Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47-TADQIQ MAQOLASI

103-QO‘SHIQ Cho‘ponlar — Alloh bergan hadyalar

Birodarlar, jamoat oqsoqoli bo‘lishga intilyapsizmi?

Birodarlar, jamoat oqsoqoli bo‘lishga intilyapsizmi?

Kimki nozir bo‘lishga intilsa, u yaxshi ishni orzu qilgan bo‘ladi. (1 TIM. 3:1)

ASOSIY FIKR

Bu maqolada birodar jamoat oqsoqoli sifatida xizmat qilish uchun Muqaddas Kitobdagi qaysi talablarga mos kelishi kerakligini muhokama qilamiz.

1, 2. Oqsoqol bajaradigan «yaxshi ish» nimani o‘z ichiga oladi?

 AGAR muayyan vaqtdan beri jamoat xizmatkori bo‘lib yordam berayotgan bo‘lsangiz, oqsoqol bo‘lish niyatida talablarga mos kelish uchun jon kuydirayotgandirsiz. Bu «yaxshi ish»ga intila olasizmi? (1 Tim. 3:1)

2 Oqsoqol qaysi vazifalarni bajaradi? U va’zgo‘ylik ishida boshchilikni o‘z zimmasiga oladi. Cho‘ponlik va ta’lim berish ishida zo‘r berib mehnat qiladi hamda so‘zlari va ishlari bilan jamoatni mustahkamlaydi. Muqaddas Kitobda jonkuyar oqsoqollar to‘g‘risida «hadya» deb bekorga aytilmagan. (Efes. 4:8)

3. Qanday qilib birodar oqsoqol bo‘lish uchun talablarga mos kela oladi? (1 Timo‘tiyga 3:1–7; Titusga 1:5–9)

3 Oqsoqol bo‘lish uchun talablarga qay yo‘sin mos kela olasiz? Bu dunyoviy ishga kirish uchun talablarga mos kelishdan farq qiladi. Ko‘pincha ish beruvchining talablariga mos kela olsangiz, ishga kira olasiz. Bundan farqli ravishda, oqsoqol bo‘lishni istasangiz, sizdan va’z qilish va ta’lim berishda mahoratli bo‘lishdan ko‘prog‘i kutiladi. Siz 1 Timo‘tiyga 3:1–7 gacha va Titusga 1:5–9 oyatlarda aytib o‘tilgan talablarga mos kelishingiz kerak. (O‘qing.) Bu maqolada quyidagi uchta sohada oqsoqollardan nima talab qilinishini ko‘rib chiqamiz: jamoat ichida va atrofdagi odamlar oldida yaxshi nomga ega bo‘lish, oila boshi sifatida o‘rnak ko‘rsatish va jamoatga tayyorlik ila xizmat qilish.

YAXSHI NOMGA EGA BO‘LISH

4. «Beayb» bo‘lish nimani anglatadi?

4 Oqsoqol sifatida talablarga mos kelish uchun «beayb» bo‘lishingiz kerak. Bu o‘rnakli xulq-atvoringiz tufayli jamoatda yaxshi obro‘ga ega bo‘lishni anglatadi. Bundan tashqari, «atrofdagi odamlar oldida yaxshi nomga» ega bo‘lishingiz lozim. Yahovaga xizmat qilmaydiganlar e’tiqodingizni tanqid qilar, ammo ularda halolligingizni yoki xulq-atvoringizni shubha ostiga qo‘yish uchun asos bo‘lmasligi kerak. (Don. 6:4, 5) O‘zingizga: «Jamoatda va atrofdagi odamlar oldida yaxshi nomga egamanmi?» — deb savol bering.

5. Qay yo‘sin «yaxshilikni sevadigan» bo‘la olasiz?

5 «Yaxshilikni sevadigan» bo‘lsangiz, boshqalarning ijobiy tomonlariga diqqat qaratasiz va ularni yaxshi xislatlari uchun maqtaysiz. Shuningdek, boshqalarga yaxshilik qilishdan quvonch topasiz va hatto kutilgandan ham ortig‘ini qilishga harakat qilasiz. (1 Salon. 2:8) Nega bu fazilat oqsoqollar uchun shunchalik muhim? Sababi ular ko‘p qimmatli vaqtini jamoatga cho‘ponlik qilish va vazifalarini bajarish uchun sarflaydi. (1 Butr. 5:1–3) Lekin ular bu tufayli topadigan quvonch har qanday fidoyilikka arziydi. (Havor. 20:35)

6. «Mehmondo‘st» bo‘lishning ayrim yo‘llari qanday? (Ibroniylarga 13:2, 16; rasmga ham qarang.)

