Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

46-TADQIQ MAQOLASI

49-QO‘SHIQ Yahovaning qalbini quvontiraylik.

Birodarlar, jamoat xizmatkori bo‘lishga intilyapsizmi?

Birodarlar, jamoat xizmatkori bo‘lishga intilyapsizmi?

Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta. (HAVOR. 20:35)

ASOSIY FIKR

Suvga cho‘mgan birodarlarni jamoat xizmatkori bo‘lishga intilishga va bu uchun talablarga mos kelishga undash.

1. Havoriy Pavlus jamoat xizmatkorlariga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lgan?

 JAMOAT xizmatkorlari jamoatda muhim vazifalarni bajaradi. Shubhasizki, havoriy Pavlus bu sadoqatli kishilar uchun minnatdor bo‘lgan. Masalan, u Filippidagi masihiylarga yozganida oqsoqollar bilan birga jamoat xizmatkorlariga ham alohida e’tibor qaratgan. (Filip. 1:1)

2. Luis ismli birodar vazifasi haqida qanday fikrda?

2 Yosh yo keksa bo‘ladimi, ko‘plab suvga cho‘mgan birodarlar jamoat xizmatkori bo‘lishdan ulkan quvonch topadi. Misol uchun, Deven 18 yoshida, Luis ismli birodar esa 50 yoshdan oshganida bu vazifaga tayinlangan. Birodarimiz Luisning quyidagi so‘zlari jamoat xizmatkorlarining ko‘piga tanish bo‘lsa kerak: «Ayniqsa jamoatdagilarning menga ko‘rsatgan sevgisi to‘g‘risida o‘ylaganimda, jamoat xizmatkori vazifasini bajarishni sharaf deb bilaman».

3. Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

3 Suvga cho‘mgan birodarsiz-u, lekin hali jamoat xizmatkori emassiz. Xo‘sh, buni o‘zingiz uchun maqsad qila olasizmi? Bunga sizni nima undashi kerak? Jamoat xizmatkori bo‘lishingiz uchun Muqaddas Kitobda qanday talablar bor? Mazkur maqolada ushbu savollarning javoblarini ko‘rib chiqamiz. Avvaliga, keling, jamoat xizmatkorining vazifasi nimadan iborat ekanini bilib olaylik.

JAMOAT XIZMATKORLARINING VAZIFALARIGA NIMALAR KIRADI?

4. Jamoat xizmatkorining vazifasi nimadan iborat? (Rasmga ham qarang.)

4 Suvga cho‘mgan birodar muqaddas ruh tomonidan jamoat xizmatkori etib tayinlanadi. Ular oqsoqollarga jamoatda amaliy vazifalarni bajarishda yordam beradi. Ba’zi jamoat xizmatkorlari va’zgo‘ylarda xizmat uchun hudud va yetarlicha adabiyot bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Boshqalari esa Yig‘ilish zallarini tozalashda va ta’mirlashda ko‘maklashadi. Bundan tashqari, ular jamoat uchrashuvlarida yordamchilar sifatida xizmat qiladi hamda audio-video uchun javobgar bo‘ladi. Bularning bari amaliy yordamdir. Ammo birinchi navbatda ular ma’nan yetuk birodarlardir. Ular Yahovani sevadi va Uning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashaydi. Qolaversa, bu birodarlar imondoshlarini qattiq yaxshi ko‘radi. (Mat. 22:37–39) Xo‘sh, qay yo‘sin suvga cho‘mgan birodar jamoat xizmatkori bo‘lishga intila oladi?

Jamoat xizmatkorlari boshqalarning ehtiyojlariga tayyorlik ila g‘amxo‘rlik qilib Isoga taqlid qiladi (4-xatboshiga qarang.)


5. Birodar jamoat xizmatkori bo‘lish uchun nima qilishi kerak?

5 Muqaddas Kitobda birodar jamoat xizmatkori etib tayinlanishi uchun qaysi talablarga mos kelishi kerakligi yozilgan. (1 Tim. 3:8–10, 12, 13) Agar jamoat xizmatkori sifatida boshqalarga yordam berishni istasangiz, bu talablarni imkon boricha puxta o‘rganib chiqing va ularni rivojlantirishga qattiq bel bog‘lang. Ammo avvaliga bu vazifaga qaysi niyatda erishmoqchi ekaningizga diqqat qaratishingiz kerak.

