Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35-TADQIQ MAQOLASI

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz.

Qay yo‘sin oqsoqollar jamoatdan chiqarilganlarga yordam bera oladi?

Qay yo‘sin oqsoqollar jamoatdan chiqarilganlarga yordam bera oladi?

Tavbaga muhtoj bo‘lmagan 99 ta odil kishidan ko‘ra, tavba qilgan bitta gunohkor uchun ham osmonda katta xursandchilik bo‘ladi. (LUQO 15:7)

ASOSIY FIKR

Nega ba’zilar jamoatdan chiqariladi? Qay yo‘sin oqsoqollar ularga tavba qilishga va yana Yahovaning marhamatiga erishishga ko‘maklasha oladi?

1, 2. a) Jiddiy gunohga qo‘l urib, tavba qilmaganlarga Yahova qanday nuqtai nazarda? b) Yahova barcha gunohkorlar nima qilishiga umid qiladi?

 YAHOVA hamma narsaga ko‘z yumadigan Xudo emas. U gunohdan nafratlanadi. (Zab. 5:4–6) Tangri Uning Kalomida biz uchun yozilgan adolatli me’yorlarini hurmat qilishimizni talab qilyapti. Albatta, Yahova nomukammal odamlardan mukammallikni kutmaydi. (Zab. 130:3, 4) Shu bilan birga U Uning inoyatidan «axloqsiz xulqni oqlash niyatida» foydalanadigan «xudosiz insonlar»ga chidab o‘tirmaydi. (Yahd. 4) Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda Armageddon jangida «xudosiz insonlar» halok qilinishi to‘g‘risida yozilgan. (2 Butr. 3:7; Vah. 16:16)

2 Biroq Yahova hech kimning halok bo‘lishini istamaydi. Ushbu sondagi oldingi maqolalarda muhokama qilganimizday, Muqaddas Kitobga ko‘ra, U «hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butr. 3:9) Oqsoqollar gunohkorlarga o‘zgarishga va Yahovaning marhamatiga yana ega bo‘lishga sabr ila yordam beradi. Bu borada ular Yahovaga taqlid qiladi. Biroq hamma ham tavba qilmasligi mumkin. (Ishayo 6:9) Ba’zilar oqsoqollarning tavbaga olib kelish uchun qilgan davomiy harakatlariga qaramay, gunoh qilishda davom etadi. Xo‘sh, bunday vaziyatda oqsoqollar qanday yo‘l tutishi kerak?

«YARAMAS ODAMNI ORANGIZDAN CHIQARIB TASHLANGLAR»

3. a) Muqaddas Kitobga binoan, tavba qilmagan gunohkorlarga qanday chora ko‘riladi? b) Nega gunohkor jamoatdan chiqarilishni o‘zi tanlagan, deb ayta olamiz?

3 Jiddiy gunohga qo‘l urgan kishi tavba qilishni istamasa, oqsoqollarda 1 Korinfliklarga 5:13 ga amal qilishdan boshqa chora qolmaydi. U yerda shunday yozilgan: «Yaramas odamni orangizdan chiqarib tashlanglar». Bunday olib qarasa, gunohkor qilmishining oqibatlarini ko‘ryapti. U nimani ekkan bo‘lsa, o‘shani o‘rib olyapti. (Galat. 6:7) Nega bunday deya olamiz? Boisi oqsoqollar uni tavbaga olib kelish uchun qayta-qayta uringaniga qaramay, yordamni rad etdi. (4 Shoh. 17:12–15) Uning xatti-harakatlaridan Yahovaning me’yorlariga itoat qilishni istamayotgani ko‘rinyapti. (Qonun. 30:19, 20)

4. Nima uchun tavba qilmagan gunohkor jamoatdan chiqarilgani haqida e’lon qilinadi?

4 Tavba qilmagan gunohkor jamoatdan chiqarilganida, endi u Yahovaning Shohidi emasligi to‘g‘risida jamoat xabardor qilinishi uchun e’lon bo‘ladi a. Bu e’londan maqsad gunohkorni kamsitish emas. Aksincha, jamoat Muqaddas Kitobdagi: «Kishi bilan muloqot qilmanglar, hatto u bilan birga ovqatlanmanglar»,— degan amrga bo‘ysuna olishi uchun bunday qilinadi. (1 Kor. 5:9–11) Yahova nega bunday amr berganining asosli sabablari bor. Havoriy Pavlus quyidagicha yozgan: «Ozgina xamirturush butun xamirni achitadi». (1 Kor. 5:6) Tavba qilmagan gunohkorlar Yahovaning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashashga intilayotganlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. (Hik. 13:20; 1 Kor. 15:33)

