Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

37-TADQIQ MAQOLASI

Shimsho‘n kabi Yahovaga tayaning

Shimsho‘n kabi Yahovaga tayaning

Ey, Oliy Hukmdor Yahova, o‘tinaman, meni yodga ol,... menga kuch ato et. (HAK. 16:28)

30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim

BU MAQOLADA a

1, 2. Nega Shimsho‘n haqidagi bayonot bizni qiziqtirishi lozim?

 SHIMSHO‘N haqida eshitganingizda, xayolingizga nima keladi? Ehtimol, xayolingizda nihoyatda kuchli inson gavdalanar. Ha, Shimsho‘n juda kuchli bo‘lgan. Lekin chiqargan noto‘g‘ri qarori uchun u anchagina azob chekkan. Shunday bo‘lsa-da, Yahova uning sadoqatli ishlariga diqqat qaratgan va bizning foydamiz uchun ularni Kalomida tilga olgan.

2 Yahova tanlagan xalqiga yordam berish uchun ajoyib ishlarni amalga oshirishda Shimsho‘ndan foydalangan. Uning o‘limidan yuzlab yillar o‘tib, Yahova havoriy Pavlusni ilhomlantirib, ismini imonli kishilarniki bilan birga yozishga undagan. (Ibron. 11:32–34) Shimsho‘nning misoli bizga dalda berishi mumkin. U hatto qiyin vaziyatlarda ham Yahovaga tayangan. Keling, uning o‘rnagidan qanday saboqlar va dalda olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

SHIMSHO‘N YAHOVAGA TAYANGAN

3. Shimsho‘nga qanday vazifa topshirilgan edi?

3 Shimsho‘n tug‘ilganida filistimliklar Isroil xalqini boshqarishgan va ularga jabr-zulm o‘tkazishgan. (Hak. 13:1) Ularning shafqatsiz boshqaruvi dastidan isroilliklar ko‘p azob chekkan. Yahova Shimsho‘nni tanlab, unga «Isroil xalqini filistimliklar» qo‘lidan qutqarishni topshirgan. (Hak. 13:5) Lekin bu oson vazifa bo‘lmagan va uni bajarish uchun Shimsho‘n Yahovaga tayanishi kerak edi.

Shimsho‘n Yahovaga tayangan va moslashuvchan bo‘lgan. U qo‘lida bor narsadan foydalanib Yahovaning irodasini bajargan (4-, 5-xatboshilariga qarang.)

4. Yahova Shimsho‘nga filistimliklardan qutulishga qanday ko‘maklashgan? (Hakamlar 15:14–16)

4 Keling, Shimsho‘n Yahovaga qanchalik tayanganini va Yahova uni qanday qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rib chiqaylik. Bir safar filistimlik askarlar Shimsho‘nni qo‘lga olish maqsadida, hoynahoy, Yahudodagi Lexiga kelishdi. U yerdagi kishilar qo‘rquvdan Shimsho‘nni dushman qo‘liga berishga qaror qilishdi. Shimsho‘nning odamlari uni ikkita yangi arqon bilan yaxshilab bog‘lab, filistimliklarning oldiga olib kelishdi. (Hak. 15:9–13) Shunda uning ustiga «Yahovaning ruhi tushdi» va u arqonlarni yechib tashladi. So‘ng u «yaqinda o‘lgan hangi eshakning jag‘ suyagini» topib, u bilan 1000ta filistimlikni o‘ldirdi. (Hakamlar 15:14–16 ni o‘qing.)

5. Qay yo‘sin Shimsho‘n eshakning jag‘ suyagidan foydalanib Yahovaga tayanganini ko‘rsatgan?

5 Nega Shimsho‘n eshakning jag‘ suyagidan foydalandi? Axir, bu noodatiy qurol-aslaha-ku! Shimsho‘n muvaffaqiyati u foydalangan qurol-aslahaga emas, balki Yahovaga bog‘liq ekanini bilgani shubhasiz. Ha, bu sadoqatli kishi Yahovaning irodasini bajarishda qo‘lida bor bo‘lgan narsadan foydalandi. Shimsho‘n Yahovaga tayangani uchun ko‘p barakalarga ega bo‘ldi.

