Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

31-TADQIQ MAQOLASI

12-QO‘SHIQ Buyuk Alloh Yahova

Yahova insonlarni gunohdan qutqarish uchun nima qildi?

Yahova insonlarni gunohdan qutqarish uchun nima qildi?

Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. (YUHAN. 3:16)

ASOSIY FIKR

Yahova gunohga qarshi kurashishimizga yordam berish uchun qay yo‘sin tashabbus ko‘rsatdi? Qanday qilib U bizga gunohdan xoli abadiy hayotdan zavq olishimiz uchun imkon yaratdi?

1, 2. a) Gunoh nima va unga qarshi kurashda qay yo‘sin g‘alaba qozonishimiz mumkin? («Ibora ma’nosi»ga ham qarang.) b) Bu maqolada va «Qo‘riqchi minorasi»ning ushbu sonidagi boshqa maqolalarda nimani muhokama qilamiz? (32-sahifadagi «Aziz o‘quvchi» nomli ramkaga ham qarang. Ushbu sondagi «O‘quvchilar diqqatiga» nomli ramkaga qarang.)

 TANGRI YAHOVA sizni qanchalik sevishini bilishni istarmidingiz? Buning javobini bilishning yaxshi yo‘li U sizni gunoh va o‘limdan qutqarish uchun nima qilganini o‘rganib chiqish. Gunoh a shafqatsiz dushman bo‘lib uni o‘z kuchimiz bilan yenga olmaymiz. Biz har kuni gunoh qilamiz va shu sababdan o‘lamiz. (Rim. 5:12) Ammo umidsiz emasmiz. Yahovaning yordami bilan gunohni yenga olamiz. Yahova g‘alaba qozonishimizga kafolat beryapti.

2 Tangri Yahova odamlarga taxminan 6 000 yildan beri gunohga qarshi kurashishga ko‘maklashib kelyapti. Nega deganda, U bizni sevadi. Yahova insonlarni boshidanoq yaxshi ko‘rgan. U odamlarni sevgani tufayli gunoh bilan kurashishlariga ko‘maklashish uchun ko‘p yaxshiliklar qilgan. Xudo gunoh o‘limga yetaklashini biladi va o‘lishimizni aslo istamaydi, aksincha, abadiy yashashimizni xohlaydi. (Rim. 6:23) Uning bizga nisbatan niyati shudir. Bu maqolada quyidagi uchta savolni ko‘rib chiqamiz: 1) Yahova gunohkor insonlarga qanday umid bergan? 2) Qadimda nomukammal insonlar Yahovani qanday mamnun qilgan? 3) Iso gunohkor insonlarni qutqarish uchun nima qilgan?

QAY YO‘SIN YAHOVA GUNOHKOR INSONLARGA UMID BERDI?

3. Qanday qilib ilk ota-onamiz gunohkor bo‘lib qoldi?

3 Yahova ilk erkak va ayolni yaratganida ular baxtli bo‘lishini istagan. U ularga go‘zal uyni, nikoh tuhfasini va qiziqarli vazifani topshirgan. Ilk juftlik farzandlari bilan yer yuzini to‘ldirib, butun sayyorani Adan bog‘i kabi jannatga aylantirishi kerak edi. Xudo ularga oddiygina bir narsani man qilgan. Yahova ularni ogohlantirib, agar ular o‘sha amrga quloq solmay Unga qarshi atayin isyon ko‘tarsa, bu gunoh ularni o‘limga yetaklashini aytgan. Keyin nima bo‘lganini bilamiz. Xudo va odamlarni sevmagan yovuz farishta ilk juftlikni Yahovaga itoatsizlik qilishga undagan. Odamato va Momohavo yomon ta’sirga berilgan. Ular sevuvchi Otasiga ishonmay gunohga qo‘l urgan. Bilamizki, Yahova haq bo‘lib chiqdi. O‘sha kundan boshlab ular gunohning oqibatlarini ko‘ra boshladi. Ular keksayib, oxir-oqibat o‘ldi. (Ibt. 1:28, 29; 2:8, 9, 16–18; 3:1–6, 17–19, 24; 5:5)

