Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-TADQIQ MAQOLASI

Boshqalarga «yaxshigina tasalli» bera olasiz

Boshqalarga «yaxshigina tasalli» bera olasiz

Ular... Xudoning Shohligi yo‘lida... hamkorlarimdir. Ular menga yaxshigina tasalli berishgan. KOLOS. 4:11

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

BU MAQOLADA *

1. Yahovaning ko‘p xizmatchilari tashvishga soladigan qanday vaziyatlarga duch kelmoqda?

DUNYO bo‘ylab Yahovaning ko‘p xizmatchilari ularni tashvishga soladigan yoki hatto tushkunlikka tushiradigan vaziyatlarga duch kelmoqda. Jamoatingizda ham bunday vaziyatlarni kuzatyapsizmi? Ayrim masihiylar jiddiy kasallikka yo‘liqadi yoki yaqini hayotdan ko‘z yumadi. Boshqalar esa oila a’zosi yoki yaqin do‘sti Yahovaga xizmat qilmay qo‘yganini ko‘rib, qalbida qattiq og‘riq bilan kurashadi. Yana boshqalar tabiiy ofatlar dastidan azob chekadi. Bu kabi birodar-u opa-singillarimizning bari tasalliga muhtoj. Xo‘sh, ularga qanday yordam bera olamiz?

2. Nima uchun havoriy Pavlus ba’zida tasalliga muhtoj bo‘lgan?

2 Havoriy Pavlusning hayoti ko‘p marta xavf ostida qolgan. (2 Kor. 11:23–28) Ustiga-ustak, u badanini «go‘yo tikandek azoblaydigan» dard bilan kurashgan. Ehtimol, bu sog‘lik muammosi bo‘lgandir. (2 Kor. 12:7) Bundan tashqari, qachonlardir hamkori bo‘lgan Dimas «dunyoning ishlariga mehr qo‘yib» uni tark etganida uning umidi puchga chiqqan. (2 Tim. 4:10) Pavlus boshqalarga chin dildan yordam bergan jasoratli va moylangan masihiy edi, lekin gohida ruhi tushgan. (Rim. 9:1, 2)

3. Qay yo‘sin Pavlusga tasalli va yordam berildi?

3 Pavlusga u muhtoj bo‘lgan tasalli va yordam berildi. Qanaqasiga? Shubhasizki, Yahova muqaddas ruhi yordamida uni mustahkamladi. (2 Kor. 4:7; Filip. 4:13) Shuningdek, Yahova unga imondoshlari orqali tasalli berdi. Pavlus ba’zi imondoshlari haqida shunday degan: «Ular menga yaxshigina tasalli berishgan». (Kolos. 4:11) U nomma-nom tilga olganlar orasida Aristarx, Tixik va Mark bor edi. Ular uni qo‘llab-quvvatlab, sabr-bardoshli bo‘lishiga yordam berishdi. Bu uchta masihiy qaysi fazilatlar yordamida shunday tasalli bera oldi? Bir-birimizga tasalli berishga intilar ekanmiz, qay yo‘sin ularning ajoyib o‘rnagiga ergasha olamiz?

SADOQATLI ARISTARX

«Og‘ir paytda» imondoshimizga tayanch bo‘lib, Aristarx kabi sadoqatli do‘st bo‘la olamiz (4–5-xatboshilariga qarang.) *

