16-TADQIQ MAQOLASI
64-QO‘SHIQ O‘rim-yig‘imda quvonch ila qatnashamiz
Qay yo‘sin xizmatda quvonchni oshira olamiz?
Xursand bo‘lib Yahovaga xizmat qiling. (ZAB. 100:2)
NIMANI BILIB OLAMIZ?
Bu maqoladan xizmatda ko‘proq quvonch topish uchun qanday qadamlar qo‘yish mumkinligini bilib olamiz.
1. Ba’zilar xizmatda boshqalar bilan suhbatlashish borasida nimalarni his qiladi? (Rasmga ham qarang.)
YAHOVANING xalqi sifatida samoviy Otamizni sevganimiz va boshqalarga Uni tanib-bilishda ko‘maklashishni istaganimiz uchun va’z qilamiz. Shohidlik berish ko‘pgina va’zgo‘ylarning jon-u dili. Lekin ba’zilar uchun xizmatda quvonch topish osonmas. Nega deganda, ayrimlar uyatchan va o‘ziga nisbatan ishonch yetishmaydi. Ba’zilar uchun boshqalarning uyiga taklif qilinmay borish noqulay. Ayrimlar esa odamlarning jahli chiqishidan qo‘rqadi yoki ularga bahslashmaslik kerakligini o‘rgatib kelishgan. Bunday birodar-u opa-singillarimiz Yahovani qattiq sevishsa-da, notanish odamlarga xushxabarni aytishga qiynalishadi. Shunday bo‘lsa ham, ular bu faoliyat juda muhim ekanini tushunishadi va unda muntazam qatnashishadi. Shubhasizki, Yahova ulardan mamnun!
2. Xizmatdan zavq olmayotgan bo‘lsangiz, nega ruhingiz tushmasligi kerak?
2 Xo‘sh, siz ham bu kabi tuyg‘ular tufayli xizmatda quvonch topishdan qiynalyapsizmi? Unday bo‘lsa, ruhingiz tushmasin. Ishonch yetishmayotgani siz kamtarin ekaningizni, o‘zingizga haddan tashqari ko‘p e’tibor qaratishni va boshqalar bilan bahslashishni istamayotganingizni ko‘rsatyapti. Hech birimiz, ayniqsa, boshqalar uchun yaxshilik qilishga intilganimizda rad etilishni xohlamaymiz. Samoviy Otamiz o‘zingizni qanday his qilayotganingizni yaxshi biladi va sizga kerakli yordamni taqdim etmoqchi. (Ishayo 41:13) Bu maqolada bunday tuyg‘ularni yengishimizga qo‘l keladigan beshta tavsiyani va qay yo‘sin xizmatdan ko‘proq quvonch topishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
XUDONING KALOMI SIZNI MUSTAHKAMLASIN
3. Yeremiyo payg‘ambarga va’z qilishga nima yordam bergan?
3 Asrlar davomida Xudoning so‘zlari xizmatchilariga qiyin vazifani yakuniga yetkazishlari uchun kuch bergan. Masalan, Yeremiyo payg‘ambarni olaylik. Yahova unga va’z qilishni aytganida, u xavotirga tushgan. U shunday degan: «Men tuzuk gapira olmayman, axir juda yoshman-ku!» (Yerm. 1:6) Qiziq, qay yo‘sin u o‘ziga nisbatan ishonchni oshira olgan? Yeremiyo Xudoning so‘zlaridan kuch olgan. U quyidagicha aytgan: «Uning so‘zi yuragimda yongan olovday, suyaklarimda qamalgan alangaday edi. Uni ichimda saqlab turishdan charchadim». (Yerm. 20:8, 9) Garchi Yeremiyoning hududida xizmat qilish qiyin kechgan bo‘lsa-da, u olgan xabar bu ishni bajarishi uchun unga kerakli kuch bergan.
