Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-TADQIQ MAQOLASI

111-QO‘SHIQ Yahova — chin shodlik Manbaidir

Ma’naviy jannatni aslo tark etmang

Ma’naviy jannatni aslo tark etmang

Men yaratayotgan narsalarga qarab, quvoning, toabad shodlaning. (ISHAYO 65:18)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Ma’naviy jannat bizga qanday foyda keltirishini va boshqalarni u yerga qay yo‘sin jalb qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Ma’naviy jannat nima degani va nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

 BUGUNGI KUNDA yer yuzida jannat bor va u yaxshi ishlar bilan band odamlarga to‘la. U yerda tinchlikdan zavq olayotgan millionlab odamlar yashaydi. O‘sha jannatda bo‘lganlar u yerni tark etishni sira ham xohlamaydi. Shuningdek, ular imkon qadar ko‘p insonlarni u yerga taklif qilishni istashadi. Qiziq, bu qanday jannat? Bu ma’naviy jannat a.

2. Ma’naviy jannat nimasi bilan o‘zgacha?

2 Shunisi qiziqki, Yahova Shaytonning yovuz, nafratga va xavf-xatarga to‘la dunyosida sokin bir joyni barpo etgan. (1 Yuhan. 5:19; Vah. 12:12) Mehribon Tangrimiz bu dunyoning zararli ta’sirini ko‘ryapti va biz ma’nan gullab-yashnashimiz uchun kerakli narsalarni taqdim etyapti. Uning Kalomidan ma’naviy jannat «boshpana» hamda «sug‘orilgan bog‘» deb aytilganini bilib olyapmiz. (Ishayo 4:6; 58:11) Yahovaning barakasi bilan bu jannatda yashayotganlar ushbu og‘ir oxirgi kunlar pallasida o‘zini baxtli va bexatar his qilishyapti. (Ishayo 54:14; 2 Tim. 3:1)

3. Ishayo 65-bobdagi bashorat ilk bor qanday amalga oshgan?

3 Ishayo payg‘ambar orqali Yahova ma’naviy jannatda yashaydiganlarning hayoti qanday bo‘lishini tasvirlagan. Bu borada Ishayo 65-bobda o‘qishingiz mumkin. U yerdagi so‘zlar ilk bor mil. avv. 537-yili amalga oshgan. O‘shanda tavba qilgan yahudiylar Bobil asirligidan ozod bo‘lib, ona yurtiga qaytishgan. Yahova xalqiga baraka berib, vayron bo‘lgan Quddus shahrini obodonlashtirishga va Isroilda haq topinishning markazi sifatida ma’badni tiklashga ko‘maklashgan. (Ishayo 51:11; Zakr. 8:3)

4. Ishayo 65-bobdagi bashorat bizning zamonamizda qanday amalga oshyapti?

4 Ishayoning bu bashorati ikkinchi marta mil. 1919-yili amalga osha boshladi. O‘shanda Yahovaning xizmatchilari Buyuk Bobil asirligidan ozod bo‘lishdi. So‘ng ma’naviy jannat asta-sekin kengaya boshladi. G‘ayratli Shohlik xabarchilari ko‘p jamoatlar tashkillashtirishdi va Xudoga yoqadigan fazilatlarni namoyon etishdi. Qachondir vahshiy bo‘lgan va axloqsiz hayot tarzini kechirgan erkag-u ayollar «Xudoning niyatiga ko‘ra yaralgan yangi o‘zlikni kiyib oli»shdi. (Efes. 4:24) Albatta, Ishayo aytgan barakalarning ko‘pi bo‘lajak yangi dunyoda tom ma’noda amalga oshadi. Lekin hatto hozir majoziy jannatda bo‘lib ko‘p foyda olyapmiz. Keling, bu ma’naviy jannat bizga qanday ta’sir qilayotganini va nega uni aslo tark etmasligimiz kerakligini bilib olaylik.

MA’NAVIY JANNATDAGILAR O‘ZINI QANDAY HIS QILADI?