6. Vazifalarimizni bajarganda Shimsho‘ndan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

6 Bajarish qiyinday tuyulgan ishni qila olishimiz uchun Yahova bizga ham kuch berishi mumkin. Xudo buni sizni hayratda qoldiradigan tarzda qila oladi. Shimsho‘nni kuchli qilgan Yahovaga tayansangiz, U sizga irodasini bajarishga ko‘maklashadi. (Hik. 16:3)

7. Qaysi misol Yahovadan yo‘l-yo‘riq izlash muhimligini ko‘rsatyapti?

7 Tashkilotimizning qurilish loyihalarida qatnashayotgan ko‘p birodar-u opa-singillarimiz Yahovaga tayanib kelyapti. O‘tmishda birodarlar aksar hollarda yangi Yig‘ilish zallarini va boshqa binolarni xarid qilib, qurishardi. Vaqt o‘tgach, Yahova tashkilotining ehtiyojlari o‘sib o‘zgarishlar qilishga to‘g‘ri keldi. Mas’uliyatli birodarlar Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini izlab ibodat qilishdi va binolarni sotib olish hamda ularni ta’mirlash kabi usullardan foydalanishdi. Oxirgi yillar mobaynida butun dunyo bo‘ylab anchagina qurilish loyihalarida qatnashayotgan Robert birodarimiz shunday dedi: «Avvaliga bu yangi usul bo‘yicha ishlash oson bo‘lmadi. Chunki bu yillar mobaynida amal qilib kelayotgan usuldan keskin farq qilardi. Ammo birodarlar moslashishga tayyor bo‘lgan va Yahova bu o‘zgarishlarga baraka bergani yaqqol ko‘ringan». Bu Yahova irodasini amalga oshirishda qay yo‘sin xalqini yetaklayotganining birgina misoli. Shunday ekan, vaqti-vaqti bilan barchamiz o‘zimizga shunday savol bersak yaxshi bo‘lardi: «Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini izlab, vazifamni bajarishda unga moslashishga intilyapmanmi?»

SHIMSHO‘N YAHOVA TAQDIM ETGAN NARSALARDAN FOYDA OLGAN

8. Bir safar Shimsho‘n juda chanqaganida nima qildi?

8 Ehtimol, Shimsho‘nning qilgan boshqa hayratli ishlari haqida o‘qigandirsiz. U sherni bir o‘zi tilka-pora qildi. Vaqt o‘tib, filistimliklarning shahri Ashqalonda 30 kishini o‘ldirdi. (Hak. 14:5, 6, 19) Shimsho‘n Yahovaning yordamisiz bularni hech qachon qila olmasligini bilardi. U 1000ta filistimlikni o‘ldirganidan keyin juda chanqaganida bu yaqqol namoyon bo‘ldi. Qiziq, u nima qildi? U chanqog‘ini qondirish uchun o‘ziga tayanib suv izlashning o‘rniga, Yahovaga murojaat qildi. (Hak. 15:18)

9. Yahova Shimsho‘nning yordam so‘rab qilgan iltijosiga qanday javob bergan? (Hakamlar 15:19)

9 Yahova Shimsho‘nning iltijosiga javob berib, mo‘jizaviy tarzda bo‘shliqni yordi va u yerdan suv oqib chiqdi. Shimsho‘n undan ichgach, «kuchga to‘lib, jonlandi». (Hakamlar 15:19 ni o‘qing.) Hoynahoy, keyinchalik Shomuil payg‘ambar Hakamlar kitobini yozishga ilhomlantirilganida ham o‘sha buloq bor edi. Oqib chiqayotgan suvni ko‘rgan isroilliklar Yahovaning sadoqatli xizmatchilari muhtoj bo‘lganida Unga tayanib, yordam olishi mumkinligini eslagandir.

Shimsho‘n Yahova taqdim etgan suvni ichib kuchga to‘lgan. Yahova biz ma’nan mustahkam bo‘lishimiz uchun taqdim etgan narsalardan foydalansak yaxshi bo‘ladi (10-xatboshiga qarang.)

10. Yahovaning yordamini izlash nimani o‘z ichiga oladi? (Rasmga ham qarang.)

10 Qanday qobiliyat va iste’dodga ega bo‘lmaylik yoki xizmatda qanday yutuqlarga erishgan bo‘lmaylik, biz ham Yahovadan yordam izlashimiz kerak. Faqatgina Yahovaga tayanib, haqiqiy muvaffaqiyatga erisha olishimizni kamtarlik ila tan olishimiz muhim. Shimsho‘n Yahova taqdim etgan suvni ichib kuchga to‘lgani kabi biz ham U taqdim etayotgan barcha narsadan foydalanib ma’nan mustahkamlanamiz. (Mat. 11:28)

