Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Boshqalarga shaxsiy qiziqish ko‘rsatish abadiy barakalar keltiradi

Boshqalarga shaxsiy qiziqish ko‘rsatish abadiy barakalar keltiradi

Onam, Pet singlim va men (1948)

ANGLIKAN cherkovga qatnagan buvim: «Bu cherkov haqiqatni o‘rgatmaydi. Uni izlashda davom et»,— deb aytganlaridan keyin onam haqiqiy dinni izlashga tushganlar. Lekin onam Yahovaning Shohidlari bilan gaplashishni xohlamasdilar va menga ular uyimizga (Toronto, Kanada) kelganida eshikni ochmaslikni aytgandilar. Ammo 1950-yili xolam Shohidlar bilan tadqiq o‘ta boshlaganlarida, onam ham ularga qo‘shildilar. Ular xolamning uyida tadqiq o‘tishardi va keyinchalik suvga cho‘mishdi.

Otam Kanadadagi Birlashgan cherkovda ruhoniy bo‘lgani uchun singlim ikkalamiz har hafta u yerdagi maktabga borardik. So‘ng otam bilan birga ertalab o‘n birdagi diniy marosimga borardik. Kunduzi esa onam bilan Yig‘ilish zaliga qatnardik. Ikkita din o‘zaro farq qilishini yaqqol ko‘rardik.

«Xudoning irodasi» nomli xalqaro anjumanda Hatchesonlar oilasi bilan birga turibmiz (1958)

Onam bilib olganlarini qadrdon do‘stlari Bob va Mareon Hatchesonlar bilan ham bo‘lishdilar. Natijada ular haqiqatni qabul qilishdi. 1958-yili Hatchesonlar juftligi uchta o‘g‘li bilan birga meni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan «Xudoning irodasi» nomli sakkiz kunlik xalqaro anjumanga olib borishdi. Ortga nazar tashlab, bu ular uchun oson bo‘lmaganini tushunyapman. Lekin o‘sha anjuman hayotimdagi eng esda qolarli xotiralardan biri.

BOSHQALARNING SHAXSIY QIZIQISHI KELAJAGIMGA TA’SIR QILDI

O‘smirlik davrimda fermada yashardik va u yerdagi hayvonlarni boqish menga yoqardi. Men veterinar bo‘lish haqida o‘ylay boshlagandim. Oyim buni bir oqsoqolga aytgandilar. U mehr ila menga hozir «oxirzamonda» yashayotganimizni eslatdi va bir necha yil universitetda o‘qishim Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimga qanday ta’sir qilishi haqida o‘ylashga undadi. (2 Tim. 3:1) Natijada oliy ma’lumotli bo‘lmaslikka qaror qildim.

Lekin shunda ham maktabni bitirgach, qanday ish bilan shug‘ullanaman deb o‘ylardim. Garchi har dam olish kunlari va’zgo‘ylik xizmatida qatnashgan bo‘lsam ham buni uncha yoqtirmasdim va o‘zimni kashshof sifatida tasavvur qila olmasdim. Shunda imondoshimiz bo‘lmagan otam va amakim menga Torontodagi katta sug‘urta kompaniyasida kun bo‘yi ishlashni taklif qilishdi. Amakim u yerda katta lavozimda ishlardilar. Shunga bu ishga rozi bo‘ldim.

Torontoda ishimga va Yahovaning Shohidi bo‘lmaganlar bilan muloqot qilishga ko‘p vaqt ajratganim uchun ma’naviy ishlarga muntazam vaqt ajrata olmasdim. Qolaversa, boshida imondoshimiz bo‘lmagan buvam bilan yashardim. Lekin ular vafot etganlaridan keyin boshqa joyga ko‘chishimga to‘g‘ri keldi.

1958-yili meni anjumanga olib borgan Hatchesonlar juftligi men uchun xuddi ota-onamday bo‘lib qolgandi. Ular meni o‘zlari bilan yashashga taklif qilishdi va ma’nan o‘sishimga yordam berishdi. 1960-yili ularning o‘g‘li Jon bilan birga suvga cho‘mdik. Jon kashshoflikni boshladi va bu meni va’zgo‘ylikda ko‘proq ishtirok etishga undadi. Jamoatdagi birodarlar ma’nan o‘sayotganimga e’tibor berishgandi va natijada Voizlik maktabi xizmatchisi a etib tayinlandim.

