Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-TADQIQ MAQOLASI

Oxirzamonda kimlar «shimol shohi» bo‘lgan?

Oxirzamonda kimlar «shimol shohi» bo‘lgan?

Oxirzamonda janub shohi u [shimol shohi] bilan to‘qnashadi. DON. 11:40

150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping

BU MAQOLADA *

1. Muqaddas Kitobdagi bashoratdan nima haqida bilib olyapmiz?

YAQIN kelajakda Yahovaning xalqi bilan nimalar sodir bo‘ladi? Bu savolning javobini bilamiz. Chunki Muqaddas Kitobda yaqinda yuz beradigan va barchamizga ta’sir qiladigan muhim voqealar haqida yozilgan. Undagi bir bashorat yer yuzidagi ayrim qudratli hukumatlar nima qilishini ochib bermoqda. Doniyor kitobining 11- bobida yozilgan ushbu bashoratda bir-biriga qarshi kurashayotgan ikkita shoh, ya’ni «shimol shohi» va «janub shohi» haqida aytilgan. Bashoratning aksar qismi allaqachon amalga oshgan. Demak, uning qolgan qismi ham amalga oshishiga ishonchimiz komil bo‘lishi mumkin.

2. Ibtido 3:15 hamda Vahiy 11:7 va 12:17 ga ko‘ra, Doniyorning bashoratini tadqiq qilayotib nimalarni yodda tutishimiz kerak?

2 Doniyor kitobining 11-bobida yozilgan bashoratni tushunish uchun, unda faqatgina Xudoning xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazgan * hukmdorlar-u hukumatlar nazarda tutilganini yodda saqlashimiz kerak. Xudoning xizmatchilari dunyo aholisi bilan solishtirganda kamchilikni tashkil etsa-da, ular ko‘pincha dunyodagi muhim voqealarning markazida bo‘lishadi. Nega? Chunki Shayton va uning butun tuzumi bitta asosiy maqsadni ko‘zlaydi, u ham bo‘lsa, Yahovaning hamda Isoning xizmatchilarini yo‘q qilish. (Ibtido 3:15 va Vahiy 11:7; 12:17 ni o‘qing.) Qolaversa, Doniyor kitobidagi bashorat Alloh Kalomidagi boshqa bashoratlar bilan uyg‘un bo‘lishi kerak. Darhaqiqat, Doniyorning bashoratini Muqaddas Yozuvlarning boshqa qismlari bilan solishtiribgina to‘g‘ri tushunishimiz mumkin.

3. Bu va keyingi maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

3 Bu omillarni yodda tugan holda Doniyor 11:25–39 ni ko‘rib chiqamiz. 1870–1991-yillarda kimlar shimol shohi va janub shohi bo‘lishganini bilib olamiz. Shuningdek, bashoratning ushbu qismi borasidagi tushunchamizni qayta ko‘rib chiqish nima uchun oqilona ekanini muhokama qilamiz. Keyingi maqolada esa Doniyor 11:40–12:1 dagi oyatlar haqida gap boradi. Bashoratning ushbu qismi 1991-yildan to Armageddon jangigacha bo‘lgan davr haqida nimalarni oshkor etayotgani to‘g‘risidagi tushunchamiz yanada oydinlashadi. Ushbu ikkita maqolani tadqiq qilar ekansiz, «Oxirzamon paytidagi ikkita raqib shoh» nomli ramkaga qarash foydali bo‘ladi. Avvaliga, bashoratdagi ikkita shoh kimlarni anglatishini qanday aniqlash mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

SHIMOL SHOHI VA JANUB SHOHI KIMLIGINI QANDAY ANIQLAY OLAMIZ?

