Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16-TADQIQ MAQOLASI

To‘lov uchun minnatdorchilikni yo‘qotmang

To‘lov uchun minnatdorchilikni yo‘qotmang

Inson O‘g‘li... ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida bergani kelgan. MARK 10:45

18-QO‘SHIQ To‘lov uchun minnatdormiz

BU MAQOLADA *

1, 2. To‘lov bu nima va nega unga muhtojmiz?

MUKAMMAL bo‘lgan Odamato gunoh qilganida, nafaqat o‘zi, balki bo‘lajak farzandlari uchun ham abadiy yashash imkonini qo‘ldan boy bergan. Odamatoning qilgan bu ishini oqlab bo‘lmaydi. U bila turib gunoh qildi. Biroq farzandlari haqida nima desa bo‘ladi? Ularning Odamato qilgan gunohga aloqasi yo‘q edi. (Rim. 5:12, 14) Xo‘sh, ularni Odamato loyiq bo‘lgan o‘lim iskanjasidan qutqarishning biron chorasi bormidi? Ha! Odamato gunoh qilganidan sal vaqt o‘tgach, Yahova Odamatoning millionlab farzandlarini gunoh va o‘limdan qay yo‘sin qutqarishini sekin-asta oshkor etgan. (Ibt. 3:15) Shu bois, Yahova belgilagan vaqtda O‘g‘lini «ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida bersin» deb yer yuziga yubordi. (Mark 10:45; Yuhan. 6:51)

2 To‘lov bu nima? Bu so‘z Yunoncha yozuvlarda tilga olinganida, Iso Odamato yo‘qotgan narsaning evaziga to‘lagan narxga ishora qiladi. (1 Kor. 15:22) To‘lovga nega muhtojmiz? Sababi, Yahovaning Tavrotdagi adolat borasidagi qonuniga ko‘ra, jon evaziga jon talab qilinardi. (Chiq. 21:23, 24) Odamato mukammal hayotini yo‘qotdi. Xudoning adolatiga muvofiq bo‘lishi uchun Iso mukammal hayotini qurbon qildi. (Rim. 5:17) Shu yo‘sin, Iso to‘lovga ishongan barchaning «Abadiy ota»si bo‘ldi. (Ishayo 9:6; Rim. 3:23, 24)

3. Yuhanno 14:31 va 15:13 ga ko‘ra, nima uchun Iso mukammal hayotini qurbon qilishga tayyor bo‘lgan?

3 Iso samoviy Otasi va bizga nisbatan kuchli sevgisi tufayli o‘z hayotini qurbon qilishga tayyor edi. (Yuhanno 14:31; 15:13 ni o‘qing.) Bu sevgi tufayli u oxirigacha benuqson qolishga va Otasining irodasini amalga oshirishga qat’iy qaror qilgan edi. Iso o‘limigacha sadoqatli qolish orqali bunday qilgan edi. Natijada Yahovaning insoniyatga va yer yuziga nisbatan ilk niyati amalga oshadi. Ushbu maqolada nima uchun Xudo Iso o‘limidan oldin shunchalik ko‘p azob chekishiga yo‘l qo‘yganini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, to‘lovni nihoyatda qadrlagan Muqaddas Kitob yozuvchilaridan birining misoliga qisqacha diqqat qaratamiz. Oxirida esa Yahova hamda Iso taqdim etgan to‘lov uchun minnatdor ekanimizni qay yo‘sin ko‘rsatishimizni va bu minnatdorchilikni yanada oshirish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

NIMA UCHUN ISO AZOB CHEKKAN?

Iso biz uchun to‘lov keltirish maqsadida sabr-bardosh qilgan barcha azoblar haqida o‘ylab ko‘ring (4-xatboshiga qarang.)

