Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

32-TADQIQ MAQOLASI

44-QO‘SHIQ Shikasta qalb nolasi

Yahova barcha tavba qilishini istaydi

Yahova barcha tavba qilishini istaydi

Yahova hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi. (2 BUTR. 3:9)

ASOSIY FIKR

Tavba qilish nima ekanini, nega u muhimligini hamda qay yo‘sin Yahova har turli odamlarga tavba qilishga yordam berishini ko‘rib chiqamiz.

1. Tavba qilish nimani o‘z ichiga oladi?

 BIRON noto‘g‘ri ish qilganimizda, tavba qilish muhim. Muqaddas Kitobga ko‘ra, tavba qilgan inson fikrlash tarzini va xulq-atvorini o‘zgartiradi, noto‘g‘ri yo‘l tutishni to‘xtatadi hamda xatosini qaytarmaslik qarori qat’iy bo‘ladi. (Lug‘atdagi «Tavba» so‘ziga qarang.)

2. Nega barchamiz tavba qilish to‘g‘risida bilib olishimiz kerak? (Naximiyo 8:9–11)

2 Har bir inson tavba qilishni o‘rganishi kerak. Nega? Sababi barchamiz har kuni gunoh qilamiz. Odamato va Momohavoning avlodlari sifatida har birimiz gunoh va o‘limni meros qilib olganmiz. (Rim. 3:23; 5:12) Hech birimiz bundan mustasno emasmiz. Hatto kuchli imonga ega kishilar, masalan, havoriy Pavlus gunohli istaklar bilan kurashgan. (Rim. 7:21–24) Bu gunohlarimiz dastidan doim tushkun ahvolda yurishimiz kerakligini anglatadimi? Yo‘q. Yahova rahm-shafqatlidir. U baxtli bo‘lishimizni istaydi. Keling, Naximiyoning davridagi yahudiylarning misoliga diqqat qarataylik. (Naximiyo 8:9–11 ni o‘qing.) Xudo yahudiylar o‘tmishdagi gunohi dastidan tushkun ahvolda bo‘lishini emas, balki quvonch ila topinishini istagan. U shuni bilganki, tavba qilish xursandchilikni his qilishimizga yordam beradi. Shunga buni bizga o‘rgatyapti. Agar gunohlarimizdan tavba qilsak, rahmdil Otamiz bizni kechirishiga amin bo‘lishimiz mumkin.

3. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

3 Keling, tavba qilish haqida ko‘proq bilib olaylik. Bu maqolada uchta narsani muhokama qilamiz. Avval Yahova Isroil xalqiga tavba qilish haqida nimani o‘rgatganini, keyin esa gunoh qilganlarga bu borada qanday yordam berganini, oxirida Isoning izdoshlari tavba qilish borasida nimani bilib olganini ko‘rib chiqamiz.

TAVBA QILISH BORASIDA YAHOVA ISROIL XALQIGA NIMANI O‘RGATGAN?

4. Yahova Isroil xalqiga tavba qilish masalasida nimani o‘rgatgan?

4 Tangri Yahova isroilliklarni bir xalq sifatida tashkillashtirganida, ular bilan ahd, ya’ni rasmiy kelishuv tuzgan. Agar ular Uning qonunlariga amal qilsa, Yahova ularga barakalar yog‘dirib himoya qilardi. O‘sha qonunlar borasida Xudo shunday degan: «Men bugun sizlarga buyurayotgan amr o‘ta og‘ir hamda erishib bo‘lmaydigan emas». (Qonun. 30:11, 16) Bordi-yu, Isroil xalqi Xudoga qarshi isyon ko‘tarsa, masalan, boshqa xudolarga sajda qilishni tanlasa, Yahovaning barakalaridan mahrum bo‘lardi va azob-uqubatlarga yo‘liqardi. Lekin shunda ham ular yana Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lishi mumkin edi. Ular «Yahovaga qaytib», Unga quloq sola olardi. (Qonun. 30:1–3, 17–20) Boshqacha qilib aytganda, Isroil xalqi tavba qilishi mumkin edi. Agar ular bunday yo‘l tutsa, Yahova ularga yaqinlashib yana barakalar yog‘dirardi.

