Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-TADQIQ MAQOLASI

56-QO‘SHIQ Haqiqat yo‘li hayot yo‘ling bo‘lsin

Kamolot sari intiling

Kamolot sari intiling

Kamolot sari intilaylik. (IBRON. 6:1)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yetuk masihiylar Xudoning irodasiga muvofiq qay yo‘sin fikr yuritishini va yo‘l tutishini hamda dono qarorlar chiqarishini bilib olamiz.

1. Yahova bizdan nimani talab qilyapti?

 JUFTLIK uchun eng baxtli onlaridan biri chaqalog‘i dunyoga kelishidir. Garchi ular bolajonini yaxshi ko‘rishsa ham, u doimo chaqaloq bo‘lib qolishini xohlashmaydi. Darhaqiqat, bolasi ulg‘aymasa, ular bundan juda xavotirlanishadi. Shunga o‘xshab, Yahova biz Isoning izdoshlari sifatida qo‘ygan ilk qadamlarimizdan suyunadi. Ammo ma’nan chaqaloq bo‘lib qolishimizni U sira ham istamaydi. (1 Kor. 3:1) Aksincha, U bizni yetuk masihiylar bo‘lishga chorlayapti. (1 Kor. 14:20)

2. Bu maqolada nimalarni bilib olamiz?

2 Xo‘sh, yetuk masihiy qanday bo‘ladi? Bunday inson bo‘lish uchun nimalar qilish darkor? Ulg‘ayishimizda qattiq ma’naviy ozuqa qanday ahamiyatga ega? Nega o‘zimizga haddan tashqari ishonishdan yiroqlashishimiz kerak? Bu maqolada ushbu savollarning javobini bilib olamiz.

YETUK MASIHIY QANDAY BO‘LADI?

3. Yetuk masihiy bo‘lish nima degani?

3 Muqaddas Kitobda yunonchadan o‘girilgan «yetuk» so‘zi «kamolotga erishgan», «mukammal» va «to‘liq rivojlangan» degan ma’nolarga ega. (1 Kor. 2:6) Chaqaloq ulg‘aygani kabi, biz ham Yahova bilan munosabatlarimizni kuchaytirishda davom etishimiz kerak. Shunda yetuk masihiy bo‘lamiz. Albatta, bu maqsadga erishgach ham ma’nan ulg‘ayishda davom etishimiz lozim. (1 Tim. 4:15) Barchamiz, jumladan, yoshlar ham ma’nan yetuk bo‘lishimiz mumkin. Qiziq, yetuk ekanimizni qanday aniqlay olamiz?

4. Yetuk masihiyni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?

4 Yetuk masihiy Xudoning barcha talablariga muvofiq yashaydi va nuqul o‘zi istagan ishlarni qilmaydi. Buning ustiga, u nomukammal bo‘lib, xatolar qilib turadi. Shunday bo‘lsa ham kundalik hayoti orqali u Xudoning irodasiga muvofiq tarzda fikr yuritib, yo‘l tutayotganini ko‘rsatadi. U yangi o‘zlikni kiyib oladi va tobora Yahova kabi fikr yuritishga jon kuydiradi. (Efes. 4:22–24) U Yahovaning qonun va prinsiplari asosida dono qarorlar chiqarishga o‘rganadi. Shuning uchun yurish-turishini boshqarib turadigan ko‘pdan-ko‘p qoidalar ro‘yxatiga muhtoj bo‘lmaydi. Dono qaror chiqarganda, unga binoan yo‘l tutishga ter to‘kadi. (1 Kor. 9:26, 27)

5. Ma’nan sust masihiy nimaga duch kelishi mumkin? (Efesliklarga 4:14, 15)

5 Ma’nan chaqaloq bo‘lib qolayotgan masihiy esa osonlikcha «ayyorlik» va «har turli ta’limot»ga laqqa tushib, fitna nazariyasi tarafdorlari hamda murtadlarning gap-so‘zlariga aldanib ketadi. (Efesliklarga 4:14, 15 ni o‘qing.) a U boshqalarga hasad qilishi, janjal ko‘tarishi, osonlikcha ranjishi yoki vasvasaga berilishi mumkin. (1 Kor. 3:3)

