Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-TADQIQ MAQOLASI

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

Yahovaning tashkilotiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlang

Yahovaning tashkilotiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlang

Orangizda rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarni unutmanglar, axir ular sizlarga Tangrining kalomini aytishgan. (IBRON. 13:7)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yahovaning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni qay yo‘sin mustahkamlashimiz mumkinligini va uni yo‘qotmasligimizga nima yordam berishini bilib olamiz.

1. Yahovaning xalqi birinchi asrda qanday tartibga amal qilgan?

 YAHOVA xizmatchilariga birorta vazifa topshirsa, ular uni tartib bilan bajarishlarini istaydi. (1 Kor. 14:33) Masalan, Xudoning irodasi butun yer yuzi bo‘ylab xushxabar va’z qilinishidan iborat. (Mat. 24:14) Yahova bu ishga bosh-qosh bo‘lishni Isoga topshirgan. U ham bu ish tartib bilan bajarilishiga g‘amxo‘rlik qilyapti. Birinchi asrda turli joylarda jamoatlar tashkillashtirilgan. Yo‘l-yo‘riq berish va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish uchun oqsoqollar tayinlangan. (Havor. 14:23) O‘shanda Quddusda oqsoqollar kengashi havoriylar va boshqa oqsoqollardan iborat bo‘lib, muayyan qarorlar chiqarishgan. Bu qarorlarga hamma jamoatlar amal qilishi kutilgan. (Havor. 15:2; 16:4) Imondoshlar olgan yo‘l-yo‘riqlarga bo‘ysungani natijasida «jamoatlar imonda mustahkam bo‘lib, imonlilarning soni ortib borardi». (Havor. 16:5)

2. Yahova 1919-yildan beri qay yo‘sin yo‘l-yo‘riq va ma’naviy ozuqani taqdim etyapti?

2 Yahova bugun ham xalqi orasida tartib bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilyapti. 1919-yildan beri Iso va’zgo‘ylik ishi tashkillashtirilishi va izdoshlariga ma’naviy ozuqa o‘z vaqtida yetkazilishi uchun moylangan masihiylarning kichik guruhidan foydalanyapti. (Luqo 12:42) a Yahova bu guruhning mehnatiga baraka berayotgani yaqqol ko‘rinyapti. (Ishayo 60:22; 65:13, 14)

3, 4. a) Oramizda tartib borligi foydali ekanini ko‘rsatuvchi misol bilan bo‘lishing. b) Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

3 Agar oramizda tartib bo‘lmaganida, Iso bizga topshirgan vazifani bajara olmasdik. (Mat. 28:19, 20) Masalan, birodarlar va’zgo‘ylik uchun hududlarni taqsimlamaganida hamma o‘zi istagan joyda va’z qilardi. Shunda ba’zi hududlarda qayta-qayta va’z qilinsa, boshqa hududlarda va’z qilinmasdi. Oramizdagi tartibning boshqa foydali tomonlari ham xayolingizga kelgandir.

4 Iso yer yuzida bo‘lganida tartib bilan xizmat qilishimiz uchun o‘rnak qoldirgan. Ushbu maqolada Iso ko‘rsatgan o‘rnakni va tashkilotimiz unga qanday taqlid qilayotganini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, Yahovaning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni qay yo‘sin namoyon etishimiz mumkinligini bilib olamiz.

TASHKILOTIMIZ ISONING O‘RNAGIGA ERGASHYAPTI

5. Isoning o‘rnagiga ergashayotganimizning yo‘llaridan biri qanday? (Yuhanno 8:28)

5 Iso samoviy Otasidan nima qilishni va nima deyishni o‘rgangan. Uning o‘rnagiga taqlid qilgan holda tashkilotimiz axloq borasidagi ta’limotlarni va yo‘l-yo‘riqlarni Xudoning Kalomiga asoslaydi. (Yuhanno 8:28 ni o‘qing; 2 Tim. 3:16, 17) Biz tez-tez Xudoning Kalomini o‘qish va bilib olganlarimizni amalda qo‘llash borasida eslatmalar olib turamiz. Xo‘sh, bu maslahatga amal qilish bizga qanday foyda keltiradi?

6. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishdan foyda olayotganimizning muhim yo‘li qanday?

6 Muqaddas Kitobni adabiyotlarimiz yordamida tadqiq qilishdan ko‘p foyda olyapmiz. Masalan, u yerdagi ta’limotlarni tashkilotimizdan olayotgan yo‘l-yo‘riqlar bilan solishtira olamiz. Bu yo‘l-yo‘riqlar Muqaddas Yozuvlarga asoslanganini ko‘rganimizda Yahovaning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimiz yanada oshadi. (Rim. 12:2)

7. Iso qanday xabarni va’z qilgan va tashkilotimiz uning o‘rnagiga qay yo‘sin ergashyapti?

7 Iso «Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni» va’z qilgan. (Luqo 4:43, 44) U shogirdlariga ham bu Shohlik to‘g‘risida va’z qilishni amr etgan. (Luqo 9:1, 2; 10:8, 9) Bugun Yahovaning tashkilotiga tegishli bo‘lgan har qanday inson qayerda yashashidan yoki tashkilotda qancha ko‘p vazifaga ega bo‘lishidan qat’i nazar, bu Shohlik to‘g‘risida va’z qiladi.

