Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

48-TADQIQ MAQOLASI

97-QO‘SHIQ Rab so‘zi ila har lahza yashaymiz

Isoning non bilan bog‘liq mo‘jizasidan qanday saboq olishimiz mumkin?

Isoning non bilan bog‘liq mo‘jizasidan qanday saboq olishimiz mumkin?

Men hayot noniman. Mening oldimga kelayotgan hech qachon och bo‘lmaydi. (YUHAN. 6:35)

ASOSIY FIKR

Iso xaloyiqni to‘ydirish uchun non va baliqni ko‘paytirgan. Bu maqolada Yuhanno 6-bobdagi bayonotni ko‘rib chiqamiz va undan qanday saboqlar olishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Qadimda non qanday ahamiyatga ega bo‘lgan?

 QADIMDA non ko‘plar uchun asosiy oziq-ovqat manbai bo‘lgan. (Ibt. 14:18; Luqo 4:4) U shunchalik muhim bo‘lganidan oziq-ovqatga ishora qilish uchun Muqaddas Kitobda ba’zida «non» so‘zi ishlatilgan. (Hiz. 5:16; Mat. 6:11, izoh;) Bundan tashqari, Isoning hammamizga tanish ikkita mo‘jizasida non muhim o‘rin egallagan. (Mat. 16:9, 10) Bu bayonotlarning biri to‘g‘risida Yuhanno 6-bobda o‘qiymiz. Mazkur bayonotni ko‘rib chiqar ekanmiz, bugungi kunda qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan saboqlarga diqqat qaratamiz.

2. Qaysi vaziyatda odamlarning yegulikka bo‘lgan ehtiyoji ko‘paydi?

2 Isoning havoriylari va’zgo‘ylik safaridan so‘ng juda charchagandi. Shunga dam olishlari uchun Iso ularni olib, qayiqda Jalila dengizi bo‘ylab suzib ketdi. (Mark 6:7, 30–32; Luqo 9:10) Ular Baytsayda yaqinidagi xilvat joyga keldi. Ammo keyinroq minglab odamlar kelib u yerga to‘plandi. Iso ularni e’tiborsiz qoldirmadi. U ularga Xudoning Shohligi haqida ta’lim berishga va kasallarni sog‘aytirishga bajonidil vaqt ajratdi. Kech kirar ekan, shogirdlar «Bu odamlarning barchasi nima yer ekan?» deb o‘ylab qoldi. Ehtimol, ularning ba’zilari o‘zi bilan ovqat olgandi. Ammo aksariyati qishloqlarga borib, yegulik xarid qilishi kerak edi. (Mat. 14:15; Yuhan. 6:4, 5) Iso nima qildi?

ISO MO‘JIZAVIY TARZDA NON BILAN TO‘YDIRDI

3. Iso xaloyiqning ehtiyojiga qanday munosabat bildirdi? (Muqovadagi ham qarang.)

3 Iso shogirdlariga: «Ularning ketishiga hojat yo‘q. Ularga yegulikni sizlar beringlar»,— dedi. (Mat. 14:16) Lekin bu imkonsizday ko‘ringandi. Chunki u yerda taxminan 5 000 ta erkak bor edi. Ayollar va bolalarni hisoblaganda esa, ehtimol, 15 000 kishini to‘ydirish kerak bo‘lgan. (Mat. 14:21) Shunda Idris quyidagicha dedi: «Ana, bir bolada beshta arpa non va ikkita kichkina baliq bor. Lekin ko‘pchilikka bu nima ham bo‘lar edi?» (Yuhan. 6:9) Arpa nonini asosan kambag‘allar va boshqalar iste’mol qilgan. Kichkina baliqlarni esa tuzlab quritishgan, lekin shunda ham o‘sha bolakaydagi yegulik shuncha ko‘p odamni to‘ydirish uchun yetarli emasdi.

Iso havoriylarining ma’naviy va jismoniy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilgan (3-xatboshiga qarang.)


