Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Muloyimlik. Uning bizga qanday foydasi bor?

Muloyimlik. Uning bizga qanday foydasi bor?

Sara * ismli imondoshimiz shunday deb bo‘lishdi: «Tabiatan uyatchanman va o‘zimga bo‘lgan ishonchim kuchli emas. Shunga o‘ziga juda ishongan va jahldor insonlar orasida o‘zimni noqulay his etaman. Lekin muloyim va kamtarin insonlar orasida o‘zimni bemalol his qilaman. Bunday insonlarga bemalol o‘z his-tuyg‘ularim va muammolarimni ayta olaman. Mening eng yaqin do‘stlarim shunday insonlardir».

Saraning so‘zlaridan ko‘rinyaptiki, muloyim bo‘lsak boshqa insonlar biz bilan do‘stlashishni xohlashadi. Bundan tashqari, muloyimlik Yahovani mamnun qiladi. Uning Kalomi bizni: «Muloyimlik... kabi yoqimli fazilatlarga burkaninglar»,— deb undayapti. (Kolos. 3:12) Muloyimlik o‘zi nima? Iso uni qanday namoyon etgan? Qanday qilib ushbu fazilat bizning hayotimizni baxtliroq qila oladi?

MULOYIMLIK O‘ZI NIMA?

Muloyimlik bu ichki tinch holat. Muloyim inson boshqalar bilan yumshoqlik va mehribonlik ila muomala qiladi va jahlini chiqaradigan vaziyatlarda xotirjamlikni saqlay oladi.

Yunonchadan «muloyimlik» deb o‘girilgan so‘z jilovlangan yovvoyi otni tasvirlashda qo‘llanilgan. Hatto ot jilovlangan bo‘lsa ham, u zaif bo‘lib qolmaydi. U kuchliligicha qoladi. Shunga o‘xshab muloyim inson zaif emas, aksincha, u kuchli. Nega bunday deya olamiz? Chunki u g‘azabini jilovlab, boshqalar bilan tinchlikni saqlay oladi.

«Tabiatan muloyim inson emasman» deb o‘ylarmiz. Jahldorlik va sabrsizlik keng tarqalgan dunyoda yashayapmiz, shu sababli muloyimlikni namoyon etish biz uchun qiyin bo‘lishi mumkin. (Rim. 7:19) Demak, muloyimlikni rivojlantirish uchun bizdan harakat talab qilinadi, lekin Yahovaning muqaddas ruhi bu maqsadga erishish qarorimizni kuchli qilishga yordam beradi. (Galat. 5:22, 23) Nega muloyimlikni rivojlantirishga harakat qilishimiz kerak?

Muloyimlik insonlarni jalb qiladi. Yuqorida tilga olingan Saraning kuzatuvi bo‘yicha biz muloyim insonlar orasida o‘zimizni erkin his qilamiz. Iso muloyimlik va mehribonlik borasida eng a’lo o‘rnakdir. (2 Kor. 10:1) Hatto bolalar uni yaxshi bilishmasa-da, ular Isoga yaqin bo‘lishni istashgan. (Mark 10:13–16)

Muloyimlik ham bizni, ham atrofimizdagilarni himoya qiladi. Agar muloyim bo‘lsak darrov ranjimaymiz va jahlimiz tez chiqmaydi. (Hik. 16:32) Boshqalarni, jumladan, yaxshi ko‘radigan insonlarimizni xafa qilmaymiz, shu tariqa aybdorlik hissidan azob chekmaymiz. Qolaversa, bu boshqalarga foyda keltiradi, chunki his-tuyg‘ularimizni nazorat qilamiz va harakatlarimiz ularni ranjitmaydi.

MULOYIMLIKNING A’LO NAMUNASI

Jiddiy mas’uliyatlari va bandligiga qaramasdan Iso barcha insonlarga nisbatan muloyim bo‘lgan. Uning paytida ko‘pchilik zahmat chekib, og‘ir yuk ostida yurgani uchun daldaga muhtoj edi. Isoning quyidagi so‘zlaridan ular rosa dalda olgan bo‘lishsa kerak: «Oldimga kelinglar, [...] chunki men muloyim va soddadilman». (Mat. 11:28, 29)

Iso namoyon etgan muloyimlikni qanday rivojlantirishimiz mumkin? Xudoning Kalomini tadqiq qilib Iso boshqalar bilan qanday muomala qilganini va qiyin vaziyatlarda qanday yo‘l tutganini o‘rganishimiz mumkin. Shunda muloyimligimiz sinalgan vaziyatga duch kelganimizda, Iso kabi yo‘l tutishga harakat qilamiz. (1 Butr. 2:21) Isoga muloyim bo‘lishga yordam bergan uchta omilni ko‘rib chiqamiz.