NEGA JAMOAT XIZMATKORI BO‘LMOQCHISIZ?

6. Imondoshlaringizga xizmat qilishga sizni nima undashi kerak? (Matto 20:28; rasmga ham qarang.)

6 Biz uchun eng a’lo o‘rnak bo‘lgan Isoning misoliga diqqat qarataylik. U nimaiki qilmasin, Otasi hamda odamlarni sevgani uchun qilgan. Bu sevgi uni qattiq mehnat qilishga hamda boshqalar o‘ziga ep ko‘rmagan ishlarni qilishga undagan. (Matto 20:28 ni o‘qing; Yuhan. 13:5, 14, 15) Sizni ham sevgi undayotgan bo‘lsa, Yahova sizga baraka beradi va jamoat xizmatkori bo‘lish uchun talablarga mos kelishingizga ko‘maklashadi. (1 Kor. 16:14; 1 Butr. 5:5)

Iso o‘z o‘rnagi bilan havoriylariga muhim o‘ringa ega bo‘lishni emas, balki kamtarinlik ila boshqalarga xizmat qilish kerakligini o‘rgatgan. (6-xatboshiga qarang.)


7. Nega birodar xudbin niyatdan yiroq bo‘lishi kerak?

7 Dunyoda o‘zini ko‘z-ko‘z qiladiganlarni ko‘pincha yaxshi ko‘rishadi. Ammo Yahovaning tashkilotida bunday emas. Agar birodar Iso kabi odamlarni sevsa, boshqalarning ustidan hokimlik qilishni yoki o‘zini muhim insonday ko‘rsatishni istamaydi. Bordi-yu, shuhratparast inson jamoatda biron vazifaga tayinlansa, u Yahovaning aziz qo‘ylariga g‘amxo‘rlik qilish uchun boshqalarning nazarida ahamiyatsizday bo‘lgan ishlarni qilishdan bosh tortishi mumkin. Ehtimol, u bu kabi vazifalarni bajarishdan or qilar. (Yuhan. 10:12) Mag‘rur yoki xudbin odamning harakatlariga Yahova baraka bermaydi. (1 Kor. 10:24, 33; 13:4, 5)

8. Iso havoriylariga qanday maslahat bergan?

8 Hatto ba’zan Isoning yaqin do‘stlari ham muayyan vazifani olishni istagan, ammo ularning niyati noto‘g‘ri bo‘lgan. Yoqub va Yuhanno nima qilgani haqida o‘ylab ko‘ring. Ular Isodan uning Shohligida o‘zgacha o‘ringa ega bo‘lishni so‘ragan. Iso ularni bu maqsadi uchun maqtamagan. Aksincha, 12 ta havoriysiga shunday deb tushuntirgan: «Orangizda kim buyuk bo‘lishni istasa, sizlarga xizmatkor bo‘lsin. Orangizda kim birinchi bo‘lishni xohlasa, sizlarga qul bo‘lsin». (Mark 10:35–37, 43, 44) To‘g‘ri niyatda, ya’ni boshqalarga xizmat qilish maqsadida bu vazifaga intilgan birodarlar jamoat uchun baraka bo‘ladi. (1 Salon. 2:8)

JAMOAT XIZMATKORI BO‘LISH ISTAGINGIZNI NIMA KUCHAYTIRA OLADI?

9. Jamoat xizmatkori bo‘lish istagingizni nima kuchaytira oladi?

9 Shubhasizki, Yahovani sevasiz va boshqalarga xizmat qilishni istaysiz. Shunday bo‘lsa-da, jamoat xizmatkori bajaradigan qo‘shimcha ishlar tufayli bu vazifaga tayinlanishni uncha xohlamassiz. Xo‘sh, jamoat xizmatkori bo‘lish istagingizni nima kuchaytira oladi? Masalan, birodar-u opa-singillaringizga xizmat qilish tufayli his etadigan quvonch haqida o‘ylab ko‘rarsiz. Iso: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— deb aytgan. (Havor. 20:35) Uning o‘zi mana shu prinsip asosida yashagan. U boshqalarga xizmat qilib chinakam quvonchni topgan. Siz ham buni his qila olasiz.