6. Yetuklik sari intilish jarayonini qanday misol orqali tushuntirib bera olasiz? (Rasmga ham qarang.)

6 Boya aytilganiday, ma’nan yetuklik sari intilish Kalomda odamning ulg‘ayishi bilan solishtiriladi. Masalan, bolaga fahm-farosat yetishmaydi. Shu bois kattalar uni himoya qilib, unga ko‘z-quloq bo‘lib turishi kerak. Deylik, ona qizchasiga yo‘ldan o‘tayotganda qo‘lini qo‘yib yubormaslikni aytadi. Qizi ulg‘aygani sayin onasi unga yo‘ldan o‘zi yakka o‘tishiga ruxsat berar. Biroq shunda ham o‘ng va chap tomonga qarab yo‘ldan o‘tishini eslatib turadi. Qizi ulg‘aygach esa bu kabi xavf-xatarlardan qanday qochishni biladi. Bolalar xavf-xatarlardan yiroqlashish uchun kattalarning yordamiga muhtoj bo‘lganiday, ma’nan sust masihiy ham ma’naviy xavf-xatarlardan qochish hamda dono qarorlar chiqarish uchun ko‘p hollarda yetuk masihiylarning yordamiga muhtoj bo‘ladi. Yetuk masihiylar esa qaror chiqarishi kerak bo‘lganda, masala bo‘yicha Yahovaning fikrini bilish uchun Kalomdagi prinsiplar asosida mulohaza yuritishadi. So‘ng bilib olganlariga amal qilishadi.

Ma’nan sust masihiy Kalomdagi prinsiplarga amal qilish orqali qay yo‘sin dono qarorlar chiqarish mumkinligiga o‘rganishi kerak (6-xatboshiga qarang.)


7. Yetuk masihiylar boshqalarning yordamiga muhtojmi?

7 Xo‘sh, bu yetuk masihiylar boshqalarning yordamiga muhtoj emasligini anglatadimi? Yo‘q. Ular ham gohida yordam so‘rashi zarur. Biroq ma’nan sust kishi boshqalar unga qanday yo‘l tutish kerakligini aytishini yoki uning o‘rniga qaror chiqarishini istaydi. Ma’nan yetuk inson esa Yahova har kim «o‘z aravasini o‘zi» tortishini kutayotganini tushunib, ko‘proq donolikka hamda tajribaga ega bo‘lgan kishilardan yordam so‘raydi. (Galat. 6:5)

8. Yetuk masihiylar bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

8 Yoshi kattalarning tashqi ko‘rinishi har xil bo‘lganiday, yetuk masihiylar ham turli fazilatlarga ega. Masalan, ular dono, g‘ayratli, saxiy va rahm-shafqatli. Shu sababli ikkita yetuk masihiy bir xil vaziyatga duch kelsa, Muqaddas Kitobga zid bo‘lmagan, lekin farq qiladigan xulosaga kelishi mumkin. Bu odatda masihiylar vijdoni asosida qaror chiqarishi kerak bo‘lgan vaziyatlarda yuz beradi. Buni tushungan holda, qarorlari turlicha bo‘lsa, ular bir-birini hukm qilishmaydi. Aksincha, ahil bo‘lib qolishga intilishadi. (Rim. 14:10; 1 Kor. 1:10)

QANDAY QILIB MA’NAN YETUK BO‘LA OLAMIZ?