6 Boshqalarga, jumladan, uncha yaqin bo‘lmagan insonlarga ham yaxshilik qilganingizda, «mehmondo‘st» ekaningizni ko‘rsatasiz. (1 Butr. 4:9) Bir manbada mehmondo‘st odam shunday tasvirlangan: «Uning uyi va qalbining eshigi begonalar uchun ochiq bo‘lishi kerak». O‘zingizdan: «Jamoatga tashrif buyurganlarni kutib olishda qanday obro‘ga egaman?» — deb so‘rang. (Ibroniylarga 13:2, 16 ni o‘qing.) Mehmondo‘st odam har qanday insonga — sharoiti og‘irlarga, tashrif buyurgan ma’ruzachilar va tuman nozirlari kabi imondoshlarga, dalda berish uchun jon kuydirayotgan boshqalarga — mehribonlik ko‘rsatadi. (Ibt. 18:2–8; Hik. 3:27; Luqo 14:13, 14; Havor. 16:15; Rim. 12:13)

Mehmondo‘st juftlik tuman noziri va uning rafiqasini kutib olyapti (6-xatboshiga qarang.)


7. Qay yo‘sin oqsoqol «pulparast» emasligini ko‘rsata oladi?

7 «Pulparast emas». Bu moddiy narsalar hayotingizda muhim o‘rin egallamasligi kerakligini anglatadi. Boymisiz yoki sharoitingiz og‘irmi, Shohlik manfaatlari hayotingizda birinchi o‘rinda turishi lozim. (Mat. 6:33) Vaqtingiz, kuchingiz va boshqa narsalaringizdan Yahovaga topinish, oilangizga g‘amxo‘rlik qilish hamda jamoatga xizmat qilishda foydalanishingiz zarur. (Mat. 6:24; 1 Yuhan. 2:15–17) O‘zingizdan quyidagilarni so‘rang: «Pulga munosabatim qanday? Asosiy narsalarim bilan qanoat qilamanmi? Yoki diqqatimni ko‘proq pul topishga va moddiy narsalarga ega bo‘lishga qaratamanmi?» (1 Tim. 6:6, 17–19)

8. «Har narsada me’yorini» bilishning va «o‘zini tuta biladigan» bo‘lishning ayrim yo‘llari qanday?

8 Agar siz «har narsada me’yorini biladigan» va «o‘zini tuta biladigan» bo‘lsangiz, hayotning barcha sohasida muvozanatlisiz. Bu haddan tashqari ko‘p ovqatlanish, ichkilik ichish, kiyinish, pardoz-andoz qilish va o‘yin-kulgi qilishdan qochishni o‘z ichiga oladi. Siz Yahovaga xizmat qilmaydigan insonlarning noo‘rin hayot tarziga taqlid qilmaysiz. (Luqo 21:34; Yoqb. 4:4) Kimdir jig‘ingizga tegsa ham xotirjam qolasiz. Siz «ichkilikbozlik... [qilmaysiz]» va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qiladigan kishi sifatida nom chiqarmaysiz. O‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Hayot tarzim har narsada me’yorini biladigan va o‘zini tuta biladigan inson ekanimni ko‘rsatyaptimi?»

9. «Mulohazakor» va «tartibli» bo‘lish nimani o‘z ichiga oladi?

9 «Aqli raso» bo‘lsangiz, vaziyatlarni Muqaddas Kitobdagi prinsiplar asosida diqqat ila baholaysiz. Bu prinsiplar ustida chuqur fikr yuritganingiz tufayli mulohazakorlik va fahm-farosatga ega bo‘lgansiz. Xulosa chiqarishga shoshilmang. Buning o‘rniga barcha dalillarga ega ekaningizga ishonch hosil qiling. (Hik. 18:13) Bu tufayli muvozanat ila Yahovaning fikrlash tarzini aks ettiruvchi qarorlar chiqara olasiz. «Tartibli» bo‘lsangiz, barcha ishlaringiz tashkillashtirilgan bo‘ladi va ularni vaqtida bajarasiz. Ishonchli yo‘l-yo‘riqqa amal qiladigan inson sifatida tanilasiz. Bunday fazilatlar yaxshi nomga ega bo‘lishingizga ko‘maklashadi. Endi esa, keling, yaxshi oila boshi bo‘lishda Muqaddas Kitobdagi talablarga qay yo‘sin mos kelishni ko‘rib chiqamiz.

