30-TADQIQ MAQOLASI
Sevgingiz oshib boraversin
Hamma narsada sevgi orqali o‘sib boraylik. (EFES. 4:15)
2-QO‘SHIQ Ismingdir Yahova
BU MAQOLADA a
1. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganingizda qanday haqiqatlarni bilib olgansiz?
MUQADDAS KITOBNI tadqiq qilishni boshlagan paytlaringiz esingizdami? Ehtimol, Xudoning ismi borligini bilib hayron qolgandirsiz. Yoki Alloh odamlarni do‘zaxda qiynamasligini bilish sizga taskin bergandir. Yo bo‘lmasa, hayotdan ko‘z yumgan yaqinlaringizni yana ko‘rish va ular bilan birga yer yuzida jannatda yashash imkoni borligini bilib to‘lqinlangandirsiz.
2. Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni bilib olishdan tashqari ma’nan o‘sish uchun yana nimalar qilgansiz? (Efesliklarga 5:1, 2)
2 Xudoning Kalomini tadqiq qilganingiz sayin Yahovaga bo‘lgan sevgingiz oshgan. Bu sevgi bilib olganlaringizni amalda qo‘llashga undagan. Siz Muqaddas Kitobdagi prinsiplar asosida yaxshiroq qarorlar chiqargansiz. Qolaversa, Allohni mamnun qilish uchun fikrlash tarzingizni va xulq-atvoringizni yaxshilagansiz. Kichkina bolakay mehribon ota-onasiga taqlid qilgani kabi siz ham samoviy Otangizga taqlid qilgansiz. (Efesliklarga 5:1, 2 ni o‘qing.)
3. O‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?
3 O‘zimizdan quyidagicha so‘rashimiz mumkin: «Endi masihiy bo‘lgan paytimga qaraganda hozir Yahovani ko‘proq yaxshi ko‘ramanmi? Suvga cho‘mganimdan beri, ayniqsa, birodar-u opa-singillarga sevgi namoyon etish orqali Yahova kabi fikrlab, yo‘l tutayotganim ko‘rinyaptimi?» Agar nimadir tufayli ilk muhabbatingiz sovigan bo‘lsa, tushkunlikka tushmang. Birinchi asrdagi masihiylar bilan ham bu narsa yuz bergan. Lekin Iso ularni rad etmagan. Shunday ekan, u bizni ham rad etmaydi. (Vah. 2:4, 7) Sababi, u haqiqatni bilib olganimizda his qilgan sevgimizni yana alangalatishimiz mumkinligini biladi.
4. Bu maqoladan nimalarni bilib olamiz?
4 Ushbu maqolada Yahovaga hamda boshqalarga bo‘lgan sevgimizni oshirishda qanday davom etishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, sevgimizni kuchaytirganimizda biz va boshqalar ega bo‘ladigan ba’zi barakalar haqida so‘z yuritamiz.
YAHOVAGA BO‘LGAN SEVGINGIZNI OSHIRING
5, 6. Havoriy Pavlus xizmati davomida qanday qiyinchiliklarga duch kelgan, lekin taslim bo‘lmaslikka unga nima ko‘maklashgan?
5 Havoriy Pavlus Yahovaga xizmat qilishdan baxtiyor edi, ammo shu bilan birga u ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. U tez-tez uzoq safarlarga chiqqan. O‘sha paytlarda bu oson bo‘lmagan. Pavlus safarlarda ba’zida daryolarda va qaroqchilar dastidan xavf ostida qolgan. Shuningdek, dushmanlari uni do‘pposlagan paytlar ham bo‘lgan. (2 Kor. 11:23–27) Pavlus imondoshlarga yordam berish uchun chin dildan qilgan harakatlarini ular doim ham qadrlashmagan. (2 Kor. 10:10; Filip. 4:15)
6 Yahovaga xizmat qilishda davom etishga Pavlusga nima yordam bergan? U Muqaddas Yozuvlardan va boshdan o‘tkazganlaridan Yahovaning shaxsiyati haqida ko‘p narsalarni bilib olgan. Bu esa unga Tangri Yahova uni yaxshi ko‘rishiga aminlik bergan. (Rim. 8:38, 39; Efes. 2:4, 5) Natijada uning Yahovaga bo‘lgan sevgisi oshgan. Pavlus sevgisini «muqaddas kishilarga» xizmat qilishda davom etish orqali namoyon etgan. (Ibron. 6:10)