11. Qanday qilib Yahovaning yordamidan to‘liq foyda olishimiz mumkin? Misol keltiring.

11 Rossiyada kuchli ta’qiblarga duch kelayotgan birodarlarimizdan biri Alekseyning misoliga diqqat qarataylik. Bunday qiyin paytda kuchli bo‘lishga unga nima yordam beryapti? U va xotini ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishda davom etishyapti. Aleksey quyidagicha dedi: «Men doim shaxsiy tadqiq qilishga va har kuni Muqaddas Kitobni o‘qishga harakat qilyapman. Ertalab xotinim bilan birga kunlik oyatni muhokama qilamiz va Yahovaga ibodat qilamiz». Uning misolidan qanday o‘rnak olyapmiz? O‘zimizga tayanishning o‘rniga Yahovaga tayanishimiz muhim. Qanday qilib? Buni imonimizni mustahkamlaydigan ishlar bilan muntazam band bo‘lish, masalan, har kuni Muqaddas Kitobni o‘qish, ibodat qilish, yig‘ilishlarda hamda va’zgo‘ylikda ishtirok etish orqali qila olamiz. Yahova esa Uning xizmatida qilgan harakatlarimiz uchun bizga mo‘l-ko‘l baraka yog‘diradi. U Shimsho‘nni mustahkamlagan ekan, bizni ham albatta mustahkamlay oladi.

SHIMSHO‘N TASLIM BO‘LMAGAN

12. Shimsho‘n qanday yomon qaror chiqargan va bu uning oldingi vaziyatidan nimasi bilan farq qilgan?

12 Shimsho‘n biz kabi nomukammal inson edi. Shu sababli u ba’zida noto‘g‘ri qarorlar chiqargandi. Bir safar u fojiali oqibatlar keltirgan qaror chiqardi. Shimsho‘n muayyan vaqt davomida hakam bo‘lib xizmat qilganidan keyin «So‘rax vodiysida yashaydigan Dalila ismli ayolni sevib qoldi». (Hak. 16:4) Bundan oldin Shimsho‘n filistimlik qizga uylanmoqchi edi va bu «filistimliklarga qarshi jang qilishga fursat izlayotgan» «Yahovaning boshchiligida» bo‘lgandi. Keyin Shimsho‘n filistimliklarning G‘azo shahridagi fohisha ayolning uyida qoldi. O‘shanda Xudo unga kuch berdi va u shahar darvozasini sug‘urib olib, shaharni himoyasiz qoldirdi. (Hak. 14:1–4; 16:1–3) Lekin Dalilaga keladigan bo‘lsak, hoynahoy, u isroillik bo‘lgani uchun vaziyat umuman boshqacha bo‘lgan va Shimsho‘n o‘zboshimcha yo‘l tutgan.

13. Dalila Shimsho‘ndan nimani istagan?

13 Dalila Shimsho‘nga sotqinlik qilish evaziga filistimliklardan katta miqdorda pul oldi. U Dalilani qattiq sevib qolganidan unga ishonib, asl niyatini payqamagandir. Nima bo‘lishidan qat’i nazar Dalila Shimsho‘nga tinmay bosim o‘tkazib, kuchining siri nimada ekanini bilmoqchi edi va oxiri u taslim bo‘lib, barini aytib berdi. Afsuski, Shimsho‘n xatosi dastidan muayyan vaqt kuchidan va Yahovaning marhamatidan mahrum bo‘ldi. (Hak. 16:16–20)

14. Shimsho‘n Dalilaga ishongani qanday oqibatlarga olib kelgan?

14 Shimsho‘n Yahovaga emas, Dalilaga ishongani ayanchli asoratlarga olib keldi. Filistimliklar uni ushlab, ko‘zlarini o‘yib olishgan. Uni u qachonlardir aholisini sharmanda qilgan G‘azo shahridagi qamoqxonaga tashlashgan va u qul sifatida tegirmon toshini aylantirgan. Keyin filistimliklar uyushtirgan bayramda uni sharmanda qilishgan. Ular soxta xudosi Do‘g‘onga anchagina qurbonliklar keltirishgan. Chunki ular uning yordamida Shimsho‘nni ushlab olganiga ishonishgan. Filistimliklar Shimsho‘nning ustidan kulib, «tomosha ko‘rsatsin deya» uni bazmga olib kelishgan. (Hak. 16:21–25)

Yahova filistimliklarga qarshi chiqargan hukmni amalga oshirish uchun Shimsho‘nga kuch bergan (15-xatboshiga qarang.)

15. Shimsho‘n Yahovaga yana tayanganini qay yo‘sin namoyon etgan? (Hakamlar 16:28–30) (Muqovadagi rasmga qarang.)

15 Shimsho‘n jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganiga qaramay taslim bo‘lmagan. U filistimliklarga qarshi kurashish borasidagi Yahovaning vazifasini bajarish uchun fursat izlagan. (Hakamlar 16:28–30 ni o‘qing.) Shimsho‘n Yahovaga iltijo qilib: «Filistimliklardan o‘ch olayin»,— degan. Haq Taolo ibodatiga javob berib, mo‘jizaviy tarzda unga yana kuch ato etgan. Natijada Shimsho‘n har qachongidan ham ko‘proq filistimliklarni o‘ldirishga muvaffaq bo‘lgan.