4. Iso qanday o‘lganini tasvirlab bering.

4 Isoning yer yuzidagi hayotining so‘nggi kunida nimalar sodir bo‘lganini bir tasavvur qiling. Iso tumonat farishtalardan yordam so‘rashi mumkin edi. Lekin u Rim askarlari uni qo‘lga olishiga va beshafqatlarcha do‘pposlashiga yo‘l qo‘ydi. (Mat. 26:52–54; Yuhan. 18:3; 19:1) Ular qamchi bilan uni rosa savalashdi va jarohatlar yetkazishdi. Keyinroq ular Isoning qonab turgan badaniga og‘ir ustunni yuklashdi. Iso o‘sha ustunni qatl etiladigan joy tomon sudrab bordi. Ammo ko‘p o‘tmay bularni kuzatib turgan bir kishiga o‘sha ustunni ko‘tarib ketish buyurildi. (Mat. 27:32) Iso qatl joyiga yetib keldi, askarlar uning qo‘l-oyoqlarini ustunga mixlashdi. Isoning tana og‘irligidan mix qoqilgan joylar kengayardi. Uning do‘stlari qayg‘uda edi, onasi yig‘lardi. Biroq yahudiy din rahbarlari uni masxara qildi. (Luqo 23:32–38; Yuhan. 19:25) U bir necha soatdan beri azob tortardi. Uning yuragi siqilib, o‘pkasiga havo yetishmasdi va nafas olishi tobora qiyinlashardi. So‘nggi nafasi chiqar ekan, Iso Yahovaga baland ovozda oxirgi ibodatini aytdi. Nihoyat u boshini egdi va nafasi uzildi. (Mark 15:37; Luqo 23:46; Yuhan. 10:17, 18; 19:30) Bu chindan ham sekin, og‘riqli va sharmandalarcha o‘ldirilish edi.

5. Isoga eng ko‘p og‘riq keltirgan narsa nima edi?

5 Iso uchun u qay tarzda qatl etilishi eng dahshatli azob emasdi. Nima asosida qatl etilayotganining sababi u uchun azobli edi. Uni Xudoga qarshi gapirishda, ya’ni Xudoni va Uning ismini hurmat qilmaslikda ayblashgan. (Mat. 26:64–66) Bu haqida o‘ylashning o‘zi unga shunchalik azob keltirganki, Iso Otasi u shu tarzda kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligiga umid qilgan. (Mat. 26:38, 39, 42) Nega Yahova suyukli O‘g‘li azob chekib o‘lishiga yo‘l qo‘ygan? Keling, buning uchta sababini ko‘rib chiqaylik.

6. Nega Iso azob ustuniga osilishi kerak edi?

6 Birinchidan, Iso yahudiylarni la’natdan ozod qilish uchun ustunga osilishi kerak edi. (Galat. 3:10, 13) Ular Tavrotga binoan yashashga rozi bo‘lishdi, lekin bu uzoq davom etmadi. Shu bois, ular Odamatoning farzandlari sifatida o‘limga loyiq edi. Bu la’nat esa ularga yana bir qo‘shimcha bo‘ldi. (Rim. 5:12) Xudoning Isroilga bergan qonuniga ko‘ra, o‘lim jazosiga loyiq ishga qo‘l urgan kishi qatl etilishi kerak edi. So‘ng esa jasadi ba’zi vaziyatlarda ustunga osib qo‘yilardi *. (Qonun. 21:22, 23; 27:26) Iso ustunga osilgani tufayli uni rad etgan xalq uning qurbonligidan foyda olishiga yo‘l ochdi.