AJOYIB HAMKOR VA KASHSHOFLIK XIZMATI

To‘y kunimiz (1966)

1966-yili Rendi Byorg ismli singlimiz bilan turmush qurdik. Rendi g‘ayratli kashshof bo‘lib, ehtiyoj katta hududda xizmat qilishni orzu qilardi. Tuman noziri bizga shaxsiy qiziqish ko‘rsatib, Orilliyadagi (Ontario) jamoatda yordam berishga undadi. Shunda darrov yo‘lga otlandik.

Orilliyaga keliboq men ham doimiy kashshoflikni boshladim. Rendining jo‘shqinligi menga ham yuqdi. Kashshoflikka mehr qo‘yganim uchun Muqaddas Kitobdan foydalanib ta’lim berishdan va odamlar haqiqatni tushunayotganini ko‘rishdan quvonchni his qilardim. Qolaversa, Orilliyadagi bir juftlikka hayotida o‘zgarishlar qilishga va Yahovaning xizmatchisi bo‘lishga yordam berishdan rosa mamnun bo‘ldim.

TILNING VA NUQTAI NAZARIMIZNING O‘ZGARISHI

Torontoda bo‘lganimizda men Baytildagi mas’uliyatli birodarlardan biri bo‘lgan Arnold Maknamara bilan tanishdim. U maxsus kashshof bo‘lish xohishimiz bor-yo‘qligini so‘radi. Men darrov: «Albatta, hamma joyga borishga tayyormiz! Faqat Kvebekka emas»,— deb javob berdim. Kanadadagi ingliz zabon odamlarning fransuz zabon odamlar yashagan Kvebek provinsiyasiga nisbatan salbiy nuqtai nazari menga ham ta’sir qilgandi. O‘shanda odamlar hukumatga qarshi chiqib, Kvebek mustaqil bo‘lishini xohlayotgandi.

Arnold shunday javob berdi: «Hozir filial maxsus kashshoflarni faqat Kvebekka tayinlayapti». Buni eshitib, u yerga borishga tayyor ekanimizni aytdim. Rendi ham Kvebekda xizmat qilishni xohlaganini bilardim. Keyinchalik, bu hayotimizdagi eng to‘g‘ri qarorlardan biri bo‘lganini tushundim.

Fransuz tilini besh hafta o‘rganganimizdan keyin Rendi ikkimiz va yana bir juftlik Monrealning shimoli-sharqidan taxminan 540 kilometr uzoqlikda bo‘lgan Rimuskiga ketdik. Biz hali ko‘p narsani o‘rganishimiz kerak edi. Bu ayniqsa, jamoatda ba’zi e’lonlarni o‘qiyotganimda yaqqol ko‘rindi. Yaqinda bo‘ladigan anjumanga «Avstriyadan ko‘p mehmonlar keladi» deyishning o‘rniga, «tuyaqush ko‘p mehmonlar keladi» deb yuboribman. Sababi, bu ikkita so‘zning talaffuzi bir-biriga o‘xshab ketardi.

Rimuskidagi oq uyimiz

Rimuskida turmush qurmagan to‘rtta g‘ayratli opamiz, Xuberdolar juftligi va ularning ikkita qizi to‘rttalamizga qo‘shilishdi. Xuberdolar oilasi katta bir uyni ijaraga olgandi va u yerda yashagan hamma kashshoflar ijara haqini to‘lashga yordam berardi. Biz bu uyni oq uy deb atardik. Sababi, uyning ustunlari va fasadi oq rangda edi. U yerda asosan 12–14 kishi yashardik. Biz maxsus kashshoflar sifatida Rendi bilan ertalab, kunduzi va kechki payt xizmatga chiqardik. Hatto qishda sovuq kechalarda biz bilan xizmat qilishga tayyor bo‘lganlar borligini juda qadrlardik.

O‘sha sadoqatli kashshoflar bilan xuddi oila a’zolarday bir-birimizga yaqin bo‘lib qolgandik. Gohida gulxan atrofida birga o‘tirardik yoki hammamiz birgalashib mazali taom tayyorlardik. Bitta birodar musiqachi edi. Shunga shanba kechki paytlari qo‘shiqlar kuylardik va raqs tushardik.

Rimuskida ko‘plar haqiqat bilan qiziqardi. Besh yil ichida anchagina odam suvga cho‘mganini ko‘rib suyundik. Jamoatdagilarning soni taxminan 35 taga oshgandi.

