Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

51-TADQIQ MAQOLASI

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing

Ko‘z yoshlaringiz Yahova uchun qadrlidir

Ko‘z yoshlaringiz Yahova uchun qadrlidir

Ko‘z yoshlarimni meshingga yig‘ib qo‘y. Axir Sen ularni bitta qoldirmay kitobingga yozib qo‘ygansan-ku! (ZAB. 56:8)

ASOSIY FIKR

Yahova hissiy og‘riqlarimizni to‘liq tushunadi va biz muhtoj bo‘lgan daldani beradi.

1, 2. Qaysi vaziyatlar tufayli ko‘z yosh to‘kishimiz mumkin?

 VAQTI-VAQTI bilan barchamiz ko‘z yosh to‘kamiz. Ba’zida bu quvonch ko‘z yoshlari bo‘ladi. Ehtimol, siz bilan o‘zgacha yoki muhim bir voqea yuz berganida, aytaylik, farzandli bo‘lganingizda, shirin xotiralarni eslaganingizda yoki anchadan beri ko‘rmagan do‘stingiz bilan uchrashganingizda, ko‘zlaringizga yosh kelgan bo‘lsa kerak.

2 Lekin ko‘pincha qalbimizdagi og‘riq tufayli ko‘z yosh to‘kamiz. Misol uchun, kimdir ko‘nglimizni qoldirganida, yig‘lashimiz mumkin. Bedavo kasallikka chalinganimizda yoki yaqinimiz hayotdan ko‘z yumganida ham qattiq og‘riq tufayli ko‘z yosh to‘kamiz. Shunda Quddus bobilliklar tomonidan vayron qilinganida, Yeremiyo his qilgan tuyg‘ular bizga tanish bo‘lishi mumkin. U shunday degan: «Ko‘z yoshlarim daryo bo‘lib oqdi. To‘xtamasdan, tinimsiz yig‘layapman». (Marsiya 3:48, 49)

3. Yahova xizmatchilari azob chekayotganini ko‘rib nimalarni his qiladi? (Ishayo 63:9)

3 Yahova qiyin vaziyatlar dastidan to‘kkan barcha ko‘z yoshlarimizdan xabardor. Muqaddas Kitob Tangri Uning xizmatchilari duch kelayotgan har qanday og‘riqli vaziyatni bilishiga va Undan yordam so‘rab iltijo qilganimizda, bizni eshitishiga ishontiryapti. (Zab. 34:15) Lekin Yahova bizni ko‘rishdan va eshitishdan ko‘prog‘ini qiladi. Sevuvchi ota-ona kabi U yig‘layotgan farzandlarini ko‘rib, ta’sirlanadi va bizga yordam berishga oshiqadi. (Ishayo 63:9 ni o‘qing.)

4. Muqaddas Kitobdagi ayrim misollardan Yahovaning fikrlash tarzi to‘g‘risida nimalarni bilib olyapmiz?

4 Yahova xizmatchilari ko‘z yosh to‘kkanida, qanday munosabat ko‘rsatgani Kalomida yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Buni Xanna, Dovud va shoh Hizqiyoning misollaridan ko‘rishimiz mumkin. Ular nega yig‘lagan? Ular ko‘z yosh to‘kib yordam so‘raganida, Yahova qanday javob bergan? Keyin esa qayg‘uga botganimizda, xiyonatga duch kelganimizda yoki umidsizlikka tushganimizda, Yahova qay yo‘sin tasalli berishini ko‘rib chiqamiz.

QAYG‘U KO‘Z YOSHLARI

5. Xanna vaziyati tufayli nimalarni his qilgan?

5 Xanna qayg‘u ko‘z yoshlarini to‘kishiga sabab bo‘lgan bir nechta muammoni boshdan o‘tkazgan. Erining Paninna ismli yana bir xotini bor edi va u Xannani yoqtirmasdi. Bunisi yetmagandek, Xanna farzandsiz edi. Paninnada esa bir nechta bola bor edi. (1 Shoh. 1:1, 2) Paninna Xannani bepushtligi uchun mazax qilardi. Bunday vaziyatda bo‘lganingizda nimalarni his qilardingiz? Xanna «yig‘lab, tuz ham totmadi» va qattiq qayg‘urdi. (1 Shoh. 1:6, 7, 10)