7. Xudo O‘g‘li azob chekishiga yo‘l qo‘yganining ikkinchi sababi qanday?

7 Endi esa Xudo O‘g‘li azob chekishiga yo‘l qo‘yganining ikkinchi sababiga diqqat qarataylik. Yahova Isoni bo‘lg‘usi Oliy ruhoniyimiz sifatida tayyorlayotgan edi. Iso nihoyatda og‘ir sinov ostida Allohga sadoqatli qolish qanchalar qiyin ekanini boshdan kechirgan. U shunchalik bosimni his qilganidan «faryod va ko‘z yoshlar bilan» yordam so‘rab iltijo qilgan. Shubhasizki, hissiy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan Iso bizning ehtiyojlarimizni tushunadi. Qolaversa, u «sinovni boshdan kechirayotganimizda» ham yordam berishga qodir. Yahova «zaifliklarimizni» tushunadigan rahmdil Oliy ruhoniyni tayinlagani uchun juda minnatdormiz. (Ibron. 2:17, 18; 4:14–16; 5:7–10)

8. Yahova Isoning shu qadar qattiq sinalishiga yo‘l qo‘yganining uchinchi sababi nimada?

8 Uchinchidan, Yahova quyidagi muhim savolga javob berilishi uchun Iso qattiq azob chekishiga yo‘l qo‘ygan: odamlar kuchli sinov paytida ham Yahovaga sadoqatni saqlay oladimi? Shaytonning aytishicha, yo‘q! U odamlar Xudoga g‘arazli niyatlar ila xizmat qilyapti, deb ta’kidlayapti. Uning fikricha, insonlar ilk otasi Odamato kabi Yahovani sevmaydi. (Ayub 1:9–11; 2:4, 5) Yahova O‘g‘li sadoqatli qolishiga amin bo‘lgani tufayli qattiq sinalishiga yo‘l qo‘ydi. Iso sadoqatni saqlab, Shayton yolg‘onchi ekanini isbotladi.

TO‘LOVNI NIHOYATDA QADRLAGAN MUQADDAS KITOB YOZUVCHISI

9. Havoriy Yuhannoning misolidan qanday saboq olyapmiz?

9 To‘lov borasidagi ta’limot ko‘pgina masihiylarning imonini mustahkamlab kelyapti. Ular qarshiliklarga qaramay, va’z qilishda davom etyapti va butun hayoti davomida har xil qiyinchiliklar ostida ham sabr-bardosh qilib kelyapti. Keling, havoriy Yuhannoning misoliga diqqat qaratamiz. U taxminan 60-yil davomida Masih va to‘lov borasida sadoqat ila va’z qilgan. Yuhanno deyarli 100 yoshda bo‘lganida, Rim hukumati uni xavfli jinoyatchi sifatida Patmos oroliga surgun qilgan. Xo‘sh, u nima jinoyat qilgan? «Xudo haqida gapirib, Iso to‘g‘risida shohidlik bergan». (Vah. 1:9) Imon va sabr-bardosh borasida naqadar ajoyib o‘rnak, shunday emasmi?!

10. Yuhanno to‘lovni qadrlaganini qay yo‘sin ko‘rsatgan?

10 Yuhanno ilohiy ilhom ostida Isoga bo‘lgan chuqur sevgisini va uning to‘lovi uchun minnatdorchiligini aytib o‘tgan. Yuhanno to‘lov yoki u keltirishi mumkin bo‘lgan barakalar haqida yuz martadan oshiq aytgan. Masalan, u shunday deb yozgan: «Mabodo kimdir gunohga qo‘l ursa, Otamiz yonida odil yordamchimiz — Iso Masih bor». (1 Yuhan. 2:1, 2) Qolaversa, Yuhanno «Iso haqida shahodat berish» muhim ekanini ta’kidlagan. (Vah. 19:10) Darhaqiqat, Yuhanno to‘lovni juda qadrlagan. Biz-chi, uni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

TO‘LOV UCHUN MINNATDOR EKANINGIZNI QAY YO‘SIN KO‘RSATA OLASIZ?