Iso chinakamiga kamtar inson bo‘lgan. Iso: «Men muloyim va soddadilman»,— deb aytgan. (Mat. 11:29) Muloyimlik va kamtarinlik fazilati uzviy bog‘liq bo‘lgani uchun Muqaddas Kitobda ular birga eslatib o‘tilgan. (Efes. 4:1–3) Ular qanaqasiga bir-biri bilan bog‘liq?

Kamtarinlik o‘ta jiddiy bo‘lishdan yoki tez xafa bo‘lishdan qochishga yordam beradi. Isoni «ochofat, mayxo‘r» deb nohaq tanqid qilishganida, u qanday munosabat bildirgan? U o‘z o‘rnagi bilan tanqidlarni yo‘qqa chiqargan va muloyimlik ila «odamning donoligi adolatli ishlaridan» ko‘rinishini ta’kidlagan. (Mat. 11:19)

Agar kimdir irqingiz, jinsingiz yoki kelib chiqishingiz borasida o‘ylamay gapirsa, muloyimlik ila javob berishga harakat qiling. Janubiy Afrikadagi Piter ismli oqsoqol shunday deb bo‘lishdi: «Agar birov jahlimni chiqaradigan gap aytsa, o‘zimdan: “Iso o‘rnimda bo‘lganida qanday yo‘l tutardi?” — deb so‘rayman». U shunday qo‘shib qo‘ydi: «Ko‘p narsani yurakka yaqin olmaslikka o‘rgandim».

Iso odamlarning zaifligini tushungan. Isoning shogirdlari to‘g‘ri ishlar qilishga intilishgan, lekin nomukammal bo‘lishgani uchun har doim ham bunday qila olishmagan. Misol uchun, o‘limidan oldingi kechada Iso Butrus, Yoqub va Yuhannodan sergak turishni so‘ragan, lekin ular buning uddasidan chiqa olishmagan. U «ruh tetik, tana esa zaif» ekanini tushungan. (Mat. 26:40, 41) Iso havoriylari nomukammal ekanini tushungani uchun ulardan jahli chiqmagan.

Mendi ismli imondoshimizning boshqalarni qattiq tanqid qiladigan odati bo‘lgan, lekin hozir u Isoning muloyimligiga taqlid qilishga jon kuydiryapti. U shunday deb bo‘lishdi: «Men insonlar nomukammal ekanini yodda tutishga va Yahova singari insonlarning yaxshi fazilatlariga e’tibor berishga harakat qilyapman». Iso insonlarning zaifligiga hamdardlik ila munosabatda bo‘lgani bizga boshqa insonlar bilan muloyim bo‘lishga yordam bera oladimi?

Iso tashvishlarini Xudoning qo‘liga topshirgan. Iso yer yuzida bo‘lganida adolatsiz muomalaga duch kelgan. Isoni noto‘g‘ri tushunishgan, undan nafratlanishgan va qiynashgan. Bunga qaramasdan Iso muloyimlikni saqlagan, chunki u «o‘zini odil Hakamning qo‘liga topshirgan». (1 Butr. 2:23) Iso samoviy Otasi unga g‘amxo‘rlik qilishini va adolatsizlikka o‘z vaqtida chek qo‘yishini bilgan.

Agar bizga adolatsiz munosabatda bo‘lishganida jahlga berilsak, vaziyatni o‘zimiz battar chigallashtirishimiz mumkin. Shuning uchun Muqaddas Kitobda quyidagi eslatma berilgan: «G‘azabga beriladigan odam, Alloh talab etgan adolatga muvofiq yo‘l tuta olmaydi». (Yoqb. 1:20) Jahlimiz asosli bo‘lsa-da, nomukammalligimiz tufayli noto‘g‘ri yo‘l tutishimiz mumkin.