Kvebekda va’zgo‘ylar sifatida a’lo ta’lim oldik. Yahova bizni xizmatda qanday qo‘llab-quvvatlaganini va moddiy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilganini ko‘rdik. Bundan tashqari, fransuz tilida gapiradigan odamlarni, tilini va madaniyatini yoqtirib qoldik. Bu esa bizni boshqa madaniyatlarga ham bag‘rimizni keng qilishga undadi. (2 Kor. 6:13)

Kutilmaganda, filial bizdan Nyu-Branskuikning shimoliy sohilidagi Trakadi shahriga ko‘chishimizni so‘radi. Bu oson emas edi. Chunki yaqindagina yangi uyni ijaraga olgandik va haftasiga bir necha soat maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashga kelishib qo‘ygandim. Bundan tashqari, biz Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan bir nechta kishi endigina va’zgo‘y bo‘lgandi. Shuningdek, Yig‘ilish zalining qurilishi ham o‘z yakuniga yetib qolgandi.

Trakadi Rimuskidan ancha farq qilsa-da, u yerga ko‘chish haqida dam olish kunlari ibodat qildik va Yahova u yerda bo‘lishimizni istayotgan ekan, borishimiz lozim degan qarorga keldik. Biz Yahovani sinadik va U yo‘limizdan har bir to‘siqni olib tashlaganini ko‘rdik. (Mal. 3:10) Qolaversa, doimgiday Rendining ma’nan yetukligi, fidoyilik ruhi va hazilkashligi ko‘chishimizni yanada osonlashtirdi.

Yangi jamoatimizda Robert Ross ismli bittagina oqsoqol bor edi. U xotini Linda bilan birga kashshoflik qilardi. O‘g‘li tug‘ilgach, ular o‘sha yerda qolishga qaror qilishgan. Ular yosh bolasiga g‘amxo‘rlik qilishiga qaramay, mehmondo‘stlik ko‘rsatish va xizmatda g‘ayrat ila qatnashish orqali Rendi bilan menga ko‘p dalda berishardi.

EHTIYOJ BOR JOYDA XIZMAT QILISHNING BARAKALARI

Birinchi tumanimiz, qish

Trakadida ikki yil kashshoflik qilgach, biz kutilmagan vazifa oldik. Bizni tuman nozirlik xizmatiga taklif qilishdi. Yetti yil ingliz tilidagi tumanlarda xizmat qildik. So‘ng esa Kvebekda fransuz tilidagi hududga tayinlandik. Kvebekdagi viloyat noziri Leons Krepo nutqlarim uchun meni maqtadi. Keyin esa menga shunday savol berdi: «Qanday qilib nutqlaringizni yanada amaliyroq qila olasiz?» b Bunday shaxsiy e’tibor ta’lim berganimda, fiklarni yanada aniqroq va tushunarliroq yetkazishga ko‘maklashdi.

1978-yili Monrealda o‘tgan «Ulug‘vor imon» nomli xalqaro anjumanda bajargan vazifam eng esda qoladiganlaridan biri edi. Men Oziq-ovqat bo‘limida xizmat qilardim. Anjumanga 80 000 ta odam kelishini kutayotgandik va ularni to‘ydirish uchun yangi usuldan foydalanmoqchi edik. Barcha narsa — uskunalar, menyu va ovqat tayyorlash uslubi — yangi edi. Taxminan 20 ta katta xolodilnik bor edi, lekin ular doim ham ishlamasdi. Anjumanning birinchi kunidan oldin stadionda sport musobaqasi bo‘lgani uchun biz u yerga faqat yarim kechasi kirib, tayyorgarlik ishlarini boshladik. Qolaversa, nonushta tayyorlash uchun pechlarni quyosh chiqishidan oldin ishga tushirishimiz lozim edi. Biz juda charchardik, lekin ixtiyoriy xizmatchilarning mehnatkashligi, go‘zal fazilatlari va hazilkashligidan ko‘p narsani o‘rgandim. Biz bir-birimizga bog‘lanib qolgandik va hozirgacha qalin do‘stlarmiz. Kvebekda o‘tgan o‘sha tarixiy anjumandan ulkan quvonch oldim. Aynan u yerda 1940–1950-yillar davomida kuchli ta’qiblar bo‘ldi.

Rendi ikkimiz 1985-yili Monrealda bo‘lib o‘tgan anjumanga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beryapmiz

Monrealdagi katta anjumanlar mobaynida nozirlardan ko‘p narsani o‘rgandim. Hozirda Yetakchi kengashda xizmat qilayotgan Deyvid Spleyn bir yili anjumanda nozir bo‘lgan. Keyingi anjumanda bu vazifa menga topshirilganda, u jon deb meni qo‘llab-quvvatlagan.