10. Iso boshqalarga xizmat qilishdan baxtiyor ekanini qanday ko‘rsatgan? (Mark 6:31–34)

10 Iso boshqalarga xizmat qilishdan xursand bo‘lganini ko‘rsatuvchi misolga e’tibor bering. (Mark 6:31–34 ni o‘qing.) Bir safar Iso va uning havoriylari charchagan edi. Ular biroz dam olish uchun xilvat joyga ketayotgandi. Ammo xaloyiq Isodan ta’lim olish umidida o‘sha yerga ulardan avval yetib borgandi. Iso ularga «Yo‘q» deyishi mumkin edi. Axir Iso va havoriylarning «ovqatlanishga ham vaqti» bo‘lmagandi. Yoki Iso bir-ikkita haqiqat bilan bo‘lishib ularni jo‘natib yuborishi mumkin edi. Ammo uni sevgi undagani tufayli Iso «ularga ko‘p narsalarni o‘rgata boshladi». (Mark 6:35) Iso bularni majburligidan emas, balki ularga achingani uchun qilgan. U odamlarni sevgani tufayli ularga ta’lim berishni istagan. Boshqalarga xizmat qilish Isoga ulkan quvonch baxsh etgan.

11. Iso odamlarga qay yo‘sin amaliy yordam bergan? (Rasmga ham qarang.)

11 Iso xaloyiqqa xizmat qilganida ularga ta’lim berishdan ko‘prog‘ini bajargan. U, shuningdek, ularning jismoniy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilgan. Iso mo‘jizaviy tarzda yegulikni ko‘paytirgan va shogirdlaridan ularni tarqatib chiqishni so‘ragan. (Mark 6:41) Shu yo‘sin u shogirdlariga boshqalarga xizmat qilishni o‘rgatgan. Bundan tashqari, Iso jamoat xizmatkorlari bajarishi mumkin bo‘lgan amaliy xizmatlar muhim ekanini ko‘rsatgan. Iso «hamma yeb to‘y»guncha yegulik taqdim etib mo‘jiza yaratganida, havoriylar u bilan hamkorlik qilishdan qanchalik quvonganini bir tasavvur qiling. (Mark 6:42) Albatta, bu Iso boshqalarning manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘ygan yagona vaziyat emas. U yer yuzidagi butun hayoti davomida boshqalarga xizmat qilgan. (Mat. 4:23; 8:16) Iso odamlarga ta’lim berish va ularning ehtiyojlarini qondirish uchun ahamiyatsizday tuyulgan ishlarni bajarishdan quvonch va mamnuniyat his etgan. Siz ham boshqalarga xizmat qilishga tayyor bo‘lsangiz, ko‘p quvonch topasiz.

Yahovaga bo‘lgan sevgi va boshqalarga xizmat qilish istagi sizni jamoatda har qanday vazifani bajarishga undaydi (11-xatboshiga qarang.) a


12. Nega «Jamoatdagilarga foyda keltiradigan qobiliyatlarim yo‘q» deb o‘ylamasligingiz kerak?

12 Agar «O‘zgacha qobiliyatga ega emasman» deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, tushkunlikka tushmang. Jamoatga foyda keltiradigan fazilatlarga ega ekaningiz shubhasiz. 1 Korinfliklarga 12:12–30 da Pavlus nima deganiga e’tibor qarating. Keyin ibodatda Yahovadan bu sizga qanday tegishli ekanini ko‘rishingizga yordam berishini so‘rang. Pavlusning so‘zlaridan ko‘rinyaptiki, siz ham Yahovaning boshqa xizmatchilari singari jamoatda kerakli va qadrli o‘rningiz bor. Agar ayni paytda jamoat xizmatkori bo‘lish uchun talablarga mos kelmayotgan bo‘lsangiz, taslim bo‘lmang. Aksincha, Yahovaga xizmat qilish va birodarlaringizga yordam berish uchun qo‘lingizdan kelganini qiling. Oqsoqollar sizga vazifa topshirayotganda qobiliyatlaringizni inobatga olishiga ishonchingiz komil bo‘lsin. (Rim. 12:4–8)