9. O‘z-o‘zimizdan ma’nan yetuk bo‘lib qolamizmi? Tushuntiring.

9 Tabiiyki, vaqt o‘tib chaqaloq asta-sekin ulg‘ayadi, biroq ma’nan ulg‘ayish o‘z-o‘zidan yuz bermaydi. Masalan, Korinfdagi masihiylar xushxabarni qabul qilib, suvga cho‘mishgan, muqaddas ruhga ega bo‘lishgan va havoriy Pavlus o‘rgatgan narsalardan ancha foyda olishgan. (Havor. 18:8–11) Lekin suvga cho‘mishganidan bir necha yil o‘tgach, ko‘plari haliyam ma’nan ulg‘aymagan edi. (1 Kor. 3:2) Bu biz bilan ham yuz bermasligi uchun nima qila olamiz?

10. Yetuk bo‘lishimiz uchun nima qilishimiz kerak? (Yahudo 20)

10 Yetuk bo‘lish uchun avvalo ma’nan ulg‘ayish istagini kuchaytirishimiz lozim. «Jaholatni yaxshi ko‘ra»digan kishilar ma’naviy chaqaloq bo‘lib qolishni afzal ko‘rib, hech qachon yetuk insonga aylanmaydi. (Hik. 1:22) Jismonan to‘liq rivojlangan, lekin qarorlarni chiqarishda ota-onasiga bog‘lanib qolgan kishilarday bo‘lishni istamaymiz. Aksincha, ma’nan ulg‘ayishimizda mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishni xohlaymiz. (Yahudo 20 ni o‘qing.) Ma’nan yetuklik sari intilayotgan bo‘lsangiz, Yahova «istak uyg‘otib, kuch ato et»ishini ibodatda so‘rang. (Filip. 2:13)

11. Yetuk bo‘lishimiz uchun qanday yordam taqdim etilyapti? (Efesliklarga 4:11–13)

11 Yahova yolg‘iz o‘zimiz ma’nan yetuklik sari intilishimizni istamaydi. U kamolotga erishishimizga, «Masihning to‘liq qomatiga yetishgan insonday yetuk» bo‘lishimizga yordam berish uchun jamoatda cho‘ponlarni va ustozlarni bergan. (Efesliklarga 4:11–13 ni o‘qing.) Yahova «Masih kabi fikr yurit»ishimizga ko‘maklashish uchun muqaddas ruhini ham beradi. (1 Kor. 2:14–16) Bundan tashqari, Iso yer yuzida xizmat qilganda qanday fikr yuritganini, gapirganini va yo‘l tutganini ko‘rsatish uchun U bizga Injilni bergan. Isoning fikrlash tarzi va xatti-harakatlariga taqlid qilish orqali ma’nan yetuk masihiy bo‘lish maqsadingizga erishishingiz mumkin.

QATTIQ MA’NAVIY OZUQANING AHAMIYATI

12. «Masih haqidagi boshlang‘ich ta’limotlar» nimani o‘z ichiga oladi?

12 Yetuk bo‘lish uchun «Masih haqidagi boshlang‘ich ta’limotlarni» qoldirishimiz zarur. Bu degani asosiy ta’limotlardan ham ko‘prog‘ini o‘rganishimiz kerak. Bunga tavba qilish, imonga ega bo‘lish, suvga cho‘mish va tirilish borasidagi ta’limotlar kiradi. (Ibron. 6:1, 2) Bu hamma masihiylar ishonadigan ba’zi asosiy ta’limotlar. Shu bois havoriy Butrus ularni Hosil bayramida xaloyiqqa va’z qilganda aytgan. (Havor. 2:32–35, 38) Masihning shogirdi bo‘lish uchun bu asosiy ta’limotlarni qabul qilishimiz lozim. Misol uchun, Pavlus tirilishga ishonmasak, o‘zimizni Masihning chinakam izdoshlari deb ayta olmasligimizni ta’kidlagan. (1 Kor. 15:12–14) Ammo bunday asosiy ta’limotlar bilangina kifoyalanmasligimiz lozim.

13. Ibroniylarga 5:14 da tilga olingan qattiq ma’naviy ozuqadan foyda olish uchun nima qilishimiz kerak? (Rasmga ham qarang.)

