Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Erkinlik Xudosi Yahovaga xizmat qiling

Erkinlik Xudosi Yahovaga xizmat qiling

Qayerda Yahovaning muqaddas ruhi bor bo‘lsa, o‘sha yerda erkinlik bo‘ladi. 2 KOR. 3:17

QO‘SHIQLAR: 11, 33

1, 2. a) Nima uchun Pavlus yashagan davrda odamlarni qulchilik va ozodlik masalasi qiziqtirgan? b) Odamlar chinakam erkinlikka erisha olishi uchun Pavlus ularning diqqatini kimga qaratgan?

ILK masihiylar Rimda qonun, adolat va ozodlik masalasida birinchi bo‘lishgani bilan faxrlangan odamlar orasida yashagan. Ammo Rim imperiyasi asosan qulchilik tufayli kuchli va mashhur bo‘lgan. Aholining taxminan 30 foizi qullar edi. Shubhasizki, qullik va ozodlik masalasi oddiy odamlarni, jumladan, masihiylarni ham qiziqtirgan.

2 Pavlusning maktublarida ozodlik haqida ko‘p aytilgan. Garchi o‘sha paytda odamlarning maqsadi ijtimoiy yoki siyosiy islohot o‘tkazish bo‘lgan bo‘lsa-da, Pavlus buni ko‘zlamagan edi. Pavlus va boshqa masihiylar boshqaruvchi yoki tashkilotdan ozodlik kutmagan, aksincha, ular Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni va Iso Masihning to‘lov qurbonligi qanchalik qadrli ekanini boshqalarga yetkazish uchun jon kuydirgan. Pavlus imondoshlarining diqqatini chinakam erkinlik Manbaiga qaratgan. Masalan, Korinfliklarga yo‘llagan ikkinchi maktubida Pavlus aniq qilib quyidagicha yozgan: «Yahova ruhiy Shaxsdir. Qayerda Yahovaning muqaddas ruhi bor bo‘lsa, o‘sha yerda erkinlik bo‘ladi». (2 Kor. 3:17)

3, 4. a) Pavlus 2 Korinfliklarga 3:17 dagi so‘zlarni yozishiga nima sabab bo‘lgan? b) Yahova taqdim etadigan erkinlikdan zavq olish uchun nima qilishimiz lozim?

3 Mazkur maktubning boshida Pavlus, Muso Sinay tog‘ida Yahovaning farishtasi huzurida bo‘lib qaytganidan keyin uning yuzidan nur taralgani haqida aytgan edi. Musoni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketadi va u yuzini yopinchiq bilan to‘sib qo‘yadi. (Chiq. 34:29, 30, 33; 2 Kor. 3:7, 13) Pavlus davom etib shunday degan: «Biroq ular Yahovaga topinish uchun o‘z yo‘llarini o‘zgartirishsa, yopinchiq olib tashlanadi». (2 Kor. 3:16) Qiziq, mazkur so‘zlar nimani anglatadi?

4 Oldingi maqoladan Yahova borliqning Yaratuvchisi va faqatgina U mutlaq hamda cheksiz erkinlikka ega ekanini bilib oldik. Shuning uchun ham «qayerda Yahovaning muqaddas ruhi bor bo‘lsa», o‘sha yerda erkinlik bo‘lishining ajablanarli joyi yo‘q. Bunday erkinlikdan foyda olish uchun «yo‘llarimizni o‘zgartirishimiz», ya’ni Yahova bilan shaxsiy munosabatlarga ega bo‘lishimiz zarur. Masalan, Isroil xalqi Yahova sahroda ular uchun qilgan ishlarga nisbatan ma’naviy nuqtai nazarga ega bo‘lmagan. Ularning yuragi va ongi go‘yoki yopinchiq bilan to‘silgan bo‘lib, e’tibori yaqinda ega bo‘lgan ozodligidan jismoniy ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanishga qaratilgan edi. (Ibron. 3:8–10)

5. a) Yahovaning ruhi qanday ozodlikni taqdim etadi? b) Tom ma’nodagi ozodlikni yo‘qotish Yahova taqdim etayotgan erkinlikdan mahrum etmasligini qayerdan bilamiz? d) Qaysi savollarga javob topamiz?

