Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Nima uchun Iso o‘limidan oldin Zabur 22:1 dagi so‘zlarni aytgan?

Iso o‘limidan avval aytgan so‘nggi so‘zlari Matto 27:46 da yozilgan: «Allohim, Allohim, nega meni tashlab qo‘yding?» Bu bilan u Zabur 22:1 dagi sano bastakori Dovudning so‘zlarini amalga oshirdi. (Mark 15:34) Iso Yahovadan xafa bo‘lgani yoki Unga bo‘lgan imoni tebrangani uchun mazkur so‘zlarni keltirgan, deb xulosa qilish noto‘g‘ri bo‘lardi. Iso nega o‘lishi kerakligining sababini yaxshi tushungan va buni o‘zi istab qilgan. (Mat. 16:21; 20:28) U, shuningdek, o‘layotgan paytda Yahova uni «himoya» qilmasligini bilgan. (Ayub 1:10) Shu yo‘sin, Yahova Iso qanday sharoitda o‘lishidan qat’i nazar, uzil-kesil sadoqatli qolishini isbotlashiga imkon bergan. (Mark 14:35, 36)

Xo‘sh, unda nega Iso bu so‘zlarni aytgan? Garchi aniq bilmasak-da, keling, taxminiy ba’zi sabablarini ko‘rib chiqamiz *.

Iso bu so‘zlarni keltirganda, Yahova uning o‘limiga aralashmasligini ta’kidlamoqchimidi? Iso Yahovaning yordamisiz to‘lovni taqdim etishi va har bir inson uchun «o‘limga ro‘baro‘ bo‘lishi» kutilardi. (Ibron. 2:9)

Iso bir nechta so‘zni iqtibos sifatida keltirib, boshqalarning e’tiborini butun sanoga qaratmoqchimidi? O‘sha paytlarda yahudiylar uchun Zaburning ko‘p sanolarini yodlab olish oddiy hol edi. Birorta sanodan atigi bitta oyat keltirilganda, o‘sha butun sano esga tushardi. Agar Iso shunday qilishni istagan bo‘lsa, yahudiy izdoshlariga o‘limi bilan bog‘liq ko‘p bashoratlarni eslashga yordam bermoqchi bo‘lgandir. (Zab. 22:7, 8, 15, 16, 18, 24) Qolaversa, Zaburdagi o‘sha bobning oxirgi oyatlarida Yahova madh etilgan va butun yer yuzi ustidan hukmronlik qilayotgani aytilgan. (Zab. 22:27–31)

Dovudning bu so‘zlarini keltirib, Iso beayb ekanini ta’kidlamoqchimidi? O‘limidan oldin Iso Xudoga qarshi gapirishda ayblanib, nohaq azob chekishiga to‘g‘ri kelgan. (Mat. 26:65, 66) Oliy Kengash kechasi tezda yig‘ilgan va Isoning ishi qonunga muvofiq ko‘rib chiqilmagan. (Mat. 26:59; Mark 14:56–59) Iso mazkur so‘zlarni ritorik savol sifatida keltirib, jazolanishga loyiq hech qanday ish qilmaganiga e’tibor qaratmoqchi bo‘lgandir.

Mazkur sanoning bastakori Dovud azob chekishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa-da, u Yahovaning roziligini yo‘qotmaganini Iso boshqalarga eslatmoqchimidi? Dovudning savoli imoni zaiflashib qolganini anglatmaydi. Bu savolni ko‘tarib, u Yahova xalqini qutqarishga va barakalar ato etishga qodir ekanini ko‘rsatmoqchi edi. (Zab. 22:23, 24, 27) Shu singari, «Dovudning O‘g‘li» Iso azob ustunida qiynalgan bo‘lsa-da, bu Yahova endi undan mamnun emasligini anglatmagan. (Mat. 21:9)

Iso benuqsonligini to‘liq namoyon etishi uchun Yahova uni himoya qilmasligini bilib, qattiq qayg‘uga botganmi? Isoning azob chekib, o‘lishi Yahovaning ilk niyatiga kirmagan. Odamato va Momohavo isyon ko‘targanidan keyingina bunga ehtiyoj tug‘ilgan. Iso hech qanday yomon ish qilmagan, ammo Shaytonning da’volariga javob berilishi va odamlar yo‘qotganini qaytarish maqsadida to‘lovning bahosini taqdim etish uchun u azob chekishi va o‘lishi kerak edi. (Mark 8:31; 1 Butr. 2:21–24) Yahova Isoni yer yuzidagi hayotida bir lahzaga va ilk marotaba himoyasidan ayriganidagina bu amalga oshishi mumkin edi.

Iso izdoshlariga Yahova nega u bu tarzda o‘lishiga yo‘l qo‘yganiga diqqat qaratishga yordam bermoqchimidi? * Iso azob ustunida jinoyatchi sifatida o‘ldirilishi ko‘plarni qoqintirishini bilgan. (1 Kor. 1:23) Bordi-yu, izdoshlari o‘limining chinakam sababiga diqqat qaratishganida, buning asl mohiyatini tushungan bo‘lishardi. (Galat. 3:13, 14) Shunda, ular Isoga jinoyatchi sifatida emas, balki Najotkor sifatida qarashardi.

Iso bu so‘zlarni keltirganining sababi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, boshidan kechirayotganlari Yahovaning unga nisbatan irodasining bir qismi ekanini tushungan. Mazkur so‘zlarni iqtibos sifatida keltirganidan ko‘p o‘tmay, u: «Amalga oshdi!» — deb aytgan. (Yuhan. 19:30; Luqo 22:37) Ha, Yahova qisqa vaqtga Isoni himoya qilmagani tufayli u yer yuzida bajarishi kerak bo‘lgan barcha ishni to‘liq amalga oshirgan. Qolaversa, bu orqali u «Musoning Tavrot kitobida, payg‘ambarlar kitoblarida va Zaburda» o‘zi haqida yozilganlarni amalga oshira olgan. (Luqo 24:44)

^ 2- x.b. Shuningdek, ushbu sondagi «Isoning so‘nggi so‘zlaridan saboqlar» nomli maqolaning 9- va 10-xatboshilariga qarang.

^ 4- x.b. Iso xizmati davomida aytgan fikrlar yoki ko‘targan savollar doim ham uning his-tuyg‘ularini aks ettirmagan. Shu yo‘sin, u izdoshlari o‘z fikrlarini bildirishiga imkon bergan. (Mark 7:24–27; Yuhan. 6:1–5; «Qo‘riqchi minorasi»ning 2010-yil, 15-oktabr sonining 4- , 5-sahifalariga qarang.)