4. Xudoning Kalomini o‘qisak va mulohaza yuritsak nima yuz beradi? (Kolosaliklarga 1:9, 10)
4 Masihiylar Kalomdagi xabardan kuchga to‘lishgan. Havoriy Pavlus Kolosadagi jamoatga yozganda, aniq bilimni orttirish birodarlarini «turli ezgu ishda» samara keltirishda davom etish bilan birga «Yahovaga munosib ravishda» yo‘l tutishga undashini aytgan. (Kolosaliklarga 1:9, 10 ni o‘qing.) Bunday ezgu ish xushxabarni va’z qilishni o‘z ichiga oladi. Demak, Kalomni o‘qib, mulohaza yuritganimizda, Xudoga bo‘lgan ishonchimiz oshib, Shohligi to‘g‘risidagi xabar bilan bo‘lishish muhim ekanini tushunamiz.
5. Muqaddas Kitobni o‘qish va tadqiq qilish bizga ko‘proq foyda keltirishi uchun nima qilsak bo‘ladi?
5 Xudoning Kalomidan to‘liq foyda olish uchun uni o‘qiyotganda, tadqiq qilayotganda va ustida fikr yuritayotganda shoshmasligimiz kerak. Bunga alohida vaqt ajrating. Biron oyatni tushunmasangiz, bunga ko‘z yummang. Aksincha, ko‘p tillarda mavjud bo‘lgan «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi» yoki «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»dan foydalanib, o‘sha oyat borasida izlanish o‘tkazing. Tadqiqqa vaqt ajratsangiz, Muqaddas Kitob ishonchli ekaniga bo‘lgan aminligingizni mustahkamlaysiz. (1 Salon. 5:21) Ishonchingiz qanchalik kuchli bo‘lsa, bilib olganlaringizni boshqalar bilan bo‘lishish sizga shunchalik ko‘p zavq keltiradi.
XIZMATGA PUXTA TAYYORLANING
6. Nega xizmatga puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak?
6 Xizmatga yaxshi tayyorlansangiz, boshqalar bilan suhbat qurganingizda, hoynahoy, uncha ko‘p hayajonlanmaysiz. Iso shogirdlarini xizmatga yuborishdan avval ularni tayyorlagan. (Luqo 10:1–11) Ular uning aytganlariga amal qilishgani uchun anchagina yaxshi ishlar qilib, bundan quvonishgan. (Luqo 10:17)
7. Xizmatga qay yo‘sin tayyorgarlik ko‘rishimiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)
7 Xo‘sh, xizmatga qay yo‘sin tayyorgarlik ko‘ra olamiz? Haqiqatni o‘z so‘zlarimiz bilan qay yo‘sin samarali tarzda ayta olishimiz borasida o‘ylashimiz lozim. Qolaversa, hududingizdagi odamlarning ikkita yoki uchta keng tarqalgan javobi va ularga nima deb aytish to‘g‘risida o‘ylash foydalidir. Xizmatga chiqqanimizda esa hayajonlanmaslikka, tabassum qilishga va do‘stona munosabat ko‘rsatishga intilishimiz mumkin.
8. Qaysi ma’noda havoriy Pavlus masihiylarni loydan yasalgan idishlarga o‘xshatgan?
8 Havoriy Pavlus va’zgo‘ylik ishidagi o‘rnimizni ta’kidlab, quyidagicha yozgan: «Ushbu xazinani loydan yasalgan idishlarda saqlab yuribmiz». (2 Kor. 4:7) Bu qanday xazina? Bu — Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni va’z qilishdek najotbaxsh ish. (2 Kor. 4:1) Loydan yasalgan idishlar nima? Ular xushxabarni boshqalarga yetkazayotgan Xudoning xizmatchilarini bildiradi. Pavlusning davrida oziq-ovqat, sharob va pul kabi qimmatbaho narsalarni bir joydan boshqa joyga yetkazish uchun savdogarlar loydan yasalgan idishlardan foydalanishardi. Shu kabi Yahova qimmatbaho xushxabarni bizga ishonib topshirgan. Uning ko‘magi bilan bu xabarni sadoqat ila boshqalarga yetkazish uchun kerakli kuchga ega bo‘lishimiz mumkin.