5. Ishayo 65:13 da va’da qilinganiday, ma’naviy jannatda nimadan zavqlanyapmiz?

5 Sog‘lom bo‘lib, tasalliga ega bo‘lishadi. Ishayoning bashoratidan ma’naviy jannat ichidagi va tashqarisidagi odamlarning hayoti o‘rtasida katta farq borligini ko‘ryapmiz. (Ishayo 65:13 ni o‘qing.) Yahova xizmatchilarining ma’naviy ehtiyojlarini to‘liq qondiryapti. Biz muqaddas ruhga egamiz, Kalomni o‘qishimiz mumkin va unga asoslangan ma’naviy ozuqamiz bor. Bu «to‘q bo‘l»ishimizga, «tashna yur»masligimizga va quvonishimizga ko‘maklashyapti. (Vahiy 22:17 ni solishtiring.) Ammo ma’naviy jannatning tashqarisidagilar haqida bunday ayta olmaymiz, ular «och», «tashna» yurishibdi va «uyatga» qolishyapti. Ularning ma’naviy ehtiyojlari qondirilmayapti. (Amos 8:11)

6. Yo‘el 2:21–24 da Yahova bizga berayotgan qaysi ayrim hadyalar aytilgan va ular qanday foyda keltirishi mumkin?

6 Yo‘el payg‘ambar bashoratida don, sharob va zaytun moyi kabi zaruriy narsalarni tilga olib, Yahova saxiylik ila xalqini kerakli narsalar, jumladan, ma’naviy rizq-ro‘z bilan ta’minlayotganini ko‘rsatgan. (Yo‘el 2:21–24) Masalan, U buni Kalomi va unga asoslangan adabiyotlar, veb-saytimiz, yig‘ilishlarimiz hamda anjumanlarimiz orqali qilyapti. Ma’naviy rizq-ro‘zdan kunda zavq olishimiz mumkin, natijada esa o‘zimizni ancha sog‘lom his qilib, tasalliga ega bo‘lamiz.

7. Nima tufayli «qalb» holatiimiz yaxshi bo‘ladi? (Ishayo 65:14)

7 Baxt va mamnuniyat his qilishadi. Xudoning xizmatchilari «shodlikka to‘lib hayqiradi», chunki ular Undan minnatdor. (Ishayo 65:14 ni o‘qing.) Imonga imon qo‘shadigan haqiqatlar, Kalomdagi tasalli beruvchi va’dalar va mustahkam umidimiz Masihning to‘lov qurbonligiga asoslanib, «qalbi»mizni yaxshi holatda saqlashga ko‘maklashyapti. Bular borasida imondoshlarimiz bilan gaplashsak, juda baxtiyor bo‘lamiz. (Zab. 34:8; 133:1–3)

8. Ma’naviy jannatning ikkita asosiy xususiyati qanday?

8 Yahovaning xalqi orasidagi sevgi va yakdillik ma’naviy jannatning ikkita asosiy xususiyatidir. Bu «birlashtiradigan sevgi» yangi dunyoda hayot qanday bo‘lishini tasavvur qilishimizga yordam beradi. O‘shanda Yahovaning xizmatchilari hozirgidan ham ko‘proq sevgi his qilib, birlashgan bo‘ladi. (Kolos. 3:14) Bitta opamiz ilk bor Yahovaning xizmatchilari bilan tanishganda e’tibor bergan narsalari haqida shunday dedi: «Qanday qilib baxtli bo‘lish, hatto oilamda ham buni qanday uddalash mumkinligini bilmasdim. Ilk bor amalda sevgini Yahovaning Shohidlari orasida ko‘rdim». Chinakamiga baxtli va mamnun bo‘lishni istagan har bir kishi ma’naviy jannatga kelishi lozim. Bu dunyodagilar Yahovaning xizmatchilari haqida qanday fikrda bo‘lmasin, Uning noyob oilasida maqtovga sazovor nom yoki obro‘ga ega bo‘lishadi. (Ishayo 65:15)