4. Aristarx Pavlusning sadoqatli do‘sti ekanini qanday ko‘rsatgan?

4 Salonikadan bo‘lgan makedoniyalik Aristarx Pavlusning sadoqatli do‘sti ekanini ko‘rsatgan. Pavlus uchinchi va’zgo‘ylik safarida Efesga tashrif buyurganida Aristarx haqida ilk bor o‘qiymiz. U Pavlusga hamrohlik qilganda olomonning qo‘liga tushgan. (Havor. 19:29) Ozod bo‘lganida esa, u o‘z xavfsizligini o‘ylamagan, aksincha, sadoqat ila Pavlusning yonida qolgan. Bir necha oy o‘tgach, Yunonistonda dushmanlar hali ham Pavlusni o‘ldirishga harakat qilayotganda, Aristarx uni tark etmagan. (Havor. 20:2–4) Taxminan mil. 58-yili Pavlus mahbus sifatida Rimga yuborilganda, Aristarx unga hamrohlik qilgan va kema halokatini ham birgalikda boshdan kechirishgan. (Havor. 27:1, 2, 41) Rimga kelishgach, u muayyan vaqt davomida Pavlus bilan birga qamoqda bo‘lganga o‘xshaydi. (Kolos. 4:10) Yonida shunday sadoqatli hamkori bo‘lganidan Pavlus daldaga to‘lib, tasalli olgani ajablanarli emas.

5. Hikmatlar 17:17 ga ko‘ra, qay yo‘sin sadoqatli do‘st bo‘la olamiz?

5 Nafaqat yaxshi paytda, balki «og‘ir damda» ham birodar-u opa-singillarimizga tayanch bo‘lib, Aristarx singari sadoqatli do‘st ekanimizni ko‘rsatamiz. (Hikmatlar 17:17 ni o‘qing.) Qiyinchilik ortda qolgan bo‘lsa ham, imondoshimiz uzoq vaqt davomida tasalliga muhtoj bo‘lishi mumkin. Uch oy ichida saraton kasalligi tufayli ham otasidan, ham onasidan ayrilgan Feruza * quyidagicha dedi: «Menimcha, qiyinchiliklar uzoq vaqt azob chekishimizga sabab bo‘ladi. Ota-onamning vafotidan muayyan vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hanuzgacha og‘riqni his qilishimni yodida tutadigan sadoqatli do‘stlarim borligi uchun minnatdorman».

6. Sadoqatli bo‘lsak, qanday yo‘l tutamiz?

6 Imondoshini qo‘llab-quvvatlash uchun sadoqatli do‘stlar fidoyilik qiladi. Masalan, birodar Piterga shifokor ahvoli tezda yomonlashib hayotdan ko‘z yumishini aytdi. Uning turmush o‘rtog‘i Ketrin shunday dedi: «Jamoatimizdagi bir juftlik Piterga tashxis qo‘yilgan kasalxonaga bizni ko‘rikka olib bordi. O‘shanda ular bu og‘riqli vaziyatda bizni yolg‘iz qoldirmasligini aytishdi. Qachon yordamga muhtoj bo‘lmaylik, ular doim yonimizda». Ha, qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lishimizga yordam beradigan chin do‘stlar borligi naqadar tasalli baxsh etadi!

ISHONCHLI TIXIK

Boshqalar muammolar bilan kurashganda, Tixik kabi ishonchli do‘st bo‘la olamiz (7–9-xatboshilariga qarang.) *

7–8. Kolosaliklarga 4:7–9 ga binoan, Tixik ishonchli ekanini qay yo‘sin ko‘rsatdi?

7 Tixik Rimning Osiyo viloyatidan bo‘lib, Pavlusning sodiq hamkori edi. (Havor. 20:4) Taxminan mil. 55-yili Pavlus Yahudiyadagi masihiylarga yordam berish uchun pul yig‘ishni tashkillashtiradi. Ehtimol, bu muhim vazifani bajarishda Tixik unga yordam bergandir. (2 Kor. 8:18–20) Keyinchalik Pavlus Rimda ilk bor qamoqda bo‘lganida, Tixik uning xabarlarini yetkazib turadi. U Pavlusning daldali maktublari-yu xabarlarini Osiyodagi jamoatlarga yetkazardi. (Kolos. 4:7–9)

8 Tixik Pavlusning ishonchli do‘sti bo‘lib qolgan. (Titus. 3:12) O‘sha paytda hamma masihiylar ham Tixik singari ishonchli bo‘lmagan. Taxminan mil. 65-yili Pavlus ikkinchi marta qamoqda bo‘lganida, Osiyodagi ba’zi masihiylar u bilan muloqot qilishdan qochganini yozadi. Balki ular dushmanlardan qo‘rqqandir. (2 Tim. 1:15) Bundan farqli ravishda, Pavlus Tixikka tayana olgan va unga yana boshqa vazifa topshirgan. (2 Tim. 4:12) Shubhasizki, Pavlus Tixik kabi ajoyib do‘sti borligi uchun minnatdor bo‘lgan.

