Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

41-TADQIQ MAQOLASI

Butrusning ikkita maktubidan qanday saboq olishimiz mumkin?

Butrusning ikkita maktubidan qanday saboq olishimiz mumkin?

Men bu haqda doim sizlarga eslatib turmoqchiman. (2 BUTR. 1:12)

127-QO‘SHIQ Qay inson bo‘lay men?

BU MAQOLADA a

1. Havoriy Butrus o‘limidan sal oldin nima qilishga ilhomlantirilgan?

 HAVORIY BUTRUS ko‘p yillar mobaynida Yahovaga sadoqat ila xizmat qilgan. U Iso bilan va’zgo‘ylikda ishtirok etgan, yahudiy bo‘lmaganlarga xushxabarni yetkazishni boshlagan hamda keyinchalik yetakchi kengash a’zosi bo‘lgan. Hayoti oxirlab qolganini bilganida Yahova unga yanada ko‘proq vazifa topshirgan. Taxminan mil. 62–64-yillarda u Muqaddas Kitob tarkibiga kirgan ikkita maktubni — Butrusning birinchi va ikkinchi maktublarini yozishga ilhomlantirilgan. Butrus o‘limidan so‘ng bu maktublar masihiylarga yordam berishiga umid qilgan. (2 Butr. 1:12–15)

2. Nega Butrus yozgan maktublar ayni muddao edi?

2 Butrus imondoshlari «turli sinovlar dastidan» g‘am chekkan paytda bu maktublarni yozishga ilhomlantirilgan. (1 Butr. 1:6) O‘shanda yovuz kishilar masihiylar jamoatida soxta ta’limotlarni va nopok xulq-atvorni olg‘a surishgan. (2 Butr. 2:1, 2, 14) Quddusdagi masihiylar yaqinda «barcha narsa o‘z nihoyasiga» yetib qolgan — Rim qo‘shini bu shaharni barbod qilib, yahudiylar davriga nuqta qo‘yish paytida yashagan. (1 Butr. 4:7) Shubhasizki, Butrusning mazkur maktublari masihiylarga duch kelgan qiyinchiliklarini qanday yengishga va bo‘lajak sinovlarga tayyorgarlik ko‘rishga yordam bergan b.

3. Nima uchun Butrus ilohiy ilhom ostida yozgan maktublarini tadqiq qilishimiz kerak?

3 Garchi Butrusning maktublari birinchi asrda yashagan masihiylarga qarata yozilgan bo‘lsa-da, Yahova ular Kalomiga kiritilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Shunday ekan, biz ham hozir maktublardan foyda olishimiz mumkin. (Rim. 15:4) Nopok xulq-atvorni targ‘ib etayotgan dunyoda yashayotganimiz uchun Yahovaga xizmat qilishimizga to‘sqinlik qiladigan qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Bundan tashqari, yaqinda yahudiylar davriga nuqta qo‘yilganidan ham kuchliroq buyuk musibatni boshdan o‘tkazamiz. Butrusning maktublaridan ba’zi muhim eslatmalarni topamiz. Ular bizga Yahovaning kunini kutishga, insonlar oldidagi qo‘rquvni yengishga hamda bir-birimizni samimiyat ila sevishni o‘rganishga ko‘maklashadi. Shuningdek, bu kabi eslatmalar oqsoqollarga jamoatdagi imondoshlariga g‘amxo‘rlik qilishga ko‘maklashadi.

KUTISHDA DAVOM ETING

4. Imonimiz nima tufayli zaiflashishi mumkin? (2 Butrus 3:3, 4)

4 Biz Muqaddas Kitobdagi bashoratlarga ishonmaydigan odamlar orasida yashayapmiz. Bizga qarshi chiqayotgan insonlar bizni masxara qilayotgandir. Chunki biz ancha yillardan beri oxirat yaqin deb aytyapmiz. Ba’zilar esa u hech qachon kelmasligini ta’kidlayapti. (2 Butrus 3:3, 4 ni o‘qing.) Agar bu kabi fikrlarni va’zgo‘ylikda, ishxonada yoki uyimizda eshitsak, imonimiz zaiflashishi hech gap emas. Butrus bizga nima yordam berishi mumkinligini tushuntirgan.

