Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik»

«Bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik»

Bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik... o‘sha kunning yaqinlashib qolganini ko‘rib turgan ekanmiz, bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik. IBRON. 10:24, 25

QO‘SHIQLAR: 53, 20

1. Nega havoriy Pavlus ibroniy masihiylarni bir-biriga yanada ko‘proq dalda berishga chorlagan?

NEGA dalda berish uchun yanada ko‘proq harakat qilishimiz lozim? Javobini havoriy Pavlus Ibroniylarga yo‘llagan maktubdan topsak bo‘ladi. Ularga quyidagicha yozgan: «Sevishga va ezgu ishlar qilishga undash uchun bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik. Ba’zilarning odatidek, yig‘ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, o‘sha kunning yaqinlashib qolganini ko‘rib turgan ekanmiz, bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik». (Ibron. 10:24, 25) Birodarlar nega Pavlus bunga undayotganini tushunishmagandir. Besh yil o‘tar-o‘tmas, sababi ayon bo‘ldi. Ular Yahovaning Quddusga nisbatan hukm kuni yaqin ekanini ko‘rishdi. Ular Iso aytganiday, o‘sha shaharni tark etish kerakligini tushunishdi. (Havor. 2:19, 20; Luqo 21:20–22) Bu kun mil. 70- yili, ya’ni rimliklar Quddusni vayron qilganda keldi.

2. Nima uchun hozir bir-birimizga ko‘proq qiziqish ko‘rsatishimiz lozim?

2 Bugungi kunda Yahovaning «ulug‘ va mudhish kuni» yaqin ekaniga ishonishimiz uchun barcha sabablarimiz bor. (Yo‘el 2:11) Zafaniyo payg‘ambar shunday degan: «Yahovaning ulug‘ kuni yaqin! O‘sha kun yaqin va shiddat bilan yaqinlashib kelyapti!» (Zaf. 1:14) Ushbu ogohlantirishga hozir ham quloq solish yaxshidir. Yahovaning kuni yaqin ekan, Pavlus: «Sevishga va ezgu ishlar qilishga undash uchun bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik»,— deb maslahat bergan. (Ibron. 10:24, izoh) Demak, birodaru opa-singillarimizga ko‘proq qiziqish ko‘rsatsak, ularga kerak bo‘lganda dalda bera olamiz.

DALDAGA KIMLAR MUHTOJ?

3. Pavlus dalda berish haqida nimalar yozgan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

3 «G‘am-tashvish odamning qalbini ezadi, yaxshi so‘z esa ko‘nglini ko‘taradi». (Hik. 12:25) Bu bizga ham tegishli. Nega deganda, barchamiz vaqti-vaqti bilan daldaga muhtoj bo‘lamiz. Pavlusning so‘zlariga ko‘ra, boshqalarga dalda berish uchun mas’ul bo‘lganlar ham daldaga muhtojdir. Rimdagi masihiylarga u shunday deb yozgan: «Mustahkamlanishingiz uchun Xudo ato etgan in’om bilan bo‘lishay, deb sizlarni rosa ko‘rgim kelyapti. Yoki to‘g‘risini aytganda, sizlarning hamda mening, ya’ni bir-birimizning imonimizdan dalda olishimizni xohlayman». (Rim. 1:11, 12) Ha, o‘zgalarga dalda bergan Pavlus ham daldaga muhtoj edi. (Rimliklarga 15:30–32 ni o‘qing.)

4, 5. Kimlar daldaga muhtoj va nima uchun?

4 Fidoyi hayot kechirayotganlar maqtovlarga sazovordir. Bular qatoriga sodiq kashshoflar kiradi. Ko‘plar kashshoflik qilish niyatida katta qurbonliklarga boradi. To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y, tuman noziri va uning xotini hamda filial yoki masofaviy tarjima ofisida xizmat qilayotganlar haqida ham shunday desa bo‘ladi. Bularning hammasi muqaddas xizmatga ko‘proq vaqt bag‘ishlash maqsadida nimadandir voz kechadi. Shu bois, ularga dalda berishimiz kerak. Bundan tashqari, to‘la vaqtli xizmatni davom ettirmoqchi bo‘lgan-u, lekin ba’zi sabablarga ko‘ra buni qila olmayotgan ko‘plar daldamizga muhtoj.

