Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-TADQIQ MAQOLASI

Yoshlar, qanday hayot kechirmoqchisiz?

Yoshlar, qanday hayot kechirmoqchisiz?

Aql-idrok seni himoya qiladi. (HIK. 2:11)

135-QO‘SHIQ Yahova mehr ila chorlar: «O‘g‘lim, dono bo‘l»

BU MAQOLADA a

1. Yo‘sh, Uzziyo va Yo‘shiyo qanday qiyin vaziyatga duch kelishdi?

 O‘SMIRLIGINGIZDA yoki bolaligingizda sizni Xudo xalqining shohi etib tayinlashganini tasavvur qiling. Bunday paytda kuchingizdan va hokimiyatingizdan qanday foydalangan bo‘lardingiz? Muqaddas Kitobda Yahudoning shohi etib tayinlangan bir nechta yoshlar haqida yozilgan. Misol uchun, Yo‘sh 7 yoshda, Uzziyo 16 yoshda va Yo‘shiyo 8 yoshda shoh bo‘lgan. Ularga oson bo‘lmaganini bir tasavvur qiling. Bu qanchalik qiyin bo‘lmasin Yahova hamda boshqalar ularga qiyinchiliklarni yengishga va to‘g‘ri ishlarni qilishga yordam berishgan.

2. Nega Yo‘sh, Uzziyo va Yo‘shiyoning misollariga diqqat qaratishimiz kerak?

2 Biz qirol yoki qirolichalar bo‘lmasak-da, Muqaddas Kitobda yozilgan ushbu uchta kishining misolidan qimmatli saboqlar olishimiz mumkin. Ular ham yaxshi, ham yomon qarorlar chiqarishgan. Ularning misoli yordamida yaxshi do‘stlarni tanlash, kamtarin bo‘lib qolish va Yahovaga yaqinlashishda davom etish nega muhim ekanini ko‘rib chiqamiz.

YAXSHI DO‘STLARNI TANLANG

Yo‘shga taqlid qilib yaxshi do‘stlarning maslahatiga quloq solsak bo‘ladi (3-, 7-xatboshilariga qarang.) c

3. Yo‘sh oliy ruhoniy Yohayidoning yo‘l-yo‘rig‘iga qanday munosabat ko‘rsatgan?

3 Yo‘sh kabi dono qarorlar chiqaring. Yoshligida shoh Yo‘sh dono qaror chiqargan. Uning otasi bo‘lmagan. Lekin u sadoqatli oliy ruhoniy Yohayidoning ko‘rsatmalariga amal qilgan. Yohayido uni o‘z o‘g‘liday ko‘rib to‘g‘ri yo‘lga solardi. Yo‘sh esa donolik ila yo‘l tutib pok topinishni olg‘a surardi va Yahovaga xizmat qilardi. U hatto Yahovaning ma’badini ta’mirlash ishlarini tashkillashtirgan. (2 Sol. 24:1, 2, 4, 13, 14)

4. Yahovaning amrlarini qadrlasak qanday foyda olamiz? (Hikmatlar 2:1, 10–12)

4 Agar sizni Yahovani sevishga va Uning me’yorlari bo‘yicha yashashga o‘rgatayotgan bo‘lishsa, buni qimmatbaho sovg‘adek qabul qiling. (Hikmatlar 2:1, 10–12 ni o‘qing.) Ota-onalar farzandlariga turli yo‘llar bilan tarbiya berishadi. Katya ismli opamizning otasi unga dono qarorlar chiqarishga qanday yordam berganiga e’tibor qarataylik. Otasi uni har kuni maktabga olib borganida u bilan kunlik oyatni muhokama qilgan. Katya quyidagicha dedi: «Bu muhokamalar kun davomida duch kelgan qiyinchiliklar paytida to‘g‘ri qarorlar chiqarishimga yordam bergan». Biroq ota-onangizning Muqaddas Kitobga asoslanib berayotgan yo‘l-yo‘riqlari erkinligingizni cheklayotganday tuyulsa-chi? Bu yo‘l-yo‘riqlarni qabul qilishga sizga nima yordam berishi mumkin? Anastasiya ismli opamiz ota-onasi muayyan qoidalar o‘rnatishganining sababini tushuntirish uchun vaqt ajratishganini eslaydi. U shunday dedi: «Bu ota-onam o‘rnatgan qoidalar meni nazorat qilish uchun emas, balki sevgi ila himoya qilish uchun ekanini tushunishimga yordam berdi».

