16-TADQIQ MAQOLASI
«Akangiz tiriladi»
Iso [Martaga] javoban: «Akangiz tiriladi»,— dedi. YUHAN. 11:23
151-QO‘SHIQ Tirilish va’dasi
BU MAQOLADA a
1. Metyu tirilishga bo‘lgan umidi haqida nima degan?
METYU ismli bir bola jiddiy kasallikka yo‘liqqan edi. Shuning uchun, u ko‘p operatsiyalarni boshdan kechirgan. U yetti yoshda bo‘lganida ota-onasi bilan JW Internet-televideniesidagi oylik ko‘rsatuvni tomosha qilgan. Musiqali videoda odamlar tirilgan yaqinlarini qarshi olayotgani ko‘rsatilgan edi b. O‘sha ko‘rsatuvdan so‘ng Metyu ota-onasining qo‘lini ushlab: «Dadajon, oyijon, ko‘rdingizmi? Agar o‘lsam, albatta tirilaman. Meni kutinglar. Bu yuz beradi»,— degan. Metyuning tirilishga bo‘lgan kuchli imonini ko‘rgan ota-onasi nimalarni his qilganini tasavvur qila olasizmi?
2, 3. Nega tirilishga bo‘lgan va’da haqida mulohaza yuritib turish yaxshi?
2 Tirilishga bo‘lgan umidimiz haqida vaqti-vaqti bilan mulohaza yuritsak yaxshi bo‘lardi. (Yuhan. 5:28, 29) Nega? Sababi, qachon jiddiy kasallikka yo‘liqishimizni yoki yaqinimizdan ayrilishimizni bilmaymiz. (Voiz 9:11; Yoqb. 4:13, 14) Umidimiz esa bunday paytlarda sabr-bardoshli qolishimizga yordam beradi. (1 Salon. 4:13) Muqaddas Yozuvlardan bilganimizday, mehribon samoviy Otamiz bizni juda yaxshi biladi va qattiq yaxshi ko‘radi. (Luqo 12:7) U insonni o‘sha shaxsiyati va xotiralari bilan tiriltirishi uchun uni qanchalik yaxshi bilishi kerakligi haqida o‘ylab ko‘ring. Xudo bizni juda yaxshi ko‘rgani uchun abadiy yashash imkoniyatini taqdim etgan. Hatto hayotdan ko‘z yumsak ham U bizni tiriltiradi.
3 Ushbu maqolada avvaliga nega tirilish va’dasiga ishonishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Keyin ochqich oyatdagi: «Akangiz tiriladi»,— degan so‘zlarni o‘z ichiga oluvchi imonni mustahkamlaydigan Muqaddas Kitobdagi bayonotni muhokama qilamiz. (Yuhan. 11:23) So‘ng qay yo‘sin tirilishga bo‘lgan umidimizni tirik saqlashimiz mumkinligini bilib olamiz.
NEGA TIRILISH VA’DASIGA ISHONSAK BO‘LADI?
4. Biron va’daga ishonish uchun nimaga amin bo‘lishimiz kerak bo‘ladi? Misol keltiring.
4 Biron va’daga ishonish uchun uni berayotgan shaxs buni xohlayotganiga va qilishga kuchi yetishiga amin bo‘lishimiz lozim. Aytaylik, bo‘ron dastidan uyimiz vayron bo‘ladi. Do‘stimiz kelib: «Uyingizni ta’mirlab beraman»,— deb va’da beradi. U bizni chin dildan yordam bermoqchi ekaniga ishontiradi. Shuningdek, u mohir quruvchi bo‘lib, kerakli asbob-uskunalarga ega. Shuning uchun, va’dasiga ishonamiz. Xo‘sh, Xudoning tirilishga oid va’dasi haqida nima desa bo‘ladi? U rostdan ham buni qilishni istaydimi va bunga kuchi yetadimi?
5, 6. Yahova o‘lganlarni tiriltirishni xohlashiga nega amin bo‘lishimiz mumkin?