4. Qaysi uchta omil shimol shohi va janub shohi kim ekanini aniqlashimizga yordam beradi?

4 Boshida «shimol shohi» va «janub shohi» degan nomlar tom ma’nodagi Isroil yurtining shimoli va janubida joylashgan hududlarni boshqargan siyosiy kuchlarga berilgan edi. Nega bunday deya olamiz? Doniyor payg‘ambarga xabar keltirgan farishta nima deganiga diqqat qarating: «Kunlarning oxirida xalqing [Xudoning xalqi] bilan nimalar sodir bo‘lishini tushuntirish uchun yoningga keldim». (Don. 10:14) Milodiy 33-yilning Hosil bayramigacha Isroil xalqi Xudoning xalqi hisoblangan. Ammo Hosil bayramidan keyin Yahova Isoning sadoqatli shogirdlarini O‘z xalqi deb hisoblashini aniq ko‘rsatgan. Demak, Doniyor kitobining 11- bobidagi bashoratning aksariyat qismi tom ma’nodagi Isroil xalqiga emas, Masihning izdoshlariga taalluqli. (Havor. 2:1–4; Rim. 9:6–8; Galat. 6:15, 16) Turli vaqtlarda turli hukmdorlar yoki hukumatlar shimol shohi va janub shohi bo‘lishgan. Bunga qaramay, ayrim omillar o‘zgarmas bo‘lib qolgan. Birinchidan, bu shohlar Xudoning xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazishgan. Ikkinchidan, Xudoning xalqiga qilgan munosabati bilan ular haq Tangri Yahovadan nafratlanishini ko‘rsatishgan. Uchinchidan, bu ikkita shoh bir-biri bilan hokimiyat uchun kurashgan.

5. Ikkinchi asrdan to 19- asrning oxirigacha bo‘lgan davr ichida shimol shohi va janub shohi bo‘lganmi? Tushuntiring.

5 Milodiy ikkinchi asrning qaysidir pallasidan boshlab chin masihiylar jamoatida soxta masihiylar ko‘payib ketdi. Ular butparastlarning ta’limotlarini o‘zlashtirib, Alloh Kalomidagi haqiqatlarni yashirishdi. Bu paytdan boshlab to 19- asrning oxirlariga qadar yer yuzida Xudoning xizmatchilaridan iborat tashkillashtirilgan guruh yo‘q edi. Soxta masihiylar daladagi begona o‘tlar kabi ko‘payib ketishdi. Shu bois chin masihiylar kimligini aniqlash juda qiyin edi. (Mat. 13:36–43) Nega bu ma’lumotni bilish muhim? Bu ma’lumot shuni ko‘rsatyaptiki, shimol shohi hamda janub shohi to‘g‘risida o‘qiganlarimiz ikkinchi asrning qaysidir pallasidan to 19- asrning ikkinchi yarmigacha bo‘lgan davr ichida boshqargan shohlar-u shohliklarga taalluqli emas. Chunki bu davr ichida yer yuzida ular hujum qila oladigan Xudoning xalqi bo‘lmagan *. Biroq 19- asrning oxirlarida shimol shohi va janub shohi yana paydo bo‘lganini kuzatishimiz mumkin. Qanaqasiga?

6. Xudoning xalqi guruh sifatida qachon yana tashkillashtirila boshladi? Tushuntiring.

6 Xudoning xalqi 1870-yildan boshlab guruh sifatida tashkillashtirila boshladi. Aynan shu yili Charlz Rassell va uning maslakdoshlari Muqaddas Kitobni tadqiq qilish bo‘yicha guruh tashkil etishdi. Rassell birodarimiz va uning do‘stlari bashorat qilingan xabarchi bo‘lishgan hamda Masihiy Shohlik o‘rnatilishidan oldin «yo‘l hozirlashgan». (Mal. 3:1) Kimlar Xudoning xalqiga tegishli ekani yana aniq ko‘rina boshladi. O‘sha paytda Allohning xalqiga ta’sir o‘tkazgan hukumatlar bo‘lganmi? Keling, quyidagi omillarni ko‘rib chiqaylik.

JANUB SHOHI KIM?

7. Birinchi jahon urushiga qadar janub shohi kim bo‘lgan?

7 Buyuk Britaniya 1870-yilga kelib dunyodagi eng katta imperiyaga aylandi va u eng kuchli armiyaga ega edi. Doniyorning bashoratida uchta shoxning o‘rniga o‘sib chiqqan bitta shoxcha haqida aytilgan. Bu shoxcha Buyuk Britaniyani, qolgan uchtasi esa Fransiya, Ispaniya va Niderlandiyani bildiradi. (Don. 7:7, 8) Birinchi jahon urushiga qadar Buyuk Britaniya janub shohi bo‘lgan. Bu vaqt ichida Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyodagi eng boy mamlakatga aylangan va Buyuk Britaniya bilan yaqindan hamkorlik qila boshlagan.

