Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45-TADQIQ MAQOLASI

138-QO‘SHIQ Oqargan sochlar — go‘zallik tojidir

Oxirgi so‘zlaridan nima o‘rganishimiz mumkin?

Oxirgi so‘zlaridan nima o‘rganishimiz mumkin?

Hikmat yoshi ulug‘larda, aql-idrok esa uzoq umr kechirganlarda emasmi? (AYUB 12:12)

ASOSIY FIKR

Yahovaga itoat qilish hozir barakalarga, kelajakda esa abadiy hayotga yetaklaydi.

1. Nima uchun yoshi kattalardan o‘rgansak bo‘ladi?

 MUHIM qarorlar chiqarayotganimizda barchamiz yo‘l-yo‘riqqa muhtoj bo‘lamiz. Bunday yo‘l-yo‘riqni oqsoqollardan yoki yetuk masihiylardan olishimiz mumkin. Agar ular bizdan ancha katta bo‘lsa, «Ularning maslahatlari zamondan ortda qolgan» deb o‘ylamasligimiz kerak. Yahova yoshi ulug‘ insonlardan saboq olishimizni istaydi. Tajribaga, aql-idrokka va donolikka ega bo‘lish uchun bizga qaraganda ularda ko‘proq vaqt bo‘lgan. (Ayub 12:12)

2. Mazkur maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Qadimda Yahova xalqiga dalda berish va uni yo‘naltirish uchun yoshi ulug‘ sadoqatli kishilardan foydalangan. Bularga Muso, Dovud va havoriy Yuhanno misol bo‘la oladi. Ular turli vaqtda yashagan va vaziyati ham bir-birinikidan keskin farq qilgan. Bu kishilarning hayoti oxirlab qolganida, ular yoshlarga donolik ila maslahat bergan. Ularning har biri Xudoga itoatli bo‘lish muhim ekanini ta’kidlagan. Yahova ularning so‘zlari bizning davrimizgacha yetib kelishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Yoshimiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar, ularning maslahatlarini ko‘rib chiqishdan foyda olamiz. (Rim. 15:4; 2 Tim. 3:16) Mazkur maqolada bu uchta yoshi ulug‘ kishining oxirgi so‘zlarini ko‘rib chiqamiz va ulardan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

«UZOQ VAQT YASHAY OLASIZLAR»

3. Muso qanday vazifalarni bajargan?

3 Muso hayotini butunlayin Yahovaga bag‘ishlagan edi. U payg‘ambar, hakam, yo‘lboshchi va tarixchi bo‘lgan. Muso katta hayotiy tajribaga ega edi. U Isroil xalqini Misr qulligidan olib chiqqan va Yahovaning ko‘pgina mo‘jizalariga shaxsan guvoh bo‘lgan. Yahova Muqaddas Kitobning ilk beshta kitobi, Zabur 90- va, ehtimol, 91-sanoni yozishda Musodan foydalangan. Shuningdek, u Ayub kitobini yozganga o‘xshaydi.

4. Muso kimlarga dalda bergan va nega?

4 Muso o‘limidan sal oldin — 120 yoshda bo‘lganida — butun Isroil xalqini yig‘ib, Yahova ular uchun nimalar qilganlari va boshlaridan o‘tkazganlari to‘g‘risida eslatgan. Isroilliklarning ba’zilari yoshligida Yahovaning ko‘pgina alomatlari-yu mo‘jizalarining guvohi bo‘lgan va U Misr xalqiga chiqargan hukmlarini amalga oshirganini ko‘rgan. (Chiq. 7:3, 4) Bundan tashqari, Yahova Qizil dengiz suvlarini ikkiga bo‘lganida, Isroil xalqi undan o‘tgan va Misr qo‘shinining halok bo‘lganini ko‘rgan. (Chiq. 14:29–31) Sahroda esa ular Yahovaning himoyasi-yu g‘amxo‘rligini his qilgan. (Qonun. 8:3, 4) Endi esa xalq va’da qilingan yurtga kirish arafasida turgandi. Muso o‘lishidan avval ularga dalda berishni istagan a.