9. Ishayo 65:16, 17 ga ko‘ra, hayotimizdagi qiyinchiliklar bilan nima bo‘ladi?

9 O‘zlarini bemalol va xotirjam his qilishadi. Ishayo 65:14 da aytilishicha, ma’naviy jannatning tashqarisida bo‘lganlarning qalbi qayg‘uga to‘lganidan «dod-voy» soladi, ruhi ezilganidan «fig‘on» chekadi. Biroq Xudoning xizmatchilariga og‘riq va azob keltirayotgan barcha narsa haqida nima desa bo‘ladi? Oxir-oqibat, ular «unutiladi, ular [Xudoning nazaridan] g‘oyib bo‘ladi». (Ishayo 65:16, 17 ni o‘qing.) Yahova muammolarimizni yo‘qqa chiqaradi, vaqti kelganda esa bunday og‘riqli xotiralar butkul unutiladi.

10. Nega imondoshlar bilan birga vaqt o‘tkazish imkoniyati uchun minnatdorsiz? (Rasmga ham qarang.)

10 Hatto hozir yig‘ilishlarimizda bo‘lganimizda o‘zimizni ancha xotirjam his qilamiz. U yerda o‘zimizni bemalol his qilib, bu yovuz dunyodagi halovatimizni buzayotgan narsalar ortda qoladi. Shuningdek, muqaddas ruh samarasi bo‘lmish sevgi, sevinch, tinchlik, mehribonlik va muloyimlik fazilatlarini namoyon etganimizda, imondoshlarimiz o‘zini xotirjam his qilishiga ko‘maklashamiz. (Galat. 5:22, 23) Ha, Xudoning tashkilotida bo‘lish katta baraka! Ma’naviy jannatdagilar Allohning «yangi osmon va yangi yer» to‘g‘risidagi va’dasi to‘liq amalga oshishini ko‘rishadi.

Ma’naviy jannatda Xudoning oilasi orasida bo‘lishdan zavqlanish barakadir! (10-xatboshiga qarang.) c


11. Ishayo 65:18, 19 ga ko‘ra, Yahova barpo etgan ma’naviy jannat bizga qanday ta’sir qilishi lozim?

11 Minnatdor bo‘lib, zavqlanishadi. Shuningdek, Ishayo payg‘ambar nega quvonishimiz va shodlanishimiz kerakligini tushuntirgan. Bilamizki, ma’naviy jannatni Yahova barpo etgan. (Ishayo 65:18, 19 ni o‘qing.) Shuning uchun ham Yahova biz orqali odamlarga U to‘g‘risida haqiqatni o‘rgatmayotgan bu dunyodagi tashkilotlarni tark etishga va ularga ko‘rkam ma’naviy jannatning bir qismi bo‘lishga yordam berayotganidan hayron emasmiz. Haqiqatni bilish bizga baraka va zavq keltiryapti. Uni boshqalarga aytishni juda ham istaymiz. (Yerm. 31:12)

12. Ishayo 65:20–24 da yozilgan va’dalar sizga qanday ta’sir qilyapti va nima uchun?

12 Ma’naviy jannat fuqarolari sifatida umidga ega bo‘lganimizdan minnatdormiz va bundan zavqlanyapmiz. Xudoning yangi dunyosida ko‘radigan va qiladigan narsalar borasida bir o‘ylab ko‘ring! Muqaddas Kitobda shunday va’da qilingan: «Atigi bir necha kun umr ko‘rgan go‘daklar ham, yoshini yashamay qazo qilgan keksalar ham boshqa bo‘lmaydi». Uylar qurib, bu uylarda yashaymiz, uzumzorlar barpo etib, hosilidan yeymiz. «Yahovadan baraka topgan»imiz uchun «behudaga mehnat» qilmaymiz. U bizga chinakam mazmunga to‘la xavfsiz va qoniqarli hayotni va’da qilyapti. «Ular hali chaqirmasidan» U har bir kishining ehtiyojlarini biladi va «har bir tirik jonning istagini qondira»di. (Ishayo 65:20–24; Zab. 145:16)