5. Qay yo‘sin Yahova xalqidan umidini uzmadi? (4 Shohlar 17:13, 14)

5 Yahovaning tanlangan xalqi Unga qarshi yana va yana isyon ko‘tardi. Bundan tashqari, ular butparastlik bilan shug‘ullandi va boshqa jirkanch ishlarga qo‘l urdi. Natijada ular bundan aziyat chekdi. Biroq Yahova ulardan umidini uzmadi. U payg‘ambarlarini ularning oldiga qayta-qayta jo‘natib tavba qilishga va Unga qaytishga undadi. (4 Shohlar 17:13, 14 ni o‘qing.)

6. Qanday qilib Yahova payg‘ambarlari orqali xizmatchilariga tavba qilish muhim ekanini o‘rgatgan? (Rasmga ham qarang.)

6 Yahova xalqini ogohlantirish va tuzatish uchun tez-tez payg‘ambarlaridan foydalangan. Masalan, U Yeremiyo orqali shunday degan: «Ey xoin Isroil, orqaga qayt. Senga jahl bilan qaramayman, chunki Men sadoqatliman... Men abadiy xafa bo‘lib yurmayman. Faqatgina aybingni tan ol, chunki sen Tangring Yahovaga qarshi isyon ko‘tarding». (Yerm. 3:12, 13) Yo‘el orqali esa quyidagicha aytgan: «Butun qalbingiz bilan menga qaytinglar» (Yo‘el 2:12, 13) Ishayoni: «O‘zingizni poklang. Yovuz ishlaringizni ko‘z o‘ngimdan yo‘qoting»,— deb yozishga undagan. (Ishayo 1:16–19) Shuningdek, Yahova Hizqiyoga quyidagi so‘zlarni yozishni buyurgan: «Men yovuz odamning o‘limidan zavq toparmidim?!... U o‘z yo‘lidan qaytib yashashi Men uchun afzalroq emasmi?! [...] Men hech kimning o‘limidan zavq topmayman... Shunday ekan, yo‘lingizdan qayting va yashang». (Hiz. 18:23, 32) Insonlar gunohlaridan tavba qilganida Yahova juda xursand bo‘ladi chunki U ular abadiy yashashini istaydi. Yahova gunohkor insonlar o‘zgarish uchun qadam qo‘yganidan keyingina ularga yordam taklif qilmaydi. Keling, buning ba’zi misollarini ko‘rib chiqaylik.

Ko‘pincha Yahova payg‘ambarlaridan foydalanib isyonkor xalqini tavba qilishga undagan (6-, 7-xatboshilariga qarang.)


7. Yahova Ho‘sheya payg‘ambar va uning xotini misoli yordamida xalqiga nimani o‘rgatgan?

7 Yahova Ho‘sheya payg‘ambarning xotini Go‘meraning hayotiy misoli orqali xalqiga nimani o‘rgatganiga e’tibor qarating. Zino qilganidan keyin u Ho‘sheyani qoldirib, boshqa erkakning oldiga boradi. Xo‘sh, Yahova nima qiladi? Qalblarni o‘qiydigan Xudo Ho‘sheyaga shunday deydi: «Isroil xalqi boshqa xudolarga yuz [bursa ham]... Yahova ularni sevganiday, sen ham qaytadan borib, boshqa erkak sevgan va zino qilib yurgan o‘sha ayolga ko‘ngil qo‘y». (Ho‘sh. 3:1; Hik. 16:2) E’tibor bergan bo‘lsangiz, Ho‘sheyaning xotini hali ham jiddiy gunoh qilib yurgandi. Biroq Yahova Ho‘sheyaga uni kechirishni va qaytadan yarashib olishni aytadi a. Shunga o‘xshab Tangri qaysar xalqidan umidini uzmagan. Ular dahshatli ishlar qilgan bo‘lsa-da, U xalqini sevishdan va tavba qilib o‘zgarishlariga ko‘maklashishdan to‘xtamagan. Bu misoldan shuni ko‘rishimiz mumkinki, Yahova insonning yuragidagi barcha narsani biladi va U gunoh qilishda davom etayotgan kishiga tavba qilishi uchun yordam berishga intiladi. (Hik. 17:3) Keling, bu haqda ko‘proq bilib olaylik.

QAY YO‘SIN YAHOVA TAVBA QILISHGA YORDAM BERADI?

8. Yahova Qobilni tavbaga yetaklash uchun qay yo‘sin harakat qildi? (Ibtido 4:3–7) (Rasmga ham qarang.)

8 Qobil Odamato va Momohavoning to‘ng‘ich o‘g‘li edi. U ota-onasidan gunoh qilish moyilligini meros qilib olgandi. Buning ustiga, Muqaddas Kitobda: «Uning ishlari qabih... edi»,— deb yozilgan. (1 Yuhan. 3:12) Ehtimol, shuning uchun ham uning nazri Yahovaga ma’qul kelmadi. Xulq-atvorini o‘zgartirishning o‘rniga, «Qobilning qattiq jahli chiqib, avzoyi buzildi». Xo‘sh, Yahova nima qildi? U Qobil bilan gaplashdi. (Ibtido 4:3–7 ni o‘qing.) E’tibor bering, Yahova Qobil bilan mehr ila suhbatlashdi, unga umid berdi va gunoh qilish xavfidan ogohlantirdi. Afsuski, u quloq solishni istamadi. Qobil Yahova unga tavba qilishga yordam berishiga yo‘l qo‘ymadi. Bunday salbiy munosabatdan keyin Yahova boshqalarga tavba qilishga ko‘maklashishdan to‘xtadimi? Hecham!

Yahova Qobil bilan mehr ila muzokara qilgan, unga umid taklif bergan va gunohning xavfi to‘g‘risida ogohlantirgan (8-xatboshiga qarang.)


9. Qay yo‘sin Yahova Dovudni tavba qilishga olib kelgan?

9 Yahova shoh Dovudni qattiq yaxshi ko‘rgan. U hatto uni «ko‘nglimga yoqadigan odam» deb atagan. (Havor. 13:22) Ammo Dovud og‘ir gunohlarga, jumladan, zinoga va qotillikka qo‘l urgan. Musoning Qonuniga ko‘ra, u o‘limga loyiq edi. (Lev. 20:10; Sah. 35:31) Shunday bo‘lsa-da, Yahova unga tavba qilishga yordam berishni istagan b. Garchi Dovud hali tavba qilmagan bo‘lsa-da, Yahova uning yoniga Natan payg‘ambarni yuborgan. Natan unga jiddiy gunohlarga qo‘l urganini tushunishiga yordam berish uchun misol keltirgan. Dovud Yahovani qanchalik ranjitganini tushungan va tavba qilgan. (2 Shoh. 12:1–14) U tavba qilganini ko‘rsatadigan ta’sirli sanoni yozgan. (Zab. 51, so‘zboshi) O‘sha sano son-sanoqsiz gunohkorlarga tasalli bergan va ularni tavba qilishga undagan. Yahova sevikli xizmatchisi Dovudga tavba qilishga yordam berganidan juda minnatdormiz.

10. Yahova gunohkor odamlar bilan muomala qilganda sabrli va kechirimli ekanidan nimalarni his qilyapsiz?

10 Yahova gunohdan nafratlanadi. U buning hech qanday turiga toqat qila olmaydi. (Zab. 5:4, 5) Biroq U barchamiz nomukammal ekanimizni biladi va bizni sevgani tufayli gunohga qarshi kurashishimizga yordam berishni istaydi. Xudo o‘ta og‘ir gunohga qo‘l urgan kishilarga ham tavba qilishga va Unga yaqinlashishga doim ko‘maklashish payida bo‘ladi. Buni bilish naqadar daldali! Uning sabr-bardoshi va kechirimliligi borasida mulohaza yuritsak, Unga sadoqatli qolish va gunoh qilganimizda tezda tavba qilish qarorimiz qat’iy bo‘ladi. Keling, Iso shogirdlariga tavba qilish borasida nimani o‘rgatganini bilib olaylik.

ISO TAVBA QILISH BORASIDA IZDOSHLARIGA NIMANI O‘RGATGAN?

11, 12. Iso Otasi kechirimli ekani borasida uni tinglaganlarga nimani o‘rgatgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

11 Mil. birinchi asrda Masih kelishi kerak edi. Oldingi maqolada aytilganiday, Yahyo hamda Iso Masih orqali Yahova odamlarga tavba qilish qanchalik muhim ekanini o‘rgatgan. (Mat. 3:1, 2; 4:17)

12 Xizmati davomida Iso tinglovchilariga Otasi kechirishga tayyor ekanini o‘rgatgan. Iso buni tushuntirish uchun darbadar o‘g‘il haqidagi ta’sirli masalni keltirgan. O‘sha yigit ma’lum vaqt davomida gunoh ishlar qilib yurgan. Ammo u es-hushini yig‘ib, uyga qaytib kelgan. Otasi uni qanday kutib olgan? Iso: «U hali uzoqda kelayotganida otasi uni ko‘rib rosa rahmi kelibdi. U o‘g‘lining yoniga yugurib borib, bag‘riga bosgancha uni o‘pibdi»,— deb aytgan. O‘g‘il otasining uyida xizmatkor bo‘lishni so‘ramoqchi bo‘lgan. Lekin otasi uni «o‘g‘lim» deb atab, oilasiga yana qabul qilgan va: «U yo‘qolgan edi, topildi»,— deb aytgan. (Luqo 15:11–32) Iso yer yuziga kelishidan avval samoda yashaganida, Otasi son-sanoqsiz tavba qilgan gunohkorlarga mana shunday mehr ko‘rsatganining guvohi bo‘lgani shubhasiz. Isoning bu masali bizga dalda berib, Otamiz Yahova qanchalik mehr-shafqatli ekanini ko‘rsatyapti.

Isoning masalidagi ota darbadar o‘g‘li uyga qaytib kelganida uni quchoqlashga oshiqyapti (11-, 12-xatboshilariga qarang.)


13, 14. Havoriy Butrus tavba qilish borasida qanday saboq olgan va boshqalarga bu borada nimani o‘rgatgan? (Rasmga ham qarang.)

13 Tavba qilish va kechirimli bo‘lish borasida havoriy Butrus Isodan ko‘p narsani o‘rgangan. U tez-tez xato qilgan va Iso uni kechirishga tayyor bo‘lgan. Masalan, Butrus ustozini bilishdan uch marta tonganida, qilgan aybi dastidan qattiq tushkunlikka tushgan. (Mat. 26:34, 35, 69–75) Ammo Iso tirilganidan keyin, ehtimol, Butrus yolg‘iz bo‘lganida, unga ko‘ringan. (Luqo 24:33, 34; 1 Kor. 15:3–5) Shubhasizki, o‘shanda tavba qilgan havoriysini Iso sevgi ila kechirgan va unga dalda bergan. (Mark 16:7)