5. Bu yovuz dunyoning oxiriga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimizga nima yordam beradi? (2 Butrus 3:8, 9)

5 Ba’zilarga Yahova bu yovuz dunyoga chek qo‘yishga imillayotganday tuyulishi mumkin. Butrusning so‘zlari bunga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimizga yordam beradi. Sababi, ular Yahovaning vaqtga bo‘lgan nuqtai nazari insonlarnikidan anchagina farq qilishini eslatib turadi. (2 Butrus 3:8, 9 ni o‘qing.) Yahova uchun ming yil bir kunday. U sabr-toqatli va hech kimning halok bo‘lishini istamaydi. Yahovaning kuni kelganida bu yovuz dunyoga chek qo‘yiladi. Barcha xalqlardagi insonlarga va’z qilish imkoniyatidan foydalanish nihoyatda sharafli.

6. Qanday qilib Yahovaning kunini esimizda saqlay olamiz? (2 Butrus 3:11, 12)

6 Butrus Yahovaning kunini esimizda saqlashga undagan. (2 Butrus 3:11, 12 ni o‘qing.) Buni qanday qila olamiz? Imkon bo‘lsa, har kuni — yangi dunyoda oladigan barakalar ustida fikr yuritsak yaxshi bo‘lardi. O‘zingizni toza havodan nafas olayotganingizni, foydali narsalarni yeyayotganingizni, tirilganlarni qarshi olayotganingizni va asrlar oldin yashagan odamlarga bashoratlar amalga oshgani haqida ta’lim berayotganingizni tasavvur qiling. Bu kutishga va biz yashayotgan vaqtga nisbatan befarq bo‘lib qolishdan o‘zimizni himoyalashga ko‘maklashadi. Kelajagimiz haqida «oldindan» bilar ekanmiz, soxta ustozlar bizni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirmaydi. (2 Butr. 3:17)

INSONLAR OLDIDAGI QO‘RQUVNI YENGING

7. Odamlardan qo‘rqish bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

7 Yahovaning kuni kelishini yodda tutish xushxabarni boshqalar bilan bo‘lishishga undaydi. Bunga qaramay ba’zi vaziyatlarda va’z qilishga tortinarmiz. Nega? Ehtimol, insonlar oldidagi qo‘rquvga berilib qolarmiz. Bu Butrus bilan ham yuz bergandi. Isoning o‘limidan oldingi kechada Butrus uning shogirdi ekanini tan olmagan va qayta-qayta undan tongan. (Mat. 26:69–75) Vaqt o‘tgach, u ishonch bilan quyidagilarni aytgan: «Odamlar qo‘rqadigan narsalardan qo‘rqmanglar va tashvishlanmanglar». (1 Butr. 3:14) Butrusning bu so‘zlari insonlar oldidagi qo‘rquvni yenga olishimizga ishontiryapti.

8. Insonlar oldidagi qo‘rquvni yengishimizga nima yordam bera oladi? (1 Butrus 3:15)

8 Odamlardan qo‘rqmaslikka bizga nima yordam berishi mumkin? Butrus shunday degan: «Masihni Hazrat deya qalblaringizda muqaddas tutinglar». (1 Butrus 3:15 ni o‘qing.) Bunga Hazratimiz va Shohimiz Iso Masihning o‘rni hamda qudrati to‘g‘risida fikr yuritish kiradi. Boshqalar bilan xushxabarni bo‘lishish imkoni tug‘ilganda hayajonlansangiz yoki qo‘rqsangiz Shohimizni eslang. U son-sanoqsiz farishtalarni boshqarayotganini ko‘z oldingizga keltiring. Iso «yer-u osmondagi butun» hokimiyatga ega ekanini va «zamonaning oxirigacha» doimo biz bilan bo‘lishini unutmang. (Mat. 28:18–20) Butrus imonimizni himoya qilishga «doimo tayyor» turishga chorlagan. Xo‘sh, ishxonada, maktabda yoki boshqa joylarda va’z qilmoqchimisiz? Qachon bunday qila olishingiz borasida oldindan o‘ylang, keyin esa aytadigan so‘zlaringizni tayyorlang. Jasorat so‘rab ibodat qiling. Yahova sizga odamlardan qo‘rqmaslikka yordam berishiga ishoning. (Havor. 4:29)

«SAMIMIYAT BILAN SEVINGLAR»

Butrus Pavlusning maslahatiga quloq soldi. Butrusning ikkita maktubidan imondoshlarimizga sevgi ko‘rsatish kerakligini o‘rganyapmiz (9-xatboshiga qarang.)

