32-TADQIQ MAQOLASI
Mulohazakor bo‘lishda Yahovaga taqlid qiling
Mulohazakor ekaningiz hamma odamlarga ma’lum bo‘lsin. (FILIP. 4:5)
89-QO‘SHIQ Tingla, quloq sol va ol baraka
BU MAQOLADA a
1. Qaysi jihatdan masihiylar daraxtga o‘xshashi lozim? (Rasmga ham qarang.)
«EGILUVCHAN daraxtni shamol sindirmaydi». Bu maqolga binoan, ba’zi daraxtlar o‘sishi uchun egiluvchanlik kabi muhim xususiyatga ega bo‘lishi kerak. Masihiylar ham ma’nan gullab-yashnashda davom etishi uchun egiluvchan, ya’ni moslashuvchan bo‘lishi lozim. Qanaqasiga? O‘zgargan vaziyatlarga moslashish hamda boshqalarning nuqtai nazari va qarorini hurmat qilish orqali mulohazakorlikni namoyon etishimiz darkor.
2. O‘zgargan vaziyatga moslashishga qaysi fazilatlar yordam beradi va bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?
2 Yahovaning xizmatchilari ekanmiz, mulohazakor bo‘lishni istaymiz. Qolaversa, kamtarin va rahmdil bo‘lishni ham xohlaymiz. Ushbu maqolada qay yo‘sin bu fazilatlar ayrim masihiylarga o‘zgargan vaziyatlariga moslashishga ko‘maklashganini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, bu fazilatlar bizga ham qanday yordam berishi haqida so‘z yuritamiz. Keling, avval, mulohazakorlikda a’lo o‘rnak bo‘lmish Yahova hamda Isodan nimani o‘rganishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.
YAHOVA VA ISO MULOHAZAKOR
3. Yahova mulohazakor ekanini qayerdan bilamiz?
3 Yahova «Qoya» deb atalgan, sababi U barqaror va mahkam bo‘lishda eng a’lo namunadir. (Qonun. 32:4) Lekin shu bilan birga Yahova mulohazakor. Dunyodagi vaziyatlar o‘zgarayotganiga qaramay U moslashib, va’dalari amalga oshishiga g‘amxo‘rlik qilyapti. Yahova insonlarni O‘ziga monand qilib yaratgan. Demak, biz o‘zgarayotgan vaziyatlarga moslasha olamiz. U Muqaddas Kitob orqali taqdim etayotgan prinsiplar qanday qiyinchiliklarga duch kelishimizdan qat’i nazar dono qaror chiqarishimizga yordam beradi. Yahovaning o‘rnagi va prinsiplari U nafaqat «Qoya», balki mulohazakor ham ekanini yaqqol ko‘rsatyapti.
4. Yahova mulohazakor ekanini ko‘rsatuvchi misol keltiring. (Levilar 5:7, 11)
4 Yahovaning tutgan yo‘li U mukammal va mulohazakor ekanini ko‘rsatadi. Odamlar bilan munosabat qilganda, U hech qachon qattiqqo‘llik qilmaydi. Masalan, Xudo Isroil xalqiga nisbatan qay yo‘sin mulohazakorlikni namoyon etganiga e’tibor qarataylik. U odamlar boy bo‘ladimi yoki kambag‘almi, ulardan o‘sha-o‘sha qurbonlikni keltirishni talab qilmagan. Ba’zi hollarda Xudo har bir inson o‘z sharoitiga qarab qurbonlik keltirishiga yo‘l qo‘ygan. (Levilar 5:7, 11 ni o‘qing.)