5 Yahova o‘lganlarni tiriltirishni xohlaydimi? Shubhasizki, ha. U Muqaddas Kitob yozuvchilarini Uning tirilish borasidagi va’dasini yozishga ilhomlantirgan. (Ishayo 26:19; Ho‘sh. 13:14; Vah. 20:11–13) Ha, Yahova bergan va’dasini doim amalga oshiradi. (Yoshua 23:14) Xudo o‘lganlarni hayotga qaytarishni juda-juda istaydi. Nega bunday deya olamiz?
6 Ayub payg‘ambarning so‘zlariga e’tibor bering. U hatto hayotdan ko‘z yumsa ham Yahova uni sog‘inib, yana ko‘rishni istashiga amin bo‘lgan. (Ayub 14:14, 15) Xudo vafot etgan boshqa xizmatchilarini ham sog‘inadi. Ularni hayotga qaytarib, sog‘lom va baxtiyor bo‘lishlarini istaydi. Xudo haqida bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lmay hayotdan ko‘z yumgan milliardlab insonlar haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Mehribon Otajonimiz ularni ham tiriltiradi. (Havor. 24:15) Xudo ular ham Uning do‘sti bo‘lib, yer yuzida abadiy yashashlarini xohlaydi. (Yuhan. 3:16) Ko‘rinib turganiday, Yahova insonlarni tiriltirmoqchi.
7, 8. Nega Yahovaning insonlarni tiriltirishga kuchi yetadi desa bo‘ladi?
7 Yahovaning insonlarni tiriltirishga kuchi yetadimi? Albatta! Zero, U «Qodir Alloh». (Vah. 1:8) Ha, U har qanday dushmanni, hatto o‘limni yengishga qodir. (1 Kor. 15:26) Buni bilish bizga kuch va tasalli beryapti. Emma Arnold opamizning misolini olaylik. U Ikkinchi jahon urushida oilasi bilan shiddatli qiyinchiliklarga duch kelgan. Emma va uning qizi natsistlarning konslagerlarida yaqinlarini yo‘qotgan. U qiziga tasalli berib, shunday degan: «Agar o‘lganlar tirilmasa, demak, dushmanimiz o‘lim Xudodan kuchliroq bo‘lib chiqadi. Lekin bu g‘irt yolg‘on». Shubhasizki, hech kim Yahovaga teng kela olmaydi! Odamlarni yaratgan qodir Alloh o‘lganlarni ham tiriltira oladi.
8 Yahova o‘lganlarni tiriltirishga qodir ekaniga ishonishimizning yana bir sababi U cheksiz xotiraga ega ekanidir. U hatto har bir yulduzning nomini aytib chaqiradi. (Ishayo 40:26) Shuningdek, U barcha o‘lganlarni yodida tutadi. (Ayub 14:13; Luqo 20:37, 38) Xudo hayotga qaytaradigan insonlarning, hatto kichik tafsilotlarini ham, jumladan, ularning tashqi ko‘rinishi, shaxsiyati, hayotidagi voqealar va barcha xotiralarini esda saqlaydi.
9. Nega Yahovaning tirilish haqidagi va’dasiga ishonasiz?
9 Ha, tirilish haqidagi va’daga ishonsak bo‘ladi. Chunki Xudo buni qilishni xohlashini va bunga kuchi yetishini bilamiz. Bu va’daga ishonishimizning yana bir sababiga e’tibor qarataylik. Yahova o‘tmishda ba’zilarni tiriltirgan. U ayrim sodiq xizmatchilariga, jumladan, Isoga tiriltirish uchun kuch ato etgan. Yuhanno 11- bobda Iso bir kishini tiriltirgani haqida yozilgan. Keling, buni ko‘rib chiqaylik.
