17-TADQIQ MAQOLASI
Kutilmagan muammolar paytida Yahova sizga ko‘maklashadi
Odil kishi ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi, ammo Yahova ularning baridan uni xalos qiladi. ZAB. 34:19
44-QO‘SHIQ Shikasta qalb nolasi
BU MAQOLADA a
1. Nimaga aminmiz?
YAHOVANING xizmatchilari sifatida U bizni yaxshi ko‘rishini va hayotdan zavqlanib yashashimizni xohlashini bilamiz. (Rim. 8:35–39) Shuningdek, Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni qo‘llash doim foyda keltirishiga aminmiz. (Ishayo 48:17, 18) Ammo hayotimizda kutilmagan muammolar paydo bo‘lsa, qanday yo‘l tutishimiz lozim?
2. Qanday qiyinchiliklarga duch kelishimiz va nimadan tashvishlanishimiz mumkin?
2 Yahovaning barcha xizmatchilari muammolarga duch keladi. Masalan, qarindoshlarimiz bizni ranjitar. Jiddiy kasallik dastidan xohlaganday xizmat qila olmasmiz. Tabiiy ofatlar ham bizni chetlab o‘tmas. E’tiqodimiz tufayli quvg‘unlarga duch kelarmiz. Bunday qiyinchiliklar paytida: «Nega men bilan bu narsa yuz berdi? Noto‘g‘ri yo‘l tutdimmi? Bu Yahova menga baraka bermayotganidan darakmi?» — deb o‘ylash hech gap emas. Sizda ham bunday fikrlar tug‘ilganmi? Agar tug‘ilgan bo‘lsa, ruhingiz tushmasin. Yahovaning ko‘p sodiq xizmatchilari bunday tuyg‘ular bilan kurashgan. (Zab. 22:1, 2; Xab. 1:2, 3)
3. Zabur 34:19 dan nimani bilib olyapmiz?
3 Zabur 34:19 ni o‘qing. Ushbu oyatda ikkita muhim fikrga e’tibor qaratishimiz mumkin. 1) Odil inson qiyinchiliklarga duch keladi. 2) Yahova bizni qiyinchiliklardan xalos qiladi. U buni qanday qiladi? Buning bir yo‘li — Xudo bu dunyoga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishga yordam beryapti. Yahova Unga xizmat qilish bizga quvonch keltirishini va’da qilayotgan bo‘lsa-da, bu umuman muammolarga duch kelmasligimizni anglatmaydi. (Ishayo 66:14) Xudo bizni kelajakka ko‘z tikishga undayapti. O‘shanda biz U xohlaganday hayotdan toabad zavqlanib yashaymiz. (2 Kor. 4:16–18) Bu payt kelguniga qadar Yahova xizmatimizni davom ettirishga ko‘maklashadi. (Marsiya 3:22–24)
4. Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz?
4 Keling, Yahovaning o‘tmishdagi va hozirgi sodiq xizmatchilaridan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik. To‘g‘ri, kutilmagan muammolarga duch kelishimiz hech gap emas. Lekin Yahovaga tayansak, U yiqilishimizga aslo yo‘l qo‘ymaydi. (Zab. 55:22) Ushbu misollarni ko‘rib chiqar ekanmiz, o‘zingizdan shunday so‘rang: «Shu kabi vaziyatda men qanday yo‘l tutardim? Ushbu misollar Yahovaga bo‘lgan ishonchimni qay yo‘sin mustahkamlayapti? Ulardan qanday saboq olsam bo‘ladi?»