6. Tasalli topish uchun Xanna nima qildi?

6 Xanna qay yo‘sin tasalli topgan? Unga yordam bergan narsalardan biri u pok topinishning markaziga — muqaddas chodirga borgani bo‘ldi. Ehtimol, Xanna muqaddas chodir hovlisining kiraverishiga yaqin joyda «Yahovaga ibodat qilib, o‘zini yig‘idan tiya olmadi». U Yahovaga iltijo qilib: «Cho‘ringning qayg‘usiga e’tibor qaratib, meni yodga... [ol]»,— deb aytdi. (1 Shoh. 1:10b, 11) Xanna Yahovaga ichidagilarni to‘kib soldi. Suyukli qizining ko‘z yoshlarini ko‘rib, Yahova qanchalik ta’sirlanganini tasavvur qilsak bo‘ladi.

7. Xanna qalbidagilarni Yahovaga to‘kib solib qanday tasalli topdi?

7 Xanna ichidagilarni Yahovaga to‘kib solgach, oliy ruhoniy Elax uni Tangri ibodatiga javob berishiga ishontirgan. Xo‘sh, bundan keyin Xanna o‘zini qanday his qilgan? Bayonotda: «So‘ng u yerdan ketib ovqat yedi, endi uning chehrasi ochiq edi»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. (1 Shoh. 1:17, 18) Garchi Xannaga azob bergan vaziyat hali o‘nglanmagan bo‘lsa-da, u yengillikni his qilgan. Xanna hissiy yukining og‘irligini Yahovaga tashlagan. Xudo uning qiyinchiligini ko‘rgan, iltijosini eshitgan va keyinchalik farzandlar bilan mukofotlagan. (1 Shoh. 1:19, 20; 2:21)

8, 9. Ibroniylarga 10:24, 25 ga ko‘ra, nega jamoat uchrashuvlariga borish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz lozim? (Rasmga ham qarang.)

8 Nimalarni o‘rganyapmiz? Qayg‘u ko‘z yoshlariga sabab bo‘layotgan qiyin vaziyatni boshdan kechiryapsizmi? Ehtimol, oila a’zoingiz yoki do‘stingizni yo‘qotganingizdan qayg‘u chekayotgandirsiz. Bunday paytlarda yolg‘iz qolishni istashingiz tabiiy. Biroq Xanna muqaddas chodirga borib dalda va tasalli topganiday, siz ham o‘zingizni hatto yaxshi his qilmasangiz ham, jamoat uchrashuvlariga borib, tasalli topishingiz mumkin. (Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.) Uchrashuvlarda Muqaddas Kitobdagi daldali oyatlarni tinglaganimizda, Yahova salbiy fikrlardan qutulib, ijobiy fikrlashimizga yordam beradi. Bu vaziyatimiz tezda o‘nglanmasa ham, his-tuyg‘ularimizni nazorat qilishimizga yordam beradi.

9 Bundan tashqari, yig‘ilishlarimizda bizga ijobiy ta’sir qiladigan hamdard imondoshlarimiz bilan suhbatlashamiz. Ularning mehrga va sevgiga to‘la gaplari ruhimizni ko‘tarishi mumkin. (1 Salon. 5:11, 14) Maxsus kashshof birodarimizning misoliga diqqat qarataylik. Uning rafiqasi vafot etgan. Birodarimiz shunday deb bo‘lishdi: «Men haliyam ko‘z yosh to‘kaman. Gohida bir burchakka o‘tirib yig‘layman. Yig‘ilishlar men uchun chinakam dalda manbai bo‘lib kelmoqda. Imondoshlarimizning mehrga to‘la gaplari bizga taskin baxsh etadi. Yig‘ilishga borishdan avval qanchalik tashvishlansam yoki xavotirlansam ham, u yerda doim o‘zimni yaxshiroq his qilaman». Jamoat uchrashuvlariga borganimizda, Yahova bizga yordam berish uchun birodar-u opa-singillarimizdan foydalanishi mumkin.

Imondoshlarimizdan tasalli olishimiz mumkin (8-, 9-xatboshilariga qarang.)