16. Shimsho‘nning qilgan xatosidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

16 Shimsho‘n xatosining og‘riqli oqibatlaridan qiynalgan, lekin Yahovaning irodasini bajarishdan to‘xtamagan. Biz ham xatoga yo‘l qo‘ysak va bizni tuzatishsa yoki vazifamizdan mahrum bo‘lsak, taslim bo‘lmasligimiz lozim. Unutmangki, Yahova bizni kechirishga tayyor. (Zab. 103:8–10) Shimsho‘nning vaziyatida bo‘lganidek, Xudo xatolarimizga qaramay Uning irodasini bajarishimiz uchun bizga kuch bera oladi.

Shimsho‘n xatosi dastidan juda ezilgan bo‘lsa kerak, lekin u taslim bo‘lmagan. Biz ham taslim bo‘lmasligimiz kerak (17-, 18-xatboshilariga qarang.)

17, 18. Nega Mayklning misoli sizga dalda berdi? (Rasmga ham qarang.)

17 Keling, Maykl ismli yosh birodarimizning misolini ko‘rib chiqaylik. U Shohlik ishi bilan band bo‘lib, jamoat xizmatkori va doimiy kashshof edi. Afsuski, bir xatosi dastidan u jamoatdagi sharafli vazifalaridan mahrum bo‘ldi. U shunday dedi: «O‘sha kungacha Yahovaga bo‘lgan xizmatim bir maromda ketayotgandi. So‘ng birdan oldimda devor paydo bo‘lib, o‘zimni to‘xtab qolganday his qildim. Yahova meni tashlab ketadi degan fikr hech qachon kelmagan. Lekin Yahova bilan munosabatlarim oldingiday bo‘ladimi yoki jamoatda yana avvalgiday xizmat qila olamanmi, deb xavotirlanardim».

18 Yaxshiyamki, Maykl taslim bo‘lmadi. U shunday deb bo‘lishdi: «Men Yahovaga doim qalbimdagilarni aytib, tadqiq o‘tkazib va mulohaza yuritib, butun diqqatimni U bilan bo‘lgan munosabatlarimni tiklashga qaratdim». Vaqt o‘tgach, Maykl jamoatda yana vazifalarga ega bo‘ldi. U hozir oqsoqol va doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilyapti. U quyidagicha dedi: «Menga ko‘rsatilgan yordam va berilgan dalda, ayniqsa, oqsoqollar tomonidan Yahova haliyam meni yaxshi ko‘rishini tushunishimga ko‘maklashdi. Hozir jamoatda yana pok vijdon bilan xizmat qilyapman. Bu voqeadan Yahova chin dildan tavba qilgan har bir insonni kechirishini bilib oldim». Biz ham xatolarga yo‘l qo‘yganimizda, U bizdan foydalanishidan va baraka berishidan shubhalanmasak bo‘ladi. Buning uchun qo‘limizdan kelgancha xatti-harakatlarimizni to‘g‘rilab, Yahovaga tayanishda davom etishimiz lozim. (Zab. 86:5; Hik. 28:13

19. Shimsho‘nning o‘rnagi sizni qay yo‘sin mustahkamladi?

19 Ushbu maqolada Shimsho‘nning hayotidagi hayratomuz voqealarning bir nechtasini ko‘rib chiqdik. U nomukammal bo‘lgan. Lekin Dalila bilan qilgan xatosiga qaramay Shimsho‘n Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishda davom etgan. Yahova ham undan voz kechmagan. U Shimsho‘ndan foydalanib, qudratli ishlarini yana amalga oshirgan. Yahova uni kuchli imonga ega deb bilgani uchun Ibroniylarga yo‘llangan maktubning 11-bobidagi sadoqatli kishilar qatoriga qo‘shgan. Ayniqsa, zaif bo‘lganimizda bizni qo‘llab-quvvatlashga shay turgan mehribon samoviy Otamizga xizmat qilayotganimizni bilish daldali. Shunday ekan, keling, Shimsho‘n kabi Yahovaga: «O‘tinaman, meni yodga ol,... menga kuch ato et»,— deb iltijo qilaylik. (Hak. 16:28)

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing

a Shimsho‘n Muqaddas Kitobda tilga olingan va uni ko‘plar, hatto Kalomni uncha yaxshi bilmaydigan kishilar ham biladi. Dramaturg, bastakor va kinematografchilar uning hayotini asarlarida gavdalantirishgan. Lekin uning hayotidagi voqealar shunchaki ertak emas. Bunday kuchli imon egasidan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin.