Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

44-TADQIQ MAQOLASI

33-QO‘SHIQ G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla

Qay yo‘sin adolatsizlikka dosh bera olasiz?

Qay yo‘sin adolatsizlikka dosh bera olasiz?

Yomonlikka mag‘lub bo‘lmang, aksincha, yomonlikni hamisha yaxshilik bilan mag‘lub qiling. (RIM. 12:21)

ASOSIY FIKR

Adolatsizlikka duch kelganingizda, vaziyat yanada yomonlashmasligi uchun nima qilsangiz bo‘ladi?

1, 2. Qay yo‘sin barchamiz adolatsizlikka duch kelishimiz mumkin?

 ISO shogirdlariga qozidan unga adolat ko‘rsatishini yolvorib so‘ragan beva ayol to‘g‘risida masal keltirgan. Bu ayol haqidagi hikoyani Isoning shogirdlari yaxshi tushungan, chunki o‘sha paytda ko‘plar adolatsizlikning qurboni bo‘lgan. (Luqo 18:1–5) O‘sha hikoya bizning kunda ham ahamiyatli, axir barchamiz vaqti-vaqti bilan adolatsizlikka duch kelamiz.

2 Hozir yuzxotirchilik va tengsizlik, jabr-zulm keng tarqalgan. Shuning uchun bizga adolatsizlik qilishganida, hayron qolmaymiz. (Voiz 5:8) Ammo imondoshimiz bizga nohaqlik qilsa, yaraga tuz sepganday bo‘lishi mumkin. Albatta, birodar-u opa-singillarimiz haqiqat dushmanlari emas, ular shunchaki nomukammal. Iso yovuz odamlar tomonidan adolatsizlikka duch kelganida qanday yo‘l tutganidan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Bizga adolatsizlik qiladigan dushmanlarimizga sabr-toqat qila olar ekanmiz, imondoshlarimizga nisbatan bundan-da ortig‘ini qilishimiz kerak, shunday emasmi? Yahovaga xizmat qiladigan yoki qilmaydiganlar tomonidan adolatsizlikka duch kelganimizda U nimalarni his qiladi? Boshdan o‘tkazayotganlarimiz Xudoni qiziqtiradimi?

3. Adolatsizlikdan azob chekayotganimizga Yahova befarqmi? Nima uchun?

3 Tangri boshqalar bizga qanday muomala qilayotganiga befarq emas. Zero «Yahova adolatni sevadi». (Zab. 37:28) Iso bizni Yahova o‘z vaqtida «adolatni tezda» o‘rnatishiga ishontirmoqda. (Luqo 18:7, 8) Yaqinda u barcha azob-uqubatlarni bartaraf qiladi va har turli adolatsizlikka chek qo‘yadi. (Zab. 72:1, 2)

4. Bugungi kunda Yahova bizga qay yo‘sin yordam beryapti?

4 Adolat o‘rnatiladigan paytni kutar ekanmiz, Yahova nohaqlikka dosh berishimizga yordam beryapti. (2 Butr. 3:13) U adolatsizlikka duch kelganimizda o‘ylamay ish qilib qo‘yishdan qochishni o‘rgatyapti. Masalan, Xudo adolatsizlik bilan kurasha olishimiz uchun O‘g‘lining mukammal o‘rnagini taqdim etgan. Shuningdek, Yahova vaziyatimizga qo‘l keladigan maslahatlarni ham bergan.

ADOLATSIZLIKKA QANDAY MUNOSABAT BILDIRAYOTGANINGIZGA E’TIBORLI BO‘LING

5. Adolatsizlikka qanday munosabat bildirayotganimizga nega e’tiborli bo‘lishimiz lozim?

5 Adolatsizlikka duch kelganimizda, qattiq ranjishimiz va tushkunlikka tushishimiz mumkin. (Voiz 7:7) Ayub, Habaqquq kabi sadoqatli xizmatchilar xuddi shunday tuyg‘ularni his etgan. (Ayub 6:2, 3; Xab. 1:1–3) Garchi bunday his-tuyg‘ular tabiiy bo‘lsa-da, biron nojo‘ya ish qilib qo‘ymasligimiz uchun adolatsizlikka qanday munosabat bildirayotganimizga e’tiborli bo‘lishimiz kerak.