9. Bir safar Butrus qanday qilib sevgi namoyon eta olmagan? (Rasmga ham qarang.)

9 Butrus qay yo‘sin sevgi namoyon etishni o‘rgangan. Iso quyidagi so‘zlarni aytganida Butrus o‘sha yerda bo‘lgan. «Men sizlarga yangi amr beryapman: bir-biringizni sevinglar. Men sizlarni sevganimdek, sizlar ham bir-biringizni sevinglar». (Yuhan. 13:34) Keyinchalik Butrus qo‘rquvga berilib, o‘zga xalqlardan bo‘lgan imondoshlari bilan ovqatlanishdan bosh tortgan. O‘shanda havoriy Pavlus Butrusga u «ikkiyuzlamachilik» qilganini aytgan. (Galat. 2:11–14) Butrus uning tanbehini qabul qilib, bu vaziyatdan saboq olgan. U ikkala maktubida biz imondoshlarimizga sevgini nafaqat his qilishimiz, balki amalda ko‘rsatishimiz kerakligini ham ta’kidlagan.

10. «Samimiy birodarlik sevgisi» nima tufayli paydo bo‘ladi? Tushuntiring. (1 Butrus 1:22)

10 Butrus imondoshlarimizga nisbatan «samimiy birodarlik sevgisiga» ega bo‘lishimiz kerakligini aytgan. (1 Butrus 1:22 ni o‘qing.) Bunday sevgi «haqiqatga itoatkorlik» tufayli paydo bo‘ladi. Bu haqiqat o‘z ichiga «Xudo yuzxotirchilik qilmas»ligi to‘g‘risidagi ta’limotni oladi. (Havor. 10:34, 35) Jamoatda ba’zilarga sevgi ko‘rsatib, boshqalarga esa ko‘rsatmasak Isoning sevgi haqidagi amriga itoat qila olmaymiz. Albatta, Isoga o‘xshab kimgadir yaqinroq bo‘larmiz, kimgadir esa uncha emas. (Yuhan. 13:23; 20:2) Lekin Butrus bizni barcha birodar-u opa-singillarimizga nisbatan «birodarlik sevgisiga» ega bo‘lishimiz kerakligini eslatgan. Chunki ular oilamizning bir qismi. (1 Butr. 2:17)

11. «Chin yurakdan, ixlos bilan sevish» nimani o‘z ichiga oladi?

11 Butrus bir-birimizni «chin yurakdan, ixlos bilan» sevishimiz muhim ekanini ta’kidlagan. Bu yerdagi «ixlos» so‘zi hatto qiyin bo‘lsa ham sevgi namoyon etishni anglatadi. Misol uchun, imondoshimiz nimadir bilan bizni xafa qilsa yoki qalbimizni og‘ritsa-chi? Bunday paytda sevgi ko‘rsatishning o‘rniga, u bizni xafa qilgani uchun qasos olish tug‘ma moyilligiga berilishni istarmiz. Biroq Butrus Isodan qasos olish Xudoga ma’qul kelmasligini bilib olgan. (Yuhan. 18:10, 11) Butrus quyidagicha yozgan: «Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmay, aksincha duo qilinglar». (1 Butr. 3:9) Ixlos bilan sevish sizni hatto qalbingizni og‘ritgan insonga ham mehribon va e’tiborli bo‘lishga undaydi.

12. a) Samimiyat bilan sevish bizni yana nima qilishga undaydi? b) «Birlik hadyasini qadrlang» nomli videoda ko‘rsatilganiday, nima qilishni istaysiz?

