Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18-TADQIQ MAQOLASI

Yig‘ilishlarda bir-birimizga dalda beraylik

Yig‘ilishlarda bir-birimizga dalda beraylik

Bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik... bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik. IBRON. 10:24, 25

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

BU MAQOLADA a

1. Nega yig‘ilishlarda sharh beramiz?

 NEGA uchrashuvlarda sharh beramiz? Eng avvalo, bu bilan Yahovaga sharaf keltiramiz. (Zab. 26:12; 111:1) Shuningdek, sharhlarimiz orqali bu qiyin damlarda bir-birimizga dalda bera olamiz. (1 Salon. 5:11) Yig‘ilishlarda sharh berganda bu ikkala maqsadga erishgan bo‘lamiz.

2. Uchrashuvlarda qachon sharh berishimiz mumkin?

2 Har hafta yig‘ilishlarda sharh berish imkoniyatimiz bor. Masalan, dam olish kunlarida «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqida qatnasha olamiz. Hafta o‘rtasidagi uchrashuvlarda esa ma’naviy marvaridlarda, jamoat bilan Muqaddas Kitob tadqiqida va boshqa qismlarda muhokamada ishtirok etishimiz mumkin.

3. Qanday qiyinchilikka duch kelishimiz mumkin va qay yo‘sin Ibroniylarga 10:24, 25 bizga yordam bera oladi?

3 Barchamiz Yahovaga sharaf keltirishni va imondoshlarga dalda berishni xohlaymiz. Ammo sharh berishga kelganda, bizni hayajon bosishi hech gap emas. Yoki ko‘proq sharh berishni xohlarmiz, lekin qo‘l ko‘targanda bizdan so‘ramasliklari mumkin. Bunda bizga nima yordam beradi? Havoriy Pavlusning Ibroniylarga yo‘llagan maktubida bunga javob topamiz. U birga yig‘ilish muhimligini ta’kidlab, e’tiborimizni boshqalarga dalda berishga qaratishimiz kerakligini aytgan. (Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.) Imonimizni ifoda etuvchi oddiy sharhimiz bilan boshqalarga dalda bera olishimizni yodda saqlasak, qo‘limizni ko‘tarishdan kamroq hayajonlanamiz. Yoki agar bizni tez-tez so‘rashmasa, boshqalarda sharh berish imkoniyati borligini bilishdan xursand bo‘la olamiz. (1 Butr. 3:8)

4. Bu maqolada qaysi uchta fikrni ko‘rib chiqamiz?

4 Bu maqolada avvaliga sharh beruvchilar soni kam bo‘lgan kichik jamoatlarda qay yo‘sin bir-birimizga dalda berishimiz mumkinligini bilib olamiz. Keyin sharh beruvchilar soni ko‘p bo‘lgan katta jamoatlarda buni qanday qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Oxirida esa qay yo‘sin boshqalarga dalda bo‘la oladigan mazmunli sharhlar bera olishimiz haqida so‘z yuritamiz.

KICHIK JAMOATDA BIR-BIRINGIZGA DALDA BERING

5. Kichik jamoatda qay yo‘sin bir-birimizga dalda bera olamiz?

5 Kichik jamoatda yoki guruhda birodar kim sharh berishini tanlashi uchun odamlarning soni kam bo‘ladi. Gohida kimdir qo‘lini ko‘tarishini biroz kutishga to‘g‘ri keladi. Bunday uchrashuvlar zerikarli va dalda bermaydiganday tuyulishi mumkin. Xo‘sh, bunday vaziyatda nima qilsangiz bo‘ladi? Tez-tez qo‘l ko‘tarishga tayyor bo‘ling. Shunday yo‘l tutib, boshqalarni ham ko‘proq ishtirok etishga chorlay olasiz.

6, 7. Qay yo‘sin kamroq hayajonlana olamiz?

6 Sharh berishga kelganda hayajonlanasizmi? Gap shundaki, ko‘pchilik hayajonlanadi. Lekin imondoshlarga ko‘proq dalda berish uchun kamroq hayajonlanishingizga yordam beradigan usullarni izlab ko‘rsangiz-chi? Xo‘sh, qanday qilib buning uddasidan chiqa olasiz?

