Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Chinakam erkinlik yo‘li

Chinakam erkinlik yo‘li

Agar O‘g‘il sizlarni ozod etsa, chindan ham erkin bo‘lasizlar. YUHAN. 8:36

QO‘SHIQLAR: 32, 52

1, 2. a) Qaysi ishlar odamlar erkinlik ilinjida kurash olib borayotganini ko‘rsatyapti? b) Bunday kurash nimalarga olib kelyapti?

BUGUN ko‘pchilik tenglik, ozodlik va erkinlik haqida gap yuritadi. Dunyodagi aksariyat insonlar jabr-zulm, kamsitilish va qashshoqlikdan xalos bo‘lishni istaydi. Yana boshqalar so‘z va tanlov erkinligiga ega bo‘lish, mustaqillikka erishish payidadir. Odamlar qayerda yashashidan qat’i nazar, xohlagancha yoki istaganini qilib yashamoqchi bo‘lganlarning soni ortib boryapti.

2 Biroq ushbu istaklarning qanday qondirilishi umuman boshqa masala. Ijtimoiy yoki siyosiy sohalarga kelsak, ko‘plar e’tiroz va norozilik bildirib, hatto qo‘zg‘olonlar uyushtiryapti. Xo‘sh, bunday noroziliklar ko‘zlangan natijalarga olib kelyaptimi? Ko‘p hollarda ular fojialarga va o‘limga yetaklayapti. Bularning bari shoh Sulaymon ilohiy ilhom ostida yozgan mana shu so‘zlarni tasdiqlayapti: «Inson insonning ustidan qilayotgan hukmronligi faqat ziyon keltiradi». (Voiz 8:9)

3. Haqiqiy baxt va mamnuniyat his etish uchun nima qilsak bo‘ladi?

3 Isoning shogirdi Yoqub haqiqiy baxt va mamnuniyat topish siriga urg‘u bergan. U quyidagicha yozgan: «Kim erkinlik baxsh etuvchi mukammal qonunga diqqat bilan qarab, unga amal qilishni davom ettirsa... qilgan ishidan baxtiyor bo‘ladi». (Yoqb. 1:25) Mukammal qonunni ato etgan Tangri Yahova insoniyat mutlaq baxt va mamnuniyat his etishi uchun nima kerakligini hammadan yaxshi biladi. U ilk juftlikka baxtli bo‘lishi uchun zaruriy barcha narsani, jumladan, chinakam erkinlikni ham bergan.

INSONLAR CHINAKAM ERKIN BO‘LGANDA

4. Odamato va Momohavo qanday erkinlikka ega edi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

4 Ibtido kitobining ilk ikkita bobini o‘qisak, Odamato va Momohavo biz orzu qilayotgan ozodlikdan, ya’ni yetishmovchilik, qo‘rquv va jabr-zulmsiz erkinlikdan rohatlanib yashaganini ko‘ramiz. Ilk juftlik oziq-ovqat, ish, kasallik va o‘lim borasida umuman tashvishlanmay yashardi. (Ibt. 1:27–29; 2:8, 9, 15) Qiziq, bu ular mutlaq mustaqil bo‘lganini anglatadimi? Keling, buni bilib olaylik.

5. Aslida odamlar chinakam ozodlikka ega bo‘lishi uchun nima kerak?

5 Aksariyat kishilarning fikricha, chinakam ozodlik bu — oqibatlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar xohlaganini qilish degani. Bir ensiklopediyada aytilishicha, erkinlik «tanlash qobiliyatini va buning oqibatlari uchun mas’uliyatli bo‘lishni» anglatadi. («The World Book Encyclopedia») Ammo u yerda yana shunday deyilgan: «Qonuniy jihatdan, agar jamiyat tomonidan odamlar uchun adolatsiz, keraksiz yoki asossiz cheklovlar o‘rnatilmasa ular erkin hisoblanadi». Amalda esa, muayyan cheklovlar zarurdir. Bu orqali har bir inson o‘sha jamiyat taqdim etayotgan narsalardan foyda ko‘radi. Shunday ekan: «Adolatli, kerakli va asosli cheklovlarni o‘rnatishga kimning haqqi bor?» — degan savol yuzaga kelyapti.

6. a) Nega faqat Yahova mutlaq erkinlikka ega? b) Insonlar qanday erkinlikka ega va nima uchun?