O‘TMISHDA
5. Yoqub Lobon tufayli qanday qiyinchiliklarga duch kelgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)
5 Yahovaning qadimdagi xizmatchilari ham kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelgan. Yoqubning misolini olaylik. Otasi unga xudojo‘y qarindoshi Lobonning qiziga uylanishni aytgan va Yahova barakalar yog‘dirishiga ishontirgan. (Ibt. 28:1–4) Yoqub aytilganiday qilgan. U Kan’on yurtini tark etib, Lobonning uyiga borgan. Uning Leax va Rohila ismli qizlari bo‘lgan. Yoqub kenja qizi Rohilani sevib qolgan va unga uylanish uchun otasiga yetti yil ishlab berishga rozi bo‘lgan. (Ibt. 29:18) Ammo Yoqubning umidi puchga chiqqan. Chunki Lobon uni aldab, katta qizi Leaxni unga xotinlikka bergan. Bir hafta o‘tgach esa Rohilani ham unga xotinlikka berishini aytgan. Buning uchun u yana yetti yil ishlab berishi kerak edi. (Ibt. 29:25–27) Bundan tashqari, Lobon ish masalasida ham Yoqubga nisbatan nohaqlik qilgan. Hammasi bo‘lib, u Yoqubni 20-yil davomida ishlatgan. (Ibt. 31:41, 42)
6. Yoqub yana qanday muammolarga duch kelgan?
6 Yoqub boshqa muammolarga ham duch kelgan. Uning oilasi katta bo‘lgan, lekin farzandlari bir-biri bilan doim ham kelishmagan. Ular hatto ukasi Yusufni qullikka sotib yuborishgan. Ikkita o‘g‘li Shimo‘n va Levi esa oilasini sharmanda qilib, Xudoning ismiga dog‘ tushirishgan. Qolaversa, sevikli xotini Rohila ikkinchi farzandini dunyoga keltirayotgan paytda hayotdan ko‘z yumgan. Kuchli ocharchilik tufayli esa Yoqub keksa yoshida Misrga ko‘chib o‘tgan. (Ibt. 34:30; 35:16–19; 37:28; 45:9–11, 28)
7. Yahova Yoqubdan mamnun ekanini qanday ko‘rsatgan?
7 Yoqub barcha muammolariga qaramay Yahovaga va Uning va’dalariga bo‘lgan ishonchini hech qachon yo‘qotmagan. Xudo Yoqubdan rozi ekanini ko‘rsatgan. Masalan, Lobon uni ko‘p aldagan bo‘lsa-da, Yahova unga moddiy tomondan baraka ato etgan. Yoqub ko‘p yillar davomida o‘ldi deb o‘ylagan o‘g‘li Yusuf bilan qayta ko‘rishgani uchun Yahovadan juda minnatdor bo‘lgani shubhasiz. Chindan ham u Xudo bilan yaqin do‘stligi tufayli qiyinchiliklarni muvaffaqiyat ila yenga olgan. (Ibt. 30:43; 32:9, 10; 46:28–30) Biz ham Xudo bilan yaqin do‘st bo‘lishga intilsak, kutilmagan muammolarni muvaffaqiyat ila yenga olamiz.
8. Shoh Dovud nima qilishni xohlagan?
8 Shoh Dovud Yahova uchun qilaman deb o‘ylagan hamma ishlarni bajara olmagan. Masalan, u ma’bad qurishni orzu qilgan. Dovud buni Natan payg‘ambarga aytgan. U esa: «Yuragingizda qanday niyatingiz bo‘lsa, borib uni amalga oshiring, chunki haq Xudo siz bilan»,— degan. (1 Sol. 17:1, 2) Bu so‘zlar Dovudga dalda bergan bo‘lsa kerak. Hoynahoy, u shu zahotiyoq bu ulkan loyiha uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.
9. Dovud noxush xabarga qanday munosabat bildirgan?
9 Biroz vaqt o‘tgach, Natan payg‘ambar noxush xabar bilan qaytgan. «O‘sha kuni kechasi» Yahova unga ma’badni Dovud emas, uning o‘g‘illaridan biri qurishini aytgan. (1 Sol. 17:3, 4, 11, 12) Xo‘sh, Dovud bunga qanday munosabat bildirgan? U maqsadiga o‘zgarish kiritib, o‘g‘li Sulaymon bu loyihani amalga oshirishi uchun kerak bo‘ladigan pul va xomashyoni yig‘ishga kirishgan. (1 Sol. 29:1–5)
10. Yahova Dovudga qanday baraka ato etgan?
10 Yahova Dovud ma’badni qura olmasligini aytganidan ko‘p o‘tmay u bilan ahdlashgan. Xudo uning avlodlaridan biri abadiy boshqarishini va’da qilgan. (2 Shoh. 7:16) Yangi dunyoda Dovud Ming yillik boshqaruv paytida uning avlodlaridan biri, ya’ni Iso Shoh ekanini bilishdan judayam xursand bo‘lishini bir tasavvur qiling. Ushbu bayonotdan shuni ko‘rishimiz mumkinki, xizmatda xohlagan barcha narsani qila olmasak-da, Yahova biz kutmagan boshqa barakasini yog‘dira oladi.