6. Absalomning misolidan nimani o‘rganyapmiz? (Rasmga ham qarang.)

6 Adolatsizlikka duch kelganimizda, qasos olish istagi paydo bo‘lishi mumkin. Agar shunday yo‘l tutsak, bu vaziyatni yomonlashtirishi hech gap emas. Shoh Dovudning o‘g‘li Absalomning misolini ko‘rib chiqaylik. Ukasi Omno‘n singlisi Tamaraning nomusiga tekkanida, u g‘azab otiga mingan. Musoning Qonuniga ko‘ra, Omno‘n qilmishi uchun o‘limga loyiq edi. (Lev. 20:17) Absalomning g‘azabi asosli edi, lekin bu unga masalani o‘zi hal qilish huquqini bermasdi. (2 Shoh. 13:20–23, 28, 29)

Absalom singlisi Tamara duch kelgan adolatsizlikdan g‘azablanyapti (6-xatboshiga qarang.)


7. Sano bastakorining adolatsizlikka nisbatan ilk munosabati qanday bo‘lgan?

7 «Adolatsizlik qiladiganlar jazo olmayotganday tuyulganida, to‘g‘ri ish qilish arziydimi?» degan savol tug‘ilishi mumkin. Yahovaning bir xizmatchisiga yaxshi odamlarga adolatsizlik qilayotgan yovuzlar hayotdan zavq olib yashayotganday ko‘ringan. U: «Yovuzlar ana shunday, hamma ishlari o‘ngidan keladi»,— deb aytgan. (Zab. 73:1) Buning ustiga, u guvohi bo‘layotgan adolatsizlik dastidan qattiq tushkunlikka tushib, Yahovaga xizmat qilish foyda keltirishiga deyarli ishonmay qo‘ygan. O‘sha sano bastakori: «Bularni tushunishga urindim, ammo bu men uchun og‘ir kechdi»,— deb kuylagan. (Zab. 73:14, 16) Shuningdek, u: «Menga kelsak, yo‘ldan ozishimga sal qoldi, oyoqlarim toyib ketayozdi»,— degan. (Zab. 73:2) Shunga o‘xshash vaziyat Alberto birodarimiz bilan yuz bergan.

8. Adolatsizlik bitta birodarga qanday ta’sir qilgan?

8 Alberto jamoat g‘aznasidan pul o‘g‘irlaganlikda nohaq ayblangan. Natijada u sharafli vazifalarini yo‘qotgan va jamoatda bu haqda bilganlar uni hurmat qilmay qo‘ygan. «Achchiqlandim, jahlim chiqdi va hafsalam pir bo‘ldi»,— deb bo‘lishdi u. Alberto hissiy og‘rig‘i ma’naviyligiga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ydi va hattoki besh yil davomida faoliyatsiz bo‘lib yurdi. Bu voqea adolatsizlikka duch kelganimizda g‘azabimizni nazorat qilmasak, nima bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatyapti.

ISO QAY YO‘SIN ADOLATSIZLIKKA DOSH BERGANIGA TAQLID QILING

9. Iso qanday adolatsizliklarga duch kelgan? (Rasmga ham qarang.)

9 Adolatsizlikka dosh berish borasida Iso mukammal o‘rnak ko‘rsatgan. U ham oila a’zolari, ham boshqalar tomonidan adolatsiz munosabatga duch kelgan. Qarindoshlari uni aqldan ozgan, din rahbarlari esa jinlardan kuch oladi, deb aytgan. Rim askarlari bo‘lsa, Isoni masxara qilib, unga azob bergan va oxir-oqibat uni o‘ldirgan. (Mark 3:21, 22; 14:55; 15:16–20, 35–37) Lekin Iso bu barcha adolatsizliklarga chidar ekan, biron marta salbiy munosabat bildirmagan. Xo‘sh, undan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?

Adolatsizlik bilan kurashish borasida Iso a’lo o‘rnak qoldirgan (9-, 10-xatboshilariga qarang.)


10. Iso adolatsizlik bilan qanday kurashgan? (1 Butrus 2:21–23)

10 1 Butrus 2:21–23 ni o‘qing a. Adolatsizlikka duch kelganimizda qanday yo‘l tutish borasida Iso mukammal o‘rnak qoldirgan. U qachon jim turishni, qachon gapirishni bilgan. (Mat. 26:62–64) Bundan tashqari, Iso u haqda aytilgan hamma yolg‘on gaplarga ham javob qaytaravermagan. (Mat. 11:19) Gapirganida esa uni ta’qib qiluvchilarni haqoratlamagan yoki ularga do‘q-po‘pisa qilmagan. U «o‘zini odil Hakamning qo‘liga» topshirgani uchun o‘zini tuta bilish fazilatini namoyon eta olgan. Iso Yahova bu vaziyatga qanday qarayotgani eng muhimi ekanini bilgan va adolatsizlik qilganlarga vaqtida javob qaytarishiga ishongan.

