40-TADQIQ MAQOLASI
Butrus kabi sabotli bo‘la olasiz
Hazratim, men yoningizda bo‘lishga arzimayman. Chunki gunohkor odamman. (LUQO 5:8)
38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi
BU MAQOLADA a
1. Butrus mo‘jizaviy tarzda ko‘p baliq ovlaganda, o‘zini qanday his qilgan?
BUTRUS kechasi bilan to‘r tashlab baliq ovlay olmagan. Iso unga: «Chuqurroq joyga suzib borib, to‘rlaringizni tashlanglar»,— degan. (Luqo 5:4) Butrus baliq ovlay olishidan shubhalangan bo‘lsa ham Iso aytganiday qilgan. U va boshqa kishilar juda ko‘p baliq ovlaganidan to‘rlari yirtila boshlagan. Ular Iso mo‘jiza ko‘rsatganini anglashgan va ularni vahima bosgan. Shunda Butrus: «Hazratim, men yoningizda bo‘lishga arzimayman. Chunki gunohkor odamman»,— degan. (Luqo 5:6–9) Hoynahoy, Butrus Isoning yonida bo‘lishga o‘zini noloyiq his qilgan.
2. Nega Butrusning misolini ko‘rib chiqish foydali?
2 Butrus o‘zini «gunohkor odamman» deb to‘g‘ri aytgan. Muqaddas Yozuvlarda u ko‘p marotaba keyinchalik afsuslanishiga sabab bo‘lgan gaplarni aytgani yoki ishlarni qilgani haqida yozilgan. Siz ham ba’zan o‘zingizni Butrusday his qilasizmi? Qaysidir kamchilik yoki gunoh qilish moyilligi bilan kurashib kelyapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, Butrusning misolini ko‘rib chiqish sizga dalda berishi mumkin. Qanaqasiga? Quyidagi narsani e’tiboringizdan chetda qoldirmang. Butrusning kamchiliklari Muqaddas Kitob bayonotlaridan tushirib qoldirilishi mumkin edi. Biroq ular ilohiy ilhom ostida biz saboq olishimiz uchun yozib qoldirilgan. (2 Tim. 3:16, 17) Biz kabi moyilliklarga va tuyg‘ularga ega bo‘lgan insonning misolini ko‘rib chiqish, Yahova insonlardan mukammallikni kutmayotganini tushunishimizga ko‘maklashadi. U zaifliklarimiz bilan kurashayotganda sabotli bo‘lishimizni, ya’ni taslim bo‘lmasligimizni kutadi.
3. Nima uchun sabotli bo‘lishimiz kerak?
3 Nega sabotli bo‘lishimiz muhim? «Tajriba kamolot yaratar» degan maqol bor. Masalan, musiqachi biror asbobda chalishni o‘rganish uchun ko‘plab yillar sarflaydi. Bu vaqt davomida u notalarni minglab marotaba noto‘g‘ri olishi mumkin. Lekin harakatdan to‘xtamasa u yaxshilanadi. Mohir musiqachi bo‘lgandan keyin ham u vaqti-vaqti bilan xato qilib turishi mumkin. Shunda ham u bo‘shashmaydi. Yanada yaxshilanish uchun mashq qilishda davom etadi. Xuddi shunga o‘xshab qaysidir zaiflikni yengganimizdan keyin ham unga yana qo‘l urishimiz hech gap emas. Ammo bu borada yaxshilanishdan to‘xtamaymiz. Barchamiz keyin afsuslanadigan biror ish qilamiz yoki gap aytamiz. Nima bo‘lganda ham taslim bo‘lmasak, Yahova yaxshilanishimizga yordam beradi. (1 Butr. 5:10) Butrusning sabotli bo‘lish borasidagi misolini ko‘rib chiqaylik. Iso uning kamchiliklariga qaramay rahm-shafqat ko‘rsatgani bizni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtamaslikka undashi mumkin.