13. Odamlar Yahovaga xizmat qila boshlaganda hayoti o‘zgargani Ishayo 65:25 da qanday ta’riflangan?

13 Tinchlik va xavfsizlik his qilishadi. Ilgari shafqatsiz, zo‘ravon yoki aldoqchi bo‘lgan ko‘plar Xudo ruhining ko‘magi bilan hayotini tubdan o‘zgartirishdi. (Ishayo 65:25 ni o‘qing.) Ular yomon illatlarini tag-tomiri bilan sug‘urib tashlashga jon kuydirishdi. (Rim. 12:2; Efes. 4:22–24) Albatta, Xudoning xizmatchilari ham nomukammal, shunga xatolar qilib turishadi. Lekin Yahova «har turli insonlar»ni sevgi va tinchlik kabi uzilmas rishtalar bilan birlashtirdi. (Titus. 2:11) Buni faqat qodir Tangri qila oladigan mo‘jiza desa bo‘ladi!

14. Ishayo 65:25 dagi so‘zlar bitta birodarning misolida qanday amalga oshdi?

14 Odamlar chindan ham shaxsiyatini o‘zgartira oladimi? Bitta misolni ko‘rib chiqaylik. Bir yigit axloqsiz va zo‘ravon hayot kechirgani uchun 20 yoshga kirguncha bir necha marta qamalgan edi. U mashina o‘g‘irlash, talonchilik va boshqa og‘ir jinoyatlar uchun qamoqda o‘tirgan. U doim kim bilandir yoqalashishga shay turardi. Ilk bor Muqaddas Kitobdagi haqiqatni eshitganida, yig‘ilishlarimizga borishni boshlaganida, u yashash uchun arziydigan narsani — ma’naviy jannatni topganiga amin bo‘ldi. Suvga cho‘mgach, u ko‘p hollarda Ishayo 65:25 dagi so‘zlar unda qanday amalga oshgani ustida fikr yuritadi. Darhaqiqat, bo‘riga o‘xshash vahshiy kishi qo‘ziday tinchliksevar insonga aylandi.

15. Nega boshqalarga ma’naviy jannatga qo‘shilishni taklif qilamiz va buni qanday qila olamiz?

15 Ishayo 65:13 shunday so‘zlar bilan boshlanadi: «Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda». Ishayo 65:25 esa «demoqda Yahova» degan so‘zlar bilan tugaydi. Chindan ham Allohning so‘zlari doim rost bo‘lib chiqadi. (Ishayo 55:10, 11) Ma’naviy jannat hozir mavjud. Yahova xizmatchilaridan iborat bo‘lgan chinakamiga noyob oilani barpo qilgan. Ushbu oilada nisbatan tinchlik topishimiz va bu yovuz dunyoda bor bo‘lgan xavfsiz vohada zavqlanishimiz mumkin. (Zab. 72:7) Shu sababli imkon qadar ko‘p insonlarga bu oilamizga qo‘shilishga yordam bermoqchimiz. Buni shogird tayyorlash ishiga diqqat qaratish orqali qila olamiz. (Mat. 28:19, 20)

BOSHQALARNI MA’NAVIY JANNATGA QANDAY JALB QILA OLAMIZ?

16. Odamlarni ma’naviy jannatga kelishga nima undashi mumkin?

16 Har birimiz boshqalarni ma’naviy jannatga jalb qilishda o‘z hissamizni qo‘sha olamiz. Buning uchun Yahovaga taqlid qilishimiz kerak. U insonlarni tashkilotiga majburlab olib kelmaydi. Aksincha, odamlarni o‘ziga yumshoqlik ila «jalb qil»adi. (Yuhan. 6:44; Yerm. 31:3) Yahovaning sevgiga boy fazilatlari va ajoyib shaxsiyati borasida ta’lim olayotgan qalbi toza insonlar Unga yaqinlashishi tabiiy. Xo‘sh, biz-chi, go‘zal fazilatlarimiz va yaxshi xulq-atvorimiz orqali odamlarni ma’naviy jannatga qanday jalb qila olamiz?