Rendi ikkimiz 36 yil mobaynida tuman nozirlik xizmatida ishtirok etdik. 2011-yili meni Jamoat oqsoqollari uchun maktabda ta’lim berishga taklif qilishdi. Ikki yil davomida biz har xil joylarda 75 ta turli karavotda uxladik. Biroq bajargan vazifamiz har qanday fidoyilikka arzirdi. Har haftaning oxirida oqsoqollar minnatdorchilik bildirishardi, chunki ular Yetakchi kengash oqsoqollarning ma’naviyligiga juda g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rishardi.

Keyinchalik Shohlik xabarchilari maktabida ta’lim beradigan bo‘ldim. O‘quvchilar tig‘iz jadval tufayli tez-tez charchardi va xavotirlanardi. Ular kuniga taxminan yetti soat sinfning ichida o‘tirardi, har kecha uch soat davomida uy vazifasini va haftasiga to‘rtta yoki beshta topshiriqni bajarardi. Men va boshqa o‘qituvchi ular buni Yahovaning yordamisiz qila olmasliklarini aytgandik. Ular Yahovaga tayangani uchun o‘ylaganidan ham ko‘proq ishlarni qila olganini ko‘rib, lol qolardi. Buni tez-tez eslab turaman.

BOSHQALARGA SHAXSIY QIZIQISH KO‘RSATISH ABADIY BARKALAR KELTIRADI

Onamning boshqalarga ko‘rsatgan shaxsiy qiziqishi ular Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan insonlarga ma’nan o‘sishga va otamga haqiqatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga yordam bergan. Onamning vafotidan uch kun o‘tgach, otam ommaviy nutqni eshitish uchun Yig‘ilish zaliga kelganlarida hammamiz hayron qoldik. Keyingi 26 yil davomida ular muntazam ravishda yig‘ilishlarga qatnadilar. Suvga cho‘mmagan bo‘lsalar-da, oqsoqollar otam har hafta uchrashuvlarga birinchilardan bo‘lib kelganlarini aytishdi.

Onam men va singillarim uchun ajoyib o‘rnak edilar. Uchta singlim erlari bilan Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishyapti. Bittasi eri bilan Portugaliyadagi, qolgan ikkitasi esa Gaitidagi filialda xizmat qilishyapti.

Bugungi kunda Rendi bilan Gamiltonda (Ontario) maxsus kashshoflar sifatida xizmat qilyapmiz. Tuman nozirlik ishida qatnashganimizda, boshqalarga takroriy tashriflar qilishga va tadqiqlar o‘tkazishga yordam berganimizdan xursand edik. Ammo hozir o‘zimiz tadqiq o‘tkazayotgan insonlar ma’nan o‘sayotganini ko‘rishdan rosa suyunyapmiz. Qolaversa, yangi jamoatimizdagi birodar-u opa-singillar bilan do‘stlashyapmiz va Yahova ularni ham yaxshi, ham yomon kunda qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rishdan dalda olyapmiz.

Xotiralarni eslab, bizga shaxsiy qiziqish ko‘rsatgan barchaga katta rahmat deymiz. Shu bilan birga o‘zimiz ham boshqalar uchun qayg‘urishga harakat qilib, ularni qo‘lidan kelgancha Yahovaga a’lo tarzda xizmat qilishga undayapmiz. (2 Kor. 7:6, 7) Masalan, bir oilada ona, o‘g‘li va qizi to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etishardi. Men opamizning eridan: «Kashshoflik xizmati borasida o‘ylab ko‘rganmisiz?» — deb so‘radim. U esa oilasidagi uchta kashshofga g‘amxo‘rlik qilishi kerakligini aytdi. Keyin unga shunday savol berdim: «Ularga Yahovadan ko‘ra yaxshiroq g‘amxo‘rlik qila olasizmi?» O‘sha birodarni oila a’zolari kabi kashshoflik xizmatidan zavq olishga undadim. Olti oy o‘tgach u ham kashshof bo‘ldi.

Rendi ikkalamiz «kelgusi avlodga» Yahovaning g‘aroyib ishlari to‘g‘risida aytib berishda davom etamiz. Umid qilamizki, ular biz kabi Unga xizmat qilishdan zavq olishadi. (Zab. 71:17, 18)

a Hozir bu «Hayot tarzimiz va xizmatimiz» uchrashuvining noziri deb ataladi.