BUTRUSNING QIYINCHILIKLARI VA BARAKALARI
4. Luqo 5:5–10 ga ko‘ra, Butrus o‘zi haqida nima degan, lekin Iso uni nimada ishontirgan?
4 Muqaddas Yozuvlarda Butrus nega o‘zini gunohkor odam deganining sababi yoki u qaysi gunohlarni nazarda tutgani aytilmagan. (Luqo 5:5–10 ni o‘qing.) Biroq u ba’zi jiddiy xatolarga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin. Iso Butrus, balki o‘zini yetarlicha yaxshi deb bilmagani uchun qo‘rqqanini va shu bilan birga u sodiq bo‘lib qolishi mumkinligini ham bilgan. Shu bois Iso unga: «Qo‘rqmang»,— deb mehr ila aytgan. Iso Butrusga ishongan va bu unga hayotini o‘zgartirishga ko‘maklashgan. Butrus va ukasi Idris keyinchalik baliqchilik ishini qoldirishgan va Masihning to‘la vaqtli izdoshlari bo‘lishgan. Bu ajoyib barakalar keltirgan. (Mark 1:16–18)
5. Butrus odamlar oldidagi qo‘rquvni yengib, Isoning taklifini qabul qilganida qanday barakalarga ega bo‘lgan?
5 Masihning izdoshi sifatida Butrus ko‘pgina ajoyib voqealarning guvohi bo‘lgan. U Iso kasallarni sog‘aytirganini, jinlarni quvib chiqarganini va hatto o‘lganlarni tiriltirganini ko‘rgan. (Mat. 8:14–17; Mark 5:37, 41, 42) b Shuningdek, Butrus vahiyda Isoning osmon Shohligidagi bo‘lajak ulug‘vorligini ko‘rgan va bu unda kuchli taassurot qoldirgan. (Mark 9:1–8; 2 Butr. 1:16–18) Darhaqiqat, agar Butrus Masihning izdoshi bo‘lmaganida bularni hech qachon ko‘ra olmasdi. U o‘ziga bo‘lgan salbiy tuyg‘ular uni bu barakalardan mahrum qilishiga yo‘l qo‘ymaganidan nihoyatda baxtiyor bo‘lgani shubhasiz.
6. Butrus zaifliklarini darrov yenga olganmi? Tushuntiring.
6 Butrus ko‘rgan va eshitgan narsalariga qaramasdan zaifliklari bilan kurashishda davom etgan. Bir nechta misolni ko‘rib chiqaylik. Iso bashoratda yozilganidek, azob chekib o‘lishi haqida tushuntirganida Butrus unga ta’na qilgan. (Mark 8:31–33) Butrus va boshqa havoriylar oralarida kim eng buyuk ekani borasida qayta-qayta bahslashgan. (Mark 9:33, 34) Isoning o‘limidan oldingi kechada Butrus tuyg‘ularga berilib, bir kishining qulog‘ini kesib tashlagan. (Yuhan. 18:10) O‘sha kechada Butrus qo‘rquvga berilib, do‘sti Isoni tanimayman deb undan uch marta tongan. (Mark 14:66–72) Bundan so‘ng Butrus achchiq-achchiq yig‘lagan. (Mat. 26:75)
7. Isoning tirilganidan keyin Butrus qanday imkoniyatga ega bo‘lgan?
7 Iso ruhi tushgan bu havoriydan umidini uzmagan. U tirilganidan keyin Butrusga uni sevishini yana bir bor namoyon etishga imkon bergan. Iso unga qo‘zichoqlarini boqib, kamtarlik ila xizmat qilishni taklif qilgan. (Yuhan. 21:15–17) Butrus buni bajonidil qabul qilgan. U Quddusda Hosil bayramida bo‘lgan va birinchilardan bo‘lib muqaddas ruh bilan moylangan.