5 Yana kimlar daldaga muhtoj? Bu faqat Hazratimizga tegishli kishi bilan turmush qurish ogohlantirishiga bo‘ysunayotgan imondoshlarimizdir. (1 Kor. 7:39) Shuningdek, betinim mehnat qilayotgan ayollar ham erlaridan ruhini ko‘taradigan so‘zlarni eshitishga muhtoj. (Hik. 31:28, 31) Qolaversa, ta’qib qilinayotgan yoki kasal imondoshlarimizga ham dalda berish kerak. (2 Salon. 1:3–5) Yahova hamda Iso Masih barcha sadoqatli xizmatchilarga tasalli baxsh etmoqda. (2 Salonikaliklarga 2:16, 17 ni o‘qing.)

OQSOQOLLAR DALDA BERISHGA INTILADI

6. Ishayo 32:1, 2 ga binoan oqsoqollarning ahamiyati qanday?

6 Ishayo 32:1, 2 ni o‘qing. Og‘ir zamonda yashayotganimiz sabab, g‘amga botishimiz va ruhimiz tushishi hech gap emas. Iso Masih moylangan masihiylar va boshqa qo‘ylar qatoridan bo‘lgan sadoqatli «beklar» orqali bizga dalda bermoqda. Ushbu oqsoqollar imonimiz ustidan «xo‘jayinlik qilmaydi», aksincha, ular quvonch keltiradigan xizmatdoshlarimizdir. (2 Kor. 1:24)

7, 8. Qanday qilib oqsoqollar ham so‘zda, ham amalda dalda baxsh eta oladi?

7 Havoriy Pavlus taqlid qilishimizga arziydigan o‘rnak ko‘rsatgan. Salonikada quvg‘un qilingan masihiylarga u shunday yozgan: «Biz sizlarga shu qadar ko‘ngil bog‘lagan edikki, faqat Allohning xushxabarini emas, balki o‘z jonimizni ham berishga tayyor edik, chunki biz sizlarni sevib qolgandik». (1 Salon. 2:8)

8 Doim ham faqat so‘zda dalda berishning o‘zi yetarli emas. Pavlus Efesdagi oqsoqollarga quyidagilarni yo‘llagan: «Muhtojlarga yordam berishingiz kerakligini... Shuningdek, Hazratimiz Isoning: “Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta”,— degan so‘zlarini unutmasligingiz lozim». (Havor. 20:35) Pavlus: «Bor-yo‘g‘imni bajonidil sarflayman, hatto o‘zimni ham ayamayman»,— deb aytibgina qolmay, buni amalda ko‘rsatgan. (2 Kor. 12:15) Shu singari, oqsoqollar ham imondoshlariga nafaqat so‘zda dalda va tasalli baxsh etishi, balki ularga samimiy qiziqish ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlashi darkor. (1 Kor. 14:3)

9. Qay yo‘sin oqsoqollar dalda baxsh etadigan tarzda maslahat berishlari mumkin?

9 Bir-birimizni mustahkamlash maslahat berishni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Ammo shuni ham yodda tutish kerakki, oqsoqollar Muqaddas Kitobda keltirilgan misollarga ergashgan holda maslahatni dalda baxsh etadigan tarzda berishlari lozim. Bu borada Iso a’lo o‘rnak ko‘rsatgan. U o‘lib, tirilganidan keyin Kichik Osiyodagi ayrim jamoatlarga jiddiy maslahatlar bergan, biroq u buni qanday qilganiga diqqat qarating. Iso Efes, Pergam va Tiatiradagi jamoatlarga maslahat berishdan avval, u yerdagilarni maqtab o‘tgan. (Vah. 2:1–5, 12, 13, 18, 19) Laodikiyadagi jamoatga u quyidagicha aytgan: «Menga aziz bo‘lgan barchaga tanbeh berib, tarbiya qilaman. Shunday ekan, g‘ayratli bo‘l va tavba qil». (Vah. 3:19) Oqsoqollar maslahat berish kerak bo‘lganda, Isodan o‘rnak olishsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

