49-TADQIQ MAQOLASI
147-QO‘SHIQ Va’da qilingan abadiy hayot
Abadiy yashay olasiz. Xo‘sh, qanaqasiga?
Otamning irodasi — O‘g‘ilni ko‘rib, unga ishongan har kim mangu hayotga noil bo‘lishidan iborat. (YUHAN. 6:40)
ASOSIY FIKR
Qanday qilib moylanganlar va boshqa qo‘ylar Iso Masihning to‘lov qurbonligidan foyda oladi?
1. Abadiy yashash borasida ba’zilar qanday fikrda bo‘lishi mumkin?
KO‘PLAR sog‘lom bo‘lish uchun ovqatlanish tarziga e’tibor beradi va muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishga harakat qiladi. Ammo shunga qaramay, ular abadiy yashashni kutmaydi. Chunki bunga erishish imkonsizday tuyuladi va keksalik bilan bog‘liq qiyinchiliklar tufayli hamma ham abadiy yashashni xohlamaydi. Lekin Yuhanno 3:16 va 5:24 da yozilganiday, Iso abadiy hayot to‘g‘risida ijobiy tarzda gapirgan.
2. Yuhanno 6-bobda abadiy hayot to‘g‘risida nima deyilgan? (Yuhanno 6:39, 40)
2 Bir kuni Iso mo‘jiza yaratib, insonlarni non va baliq bilan to‘ydirgan a. Bu ajoyib bo‘lgan, ammo u ertasi kuni aytgan so‘zlari yanada hayratlanarli edi. Xaloyiq Isoga ergashib Kafarnahumga — Jalila dengizining qirg‘og‘iga yaqin joyga borgan. Iso u yerda ularga insonlar tirilishi va abadiy hayotdan zavqlanishi mumkinligini aytgan. (Yuhanno 6:39, 40 ni o‘qing.) Shunday ekan, hayotdan ko‘z yumgan do‘stlaringiz va yaqinlaringiz haqida o‘ylab ko‘ring. Isoning so‘zlari vafot etgan ko‘plar tirilishi hamda siz va yaqinlaringiz abadiy hayotdan zavqlanishingiz mumkinligini ko‘rsatyapti. Shunga qaramay, Yuhanno 6-bobning davomidagi Isoning so‘zlarini tushunish ko‘pchilik uchun qiyin bo‘lgan. Keling, ularni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.
3. Yuhanno 6:51 da Iso nima deb aytgan?
3 Kafarnahumdagi xaloyiq Iso ularni to‘ydirish uchun nonlar bilan qilgan mo‘jiza va Yahova ularning ajdodlariga bergan manna o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rgan. Darhaqiqat, Muqaddas Yozuvlarda manna to‘g‘risida «osmondan… [tushgan] non» deb aytilgan. (Zab. 105:40; Yuhan. 6:31) Iso muhim bir narsani o‘rgatish uchun mannaning misolidan foydalangan. Garchi Xudo mannani mo‘jizaviy tarzda bergan bo‘lsa-da, uni yeganlar oxir-oqibat hayotdan ko‘z yumgan. (Yuhan. 6:49) Bundan farqli ravishda, Iso o‘zini «osmondan tushgan haqiqiy non», «Xudo bergan non» va «hayot noni» deb atagan. (Yuhan. 6:32, 33, 35) Iso manna va o‘zi o‘rtasidagi asosiy farqqa diqqat qaratgan. U: «Men osmondan tushgan tirik nondirman. Bunday nonni kim yesa, mangu yashaydi»,— deb aytgan. (Yuhanno 6:51 ni o‘qing.) Buni eshitgan o‘sha yahudiylar hayron qolgan. Qanaqasiga Iso o‘zini osmondan tushgan non deb ayta olgan? Qanday qilib u Xudo ularning ota-bobolariga mo‘jizaviy tarzda bergan mannadan ustun bo‘la olardi? Iso shunday degan: «Bu non mening tanamdir». Qiziq, u nima demoqchi edi? Bu savolning javobini tushunish biz uchun muhim. Chunki u biz va yaqinlarimiz abadiy yashay olishini ko‘rsatadi. Endi esa, keling, Iso nimani nazarda tutganini muhokama qilamiz.