5 Yahovaning muqaddas ruhi bilan bog‘liq bo‘lgan ozodlik tom ma’nodagi qullikdan xalos bo‘lishdan ko‘proq narsani anglatadi. Yahovaning ruhi gunoh, o‘lim, jumladan, soxta din va u bilan bog‘liq odatlardan ozod etadi. Vaholanki, odamlar o‘z harakatlari bilan bunga erisha olmaydi. (Rim. 6:23; 8:2) Bu naqadar ajoyib ozodlik-a! Odam hatto qamoqda yoki qullikda bo‘lganida ham bunday erkinlikni his eta oladi. (Ibt. 39:20–23) Imoni uchun bir necha yil qamoqda o‘tirgan opamiz Nansi Yuen va birodarimiz Xarold King bilan aynan shunday bo‘lgan. JW Internet-televideniyemizda ularning intervyusini ko‘rishingiz mumkin. (ИНТЕРВЬЮ И СЛУЧАИ ИЗ ЖИЗНИ > ПРЕТЕРПЕВАЯ ТРУДНОСТИ sarlavhasi ostiga qarang.) Xo‘sh, erkinligimizni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsatishimiz mumkin? Qanday qilib undan donolik ila foydalana olamiz?

XUDO BERGAN ERKINLIGIMIZNI QADRLASH

6. Qay yo‘sin Isroil xalqi Yahova ularga taqdim etgan erkinlik uchun minnatdorchilik namoyon etmadi?

6 Bizga berilgan hadya qanchalik qimmatli ekanini bilsak, uni taqdim etgan kishiga minnatdorchiligimizni ko‘rsatishga intilamiz. Isroilliklar esa Tangri Yahova ularni Misr qulligidan ozod qilganini qadrlamadi. Ozod bo‘lganidan bir necha oy o‘tar-o‘tmas ular Misrdagi yeguligu ichimlikni qo‘msab, Yahova berayotgan narsalardan noliy boshladi va hatto u yerga qaytishni istadi. Bir tasavvur qiling, bu xalq «baliqlar, bodringlar, tarvuzlar, porey piyozlari, piyozlaru sarimsoqlar»ni Xudo ularga taqdim etgan topinishdan ustun qo‘ydi. Yahovaning ulardan jahli chiqqanining ajablanarli joyi yo‘q. (Sah. 11:5, 6, 10; 14:3, 4) Bu biz uchun saboqdir.

7. Qay yo‘sin Pavlus 2 Korinfliklarga 6:1 dagi so‘zlarga muvofiq yo‘l tutgan va qanday qilib biz ham shunday qila olamiz?

7 Havoriy Pavlus barcha masihiylarni Yahova mehr ila O‘g‘li Iso Masih orqali taqdim etgan erkinlikka oddiy holdek qaramaslikka undagan. (2 Korinfliklarga 6:1 ni o‘qing.) Pavlus gunoh va o‘limning asiri bo‘lgani uchun vijdon azobidan qanchalar qiynalganini va azob chekkanini eslang. Ammo u minnatdorchilik ila: «Allohga shukrlar bo‘lsin»,— deb aytgan. Nega? U quyidagicha tushuntirgan: «Chunki Iso Masih bilan birlikda hayot ato etuvchi ruh qonuni seni gunoh va o‘lim qonunidan ozod etdi». (Rim. 7:24, 25; 8:2) Palusning o‘rnagiga ergashib, Yahova bizni gunoh va o‘limdan ozod etganiga oddiy holdek qaramasligimiz zarur. To‘lov qurbonligi tufayli, Xudoyimizga toza vijdon bilan xizmat qilishimiz va bundan zavq topishimiz mumkin. (Zab. 40:8)

Tanlov erkinligingizdan Yahovaga xizmat qilish uchun foydalanyapsizmi yoki o‘z manfaatlaringiz yo‘lidami? (8–10- xatboshilariga qarang.)

8, 9. a) Erkinlikdan foydalanish masalasida havoriy Butrus nimadan ogohlantirgan? b) Bugungi kunda qanday xavf mavjud?

8 Qolaversa, bebaho erkinligimizdan noto‘g‘ri foydalanmaslik uchun e’tiborli bo‘lishimiz zarur. Havoriy Butrus erkinligimizdan tana istaklarimizni oqlash maqsadida foydalanishdan ogohlantirgan. (1 Butrus 2:16 ni o‘qing.) Mazkur ogohlantirish sahroda Isroil xalqi bilan nima yuz berganini esga soladi. Bu ogohlantirish bizga ham tegishli, ayniqsa bugun. Shayton va uning dunyosi kiyinish, pardoz qilish, yeb-ichish, dam olish, o‘yin-kulgi va boshqa ko‘pgina narsalar borasida har qachongidan ham vasvasali takliflar qilmoqda. Ko‘pincha reklama sohasidagilar chiroyli odamlardan foydalanib, aslida kerak bo‘lmagan narsalarni biz uchun zarurdek qilib ko‘rsatib aldashyapti. Bunday ayyorlikka laqqa ishonib, erkinligimizdan noto‘g‘ri foydalanishimiz hech gap emas.