OILA BOSHI SIFATIDA YAXSHI O‘RNAK KO‘RSATING

10. Qay yo‘sin erkak kishi «uyidagilarini yaxshi boshqara» oladi?

10 Agar er bo‘lsangiz va oqsoqollar uchun talablarga mos kelishni istasangiz, oilangiz ham yaxshi nomga ega bo‘lishi kerak. Demak, siz uydagilarni «yaxshi boshqara oladigan» bo‘lishingiz lozim. Bu mehribon va mas’uliyatli oila boshi bo‘lishni anglatadi. Oilaviy topinish o‘tkazasiz, oilangiz jamoat yig‘ilishlariga qatnashiga g‘amxo‘rlik qilasiz va qo‘ldan kelgancha xizmat qilishiga yordam berasiz. Havoriy Pavlus: «Axir odam uydagilarini boshqarishni bilmasa, unda Xudoning jamoatiga qanday g‘amxo‘rlik qila oladi?» — deb aytgan. (1 Tim. 3:5)

11, 12. Birodarning oila a’zolari qanday nomga ega ekani u talablarga mos kelish-kelmasligiga ta’sir qiladimi? (Rasmga ham qarang.)

11 Ota bo‘lsangiz, farzandlaringiz «bo‘ysunuvchan va yaxshi tarbiya ko‘rgan» bo‘lishi lozim. Ularga sevgi ila ta’lim-tarbiya berishingiz kerak. Albatta, barcha bolalar singari ular o‘ynab-kuladi, ammo yaxshi tarbiyangiz tufayli ular itoatli, boshqalarni hurmat qiladigan va yaxshi xulq-atvorli bo‘ladi. Qolaversa, farzandlaringizga Yahova bilan do‘st bo‘lishga, Muqaddas Kitob prinsiplari bo‘yicha yashashga va suvga cho‘mish maqsadiga erishishga yordam berish uchun jon kuydirishingiz kerak.

12 Bolalari esa «imonli bo‘lib, axloqsizlik va itoatsizlik gunohidan xoli bo‘lsin». Agar masihiy bo‘lgan bola jiddiy gunohga qo‘l ursa, bu otasiga qanday ta’sir qiladi? Agar ota o‘rgatishda va ta’lim-tarbiya berishda beparvolik qilgan bo‘lsa, ehtimol, u oqsoqol sifatida xizmat qilish uchun talablarga mos kelmas. («Qo‘riqchi minorasi»ning 1996-yil 15-oktabr (rus) sonining 21-sahifasidagi 6-, 7-xatboshilariga qarang.)

Oila boshilari farzandlari bilan birga turli yo‘llar orqali muqaddas xizmatda qatnashib ularga ta’lim-tarbiya beryapti (11-xatboshiga qarang.)


JAMOATGA XIZMAT QILISH

13. «Mulohazali bo‘lib, urishqoq» emasligingizni qay yo‘sin ko‘rsata olasiz?

13 Masihiylarga xos go‘zal fazilatlarni namoyon etadigan birodarlar jamoat uchun ulkan yordamdir. «Mulohazakor» odam tinchlik payida bo‘ladi. Mulohazakor inson sifatida tanilishni istasangiz, boshqalarni tinglang va ularning fikrlarini tushunishga harakat qiling. Yig‘ilishda agar Muqaddas Kitobdagi qonun yoki prinsip buzilmayotgan bo‘lsa, aksariyat odamning qarorini qo‘llab-quvvatlashga tayyormisiz? «O‘zboshimcha» bo‘lmaslik o‘zingizning fikringizda turib olmaslikni bildiradi. Aksincha, boshqalarning fikrini tinglash muhim ekanini tushunasiz. (Ibt. 13:8, 9; Hik. 15:22) Siz «urishqoq» yoki «jahli tez» emassiz. Qattiqqo‘l yoki murosasiz emas, balki mehribon va muloyimsiz. Tinchliksevar inson sifatida hatto tarang vaziyatlarda ham tinchlik o‘rnatish uchun tashabbus ko‘rsatasiz. (Yoqb. 3:17, 18) Mehrga to‘la so‘zlaringiz vaziyatni, jumladan, qarshilik qilayotgan odamlarning munosabatini yumshatadi. (Hak. 8:1–3; Hik. 20:3; 25:15; Mat. 5:23, 24)

14. «Yaqinda imonga kirgan bo‘lmasin» va Allohga «sadoqatli» bo‘lsin degani nimani anglatadi?

14 Oqsoqol sifatida xizmat qilish uchun talablarga mos keladigan birodar «yaqinda imonga kirgan» bo‘lmasligi kerak. Shu bilan birga ancha yillar oldin suvga cho‘mgan bo‘lishingiz shart emas. Asosiysi, yetuk masihiy bo‘lish uchun vaqt kerak. Oqsoqol etib tayinlanishingizdan avval qandaydir vazifani olishda Iso kabi kamtarin bo‘lib, Yahovani bajonidil kutishingiz kerak. (Mat. 20:23; Filip. 2:5–8) Allohga «sadoqatli» ekaningizni Uning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashash va tashkiloti orqali berayotgan yo‘l-yo‘riqlariga amal qilish orqali ko‘rsata olasiz. (1 Tim. 4:15)