13. Birodarlar mos kelishi kerak bo‘lgan talablarning aksariyati yana kimlarga tegishli?

13 Jamoat xizmatkori bo‘lish talablariga mos kelishingiz kerakligining yana bir sababiga diqqat qarating. Aslida, ko‘pgina talablar barcha masihiylarga tegishli. Masalan, Yahovaning barcha xizmatchilari Unga yaqinlashishi, berish baxtiyorligini his qilishi va masihiy sifatida to‘g‘ri hayot kechirishi lozim. Xo‘sh, birodar bu maqsadga erishish uchun aynan nima qilishi kerak?

QAY YO‘SIN TALABLARGA MOS KELA OLASIZ?

14. «Jiddiy» bo‘lish nimani anglatadi? (1 Timo‘tiyga 3:8–10, 12)

14 Keling, 1 Timo‘tiyga 3:8–10, 12 da keltirilgan talablarning ayrimlarini ko‘rib chiqaylik. (O‘qing.) Jamoat xizmatkori «jiddiy» bo‘lishi kerak. Bu ibora «hurmatga loyiq» yoki «qadri baland» deb ham o‘girilishi mumkin. Albatta, bu hech qachon kulishingiz yoki hazil qilishingiz mumkin emasligini anglatmaydi. (Voiz 3:1, 4) Lekin barcha mas’uliyatlaringizga jiddiy yondashishingiz lozim. Agar ishonchli va pand bermaydigan inson sifatida nom orttirsangiz, jamoatning hurmatini qozonasiz.

15. «Ikkiyuzlamachi emas» va «harom yo‘l bilan foyda ko‘rishga intilmaydigan» degani nimani anglatadi?

15 «Ikkiyuzlamachi emas» degani samimiy, rostgo‘y, halol va ishonchli bo‘lishni bildiradi. (Hik. 3:32) «Harom yo‘l bilan foyda ko‘rishga intilmaydigan» degani ish va pul bilan bog‘liq masalalarda halol bo‘lishni anglatadi. Bunday odam pul topish maqsadida jamoatdagi imondoshlari bilan bo‘lgan yaqin munosabatlaridan foydalanmaydi.

16. a) «Sharobga ruju qo‘ymaydigan» deganda, nima nazarda tutiladi? b) «Toza vijdon»ga ega bo‘lish nimani anglatadi?

16 «Sharobga ruju qo‘ymaydigan» degani spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilmaslikni yoki ko‘p ichadigan inson degan nomga ega bo‘lmaslikni bildiradi. «Toza vijdonga» ega bo‘lish esa Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashashni anglatadi. Mukammal bo‘lmasangizda Yahova bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lganingiz tufayli ichki xotirjamlikni his qilasiz.

17. Birodarning «yaroqliligi» sinalganida, u ishonchli ekanini qay yo‘sin ko‘rsata oladi? (1 Timo‘tiyga 3:10; rasmga ham qarang.)

17 «Yaroqliligi sinalsin» degan ibora sizga biron vazifani ishonib topshirish mumkinligini ko‘rsatganingizni anglatadi. Shunday ekan, oqsoqollar biron vazifa berishganida ularning va tashkilotning yo‘l-yo‘riqlariga diqqat ila amal qiling. Vazifangizga nima kirishini va uni qachongacha tugatishingiz kerakligini tushunganingizga ishonch hosil qiling. Har bir vazifani sidqidildan bajarar ekansiz, jamoatdagilar buni sezadi va mas’uliyatni his qilayotganingizni ko‘radi. Oqsoqollar, suvga cho‘mgan birodarlarga ta’lim bering. (1 Timo‘tiyga 3:10 ni o‘qing.) Jamoatingizda o‘smir yoki yosh birodarlar bormi? Ular shaxsiy tadqiq o‘tkazishda yaxshi o‘rnakmi? Yig‘ilishlarda muntazam sharh beradimi? Va’zgo‘ylik xizmatida qatnashadimi? Agar shunday bo‘lsa, ularning yoshiga hamda vaziyatiga mos keladigan topshiriqlar bering. Shu yo‘sin bu yosh birodarlarning «yaroqliligi» sinaladi. Ularning yoshi 20 ga yaqinlashganida, ehtimol, jamoat xizmatkori bo‘lish uchun talablarga mos keladi.

