Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-TADQIQ MAQOLASI

Isoning mo‘jizalaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?

Isoning mo‘jizalaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?

U... davolab, butun yurt bo‘ylab barchaga yaxshilik qilib yurardi. HAVOR. 10:38

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

BU MAQOLADA a

1. Isoning ilk mo‘jizasi haqida aytib bering.

 MILODDIY 29-yilning oxirida Iso xizmat qilishni boshlaganida yuz bergan bir voqeani ko‘z oldingizga keltiring. U onasi Maryam va ba’zi shogirdlari bilan birga ona shahri Nosiraning shimolidagi Kanax qishlog‘iga to‘yga boradi. Maryam o‘sha oilaning do‘sti bo‘lgan va to‘yda mehmonlarni kutishga yordam berganga o‘xshaydi. Lekin o‘sha oilani va juftlikni xijolatga solib qo‘yadigan bir muammo paydo bo‘ladi. To‘yda sharob tugab qoladi b. Ehtimol, kutilgandan ham ko‘proq mehmon kelgandir. Maryam darrov o‘g‘lining yoniga borib: «Ularda sharob qolmabdi»,— deydi. (Yuhan. 2:1–3) Xo‘sh, Iso nima qiladi? U bir mo‘jiza yaratadi, ya’ni suvni yaxshi sharobga aylantiradi. (Yuhan. 2:9, 10)

2, 3. a) Iso qanday mo‘jizalar yaratgan? b) Uning mo‘jizalarini ko‘rib chiqish bizga qanday foyda keltiradi?

2 Iso xizmati davomida ko‘pgina boshqa mo‘jizalarni ham yaratgan c. U bu kuchidan minglab insonlarga yordam berish uchun foydalangan. Misol uchun, ikkita mo‘jizasini olaylik. Bir safar u 5 000, keyinroq esa 4 000 ta erkak kishini to‘ydirgan. Ayollar va bolalarni hisoblaganda, u yerda 27 000 dan ko‘proq odam bo‘lgan bo‘lishi mumkin. (Mat. 14:15–21; 15:32–38) Iso bu ikkala vaziyatda ham ko‘pgina kasallarni sog‘aytirgan. (Mat. 14:14; 15:30, 31) Xaloyiq Iso mo‘jizaviy tarzda odamlarni sog‘aytirib, to‘ydirayotganini ko‘rganida nihoyatda hayratlangan bo‘lsa kerak.

3 Isoning mo‘jizalaridan nimanidir o‘rganishimiz mumkinmi? Albatta. Ushbu maqolada ulardan imonimizni mustahkamlashga yordam beradigan qanday saboqlar olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, Iso mo‘jizalarni yaratganida ko‘rsatgan kamtarligi va mehr-shafqatiga qanday taqlid qilishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

YAHOVA HAMDA ISO HAQIDA NIMANI BILIB OLYAPMIZ?

4. Isoning mo‘jizalaridan kimlar haqida bilib olamiz?

4 Isoning mo‘jizalaridan nafaqat o‘zi, balki Otasi haqida imonimizni mustahkamlaydigan saboqlar olamiz. Sababi, Yahova mo‘jizalarning chinakam Manbaidir. Havoriylar 10:38 da shunday yozilgan: «Alloh... Isoni muqaddas ruhi hamda qudrati bilan Masih qilib tayinladi va u Iblis azob bergan odamlarni davolab, butun yurt bo‘ylab barchaga yaxshilik qilib yurardi, chunki Xudo u bilan edi». Unutmangki, Iso so‘zlari-yu ishlarida, jumladan, mo‘jizalarida Otasining fikrlash tarzini va his-tuyg‘ularini mukammal tarzda aks ettirgan. (Yuhan. 14:9) Keling, Isoning mo‘jizalaridan bilib olishimiz mumkin bo‘lgan uchta narsaga diqqat qarataylik.