Germaniyalik Keti ismli imondoshimiz: «Agar o‘zingizni himoya qilmasangiz, o‘rningizga buni boshqa hech kim qilmaydi»,—deb o‘ylagan. Lekin u Yahovaga tayanishni o‘rganganida, uning nuqtai nazari o‘zgardi. «Hozir o‘zimni doim himoya qilishim kerak deb hisoblamayman,— deb bo‘lishdi u. — Yahova barcha narsani mukammal tarzda nazorat qilayotganini bilish, muloyimlik ila yo‘l tutishimga yordam beryapti». Bordi-yu, siz ham qachondir adolatsizlik qurboniga aylangan bo‘lsangiz, Yahovaga tayanishda Isoga taqlid qiling. Bu sizga muloyimlikni saqlab qolishga yordam beradi.

«MULOYIM KISHILAR BAXTLIDIR»

Qanday qilib muloyimlik qiyin vaziyatlarda bizga yordam beradi?

Iso baxtli bo‘lishimizda muloyimlik muhim rol o‘ynashini ta’kidlagandi. U: «Muloyim kishilar baxtlidir»,— deb aytgandi. (Mat. 5:5) Quyidagi vaziyatlarda muloyimlik qanday yordam berishiga e’tibor qarating.

Muloyimlik nikohdagi taranglikni yumshatadi. «Xotinimga juda ko‘p og‘riqli so‘zlar aytdim, lekin bunday qilishni istamagandim,— deb tan olyapti avstraliyalik Robert birodarimiz. — Jahl ustida o‘ylamay aytilgan so‘zlarni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Xotinimning dilini qanchalik og‘ritganimni ko‘rganimda o‘zimni juda yomon his qildim».

Gapirganimizda «barchamiz tez-tez xato qilib turamiz» va o‘ylamay aytgan so‘zlarimiz nikohimizda muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. (Yoqb. 3:2) Shu kabi vaziyatlarda muloyimlik xotirjamlikni saqlashga va tilimizni nazorat qilishga yordam beradi. (Hik. 17:27)

Robert tinchlikni saqlash va o‘zini tuta bilish uchun o‘z ustida juda ko‘p ishlagan. Natijasi qanday bo‘ldi? U shunday dedi: «Hozir o‘rtamizda kelishmovchilik yuzaga kelsa ham men diqqat ila tinglashga, muloyimlik ila gapirishga va xafa bo‘lmaslikka harakat qilaman. Ayni paytda munosabatlarimiz ancha yaxshi».

Muloyimlik boshqalar bilan totuv bo‘lishga yordam beradi. Tez xafa bo‘ladigan insonning do‘stlari oz bo‘ladi. Muloyimlik esa tinchlik rishtalarini saqlashga yordam beradi. (Efes. 4:2, 3) Yuqorida tilga olingan imondoshimiz Keti shunday dedi: «Muloyimlikni namoyon etganimda — hatto ba’zilar bilan murosa qilish qiyin bo‘lsa-da — boshqa insonlar bilan muloqot qilish osonroq kechadi».

Muloyimlik ichki xotirjamlik baxsh etadi. Muqaddas Kitobda «yuqoridan tushgan donolik» muloyimlik va tinchlik bilan bog‘liq ekani haqida aytilgan. (Yoqb. 3:13, 17) Muloyim inson «xotirjam yurak»ka ega. (Hik. 14:30) Muloyimlikni rivojlantirish uchun o‘z ustida ko‘p ishlagan Martin birodarimiz shunday deb bo‘lishdi: «Hozir ancha moslashuvchanman va jahlim tez chiqmaydi, bu tufayli men ichki xotirjamlikni va baxtni his etyapman».

Darhaqiqat, muloyimlikni rivojlantirish uchun jon kuydirishimizga to‘g‘ri keladi. «Rostini aytsam, hatto hozir ham ba’zi vaziyatlarda g‘azabim qaynab ketadi»,— deb bo‘lishdi bir birodar. Lekin muloyimlikni rivojlantirishga undayotgan Yahova, bu kurashda bizga yordam beradi. (Ishayo 41:10; 1 Tim. 6:11) U bizga «to‘liq ta’lim berib,.. kuchli qilib qo‘yadi». (1 Butr. 5:10) Vaqt o‘tib biz ham Pavlus kabi «Masihning muloyimligi va mehri»ni aks ettira olamiz. (2 Kor. 10:1)

^ 2- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.