6 Erkinlik haqida gap ketganda, faqat Xudovand Yahova mutlaq va cheklanmagan erkinlikka ega ekanini yodda tutamiz. Nega? Sababi, U barcha narsani yaratgan va koinotning qodir Sarvaridir. (1 Tim. 1:17; Vah. 4:11) Shoh Dovud faqatgina Tangri Yahova loyiq bo‘lgan o‘zgacha va yuksak o‘rnini ajoyib so‘zlar bilan ifodalaganini eslaylik. (1 Solnomalar 29:11, 12 ni o‘qing.) Bunga muvofiq, osmonu yerdagi barcha ijodlar nisbiy erkinlikka egadir. Ular Alloh Yahova adolatli, kerakli va asosli cheklovlar o‘rnatishga to‘la haqli ekanini tan olishi muhim. Shu bois ham Xudovand Yahova eng boshidayoq ijodlari uchun cheklovlar o‘rnatdi.

7. Insonga quvonch baxsh etadigan ayrim tabiiy narsalarni aytib o‘ting.

7 Garchi Odamato bilan Momohavo boshida ko‘p jihatdan erkin bo‘lgan bo‘lsa-da, cheklovlari ham bor edi. Ayrimlari tabiiy edi. Masalan, ular nafas olish, ovqatlanish, uxlash va hokazolarni qilish orqali umr kechira olishini bilgan. Xo‘sh, ular bunday qilib o‘zlarini erkinlikdan mahrum etilganday his qilganmi? Yo‘q. Zero Yahova ular hatto shu kabi har kungi narsalar orqali ham qoniqishni his etib, zavq ila yashay olishini bilgan. (Zab. 104:14, 15; Voiz 3:12, 13) Qay birimiz toza havodan bahramand bo‘lishni, yoqtirgan oziq-ovqatlarni yeyishni yoki maroqli dam olib uyg‘onishni xohlamaymiz?! Bularning barini cheklov hissi yoki majburiyatsiz quvonch ila qilamiz. Shubhasizki, Odamato bilan Momohavo o‘zlarini xuddi shunday his etgan.

8. Xudo ilk juftlikka qanday vazifa topshirgan va qay maqsadda?

8 Yahova Odamato bilan Momohavoga yer yuzini to‘ldirib, unga g‘amxo‘rlik qilishday o‘zgacha vazifani topshirgan. (Ibt. 1:28) Bu vazifa ularni ozodlikdan mahrum etganmi? Albatta yo‘q! Bu tufayli, ularda Parvardigorning niyatiga, ya’ni yer yuzida abadiy yashaydigan mukammal insoniyat uchun jannatni barpo etishga hissa qo‘shish imkoni bor edi. (Ishayo 45:18) Bugungi kunda odamlar turmush qurmasa yoki oilali bo‘lib farzand ko‘rmasa, ular Yahovaning irodasiga qarshi yo‘l tutgan hisoblanmaydi. Lekin ko‘p odamlar turli qiyinchiliklarga qaramay, oilali bo‘lishni yoki bola tarbiyalashni tanlayapti. (1 Kor. 7:36–38) Nima uchun? Chunki yaxshi sharoitlarda odamlar bunday yo‘l tutib baxtiyorlik va mamnuniyat his etadi. (Zab. 127:3) Odamato bilan Momohavo ham nikohi va oilaviy rishtalaridan zavqlanib abadulabad baxtli yashay olardi.

CHINAKAM ERKINLIK QANDAY YO‘QOTILGAN?

9. Nega Ibtido 2:17 dagi amr adolatsiz, keraksiz yoki asossiz bo‘lmagan?

9 Yahova Odamato bilan Momohavoga boshqa amr ham bergan. Unga amal qilmaslik jazoga olib kelishi aniq edi. U shunday degan: «Nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtning mevasidan yemasliging kerak, aks holda, undan yegan kuni o‘lasan». (Ibt. 2:17) Xo‘sh, u adolatsiz, keraksiz yoki asossizmidi? U tufayli ilk juftlik ozodlikdan mahrum etilarmidi? Aslo. Anchagina ilohiyotshunoslar bu amr mantiqan to‘g‘ri va yaxshi niyatda berilgan, deb ta’kidlaydi. Misol uchun, ulardan biri shunday yozgan: «Xudoning amrlaridan [Ibtido 2:16, 17] xulosa shuki, faqat Xudo insoniyat uchun nima yaxshi ekanini... biladi va faqat Xudo ular uchun nima yaxshi emasligini... biladi. “Yaxshi” ishlar qilib, bundan huzurlanish uchun odamlar Xudoga ishonib, Unga itoatli bo‘lishi kerak. Agar bo‘ysunmasa, ular nima yaxshi ekanini... va nima yaxshi emasligini o‘zlari hal qiladi». Muammo shundaki, insonlar bu yukni o‘zlari ko‘tara olmadi.