JASORAT SO‘RAB IBODAT QILING
9. Odamlardan yoki xushxabar rad etilishidan qo‘rqish tuyg‘usini qanday yenga olamiz? (Rasmga ham qarang.)
9 Gohida odamlardan yoki ular xushxabarni rad etishidan qo‘rqarmiz. Bu muammoni qanday yenga olamiz? Havoriylarga va’z qilish man etilganida, ular qanday ibodat qilganiga diqqat qarataylik. Ular qo‘rquvga berilmay, «Tangrining kalomini» gapirish uchun ularga jasorat ato etishini so‘rashgan. Yahova ularning ibodatiga darrov javob bergan. (Havor. 4:18, 29, 31) Ba’zan odamlardan qo‘rqish bizga ta’sir qilsa, Yahovadan yordam so‘rab ibodat qilishimiz kerak. Bunday qo‘rquvni odamlarga bo‘lgan sevgi orqali yengish uchun Yahovadan yordam so‘rang.
10. Yahova biz Uning Shohidlari bo‘lishimizga qanday yordam beryapti? (Ishayo 43:10–12)
10 Yahova bizni Shohidlari sifatida tayinlagan va jasoratli bo‘lishimizga yordam berishni va’da qilyapti. (Ishayo 43:10–12 ni o‘qing.) U buni qilayotganining atigi to‘rtta yo‘liga nazar solaylik. Birinchidan, har safar va’z qilganimizda Iso biz bilan bo‘ladi. (Mat. 28:18–20) Ikkinchidan, Yahova bizga yordam berish uchun farishtalarni tayinlagan. (Vah. 14:6) Uchinchidan, Xudo biz yodlagan oyatlarni esimizga solish uchun muqaddas ruhini beryapti. (Yuhan. 14:25, 26) To‘rtinchidan, Yahova bizga hamkorlar sifatida imondoshlarni taqdim etgan. Uning ko‘magi va sevgiga to‘la birodarligimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan muvaffaqiyatli bo‘lishimiz uchun kerakli hamma narsaga egamiz.
MOSLASHUVCHAN VA IJOBIY BO‘LING
11. Xizmatda bo‘lganimizda qay yo‘sin ko‘proq odamlarni topa olamiz? (Rasmga ham qarang.)
11 Uyma-uy xizmat qilganda, faqat bir nechta odamni uchratganingizdan kayfiyatingiz tushadimi? O‘zingizdan shunday so‘rang: «Hozir hududimdagi odamlar qayerda?» (Havor. 16:13) «Ular ishdami yoki bozordami?» Bu paytda ko‘chama-ko‘cha xizmat qilib ko‘proq odamni uchrata olasizmi? Joshua ismli birodar shunday bo‘lishdi: «Savdo-sotiq markazlari va boshqa do‘konlar hududlarida va’z qilish imkoniyatlarini izlayman». U va xotini Brijit kechki payt boshlanganda hamda yakshanba kunduzi uyma-uy xizmat qilishganda, ko‘proq odamlarni uchratishiga ahamiyat berishdi. (Efes. 5:15, 16)
12. Odamlar nimaga ishonishini yoki nimadan xavotirlanishini qanday bilib olishimiz mumkin?
12 Agar odamlar uncha qiziqish bildirmasa, ular nimaga ishonishini yoki nima haqida tashvishlanishini aniqlashga harakat qiling. Joshua va Brijit muqaddima sifatida buklamaning muqovasidagi savolni qo‘llashadi. Misol uchun, «Muqaddas Kitob haqida qanday fikrdasiz?» nomli buklamadan foydalanib, odamlardan shunday so‘rashadi: «Ba’zilar Muqaddas Kitobni Xudodan deb biladi, ayrimlar esa yo‘q. Siz qanday fikrdasiz?» Ko‘pincha bu suhbatga yo‘l ochadi.
13. Hatto odamlar bizni tinglamasa ham, nega o‘zimizni xizmatda muvaffaqiyatli deb ayta olamiz? (Hikmatlar 27:11)
13 Xizmatimizning muvaffaqiyati natijasiga bog‘liq emas. Nega? Sababi biz Yahova hamda Uning O‘g‘li qilishimizni istayotgan ish — shohidlik berish bilan bandmiz. (Havor. 10:42) Hatto xabarni aytish uchun hech kimni uchratmagan bo‘lsak yoki xushxabarni rad etishganida, quvonsak bo‘ladi. Chunki bu bilan samoviy Otamizni mamnun qilayotganimizni bilamiz. (Hikmatlar 27:11 ni o‘qing.)