4. Nega Yahova gunohdan nafratlanadi va u bilan kurashishimizga yordam beradi? (Rimliklarga 8:20, 21)

4 Yahova bu bayonot bizga foyda keltirishi uchun u Muqaddas Kitobda yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Bu tufayli Tangri gunohdan nega shunchalik nafratlanishini tushuna olyapmiz. Gunoh bizni Otamiz Yahovadan uzoqlashtiradi va o‘limga yetaklaydi. (Ishayo 59:2) Shayton Yahovadan va insonlardan nafratlanadi. Shuning uchun u Odamatoni va Momohavoni vasvasaga solgan va hozirgacha insonlarni gunoh qilishga undayapti. Shayton «Adan bog‘ida g‘alabaga erishdim» deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Ammo u Yahova sevgiga qanchalik boy ekanini tushunmagan. Xudo Odamato va Momohavoning avlodlariga nisbatan niyatlarini hecham o‘zgartirmagan. U insonlarni yaxshi ko‘radi. Shuning uchun ularga darhol umid baxsh etdi. (Rimliklarga 8:20, 21 ni o‘qing.) Yahova ba’zi odamlar Uni sevishni tanlashini va gunoh bilan kurashishda Undan yordam izlashini bilgan. U Ota va Yaratuvchi sifatida bunday odamlarga gunohdan ozod bo‘lib, Unga yaqinlashishlari uchun yo‘l ochgan. Qiziq, Yahova bularning barini qanday qilgan?

5. Yahova gunohkor insonlarga ilk bor qachon umid taqdim etdi? Tushuntiring. (Ibtido 3:15)

5 Ibtido 3:15 ni o‘qing. Yahova Shaytonni yo‘q qilishini shu zahotiyoq aytib barcha insonlarga umid bergan. U insonlarni qutqaradigan «zurriyot» kelishini bashorat qilgan. Bu zurriyot Shaytonni yo‘q qilib, u Adan bog‘ida keltirib chiqargan barcha muammolarni bartaraf etardi. (1 Yuhan. 3:8) Biroq uning o‘zi bu jarayonda azob chekardi. Shayton zurriyotga hujum qilib u o‘ldirilishiga muvaffaq bo‘lardi. Bu Yahovaga qattiq og‘riq keltirardi. Lekin bu shunga arzirdi, sababi son-sanoqsiz odamlar bu tufayli gunoh va o‘limdan xalos bo‘lardi.

QADIMDA GUNOHKOR ODAMLAR QAY YO‘SIN YAHOVANING MARHAMATIGA ERISHGAN?

6. Hobil va Nuh singari imonli kishilar Yahovaga yaqinlashish uchun nima qilgan?

6 Asrlar davomida Yahova gunohkor odamlar qanday qilib Unga yaqinlashishi mumkinligini asta-sekin ko‘rsatgan. Odamato va Momohavoning ikkinchi o‘g‘li Hobil Adan bog‘ida yuz bergan ayanchli voqeadan keyin Yahovaga ishongan ilk inson edi. U Xudoni sevgani va Uni mamnun qilishni hamda Unga yaqinlashishni istagani uchun qurbonliklar keltirgan. Hobil cho‘pon edi, shu bois qo‘zichoqlaridan bir nechtasini so‘ydi va Yahovaga nazr qildi. Xo‘sh, Yahova bunga qanday munosabat bildirdi? «Hobil va uning nazri Yahovaga ma’qul keldi». (Ibt. 4:4) Xudo Uni sevgan va Unga ishongan odamlarning shunga o‘xshash qurbonliklarini ma’qullaganini aytgan. Nuh buning misolidir. (Ibt. 8:20, 21) Bu kabi qurbonliklarni qabul qilish orqali Yahova gunohkor odamlar Uni mamnun qilishi va Unga yaqinlashishi mumkinligini ko‘rsatgan b.

7. Ibrohim o‘z o‘g‘lini qurbon qilishga tayyor bo‘lganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

7 Ibrohim kuchli imon sohibi bo‘lgan. Yahova undan qiyin bir ishni qilishni, ya’ni o‘g‘li Is’hoqni qurbonlik sifatida taqdim etishni so‘ragan. Bu Ibrohim uchun juda og‘riqli bo‘lgani aniq. Shunga qaramay, u Yahovaga itoat qilgan. Ibrohim endigina o‘g‘lini qurbon qilmoqchi bo‘lganida, Xudo uni to‘xtatgan. Chunki Is’hoq o‘lsa, Ibrohim qattiq azob chekishini Yahova bilgan. Bu misol barcha imonli insonlarga muhim haqiqatni ochib beryapti. Yahova sevikli O‘g‘lini qurbonlik sifatida berishga tayyor edi. U insonlarni qattiq sevadi. (Ibt. 22:1–18)