10. Hissan azob chekkanimizda qanday qilib Xannaning misoliga ergashsak bo‘ladi?

10 Qolaversa, Xanna ichidagi his-tuyg‘ularini Yahovaga to‘kib solib, tasalli topgan. Siz ham «barcha g‘am tashvishlaringizni... [Yahovaga]» tashlab, U sizni eshitishiga ishonishingiz mumkin. (1 Butr. 5:7) Bir opamizning eri qurollanganlar tomonidan o‘ldirilgan. U shunday eslaydi: «Yuragim parcha-parcha bo‘lib hech qachon tuzalmaydiganday edi. Har safar mehribon samoviy Otamga ibodat qilganimda, sevgisini his qilib, dilim taskin topardi. Ba’zida his-tuyg‘ularimni aytish uchun so‘z topa olmasdim. Lekin U meni tushunardi. Hissan ezilganimda, tinchlik so‘rab ibodat qilardim. Qalbim va ongimni tinchlik egallardi, shunda taslim bo‘lmay harakatlanishda davom etardim». Tashvishlaringizni Yahovaga to‘kib solganingizda, qayg‘u ko‘z yoshlaringizni ko‘rib, Uning ham dili og‘riydi va u nimalarni his qilayotganingizni tushunadi. Hatto tashvishlaringiz bartaraf etilmasa ham, Yahova g‘ulg‘ulaga to‘la qalbingizga orom beradi va xotirjamlikni his qilishingizga ko‘maklashadi. (Zab. 94:19; Filip. 4:6, 7) U sadoqat ila qilayotgan sabr-bardoshingizni mukofotlaydi. (Ibron. 11:6)

XIYONAT KO‘Z YOSHLARI

11. Dovud adolatsizlikka duch kelganida, nimalarni his qilgan?

11 Hayoti davomida Dovud ko‘z yoshlar to‘kishiga sabab bo‘lgan bir nechta xavotirli vaziyatni boshdan o‘tkazgan. Ko‘plar undan nafratlangan va hatto u ishongan kishilar unga xiyonat qilgan. (1 Shoh. 19:10, 11; 2 Shoh. 15:10–14, 30) Bir safar Dovud shunday yozgan: «Oh-nola qilaverib g‘oyat charchadim, tuni bilan ko‘z yosh to‘kkanimdan to‘shagim nam bo‘ldi, yig‘layverganimdan yotog‘im shalabbo bo‘ldi». Xo‘sh, nega Dovud o‘zini bunday his qilgan? «Tinka-madorimni quritganlar dastidan»,— deb tushuntirgan u. (Zab. 6:6, 7) Ha, boshqalarning yomon xatti-harakatlari Dovudga og‘riq keltirgan va ko‘p marta ko‘z yosh to‘kishiga sabab bo‘lgan.

12. Zabur 56:8 da aytilganidek, Dovud nimaga amin edi?

12 Dovud boshdan kechirgan falokatlarga qaramay, Yahova uni sevishiga amin edi. U shunday yozgan: «Yahova faryodimni eshitadi». (Zab. 6:8) Boshqa vaziyatda esa u Zabur 56:8 da qiziqarli bir fikr aytgan. (O‘qing.) Bu so‘zlar Yahovaning mehrga to‘la g‘amxo‘rligini yaxshi tasvirlaydi. Dovud go‘yoki Yahova uning ko‘z yoshlarini meshga yig‘ayotganini yoki kitobiga yozayotganini his qilgan. U Xudo uning og‘rig‘ini ko‘rganiga va esdan chiqarmaganiga amin bo‘lgan. Dovud mehribon samoviy Otasi u nafaqat nimalarni boshdan kechirayotganini, balki bu unga qanday ta’sir qilayotganini bilishidan shubhalanmagan.