9 Butrusning maslahati ta’lim, ish va mavqe kabi hayotimizning jiddiy sohalariga ham tegishli. Masalan, maktabdagi yoshlar nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qish bosimiga duch keladi. Ularni oliy ma’lumotli bo‘lish katta maoshli hamda obro‘li joylarda ishlash imkonini beradi, deb ishontirishadi. Qolaversa, ular oliy va o‘rta ma’lumotlilarning ish haqi o‘rtasidagi farqlar keltirilgan hisobotlarni ko‘rsatishadi. Ushbu tanlovlar ularning butun hayotiga ta’sir qilishi mumkin va bu, yoshlarni o‘ziga tortishi hech gap emas. Ammo yoshlar va ularning ota-onalari nimani yodda tutishi zarur?

10. Shaxsiy tanlov oldida turganimizda, nimani unutmasligimiz kerak?

10 Ba’zilarning o‘ylashicha, mazkur tanlovlar shaxsiy masala bo‘lgani bois, vijdoni yo‘l qo‘ysa o‘ziga ma’qul bo‘lganini tanlashga haqli. Ehtimol, ular Pavlusning Korinfdagi masihiylarga yegulik masalasida yozgan quyidagi so‘zlarini eslar: «Erkinligimni boshqa kishining vijdoni hukm qilishiga yo‘l berib nima qilaman?» (1 Kor. 10:29) To‘g‘ri, o‘qish hamda ish masalasida o‘zimiz qaror chiqaramiz, lekin shuni unutmasligimiz kerakki, biz nisbiy erkinlikka egamiz va barcha qarorlarimizning oqibati bor. Shuning uchun ham Pavlus yuqoridagi so‘zlarni aytishdan oldin shunday deb ta’kidlagan: «Menga har narsa ruxsat etilgan, lekin hammasi ham foydali emas. Har narsa menga ruxsat etilgan bo‘lsa-da, hammasi ham dalda bermaydi». (1 Kor. 10:23) Hayotimizning barcha sohasida shaxsiy tanlov oldida turganimizda, mazkur so‘zlar faqatgina o‘z manfaatimizni o‘ylamay, muhimroq omillarni inobatga olishga yordam beradi.

XUDOGA XIZMAT QILISH UCHUN ERKINLIKDAN DONOLIK ILA FOYDALANISH

11. Biz qanday maqsadda ozod etilganmiz?

11 Butrus erkinligimizdan noto‘g‘ri foydalanmasligimiz kerakligining sababini aytib o‘tgan. U erkinligimizdan «Xudoning qullaridek» foydalanishga undagan. Shunday ekan, Yahova Iso orqali bizni gunoh va o‘lim qonunidan xalos etganining asl maqsadi, hayotimizni «Xudoning qullaridek» Unga bag‘ishlashdir.

12. Nuh va uning oilasi bizga qanday o‘rnak qoldirdi?

12 Erkinligimizdan noto‘g‘ri foydalanmaslik va yana ushbu dunyoning maqsadlariyu xohish-istaklarining quli bo‘lmaslik uchun o‘zimizni himoya qilishning eng a’lo yo‘li ma’naviy ishlar bilan butunlayin band bo‘lishdir. (Galat. 5:16) Misol uchun, Nuh va uning oilasiga e’tibor beraylik. Ular zo‘ravon va axloqsiz dunyoda yashagan. Biroq ular atrofidagi odamlarning xohish-istaklariyu intilishlariga berilmagan. Xo‘sh, ular buni qay yo‘sin uddalagan? Ular Yahova bergan vazifani bajarish — kema qurish, hayvonlar va o‘zlari uchun oziq-ovqat yig‘ish hamda boshqalarni ogohlantirish bilan mashg‘ul bo‘lgan. «Nuh hammasini Alloh amr etgani bo‘yicha bajardi. U aynan aytilganiday qildi». (Ibt. 6:22) Natijasi qanday bo‘ldi? O‘sha dunyo yo‘q qilinganda, Nuh va uning oilasi omon qoldi. (Ibron. 11:7)

13. Iso qanday vazifa olgan va shogirdlariga nimani topshirgan?

13 Bugungi kunda Yahova bizga nimani amr etgan? Isoning shogirdlari ekanmiz, Xudo bizga bergan topshiriqni yaxshi bilamiz. (Luqo 4:18, 19 ni o‘qing.) Ushbu zamonaning xudosi haligacha aksariyat odamlarning ko‘zini ko‘r qilib kelmoqda va ular diniy, iqtisodiy hamda ijtimoiy qaramlikdadir. (2 Kor. 4:4) Isoning o‘rnagiga taqlid qilib, odamlarga erkinlik Xudosi Yahovani tanib-bilishga va Unga topinishga yordamlashish biz uchun sharafdir. (Mat. 28:19, 20) Bu oson emas: o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Masalan, ba’zi mamlakatlarda odamlar tobora befarq bo‘lib, hatto bizga qarshi chiqmoqda. Har birimiz quyidagi savol ustida mulohaza yuritishimiz zarur: «Shohlik ishini ko‘proq qo‘llab-quvvatlash uchun erkinligimdan foydalana olamanmi?»