5. Xatti-harakatlaringiz ota-onangizga hamda Yahovaga qanday ta’sir qiladi? (Hikmatlar 22:6; 23:15, 24, 25)

5 Ota-onangizning Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatlariga amal qilib ularni xursand qila olasiz. Bundan ham muhimrog‘i, siz Yahovani xushnud qilib, U bilan abadiy do‘stlik rishtalarini mustahkamlaysiz. (Hikmatlar 22:6; 23:15, 24, 25 ni o‘qing.) Bu Yo‘sh yoshligida ko‘rsatgan o‘rnagiga taqlid qilishingiz uchun arzigulik sabab, shunday emasmi?!

6. Yo‘sh kimning maslahatiga quloq solishni boshladi va natijada nima bo‘ldi? (2 Solnomalar 24:17, 18)

6 Yo‘shning yomon qarorlaridan saboq oling. Yohayidoning o‘limidan so‘ng Yo‘sh yomon odamlar bilan do‘stlashishni tanladi. (2 Solnomalar 24:17, 18 ni o‘qing.) U Yahovani yaxshi ko‘rmagan Yahudo beklariga quloq solishga qaror qildi. Yo‘sh uni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirgan o‘sha kishilardan uzoqroq yurishi kerak edi, degan fikrga qo‘shilarsiz. (Hik. 1:10) Buning o‘rniga u ularning yomon maslahatiga quloq soldi. Ha, Yo‘shning qarindoshi bo‘lgan Zakariyo uni tuzatishga harakat qilganida Yo‘sh uni o‘limga mahkum etdi. (2 Sol. 24:20, 21; Mat. 23:35) Buni dahshatli va ahmoqona ish desa bo‘ladi. To‘g‘ri, Yo‘sh hayotini yaxshi boshladi, lekin afsuski qotil va murtadga aylandi. Oxiri, xizmatchilari uni o‘ldirdi. (2 Sol. 24:22–25) Yo‘sh Yahovaga hamda uni yaxshi ko‘rgan insonlarga quloq solishda davom etganida, hayoti umuman boshqacha kechardi. Uning vaziyatidan qanday saboq olishingiz mumkin?

7. Qanday insonlar bilan do‘stlashishingiz kerak? (Rasmga ham qarang.)

7 Yo‘shning yomon qaroridan olishimiz mumkin bo‘lgan saboqlardan biri shuki, biz Yahovani yaxshi ko‘radigan va Uni xursand qilishni istaydigan insonlar bilan do‘stlashishimiz kerak. Sababi ular bizga ijobiy ta’sir qiladi. Do‘st tanlayotganingizda uning yoshiga e’tibor bermang. Yodingizda bo‘lsin, Yo‘sh Yohayidodan ancha kichik bo‘lgan. Tanlagan do‘stlaringiz borasida o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Ular Yahovaga bo‘lgan imonimni mustahkamlashga yordam beryaptimi? Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashashga meni undayaptimi? Ular Yahova hamda Uning qimmatbaho haqiqatlari to‘g‘risida gapiryaptimi? Xudoning me’yorlariga hurmat namoyon etyaptimi? Ular men eshitishni xohlagan narsani aytyaptimi yoki kerak bo‘lganida menga maslahat beryaptimi?» (Hik. 27:5, 6, 17) Ochig‘ini aytganda, agar do‘stlaringiz Yahovani yaxshi ko‘rmasa, unda ularning sizga keragi yo‘q. Ammo do‘stlaringiz Yahovani yaxshi ko‘rsa ulardan ayrilmang. Sababi ular sizga doim yordam beradi! (Hik. 13:20)

8. Agar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan bo‘lsangiz, nimaga e’tibor berishingiz lozim?

8 Ijtimoiy tarmoqlar orqali do‘stlarimiz va oila a’zolarimiz bilan aloqada bo‘lib turishimiz mumkin. Lekin ko‘pchilik bu tarmoqlardan boshqalarda taassurot qoldirish uchun nima qilgani yoki nima sotib olgani borasidagi video va rasmlarni joylashtiradi. Agar siz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizdan shunday so‘rang: «Maqsadim boshqalarda taassurot qoldirishmi? O‘zgalarni mustahkamlamoqchimanmi yoki o‘zimni ko‘z-ko‘z qilmoqchimanmi? Ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan odamlar fikrlash tarzimga, nutqimga va xatti-harakatlarimga salbiy ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yyapmanmi?» Yetakchi kengash a’zosi sifatida xizmat qilgan birodar Neytan Norr shunday maslahat bergandi: «Odamlarning ko‘nglini olishga harakat qilmang. Natijada hech kimni mamnun qila olmaysiz. Yahovaning ko‘nglini oling, shunda Yahovani yaxshi ko‘radigan barchani mamnun qilasiz».