DALDA BERISH FAQATGINA OQSOQOLLARNING MAS’ULIYATI EMAS

Ota-onalar, bolangizni boshqalarga dalda berishga o‘rgatyapsizmi? (10- xatboshiga qarang.)

10. Qanday qilib hammamiz bir-birimizni mustahkamlay olamiz?

10 Boshqalarga dalda berish faqatgina oqsoqollarning mas’uliyati emas. Pavlus barcha masihiylarni «tinglovchilarga foyda keltirish uchun, zarur bo‘lganda ularni mustahkamlaydigan ezgu so‘zlarni» gapirishga undagan. (Efes. 4:29) Har birimiz boshqalarga nima «zarur» ekani haqida fikr yuritishimiz lozim. Pavlus ibroniy masihiylarga shunday maslahat bergan: «Bo‘shashgan qo‘llaringizni, majolsizlangan tizzalaringizni baquvvat qilinglar. Oqsagan oyoqlaringiz chiqib ketmasin, aksincha sog‘aysin, deya oyoqlaringiz uchun tekis yo‘l hozirlanglar». (Ibron. 12:12, 13) Hammamiz, jumladan, yoshlar ham daldali so‘zlarni aytib, bir-birimizni mustahkamlay olamiz.

11. Depressiyaga tushgan Martaga nima yordam berdi?

11 Marta * ismli imondoshimiz bir payt depressiyaga tushgan edi. U shunday deb bo‘lishdi: «Bir kuni dalda berishini so‘rab Yahovaga ibodat qilgan edim. So‘ng menga mehr va hamdardlik ko‘rsatgan yoshi ulug‘ opamizni uchratib qoldim. O‘sha paytda aynan shunga muhtoj edim. Opamiz ham menikiday qiyinchilikni boshdan kechirganini aytdi. Men yolg‘iz emasligimni tushundim». Ehtimol, o‘sha opamiz Martaga aytgan so‘zlari yaxshi ta’sir qilishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandir.

12, 13. Filippiliklarga 2:1–4 dagi maslahatga qanday amal qilsak bo‘ladi?

12 Pavlus Filippidagi jamoat a’zolariga quyidagicha maslahat bergan: «Agar Masihning izdoshi sifatida bir-biringizga dalda bersangiz, sevgi ila tasalli baxsh etsangiz, bir-biringizning g‘amingizni chekib, mehribonlik va rahmdillikka ega bo‘lsangiz, quvonchimga quvonch qo‘shib, fikrlash va sevgida birlikni saqlaysizlar. Shunday qilib, yakdil va hamfikr bo‘lasizlar. Hech narsani izzattalablik yoki manmanlik bilan qilmay, aksincha, kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar. Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filip. 2:1–4)

13 Ha, hammamiz boshqalarga yordam berish yo‘llarini qidirishimiz kerak. Birodaru opa-singillarimizga dalda berishni istasak, ularga sevgi ila tasalli baxsh etishimiz, bir-birimizning g‘amimizni chekishimiz hamda mehribonlik va rahmdillik ko‘rsatishimiz mumkin.

DALDA MANBAI

14. Nima dalda manbai bo‘lishi mumkin?

14 Biz ko‘maklashgan insonlar sadoqatli bo‘lib qolayotgani haqida eshitganimizda dalda olamiz. Havoriy Yuhanno shunday yozgan: «Bolalarimning haqiqat yo‘lida yurayotganini eshitish, men uchun katta baxt». (3 Yuhan. 4) Ko‘pgina kashshoflar, ular bir necha yil oldin haqiqatga kelishga yordam bergan kishilar sadoqat ila xizmat qilayotgani va ehtimol, kashshof ekani haqida bilib, dalda olishadi. Ruhi tushgan kashshofga avvalgi quvonchini eslatish, dalda manbaiga aylanishi mumkin.