17. Boshqalarni ma’naviy jannatga qanday jalb qila olamiz?

17 Boshqalarni ma’naviy jannatga jalb qilishning bir yo‘li imondoshlarga sevgi va mehribonlik ila munosabat ko‘rsatishdir. Haqiqatga qiziqish bildirgan insonlar yig‘ilishlarimizga qatnay boshlaganda, xuddi o‘tmishda Korinfdagi yig‘ilishlarga borgan imondosh bo‘lmagan insonlarday xulosaga kelishini istaymiz. Ular: «Chindan ham Alloh sizlar bilan ekan»,— deb aytishgan. (1 Kor. 14:24, 25; Zakr. 8:23) Shu yo‘sin, «o‘zaro tinch-totuv yashanglar» degan maslahatga amal qilishda davom etishimiz darkor. (1 Salon. 5:13)

18. Odamlarni tashkilotimizga nima jalb qilishi mumkin?

18 Birodar-u opa-singillarimizga Yahova kabi qarashimiz kerak. Buni ularning oxiri yo‘q bo‘lib ketadigan kamchiliklariga emas, ijobiy tomonlariga diqqat qaratish orqali qila olamiz. Oramizdagi tushunmovchiliklarni doim bir-birimizga «mehribon, rahm-shafqatli» bo‘lish va chin dildan kechirish orqali sevgi ruhida hal qilishimiz mumkin. (Efes. 4:32) Shunda ma’naviy jannat o‘ziga xuddi shunday munosabat ko‘rsatilishini istaydigan kishilarni jalb qiladi b.

MA’NAVIY JANNAT ICHIDA BO‘LING

19. a) « Ular ketgan, lekin yana qaytgan» nomli ramkada keltirilganiday, ma’naviy jannatga qaytganlarning ba’zilari nima degan? b) Nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak? (Rasmga ham qarang.)

19 Ma’naviy jannatimiz uchun minnatdormiz! U ilgarigidan ham ko‘rkam va u yerda har qachongiga qaraganda Yahovaning xizmatchilari ko‘p. Keling, Yahova biz uchun yaratgan bu jannat borligidan minnatdor bo‘laylik. Tasalliga ega bo‘lishni, mamnun, xotirjam va xavfsizlikda bo‘lishni istagan har qanday inson ma’naviy jannatga kelib, uni hecham tark etmasin! Hushyor bo‘ling, chunki Shayton bizni undan uzoqlashtirish uchun qo‘lidan kelganini qilyapti. (1 Butr. 5:8; Vah. 12:9) U g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymasligimiz muhim. Keling, ko‘rkam, pok va tinch ma’naviy jannatni himoya qilish uchun jon kuydiraylik!

Ma’naviy jannatda qolayotganlar kelajakdagi tom ma’nodagi jannatda ham bo‘lishdan zavqlanadi (19-xatboshiga qarang.)


QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Ma’naviy jannat nima degani?

  • Ma’naviy jannatda qanday barakalardan zavqlanyapmiz?

  • Boshqalarni unga qay yo‘sin jalb qila olamiz?

144-QO‘SHIQ Sovringa qarab choping!

a IBORA MA’NOSI. «Ma’naviy jannat» Yahovaga zavqlanib topinayotgan xizmatchilar orasidagi tinch muhitni bildiradi. Bu jannatda Yahova hamda bir-birimiz bilan tinch munosabatlarga ega ekanimizdan baxtiyormiz.

b Bir opamiz ma’naviy jannatda bo‘lgani uchun olayotgan barakalarini ko‘rish uchun jw.org saytida «Ular hozir qayerda? Alyona Jitnikova. Orzuim qanday amalga oshdi?» nomli videoni tomosha qiling.

c RASMGA SHARH. Ko‘plar Yig‘ilish zalida birga muloqot qilishdan foyda olyapti, bitta birodar esa o‘zini chetga olyapti.