13 Asosiy ta’limotlardan farqli ravishda qattiq ma’naviy ozuqa o‘z ichiga nafaqat Yahovaning qonunlarini, balki fikrlash tarzini tushunishga ko‘maklashadigan prinsiplarini ham oladi. Bu ozuqa bizga foyda keltirishi uchun Xudoning Kalomini tadqiq qilishimiz, ustida fikr yuritishimiz va bilib olganlarimizga astoydil amal qilishimiz kerak. Shu yo‘sin, Yahovani mamnun qiladigan qarorlarni chiqarish odatiga ega bo‘lamiz. (Ibroniylarga 5:14 ni o‘qing.) b

Qattiq ma’naviy ozuqa yordamida Yahovani mamnun qiladigan qarorlar chiqarishga o‘rgana olamiz (13-xatboshiga qarang.) c


14. Pavlus korinfliklarga yetuklik sari intilishga qanday yordam bergan?

14 Sust masihiylar odatda Muqaddas Kitob asosidagi muayyan qonun bo‘lmasa, to‘g‘ri qaror chiqarishga qiynalishadi. Bunday qonun bo‘lmasa, ba’zilar xohlaganday yo‘l tutishim mumkin deb o‘ylar. Ayrimlar esa hech qanday qoida talab etilmasa ham qoida o‘rnatilishini so‘rar. Masalan, Korinfdagi masihiylar Pavlusdan butlarga atalgan yeguliklarni yeyish mumkin yoki mumkin emasligi borasida qoida o‘rnatishini so‘raganga o‘xshaydi. U javoban qanday yo‘l tutish kerakligini aytishning o‘rniga, vijdon qanday ahamiyatga va inson tanlash «huquqi»ga ega ekanini ta’kidlagan. Pavlus bir nechta prinsipni aytgan. Ularning yordamida korinfliklar vijdoni qiynamaydigan va boshqalarni qoqintirmaydigan qaror chiqara olishgan. (1 Kor. 8:4, 7–9) Pavlus ularni kimningdir ta’siri ostida yoki shunchaki qoidalar izlashning o‘rniga, aql-idrokni ishga solish orqali Yozuvlardan foydalanib shaxsiy qarorlar chiqarishga o‘rgatgan.

15. Pavlus ibroniy masihiylarga ma’nan ulg‘ayishga qay yo‘sin yordam bergan?

15 Pavlus ibroniy masihiylarga yozgan maktubdan ham muhim saboq olyapmiz. Ba’zilar ma’nan o‘sishda to‘xtab qolgan; ularga «qattiq [ma’naviy] ozuqa emas, balki sut kerak» bo‘lib qolgan. (Ibron. 5:12) Ular Yahova jamoat orqali taqdim etgan yangi haqiqatlarni o‘rganib, ularni qabul qilishdan bosh tortishgan. (Hik. 4:18) Misol uchun, ko‘p yahudiy masihiylar hatto deyarli 30 yil avval Isoning qurbonligi Musoning Qonuniga chek qo‘ygan bo‘lsa ham uni olg‘a surishgan. (Rim. 10:4; Titus. 1:10) O‘sha 30 yil masihiylar Musoning Qonuniga amal qilmaslik kerakligini tushunishi uchun yetarli edi. Pavlusning ilohiy ilhom ostida yozilgan Ibroniylarga yo‘llangan maktubini o‘qigan har bir kishi u qattiq ma’naviy ozuqadan iborat ekaniga amin bo‘ladi. Bu maktub Yahovaga topinishning yangi yo‘li Iso orqali ekanini ko‘rishga ularga ko‘maklashgan. U, shuningdek, yahudiylarning qarshiliklariga qaramay, tinmay va’z qilish uchun jasorat baxsh etgan. (Ibron. 10:19–23)