5. Yahova kamtarin va rahmdil ekanini ko‘rsatuvchi misol keltiring.
5 Yahovaning kamtarinligi va rahmdilligi Uni mulohazakor bo‘lishga undaydi. Misol uchun, U Sado‘mning yovuz aholisini yo‘q qilmoqchi bo‘lganida kamtarlikni namoyon etgan. Yahova farishtalari orqali odil kishi bo‘lgan Lutga tog‘li hududga qochishni aytgan. Lekin u o‘sha yerga borishdan qo‘rqqan. Shunga Lut Yahovadan oilasi bilan vayron qilinishi kerak bo‘lgan Zo‘var nomli kichik shaharchaga qochishni iltimos qilib so‘ragan. Yahova O‘zinikida turib olib, Lut ko‘rsatmasiga bo‘ysunishi kerakligini aytmagan. Aksincha, Lutning iltimosini qabul qilib, unga Zo‘varga qochishiga yo‘l qo‘ygan va o‘sha shaharchani vayron qilmagan. (Ibt. 19:18–22) Asrlar o‘tgach, Yahova Nineviya aholisiga rahmdillik ko‘rsatgan. U Yunus payg‘ambarni shahar va uning yovuz aholisi tez orada yo‘q bo‘lishini e’lon qilishga yuborgan. Ammo nineviyaliklar tavba qilganidan keyin Yahova ularni kechirgan va shaharni vayron qilmagan. (Yunus 3:1, 10; 4:10, 11)
6. Iso Yahovaning mulohazakorligiga qanday taqlid qilgani borasida misol keltiring.
6 Iso Yahovaning mulohazakorligiga taqlid qilgan. U «adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqiga» va’z qilish uchun yer yuziga yuborilgan. Ammo bu vazifani bajarishda Iso mulohazakorlikni namoyon etgan. Bir safar isroillik bo‘lmagan ayol undan «jinga chalinib, juda qiynal»gan qiziga shifo berishini yolvorib so‘ragan. Iso rahmdillik ko‘rsatib, ayol so‘ragandek qizini davolagan. (Mat. 15:21–28) Mana boshqa misol. Xizmatining boshida Iso shunday degan: «Kimki boshqalar oldida meni inkor etsa, men ham uni... inkor etaman». (Mat. 10:33) Xo‘sh, Iso Butrus undan uch marta tonganidan keyin uni inkor etganmi? Yo‘q. Iso u tavba qilganini va sodiq kishi bo‘lganini inobatga olgan. Tirilganidan keyin Iso Butrusga ko‘ringan va, hoynahoy, uni kechirganiga hamda yaxshi ko‘rishiga ishontirgan. (Luqo 24:33, 34)
7. Filippiliklarga 4:5 ga binoan, qanday obro‘ orttirishni istaymiz?
7 Ko‘rib chiqqanimizday, Tangri Yahova va Iso Masih mulohazakor. Biz haqimizda nima desa bo‘ladi? Yahova bizdan ham mulohazakor bo‘lishimizni kutyapti. (Filippiliklarga 4:5 ni o‘qing.) Boshqa bir tarjimada bu oyat shunday o‘girilgan: «Mulohazakor inson sifatida obro‘ orttiring». O‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Odamlar meni mulohazakor, yon beruvchi va sabrli deb biladimi? Yoki menga qattiqqo‘l, qo‘pol yoki qaysar insonday qaraydimi? Boshqalar biron ishni men xohlaganday qilishini talab qilamanmi? Yoki ularni tinglab, agar vaziyat yo‘l qo‘ysa, yon beramanmi?» Qancha ko‘p mulohazakor bo‘lishga harakat qilsak, shuncha ko‘p Yahovaga va Isoga taqlid qilamiz. Keling, vaziyatimiz o‘zgarganida hamda boshqalarning nuqtai nazari va qarori biznikidan farq qilganida qay yo‘sin mulohazakor bo‘lishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.
VAZIYAT O‘ZGARGANIDA MULOHAZAKOR BO‘LING
8. Vaziyatimiz o‘zgarganida mulohazakor bo‘lishimizga nima yordam berishi mumkin? (Izohga ham qarang.)
8 Vaziyatimiz o‘zgarganida mulohazakor va moslashuvchan bo‘lish muhim. Bu kabi o‘zgarishlar biz uchun kutilmagan qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Masalan, jiddiy kasallikka chalinarmiz yoki biz yashayotgan hududda iqtisodiy yo siyosiy o‘zgarishlar yuz bergani tufayli hayotimiz yanada og‘irlashar. (Voiz 9:11; 1 Kor. 7:31) Qolaversa, tashkilotdagi vazifamizning o‘zgarishi ham biz uchun sinovga aylanishi mumkin. Qanday o‘zgarish bo‘lmasin quyidagi to‘rtta qadamga amal qilib, yangi vaziyatga moslasha olamiz: 1) vaziyatni borligicha qabul qiling, 2) kelajakka ko‘z tiking, 3) ijobiy narsalarga diqqat qarating va 4) boshqalarga ko‘maklashing b. Keling, bu qadamlar ba’zi imondoshlarimizga qanday yordam berganiga e’tibor qarataylik.