To‘lovni qadrlasak, gunoh qilish vasvasasiga berilmaymiz (11-xatboshiga qarang.) *

11. Vasvasaga berilmaslikka nima yordam bera oladi?

11 Gunoh qilish vasvasasiga berilmang. To‘lovni chindan ham qadrlasak, shunday deb o‘ylamaymiz: «Vasvasaga duch kelganimda, gunohga qo‘l urmaslik uchun jon kuydirmasam ham bo‘ladi. Vasvasaga berilib, noto‘g‘ri ish qilsam ham keyin kechirim so‘rayman». Bunday fikrlashning o‘rniga, biron noto‘g‘ri ish qilish vasvasasiga uchraganimizda, quyidagicha o‘ylasak bo‘ladi: «Yo‘q! Yahova hamda Iso menga qilgan ko‘p yaxshiliklardan keyin qanaqasiga bu ishga qo‘l ura olaman?» Buning ustiga, Yahovadan kuch so‘rab, «vasvasaga berilib ketishimizga yo‘l qo‘yma», deb iltijo qilishimiz mumkin. (Mat. 6:13)

12. Yuhannoning birinchi maktubi 3:16–18 dagi maslahatga qanday amal qilishimiz mumkin?

12 Birodar-u opa-singillarni seving. Bunday sevgini namoyon etganimizda, to‘lov uchun ham minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. Nega deganda, Iso nafaqat biz, balki birodar-u opa-singillarimiz uchun o‘z hayotini qurbon qilgan. Iso ular uchun o‘lishga tayyor bo‘lgan bo‘lsa, demak, ular uning nazarida qimmatbaho. (1 Yuhanno 3:16–18 ni o‘qing.) Imondoshlarimizga bo‘lgan sevgimizni ularga qilgan muomalamiz orqali namoyon etamiz. (Efes. 4:29, 31–5:2) Masalan, kasal bo‘lganida, og‘ir qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganida, jumladan, tabiiy ofatlarga duch kelganida, ularga yordam beramiz. Lekin imondoshimiz bizni ranjitadigan biron ish qilsa yoki gap aytsa, nima qilishimiz kerak?

13. Nega kechirimli bo‘lishimiz kerak?

13 Imondoshingizga nisbatan kek saqlashga moyilmisiz? (Lev. 19:18) Agar shunday bo‘lsa, quyidagi maslahatga amal qiling: «Bir-biringizga chidamli bo‘linglar va hatto kimningdir boshqadan arz qilishga sababi bo‘lsa, uni chin dildan kechirsin. Yahova sizlarni chin dildan kechirganidek, sizlar ham shunday yo‘l tutinglar». (Kolos. 3:13) Har safar imondoshimizni kechirganimizda, samoviy Otamizga to‘lovni chindan ham qadrlayotganimizni isbotlaymiz. Qay yo‘sin Xudoning bu hadyasi uchun minnatdorchiligimizni oshirishda davom eta olamiz?

TO‘LOV UCHUN MINNATDORCHILIGINGIZNI QAY YO‘SIN OSHIRA OLASIZ?

14. To‘lov uchun minnatdorchiligimizni oshirishning yo‘llaridan biri qanday?

14 To‘lov uchun Yahovaga minnatdorchilik bildiring. Hindistonda yashovchi 83 yoshli Yoanna ismli opamiz shunday dedi: «Har kuni ibodatlarda to‘lovni eslatib o‘tish va buning uchun minnatdorchilik bildirish muhim, deb o‘ylayman». Shaxsiy ibodatlaringizda kun mobaynida qilgan xatolaringiz haqida o‘ylang va Yahovadan kechirim so‘rang. Albatta, jiddiy gunoh sodir etgan bo‘lsangiz, oqsoqollardan ham yordam olishingiz kerak. Ular sizni tinglab, Xudoning Kalomidan sevgi ila maslahat berishadi. Ular siz bilan birga ibodat qiladi va Yahovadan Iso to‘lov qurbonligining bahosini sizga nisbatan qo‘llashda davom etishini so‘rashadi. Shu yo‘sin, ma’nan «sog‘ayib ketishingiz» mumkin. (Yoqb. 5:14–16)