TIRIK NON VA UNING TANASI
4. Nega ba’zilar Isoning gaplaridan hayron qolgan?
4 Iso tanasini insoniyatga hayot baxsh etish uchun fido qilishi haqida aytganida, uni tinglayotganlarning ba’zilari esankirab qolgan. Ular «Iso yeyish uchun tom ma’nodagi tanasini beradi» deb o‘ylaganmi? Axir bu odamxo‘rlik bo‘lardi-ku! (Yuhan. 6:52) Ammo bundan so‘ng Iso quyidagi hayratlanarli tafsilotni aytgan: «Inson O‘g‘lining tanasini yemasangiz va qonini ichmasangiz, hayotga ega bo‘lmaysiz». (Yuhan. 6:53)
5. Iso uning tom ma’nodagi tanasini yeyishni va qonini ichishni nazarda tutmaganini qayerdan bilamiz?
5 Nuhning davrida Xudo odamlarga qonni iste’mol qilishni man etgan. (Ibt. 9:3, 4) Yahova Isroil xalqiga Tavrotni berganida ham o‘sha amrni takrorlagan. Unga ko‘ra, «qon iste’mol qilgan har qanday kishi» yo‘q qilinishi kerak edi. (Lev. 7:27) Iso Tavrotga amal qilardi. (Mat. 5:17–19) Shunday ekan, u yahudiylarni uning tom ma’nodagi tanasini yeyishga va tomiridagi qonni ichishga undamasdi. Lekin Iso kishini hayratda qoldiradigan fikrni aytib, aslida odamlarni hayotga — abadiy hayotga qanday qilib erishish mumkinligini o‘rgatgan. (Yuhan. 6:54)
6. Isoning tanasini yeyish va qonini ichish to‘g‘risidagi gaplarini qanday tushunish kerak?
6 Iso nimani nazarda tutgan? U avvalroq samariyalik ayol bilan gaplashganidek, bu vaziyatda ham majoziy ma’noda gapirgani aniq. Iso: «Kimki men bergan suvni ichsa, hech qachon chanqamaydi. Aksincha, men beradigan suv unda buloqqa o‘xshab jo‘shib oqaveradi va abadiy hayot sari eltadi»,— deb aytgan. (Yuhan. 4:7, 14) b Iso samariyalik ayol tom ma’nodagi suvni ichsa, abadiy yashashi mumkinligini nazarda tutmagan. Shu singari Iso agar Kafarnahumdagi xaloyiq uning tom ma’nodagi tanasini yesa va uning qonini ichsa, abadiy yashaydi demoqchi emasdi.
IKKITA VOQEA O‘RTASIDAGI FARQLAR
7. Isoning Yuhanno 6:53 dagi gaplari borasida ba’zilar nima deydi?
7 Ba’zi dindor odamlarning aytishicha, Isoning uning tanasini yeyish va qonini ichish to‘g‘risidagi Yuhanno 6:53 da keltirilgan so‘zlar keyinchalik Qutlug‘ Kechlik marosimiga zamin yaratgan. Chunki o‘shanda ham Iso shunga o‘xshash so‘zlarni aytgan. (Mat. 26:26–28) Ularning aytishicha, Qutlug‘ Kechlik marosimiga kelgan barcha non va sharob uzatilganda, ulardan iste’mol qilishi kerak. Bu to‘g‘rimi? Mazkur savolga javob topish muhim. Sababi har yili millionlab odamlar bu marosimda biz bilan yig‘iladi. Keling, Yuhanno 6:53 da aytilgan va Qutlug‘ Kechlik marosimida Iso aytgan so‘zlar o‘rtasidagi bir nechta farqni ko‘rib chiqamiz.