12 Butrus birinchi maktubda «samimiyat bilan» sevish haqida yozgan. Bunday sevgi nafaqat bir nechta, balki «ko‘pgina gunohlarni qoplaydi». (1 Butr. 4:8) Hoynahoy, u Iso bir necha yil oldin kechirimli bo‘lish borasida ko‘rsatgan o‘rnagini eslagan. O‘shanda Butrus birodarni «yetti marta» kechirish kerakligini aytib, o‘zini saxiy inson deb o‘ylagandir. Biroq Iso uni va bizni «77 marta», ya’ni cheksiz kechirishga o‘rgatgan. (Mat. 18:21, 22) Ushbu maslahatga amal qilishga qiynalayotgan bo‘lsangiz, tushkunlikka tushmang. Yahovaning barcha nomukammal xizmatchilari ba’zan kechirishga qiynaladi. Hozir siz uchun eng muhimi, birodaringizni kechirish uchun kerakli qadamlarni qo‘yib, u bilan tinchlik o‘rnatishdir c.

OQSOQOLLAR, SURUVGA G‘AMXO‘RLIK QILING

13. Oqsoqollarga birodar-u opa-singillariga cho‘ponlik qilishga nima qiyinchilik tug‘dirishi mumkin?

13 Butrus Iso tirilganidan keyin aytgan quyidagi so‘zlarni shubhasizki hech qachon unutmagan: «Qo‘zilarimga cho‘ponlik qiling». (Yuhan. 21:16) Agar oqsoqol bo‘lsangiz, bu yo‘l-yo‘riqlar sizga ham tegishli ekanini bilasiz. Ushbu muhim vazifani bajarish oqsoqollar uchun oson bo‘lmasligi mumkin. Ular birinchi o‘rinda oila a’zolarining jismoniy, hissiy va ma’naviy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishlari lozim. Shuningdek, ular xizmatda g‘ayrat ila qatnashish, yig‘ilishlarga va anjumanlarga tayyorgarlik ko‘rishda hamda qatnashishda o‘rnak ko‘rsatishadi. Ba’zi oqsoqollar Kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitalari hamda Mahalliy loyihalashtirish va qurilish bo‘limida ham xizmat qiladi. Chindan ham oqsoqollar ko‘p ishlar bilan band.

Mehribon oqsoqollar band bo‘lishiga qaramay, Allohning suruviga cho‘ponlik qilishadi (14-, 15-xatboshilariga qarang.)

14. Oqsoqollarni suruvga cho‘ponlik qilishga nima undashi mumkin? (1 Butrus 5:1–4)

14 Butrus oqsoqollarni: «Allohning suruviga cho‘ponlik qilinglar»,— deb undagan. (1 Butrus 5:1–4 ni o‘qing.) Oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan bo‘lsangiz, imondoshlarni sevishingizni va ularga cho‘ponlik qilishni xohlayotganingizni bilamiz. Biroq ba’zida juda band bo‘lganingiz yoki charchaganingiz uchun bu vazifani bajarishga qiynalayotgandirsiz. Xo‘sh, sizga nima yordam beradi? Tuyg‘ularingizni Yahovaga to‘kib soling. Butrus shunday yozgan: «Kimki xizmat qilsa, Xudo bergan kuchga tayanib xizmat qilsin». (1 Butr. 4:11) Birodar-u opa-singillar hozirgi zamonda hal qilib bo‘lmaydigan muammolarga duch kelishi mumkin. «Bosh cho‘pon» Iso Masih esa ularga sizdan ko‘ra yaxshiroq yordam bera olishini yodda tuting. U buni ham hozir, ham yangi dunyoda qila oladi. Xudo oqsoqollardan imondoshlarini sevishni, ularga cho‘ponlik qilishni va «suruvga o‘rnak» ko‘rsatishni so‘rayapti, xolos.

