Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Aziz yoshlar, diqqatingiz ma’naviy maqsadlarga qaratilganmi?

Aziz yoshlar, diqqatingiz ma’naviy maqsadlarga qaratilganmi?

Hamma ishlaringni Yahovaga ishonib topshir, shunda rejalaring muvaffaqiyat qozonadi. HIK. 16:3

QO‘SHIQLAR: 11, 24

1–3. a) Barcha yoshlar qanday qiyinchiliklarga duch kelishadi? Misol keltiring. (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) b) Masihiy yoshlarga qiyinchiliklarni yengishda nima yordam beradi?

TASAVVUR QILING, muhim ish bilan uzoq shaharga borishingiz kerak. U yerga yetib borish uchun avtobusda ancha yo‘l yurishingiz lozim. Bekatda yo‘lovchilar va avtobuslarning ko‘pligidan o‘zingizni yo‘qotib qo‘yishingiz hech gap emas. Yaxshiyamki, manzilga yetib borish uchun qaysi avtobusga chiqish kerakligini aniq bilasiz. Albatta, duch kelgan avtobusga chiqmaysiz, sababi u boshqa manzilga olib borishini bilasiz.

2 Bugungi kunda yoshlar bekatdagi yo‘lovchilarga o‘xshaydi. Ular ham uzoq safarga chiqishlari kerak. Faqat avtobusda emas, balki hayot yo‘lida. Vaqti-vaqti bilan ular imkoniyatlari va chiqarish kerak bo‘lgan qarorlari tufayli nima qilishni bilmay qolishadi. Yoshlar, agar qayerga borishni xohlayotganingizni aniq bilsangiz, to‘g‘ri tanlov qilish osonroq bo‘ladi. Xo‘sh, qayerga yo‘l olishingiz kerak?

3 Ushbu maqolada mazkur savolning javobini topasiz va u Yahovani mamnun qiladigan hayot yo‘liga diqqatingizni qaratishga undaydi. Bu hayotingizning barcha sohalarida, ya’ni o‘qish, ish, oilaviy mas’uliyat va hokazolarda Yahovaning maslahatlariga rioya qilishni anglatadi. Shuningdek, ma’naviy maqsadlarga intilishni ham o‘z ichiga oladi. Diqqatini Yahovaga xizmat qilishga qaratgan yoshlar muvaffaqiyatga erishishi uchun U baraka va yordam berishiga amin bo‘lishlari mumkin. (Hikmatlar 16:3 ni o‘qing.)

NEGA MA’NAVIY MAQSADLAR QO‘YISH KERAK?

4. Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

4 Yoshlikda ma’naviy maqsadlar qo‘yish yaxshi. Buning uchta sababini ko‘rib chiqamiz. Birinchi va ikkinchi sabab, ma’naviy maqsadlar qo‘yish Yahova bilan munosabatlarni mustahkamlashini, uchinchi sabab esa yoshlikdanoq bunday maqsadlar qo‘yish foydali ekanini ko‘rishga yordamlashadi.

5. Ma’naviy maqsadlar qo‘yishning asosiy sababi qanday?

5 Ma’naviy maqsadlar qo‘yishning asosiy sababi, bu bilan Yahovaning bizga ko‘rsatgan sevgisi va qilgan ishlari uchun minnatdorligimizni namoyon etamiz. Sano bastakori: «Ey Yahova, Senga shukronalar aytish... yaxshidir... Ishlaring bilan meni sevintirding, ey Yahova, qo‘llaring ishidan men xursand bo‘lib hayqiryapman»,— deb aytgan. (Zab. 92:1, 4) Yahova sizga bergan barcha narsalar haqida o‘ylab ko‘ring. Masalan, hayot, imon, Muqaddas Kitob, jamoat va kelajakka bo‘lgan ajoyib umidingiz. Ma’naviy maqsadlarni ustuvor qo‘yib, Tangrining barcha barakalari uchun minnatdorligingizni ko‘rsatasiz va Unga yanada yaqinlashasiz.