5. Mo‘jizalar yaratishga Isoni nima undagan? (Matto 20:30–34)

5 Birinchidan, Iso va Yahova bizni juda yaxshi ko‘rishadi. Iso yer yuzida bo‘lganida, mo‘jiza yaratish kuchi yordamida azob chekkan insonlarga yordam berib, ularni qattiq yaxshi ko‘rishini ko‘rsatgan. Bir safar u undan yolvorib yordam so‘ragan ko‘zi ojiz ikki kishiga ko‘maklashgan. (Matto 20:30–34 ni o‘qing.) E’tibor bering, Isoning «rahmi kelib» ularni davolagan. Bu yerda «rahmi kelib» deb tarjima qilingan yunoncha fe’l ich-ichidan his qilinadigan mehr-shafqat tuyg‘usiga ishora qiladi. Sevgi izhori bo‘lgan bunday kuchli mehr-shafqat Isoni ochlarni to‘ydirishga va moxov kishini davolashga undagan. (Mat. 15:32; Mark 1:41) Mehr-shafqatli Tangri Yahova hamda Uning O‘g‘li bizni juda yaxshi ko‘rishiga va azob-uqubatlarimiz ularga og‘riq keltirayotganiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Luqo 1:78; 1 Butr. 5:7) Ular bizni ezayotgan qiyinchiliklardan xalos qilishni intiqib kutishyapti.

6. Xudo Isoga qanday kuch ato etgan?

6 Ikkinchidan, Xudo Isoga insonlarning barcha muammolarini hal qilish qudratini bergan. Iso mo‘jizalari orqali o‘zimiz hech qachon hal qila olmaydigan muammolarni bartaraf eta olishini ko‘rsatgan. Misol uchun, u kuchidan foydalanib, insoniyat muammolarining ildizini — meros bo‘lib o‘tgan gunoh va uning oqibatlarini, jumladan, kasallik va o‘limni yo‘q qiladi. (Mat. 9:1–6; Rim. 5:12, 18, 19) Iso mo‘jizalari orqali «har turli» xastaliklarni davolay olishini va hatto o‘lganlarni tiriltira olishini isbotlagan. (Mat. 4:23; Yuhan. 11:43, 44) Shuningdek, u kuchli bo‘ronlarni tinchlantirishga va odamlarni yovuz ruhlardan xalos etishga qodir. (Mark 4:37–39; Luqo 8:2) Yahova Isoga bunday kuchni ato etganini bilish nihoyatda daldali!

7, 8. a) Isoning mo‘jizalari bizni nimaga ishontiryapti? b) Yangi dunyoda qaysi mo‘jiza ro‘y berishini intizorlik bilan kutyapsiz?

7 Uchinchidan, Xudo Shohligining boshqaruvi ostida hamma va’dalar amalga oshishiga aminmiz. Iso yer yuzida yaratgan mo‘jizalari orqali Xudoning Shohligidagi Shoh sifatida bundan-da ko‘prog‘ini amalga oshirishini ko‘rsatdi. Uning boshqaruvi ostida yaqinda nimalar bo‘lishini bilib olaylik. Biz mukammal sog‘likka ega bo‘lamiz. Sababi, Iso odamlarga azob keltirayotgan har qanday kasallik va nuqsonlarni bartaraf etadi. (Ishayo 33:24; 35:5, 6; Vah. 21:3, 4) Biz hech qachon och qolmaymiz, tabiiy ofatlarning ta’siridan ham aziyat chekmaymiz. (Ishayo 25:6; Mark 4:41) Qolaversa, «mozorlarda» bo‘lgan yaqinlarimizni qarshi olishdan juda xursand bo‘lamiz. (Yuhan. 5:28, 29) Yangi dunyoda ro‘y beradigan, ayniqsa, qaysi mo‘jizani intizorlik bilan kutyapsiz?

8 Iso mo‘jizalar yaratganda, kamtarin va mehr-shafqatli bo‘lgan. Biz ham bu fazilatlarni namoyon etishimiz kerak. Keling, ikkita misolni ko‘rib chiqaylik. Birinchisi, Kanaxdagi to‘y.