7. Yahovaga bo‘lgan sevgimizni kuchaytirishning yo‘llaridan biri qanday?
7 Xudoga bo‘lgan sevgini Uning Kalomini puxta tadqiq qilish orqali kuchaytira olamiz. Muqaddas Kitobni o‘qiganingizda har bir oyat Yahova haqida nimani ochib berayotganini ko‘rishga intiling. O‘zingizga shunday savollar bering: «Qanday qilib bu bayonotdan Yahova meni sevishini ko‘ryapman? Bu oyatlarda Yahovani yaxshi ko‘rishim uchun qanday sabablar bor?»
8. Qanday qilib ibodat Xudoga bo‘lgan sevgimizni oshirishga yordam berishi mumkin?
8 Yahovaga bo‘lgan sevgimizni oshirishning yana bir yo‘li — ibodatda Unga yuragimizni ochishdir. (Zab. 25:4, 5) Yahova o‘z navbatida ibodatlarimizga javob beradi. (1 Yuhan. 3:21, 22) Osiyolik Xanna ismli opamiz shunday dedi: «Boshida Yahovaga bo‘lgan sevgim bilimga asoslangan edi. Lekin U ibodatlarimga qanday javob berayotganini ko‘rganim sayin bu sevgim yanada mustahkamlandi. Bu meni Unga ma’qul keladigan ishlarni qilishga undadi» b.
BOSHQALARGA BO‘LGAN SEVGINGIZNI OSHIRING
9. Qay yo‘sin Timo‘tiy birodar-u opa-singillarga bo‘lgan sevgisini kuchaytirgan?
9 Pavlus masihiy bo‘lganidan ko‘p vaqt o‘tmay, Timo‘tiy ismli yosh yigitni uchratgan. U Yahovani va boshqalarni yaxshi ko‘rgan. Pavlus Filippida yashovchilarga: «[Timo‘tiy]... kabi fe’l-atvorga ega bo‘lgan, sizlar uchun chin dildan g‘am cheka oladigan boshqa hech kimim yo‘q»,— deb yozgan. (Filip. 2:20) Bu yerda u Timo‘tiyning tashkilotchi yoki ma’ruzachi sifatidagi qobiliyatlari haqida aytmagan. Uning birodar-u opa-singillarga bo‘lgan sevgisi Pavlusda katta taassurot qoldirgani shubhasiz. Ha, Timo‘tiy birga xizmat qilgan imondoshlar uning tashriflarini intiqib kutishgan. (1 Kor. 4:17)
10. Anna va turmush o‘rtog‘i imondoshlarga bo‘lgan sevgini qanday namoyon etishdi?
10 Imondoshlarimizga yordam berishning yo‘llarini izlashimiz lozim. (Ibron. 13:16) O‘tgan maqolada tilga olingan Annaning misoliga e’tibor beraylik. Kuchli bo‘rondan keyin u va turmush o‘rtog‘i imondoshlarinikiga borishgan va uyining tomi vayron bo‘lganini ko‘rishgan. Buning dastidan imondoshlarining toza kiyimi yo‘q edi. Anna quyidagicha dedi: «Biz ularning kiyimlarini olib yuvdik, dazmollab taxlangan holda qaytardik. Bu oddiy ish edi. Lekin harakatlarimiz kuchli do‘stlik rishtalari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi». Anna va turmush o‘rtog‘ining imondoshlarga bo‘lgan sevgisi ularni amaliy yordam ko‘rsatishga undadi. (1 Yuhan. 3:17, 18)
11. a) Sevgimizni aks ettiruvchi harakatlar boshqalarga qanday ta’sir qilishi mumkin? b) Hikmatlar 19:17 ga binoan, sevgi namoyon etganimizda Yahova bunga qanday qaraydi?