11. Gap-so‘zlarimizni nazorat qilishning ayrim yo‘llari qanday? (Rasmlarga ham qarang.)

11 Adolatsizlikka duch kelganimizda, gap-so‘zlarimizni nazorat qilib, Isoga taqlid qilishimiz mumkin. Ba’zi adolatsizliklar kichik bo‘ladi va ularga uncha e’tibor bermaymiz yoki keyinchalik vaziyat chigallashib ketmasligi uchun hech narsa aytmasligimiz mumkin. (Voiz 3:7; Yoqb. 1:19, 20) Boshqa vaziyatlarda esa adolatsiz munosabatga duch kelayotgan kishining tarafini olishimizga yoki e’tiqodimizni himoyalash uchun haqiqatni gapirishimizga to‘g‘ri kelar. (Havor. 6:1, 2) Agar gapirishni istasak, buni xotirjamlik va hurmat ila qilish uchun jon kuydirishimiz lozim b. (1 Butr. 3:15)

Adolatsizlikka duch kelganimizda qachon va qanday gapirishni bilib Isoga taqlid qila olamiz (11-, 12-xatboshilariga qarang.)


12. Qay yo‘sin o‘zimizni «odil Hakamning qo‘liga» topshira olamiz?

12 O‘zimizni «odil Hakamning qo‘liga ishonib» topshirish orqali Isoga taqlid qilsak bo‘ladi. Boshqalar bizni noto‘g‘ri hukm qilsa yoki bizga nisbatan adolatsizlik qilsa, Yahova haqiqatni bilishiga ishonamiz. Bu ishonch nohaqlikka dosh berishimizga yordam beradi. Chunki bilamizki, Yahova barchasini to‘g‘rilaydi. Vaziyatni Yahovaning qo‘llariga topshirib, qahr-g‘azab yoki xafagarchilik qalbimizda in qurishining oldini olamiz. Axir bunday his-tuyg‘ular stressga tushishimizga, quvonchni yo‘qotishimizga hamda Yahova bilan munosabatlarimizga putur yetishiga sabab bo‘ladi. (Zab. 37:8)

13. Adolatsizlikka chidashimizga nima yordam bera oladi?

13 Albatta, Isoning o‘rnagiga hech qachon mukammal tarzda taqlid qila olmaymiz. Gohida keyinchalik afsuslanishimiz mumkin bo‘lgan nimadir deyishimiz yoki qilishimiz mumkin. (Yoqb. 3:2) Ba’zi adolatsizliklar bizga hissiy va jismoniy og‘riq keltirishi va buni boshdan kechirish qiyin bo‘lishi mumkin. Bu sizga tanish bo‘lsa, Yahova nimalarni boshdan kechirayotganingizni bilishiga ishonchingiz komil bo‘lsin. Adolatsizlikdan aziyat chekkan Iso ham sizning his-tuyg‘ularingizni tushuna oladi. (Ibron. 4:15, 16) Yahova nafaqat Isoning mukammal o‘rnagini qoldirgan, balki adolatsizlikni yengishimizga ko‘maklashadigan amaliy maslahatlarni ham bergan. Keling, Rimliklarga yo‘llangan maktubdagi ikkita oyatga diqqat qarataylik. Ular bizga yordam berishi mumkin.

«QAHRIGA YO‘L QO‘YIB BERINGLAR»

14. «Allohning qahriga yo‘l qo‘yib» berish nimani anglatadi? (Rimliklarga 12:19)

14 Rimliklarga 12:19 ni o‘qing. Havoriy Pavlus masihiylarni: «Qahriga yo‘l qo‘yib beringlar»,— deb undaganida, kimning qahriga ishora qilgan? Matn tarkibiga ko‘ra, bu yerda Yahovaning qahri haqida gap ketyapti. Xudo O‘zi istagan paytda va tarzda adolatni o‘rnatishiga ishonsak, Uning qahriga yo‘l qo‘yib bergan bo‘lamiz. Jon ismli birodar nohaqlikka duch kelganidan keyin shunday dedi: «Adolatni o‘zim istaganday o‘rnatish vasvasasiga qarshi kurashishimga to‘g‘ri keldi. Rimliklarga 12:19 Yahovani kutishimga yordam berdi».

