Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tayinlangan birodarlar, Timo‘tiydan o‘rnak oling

Tayinlangan birodarlar, Timo‘tiydan o‘rnak oling

O‘TGAN yili dunyo bo‘ylab minglab erkaklar Yahova Shohidlarining jamoatlarida oqsoqol va jamoat xizmatkori etib tayinlandi. Siz ham shu birodarlardan biri bo‘lsangiz, yangi vazifangizdan xursand ekaningiz shubhasiz.

Bir oz xavotirlanishingiz tabiiy. Yosh oqsoqol Jeyson: «Meni tayinlashganda, o‘zimda mas’uliyatni his etgandim»,— deb bo‘lishdi. Muso va Yeremiyo ham Yahovadan topshiriq olishganida o‘zlarini bunga noloyiq deb bilishgan. (Chiq. 4:10; Yerm. 1:6) Siz ham shunday tuyg‘ularni his etayotgan bo‘lsangiz, qanday qilib buni yengib, muvaffaqiyat qozona olasiz? Isoning shogirdi Timo‘tiyning misoliga e’tibor qarating. (Havor. 16:1–3)

TIMO‘TIYNING O‘RNAGIGA ERGASHING

Havoriy Pavlus Timo‘tiyni xizmat safarida hamrohlik qilishga taklif etgan. O‘shanda u taxminan 20 yoshlarda edi. Balkim yosh Timo‘tiy yangi xizmatda o‘ziga uncha ishonmagandir va tortingandir. (1 Tim. 4:11, 12; 2 Tim. 1:1, 2, 7) Lekin yillar o‘tib, Pavlus Filippi jamoatiga shunday yozgan: «Men bo‘lsam, Hazratimiz Isoning xohishiga ko‘ra Timo‘tiyni yaqinda oldingizga yuborish umididaman... Sizlar uchun chin dildan g‘am cheka oladigan boshqa hech kimim yo‘q». (Filip. 2:19, 20)

Qanday qilib Timo‘tiy bunday ajoyib oqsoqol bo‘ldi? Keling, undan o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan oltita saboqni ko‘rib chiqaylik.

1. U boshqalarga g‘amxo‘rlik qilgan. Pavlus Filippidagi birodarlarga: «[Timo‘tiy] sizlar uchun chin dildan g‘am cheka oladi»,— deb yozgandi. (Filip. 2:20) Ha, Timo‘tiy odamlarga g‘amxo‘rlik qilgan. U imondoshlarining ma’naviy ravnaqi yo‘lida samimiy qiziqqan va ular uchun jon kuydirishga tayyor edi.

Yo‘lovchilarni olib ketishdan ko‘ra, har bekatga o‘z vaqtida yetib kelish ko‘proq qiziqtiradigan avtobus haydovchisiga o‘xshamang. 20 yildan oshiq tajribaga ega oqsoqol Uilyam yangi tayinlangan birodarlarga: «Imondoshlaringizni seving. Tashkiliy ishlarga emas, balki ularning ehtiyojlariga ko‘proq e’tibor bering»,— deb maslahat beryapti.

2. U va’zgo‘ylik ishini birinchi o‘ringa qo‘ygan. Pavlus Timo‘tiyning o‘rnagi boshqalarnikidan farq qilishini aytib, shunday degan: «Boshqalar Iso Masihga nima ma’qul kelishini emas, o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar». (Filip. 2:21) Pavlus Rimda bo‘la turib xat yozganida, u yerdagi birodarlar shaxsiy ishlari bilan juda band ekanini payqagan. Ba’zilari ma’naviy ishlarda fidoyilik ko‘rsatmagan. Lekin Timo‘tiy ularning aksi edi. Xushxabarni e’lon qilish fursati tug‘ildi deguncha, u: «Men boraman! Meni yubor!» — deb aytgan Ishayo kabi munosabat ko‘rsatgan. (Ishayo 6:8)

Qanday qilib shaxsiy va ma’naviy ishlar orasida muvozanatni saqlay olasiz? Birinchi navbatda nima muhimligini aniqlang. Pavlus: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang»,— deb undagan. (Filip. 1:10) Alloh uchun muhim bo‘lgan narsalar siz uchun ham muhim bo‘lsin. Ikkinchidan, hayotingizni soddalashtiring. Vaqtingiz va kuchingizni o‘g‘irlaydigan narsalarni rad eting. Pavlus Timo‘tiyga shunday maslahat bergan: «Yoshlik ehtiroslaridan qochib,.. odillik, imon, muhabbat va tinchlik kabi fazilatlarni rivojlantir». (2 Tim. 2:22)

3. U muqaddas xizmatda jon kuydirgan. Pavlus filippiliklarga eslatib, shunday yozgan: «Timo‘tiy o‘zini munosib qilib ko‘rsatgani, otasiga yordam bergan bola singari xushxabar yoyilishida men bilan birgalikda xizmat qilgani sizlarga ma’lum». (Filip. 2:22) Timo‘tiy dangasa bo‘lmagan. U jon kuydirib Pavlus bilan birga mehnat qilgan va bu ularning munosabatini mustahkamlagan.