Odamato bilan Momohavo fojiali yo‘lni tanladi (9–12- xatboshilariga qarang.)

10. Nega iroda erkinligini, nima yaxshi va nima yomon ekanini hal qilish bilan adashtirmaslik kerak?

10 Yahova Odamatoga bergan amr haqida o‘qigan ko‘plar, u xohlaganini qilish erkinligidan mahrum etilgan edi, deb aytadi. Shu yo‘sin, ular odamning iroda erkinligini, nima yaxshi va nima yomon ekanini hal qilish bilan adashtirishadi. Odamato bilan Momohavo Allohga bo‘ysunish yoki bo‘ysunmaslikni tanlashda erkin edi. Ammo faqat Yahova nima yaxshi va nima yomon ekanini hal qilish huquqiga ega. Shu bois, Adan bog‘ida buning ramzi, ya’ni «nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtni» o‘rnatgan. (Ibt. 2:9) Shuni tan olish kerakki, qarorlarimiz natijasi qanday bo‘lishini doim ham bilmaymiz, ular hamisha yaxshi yakun topishini ham bilmaymiz. Shuning uchun, ko‘pincha odamlar yaxshi niyatlar ila qilgan tanlov yoki qarorlari azob-uqubat, falokat yoki fojia keltirib chiqaradi. (Hik. 14:12) Insonlar ega bo‘lgan cheklovlar muhim ahamiyatga ega. Bergan amr orqali Yahova Odamato bilan Momohavoga chinakam erkinlikdan foydalanishni mehr ila o‘rgatgan. Ilk juftlik bundan qay yo‘sin foydalandi?

11, 12. Nima uchun Odamato bilan Momohavoning tanlovi falokatli bo‘ldi? Misol keltiring.

11 Ming afsus, ilk juftlik bo‘ysunmaslikni tanladi. Shayton vasvasaga solib, «ko‘zlaringiz ochiladi va sizlar Xudo kabi nima yaxshi va nima yomon ekanini biladigan bo‘lasizlar», deb aytgan va’daga Momohavo qarshi tura olmadi. (Ibt. 3:5) Odamato va Momohavo tanlovi tufayli yanada erkin bo‘ldimi? Yo‘q. Ularning tanlovi Shayton aytgan natijani bermadi. Ammo ko‘p o‘tmay, Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘ini rad etish va o‘zlari bilgancha yo‘l tutish fojiali yakun topishini ular tushunib yetishdi. (Ibt. 3:16–19) Nega deganda, Yahova insonlarga nima yaxshiyu nima yomon ekanini hal qilish erkinligini bermagan. (Hikmatlar 20:24 va Yeremiyo 10:23 ni o‘qing.)

12 Buni uchuvchi misoli bilan solishtirsa bo‘ladi. Muayyan manzilga eson-omon yetib olish uchun, u odatda oldindan belgilangan uchish yo‘nalishiga amal qilishi lozim. Qolaversa, u zamonaviy moslamalar yordamida navigatordan foydalanishi va uchish jarayonida dispetcher bilan aloqa qilishi kerak. Biroq uchuvchi ushbu yo‘l-yo‘riqlarga rioya etmaslikni tanlab, istagan yo‘nalishda uchsa, oqibati fojiali bo‘lishi mumkin. Odamato bilan Momohavo bu uchuvchi singari xohlaganlarini qilmoqchi bo‘ldi. Ular Alloh taqdim etgan yo‘l-yo‘riqdan bosh tortdi. Natijasi qanday bo‘ldi? Ular falokatga duch kelib, o‘zlari ham, bo‘lajak avlodlari ham gunoh va o‘limga mubtalo bo‘ldi. (Rim. 5:12) Mustaqil bo‘lishga intilib, ular ega bo‘lgan chinakam ozodlikni yo‘qotdi.

CHINAKAM OZODLIKKA QANDAY ERISHISH MUMKIN?

13, 14. Qanday qilib chinakam ozodlikka erisha olamiz?