13. Boshqalar ko‘nglimizni qoldirganida, nimani esda tutishimiz kerak? (Rasmga ham qarang.)

13 Nimalarni o‘rganyapmiz? Siz ishongan inson umidlaringizni puchga chiqargani yoki xiyonat qilgani tufayli hissiy og‘riqni boshdan kechiryapsizmi? Balki to‘satdan uchrashishni to‘xtatganingiz yoki nikohingiz barbod bo‘lgani yo bo‘lmasam yaqiningiz Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatganidan qalbingiz tilka-pora bo‘lgandir. Bir birodarimizning rafiqasi unga xiyonat qilib, uni tashlab ketgan. Birodarimiz shunday bo‘lishdi: «Men esankirab qolgandim va bo‘lib o‘tganlarga ishongim kelmasdi. O‘zimni foydasiz, g‘amgin his qilardim, jahlim chiqardi». Sizga ham xiyonat qilgan bo‘lishsa yoki umidlaringiz puchga chiqqan bo‘lsa, Yahova sizni aslo tashlab ketmasligini bilishdan dalda oling. O‘sha birodarimiz quyidagicha dedi: «Shuni tushundimki, odamlar bilan bo‘lgan munosabatlarimiz o‘z nihoyasiga yetishi mumkin, lekin Yahova bizning Qoyamizdir. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, U doim yonimizda bo‘ladi. Yahova sadoqatli xizmatchilarini hecham tark etmaydi». (Zab. 37:28) Unutmangki, Yahovaning sevgisi har qanday odamning sevgisidan ancha ustundir. Bizga xiyonat qilishganida og‘riqli bo‘lishi mumkin. Lekin bu Yahovaning sizga bo‘lgan his-tuyg‘ularini o‘zgartirmaydi. Siz U uchun azizsiz! (Rim. 8:38, 39) Xulosa shuki, odamlar sizga qanday munosabatda bo‘lishidan qat’i nazar, samoviy Otangiz sizni sevadi.

Zabur sanolari Yahova qalbi o‘ksinganlarga yaqin ekaniga ishontiryapti (13-xatboshiga qarang.)


14. Zabur 34:18 bizni nimaga ishontiryapti?

14 Xiyonatni boshdan o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, Dovudning Zabur 34:18 da yozilgan so‘zlari sizga tasalli berishi mumkin. (O‘qing.) Bir manbada aytilishicha, «ezilgan ruh» iborasi «kelajakka hech qanday umidi yo‘q kishilarga» nisbatan qo‘llanilishi mumkin. Umidlari puchga chiqqanligi tufayli o‘zini shunday his qiladiganlarga nisbatan Yahova qanday qaraydi? Mehribon ota yo ona farzandi qiyinchilikni boshdan o‘tkazganida, uning qo‘lidan ushlab tasalli beradi. Shunga o‘xshab Yahova bizga xiyonat qilishganda yoki yaqinimizni yo‘qotganda, U doim yonimizda. Tangri rahm-shafqatli va yordam berishga tayyor. U yaralangan qalbimizga va hissiy og‘rig‘imizga shifo berib, bizga tasalli berishni istaydi. Yahova bizga ajoyib va’dalar beryapti, ularni intiqib kutish hozirgi qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashadi. (Ishayo 65:17)

UMIDSIZLIK KO‘Z YOSHLARI

15. Shoh Hizqiyo qaysi vaziyat tufayli ko‘z yosh to‘kkan?

15 Yahudo shohi Hizqiyo 39 yoshda bo‘lganida, bedavo kasallikka chalinganini bilgan. Ishayo payg‘ambar Yahovaning xabarini yetkazib, Hizqiyo o‘sha kasallikdan vafot etishini aytgan. (4 Shoh. 20:1) Go‘yoki Hizqiyo uchun umid yo‘qday edi. Bu yangilikdan qalbi tilka-pora bo‘lgan Hizqiyo achchiq-achchiq yig‘lagan. U Yahovaga yolvorib iltijo qilgan. (4 Shoh. 20:2, 3)

16. Yahova Hizqiyoning iltijosiga qanday javob berdi?

16 Tangri Yahova Hizqiyoning ko‘z yoshlar bilan qilgan iltijosidan ta’sirlangan va mehr ila unga shundan degan: «Sening ibodatingni eshitdim. Ko‘z yoshlaringni ko‘rdim. Senga shifo beraman». Ishayo payg‘ambar orqali Yahova rahm-shafqat qilib, uning hayotini uzaytirishni va Quddusni Ossuriyaliklarning qo‘lidan xalos etishni va’da bergan. (4 Shoh. 20:4–6)

17. Jiddiy sog‘liq muammolariga duch kelganimizda Yahova qay yo‘sin bizni qo‘llab-quvvatlaydi? (Zabur 41:3) (Rasmga ham qarang.)