8. Tavrotdagi ko‘plab qurbonliklar nimaga ishora qilgan? (Levilar 4:27–29; 17:11)

8 Asrlar o‘tgach, Yahova isroilliklarga Tavrotni berganida, gunohlari kechirilishi uchun hayvonlarni qurbonlikka keltirishni aytgan. (Levilar 4:27–29; 17:11 ni o‘qing.) Bunday qurbonliklar insoniyatni gunohdan butunlay qutqaradigan yanada katta qurbonlikka ishora qilgan. Xudo payg‘ambarlarini va’da qilingan zurriyot azob chekishi va o‘ldirilishi to‘g‘risida yozishga ilhomlantirgan. Bu zurriyot Uning O‘g‘li bo‘lib chiqdi. U qo‘y singari qurbonlikka keltirilishi kerak edi. (Ishayo 53:1–12) Tasavvur qiling, Yahova insoniyatni, jumladan, sizni ham gunoh va o‘limdan xalos etish uchun yagona O‘g‘lini qurbonlik sifatida keltirgan.

ISO XALOS ETISH UCHUN NIMA QILDI?

9. Yahyo payg‘ambar Iso haqida nima degan? (Ibroniylarga 9:22; 10:1–4, 12)

9 Mil. birinchi asrda Xudoning xizmatchisi Yahyo Isoga ishora qilib shunday degan: «Mana, dunyoning gunohini bartaraf etadigan Xudoning Qo‘zisi!» (Yuhan. 1:29) Ilohiy ilhom ostida aytilgan bu so‘zlar Iso ancha oldin bashorat qilingan zurriyot ekanini ko‘rsatgan. U va’da qilingan qurbonlikni keltirishi kerak edi. Endi nomukammal odamlar gunohning ustidan butunlayin g‘alaba qozonishiga bo‘lgan umid har qachongiga qaraganda mustahkam edi. (Ibroniylarga 9:22; 10:1–4, 12 ni o‘qing.)

10. Iso «gunohkorlarni da’vat etgani» kelganini qanday ko‘rsatgan?

10 Iso gunoh dastidan ruhi tushganlarga alohida e’tibor qaratgan va ularni izdoshlari bo‘lishga taklif qilgan. U insonlar azob chekayotganining asl sababi gunoh ekanini bilgan. Shu bois Iso ayniqsa gunohkor sifatida tanilgan erkag-u ayollarga yordam bergan. U misol keltirib quyidagicha tushuntirgan: «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj». Iso yana shunday deb qo‘shib qo‘ygan: «Axir men odil kishilarni emas, gunohkorlarni da’vat etgani kelganman». (Mat. 9:12, 13) U aynan shunday qilgan. Bir ayol ko‘z yoshlari bilan uning oyoqlarini yuvganida, Iso unga muloyimlik ila gapirgan va uning gunohlarini kechirgan. (Luqo 7:37–50) U quduq oldidagi samariyalik ayol axloqsiz hayot tarzini kechirganini bilsa-da, unga muhim haqiqatlarni o‘rgatgan. (Yuhan. 4:7, 17–19, 25, 26) Xudo Isoga hatto gunohning oqibati bo‘lmish o‘limga chek qo‘yish uchun kuch bergan. Qanday qilib? Iso Masih erkag-u ayollarni, bolalar va kattalarni tiriltirgan. (Mat. 11:5)

11. Nega gunohkor odamlar Iso bilan vaqt o‘tkazishni yoqtirgan?

11 Hatto jiddiy gunoh qilib yurgan insonlar ham Iso bilan birga vaqt o‘tkazishni yoqtirganidan hayron qolmaymiz. Sababi u ularga mehr-shafqat va hamdardlikni namoyon etgan. Ular Iso bilan gaplashishdan qo‘rqmagan. (Luqo 15:1, 2) Iso unga ishongan bunday insonlarni maqtagan va mukofotlagan. (Luqo 19:1–10) U Otasining rahm-shafqatiga mukammal darajada taqlid qilgan. (Yuhan. 14:9) Iso odamlar bilan qanday muomala qilganidan Yahova rahm-shafqatli ekanini, U nomukammal odamlarni sevishini hamda ularga yordam berishni istashini bilib olyapmiz. Iso gunohkor odamlarga yomon yo‘lidan qaytish uchun istakka ega bo‘lishlariga va unga ergashishlariga ko‘maklashgan. (Luqo 5:27, 28)