11. Xudoning Shohligi ilk masihiylar kutgan paytda kelmagan bo‘lsa ham, ular nima qilishda davom etishgan? (Havoriylar 6:7)
11 Birinchi asrdagi masihiylar kutilmagan muammolarga duch kelishgan. Masalan, ular Xudoning Shohligi kelishini intiqib kutishgan. Lekin bu qachon yuz berishini bilishmagan. (Havor. 1:6, 7) Xo‘sh, ular nima qilishgan? Ular va’z qilishni davom ettirishgan. Xushxabar keng tarqalgani sayin ular Yahovaning barakalarini ko‘rishgan. (Havoriylar 6:7 ni o‘qing.)
12. Ocharchilik paytida birinchi asrdagi masihiylar nima qilishgan?
12 Bir safar «butun yer yuzida ocharchilik» bo‘lgan. (Havor. 11:28) Bu birinchi asrdagi masihiylarni ham chetlab o‘tmagan. Oziq-ovqat yetishmovchiligi ularga qanday ta’sir qilganini tasavvur qila olasizmi? Shubhasizki, oila boshlari uydagilarini qanday ta’minlash haqida xavotirlanishgan. Xizmatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yoshlar-chi? Ular bu maqsadini keyinga qoldirish haqida o‘ylaganmi? Vaziyat qanday bo‘lmasin, masihiylar moslashishga harakat qilishgan. Ular imkon boricha va’z qilib, o‘zida bor narsalarni Yahudiyadagi imondoshlari bilan quvonch ila bo‘lishishgan. (Havor. 11:29, 30)
13. Ocharchilik paytida masihiylar qanday barakalarga ega bo‘lishgan?
13 Ocharchilik paytida masihiylar qanday barakalardan bahramand bo‘lishgan? Zaruriy yordamni olgan masihiylar Yahova ularni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rishgan. (Mat. 6:31–33) Bu ularni yordam bergan imondoshlariga yanada yaqinlashtirgan bo‘lsa kerak. Xayr-ehson qilgan yoki boshqa yo‘l orqali ko‘maklashganlar esa berishning baxtiyorligini his qilishgan. (Havor. 20:35) Yahova ularning bariga baraka ato etgan. Sababi, ular o‘zgargan vaziyatga moslashishgan.
14. Barnabo bilan Pavlus qanday vaziyatga duch kelishgan va natijasi qanday bo‘lgan? (Havoriylar 14:21, 22)
14 Birinchi asrdagi masihiylar ko‘p ta’qiblarga duch kelishgan. Ehtimol, gohida bu ular kutmagan paytda yuz bergan. Barnabo va havoriy Pavlus Listrada va’z qilganda nima yuz berganiga diqqat qarataylik. Ularni tinglagan insonlar avvaliga mehmondo‘stlik ko‘rsatishdi. Ammo o‘sha kuniyoq dushmanlar «olomonni qayrab qo‘yishdi» va ularga mehmondo‘stlik ko‘rsatganlarning ba’zilari Pavlusni toshbo‘ron qilib, chala o‘lik holatga keltirishdi. (Havor. 14:19) Biroq Barnabo va Pavlus boshqa joylarda va’z qilishni davom ettirishdi. Natijada, ular «ancha shogird» tayyorlashdi va so‘zlari-yu o‘rnagi bilan imondoshlarini mustahkamlashdi. (Havoriylar 14:21, 22 ni o‘qing.) Darhaqiqat, Barnabo bilan Pavlus taslim bo‘lmagani uchun ko‘p masihiylar qarshiliklarni yenga olgan. Biz ham taslim bo‘lmasak, barakalar olamiz.