7 Ehtimol, «Qo‘riqchi minorasi»ning ba’zi maqolalarida keltirilgan maslahatlarni ko‘rib chiqishni foydali deb toparsiz b. Misol uchun, yaxshilab tayyorgarlik ko‘ring. (Hik. 21:5) Agar maqola bilan yaxshi tanish bo‘lsangiz, sharh berishingiz osonroq bo‘ladi. Shuningdek, sharhlaringiz qisqa bo‘lsin. (Hik. 15:23; 17:27) Bu kamroq hayajonlanishingizga yordam beradi. Ehtimol, sharhlaringiz bitta yoki ikkita gapdan iborat bo‘lar. Bu uzundan-uzun sharhlardan ko‘ra tushunarliroq bo‘ladi. O‘z so‘zlaringiz bilan qisqa sharh berish orqali puxta tayyorlanganingizni va mavzuni yaxshi tushunayotganingizni ko‘rsatasiz.

8. Yahova harakatlarimizga qanday nuqtai nazarda?

8 Aytaylik, bu tavsiyalarning ba’zilariga amal qildingiz. Lekin hali ham bir-ikkitadan ko‘proq sharh bera olmayotgan bo‘lsangiz-chi? Amin bo‘lingki, qo‘lingizdan kelganini qilayotganingizni Yahova juda qadrlaydi. (Luqo 21:1–4) Bizda bor eng yaxshisini berish qo‘limizdan kelmaydigan ishni qilish kerakligini anglatmaydi. (Filip. 4:5) Shuning uchun qo‘lingizdan nima kelishini aniqlang. Keyin buni amalga oshirish maqsadini qo‘ying va xotirjamlikni saqlash uchun ibodat qiling. Avval bu maqsad qisqa sharh berishdan iborat bo‘lishi mumkin.

KATTA JAMOATDA BIR-BIRINGIZGA DALDA BERING

9. Katta jamoatlarda qanday qiyinchilik paydo bo‘lishi mumkin?

9 Agar jamoatingizda va’zgo‘ylar ko‘p bo‘lsa, boshqa qiyinchilikka duch kelishingiz mumkin. Ehtimol, talaygina odam sharh bermoqchi bo‘lgani uchun sizni tez-tez so‘rashmas. Masalan, Daniela ismli opamiz sharhlar berishni juda yaxshi ko‘radi c. U bunga topinishning bir qismiday qaraydi. Qolaversa, buni boshqalarga dalda berish va Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash usuli deb biladi. Lekin Daniela kattaroq jamoatga o‘tganda uni tez-tez so‘rashmasdi. Ba’zida hatto butun uchrashuv davomida u faqat bir marta sharh bera olardi. Daniela quyidagicha bo‘lishdi: «Bundan ranjirdim. O‘zimni go‘yo sharafli imkoniyatni qo‘ldan boy berayotganday his qilardim. Bu qayta-qayta yuz berganida mendan atayin so‘rashmayotganmikin, deb o‘ylardim».

10. Ko‘proq sharh berish uchun nima qila olasiz?

10 Danielaning his-tuyg‘ulari sizga ham tanishmi? Agar shunday bo‘lsa, balki, taslim bo‘lib dasturni shunchaki tinglab o‘tirish yaxshi, deb o‘ylarsiz. Lekin taslim bo‘lmang. Ehtimol, har bir uchrashuvga bir nechta sharh tayyorlash siz uchun foydali bo‘lar. Muhokamaning boshida sharh bera olmasangiz, hali uchrashuv tugaguncha buni qilish imkoningiz bo‘ladi. «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqiga tayyorgarlik ko‘rayotib, har bir xatboshi maqola mavzusi bilan qanday bog‘liqligi borasida fikr yuriting. Agar bunday qilsangiz, dastur mobaynida mazmunli sharhlar bera olasiz. Bundan tashqari, chuqur haqiqatlar keltirilgan xatboshilariga sharhlar tayyorlang. (1 Kor. 2:10) Nega? Sababi, bu xatboshilariga kamchilik sharh berishi mumkin. Bordi-yu, bir nechta uchrashuv mobaynida bu maslahatlarga amal qilsangiz, ammo sharh bera olmasangiz-chi, nima qila olasiz? Ehtimol, yig‘ilishdan oldin muhokamani o‘tkazadigan birodarga qaysi xatboshiga sharh bermoqchi ekaningizni aytarsiz.