8. Butrus Antioxiyada qanday jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan?
8 Hatto moylangan masihiy bo‘lganidan keyin ham Butrus kamchiliklari bilan kurashishda davom etgan. Mil. 36-yili o‘zga millat vakili bo‘lmish sunnat qilinmagan Korniliy muqaddas ruh bilan moylanganida Butrus buning guvohi bo‘lgan. Bu «Xudo yuzxotirchilik» qilmasligini va endilikda o‘zga xalq vakillari ham imonlilar jamoatiga qo‘shilishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatgan. (Havor. 10:34, 44, 45) Bundan so‘ng Butrus bemalol ular bilan birga ovqatlana boshlagan. U oldin bunday qilmagan. (Galat. 2:12) Bunga qaramay, ba’zi yahudiy masihiylar yahudiylar bilan o‘zga xalq vakillari birga ovqatlanmasligi kerak deb hisoblagan. Bunday nuqtai nazarga ega bo‘lgan ba’zilar Antioxiyaga kelganida, hoynahoy, yahudiy masihiylarni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqib, Butrus o‘zga xalq vakili bo‘lgan birodarlari bilan ovqatlanmay qo‘ygan. Bu ikkiyuzlamachilikning guvohi bo‘lgan Pavlus hammaning oldida Butrusga tanbeh bergan. (Galat. 2:13, 14) Ushbu xatosiga qaramay Butrus sabotli bo‘lgan. Bunda unga nima yordam bergan?
BUTRUSGA SABOTLI BO‘LISHGA NIMA YORDAM BERGAN?
9. Yuhanno 6:68, 69 da Butrusning sadoqati qanday aks etgan?
9 Butrus sadoqatli bo‘lgan. U Isoning orqasidan ergashishiga hech narsa xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymagan. Bir safar shogirdlar Isoning so‘zlarini tushunishmaganida Butrus sadoqatini namoyon etgan. (Yuhanno 6:68, 69 ni o‘qing.) U aytgan so‘zlarning ma’nosini tushunishning yoki izlashning o‘rniga ko‘plar Isoni tashlab ketgan. Butrus esa bunday qilmagan va faqatgina Isoda «abadiy hayotning so‘zlari» borligini tan olgan.
10. Iso Butrusga ishonganini qanday ko‘rsatgan? (Rasmga ham qarang.)
10 Iso Butrusdan voz kechmagan. U yer yuzidagi hayotining so‘nggi kechasida Butrus va boshqa havoriylar uni tashlab ketishini bilgan. Shunday bo‘lsa ham Butrus qaytib, sadoqatli bo‘lib qolishiga u ishonch bildirgan. (Luqo 22:31, 32) Iso «ruh tetik, tana esa zaif» ekanini tushungan. (Mark 14:38) Shu bois hatto Butrus Isodan tongan bo‘lsa ham Iso unga ishonishda davom etgan. Iso tirilgach, hoynahoy, Butrus yolg‘iz o‘zi bo‘lganida unga ko‘ringan. (Mark 16:7; Luqo 24:34; 1 Kor. 15:5) Bu hafsalasi pir bo‘lgan havoriyga anchagina dalda bergan bo‘lsa kerak.
11. Qay yo‘sin Iso Butrusni Yahova uni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirgan?
11 Iso Butrusni Yahova unga g‘amxo‘rlik qilishiga ishontirgan. Tirilgan Iso Butrus va boshqa havoriylariga baliq ovida boshqa mo‘jizani ko‘rsatgan. (Yuhan. 21:4–6) Bu mo‘jiza Butrusni Yahova moddiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qila olishiga ishontirgan. Hoynahoy, bu havoriy Isoning Shohlik «hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda» bo‘lsa, Yahova sizga g‘amxo‘rlik qiladi degan so‘zlarini eslagandir. (Mat. 6:33) Bu so‘zlarga amal qilgan holda Butrus baliq ovini emas, va’zgo‘ylikni hayotda birinchi o‘ringa qo‘ygan. Mil. 33-yili Hosil bayramida u jasorat ila shohidlik berib, minglab insonlarga xushxabarni qabul qilishga yordam bergan. (Havor. 2:14, 37–41) Shuningdek, u samariyaliklarga va o‘zga xalq vakillariga Masih haqida bilim olib, unga ergashishlariga ko‘maklashgan. (Havor. 8:14–17; 10:44–48) Shubhasizki, Yahova Butrusdan o‘zgacha tarzda foydalanib, turli xil insonlarni jamoatiga jalb qilgan.