15. Sadoqat ila xizmat qilayotganlarga qay yo‘sin dalda bersa bo‘ladi?

15 Ko‘pgina tuman nozirlarining aytishicha, ular xotinlari bilan jamoatga tashrif buyurganda, ularga minnatdorchilik bildirilgan qisqa xatlar berishsa, dalda olishar ekan. Oqsoqol, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y, kashshof va baytilchilar ham sadoqatli xizmati uchun minnatdorchilik so‘zlarini eshitganda, dalda olishadi.

QANDAY QILIB BARCHAMIZ DALDA BERISHIMIZ MUMKIN?

16. Qanday oddiy narsalar boshqalarga dalda berishi mumkin?

16 Gapga chechan bo‘lmaganim tufayli boshqalarga dalda bera olmayman, deb aytish xato bo‘lardi. Dalda manbai bo‘lish uchun ko‘p narsa kerak emas. Masalan, salomlashganda iliq tabassum qiling. Kishi javoban tabassum qilmasa, balki, muammosi bordir va uni tinglasangiz u tasalli olishi mumkin. (Yoqb. 1:19)

17. Bitta yosh birodarimizga nima dalda baxsh etgan?

17 Genri ismli yosh birodar yaqin qarindoshlari, jumladan, oqsoqol bo‘lgan otasi ham haqiqatdan ketganida rosa qayg‘uga botgan. Tuman noziri Genrini qahvaga taklif qilib, ichini to‘kib solishi uchun imkon berganidan u dalda olgan. Genri, sadoqatli bo‘lib qolsagina oila a’zolari haqiqatga qaytishiga ko‘maklasha olishini tushungan. U shuningdek, Zaburning 46- sanosini, Zafaniyo 3:17 va Mark 10:29, 30- oyatlarini o‘qib kuch topgan.

Barchamiz bir-birimizni mustahkamlab, dalda bera olamiz (18- xatboshiga qarang.)

18. a) Shoh Sulaymon dalda haqida nima deb yozgan? b) Havoriy Pavlus qanday maslahat bergan?

18 Marta va Genrining misollari, tasalliga muhtoj bo‘lganimizda birodar yoki opa-singillar biz uchun dalda manbaiga aylanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shoh Sulaymon quyidagicha yozgan: «O‘z vaqtida aytilgan so‘z qanchalik yaxshi! Porloq ko‘zlar qalbni quvontiradi, yaxshi xabar suyaklarni ilikka to‘ldiradi». (Hik. 15:23, 30) Tushkun ahvolda bo‘lgan odamga «Qo‘riqchi minorasi»dagi yoki saytimizdagi biron ma’lumotni o‘qib berish mumkin. Zero, bu uni mustahkamlaydi. Pavlus hamdu sano qo‘shiqlarimizni birga kuylash dalda baxsh etishini ta’kidlagan. U shunday degan: «Xudoga hamdlar aytib, bir-biringizga sanolaru yoqimli ma’naviy qo‘shiqlar bilan dalda va ta’lim beringlar. Yahovani yuragingizda tarannum etinglar». (Kolos. 3:16; Havor. 16:25)

19. Nima sababli bir-birimizga yanada ko‘proq dalda berishimiz darkor?

19 Yahovaning kuni tobora yaqinlashayotgani sayin bir-birimizga yanada ko‘proq dalda berishimiz darkor. (Ibron. 10:25) Pavlus: «Hozir ham qilayotganingizdek, bir-biringizga dalda berib, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar»,— deb aytgan maslahatiga rioya etsak, baxtiyor bo‘lamiz. (1 Salon. 5:11)

^ 11- x.b. Ismlar o‘zgartirilgan.