11 Boshqalarga sevgi va mehribonlik ila munosabat ko‘rsatganimizda, ular ko‘pincha biz Yahova kabi fikr yuritishimizga va yo‘l tutishimizga e’tibor berishadi. Mehribonlik ila qilgan harakatlarimiz uchun ular juda minnatdor bo‘lishi mumkin va bu haqda biz hech qachon bilmasmiz. Yuqorida tilga olingan Xanna unga yordam bergan insonlarni iliq xotiralar bilan eslaydi. U shunday deb bo‘lishdi: «Meni xizmatga taklif qilgan barcha qadrdon opalarimizdan minnatdorman. Ular meni uyimdan olib ketishardi, choy-poyga yoki tushlikka taklif qilishardi va uyimgacha kuzatib qo‘yishardi. Bu qanchalik ko‘p harakatlar talab qilganini tushunyapman. Opalarimiz buni sevgi ila qilishgan». Albatta, hamma ham yaxshiliklarimiz uchun minnatdorchilik bildirmas. Xanna unga yordam berganlar haqida shunday dedi: «Imondoshlarimning barcha yaxshiliklarini qaytarishni istardim. Ammo ular qayerda yashashini bilmayman, biroq Yahova biladi va o‘rnimga yaxshiliklarini qaytarishi uchun ibodat qilaman». Xanna to‘g‘ri fikrda. Yahova mehribonlik ila qilgan, hatto kichik ishimizni ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. U buni bebaho fidoyilik hamda qarz, deb biladi va buni albatta qaytaradi. (Hikmatlar 19:17 ni o‘qing.)
12. Birodarlar jamoatdagilarga sevgisini qanday ko‘rsatishlari mumkin? (Rasmga ham qarang.)
12 Agar siz birodar bo‘lsangiz, boshqalarga sevgingizni qanday ko‘rsatishingiz va ularga qay yo‘sin yordam berishingiz mumkin? Jordan ismli yosh birodar oqsoqoldan jamoatga qanday qilib ko‘proq yordam bera olishini so‘radi. Oqsoqol uni erishgan yutuqlari uchun maqtab, keyin qay yo‘sin ko‘proq qila olishi haqida maslahat berdi. Misol uchun, u Jordanga Yig‘ilish zaliga ertaroq kelib boshqalar bilan salomlashishni, yig‘ilishlarda qatnashishni hamda va’zgo‘ylik guruhi bilan muntazam va’z qilishni va boshqalarga yordam berishning amaliy yo‘llarini izlashni taklif qildi. Jordan bu maslahatni qo‘llaganida, u nafaqat yangi ko‘nikmalarni o‘rgandi, balki birodar-u opa-singillarga bo‘lgan sevgisini ham oshirdi. Jordan shuni tushundiki, birodar jamoat xizmatkori bo‘lsa, boshqalarga yordam berishni boshlamaydi, aksincha, davom ettiradi. (1 Tim. 3:8–10, 13)
13. Qay yo‘sin sevgi Kristianni yana oqsoqol bo‘lishga undadi?
13 Agar oldin jamoat xizmatkori yoki oqsoqol sifatida xizmat qilgan bo‘lsangiz-chi? Yahova mehnatingizni va bunga turtki bo‘lgan sevgingizni yodida saqlaydi. (1 Kor. 15:58) U sevgi ko‘rsatishda davom etayotganingizni ham nazaridan chetda qoldirmayapti. Kristian ismli birodar boshqa oqsoqol emasligi haqida eshitganida tushkunlikka tushgan. U shunday dedi: «Oqsoqolmanmi yoki yo‘qmi, Yahovaga bo‘lgan sevgim tufayli xizmatda qo‘limdan kelganini qilishga qaror qildim». Vaqt o‘tib, u yana oqsoqol etib tayinlandi. Kristian quyidagicha bo‘lishdi: «Boshida oz-moz xavotirlangandim. Lekin Yahova menga rahm-shafqat ko‘rsatib, yana oqsoqol bo‘lib xizmat qilishimga yo‘l qo‘ygan ekan, Uni va imondoshlarimizni yaxshi ko‘rganim uchun bu vazifani bajarishga qaror qildim».
14. Gruziyalik opamizning so‘zlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?
14 Yahovaning xizmatchilari yaqinlariga ham sevgi namoyon etadi. (Mat. 22:37–39) Misol uchun, gruziyalik Yelena opamiz shunday dedi: «Boshida meni xizmat qilishga faqatgina Yahovaga bo‘lgan sevgi undardi. Lekin samoviy Otajonimga bo‘lgan sevgim oshgani sayin insonlarga bo‘lgan sevgim ham ortib borardi. Ular qanday muammolarga duch kelayotgani va ularning qalbini qaysi mavzular zabt etishi haqida o‘ylashga harakat qilardim. Bunday qilganim sayin ularga yordam berish istagim kuchayardi». (Rim. 10:13–15)
BOSHQALARGA SEVGI KO‘RSATISHNING BARAKALARI
15, 16. Rasmlarda ko‘rsatilganiday, boshqalarga sevgi namoyon etish qanday barakalar keltiradi?