4. Yuhanno 6:11–13 dagi so‘zlardan qanday saboq olsak bo‘ladi? (Rasmlarga ham qarang.)

4 Iso xaloyiqqa mehmondo‘stlik ko‘rsatishni istab, ularga o‘tlarga guruh-guruh bo‘lib yonboshlashni buyurdi. (Mark 6:39, 40; Yuhanno 6:11–13 ni o‘qing.) Keyin Iso non va baliq uchun Otasiga shukrona duosini aytdi. Bunday qilib u rizq-ro‘zni beradigan shaxs Xudo ekanini va yegulik uchun Undan minnatdorligini ko‘rsatdi. Bu bizga Isoga taqlid qilib — yolg‘iz bo‘lamizmi yoki boshqalar oldidami — ovqatdan oldin ibodat qilish muhimligini eslatyapti. Keyin Iso yegulikni tarqatdi va odamlar yeb to‘ydi. Yegulik shunchalik ko‘p bo‘lganidan xaloyiq ularning hammasini yeya olmadi. Iso ortib qolgani isrof bo‘lishini istamadi. Shu bois, ehtimol, keyinroq foydalanish uchun qolgan yegulikni yig‘ib chiqishni buyurdi. Iso isrofgarchilik qilmay bu borada bizga ajoyib o‘rnak ko‘rsatdi. Agar ota-ona bo‘lsangiz, bu bayonotni farzandlaringiz bilan ko‘rib chiqing hamda ibodat, mehmondo‘stlik va saxiylik borasida qanday saboq olishingiz mumkinligini muhokama qiling.

O‘zingizdan shunday so‘rang: «Ovqatlanishdan avval ibodat qilish borasida Isoning o‘rnagiga ergashyapmanmi?» (4-xatboshiga qarang.)


5. Odamlar Isoning mo‘jizasini ko‘rgach, nima qilishni istadi-yu, lekin qanday yo‘l tutdi?

5 Isoning ta’lim berish tarzi va yaratgan mo‘jizalari odamlarga qattiq ta’sir qildi. Ular Musoning va’dasiga ko‘ra, Xudo o‘zgacha payg‘ambarni yuborishini bilardi va, balki, «O‘sha payg‘ambar Iso» deb o‘ylagandir. (Qonun. 18:15–18) Agar shunday bo‘lsa, odamlar «Iso zo‘r boshqaruvchi bo‘ladi va hatto butun xalqni to‘ydira oladi» degan fikrga borgandir. Natijada odamlar Isoni «shoh qilish niyatida tutib olishmoqchi» bo‘ldi. (Yuhan. 6:14, 15) Agar Iso bunga yo‘l qo‘yganida, Rimning boshqaruvi ostidagi yahudiylarning siyosatiga aralashgan bo‘lardi. Xo‘sh, u shunday yo‘l tutdimi? Yo‘q. Iso qat’iylik ila «toqqa chiqib ketdi» degan so‘zlarni o‘qiymiz. Boshqalarning bosimiga qaramay, Iso siyosatga aralashmadi. Bundan muhim saboq olyapmiz.

6. Isoning o‘rnagiga ergashmoqchi ekanimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? (Rasmga ham qarang.)

6 Shubhasizki, boshqalar bizdan nonni ko‘paytirishni yoki kasallarni mo‘jizaviy ravishda sog‘aytirishni so‘ramaydi. Yo bo‘lmasam bizni shoh yoki boshqaruvchi qilishga urinmaydi. Ammo odamlar bizni ularning nazarida yaxshi boshqaruvchi bo‘la oladigan kishiga ovoz berish yoki uni qo‘llab-quvvatlash orqali siyosatga aralashishga undashi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Iso nima qilgani aniq. U siyosiy masalalarga aralashishni rad etgan. Hatto keyinroq shunday degan: «Mening Shohligim bu dunyodan emas». (Yuhan. 17:14; 18:36) Masihiy sifatida Iso kabi fikrlashimiz va uning o‘rnagiga ergashishimiz zarur. Isoga o‘xshab Xudoning Shohligiga sadoqatli qolamiz, boshqalarga u haqda aytamiz va u kelishini so‘rab ibodat qilamiz. (Mat. 6:10) Keling, Iso non bilan to‘ydirgani haqidagi bayonotga qaytib, undan yana nimani o‘rganishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.