BIZNING DAVRIMIZDA
15. Birodar Makmillandan qanday o‘rnak olishingiz mumkin?
15 1914-yildan avval Yahovaning Shohidlari ba’zi narsalar yuz berishini intiqib kutgan. Birodar Makmillanning misoliga e’tibor qarating. U ham boshqalar kabi tez orada samoviy mukofotga ega bo‘laman, deb o‘ylagan. 1914-yili sentabrda aytgan nutqida u shunday degan: «Hoynahoy bu mening oxirgi nutqim». Albattaki, bu uning oxirgi nutqi bo‘lmagan. Keyinchalik birodar Makmillan shunday deb yozgan: «Ehtimol, ba’zilarimiz samoviy mukofotga ega bo‘lishga shoshilgandirmiz». U gapida davom etib: «Hozir Hazratimizning ishi bilan band bo‘lishning ayni paytidir»,— deb aytgan. U rostdan ham band bo‘lgan. Birodarimiz xizmatda g‘ayrat ila ishtirok etgan. U betarafligi tufayli qamoqda o‘tirgan birodarlarga dalda berish sharafiga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, keksayib qolganiga qaramay birodarimiz muntazam ravishda yig‘ilishlarga borgan. Xizmat bilan band bo‘lish unga qanday foyda keltirgan? U 1966-yili o‘limidan sal oldin: «Hozir imonim har qachongidan ham kuchli»,— deb yozgan. Har birimiz, ayniqsa, qiyinchilikni uzoq vaqtdan beri boshdan o‘tkazayotganlar unga taqlid qilsa arziydi. (Ibron. 13:7)
16. Birodar Jenings xotini bilan qanday kutilmagan qiyinchilikka duch kelgan? (Yoqub 4:14)
16 Yahovaning ko‘p xizmatchilari kutilmagan sog‘lik muammolari bilan kurashyapti. Masalan, birodar Xerbert Jenings b tarjimai holida xotini bilan Ganada to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilish quvonch keltirganini aytib bergan. Ammo vaqt o‘tib, uning hissiy sog‘ligi yomonlashgan. Birodar Yoqub 4:14 dagi (o‘qing) so‘zlarni keltirib, yangi vaziyatini kutilmagan ertangi kunga o‘xshatgan. U: «Hayotga boricha qarashimiz kerak edi. Ganadagi ko‘p yaqin do‘stlarimizni tashlab, Kanadaga davolanish uchun qaytishimiz kutilardi»,— degan. Ha, Yahova ularni qo‘llab-quvvatlab, sadoqatli bo‘lib qolishga yordam bergan.
17. Birodar Jeningsning o‘rnagi boshqalarga qanday foyda keltirgan?
17 Birodar Jeningsning tarjimai holida aytgan fikrlari ko‘plarga foyda keltirgan. Masalan, bir opamiz shunday deb yozgan: «Bu maqolani o‘qiganimda qattiq ta’sirlandim. [...] Birodarimiz sog‘ligiga g‘amxo‘rlik qilish uchun vazifasini qoldirgani vaziyatimga muvozanat ila yondashishga yordam berdi». Bir birodarimiz esa quyidagicha yozgan: «Jamoatda o‘n yil oqsoqol bo‘lib xizmat qilgach, ruhiy salomatligim tufayli bu xizmatimni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi. O‘zimni muvaffaqiyatsizday his qilardim. Tarjimai hollarni o‘qiganda esa battar tushkunlikka tushardim. [...] Lekin birodar Jeningsning bardoshi menga tasalli berdi». Bundan ko‘rinib turibdiki, kutilmagan muammolarga duch kelganimizda boshqalarga dalda bera olamiz. Hatto hayotimiz biz kutganday bo‘lmasa-da, boshqalar uchun imonda va bardoshda tirik namuna bo‘la olamiz. (1 Butr. 5:9)
