Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-TADQIQ MAQOLASI

«Ushbu ruh... shohidlik bermoqda»

«Ushbu ruh... shohidlik bermoqda»

Ushbu ruh qalbimiz bilan birgalikda, biz Allohning farzandlari ekanimiz haqida shohidlik bermoqda. RIM. 8:16

25-QO‘SHIQ O‘zgacha mulk

BU MAQOLADA *

Yahova Hosil bayramida taxminan 120 ta shogirdga muqaddas ruhini o‘zgacha tarzda yog‘dirdi (1–2-xatboshilariga qarang.)

1–2. Mil. 33-yili Hosil bayramida qanday o‘zgacha voqea yuz berdi?

QUDDUS. Yakshanba, ertalab. Mil. 33-yil va Hosil bayrami kuni. Taxminan 120 ta shogird uyning boloxonasida birga yig‘ildi. (Havor. 1:13–15; 2:1) Bir necha kun avval Iso ularga Quddusda qolishni aytgandi, boisi ularni o‘zgacha hadya kutayotgandi. (Havor. 1:4, 5) Keyin nima bo‘ldi?

2 «To‘satdan osmondan kuchli shamol esganday bir shovqin keldi». Uning tovushi butun uyda eshitilardi. So‘ng shogirdlarning boshida «alangalanib turgan tilga o‘xshash bir narsalar» paydo bo‘ldi va ularning bari «muqaddas ruhga to‘ldi». (Havor. 2:2–4) Shunday o‘zgacha tarzda Yahova ularga muqaddas ruhini yog‘dirdi. (Havor. 1:8) Ular muqaddas ruh ila moylangan * va Iso bilan samoda boshqarish umidiga ega bo‘lgan ilk masihiylar edi.

ULAR QAY YO‘SIN MOYLANISHADI?

3. Nima uchun Hosil bayramida bo‘lganlar muqaddas ruh ila moylanganidan shubhalanmagan?

3 O‘sha kuni uyning boloxonasida shogirdlar bilan birga bo‘lganingizda, bu kun xotirangizda muhrlanib qolgan bo‘lardi. Tasavvur qiling, alangalanib turgan tilga o‘xshash narsa ustingizga tushadi va siz o‘zga tilda gapira boshlaysiz! (Havor. 2:5–12) Shunda muqaddas ruh bilan moylanganingizdan aslo shubhalanmagan bo‘lardingiz. Xo‘sh, muqaddas ruh ila moylanganlarning bari shunday o‘zgacha tarzda va bir vaqtda tanlanganmi? Yo‘q. Buni qayerdan bilamiz?

4. Birinchi asrda moylanganlarning barchasi bir vaqtda tanlanganmi? Tushuntiring.

4 Keling, kishi qachon moylanganiga diqqat qarataylik. Mil. 33-yili Hosil bayramida faqatgina 120 tacha shogird muqaddas ruh bilan moylanmagan. O‘sha kuni sal keyinroq taxminan 3 000 ta shogird ham muqaddas ruh orqali moylangan. Bu ular suvga cho‘mganida yuz berdi. (Havor. 2:37, 38, 41) Lekin keyingi yillari moylanganlarning hammasi ham suvga cho‘mganida tanlanmagan. Misol uchun, samariyaliklar suvga cho‘mganidan bir oz vaqt o‘tgach moylangan. (Havor. 8:14–17) Qolaversa, istisno tariqasida, Korniliy va uning xonadoni suvga cho‘mishdan avval moylangan. (Havor. 10:44–48)

5. Korinfliklarga ikkinchi maktub 1:21, 22 ga ko‘ra, kishi qay yo‘sin moylanadi?

5 Endi, kishi qay yo‘sin muqaddas ruh bilan moylanishini ko‘rib chiqaylik. Ba’zi moylanganlar uchun Yahova ularni tanlaganini qabul qilish boshida qiyin kechishi mumkin. Ehtimol, ular: «Xudo nega meni tanladi?» — deb o‘ylar. Boshqalar esa bunday fikrlarga bormas. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, kishi qay yo‘sin moylanishini havoriy Pavlus quyidagicha tushuntirgan: «Unga ishonganingizdan so‘ng sizlar ham u orqali va’da qilingan muqaddas ruhning muhri * bilan belgilandingizlar». (Efes. 1:13, 14) Shu bois, Yahova muqaddas ruhi orqali bu masihiylarga ularni tanlaganini aniq bildiradi. Shu yo‘sin, muqaddas ruh ular kelajakda yer yuzida emas, balki osmonda abadiy yashashining «garovi [yoki badali]» bo‘ladi. (2 Korinfliklarga 1:21, 22 ni o‘qing.)

