Masih o‘z samoviy kuchlari bilan yettinchi boshni va hayvonning o‘zini yo‘q qilganida mazkur bosh hali hukmronlik qilayotgan bo‘ladi *. (Vah. 13:1, 2; 17:13, 14)

SHIMOL SHOHI KELAJAKDA NIMA QILADI?

13, 14. «Mago‘g yurtidagi Go‘g» kim va u Xudoning xalqiga hujum qilishiga nima turtki bo‘ladi?

13 Hizqiyo yozgan bashorat oxirzamonda shimol va janub shohlari bilan nima yuz berishi mumkinligi borasida ozgina tushuncha beryapti. Hizqiyo 38:10–23, Doniyor 2:43–45, 11:44–12:1 hamda Vahiy 16:13–16, 21 dagi bashoratlar o‘sha-o‘sha hodisalarni tasvirlaganga o‘xshaydi. Agar bu shunday bo‘lsa, quyidagi voqealar yuz berishini kutishimiz mumkin.

14 Buyuk musibat boshlanganidan ko‘p o‘tmay, «barcha jahon shohlari» xalqlar ittifoqini yaratishadi. (Vah. 16:13, 14; 19:19) Mazkur ittifoq Muqaddas Kitobda «Mago‘g yurtidagi Go‘g» deb nomlangan. (Hiz. 38:2) Ushbu xalqlar ittifoqi Xudoning xalqiga yoppasiga yakuniy hujumni uyushtiradi. Bunday hujumni uyushtirishga nima turtki bo‘ladi? Bu vaqt haqidagi bashoratda havoriy Yuhanno Xudoning dushmanlari ustiga yirik do‘l yog‘ishi haqida aytib o‘tgan. Majoziy ma’nodagi bu do‘l Yahovaning xalqi yetkazadigan fosh etuvchi hukm xabarini bildirishi mumkin. Natijada bu Mago‘g yurtidagi Go‘gni Xudoning xalqini yo‘q qilib yuborish uchun unga hujum qilishga undaydi. (Vah. 16:21)

15, 16. a) Doniyor 11:44, 45 da qanday voqealar aytib o‘tilgan? b) Shimol shohi va Mago‘g yurtidagi Go‘gni tashkil etuvchi boshqa xalqlar bilan nima yuz beradi?

15 Ushbu fosh etuvchi xabar va Xudo dushmanlarining yakuniy hujumi Doniyor 11:44, 45 da (o‘qing) aytib o‘tilgan o‘sha-o‘sha voqealar bo‘lishi mumkin. Doniyor payg‘ambarning yozishicha, «sharq va shimoldan kelgan xabarlar» shimol shohining tinchini buzadi va u «g‘azabga minib» chiqadi. Shimol shohi «ko‘plarni... qirib tashlash»ni niyat qiladi. «Ko‘plar» degani, ehtimol, Yahovaning xalqini bildiradi. Bu oyatlarda Doniyor Xudoning xalqiga yoppasiga uyushtiriladigan yakuniy hujum haqida aytayotgan bo‘lishi mumkin *.

16 Shimol shohi hamda boshqa hukumatlar Xudoning xalqiga hujum uyushtirganda, bu Qodir Tangrining qattiq g‘azabini qo‘zg‘atadi va keyin Armageddon jangi boshlanadi. (Vah. 16:14, 16) Bu paytda shimol shohi Mago‘g yurtidagi Go‘gni tashkil etuvchi boshqa xalqlar bilan birga yo‘q qilib yuboriladi va «hech kim unga yordam qo‘lini cho‘zmaydi». (Don. 11:45)

Armageddon jangida Iso Masih o‘zining samoviy qo‘shini bilan kelib Shaytonning dunyosini yo‘q qiladi va Xudoning xalqini qutqaradi (17-xatboshiga qarang.)

17. Doniyor 12:1 da yozilgan «buyuk sarkarda» Mikoil kim va u nima qiladi?

17 Doniyorning bayonotidagi keyingi oyat shimol shohi va uning ittifoqchilari bilan nima yuz berishi hamda qanday qilib biz qutqarilishimiz haqida qo‘shimcha tafsilotlarni ochib beryapti. (Doniyor 12:1 ni o‘qing.) Bu oyatning ma’nosi qanday? Mikoil boshqarayotgan Shohimiz Iso Masihning boshqa nomidir. 1914-yili Shohligi osmonda o‘rnatilganidan buyon, u Xudo xalqining «tomonida» turibdi. Yaqin kelajakda u «ko‘tariladi», ya’ni Armageddon jangida dushmanlarini yo‘q qiladi. Ushbu jang Doniyor tarixdagi eng «musibatli kunlar» deb atagan davrning yakuniy hodisasi bo‘ladi. Vahiy kitobida yozilgan Yuhannoning bashoratida bu jang va uning arafasidagi vaqt oralig‘i «buyuk musibat» deb atalgan. (Vah. 6:2; 7:14)

ISMINGIZ «KITOBDA» YOZILADIMI?

18. Nima uchun kelajakka ishonch bilan boqa olamiz?

18 Biz kelajakka ishonch bilan boqamiz, chunki Doniyor ham, Yuhanno ham ta’kidlashganidek, Yahova va Iso o‘z xizmatchilarini buyuk musibatda omon saqlab qolishadi. Doniyorning yozishicha, najot topganlarning ismlari «kitobda» yozib qo‘yilgan bo‘ladi. (Don. 12:1) Ismlarimiz bu kitobda yozilishi uchun nima qilsak bo‘ladi? Biz Xudoning Qo‘zisi bo‘lmish Isoga ishonayotganimizni aniq ko‘rsatishimiz kerak. (Yuhan. 1:29) Xudoga hayotimizni bag‘ishlaganimizning ramzi sifatida suvga cho‘mishimiz darkor. (1 Butr. 3:21) Boshqalarga Yahova haqida ta’lim berib Xudo Shohligini qo‘llab-quvvatlayotganimizni ko‘rsatishimiz lozim.

19. Hozir nima qilishimiz kerak va nega?

19 Hozir Yahovaga va sadoqatli xizmatchilaridan iborat tashkilotiga ishonchimizni mustahkamlashning ayni payti. Hozir Xudo Shohligini qo‘llab-quvvatlashning mavridi. Bunday qilsak, Xudoning Shohligi shimol va janub shohlarini yo‘q qilganda omon qolamiz.

149-QO‘SHIQ G‘alaba qo‘shig‘i

^ 5- x.b. Bugungi kunda «shimol shohi» kim? Qanday qilib uning kuni bitadi? Bu savollarning javobini bilish imonimizni mustahkamlab, yaqin kelajakda duch keladigan sinovlarga tayyor bo‘lishimizga ko‘maklashadi.

^ 12- x.b. Doniyor 2:36–45 va Vahiy 13:1, 2- oyatlari «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 15-iyun soni, 7–19- sahifalarida batafsil muhokama qilingan.

^ 15- x.b. Ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2015-yil 15-may soni, 29–30-sahifalariga qarang.