13 Odamlarning o‘ylashicha, qancha ko‘p erkinlik bo‘lsa, hayot shuncha yaxshi bo‘ladi. Ammo tanganing ikki tarafi bor, deb bejiz aytilmaydi. Ha, erkinlik ko‘p foyda keltiradi. Lekin umuman cheklovlar bo‘lmaganda, dunyo qanday ahvolda bo‘lishi mumkinligini bir tasavvur qiling! Bu borada bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Tashkillashtirilgan har bir jamiyatda muayyan erkinlik va cheklovlar borasidagi qonunlar murakkabdir». («The World Book Encyclopedia») Shubhasizki, «murakkab» so‘zi juda mos kelyapti. Bir o‘ylab ko‘ring, inson qanchadan-qancha qonunlar chiqaradi. Buning ustiga, ancha huquqshunoslaru hakamlar ularni tushuntirishi va amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

14 Bundan farqli ravishda, Iso chinakam erkinlikdan quvonch topishning eng oson yo‘lini ta’kidlagan. U quyidagicha degan: «Agar mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar, chindan ham mening shogirdlarimsiz. Sizlar haqiqatni bilib olasizlar va haqiqat sizlarni ozod etadi». (Yuhan. 8:31, 32) Demak, Isoning so‘zlariga binoan chin erkinlik mana shu ikkita talabdan iborat: birinchidan, u o‘rgatgan haqiqatni qabul qilish va ikkinchidan, uning shogirdi bo‘lish. Bu tufayli chinakam ozodlikka erishamiz. Xo‘sh, nimadan ozod bo‘lamiz? Iso shunday deb tushuntirgan: «Gunoh qilayotgan inson gunohning qulidir. [...] Agar O‘g‘il sizlarni ozod etsa, chindan ham erkin bo‘lasizlar». (Yuhan. 8:34, 36)

15. Nega Iso va’da qilgan erkinlik bizni ozod etadi?

15 Shunisi aniqki, Iso shogirdlariga va’da qilgan erkinlik, bugungi kunda ko‘plar orzu qilayotgan erkinlikdan ancha ustundir. Iso: «Sizlar haqiqatni bilib olasizlar va haqiqat sizlarni ozod etadi»,— deb aytganda, insoniyat eng og‘ir qullik va jabrdan xalos bo‘lishini, ya’ni «gunohning quli» bo‘lmaslikni nazarda tutgan. Gunoh bizni nafaqat yomon ish qilishga undaydi, balki yaxshilik qilishga yoki ma’qul tarzda yashashga ham xalaqit beradi. Gunohkorligimiz sababli ruhimiz tushadi, qayg‘uramiz, azob chekamiz va oxiri o‘lamiz. (Rim. 6:23) Havoriy Pavlus bu qayg‘ularni boshdan kechirib, juda ko‘p azob chekkan. (Rimliklarga 7:21–25 ni o‘qing.) Gunoh iskanjasidan qutulibgina, ilk juftlik qachonlardir his etgan chinakam erkinlikka biz ham ega bo‘la olamiz.

16. Qay yo‘sin chinakam ozodlikka erishamiz?

16 Iso: «Agar mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar»,— deb aytgani, ozod bo‘lish uchun muayyan talablar va cheklovlar borligini bildiradi. Bag‘ishlangan masihiylar ekanmiz, o‘zimizdan kechib, Isoning shogirdlari sifatida uning ta’limotlari chegarasidan chiqmay yashashni afzal ko‘ramiz. (Mat. 16:24) Iso va’da qilganiday, uning to‘lov qurbonligi bizga nisbatan birato‘la qo‘llanilganda chinakam ozodlikka erishamiz.

17. a) Hayotimizni nima haqiqiy mazmunga to‘ldiradi va mamnuniyat keltiradi? b) Keyingi maqolada nimani bilib olamiz?

17 Isoning shogirdlari kabi uning ta’limotlariga rioya etsak, hayotimiz haqiqiy mazmunga to‘ladi va biz mamnuniyat his etamiz. Bu tufayli gunoh va o‘lim qulligidan butunlayin xalos bo‘lish imkoni ochilyapti. (Rimliklarga 8:1, 2, 20, 21 ni o‘qing.) Keyingi maqolada qay yo‘sin donolik ila hozirgi ozodligimizdan foydalanishimiz mumkinligini bilib olamiz. Shu yo‘sin, chinakam erkin Xudoyimiz Yahovani abadulabad sharaflay olamiz.