14. Nega boshqa va’zgo‘y qiziqish bildirgan kishini topganda quvonishimiz mumkin?
14 Shuningdek, boshqa va’zgo‘y hududida qiziqish ko‘rsatgan odamni topganida xursand bo‘lishimiz mumkin. «Qo‘riqchi minorasi»da faoliyatimiz yo‘qolgan bolani izlash bilan solishtirilgan. Uni qidirishda hududma-hudud yurib ko‘plar qatnashadi. Bola topilganida esa nafaqat uni topgan inson, balki barcha birga quvonadi. Shunga o‘xshab, shogird tayyorlash ishida ham jamoatdagi har bir kishi o‘z hissasini qo‘shadi. Jamoat hududida hamma xizmat qiladi. Shuning uchun kimdir yig‘ilishlarga kelishni boshlasa, barcha xursand bo‘ladi.
YAHOVAGA HAMDA YAQININGIZGA BO‘LGAN SEVGIGA DIQQAT QARATING
15. Qay yo‘sin Matto 22:37–39 dagi so‘zlarga amal qilib xizmatdagi g‘ayratimizni oshira olamiz? (Muqovadagi rasmga ham qarang.)
15 Yahovaga hamda yaqinimizga bo‘lgan sevgiga diqqat qaratish orqali va’zgo‘ylikda g‘ayratimizni oshira olamiz. (Matto 22:37–39 ni o‘qing.) Va’zgo‘ylik ishida qatnashganimizni va Muqaddas Kitob tadqiqini boshlaganimizni ko‘rib Yahova qanchalik suyunishini bir tasavvur qiling. Unutmangki, xushxabarni qabul qilgan odamlar najot topishadi. (Yuhan. 6:40; 1 Tim. 4:16)
16. Uydan chiqa olmasak ham qanday qilib xizmatdan quvonch topishimiz mumkin? Misollar keltiring.
16 Qaysidir sababga ko‘ra uydan chiqa olmayapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, Yahovaga hamda yaqiningizga bo‘lgan sevgingizni ko‘rsatish uchun nima qila olishingizga diqqat qarating. COVID-19 pandemiyasi paytida Semiyel va Daniya uyidan chiqa olishmagan. Bu qiyin vaqt davomida ular muntazam ravishda telefon orqali shohidlik berishgan, xatlar yozishgan va zum orqali Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazishgan. Semiyel saratonga chalingani uchun muolaja olishga kasalxonaga borganida, u yerdagilarga shohidlik bergan. U shunday dedi: «Qiyinchiliklar bizni hissan, jismonan va ma’nan susaytiradi. Xizmatimizda quvonch topishimiz kerak». O‘sha paytda Daniya ham yiqilib tushdi va uch oyga to‘shakka mixlanib qoldi. Keyin esa olti oy davomida nogironlar aravachasida yurishga majbur bo‘ldi. Daniya quyidagicha bo‘lishdi: «Men sharoitimdan kelib chiqib, qo‘limdan kelgan eng yaxshisini qilishga harakat qildim. Menikiga kelgan hamshiraga va uyimizga u-bu narsalarni yetkazib berganlarga va’z qildim. Bundan tashqari, tibbiyot sohasidagi bir kompaniyada ishlagan ayol bilan qiziqarli suhbatlar qurdim». Bu juftlik vaziyati tufayli ko‘p qila olmagan bo‘lsa-da, qo‘lidan kelganini qildi va bundan quvonch topdi.
17. Bu maqoladagi tavsiyalar sizga foyda keltirishi uchun nima qilsangiz bo‘ladi?
17 Bu maqolada tilga olingan beshta tavsiyaga amal qilishga urinib ko‘ring. Har bir tavsiyani biron retseptdagi masalliqqa o‘xshatsa bo‘ladi. Retseptdagi hamma masalliqlar solinsa, ovqatingiz mazali chiqadi. Barcha tavsiyalarni qo‘llash orqali xizmatda duch kelgan har qanday salbiy tuyg‘uni yengib, ko‘proq quvona olamiz.
-
Puxta tayyorlanish uchun vaqt ajratish...
-
Jasorat so‘rab ibodat qilish...
-
Yahovaga hamda yaqiningizga bo‘lgan sevgiga diqqat qaratish...
QAY YO‘SIN XIZMATDA QUVONCHINGIZNI OSHIRA OLADI?
80-QO‘SHIQ «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»