5. Qonunlar 30:19, 20 dagi Musoning oxirgi so‘zlari isroilliklarga qanday ishonch baxsh etgan?

5 Muso nima degan? (Qonunlar 30:19, 20 ni o‘qing.) Isroil xalqini ajoyib kelajak kutayotgandi. Yahovaning barakasi bilan ular va’da qilingan yurtda uzoq vaqt yashay olardi. O‘sha yurt chiroyli va hosildor edi. Muso uni shunday tasvirlagan: «Sizlar qurmagan katta va ko‘rkam shaharlarga, sizlar ishlab topmagan har turli yaxshi narsalarga to‘la uylari, sizlar kovlamagan sardobalari, sizlar o‘tqazmagan uzumzorlari bilan zaytun daraxtlari bor... [yurt]». (Qonun. 6:10, 11)

6. Nega Xudo o‘zga xalqlar isroilliklarni mag‘lub qilishiga yo‘l qo‘ygan?

6 Shuningdek, Muso isroilliklarga ogohlantirish ham bergan. Serhosil yurtda yashashda davom etish uchun ular Yahovaning amrlariga bo‘ysunishi zarur edi. Muso ularni Yahovaga itoat qilish va Unga «sodiq» qolish orqali «hayotni» tanlashga undagan. Shunga qaramay, Isroilliklar Yahovaga quloq solmadi. Shuning uchun Xudo ossuriyaliklar va keyinchalik bobilliklar ularni mag‘lub qilib, asirlikka olib ketishiga yo‘l qo‘ygan. (4 Shoh. 17:6–8, 13, 14; 2 Sol. 36:15–17, 20)

7. Musoning so‘zlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)

7 Bundan qanday saboq olyapmiz? Itoatkorlik hayotga yetaklaydi. Isroil xalqi va’da qilingan yurtga kirish ostonasida bo‘lganidek, biz ham Xudo va’da qilgan yangi dunyoga kirish arafasidamiz. U yerda yer yuzi jannatga aylanganini ko‘ramiz. (Ishayo 35:1; Luqo 23:43) Iblis va uning jinlari bo‘lmaydi. (Vah. 20:2, 3) Shuningdek, odamlarni Yahovadan uzoqlashtiradigan soxta din ham bo‘lmaydi. (Vah. 17:16) Fuqarolariga azob beradigan insoniy hukumatlarga chek qo‘yiladi. (Vah. 19:19, 20) Jannatda isyonkorlarga o‘rin bo‘lmaydi. (Zab. 37:10, 11) Har yerdagi odamlar Yahovaning adolatli qonunlariga itoat qiladi. Bu esa birlik va tinchlikka hissa qo‘shadi. Shu yo‘sin ular bir-birini sevib, bir-biriga ishonadi. (Ishayo 11:9) Bu vaqt kelishini intizorlik ila kutyapmiz. Bundan tashqari, Yahovaga itoat qilsak, yer yuzidagi jannatda nafaqat bir necha yuz yil, balki abadiyat davomida yashashimiz mumkin. (Zab. 37:29; Yuhan. 3:16)

Yahovaga quloq solsak, jannatda nafaqat yuzlab yillar davomida, balki abadiy yashashimiz mumkin (7-xatboshiga qarang.)


8. To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘yga abadiy hayot to‘g‘risidagi va’da qanday yordam bergan? (Yahudo 20, 21)

8 Xudoning abadiy hayot borasidagi va’dasini doim yodda saqlasak, qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazmaylik, Unga sadoqatli qolishni istaymiz. (Yahudo 20, 21 ni o‘qing.) Qolaversa, bu va’da zaifliklarimiz bilan kurashishimiz uchun bizga kuch beradi. Afrikada ancha vaqtdan beri to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilayotgan bir birodar Yahovani ranjitadigan ish qilish vasvasasiga tez-tez duch kelgan. U shunday deb bo‘lishdi: «O‘shanda agar Yahovaga quloq solmasam, jannatda abadiy yashay olmasligimni tushundim. Bu menga muammoyim bilan kurashishda davom etishga va Yahovaga ko‘proq bu haqda ibodat qilishga yordam berdi. Uning ko‘magi bilan o‘sha odatimdan qutuldim».

«MUVAFFAQIYATGA ERISHASAN»

9. Dovud qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazgan?

9 Dovud buyuk shoh bo‘lgan. U, shuningdek, musiqachi, shoir, jangchi va payg‘ambar bo‘lgan. U ko‘p sinovlarni boshdan o‘tkazgan. Bir necha yil davomida Dovud uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shoh Shouldan yashirinib yurgan. Shoh bo‘lganidan keyin esa o‘g‘li Absalom uning taxtini qo‘lga kiritishga uringanida, u yana yashirinishga majbur bo‘lgan. Qiyinchiliklari va jiddiy xatolariga qaramay, Dovud hayotining oxirigacha Yahovaga sadoqatli ekanini isbotlagan. Yahova unga «ko‘nglimga yoqadigan odam» deb ta’rif bergan. Dovudning dono maslahatiga amal qilsak arziydi. (Havor. 13:22; 3 Shoh. 15:5)

10. Nega Dovud o‘g‘li Sulaymonga u shoh bo‘lishidan oldin maslahat bergan?

10 Masalan, Dovud o‘g‘li va merosxo‘ri Sulaymonga qanday maslahat berganini ko‘rib chiqaylik. Yahova uni haq topinishni olg‘a surishda davom etish va uni ulug‘lovchi ma’badni qurish uchun tanlagandi. (1 Sol. 22:5) Oldinda Sulaymonni qiyinchiliklar kutayotgandi. Xo‘sh, Dovud unga nima degan? Keling, bilib olamiz.

11. 3 Shohlar 2:2, 3 ga ko‘ra, Dovud Sulaymonga qanday maslahat bergan va qay yo‘sin uning so‘zlari to‘g‘ri bo‘lib chiqqan? (Rasmga ham qarang.)

11 Dovud nima degan? (3 Shohlar 2:2, 3 ni o‘qing.) Dovud o‘g‘liga agar u Yahovaga quloq solsa, muvaffaqiyatga erishishini aytgan. Ancha yillar davomida Yahova Sulaymonga ko‘pgina yaxshiliklar qilgan va turli yo‘llar orqali unga ko‘maklashgan. (1 Sol. 29:23–25) Sulaymon mahobatli ma’bad qurdirgan, Muqaddas Yozuvlarga kirgan bir nechta kitobni yozgan va undagi boshqa kitoblarda uning so‘zlari iqtibos sifatida keltirilgan. U donoligi-yu boyligi bilan mashhur bo‘lgan. (3 Shoh. 4:34) Dovud aytganidek, Sulaymon Tangri Yahovaga quloq solgandagina muvaffaqiyatli bo‘lardi. Afsuski, vaqt o‘tib u boshqa xudolarga sajda qiladigan bo‘ldi. Bu Yahovaga yoqmadi va U Sulaymonga xalqni mehr va adolat ila boshqarishi uchun donolik bermay qo‘ydi. (3 Shoh. 11:9, 10; 12:4)

Dovud o‘g‘li Sulaymonga aytgan oxirgi so‘zlardan Yahovaga sadoqatli qolsak, to‘g‘ri qarorlar chiqarishimiz uchun U bizga donolik berishini ko‘ryapmiz (11-, 12-xatboshilariga qarang.) b


12. Dovudning so‘zlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?

12 Bundan qanday saboq olyapmiz? Itoatkorlik muvaffaqiyatga yetaklaydi. (Zab. 1:1–3) Albatta, Yahova bizga Sulaymonnikiga o‘xshash boylik va shon-shuhrat berishni va’da qilmagan. Lekin Xudoyimizga itoatli bo‘lsak, U bizga donolik beradi. Bu tufayli esa to‘g‘ri qarorlar chiqara olamiz. (Hik. 2:6, 7; Yoqb. 1:5) Xudoning prinsiplari ish, ta’lim, o‘yin-kulgi va pul kabi amaliy masalalarda biz uchun yo‘l-yo‘riq bo‘la oladi. Ilohiy donolikni amalda qo‘llash bizni zarardan himoyalaydi. (Hik. 2:10, 11) Qolaversa, yaxshi do‘stlarni topa olamiz va oilamiz baxtli bo‘ladi.