KAMTARIN BO‘LIB QOLISH KERAK

9. Yahova Uzziyoga nima qilishga yordam bergan? (2 Solnomalar 26:1–5)

9 Uzziyo kabi yaxshi qarorlar chiqaring. Shoh Uzziyo yoshligida kamtarin bo‘lgan. U haq Xudodan qo‘rqishni o‘rgangan. Yahova uning 68 yillik hayotining aksariyat qismida baraka bergan. (2 Solnomalar 26:1–5 ni o‘qing.) Uzziyo ko‘p dushman xalqlarni mag‘lub etgan va Quddusning mudofaasini mustahkamlagan. (2 Sol. 26:6–15) Albatta, Uzziyo barcha ishida Xudo unga yordam bergani tufayli o‘zini baxtiyor his qilgan. (Voiz 3:12, 13)

10. Uzziyo bilan nima yuz bergan?

10 Uzziyoning yomon qarorlaridan saboq oling. Shoh Uzziyo hamma odamlar uning buyruqlarini bajarishiga o‘rganib qolgandi. Bu tufayli u xohlaganimni qila olaman degan fikrga borganmi? Bir kuni Uzziyo Yahovaning ma’badiga kirib, takabburlik ila tutatqi qurbongohida tutatqi tutatgan. Shohlar bunday qilishi mumkin emas edi. (2 Sol. 26:16–18) Oliy ruhoniy Ozariyo uni to‘xtatmoqchi bo‘lganida u jahl qilgan. Afsuski, Uzziyo sadoqatli bo‘lib qola olmagan va Yahova uni moxov kasaliga duchor qilgan. (2 Sol. 26:19–21) Agar u kamtarin bo‘lib qolganida hayoti umuman boshqacha bo‘lardi.

Yutuqlarimiz bilan maqtanishning o‘rniga, butun shon-sharafni Yahovaga qaratishimiz lozim (11-xatboshiga qarang.) d

11. Kamtarin bo‘lib qolishingizga nima yordam berishi mumkin? (Rasmga ham qarang.)

11 Uzziyo kuchayganidan keyin unga Yahova kuch berganini va ishlari yurishishiga yordam berganini unutgan. Bundan qanday saboq olishimiz mumkin? Biz ham barakalarimiz, vazifalarimiz Yahovadan ekanini yodda tutsak yaxshi bo‘lardi. Erishgan yutuqlarimiz bilan maqtanishning o‘rniga, qo‘limizdan kelgan ishlar uchun Yahovadan minnatdor bo‘lishimiz lozim. (1 Kor. 4:7) b Biz kamtarin bo‘lib nomukammal va tuzatishga muhtoj ekanimizni tan olishimiz muhim. Yoshi 60larda bo‘lgan birodar shunday yozdi: «Boshqalar menga xatolarimni ko‘rsatganida xafa bo‘lmaslikni yoki tushkunlikka tushmaslikni o‘rgandim. Gohida nodonlik qilib, xatolarga yo‘l qo‘yganimda meni tuzatishadi. Shunda yaxshilanishda va olg‘a intilishda davom etaman». Darhaqiqat, Yahovadan qo‘rqib, kamtarin bo‘lib qolsak baxtli bo‘lamiz. (Hik. 22:4)

YAHOVAGA YAQINLASHISHDA DAVOM ETING

12. Yo‘shiyo yoshligida qay yo‘sin Yahovaga yaqinlashgan? (2 Solnomalar 34:1–3)

12 Yo‘shiyo kabi yaxshi qarorlar chiqaring. Yo‘shiyo Yahovaga yaqinlashishni boshlaganida o‘smir bo‘lgan. U Yahova hamda Uning irodasi to‘g‘risida o‘rganishni xohlagan. Biroq yosh shoh sifatida uning hayoti oson bo‘lmagan. U soxta topinish avjiga chiqqan paytda pok topinish tomonida turishi kerak edi. Ha, u jasorat ila buni qila olgan! Yo‘shiyo xalq orasida tarqalgan soxta topinishni yo‘q qilishni boshlaganida hali 20ga ham to‘lmagan edi. (2 Solnomalar 34:1–3 ni o‘qing.)

