Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Agar masihiy Muqaddas Kitobda aytilgan sababga ega bo‘lmay turib xotinidan ajralsa va boshqasi bilan turmush qursa, jamoat uning oldingi va hozirgi nikohiga qanday qaraydi?

Bunday vaziyatda, agar erkak qayta turmush qursa jamoat oldingi nikohini tugatilgan, yangi nikohini esa kuchga ega deb hisoblaydi. Bu xulosaning sabablarini bilish uchun keling, Isoning ajralish va qayta nikoh qurish haqida aytgan so‘zlariga diqqat qarataylik.

Matto 19:9 da Iso nikohni tugatish, ya’ni ajralish uchun yagona sabab haqida shunday degan: «Kimki xotini unga bevafolik [jinsiy axloqsizlik] qilmagan bo‘lsa-da, undan ajralib o‘zgaga uylansa, zino qilgan bo‘ladi». Isoning bu so‘zlaridan ikkita narsani bilib olishimiz mumkin: 1) Muqaddas Kitobga binoan nikohni tugatish, ya’ni ajralish uchun yagona sabab jinsiy axloqsizlikdir. 2) Agar er Muqaddas Kitobdagi mana shu sababga ega bo‘lmay turib xotinidan ajralsa va boshqaga uylansa, zino qilgan bo‘ladi a.

Iso erkak jinsiy axloqsizlik qilib xotinidan ajralsa, xotini Muqaddas Kitobga binoan qayta turmush qurish huquqiga ega, deb aytmoqchimidi? Bu vaziyatga bog‘liq. Nikohda zino sodir etilganida, beayb turmush o‘rtoq erini kechirish yoki kechirmaslikni o‘zi hal qiladi. Xotin erini kechirmasa va u bilan qonunan ajralsa, ajralish jarayoni yakuniga yetgach ikkalasi ham boshqa oila qura oladi.

Boshqa tomondan, beayb turmush o‘rtoq nikohni saqlab qolishni juda istayotganini va shunday qilib erini kechirishga tayyor ekanini aytishi mumkin. Lekin zino sodir etgan er xotinining taklifini qabul qilmay bir tomonlama qonuniy ajrashsa-chi? Xotini kechirishga va nikohni saqlab qolishga tayyor bo‘lgani uchun er Muqaddas Kitobga binoan qayta turmush qurish huquqiga ega emas. Agar er bunday huquqqa ega bo‘lmay turib baribir boshqasiga uylansa, yana zino qilgan bo‘ladi. Bu esa uning qilmishi ko‘rib chiqilishi uchun takroran hakamlar qo‘mitasi tuzilishiga sabab bo‘ladi. (1 Kor. 5:1, 2; 6:9, 10)

Er Muqaddas Kitobga binoan qayta turmush qurish huquqiga ega bo‘lmasa, jamoat uning oldingi va hozirgi nikohiga qanday qaraydi? Muqaddas Kitobga binoan oldingi nikohi hali ham o‘z kuchini yo‘qotmagan bo‘ladimi? Beayb xotin sobiq erini kechirish yoki kechirmaslik qarorini chiqara oladimi? Jamoat yangi nikohni zinoli nikoh deb hisoblaydimi?

Beayb turmush o‘rtoq tirik, oila qurmagan yoki jinsiy axloqsizlik qilmagan bo‘lsa, oldinlari jamoat yangi qurilgan nikohni zinoli nikoh deb hisoblardi. Biroq Iso ajralish va qayta nikoh qurish haqida gapirganida beayb turmush o‘rtoqni tilga olmagan. Aksincha, u Muqaddas Kitobda aytilgan sababga ega bo‘lmay turib xotinidan ajralgan va boshqasi bilan oila qurgan erkak zino qilishini tushuntirgan. Bunday vaziyatda, ajralish va qayta turmush qurish (Iso buni zinoga tenglashtirgan) oldingi nikohga nuqta qo‘yadi.