6. a) Ma’naviy maqsadlar Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga qanday ta’sir qiladi? b) Yoshlikdanoq qanday maqsadlar qo‘ysa bo‘ladi?

6 Ma’naviy maqsadlar qo‘yishning ikkinchi sababi, maqsadlar sari intilganingizda Yahovaning nazarida ma’qul ishlar qilasiz va U bilan yaqin do‘st bo‘lasiz. Havoriy Pavlus shunday degan: «Alloh adolatsiz emas. Chunki U... Uning ismiga ko‘rsatgan sevgingizni hamda mehnatingizni unutmaydi». (Ibron. 6:10) Maqsadlar qo‘yish uchun juda yoshman deb o‘ylamang. Misol uchun, Kristina 10 yoshligida sodiq Shohidlarning tarjimai hollarini muntazam o‘qishni maqsad qilgan. 12 yoshli Tobi esa suvga cho‘mishdan oldin Muqaddas Kitobni to‘liq o‘qib chiqishni maqsad qildi. Maksim 11 yosh va singlisi Noyemi 10 yoshda suvga cho‘mgan. Ikkalasi ham Baytilda xizmat qilishga intilgan. Maqsadlarini ko‘zdan qochirmaslik niyatida Baytilda xizmat qilish uchun to‘ldiriladigan arizani uyining devoriga ilib qo‘yishgan. Siz-chi? Siz ham erisha oladigan ba’zi maqsadlar qo‘yib, ularga intilishni boshlay olasizmi? (Filippiliklarga 1:10, 11 ni o‘qing.)

7, 8. a) Qanday qilib maqsadlar qo‘yish qaror chiqarishni osonroq qiladi? b) Nega bir imondoshimiz universitetda o‘qimaslikni tanladi?

7 Yoshlikdanoq maqsad qo‘yishning uchinchi sababi qaror qabul qilish bilan bog‘liq. O‘smirlar ta’lim, ish va boshqa masalalarda qarorlar chiqarishi kerak. Qaror chiqarishni chorrahada turib to‘g‘ri yo‘lni tanlash bilan solishtirsa bo‘ladi. Manzilga eltuvchi yo‘lni bilsangiz, to‘g‘ri yo‘lni tanlash muammo tug‘dirmaydi. Shu singari, maqsadingizni bilsangiz, to‘g‘ri qaror chiqarish osonroq kechadi. Hikmatlar 21:5 da shunday yozilgan: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi». Yaxshi maqsadlarni qancha erta qo‘ysangiz, shuncha tez muvaffaqiyatga erishasiz. O‘smirligida muhim bir qaror chiqarishi kerak bo‘lgan Damaris buni o‘zida his etgan.

8 Damaris maktabni a’lo baho bilan tugatdi. Unda yuridik universitetida bepul o‘qish imkoniyati bor edi, ammo u yarim stavka ishlashni tanladi. Nega? «Men yoshligimdanoq kashshof bo‘lishni maqsad qilganman. Bu yarim stavka ishlash degani. Universitet diplomi bilan yaxshi pul ishlashim mumkin edi, ammo bu bilan yarim stavkali ish topishim amrimahol bo‘lardi»,— deb bo‘lishdi Damaris. Hozir u 20 yildan beri kashshoflik qilyapti. O‘smirligida to‘g‘ri qaror qilganidan u shubhalanyaptimi? Damaris quyidagicha davom etdi: «Ishda ko‘p huquqshunoslar bilan to‘qnashaman. Agar yuridik sohada o‘qiganimda, hozir ular qilayotgan ishlarni bajarayotgan bo‘lardim. Ularning ko‘pi esa o‘z ishidan xursandchilik topmaydi. Kashshof bo‘lish qarorim meni ish tufayli umidsizlikka tushishdan asradi va yillar davomida Yahovaga quvonch bilan xizmat qilishga yo‘l ochdi».