KAMTARLIK BORASIDA SABOQ

9. Iso to‘yda nima qilgan? (Yuhanno 2:6–10)

9 Yuhanno 2:6–10 ni o‘qing. To‘yda sharob tugab qolganida Iso nimadir qilishi shartmidi? Yo‘q. Sababi, Masih mo‘jizaviy tarzda suvni sharobga aylantirishi bashorat qilinmagandi. Lekin bu sizning to‘yingizda yuz bersa, o‘zingizni qanday his qilardingiz? Hoynahoy, Isoning o‘sha oilaga, ayniqsa, kelin-kuyovga rahmi kelgan va ular xijolat tortishini istamagan. Yuqorida aytilganiday, bu uni mo‘jiza yaratishga undagan. Iso taxminan 390 litr suvni yuqori sifatli sharobga aylantirgan. Ehtimol, Iso saxiylik namoyon etib, bu sharob keyinchalik ishlatilishi yoki hatto sotilib kelin-kuyovga moddiy jihatdan foyda keltirishi uchun bunday qilgandir. O‘sha juftlik juda minnatdor bo‘lgan bo‘lsa kerak!

Isoga taqlid qiling va ishlaringiz bilan maqtanmang (10-, 11-xatboshilariga qarang.) e

10. Yuhanno 2- bobdagi bayonotda qaysi muhim tafsilotlar yozilgan? (Rasmga ham qarang.)

10 Yuhanno 2- bobdagi bayonotda keltirilgan ayrim muhim tafsilotlarga nazar solaylik. Isoning o‘zi xumlarga suv quymaganiga ahamiyat berdingizmi? O‘ziga e’tibor jalb qilishning o‘rniga, u buni xizmatchilariga topshirdi. (6-, 7- oyatlar) Suvni sharobga aylantirgach, uni to‘yboshiga olib bormadi. Aksincha, bunday qilishni xizmatchilariga aytdi. (8- oyat) Iso sharob quyib, mehmonlar oldida: «Qani, sharobimdan bir ichib ko‘ringlar-chi!» — deb maqtanmadi.

11. Isoning mo‘jizasidan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

11 Isoning ushbu mo‘jizasidan nimani o‘rganishimiz mumkin? Bundan kamtarlik borasida saboq olyapmiz. Iso mo‘jiza yaratgani bilan maqtanmagan. Ha, u qilgan ishi bilan hech qachon maqtanmagan. Aksincha, u doim kamtarlik ila barcha shon-sharafni Otasiga qaratgan. (Yuhan. 5:19, 30; 8:28) Biz ham o‘zimizga kamtarona nuqtai nazarda bo‘lib, qilgan ishimiz bilan maqtanmasak, Isoga taqlid qilgan bo‘lamiz. Qanday vazifa bajarishimizdan qat’i nazar, keling, o‘zimizni emas, biz xizmat qilayotgan Tangri Yahovani maqtaylik. (Yerm. 9:23, 24) U loyiq bo‘lgan shon-sharafni Unga keltirishimiz darkor. Axir, Yahovaning yordamisiz qo‘limizdan nima ham kelardi?! (1 Kor. 1:26–31)

12. Isoning kamtarligiga yana qanday taqlid qilishimiz mumkin? Misol keltiring.

12 Isoning kamtarligiga yana qanday taqlid qila olamiz? Aytaylik, oqsoqol Nosir ismli yosh jamoat xizmatkoriga ilk ommaviy nutqini tayyorlashga yordam berish uchun ko‘p vaqtini ajratadi. Natijada, u daldali nutq so‘zlaydi va jamoatdagilarga ham rosa yoqadi. Yig‘ilishdan keyin kimdir o‘sha oqsoqolning oldiga borib: «Nosirjon zo‘r nutq aytdi-a?!» — deydi. U esa: «Ha, zo‘r. Men unga yordam berish uchun ko‘p vaqtimni ajratganman-da»,— deb aytadimi? Yoki kamtarlik bilan: «Ha, zo‘r. Men u bilan juda faxrlanaman»,— deydimi? Agar kamtarin bo‘lsak, boshqalarga yordam berganimiz bilan maqtanmaymiz. Aksincha, Yahova bizning ishimizni ko‘rib, uni qadrlashini bilishdan mamnun bo‘lamiz. (Matto 6:2–4 ni solishtiring; Ibron. 13:16) Isoga o‘xshab kamtar bo‘lsak, Yahovani quvontirishimiz shubhasiz. (1 Butr. 5:6)