5. Jamoatdan chiqarilgan kishiga qanday qarashimiz kerak va nega?

5 Jamoatdan chiqarilgan imondoshga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerak? Garchi u bilan muloqot qilmasak-da, unga qaytishiga umid yo‘q odamday emas, balki adashib qolgan qo‘yday qarashimiz kerak. Podadan uzoqlashgan qo‘y eson-omon qaytib kelishi mumkin. Unutmang, bu adashgan qo‘y o‘zini Yahovaga bag‘ishlagan. Afsuski, u hozir o‘sha bag‘ishloviga muvofiq hayot kechirmayapti va o‘zini xavfga qo‘yyapti. (Hiz. 18:31) Ammo Yahova rahm-shafqatini namoyon etar ekan, uning qaytib kelishiga umid bor. Xo‘sh, qay yo‘sin oqsoqollar jamoatdan chiqarilgan kishilarga yordam bera oladi?

QAY YO‘SIN OQSOQOLLAR JAMOATDAN CHIQARILGAN KISHILARGA YORDAM BERA OLADI?

6. Jamoatdan chiqarilgan kishiga yordam berish uchun oqsoqollar nimalar qiladi?

6 Kishi jamoatdan chiqarilsa, oqsoqollar unga Yahovaga qaytishga yordam bermay qo‘yadimi? Ular kishiga u jamoatdan chiqarilgani haqida xabar berganida, unga jamoatga qaytish uchun qaysi qadamlarni qo‘yishi kerakligini tushuntiradi. Aslida ular bundan ham ko‘prog‘ini qiladi. Aksar hollarda oqsoqollar gunohkorga u bilan bir necha oydan keyin uchrashishni taklif qiladi. Ular bu uchrashuvda uning qalb holati o‘zgargan yo o‘zgarmaganini ko‘radi. Gunohkor oqsoqollar bilan yana uchrashishga xohish bildirsa, ular keyingi uchrashuvda uni tavba qilishga va Yahovaga qaytishga undaydi. Hatto keyingi uchrashuvda ham u tavba qilmagan bo‘lsa, oqsoqollar u bilan kelajakda yana uchrashishga intiladi va tavba qilishga undaydi.

7. Oqsoqollar jamoatdan chiqarilgan kishi bilan muomala qilganda qay yo‘sin Yahova kabi mehr-shafqatli bo‘la oladi? (Yeremiyo 3:12)

7 Oqsoqollar jamoatdan chiqarilgan kishi bilan muomala qilganda Yahova kabi mehr-shafqatli bo‘lishga jon kuydiradi. Masalan, Yahova qaysar xalqi Isroil birinchi qadamni qo‘yishini kutib o‘tirmagan. Aksincha, ular tavba qilganining hatto kichik bo‘lsa-da, belgilarini ko‘rsatishidan avval O‘zi tashabbus ko‘rsatgan. Ushbu sondagi ikkinchi maqolada yoritilganiday, Yahova Ho‘sheya payg‘ambarga jiddiy gunoh qilib yurgan xotinini kechirishni va uni ortga qaytarishni aytgan. Shu yo‘sin Xudo xizmatchilariga juda mehr-shafqatli ekanini ko‘rsatgan. (Ho‘sh. 3:1; Mal. 3:7) Oqsoqollar ham Yahovaga taqlid qilib jiddiy gunoh qilgan kishi qaytishini chin dildan istaydi va ular bu jarayonni u uchun qiyinlashtirmaydi. (Yeremiyo 3:12 ni o‘qing.)

8. Qay yo‘sin Isoning darbadar o‘g‘il haqidagi masalidan Yahovaning mehr-shafqati va rahmdilligi borasida ko‘proq bilib olyapmiz? (Luqo 15:7)

8 Ushbu sondagi ikkinchi maqolada muhokama qilganimizday, Isoning darbadar o‘g‘il haqidagi masalini eslang. Ota uyga qaytayotgan o‘g‘lini ko‘rib qoladi, «u o‘g‘lining yoniga yugurib borib, bag‘riga bosgancha» uni o‘padi. (Luqo 15:20) E’tibor bergan bo‘lsangiz, ota o‘g‘li yolvorib kechirim so‘rashini kutib o‘tirmaydi. Aksincha, u o‘g‘lini sevgani uchun oldiga yugurib boradi. Oqsoqollar Yahovani tashlab ketgan kishilarga ham shunday munosabat ko‘rsatishga intiladi. Ular yo‘qolgan qo‘y uyiga, ya’ni Yahovaning oldiga qaytishini istaydi. (Luqo 15:22–24, 32) Gunohkor qaytsa, osmonda va yer yuzida xursandchilik bo‘ladi. (Luqo 15:7 ni o‘qing.)