8. Oxirzamon davomida kim janub shohi bo‘lib kelmoqda?

8 Birinchi jahon urushi paytida Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya kuchli harbiy ittifoqni tashkil etishdi. O‘sha paytda Buyuk Britaniya va uning dengiz ortidagi sobiq hududi Angliya-Amerika jahon imperiyasiga aylandi. Doniyor bashorat qilganiday bu shoh «ulkan va qudratli qo‘shin» to‘plagan. (Don. 11:25) Oxirzamon davomida Angliya-Amerika ittifoqi janub shohi bo‘lib kelmoqda *. Unda shimol shohi kim bo‘lgan?

 

SHIMOL SHOHI KIM?

9. Shimol shohi yana qachon paydo bo‘ldi va Doniyor 11:25 dagi so‘zlar qay yo‘sin amalga oshdi?

9 Charlz Rassell va uning maslakdoshlari 1871-yili Muqaddas Kitobni tadqiq qilish bo‘yicha guruh tashkil etishganida shimol shohi yana paydo bo‘ldi. Shu yili Otto fon Bismark bir qancha hududlarni birlashtirdi va ular Germaniya imperiyasini tashkil etdi. Prussiya qiroli Vilgelm I uning ilk imperatori bo‘ldi va u Bismarkni uning birinchi kansleri etib tayinladi *. Keyingi o‘n yillar ichida Germaniya Afrika hamda Tinch okeanidagi ayrim mamlakatlarni boshqaradigan mustamlakachi imperiyaga aylandi va Buyuk Britaniya bilan raqobatlasha boshladi. (Doniyor 11:25 ni o‘qing.) Germaniya imperiyasi kuchli armiyani va kattaligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi harbiy-dengiz flotini yaratdi. Birinchi jahon urushi paytida Germaniya ularni dushmanlariga qarshi qo‘lladi.

10. Doniyor 11:25b, 26 qanday amalga oshgan?

10 Shuningdek, Doniyor payg‘ambar Germaniya imperiyasi va u yaratgan kuchli armiya bilan nima bo‘lishini bashorat qilgan. Bashoratda aytilganiday shimol shohi «tura olmaydi». Nima uchun? «Unga qarshi fitna uyushtirishgani uchun u qarshi tura olmaydi. Uning dasturxonidagi tansiq taomlardan yeb yurganlar uning boshiga yetadi». (Don. 11:25b, 26a) Doniyorning davrida shohning «dasturxonidan tansiq taomlarni» yeb yurganlarga «shohga xizmat» qilgan saroy amaldorlari kirgan. (Don. 1:5) Bu bashoratda kimlar nazarda tutilgan? Bu yerda Germaniya imperiyasining yuqori martabali amaldorlari, jumladan, imperator boshchiligi ostidagi generallar va harbiy maslahatchilar nazarda tutilgan. Ular monarxiyani ag‘darishga yordam berishgan *. Bashoratda nafaqat imperiyaning qulashi, balki janub shohi bilan jang qanday yakun topishi aytib o‘tilgan. Shimol shohi to‘g‘risida: «Qo‘shini qirib tashlanib, ko‘pchilik halok bo‘ladi»,— deyilgan. (Don. 11:26b) Bashoratda aytilganiday, Birinchi jahon urushi paytida Germaniya armiyasi «qirib tashlanib, ko‘pchilik halok bo‘lgan». O‘sha paytgacha insoniyat tarixida sodir bo‘lgan urushlarning hech birida shunchalik ko‘p odam o‘lmagan.

11. Doniyor 11:27–30 ga ko‘ra, shimol shohi va janub shohi nima qilgan?

11 Doniyor 11:27, 28 da Birinchi jahon urushidan oldin yuz beradigan voqealar to‘g‘risida aytilgan. Bu oyatlarga ko‘ra shimol shohi va janub shohi «bir dasturxon atrofida o‘tirib, bir-biriga yolg‘on gapirishadi». Shuningdek, bu bashoratda shimol shohi «behisob mol-mulk» to‘plashi haqida aytilgan. Aynan shunday yuz berdi ham. Germaniya va Buyuk Britaniya bir-biriga tinchlik bo‘lishini istayotgani to‘g‘risida aytishgan, biroq 1914-yili urush boshlanganida ular yolg‘on gapirishgani ayon bo‘lgan. 1914-yilga kelib Germaniya dunyodagi ikkinchi eng boy mamlakatga aylangan edi. So‘ng Doniyor 11:29 va 30- oyatning birinchi qismi amalga oshdi, ya’ni Germaniya janub shohi bilan jang qilib unga mag‘lub bo‘ldi.