15 Imondoshlarimizga sevgi ko‘rsatganimizda boshqalar ham foyda oladi. COVID-19 pandemiyasi boshlangach, Paolo va uning xotini ko‘pgina yoshi katta opalarimizga elektron qurilmalar orqali va’z qilishni o‘rganishga ko‘maklashishdi. Bir opamiz avvaliga qurilmasidan foydalanishga qiynaldi. Lekin oxiri buning uddasidan chiqdi. U Qutlug‘ Kechlik marosimiga qarindoshlarini taklif qila oldi. Ularning oltmishtasi videokonferensiya orqali marosimga ulandi. O‘sha opamiz va uning qarindoshlari bu juftlikning harakatlaridan ko‘p foyda olishdi. Keyinchalik, opamiz Paologa quyidagicha yozdi: «Biz yoshi kattalarga ta’lim berganingiz uchun rahmat. Yahovaning bunday g‘amxo‘rligini va tinimsiz mehnatingizni hech qachon unutmayman».
16 Paolo shu kabi vaziyatlardan muhim saboq oldi. Bu unga sevgi bilim yoki tabiiy qobiliyatdan muhimroq ekanini eslatdi. U shunday deb bo‘lishdi: «Men tuman noziri bo‘lib xizmat qilardim. Shuni tushundimki, birodar-u opa-singillarim aytgan nutqlarimni unutgan bo‘lishi mumkin, lekin bergan yordamim haliyam ularning yodida».
17. Boshqalarga sevgi ko‘rsatganimizda yana kimlar foyda oladi?
17 Boshqalarga sevgi ko‘rsatib, o‘zimiz ham kutilmagan tarzda foyda olamiz. Yangi Zelandiyada yashaydigan Jonatan birodarimiz bunga amin bo‘lgan. Bir safar shanba kuni tushlikdan keyin u bitta kashshof birodarimiz jazirama issiqda xizmat qilib ketayotganini ko‘rgan. Jonatan u bilan hamkorlik qilishga qaror qilgan. O‘shanda u mehribonlik ila qilgan bu harakati unga qanchalik foyda keltirishini hatto xayoliga ham keltirmagan. Jonatan shuni tan oldi: «O‘sha paytlari va’z qilishni yoqtirmasdim. Ammo birodarimizning ta’lim berish usuli va samarali xizmati va’zgo‘ylikka bo‘lgan sevgimni uyg‘otdi. Shuningdek, yaqin do‘stga ega bo‘ldim. U menga ma’nan o‘sishga, xizmatdan zavq olishga va Yahovaga yaqinlashishga yordam berdi».
18. Yahova nima qilishimizni istaydi?
18 Yahova Unga va boshqalarga bo‘lgan sevgimizni oshirishimizni istaydi. Bilib olganimizdek, Kalomni o‘qish, uning ustida mulohaza yuritish va Yahovaga muntazam ibodat qilish orqali Unga bo‘lgan sevgimizni mustahkamlay olamiz. Shuningdek, birodar-u opa-singillarimizga amaliy yo‘llar orqali ko‘maklashib, ularga bo‘lgan sevgimizni oshiramiz. Sevgimiz oshgani sayin Yahovaga hamda ma’naviy oilamizga yanada yaqinlashamiz. Bu do‘stlikdan esa abadiy bahra olamiz!
109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi
a Haqiqatga endi kelganmizmi yoki Yahovaga anchadan beri xizmat qilamizmi, har birimiz ma’nan o‘sishda davom etishimiz mumkin. Ushbu maqolada bunday qilishimiz mumkinligining muhim bir yo‘li, ya’ni Yahovaga va imondoshlarimizga bo‘lgan sevgini oshirish haqida so‘z yuritamiz. Bu maqolani ko‘rib chiqar ekanmiz, qanchalik ma’nan o‘sganingizga va bu borada yana nimalar qila olishingizga diqqat qarating.
b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.