6. Samoviy mukofotini olish uchun masihiy nima qilishi kerak?

6 Agar masihiy moylangan bo‘lsa, u samoviy mukofotini olishi aniq deganimi? Yo‘q. U samoda yashash uchun tanlanganiga amin. Ammo u quyidagi ogohlantiruvni yodida saqlashi kerak: «Birodarlar, da’vat etilganingiz va tanlanganingizga sodiq qolish uchun jon kuydiringlar. Shunda hech qachon imondan qaytmaysizlar». (2 Butr. 1:10) Moylangan masihiy samoda yashash uchun tanlangan yoki da’vat etilgan bo‘lsa ham, sodiq qolsagina mukofotini oladi. (Filip. 3:12–14; Ibron. 3:1; Vah. 2:10)

KISHI MOYLANGANINI QAERDAN BILADI?

7. Moylanganlar samoda yashash uchun da’vat etilganini qayerdan biladi?

7 Xo‘sh, kishi samoda yashash uchun da’vat etilganini qayerdan biladi? Buning javobini Pavlusning Rimdagi masihiylarga yo‘llagan maktubidan ko‘rsa bo‘ladi. U shunday degan: «Allohning ruhi bizni yana qullik va qo‘rquvga solmaydi. Aksincha, ushbu ruh orqali biz o‘g‘illikka qabul qilinib, shu ruh bizni: “Abba, Ota!” — deyishga undamoqda. Ushbu ruh qalbimiz bilan birgalikda, biz Allohning farzandlari ekanimiz haqida shohidlik bermoqda». (Rim. 1:7; 8:15, 16) Ha, Xudo muqaddas ruhi orqali kishini samoda yashash uchun da’vat etilganini bildiradi. (1 Salon. 2:12)

8. Samoda yashash uchun tanlanganlar boshqalar ular moylanganini tasdiqlashiga muhtoj emasligini 1 Yuhanno 2:20, 27 qay yo‘sin ko‘rsatmoqda?

8 Bunday taklif olganlarning ong va qalbida Yahova hech qanday shubha qoldirmaydi. (1 Yuhanno 2:20, 27 ni o‘qing.) Albatta, moylanganlar ham barcha qatori jamoatda Yahovadan ta’lim olishi kerak. Biroq hech kim ular moylanganini tasdiqlashiga muhtoj emas. Axir Yahova koinotdagi eng qudratli kuchi — muqaddas ruhi orqali buni ularga aniq bildirdi.

ULAR «QAYTADAN TUG‘ILADI»

9. Efesliklarga 1:18 ga ko‘ra, kishi moylansa unda qanday o‘zgarishlar yuz beradi?

9 Bugungi kunda Xudoning aksariyat xizmatchilari uchun kishi qay yo‘sin moylanishini tushunish oson bo‘lmasligi mumkin. Bu tabiiy, axir ular moylanmagan. Xudo odamlarni samoda emas, yer yuzida yashash uchun yaratgan. (Ibt. 1:28; Zab. 37:29) Ammo Yahova ba’zilarni samoda yashash uchun tanladi. Shu sababli, Yahova ularni moylaganida, ularning umidi va fikrlash tarzini butunlayin o‘zgartiradi hamda ular samoda yashashni intiqib kutadi. (Efesliklarga 1:18 ni o‘qing.)

10. «Qaytadan tug‘ilish» nima degani? (Shuningdek, izohga qarang.)

10 Masihiylar muqaddas ruh bilan moylanganida, «qaytadan» yoki «yuqoridan» tug‘iladi *. Shuningdek, Iso aytganiday, «qaytadan» yoki «yuqoridan» tug‘ilish nima ekanini moylanmagan kishiga oxirigacha tushuntirish imkonsiz. (Yuhan. 3:3–8, izoh)

11. Kishi moylanganida fikrlash tarzida qanday o‘zgarishlar yuz berishini tushuntiring.

11 Masihiylar moylanganida ularning fikrlash tarzida qanday o‘zgarishlar yuz beradi? Yahova bu masihiylarni moylashidan avval, ular yer yuzida abadiy yashash umidini qadrlagan. Ular Yahova barcha yovuzlikni bartaraf etadigan va yer yuzida jannat qiladigan paytni orziqib kutgan. Balki ular hayotdan ko‘z yumgan oila a’zosi yoki do‘stini qarshi olayotganini tasavvur qilgandir. Ammo moylangach, ular boshqacha fikr yuritishni boshladi. Nima sababdan? Yer yuzida yashash umidi ularning joniga tegmadi. Ular tushkunlikda bo‘lgani yoki azob chekkani uchun umidini o‘zgartirmadi. Qolaversa, yer yuzida abadiy yashash zerikarli bo‘ladi, deb o‘ylamadi. Aksincha, Yahova muqaddas ruhi orqali ularning fikrlash tarzini va ajoyib umidini o‘zgartirdi.