13. Hayotingizni Yahovaga bag‘ishlash siz uchun nimani anglatadi?

13 Hatto juda yosh bo‘lsangiz ham Yo‘shiyo kabi Yahovaga yaqinlashishga va Uning fazilatlarini qadrlashga o‘rganishda davom etishga qaror qilishingiz mumkin. Bu hayotingizni Unga bag‘ishlashga undaydi. Qiziq, bunday qaror hayotingizga qanday ta’sir qiladi? 14 yoshida suvga cho‘mgan Luka shunday dedi: «Yahovaga xizmat qilishni hayotimda birinchi o‘ringa qo‘yib, Uni quvontirishni maqsad qilib oldim». (Mark 12:30) Sizda ham xuddi shunday istak bo‘lsa, bu siz uchun baraka.

14. Shoh Yo‘shiyoga taqlid qilgan yoshlarning misollarini keltiring.

14 Yahovaning yosh xizmatchisi sifatida qanday qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin? 12 yoshida suvga cho‘mgan Joxanga sinfdoshlari bosim o‘tkazib, elektron sigaret chekishni taklif qilishgan. Jasorat ila bu bosimga qarshi tura olish uchun Joxan bu ham sog‘ligiga, ham Yahova bilan bo‘lgan munosabatiga qanchalik salbiy ta’sir qilishi mumkinligini o‘ziga eslatgan. 14 yoshida suvga cho‘mgan Reychel maktabda duch keladigan qiyinchiliklarni yengishga unga nima yordam berishi haqida aytib berdi. U quyidagicha dedi: «Har bir narsaning ma’naviy fikrlarni yodimga soladigan tomonini ko‘rishga harakat qilaman. Misol uchun, tarix darsida Muqaddas Kitobdagi qaysidir bayonot yoki bashorat yodimga tushadi. Yo bo‘lmasa, kim bilandir gaplashayotganimda unga qaysi oyatni keltirishim mumkinligi haqida o‘ylayman». Ehtimol, siz duch kelayotgan qiyinchiliklar shoh Yo‘shiyonikidan farq qilar. Lekin siz ham u kabi dono va sadoqatli bo‘la olasiz. Yoshligingizdanoq qiyinchiliklar bilan kurashish sizni kelajakdagi boshqa qiyinchiliklarga tayyorlaydi.

15. Yo‘shiyo Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishiga nima yordam bergan? (2 Solnomalar 34:14, 18–21)

15 Shoh Yo‘shiyo 26 yoshda bo‘lganida ma’badni tiklash ishlarini boshladi. O‘sha paytda «Muso orqali berilgan Yahovaning Qonun kitobi» topilgandi. Yo‘shiyo u yerdagi so‘zlarni eshitiboq ularga darrov amal qilishga kirishdi. (2 Solnomalar 34:14, 18–21 ni o‘qing.) Siz ham Muqaddas Kitobni muntazam ravishda o‘qiyapsizmi? Agar o‘qiyotgan bo‘lsangiz, bu sizga yoqyaptimi? Shaxsan sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan oyatlarni belgilab qo‘yyapsizmi? Yuqorida tilga olingan Luka qiziqarli deb topgan fikrlarni bir daftarchaga yozib qo‘yadi. Siz ham oyatlarni yoki yoqtirgan fikrlarni eslab qolish uchun xuddi shunday yo‘l tutyapsizmi? Muqaddas Kitobni qancha ko‘p o‘rgansangiz va yaxshi ko‘rsangiz, Yahovaga xizmat qilishni shuncha ko‘p xohlaysiz. Qolaversa, shoh Yo‘shiyo kabi Xudoning Kalomiga muvofiq yo‘l tutishga harakat qilasiz.