9. Yahova gunohkorlarni nima qilishga undayapti?

9 Hozirgacha ko‘rib chiqqanlarimizdan shuni aniq bilib oldikki, Yahova tavba qilmagan gunohkorlarga chidab o‘tirmaydi. Ammo shu bilan birga gunohkorlardan yuz o‘girmaydi. Tangri ularga qaytishga ko‘maklashishni xohlaydi. Yahovaning tavba qilgan kishilarga bo‘lgan his-tuyg‘ulari Ho‘sheya 14:4 da ifodalangan. Bu yerda quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Men ularni bevafolikdan davolayman. Ularni chin ko‘ngildan sevaman, chunki ularga bo‘lgan g‘azabim bosildi». Yahova nimalarni his qilishini yodda saqlab, oqsoqollar gunohkor tavba qilishni boshlaganini ko‘rsatuvchi har qanday belgini izlaydi. Shuningdek, bu Yahovani tark etganlar kechga qoldirmay Unga qaytishlari uchun kuchli turtkidir.

10, 11. Oqsoqollar o‘tmishda jamoatdan chiqarilganlarga qay yo‘sin yordam beradi?

10 O‘tmishda, ehtimol, ko‘p yillar oldin jamoatdan chiqarilgan kishilar haqida nima desa bo‘ladi? Bunday kishilar jamoatdan chiqarilishiga sabab bo‘lgan gunohni boshqa qilmay qo‘ygandir. Ba’zi hollarda kishi hatto jamoatdan chiqarilganining sababini eslay olmas. Qanday bo‘lmasin, oqsoqollar ularni topib, uchrashishga intiladi. Bunday tashriflarda oqsoqollar jamoatdan chiqarilgan kishi bilan birga ibodat qiladi va iliqlik ila uni jamoatga qaytishga undaydi. Agar inson ancha vaqtdan beri jamoatdan tashqarida bo‘lsa, shubhasizki, u ma’nan juda zaif bo‘lib qolgan. Shunga u jamoatga qaytish istagini bildirsa, oqsoqollar u hali tiklanmagan bo‘lsa ham, u bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish uchun kimnidir tayinlashi mumkin. Barcha vaziyatlarda kim tadqiq o‘tishini oqsoqollar hal qiladi.

11 Oqsoqollar Yahova kabi mehr-shafqatli bo‘lishga intilib, imkon boricha ko‘plarga qaytishlari uchun eshik hali ochiq ekanini bilishga ko‘maklashadi. Gunohkor tavba qilib yomon ishlarini qoldirganida, jamoatda tiklanishi mumkin. (2 Kor. 2:6–8)

12. a) Qanday vaziyatlarda oqsoqollar ayniqsa ehtiyotkor bo‘lishi zarur? b) Nega «Yahova muayyan gunohkorlarga rahm-shafqat qilmaydi» deb o‘ylamasligimiz kerak? (Izohga ham qarang.)

12 Ba’zi vaziyatlarda kishini tiklashdan oldin alohida ehtiyotkorlik talab qilinadi. Masalan, odam bolani zo‘rlashda, murtadlikda yoki atayin ajrashishda aybdor bo‘lsa, oqsoqollar u chindan ham tavba qilganiga ishonch hosil qilishni istaydi. (Mal. 2:14; 2 Tim. 3:6) Chunki ular suruvni himoya qilishi kerak. Shu bilan birga chin dildan tavba qilgan va yomon ishlarini tashlagan kishini Yahova qabul qilishga tayyor ekanini tushunishimiz kerak. Garchi oqsoqollar boshqalarga xoinlik qilganlar bilan ehtiyotkorlik ila muomala qilsa-da, «Qaysidir gunohkorlar hech qachon Yahovaning rahm-shafqatiga erisholmaydi» deb o‘ylamasligi lozim b. (1 Butr. 2:10)

JAMOAT NIMA QILA OLADI?

13. Tanbeh olgan kishiga va jamoatdan chiqarilgan kishiga qiladigan munosabatimiz o‘rtasida qanday farq bor?

13 O‘tgan maqolada muhokama qilganimizday, ba’zida kimdir tanbeh olgani to‘g‘risida e’lon eshitamiz. Bunday vaziyatda u bilan muloqot qilishda davom eta olamiz. Bilamizki, u tavba qilgan va gunohli ishlarini to‘xtatgan. (1 Tim. 5:20) U hali ham jamoatning a’zosi va imondoshlar bilan bo‘ladigan muloqotdan dalda olishi kerak. (Ibron. 10:24, 25) Biroq jamoatdan chiqarilgan kishining vaziyati bundan keskin farq qiladi. Biz u kishi bilan muloqot qilmaymiz, hatto u bilan birga ovqatlanmaymiz. (1 Kor. 5:11)

14. Masihiy Kalom asosida tarbiyalangan vijdoniga ko‘ra jamoatdan chiqarilganlar bilan muomala qilish borasida qay yo‘sin qaror chiqara oladi? (Rasmga ham qarang.)