9. Qay yo‘sin bir juftlik kutilmagan qiyinchiliklarni yenga oldi?
9 Vaziyatni borligicha qabul qiling. Emanuyel va Francheska boshqa mamlakatga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar sifatida tayinlanishgandi. Ular tilni o‘rganib, yangi jamoatga endi ko‘nikishganida COVID-19 pandemiyasi boshlandi va bu tufayli ular boshqalar bilan yuzma-yuz ko‘risha olishmasdi. Keyin kutilmaganda Francheskaning onasi vafot etdi. U oila a’zolari bilan birga bo‘lishni juda xohlagandi, ammo pandemiya tufayli ularning yoniga bora olmagandi. Bunday qiyin paytda unga bardoshli bo‘lishga nima yordam berdi? Birinchidan, Emanuyel va Francheska har kungi qiyinchiliklarni yengish va haddan ortiq xavotirlanmaslik uchun donolik so‘rab ibodat qilishdi. Yahova tashkiloti orqali ularning ibodatiga o‘z vaqtida javob berdi. Masalan, bir videoda birodarimiz aytgan fikr ularga juda dalda berdi. U shunday degandi: «Yangi sharoitlarni qanchalik tez qabul qilsak, shunchalik tez quvonchimiz qaytadi. O‘shanda bu vaziyatdan unumli foydalana olamiz» c. Ikkinchidan, ular telefon orqali va’z qilish mahoratini oshirishga qaror qilishdi va hatto Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashdi. Uchinchidan, birodarlar mehr ila taqdim etgan dalda va ko‘makni qabul qilishdi. Mehribon bir opamiz yil davomida har kuni ularga oyati bor qisqagina xabar yuborgan. Biz ham yangi sharoitlarni qabul qilsak, qo‘limizdan kelgan ishni qilganimizdan mamnun bo‘lamiz.
10. Qanday qilib bir opamiz hayotidagi katta o‘zgarishga moslashdi?
10 Kelajakka ko‘z tiking va ijobiy narsalarga diqqat qarating. Ruminiyalik Kristina ismli opamiz Yaponiyada yashaydi. U qatnagan ingliz tilidagi yig‘ilish boshqa o‘tkazilmasligini eshitganida tushkunlikka tushgandi. Lekin u qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Kristina yapon tilidagi jamoatda faol xizmat qilish uchun qo‘lidan kelganini qilishga qaror qildi. U oldinlari birga ishlagan hamkasbidan yapon tilini yaxshiroq o‘zlashtirishga yordam berishini so‘radi. Hamkasbi yapon tilidagi Muqaddas Kitob va «Hayotdan toabad zavqlaning!» risolasidan foydalanib bu tilni o‘rgatishga rozi bo‘ldi. Bu nafaqat Kristinaga tilni yaxshiroq o‘rganishga, balki o‘sha hamkasbi haqiqatga qiziqish ko‘rsatishiga olib keldi. Ha, olg‘a intilib, ijobiy narsalarga diqqat qaratganimizda nogahon o‘zgarishlar yuz berganida kutilmagan barakalarga ega bo‘lamiz.
11. Iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan bir juftlikka nima yordam berdi?
11 Boshqalar uchun nimadir qiling. Bir juftlik mamlakatdagi inqiroz tufayli doimiy daromadidan ayrildi. Bu o‘zgarishga ular qanday moslasha oldi? Boshida ular hayotini soddalashtirishga harakat qilishdi. Keyin esa ular e’tiborini muammolarga emas, balki xizmatda band bo‘lish orqali boshqalarga yordam berishga qaratishdi. (Havor. 20:35) Birodarimiz shunday dedi: «Xizmatda band bo‘lish salbiy fikrlar haqida kamroq o‘ylashga va e’tiborimizni ko‘proq Xudoning irodasiga qaratishga yordam berdi». Vaziyatimiz o‘zgarganida boshqalarga yordam berishda davom etish muhimligini yodda tutishimiz lozim. Buni, ayniqsa, xizmat orqali qila olamiz.