NIMANI O‘RGANYAPMIZ?
12. Biron zaiflik bilan uzoq vaqt davomida kurashayotgan bo‘lsak, Butrusning o‘rnagi bizga qanday yordam bera oladi?
12 Yahova sabotli bo‘lishimizga yordam bera oladi. Biron zaiflik bilan, ayniqsa, uzoq vaqt davomida kurashayotgan bo‘lsangiz, bu oson bo‘lmayotgandir. Ba’zida zaifliklarimiz Butrusnikidan kuchliroq tuyulishi mumkin. Biroq taslim bo‘lmasligimiz uchun Yahova bizga kuch bera oladi. (Zab. 94:17–19) Masalan, bir birodar haqiqatni bilishdan oldin ko‘p yillar davomida gomoseksual hayot tarzini kechirgan. U hayotini tubdan o‘zgartirib, Muqaddas Kitob prinsiplari asosida yashay boshlagan. Lekin u haligacha noto‘g‘ri istaklar bilan kurashishiga to‘g‘ri kelyapti. Taslim bo‘lmasligiga nima yordam beryapti? U shunday dedi: «Yahova barchamizga kuch beryapti. Xudoning ruhi yordamida. [...] Haqiqat yo‘lida yurishda davom etishning imkoni borligini tushundim. [...] Yahova mendan foydalanyapti va kamchiliklarimga qaramay menga doim kuch beryapti».
13. Butrusning o‘rnagiga qanday taqlid qilishimiz mumkin? (Havoriylar 4:13, 29, 31) (Rasmga ham qarang.)
13 Bilib olganimizday, Butrus odamlardan qo‘rqqani uchun ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ygan. Ammo kuch so‘rab, ibodat qilish orqali u jasorat ila harakat qila olgan. (Havoriylar 4:13, 29, 31 ni o‘qing.) Biz ham qo‘rquvlarimizni yengishimiz mumkin. Keling, Xorst birodarning misoliga diqqat qarataylik. U yoshligida Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniyada yashagan. Maktabda unga bir necha marta bosim o‘tkazib, uni: «Xayl Gitler!» — deb aytishga majburlashgan. Ota-onasi uni koyib berishning o‘rniga, u bilan birga ibodat qilishgan va Yahova unga jasorat ato etishini so‘rashgan. Ularning ko‘magi hamda Yahovaga tayangani tufayli Xorst birodar natijada qat’iy bo‘lib qolgan. U o‘sha paytlarni eslab: «Yahova meni hech qachon tark etmagan»,— deb bo‘lishgan c.