14 Bilib olganlarimiz jamoatdan chiqarilgan kishidan o‘zimizni butunlayin olib qochishni anglatadimi? Albattaki biz u bilan muloqot qilmaymiz. Lekin masihiy Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoniga ko‘ra jamoatdan chiqarilgan kishini, ehtimol, qarindoshi yoki oldin yaqin do‘sti bo‘lgan insonni yig‘ilishga taklif qilishga qaror qilar. Xo‘sh, agar u kelsa-chi? Oldinlari bunday odam bilan hatto salomlashmasdik. Bu vaziyatda ham har bir masihiy Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoniga ko‘ra o‘zi qaror chiqaradi. Ba’zilar kishi bilan qisqacha salomlashishi yoki yig‘ilishda uni qarshi olishi mumkin. Ammo ortiqcha gaplashmaymiz yoki u bilan boshqa ishlarni qilib vaqt o‘tkazmaymiz.

Masihiylar jamoatdan chiqarilgan kishini yig‘ilishga taklif qilish yoki qisqacha salomlashib uni yig‘ilishda qarshi olish borasida Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoniga ko‘ra o‘zi qaror chiqaradi (14-xatboshiga qarang.)


15. 2 Yuhanno 9–11 da kimlar haqida gap ketyapti? (« Yuhanno hamda Pavlus bir xil gunoh haqida gapirganmi?» nomli ramkaga ham qarang.)

15 Ba’zilarda shunday savol tug‘ilishi mumkin: «Axir Muqaddas Kitobda masihiy bunday kishi bilan salomlashsa, uning yomon ishlariga sherik bo‘lishi haqida aytilmaganmi?» (2 Yuhanno 9–11 ni o‘qing.) Oyatning matn tarkibiga ko‘ra, bu ogohlantirish murtadlarga hamda yomon xulq-atvorni faol tarzda targ‘ib qilayotganlarga nisbatan qo‘llaniladi. (Vah. 2:20) Shunga agar kishi murtadlarning ta’limotlarini yoki yomon xulq-atvorni faol tarzda targ‘ib qilayotgan bo‘lsa, oqsoqollar unga tashrif qilmaydi. Shunday bo‘lsa ham unda tavba qilish uchun imkon bor. Bu yuz bermaguncha, biz bunday kishi bilan salomlashmaymiz yoki jamoat uchrashuvlariga taklif qilmaymiz.

YAHOVA KABI MEHR-SHAFQATLI VA RAHMDIL BO‘LING

16, 17. a) Yahova gunohkorlar nima qilishini istaydi? (Hizqiyo 18:32) b) Gunohkorlarga tavba qilishga yordam berishda oqsoqollar Yahova bilan qay yo‘sin hamkorlik qila oladi?

16 Ushbu sondagi maqolalardan nimani bilib oldik? Yahova hech kimning halok bo‘lishini istamaydi. (Hizqiyo 18:32 ni o‘qing.) Tangri gunohkorlar u bilan yarashishini xohlaydi. (2 Kor. 5:20) Shu bois ham Yahova tarix davomida isyonkor xalqini, shu bilan birga isyonkor shaxslarni tavba qilishga va Unga qaytishga qayta-qayta undagan. Jiddiy gunohga qo‘l urganlarga tavba qilishga yordam berishda oqsoqollar Yahova bilan hamkorlik qiladi. (Rim. 2:4; 1 Kor. 3:9)

17 Gunohkorlar tavba qilganida osmonda qanday xursandchilik bo‘lishini bir tasavvur qiling! Adashgan qo‘ylardan biri jamoatga qaytganida samoviy Otamiz Yahova shaxsan bu quvonchni his qiladi. Uning rahm-shafqati, rahmdilligi va inoyati ustida mulohaza yuritar ekanmiz, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz oshyapti. (Luqo 1:78)

111-QO‘SHIQ Yahova — chin shodlik Manbaidir

a Hozir bunday kishilarga nisbatan «jamoatdan chetlatildi» iborasini ishlatmaymiz. Pavlusning 1 Korinfliklarga 5:13 dagi so‘zlariga asoslanib, «jamoatdan chiqarildi» deb aytamiz.

b Muqaddas Kitobga ko‘ra, kechirib bo‘lmaydigan gunoh muayyan gunohni emas, aksincha, kishi qaysarlik ila va muntazam ravishda Xudoga qarshi qiladigan gunohni anglatadi. Kishi kechirib bo‘lmas gunoh qilgan-qilmaganini biz hal qilmaymiz. (Mark 3:29; Ibron. 10:26, 27)