12. Qanday qilib Pavlusning o‘rnagi xizmatda moslashuvchan bo‘lishimizga ko‘maklashadi?
12 Xizmatimizda moslashuvchan bo‘lishimiz muhim. Nega deganda, e’tiqodi, nuqtai nazari va kelib chiqishi turli bo‘lgan insonlarni uchratamiz. Havoriy Pavlus moslashuvchan bo‘lgan, biz ham undan o‘rnak olishimiz mumkin. Iso uni «o‘zga xalqlar» uchun havoriy etib tayinlagan. (Rim. 11:13) Shu yo‘sin, Pavlus yahudiylarga, yunonlarga, o‘qimishli va oddiy insonlarga, mansabdor hamda shohlarga va’z qilgan. Bunday har xil insonlarning qalbini zabt etish uchun Pavlus «har turli insonlar uchun hamma narsa bo‘l»gan. (1 Kor. 9:19–23) U odamlarning madaniyati, kelib chiqishi va e’tiqodiga ahamiyat berib moslashgan va shunga qarab ularga ta’lim bergan. Biz ham moslashuvchan bo‘lsak va har bir insonga yordam berish uchun eng yaxshisini qilishga intilsak, va’zgo‘ylikda mahoratimizni oshira olamiz.
BOSHQALARNING NUQTAI NAZARINI HURMAT QILING
13. Boshqalarning nuqtai nazarini hurmat qilsak, 1 Korinfliklarga 8:9 da aytilgan qaysi xavfdan qochgan bo‘lamiz?
13 Mulohazakorlik boshqalarning nuqtai nazarini hurmat qilishimizga ham yordam beradi. Misol uchun, ba’zi opalarimiz pardoz-andoz qilishni xush ko‘radi, boshqalari esa yo‘q. Ayrimlar spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilishni yoqtiradi, boshqalar esa umuman ichmaslikka qaror qiladi. Barcha masihiylar sog‘lom bo‘lishni istaydi, lekin turli davolanish usulini tanlaydi. Nuqtai nazarimizni doim to‘g‘ri deb hisoblasak va buni jamoatdagilarga singdirishga harakat qilsak, boshqalarni qoqintirishimiz hamda bo‘linishlarni yuzaga keltirishimiz mumkin. Albatta, bunday qilishni aslo istamaymiz! (1 Korinfliklarga 8:9 ni o‘qing; 10:23, 24) Hozir ikkita misolga e’tibor beramiz. Ulardan Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni qo‘llash qay yo‘sin muvozanatni va tinchlikni saqlashga yordam berishi mumkinligini ko‘ramiz.
14. Kiyinish va tashqi ko‘rinish borasida Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsiplarni yodda tutishimiz lozim?
14 Kiyinish va tashqi ko‘rinish. Yahova kiyinish borasida qat’iy qoidalar o‘rnatishning o‘rniga biz uchun prinsiplarni taqdim etgan. Shunday ekan, mulohazakorlikni namoyon etib, or-nomus va «fahm-farosat» bilan Xudoning xizmatchilariga muvofiq tarzda kiyinamiz. (1 Tim. 2:9, 10; 1 Butr. 3:3) Shuning uchun kiyinish tarzimiz bilan boshqalarning e’tiborini o‘zimizga haddan tashqari qaratmaymiz. Muqaddas Kitobdagi prinsiplar oqsoqollarga ham kiyinish va soch turmagi borasida shaxsiy qoidalar o‘rnatmaslikka ko‘maklashadi. Masalan, bitta jamoatda ayrim yosh birodarlar keng tarqalgan soch turmagini qilishgan, ya’ni ularning sochi uzun bo‘lmasa-da betartib ahvolda bo‘lgan. Bu jamoatning oqsoqollari ularga yordam bermoqchi edi. Xo‘sh, oqsoqollar qoida o‘rnatmay, buni qanday qila olishdi? Tuman noziri o‘sha birodarlarga shunday deb aytishni maslahat berdi: «Agar sahnaga chiqqaningizda, tinglovchilar e’tiborini ko‘proq nima deb aytayotganingizga emas, ko‘rinishingizga qaratsa, demak, kiyinish tarzingiz va tashqi ko‘rinishingiz bilan muammo bor». Bu oddiy so‘zlar qoida o‘rnatmay, masalani hal qilishga ko‘maklashdi d.