11. Filippiliklarga 2:4 da qanday maslahat yozilgan?

11 Filippiliklarga 2:4 ni o‘qing. Havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida masihiylarni boshqalarning manfaatini ko‘zlashga undagan. Yig‘ilishlarda bu maslahatga qanday amal qila olamiz? Boshqalar ham bizga o‘xshab muhokamada ishtirok etishni istayotganini yodda tutishimiz lozim.

Do‘stlarimiz bilan suhbatlashganda ular ham gapirishini xohlaganimiz kabi, yig‘ilishlarda ham boshqalar sharh berishiga imkon berishimiz lozim (12-xatboshiga qarang.)

12. Yig‘ilishda boshqalarga qanday qilib dalda berish mumkin? (Rasmga ham qarang.)

12 Mana bu haqda bir o‘ylab ko‘ring: do‘stlaringiz bilan suhbatlashganda ularga imkon bermay faqat o‘zingiz gapirishga intilasizmi? Albatta, yo‘q. Ular ham suhbatda ishtirok etishini xohlaysiz. Shunga o‘xshab, yig‘ilishlarda imkon boricha ko‘plar ishtirok etishini xohlaymiz. Birodar-u opa-singillarimizga dalda berishning eng yaxshi yo‘llaridan biri ularga sharh berishga imkon berish. (1 Kor. 10:24) Keling, buni qanday qila olishimiz mumkinligiga e’tibor beraylik.

13. Qanday qilib muhokamada ko‘proq inson ishtirok etishiga hissa qo‘sha olamiz?

13 Agar qisqa sharhlar bersak, muhokamada ko‘proq odam qatnasha oladi. Bunda oqsoqollar va tajribali va’zgo‘ylar o‘rnak bo‘lishi mumkin. Hatto qisqa sharh bersangiz ham xatboshidagi hamma fikrlarni aytishdan qoching. Agar hamma fikrni aytib qo‘ysangiz, boshqalar sharh berishiga imkon qoldirmaysiz. Misol uchun, bu xatboshida ikkita asosiy fikr keltirilgan: qisqa sharh berish va barcha asosiy fikrlarni aytishdan qochish. Ushbu xatboshiga birinchi sharhni siz bersangiz, ehtimol, faqat ulardan bittasini aytarsiz.

Uchrashuvlarda qachon qo‘l ko‘tarmaslikka qaror qilishimiz mumkin? (14-xatboshiga qarang.) f

14. Qancha sharh berish masalasida bizga nima yordam berishi mumkin? (Rasmga ham qarang.)

14 Qanchalik tez-tez sharh berish borasida mulohazakor bo‘ling. Aytaylik, qo‘limizni tez-tez ko‘taramiz, boshqalar esa hali sharh bera olmagan bo‘ladi. Shunda muhokamani o‘tkazayotgan birodar o‘zini yana bizdan so‘rashga majburday his qilishi mumkin. Bu tufayli boshqalarning ruhi tushib, qo‘l ko‘tarmasligi hech gap emas. (Voiz 3:7)

15. a) Bizdan so‘rashmasa, bunga qanday munosabat bildirishimiz lozim? b) Qay yo‘sin muhokamani o‘tkazayotgan birodar barchaga e’tibor qarata oladi? (« Muhokamani o‘tkazayotgan birodar uchun tavsiyalar» nomli ramkaga qarang.)

15 Ko‘p va’zgo‘ylar qo‘lini ko‘targanda, biz xohlaganday ko‘p sharh bera olmasligimiz mumkin. Muhokamani o‘tkazayotgan birodar ba’zida bizdan biron marta ham so‘ramas. Bu bizni tushkunlikka tushirishi mumkin. Lekin buni qalbimizga yaqin olib xafa bo‘lmasligimiz lozim. (Voiz 7:9)

16. Qay yo‘sin sharh berganlarga dalda bera olamiz?

16 Agar o‘zingiz xohlaganday tez-tez sharh bera olmasangiz, boshqalarning javobini diqqat bilan tinglab, yig‘ilishdan keyin ularni maqtashingiz mumkin. Maqtovingiz birodar-u opa-singillar uchun bermoqchi bo‘lgan sharhingiz kabi dalda beradi. (Hik. 10:21) Ha, maqtov bir-birimizga dalda berishning yana bir usulidir.