Iso siyosatga aralashmagan, biz ham uning o‘rnagiga ergashishimiz kerak (6-xatboshiga qarang.)


NONLARNING MA’NOSI

7. Iso va havoriylar nima qildi? (Yuhanno 6:16–20)

7 Iso xaloyiqni to‘ydirgach, havoriylariga u yerdagi hududdan ketib, qayiqda Kafarnahumga borishni aytdi. O‘zi esa toqqa chiqib ketdi. Shu yo‘sin u odamlar uni shoh qilishiga yo‘l qo‘ymadi. (Yuhanno 6:16–20 ni o‘qing.) Havoriylar qayiqda borganida bo‘ron ko‘tarildi va kuchli shamol dastidan dengiz to‘lqinlanib ketdi. O‘shanda Iso ularning oldiga suv ustida yurib keldi. Keyin u havoriy Butrusga ham suv ustida yurishni taklif qildi. (Mat. 14:22–31) Iso qayiqqa o‘tirganida shamol tinchlandi, shunda shogirdlar: «Chindan ham siz Xudoning O‘g‘li ekansiz»,— deyishdi a. (Mat. 14:33) Ular bu mo‘jiza va sal oldin xaloyiq bilan nima yuz bergani o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rmadi. Mark quyidagi tafsilotni yozib qoldirgan: «Shogirdlar hayron bo‘lib qotib qolishdi. Chunki ular haligacha nonlar bilan nima yuz berganini anglashmasdi va qalblari fahmlay olmasdi». (Mark 6:50–52) Ha, ular Yahova Isoga nonni ko‘paytirishdan ham ko‘prog‘ini qilish qudratini ato etganini tushunmagandi. Lekin ko‘p o‘tmay, Iso non bilan bog‘liq mo‘jiza haqida yana gapirdi va bundan muhim narsani o‘rganyapmiz.

8, 9. Nega xaloyiq Isoning ortidan ergashdi? (Yuhanno 6:26, 27)

8 Iso to‘ydirgan xaloyiqning diqqati jismoniy ehtiyojlarini va xohish-istaklarini qondirishga qaratilgan edi. Qanaqasiga? Kelasi kuni ular Iso va uning havoriylari ketganini ko‘rgan. Tiveriyadan qayiqlar kelgani uchun xaloyiq ularning ba’zilariga chiqib, Isoni topish niyatida Kafarnahumga jo‘nadi. (Yuhan. 6:22–24) Ular Xudoning Shohligi haqida ko‘proq eshitishni istagani uchun shunday qilganmi? Yo‘q! Ular shunchaki qornini to‘ydirishni istagan. Buni qayerdan bilamiz?

9 O‘sha xaloyiq Kafarnahum yaqinida Isoni topganida nima yuz berganiga diqqat qarating. U ularning asosiy niyati vaqtinchalik jismoniy ehtiyojlarini qondirish ekanini ochiqchasiga aytgan. Garchi ular non yeb to‘ygan bo‘lsa-da, Iso bu «o‘tkinchi yegulik» ekanini ta’kidlagan va ularni «abadiy hayotga eltadigan yegulik uchun mehnat» qilishga undagan. (Yuhanno 6:26, 27 ni o‘qing.) U Otasi bunday ozuqani taqdim etishini aytgan. Yegulik abadiy hayotga yetaklashi to‘g‘risidagi fikrdan ular hayron qolgan bo‘lsa kerak. Qiziq, qanday ozuqa tufayli bunga erishsa bo‘ladi? Qay yo‘sin Isoning tinglovchilari unga ega bo‘la olardi?