9. Qay yo‘sin Tixikka taqlid qila olamiz?

9 Tixikka taqlid qilib ishonchli do‘st bo‘la olamiz. Masalan, birodar-u opa-singillarimizga quruq va’dalar bermaymiz, balki amaliy yordam ko‘rsatamiz. (Mat. 5:37; Luqo 16:10) Yordamga muhtoj bo‘lganlar bizga tayana olishini bilganda, yaxshigina tasalli oladi. Bir imondoshimiz buning sababini quyidagicha tushuntirdi: «Qalbingizda tinchlik his etasiz, chunki sizga yordam taklif qilgan odam va’dasini o‘z vaqtida bajarishini bilasiz».

10. Hikmatlar 18:24 da aytilganidek, qiyinchilik bilan kurashayotgan yoki umidi puchga chiqqanlar kimdan tasalli topishi mumkin?

10 Qiyinchilik bilan kurashayotganlar yoki umidlari puchga chiqqanlar qalbidagini ishonchli do‘stiga ochib ko‘pincha tasalli topadi. (Hikmatlar 18:24 ni o‘qing.) O‘g‘li jamoatdan chetlatilganidan umidlari puchga chiqqan Bobur shunday deb bo‘lishdi: «His-tuyg‘ularimni ishonchli odam bilan bo‘lishishim kerak edi». Karlos xatosi tufayli jamoatdagi sharafli vazifalaridan ayrildi. U: «Meni hukm qilishlaridan qo‘rqmay, tuyg‘ularimni bemalol bo‘lisha oladigan odamlarga muhtoj edim»,— dedi. Karlos uchun bunday odamlar oqsoqollar bo‘ldi va ular unga muammosini yengishga ko‘maklashdi. Shuningdek, Karlos oqsoqollar mulohazakor ekanini va aytganlarini maxfiy saqlashini bilardi.

11. Qanday qilib ishonchli va sirdosh do‘st bo‘la olamiz?

11 Ishonchli va sirdosh do‘st bo‘lish uchun sabrli bo‘lishimiz zarur. Jannaning eri uni tashlab ketganida, u tuyg‘ularini yaqin do‘stlari bilan bo‘lishib tasalli oldi. «Garchi o‘sha-o‘sha narsani qayta-qayta aytsam-da, ular meni sabr ila tinglashardi»,— deb bo‘lishdi Janna. Siz ham yaxshi tinglovchi bo‘lish orqali chin do‘st ekaningizni ko‘rsata olasiz.

BOSHQALARGA XIZMAT QILISHGA TAYYOR BO‘LGAN MARK

Markning mehribonligi Pavlusga bardoshli bo‘lishga ko‘maklashgan. Biz ham mushkul paytlarda imondoshlarimizga tirgak bo‘la olamiz (12–14-xatboshilariga qarang.) *

12. Mark kim edi va qay yo‘sin u tayyorlik ruhini ko‘rsatdi?

12 Mark Quddusdan bo‘lib yahudiy edi. U taniqli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y Barnaboning jiyani bo‘lgan. (Kolos. 4:10) Aftidan, Markning oilasi moddiy tarafdan yaxshi yashardi, ammo u moddiy narsalarni hayotida birinchi o‘ringa qo‘ymagan. Mark hayoti davomida tayyorlik ruhini ko‘rsatdi. U boshqalarga xizmat qilishdan quvonch topardi. Masalan, u turli vaqt davomida havoriy Pavlus va havoriy Butrusga vazifalarini bajarishga yordam bergan. Mark oziq-ovqat sotib olgandir, qo‘nimga joy topishga ko‘maklashgandir va shu kabi ishlarni bajargandir. (Havor. 13:2–5; 1 Butr. 5:13) Pavlus unga «yaxshigina tasalli» bergan, ya’ni qo‘llab-quvvatlagan Markni «Xudoning Shohligi yo‘lida»gi hamkorlaridan biri sifatida tilga olgan. (Kolos. 4:10, 11)