SHOHLAR XUDONING XALQIGA QARSHI KURASHADI

12. Birinchi jahon urushi paytida shimol shohi va janub shohi nima qilgan?

12 Bu ikkita shoh 1914-yildan boshlab o‘zaro va Xudoning xalqiga qarshi yanada ko‘proq kurasha boshlagan. Masalan, Birinchi jahon urushi paytida ham Germaniya, ham Buyuk Britaniya hukumati qo‘liga qurol olishdan bosh tortgan Xudoning xizmatchilarini ta’qib qilgan. AQSH hukumati esa va’zgo‘ylik faoliyatida boshchilikni o‘z zimmasiga olgan kishilarni qamoqqa tashlagan. Ushbu ta’qiblar tufayli Vahiy 11:7–10 dagi bashorat amalga oshgan.

13. Shimol shohi 1933-yildan buyon va Ikkinchi jahon urushi paytida nima qilgan?

13 Keyinroq, ya’ni 1933-yildan buyon va ayniqsa Ikkinchi jahon urushi paytida shimol shohi Xudoning xalqiga shafqatsizlarcha hujum qilgan. Germaniyani nasistlar boshqara boshlaganida Gitler va uning tarafdorlari Alloh xalqining faoliyatini taqiqlab qo‘ygan. Shimol shohi Yahovaning yuzlab xizmatchilarini o‘ldirgan va minglarchasini konsentrasion lagerlarga jo‘natgan. Bu voqealarni Doniyor payg‘ambar bashorat qilgan edi. Shimol shohi va’zgo‘ylik faoliyatini taqiqlab qo‘ygan, shu yo‘sin «muqaddas maskanni» bulg‘agan va «doimiy qurbonliklar keltirilishini to‘xtatib» qo‘ygan. (Don. 11:30b, 31a) Germaniyaning yetakchisi Gitler u yerdan Xudoning xizmatchilarini yo‘q qilishga hatto ont ichgan.

YANGI SHIMOL SHOHI

14. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng kim shimol shohi bo‘lgan? Tushuntiring.

14 Ikkinchi jahon urushidan so‘ng avvallari Germaniyaga tegishli bo‘lgan aksariyat hududni kommunistik hukumat bo‘lmish Sovet Ittifoqi boshqara boshlagan. Nasistlarning totalitar rejimida bo‘lgani kabi Sovet Ittifoqi va uning ittifoqchilari ham haq Xudoga topinuvchilarni qattiq ta’qib qilishgan va ular shimol shohiga aylangan.

15. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng shimol shohi nima qilgan?

15 Ikkinchi jahon urushi tugaganidan ko‘p o‘tmay yangi shimol shohi, ya’ni Sovet Ittifoqi va uning ittifoqchilari Xudoning xalqiga hujum qilishgan. Vahiy 12:15–17 da bu ta’qiblar «daryoga» o‘xshatilgan. Bu bashoratga muvofiq shimol shohi va’zgo‘ylik ishini taqiqlab qo‘ygan va Yahovaning minglab xizmatchilarini Sibirga surgun qilgan. Shu yo‘sin, oxirzamon boshlanganidan beri shimol shohi Xudoning xizmatchilarini tobora ko‘proq ta’qib qilyapti, ammo ularning faoliyatini to‘xtata olmayapti *.