12. Butrusning birinchi maktubi 1:3, 4 ga binoan, moylangan masihiylar umidi haqida qanday fikrda?

12 Kishi moylanganda o‘zini bu ajoyib sharafga noloyiq his etishi mumkin. Ammo u Yahova uni tanlaganidan umuman shubhalanmaydi. Kelajak borasidagi umidi haqida o‘ylaganda, qalbi quvonchga to‘lib bu uchun minnatdor bo‘ladi. (1 Butrus 1:3, 4 ni o‘qing.)

13. Moylanganlar yer yuzidagi hayoti borasida qanday fikrda?

13 Bu ular o‘lishni istashini anglatadimi? Havoriy Pavlus bu savolga javob yozgan. U tanalarini chodir bilan solishtirib, shunday degan: «Bu chodir misoli tanamizda yashab, og‘ir yuk ostida oh-nola qilyapmiz. Ammo uni yechib tashlamoqchi emasmiz, aksincha, o‘ladigan tananing o‘rniga hayotga ega bo‘laylik, deb boshqasiga burkanishni xohlaymiz». (2 Kor. 5:4) Bu masihiylar hayotga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotmagan va tezroq o‘lishni istamaydi. Aksincha, ular hayotdan zavq oladi va oila a’zolari bilan har kuni Yahovaga xizmat qilishni istaydi. Ammo nima qilishidan qat’i nazar, ular kelajakka bo‘lgan ulug‘vor umidini yodida tutadi. (1 Kor. 15:53; 2 Butr. 1:4; 1 Yuhan. 3:2, 3; Vah. 20:6)

YAHOVA SIZNI MOYLADIMI?

14. Qaysi omillar inson muqaddas ruh bilan moylanganidan dalolat bermaydi?

14 Ehtimol, muqaddas ruh orqali moylanganmanmi, deb qiziqayotgandirsiz. Agar shunday o‘ylayotgan bo‘lsangiz, quyidagi muhim savollar ustida mulohaza yuritib ko‘ring: Yahovaning irodasini bajarish istagingiz kuchlimi? Xizmatda shijoatlimisiz? «Xudoning chuqur donoligini» izlab, Uning Kalomini sinchkovlik ila o‘rganyapsizmi? (1 Kor. 2:10) Va’zgo‘ylik xizmatida Xudoning o‘zgacha barakasini ko‘ryapsizmi? Boshqalarga ma’naviy yordam berishda jon kuydiryapsizmi? Yahova shaxsan O‘zi hayotingizda ishtirok etayotganini ko‘ryapsizmi? Agar yuqoridagi hamma savollarga ikkilanmay «ha» deb javob bergan bo‘lsangiz, bu sizda ham samoda yashash umidi borligidan dalolat beradimi? Yo‘q, unday emas. Negaki, bunday tuyg‘ular Yahovaning barcha xizmatchilariga xosdir va ularning umidi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Yahova ularga O‘z ruhini beradi. Agar umidingiz borasida ikkilanayotgan bo‘lsangiz, bu moylanmagan ekaningizdan dalolat beradi. Chunki moylangan masihiy, Yahova meni taklif qilganmi yo yo‘qmi, deb o‘ylab o‘tirmaydi. U bunga amin!

Ibrohim, Sora, Dovud va Yahyo ajoyib ishlarni qila olishi uchun Yahova ularga muqaddas ruhini bergan, lekin ularni osmonda yashash uchun muqaddas ruh bilan moylamagan (15–16-xatboshilariga qarang.) *