15. Oqsoqol zo‘r notiq bo‘lishi kerakmi? Tushuntiring.

15 Muqaddas Yozuvlarda nozirlar «ta’lim berishga qobiliyatli» bo‘lishi kerakligi aytilgan. Xo‘sh, bu zo‘r ma’ruzachi bo‘lishingiz kerakligini bildiradimi? Yo‘q. Hamma oqsoqollar ham zo‘r ma’ruzachi emas, ammo ular va’zgo‘ylikda va daldali tashriflarda birodar-u opa-singillariga Muqaddas Kitob asosida ta’lim va dalda bera olishi kerak. Shunga qaramay, ta’lim bera olish mahorati ustida doim ishlashingiz lozim. Qay yo‘sin bu sohada yaxshilana olasiz?

16. Qanday qilib samarali ta’lim bera olasiz? (Rasmga ham qarang.)

16 «Haqiqat kalomiga qattiq rioya qiladigan». Ta’lim berish ishida samaraliroq bo‘lishni istasangiz, o‘rgatayotganlaringiz va berayotgan maslahatlaringiz Xudoning Kalomiga muvofiq bo‘lishi lozim. Buning uchun Muqaddas Kitobni va adabiyotlarimizni yaxshilab tadqiq qilishingiz kerak. (Hik. 15:28; 16:23; Titus. 1:9) Tadqiq qilar ekansiz, Muqaddas Yozuvlar qanday tushuntirilganiga e’tibor bering. Bunday qilib ularni to‘g‘ri qo‘llay olasiz. Ta’lim berayotganda sizni tinglayotganlarning qalblarini zabt etishga jon kuydiring. Tajribali oqsoqollardan maslahat so‘rab, ularga amal qilsangiz, ta’lim berish qobiliyatingizni yaxshilay olasiz. (1 Tim. 5:17) Oqsoqollar birodar-u opa-singillarga «dalda bera» olishlari kerak. Ammo ular ba’zida maslahat, hatto «tanbeh bera» olishlari lozim. Ikkala vaziyatda ham buni mehr ila qilishlari zarur. Agar mehribon va sevgiga boy bo‘lsangiz hamda Xudoning Kalomi asosida ta’lim bersangiz, samarali bo‘lasiz. Chunki bu bilan buyuk ustozimiz Isoga taqlid qilasiz. (Mat. 11:28–30; 2 Tim. 2:24)

Jamoat xizmatkori tajribali oqsoqol bilan bo‘lganida, fursatdan foydalanib, Muqaddas Kitobdan qanday ta’lim berish kerakligini o‘rganyapti. Shuningdek, o‘sha xizmatkor ko‘zgu oldida nutqini mashq qilyapti (16-xatboshiga qarang.)


INTILISHDAN TO‘XTAMANG

17. a) Jamoat xizmatkorlariga intilishda davom etishga nima ko‘maklashadi? b) Oqsoqollar birodarni oqsoqol sifatida xizmat qilishga tavsiya etishdan oldin nimani unutmasligi kerak? (« Boshqalarni baholaganingizda mulohazakor bo‘ling» nomli ramkaga qarang.)

17 Oqsoqol sifatida xizmat qilish uchun talablarni ko‘rib chiqqach, ba’zi jamoat xizmatkorlari «Men hech qachon bu talablarga mos kela olmayman» deb o‘ylar. Lekin unutmang, na Yahova, na Uning tashkiloti siz bu fazilatlarni mukammal darajada namoyon etishingizni kutadi. (1 Butr. 2:21) Qolaversa, Yahovaning qudratli ruhi yordamida mazkur fazilatlarni rivojlantira olasiz. (Filip. 2:13) Xo‘sh, qaysidir fazilat ustida ishlamoqchimisiz? Bu haqda Yahovaga ibodat qiling. Izlanish o‘tkazing va qay yo‘sin yaxshilanish borasida biron oqsoqoldan maslahat so‘rang.

18. Barcha jamoat xizmatkorlari nima qilishga intilishi kerak?

18 Barchamiz, jumladan, anchadan beri oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotganlar bu maqolada muhokama qilingan fazilatlarni rivojlantirishda davom etaylik. (Filip. 3:16) Siz jamoat xizmatkorimisiz? Unda imondoshlaringizga ko‘proq yordam bera olish uchun maqsad qo‘ying. Yahovadan Unga ko‘proq xizmat qilish va jamoatga ko‘proq foydangiz tegishi uchun sizga ta’lim berishini va shakllantirishini so‘rang. (Ishayo 64:8) Oqsoqol sifatida xizmat qilish uchun qilayotgan harakatlaringizga Yahova baraka yog‘dirsin!

101-QO‘SHIQ Bahamjihat xizmat qilaylik