16. Doniyor 11:37–39 dagi so‘zlar Sovet Ittifoqida qanday amalga oshgan?

16 Doniyor 11:37–39 ni o‘qing. Qanday qilib shimol shohi «ota-bobolarining Tangrisini... nazar-pisand qilmagan»? Sovet Ittifoqi dinlardan butunlay qutulish maqsadida, an’anaviy diniy tashkilotlarning ta’sirini yo‘q qilmoqchi bo‘lgan. Bu maqsadga erishish uchun Sovet hukumati 1918-yildayoq maktablarda ateizm (dahriylik) singdirilishiga asos bo‘ladigan buyruq chiqargan. Qay yo‘sin shimol shohi qo‘rg‘onlar xudosiga shon-sharaf aytgan? Sovet Ittifoqi qudratini oshirish maqsadida o‘z armiyasini va minglab yadroviy qurollarni yaratish uchun juda ko‘p pul sarflagan. Shimol shohi ham, janub shohi ham milliardlab odamlarni yo‘q qilishga yetadigan kuchli qurollarni to‘plashgan.

DUSHMANLARNING HAMKORLIGI

17. «Vayronagarchilik keltiradigan jirkanch narsa» nima?

17 Shimol shohi va janub shohi uzoq vaqt davomida dushman bo‘lgan. Bunga qaramay, shimol shohi janub shohini bir muhim masalada, ya’ni «vayronagarchilik keltiradigan jirkanch narsani o‘rnatishda» qo‘llab-quvvatlagan. (Don. 11:31) Bu jirkanch narsa — Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

18. Nega Birlashgan Millatlar Tashkiloti «jirkanch narsa» deb atalgan?

18 Birlashgan Millatlar Tashkiloti faqatgina Xudoning Shohligi amalga oshira oladigan ishni qilishga, ya’ni butun dunyoda tinchlik o‘rnata olishiga da’vo qilgani uchun «jirkanch narsa» deb atalgan. Bashoratda jirkanch narsa «vayronagarchilik keltiradi» deb aytilganining sababi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha soxta dinlar yo‘q qilinishida asosiy rol o‘ynaydi. («Oxirzamon paytidagi ikkita raqib shoh» nomli ramkaga qarang.)

NIMA UCHUN BU MA’LUMOTNI BILISHIMIZ LOZIM?

19, 20. a) Nima uchun bu ma’lumotni bilishimiz lozim? b) Keyingi maqolada qaysi savolning javobini bilib olamiz?

19 Bu ma’lumotni bilishimiz lozim. Chunki u 1870–1991-yillar oralig‘ida Doniyor payg‘ambarning shimol shohi va janub shohi to‘g‘risidagi bashorati amalga oshganini tasdiqlaydi. Bu tufayli bashoratning qolgan qismi ham amalga oshishiga ishonishimiz mumkin.

20 Sovet Ittifoqi 1991-yili parchalanib ketgan edi. Unda hozir shimol shohi kim? Bu savolning javobini keyingi maqoladan bilib olamiz.

128-QO‘SHIQ So‘nggi damga qadar chidang

^ 5- x.b. Doniyor payg‘ambarning «shimol shohi» va «janub shohi» to‘g‘risidagi bashorati amalga oshishda davom etayotganining dalillarini ko‘ryapmiz. Nima uchun bunga shunchalik aminmiz? Nega ushbu bashoratning tafsilotlarini tushunishimiz lozim?

^ 2- x.b. Xudoning xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazgan hukumatlar Xudoning ko‘p xizmatchilari yashagan yurtlarni boshqarishgan yoki Xudoning xalqiga hujum qilishgan.

^ 5- x.b. Mana shu sababga ko‘ra, endi Rim imperatori Avrelianni (mil. 270–275 y.) «shimol shohi», qirolicha Zenobiyani (mil. 267–272 y.) esa «janub shohi» deb hisoblash o‘rinli emas. Shuning uchun «Doniyorning bashoratiga diqqat qiling!» nomli kitobning 13- va 14- boblarida bayon etilgan tushunchamiz yangilandi.

^ 9- x.b. 1890-yili kayzer Vilgelm II Bismarkni mavqeidan mahrum qildi.

^ 10- x.b. Bu odamlar turli usullarni qo‘llab, imperiya tezda qulashiga sababchi bo‘lishgan. Masalan, ular shohni qo‘llab-quvvatlamay qo‘yishgan, urush to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni boshqalarga aytib berishgan va shohni taxtdan voz kechishga majbur qilishgan.

^ 15- x.b. Doniyor 11:34 da aytilganiday, shimol shohi qisqa muddatga masihiylarni ta’qib qilishni to‘xtatgan. Masalan, 1991-yili Sovet Ittifoqi qulaganida shunday bo‘lgan.