13. Karmenga hayotini yaxshilashga nima yordam berdi?

13 Mozambikda yashovchi singlimiz Karmen «Oliy ta’lim muvaffaqiyat kaliti» deb o‘ylagan. U universitetga kirgan va arxitektura yo‘nalishida ta’lim olgan. Karmen quyidagicha bo‘lishdi: «O‘qishni sevardim, lekin bu ko‘p vaqtimni va kuchimni olardi. 7:30 dan 18:00 gacha o‘qishda bo‘lardim. Yig‘ilishlarga qatnash qiyin bo‘lardi va bu ma’naviyligimga salbiy ta’sir qildi. Ich-ichimdan ikki xo‘jayinga qullik qilayotganimni tushunardim». (Mat. 6:24) U vaziyati haqida ibodat qildi va adabiyotlarimizdan izlanish o‘tkazdi. U shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Ma’nan yetuk birodarlardan va onamdan maslahat olgach, Yahovaga to‘la vaqt xizmat qila olish uchun universitetdan ketishga qaror qildim. Bu menga hayotimda to‘g‘ri tanlovlar qilishga yordam berdi va bundan afsuslanmayman».

14. Muso va Dovud nima demoqchi edi?

14 Muso va Dovud Yahovani yaxshi ko‘rgan. Ular Xudoga quloq solish juda muhim ekanini tushungan. Bu sadoqatli xizmatchilar oxirgi so‘zlari bilan tinglovchilarini ularning o‘rnagiga ergashib, Xudosi Yahovaga sadoqatli qolishga undagan. Shuningdek, ularning ikkovi ham tinglovchilariga agar ular Yahovani tark etsa, Uning marhamatidan hamda va’da qilingan barakalardan mahrum bo‘lishini aytib ogohlantirgan. Ularning maslahati biz uchun ham amaliy. Asrlar o‘tib Yahovaning boshqa bir xizmatchisi ham Unga sadoqatli qolish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatgan.

«KATTA BAXT»

15. Havoriy Yuhanno nimani boshdan kechirdi?

15 Yuhanno Iso Masihning sevimli havoriysi bo‘lgan. (Mat. 10:2; Yuhan. 19:26) Isoning xizmati davomida u unga hamroh bo‘lgan, mo‘jizalarini ko‘rgan va qiyin paytlarda yonida qolgan. Bundan tashqari, u Iso qatl qilinganini va tirilganini ko‘rgan. Qolaversa, Yuhanno masihiylar jamoati o‘sganining guvohi bo‘lgan. U uzoq yashagan va xushxabar «falak ostida bor jonzotga va’z» qilinganining guvohi bo‘lgan. (Kolos. 1:23)

16. Yuhannoning maktublaridan kimlar foyda olib kelmoqda?

16 Yuhanno keksa yoshda bo‘lganida hayratomuz Vahiy kitobini yozgan. (Vah. 1:1) U Injil bayonotlaridan birini, shuningdek, uchta ilhomlantirilgan maktubni yozgan. U uchinchi maktubini Gay ismli sadoqatli masihiyga yozgan. Yuhanno uni ma’naviy farzandi deb bilgan. (3 Yuhan. 1) O‘sha paytga kelib u ko‘plarni ma’naviy farzandlaridek ko‘rgani shubhasiz. Bu sadoqatli yoshi ulug‘ kishi yozgan so‘zlar hozirgacha Isoning ko‘pgina izdoshlariga dalda berib kelyapti.

17. 3 Yuhanno 4 ga ko‘ra, nima baxt keltiradi?

17 Yuhanno nima yozgan? (3 Yuhanno 4 ni o‘qing.) Yuhanno uchinchi maktubida birodar-u opa-singillari Xudoga bo‘ysunayotganini ko‘rish unga quvonch keltirishini yozgan. U uchinchi maktubini yozganda ba’zilar soxta ta’limotlarni tarqatayotgandi va bo‘linishlarga sabab bo‘layotgandi. Biroq boshqalar «haqiqat yo‘lida» yurishda davom etgan. Ular Yahovaga quloq solgan va «Uning amrlariga binoan» umr kechirgan. Bu bilan ular nafaqat Yuhannoni, balki Yahovani ham xursand qilgan. (Hik. 27:11)

18. Yuhannoning so‘zlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin?

18 Bundan qanday saboq olyapmiz? Sadoqat quvonchga yetaklaydi. (1 Yuhan. 5:3) Masalan, Yahovani xursand qilganimizni bilishdan quvonch topamiz. Tangri bu dunyoning vasvasalarini rad etib, haqiqatni qabul qilganimizni ko‘rganida xursand bo‘ladi. (Hik. 23:15) Bundan tashqari, osmondagi boshqalar ham quvonchga to‘ladi. (Luqo 15:10) Biz ham birodar-u opa-singillarimiz, ayniqsa, sinovlar-u vasvasalar paytida sadoqatli qolganini ko‘rib sevinamiz. (2 Salon. 1:4) Shaytonning dunyosi yo‘q bo‘lib ketganida Yahovaga sadoqatli qolganimizdan quvonchga to‘lamiz.