10. Odamlar «mangu hayotga» ega bo‘lish uchun nima qilishi kerak edi?

10 Aftidan, o‘sha yahudiylar bunday ozuqaga ega bo‘lish uchun nima qilish kerakligini bilishni istagan. Ular «Musoning Qonunida talab qilingan ishlarni qilish kerak» deb o‘ylagandir. Lekin Iso ularga: «Bunday ma’qul ish Xudo yuborgan zotga ishonishdir»,— deb aytgan. (Yuhan. 6:28, 29) Ular «mangu hayotga» ega bo‘lish uchun Xudoning vakillariga ishonishi kerak edi. Iso bu haqda oldin ham aytgandi. (Yuhan. 3:16–18, 36) Keyinroq u qay yo‘sin abadiy hayotga erishishimiz mumkinligi to‘g‘risida batafsilroq tushuntirgan. (Yuhan. 17:3)

11. Odamlar faqat qornini to‘ydirishni istaganini Iso qay yo‘sin ko‘rsatdi? (Zabur 78:24, 25)

11 O‘sha yahudiylar Isoga ishonishni istamagan. Ular unga: «Sizga ishonishimiz uchun qanday mo‘jiza ko‘rsatasiz?» — deb savol bergan. (Yuhan. 6:30) Ular Musoning davrida ajdodlari osmondan tushgan mannani olganini aytgan. Bu ularning kundalik ozuqasi bo‘lgan. (Naxim. 9:15; Zabur 78:24, 25 ni o‘qing.) Shunisi aniqki, ularning diqqati tom ma’nodagi ozuqaga ega bo‘lishga qaratilgandi. Ular hatto Isoning «osmondan haqiqiy non» berayotgan degan so‘zlarini aniqroq tushuntirib berishini so‘ramagan. Axir bu osmondan hayotbaxsh manna tushishiga o‘xshardi. (Yuhan. 6:32) O‘sha Yahudiylarning diqqati jismoniy ehtiyojlariga qaratilganidan ular Iso bo‘lishayotgan ma’naviy haqiqatlarni nazariga ilmagan. Bu bayonotdan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

BIZ UCHUN NIMA MUHIMROQ BO‘LISHI KERAK?

12. Nima eng muhimi ekanini Iso qanday ko‘rsatdi?

12 Yuhanno 6-bobdan muhim saboq olyapmiz. Biz uchun Yahovaga sodiq qolish va U bilan yaxshi munosabatga ega bo‘lish eng muhimi bo‘lishi kerak. Shayton Isoni vasvasa qilgan. O‘shanda Iso Xudoga itoatli bo‘lish jismoniy ozuqadan muhimroq ekanini ko‘rsatgan. (Mat. 4:3, 4) U tog‘dagi va’zida ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lishning muhimligini ta’kidlab o‘tgan. (Mat. 5:3) Shuning uchun o‘zimizga quyidagicha savol bersak bo‘ladi: «Hayot tarzim jismoniy xohish-istaklarimdan ko‘ra ma’naviy ehtiyojlarimga ko‘proq e’tibor qaratayotganimni ko‘rsatyaptimi?»

13. a) Yegulikdan zavq olishning nega yomon joyi yo‘q? b) Qaysi ogohlantiruvga quloq solishimiz kerak? (1 Korinfliklarga 10:6, 7, 11)

13 Jismoniy ehtiyojlarimiz to‘g‘risida ibodat qilish va ularni qondirishdan quvonch topish o‘rinlidir. (Luqo 11:3) Zero og‘ir mehnat tufayli yeb-ichamiz va bu bizga quvonch keltiradi. Qolaversa, u «Allohning in’omi»dir. (Voiz 2:24; 8:15; Yoqb. 1:17) Lekin shunga qaramay, moddiy narsalarning o‘z o‘rni borligini unutmasligimiz lozim. Havoriy Pavlus masihiylarga yozgan so‘zlaridan bu haqda bilib olyapmiz. U Sinay tog‘i yaqinida Isroil xalqi yomon o‘rnak qoldirganini, jumladan, qanday ishlar qilganini ta’kidlagan. Havoriy Pavlus masihiylarni «ularga o‘xshab yomonlikni» istashdan ogohlantirgan. (1 Korinfliklarga 10:6, 7, 11 ni o‘qing.) Yahova ularga mo‘jizaviy tarzda yegulik taqdim etgan. Lekin Isroil xalqi ochko‘zlik qilgan va yegulik ular uchun yomon narsaga aylangan. (Sah. 11:4–6, 31–34) Isroil xalqi uchun Yahovaga itoat qilishdan ko‘ra oltin buzoqqa sajda qilish, yeb-ichish va vaqtichog‘lik qilish muhimroq bo‘lgan. (Chiq. 32:4–6) Bundan tashqari, havoriy Pavlus mil. 70-yili Quddus va undagi ma’bad vayron bo‘lishiga yaqin davrda yashagan masihiylarga ularning misolini ogohlantirish sifatida yozgan. Biz ushbu zamonaning oxiri yaqinlashib qolgan paytda yashayapmiz. Shunday ekan, Pavlusning maslahatiga jiddiy yondashishimiz kerak.