9. Nima uchun yoshlar samimiy maqtovlarga loyiq?

9 Butun dunyo bo‘ylab jamoatlarimizdagi minglab yoshlar samimiy maqtovlarga loyiq. Ular o‘zlarini Yahovaga bag‘ishlab, diqqatini ma’naviy maqsadga qaratishmoqda. Ushbu yoshlar hayotdan to‘laqonli zavq olish bilan birga, barcha sohada Yahovaning yo‘l-yo‘riqlarini o‘rganmoqda. Bu ta’lim, ish va oilaviy hayotni o‘z ichiga oladi. Sulaymon: «Yahovaga butun qalbing bilan tayan... Har ishingda Uni yodda tut, U yo‘llaringni ravon qiladi»,— deb yozgan. (Hik. 3:5, 6) Yoshlar, Yahova sizlarni juda yaxshi ko‘radi! U sizlarni qadrlaydi, himoyalaydi, yo‘naltiradi va barakalar yog‘diradi.

SHOHIDLIK BERISH UCHUN YAXSHI TAYYORGARLIK KO‘RING

10. a) Nega xizmat biz uchun eng muhim ishlardan biri bo‘lishi kerak? b) Qanday qilib xizmatda samaraliroq bo‘la olamiz?

10 Hayotida Yahovani mamnun etishga diqqat qaratgan yoshlar xizmatga o‘zgacha munosabatda bo‘lishadi. Iso Masih: «Avvalo barcha xalqlarga xushxabar e’lon etilishi lozim»,— deb ta’kidlagan. (Mark 13:10) Sababi, va’zgo‘ylik faoliyati shunchalik shoshilinchki, u biz uchun eng muhim ishlardan biri bo‘lishi kerak. Xo‘sh, xizmatda yanada ko‘proq qatnashishni maqsad qila olasizmi? Kashshoflik qila olasizmi? Lekin xizmatdan quvonch topa olmayotgan bo‘lsangiz-chi? Qanday qilib shohidlik berishda samaraliroq bo‘la olasiz? Bunda ikki narsa ko‘maklashadi: yaxshi tayyorgarlik va bilganlaringizni bo‘lishish imkonini boy bermaslik. Ha, va’zgo‘ylikdan qanchalik quvonch topganingizdan hayron qolasiz.

Shohidlik berish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rasiz? (11-, 12- xatboshilariga qarang.)

11, 12. a) Yoshlar shohidlik berish uchun qanday tayyorgarlik ko‘ra olishadi? b) Qanday qilib Luka maktabda shohidlik berish imkonidan foydalandi?

11 Sinfdoshlaringiz so‘rashi mumkin bo‘lgan savollarga javob berishga tayyorlanishdan boshlasangiz bo‘ladi. Misol uchun: «Nega tug‘ilgan kunni nishonlamaysan?» — deb so‘rashar. Yoshlarga shu kabi savollarga javob berishga tayyorlanayotganda jw.org saytimizdagi va boshqa adabiyotlarimizdagi ko‘pgina maqolalar qo‘l keladi. БИЗ ҲАҚИМИЗДА > КЎПЧИЛИКНИ ҚИЗИҚТИРАДИГАН САВОЛЛАР sarlavhasi ostiga qarang. U yerda «Урф-одатлар ва байрамлар» nomli sarlavha ostida «Нега Яхованинг Шоҳидлари туғилган кунларни нишонламайди?» degan maqolani topasiz. Bu sizga javobingizni tayyorlashga yordam beradi. Mazkur maqolada e’tiqodingizni tushuntirganda qo‘llashingiz mumkin bo‘lgan quyidagi oyatlar keltirilgan: Ibtido 40:20–22; Mark 6:21–29 va Galatiyaliklarga 5:19–21. Mazkur ma’lumotdan foydalanib, boshqa savollarga ham javoblar tayyorlay olasiz. (1 Butrus 3:15 ni o‘qing.)