16. Nega Yo‘shiyo jiddiy xato qilgan va bundan qanday saboq olyapmiz?

16 Yo‘shiyoning yomon qaroridan saboq oling. Yo‘shiyo taxminan 39 yoshda bo‘lganida hayotiga zomin bo‘lgan xatoga yo‘l qo‘ygan. U Yahovadan yo‘l-yo‘riq izlashning o‘rniga o‘ziga tayangan. (2 Sol. 35:20–25) Bu hammamiz uchun saboq bo‘la oladi. Yoshimiz nechada bo‘lishidan yoki haqiqatda qancha vaqt bo‘lishimizdan qat’i nazar Yahovaga yaqinlashishda davom etishimiz muhim. Bu doim Undan yo‘l-yo‘riq so‘rab ibodat qilishni, Kalomini tadqiq qilishni hamda ma’nan yetuk masihiylarning maslahatlarini qabul qilishni o‘z ichiga oladi. Bunday yo‘l tutsak kamroq jiddiy xatoga yo‘l qo‘yib, ko‘proq quvonch his qilamiz. (Yoqb. 1:25)

YOSHLAR, BAXTLI BO‘LA OLASIZ

17. Yahudoning uchta shohi to‘g‘risidagi bayonotlardan qanday xulosaga kelishimiz mumkin?

17 Yoshlik — ajoyib imkoniyatlar davri. Yo‘sh, Uzziyo hamda Yo‘shiyoning misolidan yoshlar ham dono qaror chiqarishi va Yahovani mamnun qiladigan yo‘ldan yurishi mumkinligini bilib oldik. Darhaqiqat, bu yoshlar xatolar qilishgan va bu yomon oqibatlar keltirgan. Biroq siz ularning yaxshi tomonlariga taqlid qilsangiz va ular qilgan xatolardan yiroqlashsangiz, baxtiyor bo‘lib yashay olasiz.

Dovud yoshligida Yahova bilan do‘stlashgan. U Xudoni mamnun qilib, o‘zi ham baxtiyor bo‘lgan (18-xatboshiga qarang.)

18. Muqaddas Kitobdagi qaysi misollar baxtli hayot kechirishingiz mumkinligini ko‘rsatyapti? (Rasmga ham qarang.)

18 Muqaddas Yozuvlardan Yahovaga yaqinlashishga harakat qilib, Uning nazarida iltifot topgan ko‘pgina yoshlar va ularning mazmunli hayoti borasidagi bayonotlarni o‘qishingiz mumkin. Dovud ulardan biri bo‘lgan. U yoshligidanoq Xudoning tomonini egallagan va keyinchalik sadoqat ila shohlik qilgan. Albatta u ba’zan xatolarga yo‘l qo‘ygan. Lekin Yahova uni baribir odil deb bilgan. (3 Shoh. 3:6; 9:4, 5; 14:8) Dovudning hayoti va sadoqat ila xizmat qilgani borasida o‘qib anchagina dalda olasiz. Yo bo‘lmasa, Mark yoki Timo‘tiyning misollarini tadqiq qilarsiz. Ular kichikligidanoq Yahovaga xizmat qilishni boshlab, buni sadoqat ila davom ettirishgan. Ularning Yahovaga xizmat qilish qarori Uni ham, o‘zlarini ham baxtiyor qilgan.

19. Hayotingiz qanday bo‘lishi mumkin?

19 Hayotingiz kelajakda qanday bo‘lishi aynan hozirgi yashash tarzingizga bog‘liq. O‘zingizga emas, Yahovaga tayansangiz U qadamlaringizni yo‘naltiradi. (Hik. 20:24) Baxtiyor hamda barakalarga to‘la hayot kechirishingiz mumkin. Unutmangki, Yahova siz U uchun qilayotgan barcha narsani qadrlaydi. Hayotingizni mehribon samoviy Otamizga xizmat qilishga bag‘ishlashdan ko‘ra yaxshiroq narsa bormi?!

144-QO‘SHIQ Sovringa qarab choping!

a Yoshlar, Yahova U bilan bo‘lgan do‘stligingiz ba’zan sinov ostida qolishini biladi. Qay yo‘sin samoviy Otangizni mamnun qiladigan dono qarorlar chiqara olasiz? Ushbu maqolada Yahudoning shohi bo‘lgan uchta bolaning misolini ko‘rib chiqamiz. Ular chiqargan qarorlardan nimalarni o‘rganishingiz mumkinligiga e’tibor qarating.

b jw.org saytidagi «Ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik qanchalik muhim?» nomli maqoladagi «Soxta kamtarlik ko‘rsatishdan ehtiyot bo‘ling» ramkasiga qarang.

c RASMGA SHARH. Yetuk opamiz yoshroq singlimizga dono maslahat beryapti.

d RASMGA SHARH. Anjumanda vazifasi bor singlimiz Yahovaga tayanyapti va shon-sharafni Unga qaratyapti.