«Kimki xotini unga bevafolik qilmagan bo‘lsa-da, undan ajralib o‘zgaga uylansa, zino qilgan bo‘ladi». (Mat. 19:9)

Agar er xotinidan bir tomonlama ajralib boshqa kishi bilan nikoh qursa, sobiq xotini, ya’ni beayb tomon uni kechirish yoki kechirmaslik tanlovidan endi mahrum bo‘ladi. Sobiq eri chiqargan qaror tufayli tanlovga ega bo‘lmagani uchun xotin har qanday aybdan xoli bo‘ladi. Qolaversa, jamoatning yangi nikohga bo‘lgan nuqtai nazari beayb tomonning vafotiga, qayta turmush qurishiga yoki jinsiy axloqsizlik qilishiga ham bog‘liq bo‘lmaydi b.

Yuqorida ko‘rib chiqilgan misolda er zino qilgan va bu ajralishga olib kelgan. Lekin er zino qilmay turib xotinidan ajralsa va keyin boshqasiga uylansa-chi? Yoki er ajralishdan oldin jinsiy axloqsizlik qilmagan bo‘lsa, ammo ajralgach bu qilmishga qo‘l ursa va sobiq xotini uni kechirishga tayyor ekaniga qaramay boshqa ayolga uylansa-chi? Bu misollarning hammasida ajralish va qayta nikoh qurish zino hisoblanib, oldingi nikoh tugatilishiga olib keladi. Chunki qurilgan yangi nikoh qonuniy kuchga ega hisoblanadi. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1979-yil 15-noyabr (ingl.) sonidagi 32- sahifada shunday deyilgan: «Endi er yangi oila qurdi va u shunchaki hammasini qoldirib sobiq xotinining oldiga qayta olmaydi. Ajralish, zino va qayta oila qurish oldingi nikohning tugatilishiga olib keldi».

Ushbu yangilangan tushunchamiz nikohni boshqa muqaddas deb bilmasligimizni yoki zinoni jiddiy gunoh sifatida qabul qilmasligimizni anglatmaydi. Agar er Muqaddas Kitobda aytilgan sababga ega bo‘lmay turib xotinidan ajralsa va Muqaddas Kitobga binoan qayta turmush qurish huquqiga ega bo‘lmay turib boshqa ayolga uylansa, zino qilgan bo‘ladi. Shunga uning masalasi hakamlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. (Yangi turmush o‘rtog‘i masihiy bo‘lsa, u ham zino qilganlikda ayblanib ishini hakamlar qo‘mitasi ko‘rib chiqadi.) Garchi yangi qurilgan nikoh zinoli nikoh hisoblanmasa-da, erkak kishi ko‘p yillar davomida hamda boshqa odamlar uning o‘tmishdagi qilmishidan xafa bo‘lishdan to‘xtamagunicha yoki u hurmatini tiklamagunicha jamoatdagi sharafli vazifalarni bajarish uchun talablarga mos kelmaydi. Oqsoqollar unga sharafli vazifani topshirishdan oldin sobiq xotinining (u xotiniga xiyonat qilgan bo‘lishi mumkin) va voyaga yetmagan farzandlarining (u farzandlarini tashlab ketgan bo‘lishi mumkin) hozirgi holati hamda sharoitini inobatga olishadi. (Mal. 2:14–16)

Ajralish va qayta nikoh qurishning jiddiy asoratlarini inobatga olgan holda masihiylar Yahovaga taqlid qilib, nikohni muqaddas tuzum deb hisoblashsa, dono yo‘l tutgan bo‘lishadi. (Voiz 5:4, 5; Ibron. 13:4)

a Tushunish osonroq bo‘lishi uchun bu maqolada zino qilgan turmush o‘rtoq er, beayb tomon esa xotin deb aytilgan. Lekin Mark 10:11, 12 da yozilganiday, Isoning bu borada bergan maslahati ham erga, ham xotinga tegishli.

b Bu yangi tushuncha. Chunki avvallari beayb tomon vafot etmagunicha, qayta turmush qurmagunicha yoki jinsiy axloqsizlik qilmagunicha yangi qurilgan nikoh zinoli nikoh hisoblanardi.