17 Nimalarni o‘rganyapmiz? Bedavo kasallikni boshdan o‘tkazyapsizmi? Unda ko‘z yoshlar bilan bo‘lsa-da, Yahovaga ibodat qiling. Muqaddas Kitob bizni shunga ishontiryaptiki, «rahmdil Ota va har qanday vaziyatda tasalli beradigan Alloh» bizga qiyinchiliklar paytida tasalli beradi. (2 Kor. 1:3, 4) Bugungi kunda Yahova bizni barcha muammolarimizdan xalos qilishini kutmaymiz. Biroq U bizga yordam berishiga ishonamiz. (Zabur 41:3 ni o‘qing.) U muqaddas ruhi orqali bizga kuch, donolik va ichki xotirjamlik beradi. (Hik. 18:14; Filip. 4:13) Bundan tashqari, U Muqaddas Kitobga asoslangan har turli kasalliklar yo‘q bo‘lib ketishi to‘g‘risidagi umidni berib, bizni kuchli qiladi. (Ishayo 33:24)

Yahova bizga kuch, donolik va ichki xotirjamlik berish orqali ibodatlarimizga javob beradi (17-xatboshiga qarang.)


18. Juda og‘ir vaziyat bilan kurashganingizda qaysi oyatni daldali deb topdingiz? (« Ko‘z yoshlaringizni artadigan oyatlar» nomli ramkaga ham qarang.)

18 Yahovaning so‘zlari Hizqiyoga taskin baxsh etgan. Biz ham Xudoning Kalomidan shunga o‘xshash tasallini topa olamiz. Yahova qiyin vaziyatlarni boshdan kechirganimizda, ruhimizni ko‘taradigan daldali so‘zlar Kalomida yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Rim. 15:4) G‘arbiy Afrikadagi opamizga saraton tashxisi qo‘yilgandi va u tez-tez ko‘z yosh to‘kardi. U shunday dedi: «Menga ayniqsa dalda beradigan oyat Ishayo 26:3. Kamdan-kam vaziyatda qiyinchiliklarimizni nazorat qila olamiz. Lekin o‘sha oyat meni shunga ishontiryaptiki, Yahova qiyinchiliklarga bo‘lgan munosabatimni nazorat qilishimga ko‘maklashadigan ichki xotirjamlikni bera oladi». Juda og‘irday yoki hatto umidsizday ko‘ringan vaziyatga duch kelganingizda, sizga taskin baxsh etadigan sevimli oyatingiz bormi?

19. Bizni qanday kelajak kutyapti?

19 Hozir oxirgi zamonning so‘nggi kunlarida yashayapmiz va ko‘z yosh to‘kishimiz uchun sabablar ko‘payishi tayin. Ammo Xanna, Dovud va shoh Hizqiyoning misollaridan ko‘rganimizday, Yahova ko‘z yosh to‘kayotganimizni biladi va bu Unga qattiq ta’sir qiladi. Ko‘z yoshlarimiz Xudo uchun qadrlidir. Shunday ekan, og‘ir vaziyatlarni boshdan kechirganimizda, ichimizdagilarni Yahovaga to‘kib solishni xohlaymiz. Bizni sevadigan birodar-u opa-singillarimizdan hecham uzoqlashmaylik. Bundan tashqari, Muqaddas Kitobda yozilgan daldali so‘zlardan taskin topishdan to‘xtamaylik. Shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, sadoqat ila sabr-bardosh qilishda davom etsak, Yahova bizni mukofotlaydi. Bu vaqti kelib, Xudoyimiz qayg‘u alam, xiyonat va umidsizlik ko‘z yoshlarini artib qo‘yishi to‘g‘risidagi ajoyib va’dasini ham o‘z ichiga oladi. (Vah. 21:4) O‘shanda faqatgina quvonch ko‘z yoshlari bo‘ladi!

4-QO‘SHIQ «Yahova mening Cho‘ponimdir»