8. Ikkita vaziyat o‘rtasida qanday farq bor? (Rasmlarga ham qarang.)
8 Avvaliga bu voqealar o‘rtasidagi ikkita farqni ko‘rib chiqamiz. Birinchisi, Yuhanno 6:53–56 dagi so‘zlarni Iso qachon va qayerda aytgan? U buni mil. 32-yili Jaliladagi bir guruh yahudiylarga aytgan. Bu Iso Quddusda Qutlug‘ Kechlik marosimini uyushtirishidan taxminan bir yil oldin yuz bergan. Ikkinchisi, Isoning bu so‘zlari kimga qarata aytilgandi? Jalilada uni tinglayotganlarning ko‘pchiligi ma’naviy ehtiyojlarini qondirishdan ko‘ra vaqtinchalik jismoniy ehtiyojlarini qondirish haqida ko‘proq o‘ylayotgandi. (Yuhan. 6:26) Aslida ular Iso o‘rgatgan narsalarni tushunishga qiynalganda, ishonchi tezda so‘nib qolgan. Hattoki shogirdlaridan ba’zilari unga ergashishni to‘xtatgan. (Yuhan. 6:14, 36, 42, 60, 64, 66) Bu voqeani taxminan bir yil o‘tib mil. 33-yili Iso Qutlug‘ Kechlik marosimini uyushtirganida, nima yuz bergani bilan solishtiring. O‘sha vaziyatda uning 11 ta sadoqatli havoriysi Iso o‘rgatayotganlarini to‘liq tushunmagan bo‘lsa-da, u bilan birga bo‘lgan. Ammo Jaliladagi ko‘plardan farqli ravishda, sadoqatli havoriylari Iso Xudoning osmondan tushgan O‘g‘li ekaniga amin edi. (Mat. 16:16) Iso ularni maqtab: «Sinovlarga duch kelganimda sizlar men bilan bo‘lgansizlar»,— deb aytgan. (Luqo 22:28) Bu ikkita farqning o‘zi u Yuhanno 6:53 da Qutlug‘ Kechlik haqida gapirmayotganini ko‘rsatyapti. Ammo, keling, boshqa dalillarni ham ko‘rib chiqamiz.
BU SIZGA HAM TEGISHLI
9. Iso Qutlug‘ Kechlik marosimida aytgan so‘zlar kimlarga tegishli?
9 Qutlug‘ Kechlik marosimi paytida Iso xamirturushsiz nonni havoriylariga uzatib, bu uning tanasini anglatishini aytgan. Keyin esa u sharobni uzatib, bu «ahd qonini» bildirishini aytgan. (Mark 14:22–25; Luqo 22:20; 1 Kor. 11:24) Bu muhim edi. Yangi ahd butun insoniyat bilan emas, balki Xudoning Shohligida boshqaradigan ramziy Isroil xonadoni bilan tuzilgan. (Ibron. 8:6, 10; 9:15) O‘shanda havoriylar buning ma’nosini tushunmagan. Lekin tez orada ular muqaddas ruh bilan moylanib, Iso bilan samoda bo‘lish uchun yangi ahdning bir qismiga aylanishi kerak edi. (Yuhan. 14:2, 3)
10. Isoning Jalilada aytganlari Qutlug‘ Kechlikda aytganlaridan qay yo‘sin farq qilgan? (Rasmga ham qarang.)
10 E’tibor bering, Isoning Qutlug‘ Kechlik marosimi paytida aytgan so‘zlari «kichik poda»ga tegishli edi. Iso bilan o‘sha yerda bo‘lgan sadoqatli havoriylar bu kichik guruhning birinchi a’zolaridan edi. (Luqo 12:32) Ular va o‘sha guruhga tegishli bo‘ladiganlardan ikkita ramzdan — non va sharobdan qabul qilish kutilardi. Ular osmonda Iso bilan birga bo‘ladi. Bu Qutlug‘ Kechlik va avvalroq Jalilada bo‘lgan voqea orasidagi yana bir farq. Iso Qutlug‘ Kechlikda aytgan gaplar kichik guruhdagi, Jalilada aytganlari esa soni cheklanmagan odamlarga tegishli.
11. Iso Jalilada aytgan so‘zlar u soni chegaralangan odamlarga gapirmaganini qanday ko‘rsatyapti?
11 Mil. 32-yili Iso Jalilada bo‘lganida, asosan undan non olishni istagan yahudiylarga murojaat qilgan. Lekin u ularning diqqatini tom ma’nodagi yegulikdan muhimroq narsaga qaratgan. Bu yordamida ular abadiy hayotga erisha olardi. Qolaversa, Iso o‘lganlar oxirgi kunda tirilishi va abadiy yashashi mumkinligini aytgan. O‘shanda u keyinroq Qutlug‘ Kechlik marosimida bo‘lganidek, soni cheklangan bir nechta odamga ishora qilmagan. Aksincha, u barcha odamlar erishishi mumkin bo‘lgan baraka haqida gapirayotgan edi. Darhaqiqat, Iso: «Bunday nonni kim yesa, mangu yashaydi. Bu non mening tanamdir, uni insoniyatga hayot baxsh etish uchun fido qilaman»,— degan. (Yuhan. 6:51) c