15. Muqaddas Kitobdagi qaysi qonunlar va prinsiplar sog‘ligimiz masalasida qaror chiqarishimizga yordam beradi? (Rimliklarga 14:5)
15 Sog‘likka g‘amxo‘rlik qilish. Har bir masihiy o‘z sog‘ligiga qay yo‘sin g‘amxo‘rlik qilish borasida shaxsan qaror chiqarishi lozim. (Galat. 6:5) Qondan va sehr-jodudan saqlanish kabi Muqaddas Kitobdagi faqat muayyan qonunlar masihiylarning davolanish usulini tanlashiga ta’sir qiladi. (Havor. 15:20; Galat. 5:19, 20) Boshqa hollarda esa ular shaxsiy qaror chiqaradi. Ba’zilar sog‘ligiga g‘amxo‘rlik qilish uchun shifokorlarga murojaat qilsa, boshqalar esa bundan farq qiladigan davolanish usulini tanlashi mumkin. U yoki bu davolanish usuliga munosabatimiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar imondoshlarimizning bu boradagi qarorini hurmat qilishimiz kerak. Quyidagi fikrlarni yodda saqlashimiz darkor: 1) faqatgina Xudo Shohligining boshqaruvi ostida kasalliklardan barchamiz butunlayin va uzil-kesil qutulamiz. (Ishayo 33:24) 2) Har bir masihiy sog‘ligi masalasida u uchun nima eng yaxshi ekaniga amin bo‘lishi lozim. (Rimliklarga 14:5 ni o‘qing.) 3) Boshqalarni hukm qilmaymiz va ularni qoqintirishi mumkin bo‘lgan hech qanday ishga qo‘l urmaymiz. (Rim. 14:13) 4) Masihiylar sevgi namoyon etishadi va jamoatdagi birlik shaxsiy fikrlaridan muhimroq ekanini tushunishadi. (Rim. 14:15, 19, 20) Agar bu fikrlarni yodda saqlasak, imondoshlarimiz bilan yakdil bo‘lamiz va jamoatning tinchligiga hissa qo‘shamiz.
16. Oqsoqol boshqa oqsoqollar bilan munosabat qilganida qay yo‘sin mulohazakor ekanini namoyon eta oladi? (Rasmga ham qarang.)
16 Oqsoqollar mulohazakor bo‘lishda yaxshi o‘rnak ko‘rsatishlari lozim. (1 Tim. 3:2, 3) Masalan, oqsoqol yoshi katta bo‘lgani uchungina boshqa oqsoqollar uning fikrlarini doim qabul qilishini kutmasligi kerak. U Yahovaning ruhi oqsoqollar kengashining har bir a’zosiga ta’sir qilishini va dono qaror chiqarilishida har biri o‘z hissasini qo‘sha olishini tushunadi. Qolaversa, Muqaddas Kitobdagi prinsip buzilmayotgan bo‘lsa, mulohazakor oqsoqollar boshqacha qaror tarafdori bo‘lishsa-da, kengashdagi aksariyat oqsoqollar chiqargan qarorni bajonidil qo‘llab-quvvatlashadi.
MULOHAZAKOR BO‘LISHNING FOYDASI
17. Mulohazakor bo‘lsak qanday barakalarga ega bo‘lamiz?
17 Masihiylar mulohazakor bo‘lib ko‘p barakalarga ega bo‘ladi. Ha, birodar-u opa-singillarimiz bilan munosabatlarimiz yanada yaqinlashadi va jamoatda tinchlik hukm suradi. Qolaversa, Yahovaning ahil oilasidagi shaxsiyati va madaniyati turlicha bo‘lgan insonlar bilan birga xizmat qilishdan mamnuniyat topamiz. Eng muhimi, mulohazakor Tangrimiz Yahovaga taqlid qilayotganimizni bilish bizga ulkan baxt keltiradi.
90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik
a Yahova hamda Iso mulohazakor. Biz ham bu fazilatni rivojlantirishni istaymiz. Agar mulohazakor bo‘lsak, o‘zgargan vaziyatda, masalan, sog‘ligimiz yoki moddiy ahvolimiz bilan bog‘liq o‘zgarishlar yuz berganda moslashish osonroq bo‘ladi. Shuningdek, bu fazilatni namoyon etib, jamoatdagi tinchlik va birlikka hissa qo‘shamiz.
b «Uyg‘oning!» № 4, 2016-yil (rus) sonidagi «Hayotdagi o‘zgarishlarga qanday nuqtai nazarda bo‘lish kerak?» nomli maqolaga qarang.
c Ushbu videoni tomosha qilish uchun jw.org saytida «Izlash» satriga «Dmitriy Mixaylov bilan intervyu» deb yozing.
d «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli kitobning 52-darsidan kiyinish va tashqi ko‘rinish borasida ko‘proq bilib oling.