15. Muqaddas ruh olganlarning hammasi ham samoda yashash uchun tanlanmaganini qayerdan bilamiz?

15 Xudoning Kalomida muqaddas ruh berilgan ko‘plab imonli odamlar haqida yozilgan. Ammo ular osmonda yashash uchun tanlanmagan. Masalan, Dovudni muqaddas ruh boshqargan. (1 Shoh. 16:13) Muqaddas ruh unga Yahova to‘g‘risida chuqur haqiqatlarni tushunishga yordam bergan va bu ruhning ta’siri ostida Dovud Muqaddas Kitobning ayrim qismlarini yozgan. (Mark 12:36) Ammo shunga qaramay, havoriy Butrus: «Dovud osmonga ko‘tarilmagan»,— deb aytgan. (Havor. 2:34) Bundan tashqari, suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo ham «muqaddas ruhga to‘lgandi». (Luqo 1:13–16) Iso Yahyodan ulug‘rog‘i kelib chiqmaganini, ammo u Osmon Shohligiga kirmasligini ham aytib o‘tgan. (Mat. 11:10, 11) Ha, Yahovaning muqaddas ruhi tufayli ular ajoyib ishlarni qilgan. Lekin Xudo ularni osmonda yashash uchun muqaddas ruhi bilan moylamagan. Bu ular osmonda boshqarish uchun tanlanganlardan ko‘ra kamroq sadoqatli bo‘lganini anglatadimi? Yo‘q. Bu Yahova ularni yer yuzida abadiy hayot uchun tiriltirishini bildiradi. (Yuhan. 5:28, 29; Havor. 24:15)

16. Bugungi kunda Xudoning aksariyat xizmatchilari nimani sabrsizlik bilan kutishyapti?

16 Bugungi kunda Xudoning aksariyat xizmatchilari samoda yashash umidiga ega emas. Ular Ibrohim, Sora, Dovud, suvga cho‘mdirib yurgan Yahyo va qadimda yashagan boshqa sodiq xizmatchilar singari Xudoning Shohligi boshqaradigan yer yuzida abadiy yashashni sabrsizlik bilan kutadi. (Ibron. 11:10)

17. Keyingi maqoladan nima haqida bilib olamiz?

17 Hozirgi kunda osmonda yashash uchun tanlanganlarning ba’zilari hanuzgacha yer yuzida ekan, muayyan savollar tug‘ilishi tabiiy. (Vah. 12:17) Masalan, moylanganlar o‘zlariga qanday munosabatda bo‘lishlari kerak? Qutlug‘ Kechlik marosimida jamoatingizdan kimdir ramzlardan qabul qilsa, unga qanday munosabatda bo‘lishingiz kerak? Moylanganlarning soni o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa-chi? Bu sizni xavotirga solishi kerakmi? Mazkur savollarning javobini keyingi maqoladan bilib olamiz.

^ 5- x.b. Mil. 33-yilgi Hosil bayramidan beri Yahova ba’zi masihiylarga Uning O‘g‘li bilan samoda hukmdorlik qilish kabi ajoyib umidni bermoqda. Xo‘sh, o‘sha masihiylar bunday o‘zgacha sharaf uchun tanlanganini qayerdan biladi? Ular qay yo‘sin moylanishadi? Bu maqola «Qo‘riqchi minorasi»ning 2016-yil yanvar sonidagi maqolaga asoslangan. Mazkur maqoladan yuqorida keltirilgan qiziqarli savollarga javob topamiz.

^ 2- x.b. IBORA MA’NOSI. Muqaddas ruh ila moylanish. Yahova muqaddas ruhi orqali kishini Iso bilan samoda boshqarish uchun tanlaydi. Muqaddas ruh orqali Xudo kishiga kelajak borasida va’da yoki «garov» beradi. (Efes. 1:13, 14) Muqaddas ruh bu masihiylarga «shohidlik beradi» yoki ularning mukofoti samoda ekanini his etishlariga yordam beradi. (Rim. 8:16)

^ 5- x.b. IBORA MA’NOSI. Muhr. Lekin bu muhrlanish oxirgi bo‘lmaydi, chunki oxirgi muhr Xudoga sodiq qolgan masihiyga yoki o‘limidan sal oldin, yoki buyuk musibat boshlanishidan sal oldin bosiladi. (Efes. 4:30; Vah. 7:2–4; «Qo‘riqchi minorasi»ning 2016-yil aprel sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.)

^ 10- x.b. «Qaytadan tug‘ilish» haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2009-yil 1-aprel (rus) sonining 3–12-sahifalariga qarang.

27-QO‘SHIQ Xudo o‘g‘illarining oshkor bo‘lishi

^ 57- x.b. RASMGA SHARH. Imonimiz uchun qamoqdamizmi yoki haqiqatni erkinlikda va’z qilib ta’lim beramizmi, Xudoning Shohligi boshqaradigan yer yuzida yashashni intiqib kutyapmiz.