13. Pavlus sadoqatli Markning xizmatini qadrlagani 2 Timo‘tiyga 4:11 dan qanday ko‘rinmoqda?

13 Mark Pavlusning yaqin do‘stlaridan biriga aylandi. Masalan, taxminan mil. 65-yili Pavlus Rimda so‘nggi bor qamoqda bo‘lganida, Timo‘tiyga ikkinchi maktubini yozadi. Maktubida Pavlus Timo‘tiydan Rimga kelishni va o‘zi bilan birga Markni olib kelishni so‘raydi. (2 Tim. 4:11) Shubhasizki, Pavlus oldinlari Mark unga yordam berganini qadrlagan. Shu bois, u o‘sha muhim paytda Mark yonida bo‘lishini so‘ragan. U Pavlusga amaliy yordam ko‘rsatgan: oziq-ovqat va yozish uchun kerakli narsalar bilan ta’minlagan. Pavlusning o‘lim kuni yaqinlashar ekan, ehtimol, bu yordam va dalda hayotining so‘nggi kunlarida unga bardoshli bo‘lishiga ko‘maklashgan.

14–15. Matto 7:12 dan boshqalarga amaliy yordam ko‘rsatish borasida nimalarni bilib olyapmiz?

14 Matto 7:12 ni o‘qing. Qiyinchiliklar paytida bizga amaliy yordam ko‘rsatishgani uchun juda minnatdor bo‘lamiz! Otasi kutilmagan baxtsiz hodisada hayotdan ko‘z yumgan Rayn shunday dedi: «Azob chekkanimizda har kungi anchagina ishlarni bajara olishning imkoni yo‘qday ko‘rinadi. Hatto kichikday tuyulsa-da, amaliy yordam ko‘rsatish zo‘r tirgak bo‘ladi».

15 E’tiborli va kuzatuvchan bo‘lib boshqalarga yordam berishning amaliy yo‘llarini topishimiz mumkin. Misol uchun, yuqorida tilga olingan Piter va Ketrin shifokorning barcha ko‘riklariga bora olishi uchun bir imondoshimiz yordam berishda tashabbus ko‘rsatdi. Na Piter, na Ketrin endi mashina hayday olardi. Shu sababli, o‘sha imondoshimiz jadval tuzib, jamoatdagi birodar-u opa-singillar ularga transport masalasida yordam berishiga g‘amxo‘rlik qildi. Xo‘sh, bu reja asqatdimi? Ketrin: «Yelkamizdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi»,— dedi. Mehr ila qilgan hatto kichik ishlaringiz ham boshqalarga qanchalar tasalli berishi mumkinligini nazardan chetda qoldirmang.

16. Boshqalarga tasalli berishda Markdan qanday saboq olyapmiz?

16 Pavlusning hamkori bo‘lgan Mark xizmatda band bo‘lgani shubhasiz. U Yahovaning xizmatida muhim vazifalarni bajargan, jumladan, Injilda uning ismi bilan atalgan kitobni yozgan. Shunga qaramay, u Pavlusga tasalli berish uchun vaqt topgan. Qolaversa, Pavlus yordam so‘rab Markka bemalol murojaat qilishi mumkinligini bilgan. Bir misolga e’tibor bering. Anjelaning buvisini o‘ldirib ketishgandi. Shunda unga tayyorlik ila tasalli berganlardan u juda minnatdor bo‘lgan. «Do‘stlaringiz chin dildan yordam berishni istasa, ularga bemalol murojaat qila olasiz.— dedi Anjela — Ulardan yordam so‘rashga tortinmaysiz». O‘zimizga quyidagicha savol bersak bo‘ladi: «Meni imondoshlarimga amaliy yordam berishga tayyor inson sifatida bilishadimi?»