12 Agar imkon bo‘lsa, sinfdoshlaringizni jw.org saytiga kirishga undang. Masalan, Luka ham shunday qilgan. Uning sinfi har xil dinlarni muhokama qilganda, Luka Yahovaning Shohidlari haqida kitobda noto‘g‘ri fikrlar yozilganini ko‘radi. U ozgina xavotirlanayotgan bo‘lsa-da, bu fikrlarni to‘g‘rilash uchun ruxsat so‘raydi va o‘qituvchisi ijozat beradi. Luka nafaqat e’tiqodini tushuntiradi, balki butun sinfga saytimizni ham ko‘rsatadi. O‘qituvchi bolalarga «Bezoriga mushtsiz javob qaytaring» nomli animatsion rolikni tomosha qilishni uyga vazifa qilib beradi. Luka yaxshi shohidlik berganidan rosa xursand bo‘ladi.

13. Nima uchun qiyinchiliklar tug‘ilganda taslim bo‘lmasligimiz kerak?

13 Safar davomida ba’zida yo‘l notekis bo‘lsa, ko‘nglingiz tushmasin. (2 Tim. 4:2) Qiyinchiliklarga duch kelganda maqsadingizga ko‘z tiking. Misol uchun, Katarina har bir kasbdoshiga shohidlik berishni maqsad qilganida 17 yoshda edi. Kasbdoshlaridan biri Katarinani bir necha bor tanqid qiladi, lekin u maqsadini ko‘zdan qochirmadi. Xans ismli boshqa hamkasbi esa Katarina bu vaziyatda o‘zini qanday tutganini ko‘rib hayron qoladi. Natijada, u adabiyotlarimizni o‘qiydi, Muqaddas Kitob tadqiqini boshlaydi va suvga cho‘madi. Katarina ko‘chib ketgani tufayli bulardan bexabar edi. 13 yil o‘tgach, Katarina oilasi bilan jamoat uchrashuvida ommaviy nutq so‘zlovchi birodar Xans ekanini ko‘rganda, qanchalar quvonganini tasavvur qiling! Yaxshiyamki, o‘shanda Katarina hamkasblariga shohidlik berishda taslim bo‘lmagan!

CHALG‘IMAYLIK

14, 15. a) Bosimga duch kelganda nimani yodda tutishingiz kerak? b) Tengdoshlarning bosimiga qanday qarshi tura olasiz?

14 Mazkur maqola sizni Yahovaga xizmat qilish istagingizga diqqat qaratishga undadi. Bu ma’naviy maqsadlar hayotingizda birinchi o‘rinda turishini anglatadi. Ehtimol, tengdoshlaringiz ko‘ngilxushlik bilan banddir va sizni ham ularga qo‘shilishga taklif qilishar. Ertami-kechmi maqsadlaringiz siz uchun qanchalik muhim ekanini boshqalarga ko‘rsatishingiz kerak bo‘ladi. Tengdoshlarning bosimi tufayli chalg‘imang. Avtobus haqidagi misolni eslang. Albatta, avtobusdagi yo‘lovchilar vaqtichog‘lik qilayotganday tuyulgani uchungina o‘sha avtobusga chiqmaysiz-ku!

15 Tengdoshlarning bosimiga qarshi turishning bir nechta yo‘li bor. Misol uchun, vasvasaga tushishingiz mumkin bo‘lgan vaziyatlardan qoching. (Hik. 22:3) Nomaqbul ishlar qiladigan odamlarga qo‘shilishning achchiq oqibatlarini esda tuting. (Galat. 6:7) Maslahatga muhtoj ekaningizni tan oling. Ota-onangiz va jamoatdagi ma’nan yetuk insonlarning maslahatlariga quloq tutishingizga kamtarinlik yordam beradi. (1 Butrus 5:5, 6 ni o‘qing.)

