Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-TADQIQ MAQOLASI

Yangi dunyoga bo‘lgan ishonchingizni qay yo‘sin mustahkamlay olasiz?

Yangi dunyoga bo‘lgan ishonchingizni qay yo‘sin mustahkamlay olasiz?

Nahotki... [Yahova] aytganini bajarmay qo‘ysa?! SAH. 23:19

142-QO‘SHIQ Umidni mustahkam ushlaylik

BU MAQOLADA a

1, 2. Yangi dunyoni kutar ekanmiz, nima qilishimiz lozim?

 YAHOVA bu yovuz dunyoning o‘rniga adolat hukm suradigan yangi dunyoni o‘rnatishni va’da qilyapti. Buni juda qadrlaymiz. (2 Butr. 3:13) Garchi, bu qachon yuz berishini bilmasak-da, hozirgi hodisalardan bu nihoyatda yaqin ekanini ko‘ryapmiz. (Mat. 24:32–34, 36; Havor. 1:7)

2 Haqiqatda necha yildan beri bo‘lishimizdan qat’i nazar barchamiz ushbu va’daga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashimiz lozim. Nega? Sababi, hatto kuchli imon ham susayishi mumkin. Havoriy Pavlus zaif imonni «osongina tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lgan gunoh» deb atagan. (Ibron. 12:1) Imonimiz zaiflashmasligi uchun yangi dunyo yaqin ekanini ko‘rsatuvchi dalillar ustida muntazam ravishda mulohaza yuritishimiz darkor. (Ibron. 11:1)

3. Ushbu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

3 Ushbu maqolada Yahovaning yangi dunyoga oid va’dasiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashning uchta yo‘lini ko‘rib chiqamiz. Bular 1) to‘lov haqida mulohaza yuritish, 2) Yahovaning qudrati haqida fikr yuritish va 3) ma’naviy ishlar bilan band bo‘lish. Keyin Yahovaning Xabaqquqqa aytgan xabari imonimizni qay yo‘sin mustahkamlashi mumkinligini bilib olamiz. Keling, avvaliga yangi dunyoga bo‘lgan ishonchimizni sinashi mumkin bo‘lgan ayrim vaziyatlarga diqqat qarataylik.

KUCHLI IMON KERAK BO‘LGAN VAZIYATLAR

4. Qaysi qarorlar oldida turganimizda kuchli imon talab etiladi?

4 Har kuni kuchli imon namoyon etish kerak bo‘lgan qarorlar chiqaramiz. Masalan, kimlar bilan muloqot qilish, o‘yin-kulgilar, ta’lim olish, nikoh, farzandlar va ish masalasida qarorlar chiqarishimizga to‘g‘ri keladi. Shunda o‘zimizga quyidagi savollarni berish yaxshi bo‘lardi: «Qarorim bu dunyo vaqtincha ekaniga va yaqinda yangi dunyo bo‘lishiga ishonayotganimni ko‘rsatyaptimi? Yoki abadiy hayotga ishonmaydigan insonlarning ta’siri ostida qaror chiqaryapmanmi?» (Mat. 6:19, 20; Luqo 12:16–21) Darhaqiqat, yangi dunyo juda yaqin ekaniga ishonsak, to‘g‘ri qarorlar chiqara olamiz.

5, 6. Nega og‘ir damlarda kuchli imonga ega bo‘lishimiz kerak? Misol keltiring.

5 Ba’zi qiyinchiliklar kuchli imon talab etadi. Masalan, ta’qibga, jiddiy kasallikka yoki ruhimizni tushirishi mumkin bo‘lgan boshqa vaziyatlarga duch kelarmiz. Boshida qiyinchilikni yengishga qarorimiz qat’iy bo‘lar. Lekin u uzoq vaqt davom etsa, sabr-bardoshli bo‘lishimiz va Yahovaga quvonch ila xizmat qilishda davom etishimiz uchun kuchli imonga ega bo‘lishimiz kerak bo‘ladi. (Rim. 12:12; 1 Butr. 1:6, 7)

6 Qiyinchilik paytida Yahovaning yangi dunyo haqidagi va’dasi hech qachon amalga oshmaydi, deb o‘ylashimiz mumkin. Bu imonimiz sust ekanini anglatadimi? Aslo. Ushbu misolga e’tibor bering. Qahraton qish paytida biz yoz hech qachon kelmaydi, deb o‘ylashimiz mumkin. Ammo yoz baribir keladi. Xuddi shunday qattiq tushkunlikka tushganimizda yangi dunyo kelmaydi, deb o‘ylashimiz mumkin. Lekin imonimiz kuchli bo‘lsa, Xudoning barcha va’dalari amalga oshishiga ishonamiz. (Zab. 94:3, 14, 15; Ibron. 6:17–19) Ushbu ishonch orqali Yahovaga topinishni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yishda davom eta olamiz.