14, 15. Va’zgo‘ylik xizmatiga nisbatan Yahovaning xalqi qanday munosabat bildirmoqda? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

14 Ko‘plar buning muhimligini anglab, to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etish uchun hayotini soddalashtirganini ko‘rish daldalidir. (1 Kor. 9:19, 23) Ba’zilar mahalliy hududda xizmat qiladi, boshqalar esa ehtiyoj katta bo‘lgan joyga ko‘chib o‘tmoqda. Hisobotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida 250 000 dan oshiq kishi doimiy kashshoflik xizmatini boshladi va hozir ularning soni 1 100 000 dan ziyoddir. Bu, Yahovaga xizmat qilish uchun erkinligimizdan donolik ila foydalanishning ajoyib natijasidir! (Zab. 110:3)

15 Ushbu birodaru opa-singillarimizga erkinligidan donolik ila foydalanishga nima yordam berdi? Keling, oxirgi 30 yil davomida bir nechta mamlakatda xizmat qilgan Jon va Juditning misoliga diqqat qilaylik. Ularning eslashicha, 1977- yili Doimiy kashshoflar maktabi o‘tishni boshlaganda ehtiyoj katta bo‘lgan joyga ko‘chib, u yerda xizmat qilishga tayyor bo‘lishga e’tibor berilardi. Maqsadlarini ko‘zdan qochirmay, sodda hayot kechirish uchun Jon ishini ko‘p marotaba o‘zgartirganini aytdi. O‘zga yurtga kelganda, ular Yahovaga ibodat qilib va Unga tayanib, boshqa tilni o‘rganish, yangi madaniyat va iqlimga moslashish kabi qiyinchiliklarni yenga olishgan. Ushbu xizmat yillari haqida ular qanday fikrda? Jon shunday so‘zlab berdi: «Men o‘zimni umrimdagi eng zo‘r ishda qatnashayotganday his etardim. Yahova men uchun xuddi mehribon ota kabi yanada mavjud Shaxsga aylandi. Yoqub 4:8 dagi: “Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi”,— degan so‘zlarni hozir yaxshiroq tushunyapman. Hayotimni mazmunga to‘ldiradigan narsani qidirgan edim va topdim».

16. Imkoniyati chegaralangan minglab va’zgo‘ylar qay yo‘sin erkinligidan donolik ila foydalanmoqda?

16 Jon va Juditdan farqli ravishda, ba’zilar sharoiti tufayli to‘la vaqtli xizmatda qisqa vaqt qatnasha oladi. Qolaversa, ko‘pchilik dunyo bo‘ylab tashkilotimizning qurilish ishlarida ixtiyoriy xizmatchi sifatida ishtirok etish imkonini qo‘ldan boy bermaydi. Masalan, Uorvikda (Nyu-York) Bosh idoraning qurilishida turli joylardan bo‘lgan taxminan 27 000 ta birodaru opa-singillarimiz ikki haftadan bir yilgacha yoki undan ortiq vaqt davomida ixtiyoriy xizmatchi bo‘lib yordam berdi. Ulardan ko‘pi u yerda xizmat qilish uchun anchagina qurbonlikka bordi. Erkinlik Xudosi Yahova taqdim etgan ozodlikdan Uni sharaflash maqsadida foydalanishning naqadar ajoyib o‘rnagi!

17. Xudo taqdim etgan erkinligidan donolik ila foydalanayotganlarni kelajakda qanday barakalar kutmoqda?

17 Yahovani bilganimizdan va haq topinish tufayli ozodlikka ega bo‘lganimizdan juda minnatdormiz. Iloyo, chiqargan qarorlarimiz bilan mana shu erkinlikni qadrlayotganimizni ko‘rsataylik. Keling, erkinligimizni behuda sarflamaylik, aksincha, undan imkonimiz boricha, Yahovaga ko‘proq xizmat qilish uchun to‘g‘ri foydalanaylik. Agar shunday yo‘l tutsak, Yahovaning quyidagi va’dasi amalga oshganda bo‘ladigan barakalardan zavq olib yashashga umid qila olamiz: «Yaratilganlarning o‘zi ham chirish qulligidan ozod etilib, Xudo farzandlarining ulug‘vor erkinligiga ega bo‘ladi». (Rim. 8:21)