BOSHQALARGA TASALLI BERISH QARORIMIZ QAT’IY

17. Qay yo‘sin 2 Korinfliklarga 1:3, 4 ustida mulohaza yuritish bizni boshqalarga tasalli berishga undaydi?

17 Tasalliga muhtoj bo‘lgan birodar-u opa-singillarni topish qiyin emas. Hatto boshqalar bizga tasalli berish uchun foydalangan oyatlar yordamida ularga tasalli berishimiz mumkin. Buvisi hayotdan ko‘z yumgan Nino: «Agar yo‘l qo‘ysak, Yahova bizdan foydalanib boshqalarga tasalli berishi mumkin»,— deb aytdi. (2 Korinfliklarga 1:3, 4 ni o‘qing.) Yuqorida tilga olingan Feruza shunday dedi: «2 Korinfliklarga 1:4 dagi so‘zlar chindir. Boshqalar bizga tasalli berish uchun biron xabar yuborsa yoki yaxshilik qilsa, keyinchalik boshqa insonga tasalli berish uchun biz ham o‘sha so‘zlardan foydalanishimiz yoki yaxshilik qilishimiz mumkin».

18. a) Nega ba’zilar yordam berishdan qo‘rqishi mumkin? b) Qanday qilib boshqalarga tasalli berishda muvaffaqiyatli bo‘la olamiz? Misol keltiring.

18 Qo‘rquvlarimizga qaramay, tashabbusni qo‘lga olishimiz kerak. Masalan, tasalliga muhtoj bo‘lgan kishiga nima deyishni yoki u uchun nima qilishni bilmay qo‘rqishimiz hech gap emas. Poul ismli oqsoqolning otasi hayotdan ko‘z yumganida, boshqalar unga qanday tasalli berganini u quyidagicha eslaydi: «Yonimga kelib biron nima aytish ular uchun oson bo‘lmagan. Ular nima deyishni bilmas edi. Ammo tasalli berishni va qo‘llab-quvvatlashni istashgani uchun ulardan minnatdor edim». Shu singari kuchli zilzilani boshdan kechirgan Teyjn quyidagicha bo‘lishdi: «Ochig‘ini aytsam, zilziladan keyingi kunlari menga yuborilgan har bir xabar esimda yo‘q, biroq shuni bilamanki, imondoshlarim hol-ahvol so‘rab menga g‘amxo‘rlik qilishdi». Boshqalarga g‘amxo‘rlik qilsak, tasalli berishda muvaffaqiyatli bo‘lamiz.

19. Nima uchun boshqalarga «yaxshigina tasalli» berishga qaror qildingiz?

19 Ushbu zamonaning oxiri yaqinlashar ekan, dunyodagi ahvol yomonlashib, hayot yanada og‘ir bo‘ladi. (2 Tim. 3:13) Gunoh va nomukammallik dastidan muammolarga duch kelar ekanmiz, doim tasalliga muhtoj bo‘lamiz. Havoriy Pavlus hayotining oxirigacha sadoqat ila bardoshli bo‘la olganining sabablaridan biri — imondoshlarining tasallisidir. Keling, Aristarx kabi sadoqatli, Tixik kabi ishonchli va Mark kabi boshqalarga xizmat qilishga tayyor bo‘laylik. Shunday yo‘l tutib, birodar-u opa-singillarimizga imonda mustahkam turishga yordam beramiz. (1 Salon. 3:2, 3)

^ 5- x.b. Havoriy Pavlus hayoti davomida ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan. Qiyinchiliklar paytida ba’zi imondoshlari unga yaxshigina tasalli bergan. Bu imondoshlarga boshqalarga tasalli berishda qaysi uchta fazilat yordam bergani haqida bilib olamiz. Qolaversa, ularning o‘rnagiga qay yo‘sin ergashishimiz mumkinligi haqida gap boradi.

^ 5- x.b. Ushbu maqoladagi ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

111-QO‘SHIQ Yahova — chin shodlik manbaidir

^ 56- x.b. RASMGA SHARH. Aristarx va Pavlus kema halokatini birga boshdan kechirishgan.

^ 58- x.b. RASMGA SHARH. Pavlus Tixikka maktublarini jamoatlarga yetkazishni topshirgan.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Mark Pavlusga amaliy yordam ko‘rsatgan.