15. Nega to‘lov haqida o‘qish va fikr yuritish uchun vaqt ajratishimiz lozim?

15 To‘lov ustida mulohaza yuriting. 73 yoshli Rajamani ismli opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Isoning azob chekkani borasida o‘qiganimda, ko‘zim yoshga to‘ladi». Siz ham Xudoning O‘g‘li qanchalar azob chekkani haqida o‘ylaganingizda, his-hayajonga to‘larsiz. Ammo Isoning qurbonligi haqida qancha ko‘p o‘ylasangiz, unga hamda Yahovaga bo‘lgan sevgingiz shuncha ko‘p oshadi. To‘lov ustida mulohaza yuritishingizga yordam bo‘lishi uchun bu mavzu borasida tadqiq o‘tkazib ko‘rarsiz.

Iso oddiy taom orqali shogirdlariga uning o‘limini qay yo‘sin xotirlash kerakligini ko‘rsatdi (16-xatboshiga qarang.)

16. Boshqalarga to‘lov haqida ta’lim berish bizga qanday foyda keltiradi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

16 Boshqalarga to‘lov haqida ta’lim bering. Har safar boshqalarga to‘lov haqida aytganimizda, unga bo‘lgan minnatdorchiligimiz oshadi. Boshqalarga nega Iso biz uchun o‘lganini tushuntirib berishimizga ko‘maklashadigan ajoyib asboblarimiz bor. Masalan, «Xudodan kelgan xushxabar» risolasining 4-darsidan foydalansak bo‘ladi. U «Iso Masih kim?» deb nomlanadi. Yoki «Muqaddas Kitob haqiqatlari»ning 5-bobidan foydalanishimiz mumkin. Bu bobning nomi «To‘lov — Xudoning qimmatbaho hadyasi». Qolaversa, har yili Isoning o‘limini xotirlash marosimiga borish va bunda bizga qo‘shilishlari uchun g‘ayrat ila boshqalarni taklif qilish orqali to‘lov uchun minnatdorchiligimizni oshira olamiz. Darhaqiqat, Yahova boshqalarga O‘g‘li haqida ta’lim berish kabi ajoyib sharafni ato etgan!

17. Nega to‘lov Xudoning insoniyatga bergan eng qimmatbaho hadyasi?

17 Chindan ham, to‘lov uchun minnatdor bo‘lish va minnatdorchilikni oshirishda davom etish uchun asosli sabablarimiz bor. Nomukammal bo‘lishimizga qaramay, to‘lov orqali Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishimiz mumkin. To‘lov tufayli Iblisning ishlari butunlayin barbod qilinadi. (1 Yuhan. 3:8) To‘lov tufayli Yahovaning yer yuziga nisbatan ilk niyati amalga oshadi. Butun yer yuzi jannatga aylanadi. Siz uchratadigan har bir inson Yahovani yaxshi ko‘rib, Unga xizmat qiladi. Shunday ekan, keling, to‘lov — Xudoning insoniyatga bergan eng ulkan hadyasi uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatishning yo‘llarini har kuni izlaylik.

20-QO‘SHIQ Aziz O‘g‘ling berding

^ 5- x.b. Nega Iso shafqatsizlarcha o‘ldirildi? Mazkur maqolada bu savolning javobini topamiz. Qolaversa, u to‘lov uchun bo‘lgan minnatdorchiligimizni oshirishga ko‘maklashadi.

^ 6- x.b. Jinoyatchilarni hali tirikligida ustunga mixlash yoki bog‘lash rimliklarning odati edi. Yahova O‘g‘li shu tarzda o‘ldirilishiga yo‘l qo‘ygan.

^ 55- x.b. RASMGA SHARH. Hech bir birodar vasvasaga berilmayapti. Biri noma’qul rasmga qarashni, boshqasi tamaki chekishni va uchinchisi pora olishni rad etyapti.