12. Isoning aytganlaridan foyda olish uchun nima qilishimiz kerak??
12 Iso Jaliladagi yahudiylarga: «Bu barakani yashab o‘tganlar va endi tug‘iladiganlar oladi»,— deb aytmagan. Bu nonni yeganlar imonni namoyon etsagina undan foyda oladi. Bugungi kundagi ko‘p odamlar «Isoga shunchaki ishonib, uni xaloskorim deb bilsam, qutqarilaman» deb o‘ylaydi. (Yuhan. 6:29) Lekin buning o‘zi yetarli emas. Avvaliga Isoga ishongan Jaliladagi ko‘pchilik keyinchalik unga ergashmay qo‘ygan. Nega?
13. Isoning chinakam shogirdi bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak?
13 O‘sha yahudiylarning aksariyati Iso ular istagan narsalarni bergani uchungina unga ergashgan. Ularni mo‘jizaviy tarzda shifo topish, bepul yegulik yoki qulog‘iga yoqimli bo‘lgan ta’limotlar qiziqtirgan, xolos. Lekin Iso uning shogirdi bo‘lish uchun ko‘proq narsa talab qilinishini ko‘rsatgan. U yer yuziga shunchaki odamlarning xohish-istaklarini qondirish uchun kelmagan. O‘sha odamlar Isoning uning oldiga kelish taklifini qabul qilishi va o‘rgatgan barcha ta’limotlariga quloq solishi lozim edi. (Yuhan. 5:40; 6:44)
14. Isoning tanasi va qonidan foyda olish uchun nima qilishimiz lozim?
14 Iso ularga u o‘z tanasini va qonini qurbonlikka keltirishi evaziga ularda abadiy yashash imkoni paydo bo‘lishini aytgan. Ular bunga ishonishlari zarur edi. Bunday imon o‘sha yahudiylar uchun juda muhim edi va bugungi kunda ham shunday. (Yuhan. 6:40) Demak, Iso Yuhanno 6:53 da aytganidek, abadiy hayotga erishish uchun to‘lov qurbonligiga nisbatan imonni rivojlantirishimiz kerak. Bu barakaga soni cheklanmagan insonlar erisha oladi. (Efes. 1:7)
15, 16. Yuhanno 6-bobdan qanday muhim saboqlar oldik?
15 Yuhanno 6-bobdan barchamiz uchun muhim va daldali bo‘lgan ko‘p narsani bilib oldik. Iso odamlarga qanchalik g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rdik. U Jalilada bo‘lganida kasallarni sog‘aytirgan, ularga Xudoning Shohligi to‘g‘risida o‘rgatgan va yeguligi bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Luqo 9:11; Yuhan. 6:2, 11, 12) Bundan-da muhimrog‘i Iso u «hayot noni» ekanini tushuntirgan. (Yuhan. 6:35, 48)
16 Iso «boshqa qo‘ylar» deb atagan insonlar har yili o‘tadigan Qutlug‘ Kechlik marosimida non va sharobdan iste’mol qilmaydi va bunday qilmasligi kerak. (Yuhan. 10:16) Lekin ular majoziy ma’nodagi hayot nonidan yeyishlari mumkin. Ular buni Isoning to‘lov qurbonligiga ishonayotganini ko‘rsatish orqali qila oladi. (Yuhan. 6:53) Bundan farqli ravishda, non va sharobdan qabul qiladiganlar yangi ahdning bir qismi bo‘lishadi va Samoviy Shohlikda boshqarish umidiga ega bo‘lishadi. Xulosa qiladigan bo‘lsak, moylanganlar yo boshqa qo‘ylar qatoriga kiramizmi, Yuhanno 6-bobdagi bayonotdan ko‘p muhim narsalarni bilib oldik. Bu bizga abadiy hayotga ega bo‘lish uchun to‘lovga nisbatan kuchli imonni namoyon etishimiz kerakligini ko‘rsatyapti.
150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping
a Yuhanno 6:5–35 oldingi maqolada muhokama qilingan.
b Iso aytgan suv Yahova odamlar abadiy hayotga erishishiga yordam berish uchun qilgan barcha ishlarni bildiradi.