O‘quvchilarning savollari
1 Timo‘tiyga 5:21 da tilga olingan «tanlangan farishtalar» kimlarni bildiradi?
Havoriy Pavlus u kabi oqsoqol bo‘lgan Timo‘tiyga quyidagi so‘zlarni yozgan: «Alloh, Iso Masih va tanlangan farishtalar oldida senga jiddiylik bilan buyuraman: qaror chiqarishdan avval, barcha narsaga xolisona va tarafkashlik qilmay yondashib, ushbu ko‘rsatmalarga amal qil». (1 Tim. 5:21)
Bu farishtalar kim ekanini bilish uchun avvaliga mazkur farishtalar guruhiga kimlar kira olmasligini ko‘rib chiqamiz. Aniqki, ular 144 000 ta moylangan orasidan emas. Chunki Pavlus Timo‘tiyga yozgan paytda moylanganlarning tirilishi hali boshlanmagan edi. Havoriy Pavlus va boshqa moylanganlar hali ruhiy shaxslarga aylanmagandi. Demak, «tanlangan farishtalar» ularga ishora qilmaydi. (1 Kor. 15:50–54; 1 Salon. 4:13–17; 1 Yuhan. 3:2)
Qolaversa, ular To‘fondan oldin itoatsizlik qilgan farishtalar ham bo‘la olmasdi. Ular Shaytonning tarafini egallab, jinlarga aylangan va Isoning dushmani bo‘lgan. (Ibt. 6:2; Luqo 8:30, 31; 2 Butr. 2:4) Kelajakda ular 1 000 yilga tubsizlikka tashlanadi va keyin Iblis bilan birga yo‘q qilinadi. (Yahd. 6; Vah. 20:1–3, 10)
Pavlus «tanlangan farishtalar» deb, o‘sha oyatda birga tilga olingan Alloh va Isoni qo‘llab-quvvatlagan farishtalarni nazarda tutganga o‘xshaydi.
Minglab sadoqatli farishtalar bor. (Ibron. 12:22, 23) «Ularning hammasi bir vaqtda bir xil vazifani bajaradi» deb o‘ylamasligimiz kerak. (Vah. 14:17, 18) Esingizda bo‘lsa, birgina farishtaga 185 000 ta qurollangan ossuriyalikni yo‘q qilish vazifasi topshirilgan edi. (4 Shoh. 19:35) Isoning «Shohligidan boshqalarni gunohga yetaklaydigan barcha narsani va qonunbuzarlarni» to‘plash uchun bir nechta farishta tayinlangan bo‘lishi mumkin. (Mat. 13:39–41) Boshqalari esa, ehtimol, «Alloh tanlagan kishilarni [osmonga] yig‘ishadi». (Mat. 24:31) Yana ayrimlari bizni barcha yo‘llarimizda «qo‘riqlaydi». (Zab. 91:11; Mat. 18:10; 4:11; Luqo 22:43)
1 Timo‘tiyga 5:21 da tilga olingan «tanlangan farishtalar»ga jamoatlarga g‘amxo‘rlik qilish topshirilgan bo‘lishi mumkin. Matn tarkibiga ko‘ra, Pavlus jamoatda hurmatga loyiq oqsoqollarga donolik ila maslahat bergan. Oqsoqollar vazifalariga «xolisona va tarafkashlik qilmay yondashib», qaror yoki hukm chiqarganda, shoshmasligi kerak. Ular Pavlusning maslahatiga amal qilishi kerakligining jiddiy sababi oqsoqollar imondoshlariga «Alloh, Iso Masih va tanlangan farishtalar oldida» xizmat qiladi. Shunday ekan, ba’zi farishtalar jamoatlarga g‘amxo‘rlik qilish, masalan, uni himoyalash, va’zgo‘ylik faoliyatini nazorat qilish va Yahovaga hisobot berish uchun tayinlanganining ajablanarli joyi yo‘q. (Mat. 18:10; Vah. 14:6)