O‘ZINGIZGA HADDAN TASHQARI KO‘P ISHONMANG

16. Yetuklik sari intilish bilan birga yana nima qilishimiz kerak?

16 Biz nafaqat yetuk bo‘lishimiz, balki bu jarayon to‘xtab qolmasligiga intilishimiz lozim. Buning uchun o‘zimizga haddan tashqari ko‘p ishonishdan ehtiyot bo‘lish talab etiladi. (1 Kor. 10:12) To‘xtab qolmaganimizga amin bo‘lish uchun o‘zimizni «sinab» turishimiz kerak. (2 Kor. 13:5)

17. Pavlusning Kolosaliklarga yo‘llangan maktubida yetuk bo‘lib qolish kerakligi qanday ta’kidlangan?

17 Pavlusning Kolosaliklarga yo‘llangan maktubida ham yetuk bo‘lib qolish muhim ekani ta’kidlangan. Ular yetuk masihiy bo‘lishsa ham Pavlus ularni bu dunyoga xos fikrlash tarziga qarshi kurashishga undagan. (Kolos. 2:6–10) O‘sha jamoatdagilarni, hoynahoy, yaxshi tanigan Epafras ular uchun doimo ibodat qilib, «oxirigacha yetuk bo‘lishi»ni so‘ragan. (Kolos. 4:12) Bundan qanday saboq olyapmiz? Ham Pavlus, ham Epafras yetuk bo‘lib qolish uchun harakat qilish va Xudoning qo‘llab-quvvatlashi muhim ekanini tushunishgan. Ular kolosaliklar duch kelishi mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchilikka qaramay, ma’nan yetuk yoki kamolotga erishgan masihiy bo‘lishlarini xohlashgan.

18. Yetuk masihiylar bilan nima yuz berishi mumkin? (Rasmga ham qarang.)

18 Pavlus ibroniylarni yetuk masihiy Xudoning roziligini abadulabad yo‘qotishi mumkin, deb ogohlantirgan. Masihiy shunchalik bag‘ritosh bo‘lib ketganidan, tavba qilish hamda Xudo tomonidan kechirilish imkonini izlash qo‘lidan kelmay qolishi mumkin. Yaxshiyamki, bu ibroniylar bilan yuz bermagan. (Ibron. 6:4–9) Xo‘sh, faoliyatsiz bo‘lgan yoki jamoatdan chetlatilgan, lekin keyinchalik tavba qilgan insonlar to‘g‘risida nima desa bo‘ladi? Ular kamtarlik ila tavba qilish orqali Pavlus yozgan kishilarday emasligini namoyon etishyapti. Albatta, ular Yahovaga qaytganda, Uning yordamiga muhtoj bo‘lishadi. (Hiz. 34:15, 16) Oqsoqollar ularga ma’nan tiklanishga yordam berishlarini yetuk masihiylardan so‘rashi mumkin.

Yahova ma’nan tiklanishga muhtoj bo‘lganlar uchun yordam taqdim etyapti (18-xatboshiga qarang.)


19. Qanday maqsadga ega bo‘lishimiz lozim?

19 Yetuk masihiy bo‘lish payida bo‘lsangiz, maqsadingizga erisha olasiz! Qattiq ma’naviy ozuqani o‘rganishda davom etib, Yahova kabi fikr yuritishga intiling. Bordi-yu, yetuk masihiy bo‘lsangiz, ma’nan o‘sishda to‘xtab qolmaslik uchun hozir va toabad jon kuydiring!

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Yetuk masihiy bo‘lish nima degani?

  • Qanday qilib ma’nan ulg‘aya olamiz?

  • Nega o‘zimizga haddan tashqari ko‘p ishonmasligimiz kerak?

65-QO‘SHIQ Olg‘a bos!

a «JW Library®» ilovasidagi va jw.org saytidagi «Qo‘shimcha maqolalar» turkumida «O‘zingizni noto‘g‘ri ma’lumotdan himoya qiling» nomli maqolaga qarang.

b Bu sondagi «Tadqiq uchun tavsiyalar» nomli maqolaga qarang.

c RASMGA SHARH. Birodar televizorda nimani tomosha qilishini hal qilayotib Xudoning Kalomidan bilib olgan prinsiplarga amal qilyapti.