MEHR-SHAFQAT BORASIDA SABOQ

13. Iso Nainga yaqinlashib qolganda nimaga ko‘zi tushadi va qanday yo‘l tutadi? (Luqo 7:11–15)

13 Luqo 7:11–15 ni o‘qing. Mil. 31-yili yuz bergan bir vaziyatni tasavvur qilaylik. Iso Shunamdan uncha uzoq bo‘lmagan Jaliladagi Nain shahriga yo‘l oladi. U yerda taxminan 900-yil oldin Elishay payg‘ambar bir ayolning o‘g‘lini tiriltirgan edi. (4 Shoh. 4:32–37) Iso shahar darvozasiga yaqinlashib qolganda, o‘lik odamni chiqarishayotganini ko‘radi. Ha, chindan ham ayanchli vaziyat. Nega deganda, beva ayol yakka-yu yagona o‘g‘lidan ayrildi. Lekin qayg‘u chekayotgan bu ayol yolg‘iz emas, u bilan shahardan ko‘p odam chiqayotgandi. Iso hammasini to‘xtatib, qayg‘urayotgan ona uchun o‘zgacha bir narsa qiladi — o‘g‘lini tiriltiradi. U Iso tiriltirgan uchta insondan birinchisi edi va bu vaziyat Injilda alohida tilga olingan.

Isoga taqlid qiling va qayg‘u chekayotganlarga mehr-shafqat ko‘rsating (14–16-xatboshilariga qarang.)

14. Luqo 7- bobdagi bayonotda qaysi muhim tafsilotlar yozilgan? (Rasmga ham qarang.)

14 Luqo 7- bobdagi bayonotda keltirilgan ba’zi muhim tafsilotlarga nazar solaylik. Iso qayg‘urayotgan onani ko‘rganidan keyin unga rahmi kelganiga e’tibor berdingizmi? (13- oyat) Ehtimol, Iso o‘g‘lining jasadi yonida onasi yig‘lab ketayotganini ko‘rib unga rahmi kelgandir. Shuni aytish joizki, u shunchaki achinmagan, balki unga mehr-shafqat namoyon etgan. Shubhasizki, Iso unga muloyim ohangda: «Yig‘lamang»,— deb aytgan. So‘ng esa yordam bergan, ya’ni bolani tiriltirgan va unga topshirgan. (14-, 15- oyatlar)

15. Isoning mo‘jizasidan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

15 Isoning ushbu mo‘jizasidan nimani o‘rganishimiz mumkin? Bundan qayg‘u chekayotganlarga mehr-shafqat ko‘rsatish borasida saboq olsak bo‘ladi. Albatta, Iso kabi o‘lganlarni tiriltira olmaymiz. Lekin qayg‘u chekayotganlarga mehr-shafqat namoyon etishni o‘rganishimiz mumkin. So‘zlarimiz-u ishlarimiz bilan ularga yordam va dalda berish uchun tashabbus ko‘rsatsak bo‘ladi d. (Hik. 17:17; 2 Kor. 1:3, 4; 1 Butr. 3:8) Hatto oddiy so‘zlarimiz va harakatlarimiz ular uchun katta ahamiyat kasb etishi mumkin.

16. Rasmda ko‘rsatilganiday, yaqinda qizini yo‘qotgan opamizning vaziyatidan nimani o‘rgandingiz?

16 Bitta misolga diqqat qarataylik. Bir necha yil oldin yig‘ilishda qo‘shiq kuylab turgan opamiz yonidagi boshqa opamiz yig‘layotganini ko‘rib qolgan. Qo‘shiq tirilish bo‘lishi haqida edi va yaqinda o‘sha opamizning qizalog‘i hayotdan ko‘z yumgan edi. Buni bilgan haligi opamiz uning yoniga borib, uni quchoqlab qo‘ygan va birga qo‘shiq kuylagan. Qizidan ayrilgan opamiz shunday dedi: «O‘shanda imondoshlarimga bo‘lgan sevgim junbishga keldi». Opamiz o‘sha kuni yig‘ilishga borganidan juda xursand edi. U: «Yig‘ilishda doim yordam olamiz»,— dedi. Shubhasizki, Yahova «ruhan ezilganlar»ga mehr-shafqat ko‘rsatish uchun qilgan hatto oddiy ishimizni ko‘rib, buni juda qadrlaydi. (Zab. 34:18)