14. Qanday qilib mehribon cho‘ponlar tushkunlikka tushgan imondoshlarga yordam bera oladi?
14 Yahova hamda Iso taslim bo‘lishimizga yo‘l qo‘yishmaydi. Butrus Masihdan tonganidan keyin hayotining keskin burilish nuqtasida turgan. U taslim bo‘ladimi yoki Masihning shogirdi sifatida sabotli bo‘ladimi? Iso Yahovaga ibodat qilib, Butrusning imoni susaymasligini so‘ragan. U Butrusga bu ibodati haqida aytgan. Qolaversa, Iso Butrusni u keyinchalik birodarlarini mustahkamlay olishiga ishontirgan. (Luqo 22:31, 32) U Isoning bu so‘zlarini eslaganida ishonchga to‘lgan bo‘lsa kerak. Biz ham hayotimizning keskin burilish nuqtasida turganimizda, Yahova bizni sadoqatli qola olishimizga ishontirish uchun mehribon oqsoqollardan foydalanishi mumkin. (Efes. 4:8, 11) Ancha yillardan beri oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Paul boshqalarga bunday tasalli berishga harakat qilyapti. U taslim bo‘lmoqchi bo‘lgan bunday insonlarga Yahova ularni ilk bor haqiqatga jalb qilganida his qilgan tuyg‘ularni eslashga undaydi. Keyin Yahovaning mehr-sadoqati bunday xizmatchilaridan voz kechishiga yo‘l qo‘ymasligiga ularni ishontiradi. U shunday dedi: «Tushkunlikka tushgan ko‘pgina imondoshlarimiz Yahovaning yordami bilan sabotli bo‘la olganini ko‘rganman».
15. Qay yo‘sin Butrusning va Xorstning misollari Matto 6:33 da yozilganlar rost ekanini ko‘rsatyapti?
15 Butrus va boshqa havoriylarni Yahova moddiy tomonlama qo‘llab-quvvatlaganidek, Shohlik ishini birinchi o‘ringa qo‘ysak, U bizning ham moddiy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qiladi. (Mat. 6:33) Ikkinchi jahon urushidan so‘ng yuqorida tilga olingan Xorst birodarimiz kashshof bo‘lib xizmat qilardi. Biroq u kambag‘al bo‘lgani sababli to‘la vaqtli xizmatda o‘zini ta’minlay olishidan shubhalangan. U nima qilgan? U Yahovani sinashga va tuman nozirining tashrifi paytida butun hafta davomida xizmat qilishga qaror qilgan. Hafta oxirida tuman noziri unga ismi yozilmagan konvertni berganida u lol qolgan. Chunki konvertda u bir necha oy kashshof sifatida xizmat qilishiga yetadigan pul bor edi. Xorst birodar bu sovg‘ani Yahova uni qo‘llab-quvvatlayotganining tasdig‘i deb qabul qilgan. Butun umri davomida u Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yib kelgan. (Mal. 3:10)
16. Nega Butrus va uning maktublari haqida ko‘proq bilib olish foydali?
16 Butrus «Hazratim, men yoningizda bo‘lishga arzimayman» degan so‘zlariga Iso qo‘shilmaganidan baxtiyor bo‘lgan bo‘lsa kerak. Iso Masih uni sodiq havoriy va masihiylar uchun arzigulik namuna bo‘lishi uchun o‘rgatishda davom etgan. Ushbu o‘rgatish jarayonidan anchagina muhim saboqlarni olyapmiz. Butrus ularning ayrimlarini birinchi asrdagi jamoatlarga ilohiy ilhom ostida yozgan ikkita maktubida tilga olgan. Navbatdagi maqolada o‘sha maktublardagi bir nechta eslatmani muhokama qilib, ularga qanday amal qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.
126-QO‘SHIQ Mustahkam, hushyor va mard bo‘ling
a Ushbu maqola zaifliklari bilan kurashayotganlarni bu moyilliklarini yenga olishlariga va Yahovaning sadoqatli xizmatchisi sifatida sabotli bo‘la olishlariga ishontirish uchun yozilgan.
b Bu maqoladagi aksariyat oyatlar Mark bayon etgan xushxabardan keltirilgan. U bu vaziyatlarning shaxsan guvohi bo‘lgan Butrusdan eshitganlarini yozganga o‘xshaydi.
c jw.org saytida «Xorst Xenshel. Yahova — mustahkam qoyamdir» nomli videoni tomosha qiling.
d RASMGA SHARH.. Sahnalashtirilgan rasmda ko‘rsatilganiday, Xorst Xenshelning ota-onasi u bilan birga ibodat qilib, uning qat’iy turish qarorini mustahkamlashgan.