15. Nega Yahova muammoni hal qilishini kutish eng to‘g‘ri yo‘l?

15 Qiyin muammoni o‘zimiz hal qilishga intilganimizda, ko‘pgina stress va tushkunlikka tushishimiz hech gap emas. Yahova vaziyatni o‘nglashini kutsak, bundan qochgan bo‘lamiz. Yahova yordam berishni taklif qilyapti. U go‘yoki: «Adolatsizlikni menga qo‘yib ber, uni O‘zim hal qilaman»,— deganday bo‘lyapti. Yahovaning: «Jazosini men beraman»,— degan va’dasini qabul qilsak, muammoni o‘zimiz hal qilmaymiz, aksincha, Yahova buni eng a’lo yo‘l orqali qilishiga ishonamiz. Bu yuqorida tilga olingan Jonga yordam bergan. U shunday dedi: «Agar Yahovani kuta olsam, U muammoni mendan yaxshiroq hal qiladi».

«YOMONLIKNI YAXSHILIK BILAN YENGING»

16, 17. Qanday qilib ibodat yordamida «yomonlikni hamisha yaxshilik bilan mag‘lub» qila olamiz? (Rimliklarga 12:21)

16 Rimliklarga 12:21 ni o‘qing. Havoriy Pavlus masihiylarni «yomonlikni yaxshilik bilan» yengishga undagan. Iso Tog‘dagi va’zida: «Dushmanlaringizni sevinglar hamda sizlarni ta’qib qilayotganlar uchun ibodat qilinglar»,— deb aytgan. (Mat. 5:44) Uning o‘zi ham aynan shunday yo‘l tutgan. Ehtimol, xayolimizga rimlik askarlar Isoni ustunga mixlaganida, u qanchalik azob chekkani kelar. Isoga shafqatsiz munosabatda bo‘lishgani va u qattiq og‘riqqa chidagan. U qanchalik azob chekkanini biz oxirigacha tushuna olmaymiz.

17 Iso boshdan kechirgan adolatsizlik Uni mag‘lub qilishiga yo‘l qo‘ymagan. U askarlarni qarg‘ashi mumkin edi. Lekin u shunday ibodat qilgan: «Otajon, bularni kechir, chunki ular nima qilishayotganini bilishmaydi». (Luqo 23:34) Bizga yomon muomala qilgan insonlar uchun ibodat qilganimizda, xafagarchilik va jahl kabi tuyg‘ular yengillashishi va hatto bizni ranjitgan insonlarga nisbatan fikrimiz o‘zgarishi mumkin.

18. Qay yo‘sin Alberto va Jon ibodat yordamida adolatsizlik bilan kurasha oldi?

18 Maqolaning boshida keltirilgan ikkita birodar ibodat yordamida adolatsizlikka dosh bera olgan. Alberto shunday dedi: «Menga nohaqlik qilgan birodarlar uchun ibodat qildim. Bir necha marta Yahovadan men bilan bo‘lib o‘tganlarni unutishimga yordam berishini so‘radim. Yaxshiyamki, hozir Alberto yana Yahovaga sadoqat ila xizmat qilyapti». Jon esa quyidagicha bo‘lishdi: «Ko‘p marta meni ranjitgan birodar uchun ibodat qilganman. Bu kabi ibodatlar yordamida uni kechira oldim, jahlimdan tushdim va hukm qilishni bas qildim. O‘sha ibodatlar qalbimga xotirjamlik berdi».

19. Ushbu zamonaning oxiri kelguncha nima qilishimiz kerak? (1 Butrus 3:8, 9)

19 Ushbu zamonaning oxiriga qadar oldinda bizni qanday adolatsizliklar kutayotganini bilmaymiz. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, Yahovaga yordam so‘rab ibodat qilishdan hech qachon to‘xtamaylik. Qolaversa, adolatsizlikka duch kelganimizda, Iso kabi yo‘l tutaylik. Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilishda davom etaylik. Shunda Yahovadan baraka olishimiz shubhasiz. (1 Butrus 3:8, 9 ni o‘qing.)

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

a Havoriy Butrus yozgan birinchi maktubning 2- va 3-boblarida bir nechta masihiy shafqatsiz xo‘jayinlari yoki imondosh bo‘lmagan turmush o‘rtoqlari tomonidan adolatsizliklarga duch kelgan vaziyatlar keltirilgan. (1 Butr. 2:18–20; 3:1–6, 8, 9)

b jw.org saytida «Sevgi haqiqiy tinchlikka yetaklaydi» nomli videoni tomosha qiling.