14. Oziq-ovqat masalasida yangi dunyoda nimani kutishimiz mumkin?

14 Iso «bugungi rizq-ro‘zimizni ber» deb ibodat qilganimizda, «osmonda bo‘lgani kabi, yer yuzida ham... [Xudoning] irodasi bajo» bo‘lishi haqida so‘rashimiz kerakligini aytgan. (Mat. 6:9–11) Xo‘sh, o‘shanda yer yuzi qanday bo‘ladi? Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudoning yer yuziga nisbatan irodasi yaxshi oziq-ovqat bo‘lishini ham o‘z ichiga oladi. Ishayo 25:6–8 da yozilgan bashoratga ko‘ra, Yahovaning Shohligi boshqarganida oziq-ovqat mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Zabur 72:16 da: «Yer yuzida g‘alla mo‘l bo‘ladi, tog‘lar tepasida don serob bo‘ladi»,— degan bashorat yozilgan. O‘sha donlarning ba’zilari yordamida o‘zingiz sevgan turdagi nonni pishirishni yoki yangi retseptlar yordamida yangi taom tayyorlashni intiqib kutyapsizmi? Qolaversa, uzumzoringizning hosilidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. (Ishayo 65:21, 22) Ha, yer yuzidagi barcha odamlar bunday ajoyib narsalardan bahramand bo‘ladi.

15. Tirilganlar nimalarni o‘rganadi? (Yuhanno 6:35)

15 Yuhanno 6:35 ni o‘qing. Iso mo‘jizaviy tarzda yaratgan non va baliqdan yegan odamlarni nima kutyapti? Kelajakda yuz beradigan tirilishda ularning ba’zilari bilan tanishishingiz mumkin. Hatto o‘tmishda ular Isoga ishonmagan bo‘lsa ham, tirilishlari mumkin. (Yuhan. 5:28, 29) O‘shanda ular Isoning: «Men hayot noniman. Mening oldimga kelayotgan hech qachon och bo‘lmaydi»,— degan so‘zlarining ma’nosini tushunadi. Ular Isoning to‘lov qurbonligiga, ya’ni u ular uchun o‘z hayotini qurbon qilganiga ishonishlari kerak. O‘sha paytda tirilganlar va yangi dunyoda tug‘ilganlar uchun ma’naviy ta’lim dasturi bo‘ladi. Bu ta’lim dasturida qatnashish qanchalik quvonch keltirishini bir tasavvur qiling. Ha, Yahova bilan do‘stlashishga yordam berish tom ma’nodagi nonni yeyishdan ham ko‘proq quvonch keltiradi.

16. Keyingi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

16 Biz Yuhanno 6-bobdagi bayonotni qisman ko‘rib chiqdik. Ammo Iso «abadiy hayot» to‘g‘risida yanayam ko‘proq aytib bergan. O‘shanda yahudiylar uning so‘zlarini diqqat ila tinglashlari kerak edi. Biz ham xuddi shunday qilishimiz lozim. Keyingi maqolada ham Yuhanno 6-bobning davomini muhokama qilamiz.

20-QO‘SHIQ Aziz O‘g‘ling berding

a Bu qiziqarli bayonot to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Iso — yo‘l, haqiqat va hayot» kitobining 131-sahifasiga va turli tillarda chiqqan «Imonlariga ergashinglar» nomli adabiyotning 185-sahifasiga qarang.