ISO YAQIN DO‘STIDAN AYRILADI
10. Iso Iordanning narigi tomonida xizmat qilganida, Baytaniyada nima yuz bergan va u nima qilgan? (Yuhanno 11:1–3)
10 Yuhanno 11:1–3 ni o‘qing. Mil. 32-yilning oxirida Baytaniyada yuz bergan voqeani tasavvur qiling. Bu qishloqda Isoning Lazar hamda uning ikkita singlisi Maryam va Marta ismli do‘stlari yashardi. (Luqo 10:38–42) Lekin Lazar qattiq betob bo‘lib qoladi va singillari u uchun qayg‘urishadi. Ular Iordanning narigi tomonida bo‘lgan Isoga bu haqda xabar yuborishadi. U yerga yetib borish uchun Baytaniyadan taxminan ikki kun yo‘l yurish kerak bo‘lardi. (Yuhan. 10:40) Afsuski, Isoga xabar yetib borguncha Lazar olamdan o‘tadi. Hatto do‘sti o‘lganini bilsa-da, Iso u yerda yana ikki kun qoladi va keyin Baytaniyaga keladi. Iso yetib kelganida Lazar o‘lganiga to‘rt kun bo‘lgan edi. U do‘stlariga foyda, Yahovaga esa sharaf keltiradigan bir ish qilmoqchi bo‘ladi. (Yuhan. 11:4, 6, 11, 17)
11. Bu bayonotdan do‘stlik haqida qanday saboq olishimiz mumkin?
11 Bu bayonotdan do‘stlik haqida saboq olyapmiz. Bir o‘ylab ko‘ring: Maryam bilan Marta Isoga xabar jo‘natganda undan Baytaniyaga kelishni so‘rashmagan. Ular akasi kasal ekanini aytishgan, xolos. (Yuhan. 11:3) Lazar o‘lganida esa Iso uzoqdan turib ham uni tiriltira olardi. Lekin u Maryam va Martaning yonida bo‘lish uchun Baytaniyaga borgan. Sizda ham ko‘mak so‘rashingizni kutmay yordam beradigan do‘stingiz bormi? Shunday bo‘lsa, «og‘ir damda» unga bemalol tayana olasiz. (Hik. 17:17) Keling, boshqalar uchun Iso kabi do‘st bo‘laylik! Endi esa bu bayonotga qaytib, keyin nima bo‘lganiga diqqat qaratamiz.
12. Iso Martaga qanday va’da bergan va nega bu shunchaki quruq gap bo‘lmagan? (Yuhanno 11:23–26)
12 Yuhanno 11:23–26 ni o‘qing. Marta Iso Baytaniyaga yaqinlashib qolganini eshitganida, unga peshvoz chiqib shunday degan: «Hazrat, agar siz bu yerda bo‘lganingizda edi, akam o‘lmasdi». (Yuhan. 11:21) Rostdan ham Iso Lazarni sog‘aytira olardi, ammo u bundan ham ajoyibroq ish qilmoqchi bo‘lgan. Iso Martaga: «Akangiz tiriladi»,— deb va’da bergan. Marta bunga ishonishi uchun u yana bir sabab keltirib, shunday degan: «Men tirilish va hayotdirman». Ha, Yahova Isoga o‘lganlarni tiriltirish uchun kuch ato etgan. Bundan sal oldin Iso bir qizchani o‘lganidan biroz vaqt o‘tgach tiriltirgan. Bundan tashqari, u bir bolani o‘lgan kuniyoq hayotga qaytargan. (Luqo 7:11–15; 8:49–55) Qiziq, Iso o‘lganiga to‘rt kun bo‘lgan va tanasi chiriy boshlagan insonni tiriltira oladimi?
«LAZAR TASHQARIGA CHIQ!»
13. Maryam va boshqalarning yig‘lagani Isoga qanday ta’sir qilgan? (Yuhanno 11:32–35) (Rasmga ham qarang.)
13 Yuhanno 11:32–35 ni o‘qing. Keyin nima bo‘lganini ko‘z oldingizga keltiring. Lazarning Maryam ismli singlisi ham Isoning yoniga bordi. U opasiga o‘xshab, «Hazrat, shu yerda bo‘lganingizda edi, akam o‘lmasdi»,— dedi. U va boshqalar qayg‘urayotgan edi. Iso ularning yig‘laganini ko‘rib achindi. Do‘stlariga rahmi kelganidan u ham yig‘ladi. Ha, Iso yaqinidan ayrilish juda og‘riqli bo‘lishini tushunadi. Shubhasizki, u ko‘z yoshlarning sababini yo‘qqa chiqaradi.