7. Qanday nuqtai nazarga qarshi turishimiz kerak?

7 Kuchli imon talab etiladigan yana bir sohaga nazar solaylik. Bu va’zgo‘ylik faoliyati. Ko‘p odamlar yangi dunyo haqidagi «xushxabar»ni shunchaki ertak, deb aytadi. (Mat. 24:14; Hiz. 33:32) Ularning noto‘g‘ri nuqtai nazari bizni adashtirishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Buning oldini olish uchun imonimizni mustahkamlashimiz darkor. Keling, buni qanday qilish mumkinligining uchta yo‘lini ko‘rib chiqaylik.

TO‘LOV USTIDA MULOHAZA YURITING

8, 9. To‘lov haqida mulohaza yuritish imonimizga qanday ta’sir qiladi?

8 Imonimizni mustahkamlashning yo‘llaridan biri — to‘lov ustida mulohaza yuritishdir. U Allohning va’dalari amalga oshishining kafolatidir. Agar to‘lov nega berilgani va u nimani o‘z ichiga olishi haqida chuqur fikr yuritsak, jannatda abadiy yashashimiz borasidagi va’da amalga oshishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. Nega bunday deya olamiz?

9 To‘lov nimani o‘z ichiga oladi? Yahova to‘ng‘ich O‘g‘lini, yaqin hamkorini mukammal inson sifatida tug‘ilishi uchun osmondan yer yuziga yuborgan. Iso yer yuzida bo‘lganida turli qiyinchiliklarga duch kelgan. U azob chekib o‘lgan. Yahova nihoyatda qimmatbaho to‘lov bergan. Mehribon Otajonimiz biz faqatgina qisqa muddat yashashimiz uchun O‘g‘li azob chekib o‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi. (Yuhan. 3:16; 1 Butr. 1:18, 19) Yahova shunchalik qimmatbaho to‘lov bergan ekan, yangi dunyoda abadiy yashashimiz uchun albatta g‘amxo‘rlik qiladi.

YAHOVANING KUCH-QUDRATI HAQIDA FIKR YURITING

10. Efesliklarga 3:20 ga binoan, Yahova nima qila oladi?

10 Imonimizni mustahkamlashning yana bir yo‘li — Yahovaning kuch-qudrati haqida mulohaza yuritishdir. U barcha va’dalarini bajarishga qodir. To‘g‘ri, yangi dunyoda toabad yashash va’dasi odamlarga imkonsizday tuyular. Biroq o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, Xudo insonning qo‘lidan kelmaydigan narsalarni tez-tez va’da qilib turadi. U Qodir Alloh bo‘lgani uchun va’dalarini bajara oladi. (Ayub 42:2; Mark 10:27) Shu bois, Xudo ajoyib narsalarni va’da qilganida, bundan hayron qolmaymiz. (Efesliklarga 3:20 ni o‘qing.)

11. Xudoning amalga oshgan ajoyib va’dalaridan misol keltiring. («Amalga oshgan ba’zi ajoyib va’dalar» nomli ramkaga qarang.)

11 Keling, Yahovaning amalga oshishi imkonsizday tuyulgan ba’zi va’dalarini ko‘rib chiqaylik. U Ibrohim bilan Sorani keksa yoshida farzand ko‘rishlariga ishontirgan. (Ibt. 17:15–17) Qolaversa, U Ibrohimning avlodlari Kan’on yurtiga ega bo‘lishini aytgan. Ko‘p yillar davomida uning avlodlari, ya’ni isroilliklar Misrda qullikda bo‘lganida bu va’da hech qachon ro‘yobga chiqmaydiganday tuyulgan bo‘lishi mumkin. Lekin bilamizki, u amalga oshgan. Keyinchalik, Xudo Elisabet ham keksa yoshida farzandli bo‘lishini ayon qilgan. Shuningdek, bokira Maryam Uning O‘g‘lini dunyoga keltirishini aytgan. Shu yo‘sin, Yahovaning minglab yillar oldin Adan bog‘ida aytgan bashorati amalga oshgan. (Ibt. 3:15)