Suvga cho‘mgan birodarlarga vazifalar berish orqali oqsoqollar ularning «yaroqliligi»ni sinay oladi (17-xatboshiga qarang.)


18. «Beayb» bo‘lish nimani anglatadi?

18 «Beayb» bo‘lish hech kimda sizni noto‘g‘ri ish qilganlikda ayblashga asos yo‘qligini bildiradi. Albatta, masihiylar nohaq ayblanishi mumkin. Iso bilan ham shunday bo‘lgan va u uning izdoshlariyam bunga duch kelishini bashorat qilgan. (Yuhan. 15:20) Lekin Iso kabi yo‘l tutishda davom etsangiz, jamoatda yaxshi nomga ega bo‘lasiz. (Mat. 11:19)

19. «Bir xotinli» bo‘lish nimani o‘z ichiga oladi?

19 «Bir xotinli». Yahova ilk nikohga asos solganida, bu bitta erkak va bitta ayol o‘rtasida bo‘lishini aytgan. Masihiylar bunga amal qilishi kerak. (Mat. 19:3–9) Masihiy erkak hech qachon jinsiy axloqsizlik qilmasligi darkor. (Ibron. 13:4) Ammo bu ko‘proq narsani anglatadi. Rafiqangizga sadoqatli bo‘lishingiz va boshqa ayollarga hech qachon noo‘rin e’tibor qaratmasligingiz lozim. (Ayub 31:1)

20. Qanday qilib erkak kishi uyidagilarini «yaxshi boshqara... [oladi]»?

20 «Bolalarini va uydagilarini yaxshi boshqara oladigan bo‘lsin». Oila boshi bo‘lsangiz, mas’uliyatlaringizga jiddiy yondashing. Oilaviy topinishni muntazam o‘tkazing. Har bir oila a’zoyingiz bilan imkon boricha tez-tez hamkorlik qiling. Farzandlaringizga Yahova bilan shaxsiy munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashing. (Efes. 6:4) Oilasiga yaxshi g‘amxo‘rlik qiladigan erkak jamoatga g‘amxo‘rlik qila olishini ko‘rsatadi. (1 Timo‘tiyga 3:5 ni solishtiring.)

21. Hali jamoat xizmatkori bo‘lmasangiz, nima qilishingiz mumkin?

21 Birodarlar, hali jamoat xizmatkori bo‘lmasangiz, iltimos, bu maqoladagi fikrlar ustida ibodat ila mulohaza yuriting. Jamoat xizmatkorlari uchun qanday talablar borligini o‘rganib chiqing va ularga mos kelish uchun jon-jahdingiz bilan harakat qiling. Yahovani va birodar-u opa-singillaringizni qanchalik yaxshi ko‘rishingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Ularga xizmat qilish istagingizni kuchaytiring. (1 Butr. 4:8, 10) Ma’naviy oilangizga xizmat qilishdan keladigan quvonchni his qiling. Jamoat xizmatkori bo‘lish uchun harakatlaringizga Yahova ko‘pdan-ko‘p baraka bersin! (Filip. 2:13)

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

a RASMLARGA SHARH. Iso o‘z o‘rnagi bilan havoriylariga muhim o‘ringa ega bo‘lishni emas, balki kamtarinlik ila boshqalarga xizmat qilish kerakligini o‘rgatgan. Chapda Iso kamtarlik ila shogirdlariga xizmat qilyapti; o‘ngda jamoat xizmatkori yig‘ilishda keksa birodarga ko‘maklashyapti.