14. Isoning yig‘laganidan Yahova haqida nimani bilib olyapmiz?
14 Isoning yig‘laganidan Yahova Xudojonimiz mehr-shafqatli ekanini bilib olyapmiz. Nega bunday deya olamiz? Oldingi maqolada muhokama qilganimizday, Iso Otasining fikrlash tarzini va his-tuyg‘ularini mukammal tarzda aks ettiradi. (Yuhan. 12:45) Iso qayg‘urgan do‘stlariga ko‘rsatgan mehr-shafqati haqida o‘qib, Yahova Otajonimiz ham azob chekayotganimizni ko‘rganida ich-ichidan achinishini bilib olyapmiz. (Zab. 56:8) Buni bilish mehr-shafqatli Xudoga yaqinlashish istagimizni yanada oshiradi, shunday emasmi?!
15. Lazarning qabri oldida nima yuz berganini aytib bering. (Yuhanno 11:41–44) (Rasmga ham qarang.)
15 Yuhanno 11:41–44 ni o‘qing. Iso Lazar yotgan qabr oldiga borib, uning og‘zidagi toshni olib qo‘yishni so‘raydi. Marta esa akasining jasadi hidlanib qolganini aytadi. Iso javoban: «Agar ishonsangiz, Xudoning ulug‘vorligini ko‘rasiz, demaganmidim?» — deydi. (Yuhan. 11:39, 40) Keyin u osmonga qarab hammaning ko‘z oldida ibodat qiladi va barcha shon-sharafni Yahovaga qaratadi. So‘ng Iso: «Lazar, tashqariga chiq!» — deydi. Shunda u qabrdan chiqadi. Ha, Iso boshqalarning nazarida imkonsiz bo‘lgan ishni qildi c.
16. Yuhanno 11- bobdagi bayonot tirilishga bo‘lgan umidimizni qay yo‘sin mustahkamlaydi?
16 Yuhanno 11- bobdagi bayonot tirilishga bo‘lgan umidimizni yanada mustahkamlaydi. Qanaqasiga? Isoning Martaga bergan quyidagi va’dasini eslang: «Akangiz tiriladi». (Yuhan. 11:23) Iso Otasi kabi bu va’dani amalga oshirishni xohlaydi. Uning bunga kuchi ham yetadi. Isoning ko‘z yoshlaridan u o‘limni va uning oqibatlarini yo‘q qilib tashlashni istashini ko‘rishimiz mumkin. Lazar qabrdan chiqib kelganida, Iso o‘lganlarni tiriltirish uchun kuchga ega ekanini yana bir bor isbotladi. Shuningdek, uning Martaga aytgan quyidagi so‘zlari haqida o‘ylab ko‘ring: «Agar ishonsangiz, Xudoning ulug‘vorligini ko‘rasiz, demaganmidim?» (Yuhan. 11:40) Yahovaning tirilish va’dasi amalga oshishiga ishonish uchun asosli sabablarimiz bor. Xo‘sh, bu umidimizni tirik saqlash uchun nima qila olamiz?
UMIDIMIZNI TIRIK SAQLASH UCHUN NIMA QILA OLAMIZ?
17. Muqaddas Kitobda tirilishlar haqida o‘qiganimizda nimani yodda tutishimiz kerak?
17 O‘tmishda yuz bergan tirilishlar haqida o‘qing va fikr yuriting. Muqaddas Kitobda sakkizta tirilish haqida yozilgan d. Har biri borasida puxta tadqiq o‘tkazganmisiz? Yodingizda bo‘lsa, erkak, ayol va bolalar tirilgan. O‘sha bayonotlardan qanday saboqlar olishimiz haqida ham o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi. Xudo o‘lganlarni tiriltirishni xohlaganiga va bunga kuchi yetganiga e’tibor bering. Bundan tashqari, eng muhim tirilish — Isoning tirilishi haqida o‘ylang. Unutmangki, uning tirilganini yuzlab insonlar ko‘rgan va bu imonimizning mustahkam poydevoridir. (1 Kor. 15:3–6, 20–22)