12. Qay yo‘sin ushbu oyatlar Yahova qudratli ekaniga bizni ishontiryapti? (Yoshua 23:14; Ishayo 55:10, 11)

12 Yahovaning va’dalari va ular qanday amalga oshgani haqida fikr yuritsak, U qanchalik qudratli ekanini bilib olamiz. Bu esa yangi dunyo borasidagi va’da amalga oshishiga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi. (Yoshua 23:14; Ishayo 55:10, 11 ni o‘qing.) Shunda boshqalarga bu va’da shunchaki xomxayol emasligini tushunishga ko‘maklasha olamiz. Qolaversa, Yahovaning O‘zi yangi osmon va yangi yer borasidagi va’dasi to‘g‘risida: «Bu so‘zlar ishonchli va haqqoniydir»,— deb aytgan. (Vah. 21:1, 5)

MA’NAVIY ISHLAR BILAN BAND BO‘LING

YIG‘ILISHLAR

Qay yo‘sin ushbu ma’naviy ishlar imonimizni mustahkamlashga yordam bera oladi? (13-xatboshiga qarang.)

13. Qanday qilib yig‘ilishlar imonimizga imon qo‘shadi? Tushuntiring.

13 Imonimizni mustahkamlashning uchinchi yo‘li — ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishdir. Misol uchun, yig‘ilishlar bizga qanday foyda keltiradi? To‘la vaqtli xizmatning har xil turlarida ancha yillar ishtirok etgan Anna shunday dedi: «Yig‘ilishlar imonim kuchli bo‘lishiga yordam beradi. Hatto ma’ruzachining ta’lim berish qobiliyati uncha yaxshi bo‘lmasa yoki u yangi fikrlarni aytmasa ham, Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni yaxshiroq tushunishimga va imonimni mustahkamlashga hissa qo‘shadigan birorta fikrni eshitaman» b. Shubhasizki, jamoatdagilarning sharhlarini tinglash ham imonimizga imon qo‘shadi. (Rim. 1:11, 12; 10:17)

VA’ZGO‘YLIK XIZMATI

Qay yo‘sin ushbu ma’naviy ishlar imonimizni mustahkamlashga yordam bera oladi? (14-xatboshiga qarang.)

14. Qay yo‘sin va’zgo‘ylik xizmati imonimizni mustahkamlaydi?

14 Va’zgo‘ylik xizmatida ishtirok etish ham imonimizni mustahkamlaydi. (Ibron. 10:23) Yahovaga 70-yildan ko‘proq vaqt mobaynida xizmat qilayotgan Barbara shunday bo‘lishdi: «Va’zgo‘ylik xizmati imonimni mustahkamlaydi. Boshqalarga Yahovaning ajoyib va’dalari borasida qancha ko‘p aytsam, imonim shuncha ko‘p kuchli bo‘ladi».

SHAXSIY TADQIQ

Qay yo‘sin ushbu ma’naviy ishlar imonimizni mustahkamlashga yordam bera oladi? (15-xatboshiga qarang.)

15. Qay yo‘sin shaxsiy tadqiq imonimizni mustahkamlaydi? (Rasmlarga ham qarang.)

15 Imonimizni mustahkamlashga yordam beradigan yana bir narsa — shaxsiy tadqiq. Tadqiq qilish jadvalini tuzish Syuzenga foyda keltiryapti. U shunday dedi: «Yakshanba kuni keyingi hafta bo‘ladigan «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqiga tayyorlanaman. Dushanba va seshanba hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘raman. Boshqa kunlari esa shaxsiy tadqiq o‘tkazaman». Syuzen tadqiq qilish jadvaliga doim amal qilish orqali imonini mustahkamlayapti. Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tadqiq qilish ko‘p yillardan beri Xalqaro bosh idorada xizmat qilayotgan Irenga foyda keltiryapti. U quyidagicha bo‘lishdi: «Yahovaning bashoratlari mayda tafsilotlarigacha amalga oshganini bilish meni hayratga soladi» c.