14 Butrus tavba qilish va kechirilish nima ekanini yaxshi tushungan. Shuning uchun u boshqalarga bu haqda o‘rgata olgan. Hosil bayramidan biroz vaqt o‘tgach, Butrus Isoga ishonmagan bir guruh yahudiylarga ular Isoni o‘limga mahkum etganini tushuntirgan. U mehr ila quyidagicha undagan: «Shunday ekan, gunohlaringiz yuvilishi uchun tavba qilib, Xudoga qaytinglar. Toki Yahovaning O‘zi tetiklik baxsh etadigan vaqtni keltirsin». (Havor. 3:14, 15, 17, 19) Shu yo‘sin Butrus tavba qilish butunlayin o‘zgarishni, ya’ni noto‘g‘ri fikrlash tarzidan va ishlardan voz kechib, Xudoga ma’qul keladigan ishlar payida bo‘lish ekanini o‘rgatgan. Shuningdek, havoriy Butrus Yahova gunohlarni butunlayin kechirishini tushuntirgan. Bu Xudo gunohlarni to‘liq o‘chirib tashlashini bildiradi. Yillar o‘tib Butrus masihiylarni shunday deb ishontirgan: «Yahova... sizlarga sabrini namoyon etyapti. Sababi, U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butr. 3:9) Qilmishlarimizdan, hatto jiddiy gunohlarimizdan tavba qilsak, Yahova bizni butunlayin kechirishini bilish naqadar daldali!

Iso tavba qilgan havoriysini sevgi ila kechirib, unga dalda bergan (13-, 14-xatboshilariga qarang.)


15, 16. a) Kechirish borasida havoriy Pavlus qay yo‘sin saboq olgan? (1 Timo‘tiyga 1:12–15) b) Navbatdagi maqolada nimani bilib olamiz?

15 Tarslik Shoul juda ko‘p yomon ishlar qilgan. U Masihning suyukli izdoshlarini shafqatsizlarcha ta’qib qilgan. Aksariyat masihiylar, ehtimol, «U hech qachon o‘zgarmaydi» deb o‘ylagan. Lekin Iso Shoul o‘zgarishi va tavba qilishi mumkinligini bilgan. U va Yahova Shoulning ijobiy fazilatlarini ko‘rgan. Iso: «Bu kishini tanlaganman»,— deb aytgan. (Havor. 9:15) Shoulga tavba qilishga yordam berish uchun Iso hatto mo‘jiza ko‘rsatgan. (Havor. 7:58–8:3; 9:1–9, 17–20) Keyinchalik havoriy Pavlus deb tanilgan Shoul masihiy bo‘lganidan keyin unga ko‘rsatilgan mehr-shafqat uchun minnatdor ekanini tez-tez aytgan. (1 Timo‘tiyga 1:12–15 ni o‘qing.) U: «Allohning mehribonligi seni tavba qilishga olib... [keladi]»,— deb aytgan. (Rim. 2:4)

16 Pavlus Korinfdagi masihiylar jamoatida dahshatli axloqsizlik yuz bergani haqida eshitganida qanday yo‘l tutgan? Uning aytganlaridan Yahova xizmatchilariga tarbiya berganida qanday qilib sevgini namoyon etishini va ular tavba qilganida mehr shafqat ko‘rsatishini bilib olamiz. Shuningdek, bu borada Xudoga qanday taqlid qila olishimizni ko‘rib chiqamiz. Navbatdagi maqolada Korinfdagi jamoatda nima yuz berganini muhokama qilamiz.

33-QO‘SHIQ G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla

a Bu alohida vaziyat edi. Bugungi kunda Yahova zinoning beayb qurboni bo‘lganlardan zino qilgan kishi bilan nikohini saqlab qolishni talab qilmaydi. Aksincha, Yahova O‘g‘li orqali zinoning qurbonlari agar istasa, ajrashishi mumkinligini aytgan. (Matto 5:32; 19:9)

b «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 15-noyabr sonidagi «Yahova kechirimli ekani siz uchun nimani anglatadi?» nomli maqolaning 21–23-sahifalaridagi 3–10-xatboshilariga qarang.