18. Qanday qilib tirilish umidi borasidagi qo‘shiqlardan foyda olamiz? (Izohga ham qarang.)
18 «Ma’naviy qo‘shiqlar»ni tinglang, kuylang va ustida mulohaza yuriting e. (Efes. 5:19) Ushbu qo‘shiqlar tirilish va’dasiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaydi va umidimizni tirik saqlashga yordam beradi. Ularni tinglang, kuylang va oilaviy topinishda qo‘shiq matni ustida mulohaza yuriting. Qo‘shiqlarni ham qalbingizga, ham ongingizga jo qiling. Shunda agar qandaydir qiyinchilikka duch kelsangiz yoki yaqiningiz hayotdan ko‘z yumsa, Yahovaning muqaddas ruhi ularni yodingizga soladi. Bu sizga tasalli berib, mustahkamlaydi.
19. Tirilish borasida nimalarni tasavvur qilsak bo‘ladi? (« Ulardan nima haqida so‘ragan bo‘lardingiz?» nomli ramkaga qarang.)
19 Tasavvur qilish qobiliyatingizni ishga soling. Yahova yangi dunyoni tasavvur qilish qobiliyatini bizga ato etgan. Bitta opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «O‘zimni yangi dunyoda tasavvur qilish uchun shunchalik ko‘p vaqt ajratamanki, go‘yo u yerdagi atirgullarning hidini sezayotganday bo‘laman». Qadimdagi sodiq erkag-u ayollarni ko‘z oldingizga keltiring. Ularning, ayniqsa, qaysi biri bilan tanishishni istardingiz? Unga qanday savollar bergan bo‘lardingiz? Shuningdek, hayotdan ko‘z yumgan yaqinlaringizni yana ko‘rishingizni, aytadigan ilk so‘zlaringizni, bag‘ringizga bosishingizni va quvonch ko‘z yoshlaringizni tasavvur qiling.
20. Nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?
20 Yahova odamlarni tiriltirishni va’da qilayotgani uchun juda minnatdormiz. Alloh buni albatta amalga oshiradi! Chunki Unda buni qilish uchun ham xohish, ham kuch bor. Keling, ushbu ajoyib umidni mustahkamlash qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Shu yo‘sin, har birimizga: «Yaqiningiz tiriladi!» — deb va’da berayotgan Tangrimizga yanada yaqinlashamiz.
147-QO‘SHIQ Va’da qilingan abadiy hayot
a Agar biron yaqiningiz hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, tirilish va’dasi sizga tasalli berishi shubhasiz. Lekin bu va’daga nega ishonayotganingizni boshqalarga tushuntirib bera olasizmi? Qay yo‘sin tirilishga bo‘lgan umidingizni tirik saqlashingiz mumkin? Ushbu maqolaning maqsadi bu va’daga bo‘lgan umidimizni yanada mustahkamlashga yordam berishdan iborat.
b Bu 2016-yil noyabrda oylik ko‘rsatuvda chiqqan «Jannat yaqindir» nomli tarona.
c «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2008-yil 1-yanvar sonidagi «Nega Iso payg‘ambar Lazarning qabriga faqat to‘rt kundan keyin keldi?» nomli maqolaga qarang.
d Bu bayonotlar 3 Shohlar 17:17–24; 4 Shohlar 4:32–37; 13:20, 21; Luqo 7:11–15; 8:41–56; Yuhanno 11:38–44; Havoriylar 9:36–42; 20:7–12 da yozilgan.
e «Yahovaga shodlik ila kuylang» kitobidagi «Yangi dunyoga sayr etaylik» (139- qo‘shiq), «Sovringa qarab choping!» (144- qo‘shiq) va «Tirilish va’dasi» (151- qo‘shiq) nomli qo‘shiqlarga qarang. jw.org saytida esa «Jannat yaqindir», «Yangi dunyo yaqin!» va (rus) «Мир любви и гармонии» nomli taronalarga qarang.