Bugun ham Xudoning tashkilotida ish kam emas. Bu ish sizga chinakam mamnuniyat baxsh etadi va birodaru opa-singillar bilan yaqinlashasiz. Shunday ekan, «Rabbimizning ishi bilan band bo‘lishni» maqsad qiling. (1 Kor. 15:58)

4. U o‘rganganlariga amal qilgan. Pavlus Timo‘tiyga shunday yozgan: «Sen esa qanday ta’lim berganimga, hayot tarzimga, maqsadimga, imonimga, sabr-toqatimga, muhabbatimga, bardoshimga qat’iy ergashding». (2 Tim. 3:10) Timo‘tiy o‘rganganlariga amal qilgani sababli, mas’uliyatli vazifalarni olishga layoqatli bo‘lgan. (1 Kor. 4:17)

Ma’nan o‘sishingizga ko‘maklashadigan tajribali do‘stingiz bormi? Yo‘q bo‘lsa, bunday insonni toping. Ko‘p yillardan beri oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Tom shularni eslaydi: «Bir tajribali oqsoqol menga samimiy qiziqish bildirib, ko‘p narsalarni o‘rgatgan. Doim undan maslahat so‘rab, aytganlariga amal qilardim. Bu tufayli tez orada ishonchim mustahkamlandi».

5. U o‘z ustida ishlashni to‘xtatmagan. Pavlus Timo‘tiyga shunday maslahat bergan: «Xudojo‘ylik yo‘lida mashq qil». (1 Tim. 4:7). Masalan, sportchining murabbiyi bo‘lsa-da, uning o‘zi ham mashq qilishi kerak. Pavlus Timo‘tiyni shu so‘zlar bilan chorlagan: «Omma oldida g‘ayrat bilan Muqaddas Yozuvlarni o‘qishda, nasihat qilishda va boshqalarga ta’lim berishda davom et... Ushbu narsalar ustida mulohaza yurit va muvaffaqiyating hammaga oshkor bo‘lishi uchun bu ishlar bilan band bo‘l». (1 Tim. 4:13–15)

Siz ham o‘z mahoratingizni charxlashda to‘xtamasligingiz kerak. Ma’nan o‘sishda davom etib, tashkilotimiz bilan hamqadam yuring. Qolaversa, haddan tashqari o‘zingizga ishonishdan qoching. Katta tajribaga egaman, deb har qanday vaziyatni chuqur izlanish olib bormay hal qilishdan ehtiyot bo‘ling. Timo‘tiyga taqlid qilib, «o‘zingga va qanday ta’lim berayotganingga hamisha diqqatli bo‘l», degan so‘zlarga amal qiling. (1 Tim. 4:16)

6. U Yahovaning ruhiga tayangan. Pavlus Timo‘tiyga xizmat haqida yozganida, quyidagini eslatgan: «Senga ishonib topshirilgan xazinani ichimizda bo‘lgan muqaddas ruh yordamida asragin». (2 Tim. 1:14) Xizmatini asrashi yoki uni astoydil bajarishi uchun Timo‘tiy Xudoning muqaddas ruhiga tayanishi kerak edi.

Donald ismli tajribali oqsoqol quyidagilarni ta’kidladi: «Tayinlangan birodarlar Xudo bilan bo‘lgan munosabatlarini qadrlashi kerak. Bunday qilishsa, ularning “kuchiga kuch qo‘shiladi”. Agar ular Xudodan muqaddas ruh va shakllantirishini so‘rashsa, imondoshlari uchun haqiqiy barakaga aylanishadi». (Zab. 84:7; 1 Butr. 4:11)

VAZIFANGIZNI QADRLANG

Siz kabi ko‘pgina tayinlangan birodarlarning ma’nan o‘sayotganini ko‘rish juda daldali. Yuqorida tilga olingan Jeyson: «Oqsoqol sifatida xizmat qilib, ko‘p narsalarni o‘rgandim va o‘zimga ishonchim ortdi. Hozir bu xizmatimdan quvonch topyapman va uni katta sharaf deb bilaman!» — dedi.

Ma’naviy qadamlar qo‘yishda davom etasizmi? Timo‘tiydan o‘rganishni maqsad qiling. Shunda siz ham Xudoning xalqi uchun baraka bo‘lasiz.