19. Reychel boshqalarga haqiqatni o‘rgatish borasida nima degan? (Rasmga ham qarang.)

19 Ayniqsa, haqiqatni boshqalar bilan bo‘lishganimizda quvonchga to‘lamiz. Dominikana Respublikasida yashovchi Reychel ismli opamiz biror kimga Xudoyimiz haqida o‘rgatish so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas sharaf ekanini his qildi. Ma’naviy farzandlari haqida o‘ylar ekan, u shunday deb bo‘lishdi: «Men ta’lim berayotgan insonlarning Yahovaga nisbatan sevgisi kuchayganini, Unga to‘liq tayanishni o‘rganganini va Uni mamnun qilish uchun hayotiga o‘zgarishlar kiritganini ko‘rganimda, quvonchim ichimga sig‘maydi. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bu quvonch ularga ta’lim berish uchun qilgan har qanday harakatga va qurbonlikka arziydi».

Boshqalarga Yahovani sevishni va Unga quloq solishni o‘rgatishdan quvonch topamiz (19-xatboshiga qarang.)


SADOQATLI KISHILARNING OXIRGI SO‘ZLARIDAN FOYDA OLING

20. Muso, Dovud va Yuhanno bilan qanday o‘xshash tomonlarimiz bor?

20 Muso, Dovud va Yuhannoning yashagan vaqti-yu vaziyati biznikidan farq qilgan. Ammo ular bilan o‘rtamizda ko‘p o‘xshashliklar bor. Masalan, ular haq Xudoga xizmat qilgan va biz ham shu yo‘ldamiz. Ularga o‘xshab Yahovaga ibodat qilamiz, Unga tayanamiz va Undan yo‘l-yo‘riq olamiz. Bu keksa sadoqatli kishilar kabi biz ham Yahova Unga quloq solganlarga mo‘l-ko‘l baraka berishiga aminmiz.

21. Muso, Dovud, Yuhanno kabi keksa va sadoqatli kishilarning maslahatiga quloq solganlarni oldinda qanday barakalar kutyapti?

21 Keling, Yahovaning amrlariga itoatli bo‘lish orqali bu keksa kishilarning oxirgi so‘zlariga quloq solaylik. O‘shanda barcha ishimizda chinakam muvaffaqiyatga erishamiz, hayotga ega bo‘lamiz va «uzoq vaqt» — abadiyat davomida yashaymiz! (Qonun. 30:20) Bundan tashqari, sevuvchi samoviy Otamizni mamnun qilayotganimizdan quvonch topamiz. U bergan barcha va’dalarini biz kutgandan yoki hatto tasavvur qilgandan ortiqroq qilib bajaradi. (Efes. 3:20)

129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik

a Qizil dengizda Yahovaning mo‘jizalarini ko‘rgan isroilliklarning aksariyati va’da qilingan yurtni ko‘rmay hayotdan ko‘z yumgan. (Sah. 14:22, 23) Yahova ro‘yxatdan o‘tgan 20 va undan yuqori yoshdagilar sahroda o‘lishini aytgan. (Sah. 14:29) Biroq Yoshua, Xolib va ko‘pgina yosh avlod hamda Levi qabilasidan bo‘lganlar tirik qolgan. Isroil xalqi Iordan daryosini kechib o‘tganida va Kan’on yurtiga kirganida, Yahovaning va’dasi amalga oshganini ko‘rgan. (Qonun. 1:24–40)

b RASMGA SHARH. Chapda: Dovud o‘g‘li Sulaymonga oxirgi maslahatni beryapti. O‘ngda: o‘quvchilar Doimiy kashshoflar maktabida berilayotgan ta’limdan foyda olyapti.