15. Bitta oqsoqol suruvga qanday cho‘ponlik qilyapti? (Rasmga ham qarang.)

15 Ko‘p yillardan beri oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Vilyam cho‘ponlik qilish muhim ekanini tushunadi. COVID-19 pandemiyasi boshlanganida u va boshqa oqsoqollar ularga tayinlangan guruhlardagi imondoshlarga har hafta qo‘ng‘iroq qilishni birinchi o‘ringa qo‘yishgandi. Buning sababini tushuntirib u shunday dedi: «Aksariyat imondoshlarimiz uyda yolg‘iz, o‘z fikr-xayollariga ko‘milib o‘tirardi. Ularning fikr-xayoli osongina salbiy tomonga o‘zgarishi mumkin edi». Muammosi bor imondoshlar bilan suhbatlashganda, Vilyam ularni nima xavotirga solayotganini hamda nimaga muhtoj ekanini tushunish uchun ularni diqqat ila tinglaydi. Keyin bu imondoshlariga dalda bera olishi mumkin bo‘lgan adabiyotlarni yoki videolarni veb-saytimizdan topishga harakat qiladi. U quyidagicha dedi: «Cho‘ponlik qilish hozir har qachongidan ham muhim. Odamlar Yahova haqida bilib olishi uchun jon kuydiryapmiz. Yahovaning qo‘zichoqlariga haqiqatda qolishiga ko‘maklashish uchun ham xuddi shunday jon kuydirishimiz muhim».

YAHOVA SIZGA TO‘LIQ TA’LIM BERISHIGA YO‘L QO‘YING

16. Butrusning maktublaridan olgan saboqlarga qay yo‘sin amal qila olamiz?

16 Butrus ilohiy ilhom ostida yozgan ikkita maktubidan faqat bir nechta saboqni ko‘rib chiqdik. Balki yaxshilashni xohlagan sohalaringizni payqagandirsiz. Masalan, yangi dunyodagi barakalar ustida ko‘proq mulohaza yuritmoqchimisiz? Ishxonada, maktabda yoki boshqa joylarda shohidlik berishni maqsad qilyapsizmi? Imondoshlarni samimiyat bilan sevishingizni amalda ko‘proq namoyon etishning yo‘llarini ko‘ryapsizmi? Qadrdon oqsoqollar, Yahovaning qo‘zichoqlariga bajonidil va ishtiyoq bilan cho‘ponlik qilishga qaroringiz qat’iymi? Rostgo‘y bo‘lib, o‘zingizni tekshirish muayyan kamchiliklarni ochib beradi, biroq tushkunlikka tushmang. «Hazratimizning mehrini» yodda tuting va U sizga yaxshilanishga yordam beradi. (1 Butr. 2:3) Butrus bizni quyidagicha ishontirgan: «Alloh... sizlarga to‘liq ta’lim berib, sizlarni mustahkam va kuchli qilib qo‘yadi». (1 Butr. 5:10)

17. Sabotli bo‘lib, Yahova bizga ta’lim berishiga yo‘l qo‘ysak, natijasi qanday bo‘ladi?

17 Bir safar Butrus Xudo O‘g‘lining yonida bo‘lishga o‘zini noloyiq deb bilgan. (Luqo 5:8) Biroq Yahova hamda Iso Butrusni sevgi ila qo‘llab-quvvatlashgan va u Masihning izdoshi sifatida sabotli bo‘lgan. Shuningdek, u «Hazratimiz va Najotkorimiz Iso Masihning abadiy Shohligiga» kirishga ma’qul deb topilgan. (2 Butr. 1:11) Bu naqadar ajoyib! Siz ham Butrus kabi qat’iyatli bo‘lib, Yahova sizni shakllantirishiga yo‘l qo‘ysangiz, abadiy hayot mukofotiga sazovor bo‘lasiz. Shunda «imoningizning maqsadiga — najotga erishasizlar». (1 Butr. 1:9)

109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi

a Bu maqolada Butrusning maktublaridan olgan saboqlar qiyinchiliklarni yengishimizga qanday yordam berishini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, oqsoqollar cho‘ponlar sifatidagi mas’uliyatli vazifasini bajarishga nima yordam berishini bilib olishadi.

b Hoynahoy, Falastinda yashagan masihiylar mil. 66-yili rimliklar birinchi safar Quddusga hujum qilishidan oldin Butrusning ikkita maktubini olishgan.

c jw.org saytidagi «Birlik hadyasini qadrlang» nomli videoni tomosha qiling.