BIR-BIRIMIZGA DALDA BERISHNING QO‘SHIMCHA YO‘LLARI

17. a) Qanday qilib ota-ona farzandiga o‘rinli sharh tayyorlashga yordam bera oladi? b) Videoga binoan, sharh tayyorlashga qaysi to‘rtta qadam qo‘l keladi? (Izohga qarang.)

17 Yig‘ilishda boshqalarga yana qanday qilib dalda bera olamiz? Agar ota-ona bo‘lsangiz, farzandingizning yoshiga qarab sharh tayyorlashga yordam bering. (Mat. 21:16) Gohida maqolada oila yoki axloq kabi jiddiy masalalar muhokama qilinadi. Lekin u yerda bolangiz sharh bera oladigan bitta yoki ikkita xatboshi bordir. Qolaversa, farzandingizga u qo‘l ko‘targanda nega uni doim so‘rashmasligi mumkinligini ham tushuntiring. Shunda boshqalarni so‘rashganida u tushkunlikka tushmaydi. (1 Tim. 6:18) d

18. Qay yo‘sin o‘zimizga diqqat qaratishdan qocha olamiz? (Hikmatlar 27:2)

18 Barchamiz Yahovaga sharaf keltiradigan va imondoshlarimizga dalda beradigan sharhlarni tayyorlay olamiz. (Hik. 25:11) Ba’zi hollarda shaxsiy tajribamiz bilan qisqacha bo‘lishganda, o‘zimiz haqda keragidan ortiq gapirmasligimiz lozim. (Hikmatlar 27:2 ni o‘qing; 2 Kor. 10:18) Buning o‘rniga bor e’tiborni Yahovaga, Kalomiga va xalqiga qaratishimiz darkor. (Vah. 4:11) Albatta, xatboshiga keltirilgan savolda shaxsiy tajribamiz bilan bo‘lishish aytilganda bunday qilishimiz oqilona. Keyingi xatboshida buni qanday qilishni bilib olish mumkin.

19. a) Boshqalarning manfaatini ko‘zlash qanday natija keltiradi? (Rimliklarga 1:11, 12) b) Yig‘ilishlardagi sharhlarda, ayniqsa, nimani qadrlaysiz?

19 Sharhlar berish borasida qat’iy qoidalar bo‘lmasa-da, barchamiz ishtirokimiz bilan boshqalarga dalda berishga harakat qilishimiz mumkin. Buning uchun yig‘ilishda odatdagidan ko‘proq qatnashamiz. Yoki sharh berish imkonimiz bo‘lganidan va boshqalar biz kabi bu sharafni qadrlab, javob bera olganidan quvonamiz. Ha, yig‘ilishlarda boshqalarning manfaatini ko‘zlash orqali barchamiz o‘zaro dalda olamiz. (Rimliklarga 1:11, 12 ni o‘qing.)

93-QO‘SHIQ Yig‘ilishlarimizga fayz baxsh et

a Yig‘ilishlarda sharh berib bir-birimizga dalda beramiz. Ammo ayrimlar sharh berishdan tortinadi. Boshqalar esa sharh berishni yoqtirsa-da, buni yanada ko‘proq qilishni xohlaydi. Ushbu ikkala vaziyatda hamma dalda olishi uchun qay yo‘sin boshqalarga e’tiborli bo‘lishimiz mumkin? Qanday qilib imondoshlarimizni sevishga va ezgu ishlar qilishga undaydigan sharhlar bera olamiz? Ushbu maqolada bu savollarga javob beriladi.

c Ism o‘zgartirilgan.

d jw.org saytidagi «Tangri Yahovaning do‘sti bo‘ling. Sharhingizni tayyorlang» nomli videoni tomosha qiling.

f RASMGA SHARH. Katta jamoatda birodar o‘zi sharh berganidan keyin boshqalarga ham uchrashuvda ishtirok etishga imkon beryapti.