18. Rasmda ko‘rsatilgan Nigeriyadagi beva opamizdan nimani o‘rganishingiz mumkin?
18 COVID-19 pandemiyasi kabi falokatlar Yahovaning ko‘p xizmatchilariga ta’sir qildi. Masalan, Nigeriyadagi beva opamiz deyarli ovqatsiz va pulsiz qolgan. Bir kuni uning qizi nonushtaga oxirgi bir piyola guruchni yeyishganidan keyin nima yeyishlarini so‘ragan. Opamiz ovqati yoki puli qolmasa ham zorafatlik beva ayolga taqlid qilishlari kerakligini aytgan. Ular oxirgi narsalaridan ovqat tayyorlab, Yahovaga to‘liq tayanishgan. (3 Shoh. 17:8–16) O‘sha kuni hatto tushlikka nima yeyishlarini o‘ylashidan avval imondoshlar ularga oziq-ovqat olib kelishgan. Opamiz qiziga aytgan so‘zlarini Yahova eshitganidan lol qolgan. Ha, Xudoga tayansak, kutilmagan muammolarga duch kelganda ham Unga yanada ko‘proq yaqinlashamiz. (1 Butr. 5:6, 7)
19. Aleksey Yershov qanday ta’qiblarga duch keldi?
19 So‘nggi yillarda ko‘p imondoshlarimiz kutilmaganda quvg‘unlarga uchradi. Rossiyadagi birodarimiz Aleksey Yershovning misoliga e’tibor qarataylik. U 1994-yili suvga cho‘mganida, u yerda va’zgo‘ylik ishi nisbatan erkin edi. Keyingi yillarda esa vaziyat o‘zgardi. 2020-yili uning uyiga bostirib kirishdi va ko‘p narsalarini musodara qilishdi. Bir necha oy o‘tgach, unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Eng yomoni shundaki, bir yilcha o‘zini Muqaddas Kitob bilan qiziqayotganday ko‘rsatgan bir kishi tadqiqlaridan birini videoga yozib olgan edi. Unga qarshi chiqarilgan ayblovlar bu videoga asoslangandi. Buni o‘taketgan sotqinlik desa bo‘ladi.
20. Aleksey birodarimiz Yahova bilan munosabatlarini qay yo‘sin mustahkamlayapti?
20 Aleksey birodarimiz ta’qiblarga duch kelgani yaxshi samara berdimi? Ha. U Yahova bilan yanada yaqinroq bo‘ldi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Xotinim bilan birga ko‘proq ibodat qiladigan bo‘ldik. Bu vaziyatda Yahovaning ko‘magisiz hech narsa qila olmasligimni tushunaman. Shaxsiy tadqiq yordamida tushkunlikka qarshi kurashyapman. Qolaversa, o‘tmishdagi sadoqatli xizmatchilarning o‘rnagi haqida mulohaza yurityapman. Muqaddas Kitobdagi ko‘p bayonotlardan xotirjamlikni saqlash va Yahovaga tayanish juda muhim ekanini ko‘ryapman».
21. Bu maqoladan nimalarni bilib oldik?
21 Bu maqoladan nimalarni bilib oldik? Ushbu dunyoda gohida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Shunday bo‘lsa ham Yahovaga tayansak, U doim bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Ochqich oyatda aytilganiday, «odil kishi ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi, ammo Yahova ularning baridan uni xalos qiladi». (Zab. 34:19) Keling, qiyinchiliklarga emas, Yahovaning kuch-qudratiga ko‘z tikaylik. Shunda Pavlus kabi: «Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman»,— deya olamiz. (Filip. 4:13)
38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi
a Ba’zida kutilmagan muammolar paydo bo‘lsa-da, Yahova bunday paytda sodiq xizmatchilarini qo‘llab-quvvatlashiga aminmiz. U o‘tmishdagi xizmatchilariga qanday qilib yordam bergan? Xudo bizni qanday qo‘llab-quvvatlayapti? Muqaddas Kitobda tilga olingan va zamonamizdagi xizmatchilarning hayotiga e’tibor qaratish orqali Yahova Unga tayangan insonlarni qo‘llab-quvvatlashiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlay olamiz.