16. Qanday qilib Kristofning misoli kamtarinlik muhim ekanligini ko‘rsatyapti?

16 Kamtarinlik Kristofni yaxshi maslahatga quloq solishga undadi. Suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, u fitnes zaliga muntazam qatnay boshladi. U yerdagi boshqa yoshlar uni o‘zlarining sport jamoasiga qo‘shilishga taklif qilishdi. Kristof oqsoqol bilan maslahatlashdi. Oqsoqol uni qaror chiqarishdan oldin raqobat ruhining ta’siri kabi xavf-xatarlar to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishga undadi. Lekin Kristof jamoaga qo‘shilishga qaror qildi. Vaqt o‘tib, u o‘sha sport turi zo‘ravon va hatto xavfli ekanini ko‘rdi. Keyin u bir nechta oqsoqol bilan gaplashdi va ular Muqaddas Yozuvlardan maslahat berishdi. «Yahova menga yaxshi maslahatchilar berdi. Garchi bu bir oz vaqt talab qilgan bo‘lsa-da, men Unga quloq soldim»,— dedi Kristof. Siz-chi, maslahatni qabul qilish uchun kamtarinmisiz?

17, 18. a) Yahova bugungi yoshlarga nima tilaydi? b) Yoshi kattalar nimadan afsuslanishi mumkin va bundan qanday qochsa bo‘ladi? Misol keltiring.

17 «Ey yigit, [yoki qiz] hali yosh ekansan, yoshlik chog‘ingda qalbing shodlikka to‘lsin!» (Voiz 11:9) Ha, Yahova yoshligingizda qalbingiz quvonchga to‘lishini xohlaydi. Mazkur maqolada bunga erishishning faqat bir yo‘lini ko‘rdik. Ma’naviy maqsadlarga diqqat qarating va qaror chiqarganda Yahovaning maslahatlariga quloq soling. Qancha erta bunday qilishni boshlasangiz, shuncha tez Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘i, himoyasi va barakalarini ko‘rasiz. Xudoning Kalomidagi ajoyib maslahatlar ustida fikr yuriting va quyidagi so‘zlarni unutmang: «Yoshlik chog‘ingda Ulug‘ Parvardigoringni yodda tut!» (Voiz 12:1)

18 Yoshlik abadiy emas. Yoshlar tezda ulg‘ayadi. Afsuski, ko‘pgina yoshi kattalar yoshligida noto‘g‘ri maqsad qo‘yishgani yoki umuman maqsad qo‘yishmaganidan pushaymon. Lekin ma’naviy maqsadlar qo‘ygan yoshlar chiqargan qarorlaridan ulg‘ayganida chuqur mamnuniyat hissini tuyishadi. O‘smirligida sportda juda mahoratli bo‘lgan Mirjana ham shuni his etgan. Uni qishki Olimpiada o‘yinlarida qatnashishga taklif qilishadi, ammo u to‘la vaqtli xizmatni tanlaydi. 30 yildan ziyod vaqt o‘tdi, Mirjana hanuzgacha eri bilan birga to‘la vaqtli xizmatda qatnashyapti. U shunday dedi: «Mashhurlik, obro‘, kuch va boylik vaqtincha bo‘lib, arzimas maqsaddir. Eng a’lo maqsad — Tangriga xizmat qilish va insonlarga oz bo‘lsa ham ma’naviy yordam berishga hissa qo‘shishdir».

19. Yoshlikdanoq ma’naviy maqsadlarga diqqat qaratishning foydali tomonlarini sanab o‘ting.

19 Hayotda qiyinchiliklarga duch kelishiga qaramay, e’tibori Yahovaga xizmat qilishga qaratilgan yoshlarni chin qalbdan maqtasak arziydi. Yoshlar buni ma’naviy maqsadlarga erishib, va’zgo‘ylik faoliyatini birinchi o‘ringa qo‘yishgani uchun eplay olishyapti. Qolaversa, bu dunyo ularni chalg‘itishiga yo‘l qo‘yishmayapti. Ularning mashaqqatli mehnatlari behuda emasligidan shubhalanishmasa ham bo‘ladi. Birodaru opa-singillarimiz ham sizlarni mehr ila qo‘llab-quvvatlashga tayyor. O‘zingizni Yahovaga ishonib topshirsangiz, rejalaringiz muvaffaqiyat qozonadi.