12. Iso o‘zining o‘limi haqida nimani o‘rgatgan?

12 Iso uni nimalar kutayotganini bilgan. U izdoshlariga unga xiyonat qilishlarini va ustunda o‘ldirilishini bir necha bor aytgan. (Mat. 17:22; 20:18, 19) Yahyo e’lon etganiday va payg‘ambarlar bashorat qilganiday, Iso uning qurbonligi dunyoning gunohini bartaraf qilishini bilgan. Bundan tashqari, Iso hayotini qurbon qilgach, har turli insonlarni o‘ziga «jalb» etishini aytgan. (Yuhan. 12:32) Gunohkor odamlar Isoni Hazrati sifatida tan olish hamda uning izidan og‘may yurish orqali Yahovani mamnun qila oladi. Ular bunday yo‘l tutsa, oxiri «gunohdan ozod» bo‘ladi. (Rim. 6:14, 18, 22; Yuhan. 8:32) Shu bois Iso bizni qutqarish niyatida jasorat ila og‘riqli o‘limni boshdan kechirishga tayyor bo‘lgan. (Yuhan. 10:17, 18)

13. Iso qanday o‘lgan va uning o‘limidan Tangri Yahova to‘g‘risida nimani bilib olyapmiz? (Rasmga ham qarang.)

13 Isoga xiyonat qilishgan, hibsga olishgan, haqoratlashgan, tuhmat qilishgan, ayblashgan va hatto qiynashgan. Keyin esa askarlar uni qatl etiladigan joyga olib borib, ustunga mixlashgan. U barcha azoblarga imon ila bardosh qilar ekan, bir shaxs undan-da ko‘proq og‘riqni his qilgan. Bu Tangri Yahova edi. O‘g‘li chekayotgan azoblarni to‘xtatish uchun Yahovaning kuchi yetsa-da, U bunday qilmagan. Nega? Sevuvchi Ota bunday yo‘l tutishiga nima turtki bo‘lgan? Bir so‘z bilan aytganda — sevgi. Iso shunday aytgan: «Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhan. 3:16)

Yahova bizni gunoh va o‘limdan ozod etish uchun O‘g‘li o‘ldirilishiga yo‘l qo‘yganida tasavvur qilib bo‘lmas darajada og‘riqni his qilgan(13-xatboshiga qarang.)


14. Isoning qurbonligidan nimani bilib olyapmiz?

14 Isoning qurbonligi Yahova Odamato va Momohavoning avlodlarini qanchalik yaxshi ko‘rishining yaqqol isbotidir. Bu Yahova sizni juda sevishini ko‘rsatyapti. U sevikli O‘g‘lini qurbon qildi va sizni gunoh va o‘limdan xalos etish uchun qattiq og‘riqqa bardosh berdi. (1 Yuhan. 4:9, 10) Darhaqiqat, Xudo har birimizga gunoh bilan kurashib, g‘alaba qozonishimizga ko‘maklashishni istaydi.

15. Xudoning to‘lov hadyasidan foyda olish uchun nima qilishimiz kerak?

15 Xudoning hadyasi, ya’ni yagona O‘g‘lining to‘lov qurbonligi tufayli gunohlarimiz kechirilishi mumkin. Lekin Xudo bizni kechirishi uchun bir narsa qilishimiz kerak. Xo‘sh, bu nima ekan? Yahyo payg‘ambar va Iso Masih mazkur savolga quyidagicha javob bergan: «Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi». (Mat. 3:1, 2; 4:17) Shunday ekan, gunohga qarshi kurashib sevuvchi Otamizga yaqinlashishni istasak, tavba qilish muhimdir. Bu nimani o‘z ichiga oladi? Qay yo‘sin tavba qilish gunoh bilan kurashishimizga yordam beradi? Keyingi maqolada bu savollarga javob topamiz.

18-QO‘SHIQ To‘lov uchun minnatdormiz

a IBORA MA’NOSI. Muqaddas Kitobga ko‘ra, «gunoh» noto‘g‘ri ish qilishni, Yahovaning axloqiy me’yorlari asosida hayot kechirmaslikni bildirishi mumkin. Ammo «gunoh» so‘zi, shuningdek, bizga Odamatodan meros bo‘lib o‘tgan nomukammallikni va gunoh qilish moyilligini anglatadi. Meros bo‘lib o‘tgan gunoh o‘limning sababidir.

b Yahova sadoqatli kishilarning qurbonliklarini qabul qilgan. Sababi U kelajakda Iso Masih hayotini qurbon qilishini va butun insoniyatni qutqarishini bilgan. (Rim. 3:25)