IMONNI MUSTAHKAMLAYDIGAN LOYIHA

17. Ushbu maqoladan nimani bilib oldik?

17 Isoning mo‘jizalarini tadqiq qilish bizga ko‘p foyda keltiradi. Ular yordamida Yahova hamda Iso bizni juda yaxshi ko‘rishini, Iso barcha muammolarimizni hal qilishini va tez orada Xudo Shohligining boshqaruvi ostida barakalarga ega bo‘lishimizni bilib olyapmiz. Ushbu bayonotlarni o‘qir ekanmiz, Isoning fazilatlariga qanday taqlid qilishimiz mumkinligi borasida o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi. Balki shaxsiy tadqiqda yoki oilaviy topinishda Isoning mo‘jizalarini ko‘rib chiqishni rejalashtirarsiz. Ulardan saboq olishga harakat qiling va bilib olganlaringizni boshqalar bilan bo‘lishing. Bunday suhbatlar dalda baxsh etishi shubhasiz! (Rim. 1:11, 12)

18. Navbatdagi maqolada nima haqida so‘z yuritamiz?

18 Iso xizmatining so‘ngida yana bir kishini tiriltirgan. U Iso tomonidan tiriltirilgan Muqaddas Kitobda tilga olingan uchinchi va oxirgi kishi edi. Bu tirilish boshqalaridan farq qilgan. Chunki o‘shanda u o‘lganiga to‘rt kun bo‘lgan yaqin do‘stini tiriltirgan. Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Tirilishga bo‘lgan umidimiz yordamida imonimizni qanday mustahkamlay olamiz? Bu borada navbatdagi maqolada so‘z yuritamiz.

20-QO‘SHIQ Aziz O‘g‘ling berding

a Iso kuchli bo‘ronni tinchlantirgan, kasallarni sog‘aytirgan va o‘lganlarni tiriltirgan. Ha, u yaratgan mo‘jizalar haqida o‘qish insonni qoyil qoldiradi. Lekin Muqaddas Kitobdagi ushbu bayonotlar bizni shunchaki hayratda qoldirish maqsadida emas, balki ulardan saboq olishimiz uchun yozilgan. Ushbu maqolada ulardan ayrimlarini ko‘rib chiqamiz va Yahova hamda Iso haqida ko‘proq bilib olamiz. Shuningdek, bu maqola rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan fazilatlarni ochib beradi.

b Bir ilohiyotshunos shunday tushuntirdi: «Sharqda mehmondo‘stlik juda muhim hisoblanardi va mezbondan mehmonlar uchun keragidan ko‘proq narsalarni tayyorlab qo‘yish kutilardi. Yaxshi mezbon, ayniqsa, to‘yda mehmonlari uchun keragidan ko‘proq yegulik va ichimlikni tayyorlab qo‘yardi».

c Injilda Isoning 30 dan oshiq mo‘jizasi haqida yozilgan. U boshqa ko‘p mo‘jizalarni ham yaratgan, lekin Muqaddas Kitob bayonotlarida ularning har biri alohida tilga olinmagan. Masalan, bir safar Isoning oldiga «butun shahar aholisi» kelgan va u «turli xastaliklarga duchor bo‘lganlarni» sog‘aytirgan. (Mark 1:32–34)

d Qayg‘urayotgan insonlarga nima deyish yoki qanday tasalli berish masalasida «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2010-yil 1-noyabr (rus) sonidagi «Qayg‘urayotganlarga Iso kabi tasalli bering» nomli maqolaga qarang.

e RASMGA SHARH. Iso o‘ziga e’tibor jalb qilmay turibdi, kelin-kuyov va mehmonlar esa yaxshi sharobni maza qilib ichishyapti.