O‘quvchilarning savollari
Ingliz tilidagi «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ning 2013- yilgi qayta ko‘rilgan nashrida Zabur 144:12–15 dagi so‘zlar Xudoning xalqiga tegishli. Oldingi tarjimada esa bu so‘zlar 11- oyatda tilga olingan yovuz begona kishilarga tegishli edi. Nega bu oyatlar o‘zgartirildi?
Ibroniy tilidagi so‘zlarni ikki ma’noda tarjima qilsa bo‘ladi. Qayta ko‘rilgan bu nashrda quyidagi omillar inobatga olingan:
Bu nashr til boyligi va grammatik qoidalarga asoslanadi. Zabur 144:12–15 va bundan oldingi oyatlar bog‘liq ekani 12- oyatda qo‘llanilgan birinchi so‘zdan ko‘rinyapti. U ibroniy tilidagi asher so‘zidan o‘girilgan. Bu so‘z turlicha tarjima qilinishi mumkin bo‘lib, masalan, olmosh sifatida ham ishlatiladi. Muqaddas Kitobning oldingi nashrida aynan shunday qilingan. Shunda, 12- dan 14- oyatlarda sanab o‘tilgan barakalar bundan oldingi oyatlardagi yovuz kimsalarga tegishli ekanini ko‘rsatgan. Biroq asher so‘zi shuningdek, «shunda» yoki «o‘shanda» deb tarjima qilinishi va bu natija yoki oqibatlarni bildirishi mumkin. Shu bois, 2013- yilgi nashrda bu so‘z «shunda» deya o‘girilgan.
Bu nashrda mazkur sanodagi hamma oyatlar o‘zaro bog‘liq. 12- dan 14- oyatlarda aytilgan barakalar odil kishilarga tegishli ekanini ko‘rsatish uchun 12- oyatda «shunda» so‘zi qo‘llanilgan. Bu kishilar 11- oyatda aytilgan yovuz kimsalardan meni asra va qutqar deb so‘rashyapti. Mazkur o‘zgarishlar 15- oyatga ham ta’sir qildi. Ingliz tilidagi bu nashrda ikki marta qo‘llanilgan «baxtli» so‘zi endi asl ma’noga ega bo‘ldi va o‘sha-o‘sha xalqqa, ya’ni «Xudosi Yahova bo‘lgan xalqqa» tegishli ekanini ko‘rsatyapti. Unutmangki, asl ibroniy matnda qo‘shtirnoqlar kabi tinish belgilar yo‘q. Shunday ekan, tarjimonlar ibroniy matndagi she’riy uslubga rioya qilish, matn tarkibini va Muqaddas Kitobdagi oyatlarning o‘zaro bog‘liqligini inobatga olish orqali to‘g‘ri tarjima qilishlari kerak.
Bu nashrda Xudoning sodiq xizmatchilari uchun ko‘zlangan barakalar to‘g‘risidagi barcha oyatlar bir-biriga muvofiq. Asher so‘zi to‘g‘ri ma’noda ishlatilgani bois, sano bastakori Dovud Xudo Isroil xalqini dushmanlardan qutqarganidan keyin, ularga baxt va farovonlik ato etishiga umid bog‘laganini aks ettirganini ko‘ryapmiz. (Lev. 26:9, 10; Qonun. 7:13; Zab. 128:1–6) Misol uchun, Qonunlar 28:4 da shunday yozilgan: «Serfarzand bo‘lasizlar, yeringiz unumdor bo‘ladi. U chorvangiz, yosh qoramolingizu qo‘ylaringizning naslini ko‘paytiradi». Darhaqiqat, Dovudning o‘g‘li Sulaymon boshqargan paytda xalq misli ko‘rilmagan tinchlik va farovonlikda yashagan. Eng muhimi esa, Sulaymon hukmronligining jihatlarida Masihning boshqaruvi qanday bo‘lishi aks etgan. (3 Shoh. 4:20, 21; Zab. 72:1–20)
Xulosa yasab aytishimiz mumkinki, Zaburning 144- sanosidagi so‘zlar o‘zgargani Muqaddas Kitobdagi ta’limotlar borasidagi tushunchamizni o‘zgartirmadi. Aksincha, Yahovaning xizmatchilari orziqib kutayotgan umidi, ya’ni yovuzlar yo‘q qilingach, sodiq kishilar uchun abadiy tinchlik va farovonlik bo‘lishi yanada aniq-ravshan bo‘ldi. (Zab. 37:10, 11)