«U ALBATTA AMALGA OSHADI»

16. Nega Yahovaning Xabaqquqqa aytgan so‘zlari bizga ham tegishli? (Ibroniylarga 10:36, 37)

16 Yahovaning ba’zi xizmatchilari yangi dunyoni anchadan beri kutyapti. Insonlarning nuqtai nazari bilan qaraganda Allohning va’dasi allaqachon bajarilishi kerak edi. Unutmangki, Yahova xizmatchilari nimalarni his qilayotganini yaxshi biladi. Ha, U Xabaqquqni shunday deb ishontirgan: «Vahiy belgilangan vaqtda amalga oshadi. O‘sha vaqt hademay keladi, yolg‘on bo‘lib chiqmaydi. Hatto kechikkanday tuyulsa ham, uni kut! Zero u albatta amalga oshadi. U kechikmaydi!» (Xab. 2:3) Xo‘sh, Xudo bu so‘zlar bilan faqat Xabaqquqni ishontirganmi yoki ular bizga ham tegishlimi? Ilohiy ilhom ostida havoriy Pavlus bu so‘zlarni yangi dunyoni intiqib kutayotgan masihiylar uchun yozgan. (Ibroniylarga 10:36, 37 ni o‘qing.) Demak, xalos bo‘lish va’dasi amalga oshmayotganday tuyulsa ham: «U albatta amalga oshadi. U kechikmaydi!» — degan so‘zlarga ishonsak bo‘ladi.

17. Bir opamiz Yahovaning Xabaqquqqa bergan maslahatiga qanday amal qilib kelyapti?

17 Yahovaning ko‘plab xizmatchilari Uning: «Uni kut»,— degan maslahatiga amal qilyapti. Ba’zilar hatto ancha yillardan beri bunday qilyapti. Keling, Luz ismli opamizning misolini olaylik. U 1939-yili Yahovaga xizmat qilishni boshlagan. Luz shunday bo‘lishdi: «O‘shanda Armageddon maktabni tugatishimdan oldin keladi, deb o‘ylardim. Ammo bu sodir bo‘lmadi. Yillar davomida Muqaddas Kitobdan Yahova va’dalarini amalga oshirishini kutgan ko‘p insonlarning misolini o‘qiganman. Ular menga ham shunday yo‘l tutishga yordam bergan. Men Nuh, Ibrohim, Yusuf va boshqalar haqida o‘qirdim. Xudoning va’dalari amalga oshishiga bo‘lgan aminlik meni va boshqalarni yangi dunyo juda yaqin ekaniga ishontiryapti». Ha, Xudoga ko‘p yillardan beri xizmat qilayotgan insonlar bunga qo‘shiladi.

18. Qay yo‘sin yaratilgan narsalarga diqqat qaratish yangi dunyo kelishiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaydi?

18 To‘g‘ri, yangi dunyo hali kelgani yo‘q. Lekin atrofingizdagi narsalarga — yulduzlar, daraxtlar, hayvonlar va odamlarga e’tibor bering. Ular oldin mavjud bo‘lmagan bo‘lsa-da, hozir ular bor ekanidan hech kim shubhalanmaydi. Yahova ularni yaratgani uchun ular bor. (Ibt. 1:1, 26, 27) Xudoyimiz yangi dunyoni barpo qilishni ham va’da beryapti. U bu va’dasini amalga oshiradi. Yangi dunyoda insonlar mukammal sog‘likka ega bo‘lib, abadiy zavq olib yashaydi. Alloh koinotni O‘zi belgilagan vaqtda yaratganiday, yangi dunyoni ham tayinlangan vaqtda barpo qiladi. (Ishayo 65:17; Vah. 21:3, 4)

19. Imoningizni qanday mustahkamlay olasiz?

19 Imoningizni mustahkamlash uchun har bir imkoniyatdan foydalaning. To‘lov uchun doim minnatdor bo‘ling. Yahovaning qudrati haqida fikr yuriting. Ma’naviy ishlar bilan band bo‘ling. Shu yo‘sin, «imon va sabr-toqat bilan Tangrining va’dalariga erishadiganlar» orasida bo‘la olasiz. (Ibron. 6:11, 12; Rim. 5:5)

139-QO‘SHIQ Yangi dunyoga sayr etaylik

a Bugungi kunda ko‘plar Muqaddas Kitobdagi yangi dunyo borasidagi va’daga ishonmaydi. Ular buni shunchaki xomxayol va ertak deb hisoblaydi. Lekin biz Yahovaning barcha va’dalari amalga oshishiga aminmiz. Shunga qaramay, imonimizni mustahkam saqlash uchun harakat qilishimiz kerak. Qay yo‘sin? Buni ushbu maqolada ko‘rib chiqamiz.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Muqaddas Kitobdagi bashoratlar to‘g‘risidagi maqolalarni «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»dagi «Bashorat» sarlavhasi ostida topa olasiz. Masalan, «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2008-yil 1-yanvar sonidagi «Alloh Yahovaning bashoratlari amalga oshmoqda» nomli maqolaga qarang.