8. Qanday sharafga egamiz?

8 Xudoning Shohligi haqidagi haqiqatni boshqalar bilan bo‘lishishni katta sharaf deb bilamiz. Hamma ham bunday sharafga ega emas. Masalan, Iso yer yuzida bo‘lganida jinlarga u haqda shohidlik berishga yo‘l qo‘ymagan. (Luqo 4:41) Hozir ham Yahovaning Shohidi sifatida va’z qilishni xohlagan inson Uni mamnun qiladigan tarzda hayot kechirishi zarur. Har qayerda va har qachon va’z qilish orqali bunday sharaf uchun minnatdor ekanimizni namoyon etamiz. Iso kabi maqsadimiz odamlarning qalbiga Shohlik urug‘ini ekish va sug‘orishdan iborat. (Mat. 13:3, 23; 1 Kor. 3:6)

9. Tashkilotimiz Xudoning ismini boshqalarga qay yo‘sin tanityapti?

9 Iso Xudoning ismini ma’lum qilgan. U samoviy Otasiga ibodat qilganda shunday degan: «Men ismingni ularga ma’lum qildim». (Yuhan. 17:26) Tashkilotimiz Isoning o‘rnagiga taqlid qilgan holda boshqalarga Xudoning ismini ayon qilish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilyapti. Bunda «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» muhim rol o‘ynaydi. Chunki unda kerakli barcha joylarda Xudoning ismi qayta tiklangan. Hozir bu tarjima to‘liq yoki qisman 270 dan ziyod tillarda mavjud. U yerdagi ilovaning A4 va A5 mavzularida Muqaddas Kitobda Xudoning ismi qayta tiklanishi bilan bog‘liq kerakli tafsilotlarni topasiz. Shuningdek, u yerda Xudoning ismi Yunoncha yozuvlarning 237 ta joyida nega turishi kerakligi tushuntirilgan.

10. Myanmadagi ayol aytgan so‘zlaridan nimani o‘rgandingiz?

10 Isoga o‘xshab imkon boricha ko‘pgina odamlarga Xudoning ismini bilishga yordam berishni istaymiz. Myanmadagi 67 yoshli bir ayol Xudoning ismi borligini bilgach, ko‘ziga yosh keldi. U shunday dedi: «Hayotimda ilk bor Xudoning ismi Yahova ekanini eshitdim. [...] Sizlardan eng muhim narsani bilib oldim». Ko‘rib turganimizdek, Xudoning ismini bilish samimiy insonlarga kuchli ta’sir qilishi mumkin.

TASHKILOTIMIZGA BO‘LGAN ISHONCHINGIZNI KO‘RSATISHDA DAVOM ETING

11. Oqsoqollar tashkilotimizga ishonayotganini qanday ko‘rsata oladi? (Rasmga ham qarang.)

11 Oqsoqollar Xudoning tashkilotiga ishonayotganini ko‘rsatishining yo‘llaridan biri qanday? Ular yo‘l-yo‘riq olganda uni diqqat ila o‘qishlari, keyin esa qobiliyatlarini ishga solib unga amal qilish uchun jon kuydirishlari kerak. Masalan, ular nafaqat dastur qismlari bilan qanday chiqish, jamoatda qanday ibodat qilish, balki Masihning qo‘zichoqlariga qay yo‘sin g‘amxo‘rlik qilish borasida ham yo‘l-yo‘riq olishadi. Tashkilot berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilayotgan oqsoqollar qo‘l ostidagi kishilarga o‘zlarini xavfsiz va sevikli his qilishlariga yordam berishadi.

Oqsoqollar tashkilotimiz berayotgan yo‘l-yo‘riqqa ishonishimizga yordam berishadi (11-xatboshiga qarang.) b


12. a) Nega rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan birodarlar bilan hamkorlik qilishimiz kerak? (Ibroniylarga 13:7, 17) b) Nega diqqatimizni rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarning ijobiy tomonlariga qaratishimiz lozim?

12 Oqsoqollardan yo‘l-yo‘riq olganimizda unga bajonidil amal qilishimiz kerak. Shu yo‘sin, rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan kishilarning ishini osonlashtirgan bo‘lamiz. Muqaddas Kitobga binoan, ularga itoatkor bo‘lib, quloq solishimiz lozim. (Ibroniylarga 13:7, 17 ni o‘qing.) Gohida bunday qilish qiyin bo‘lishi hech gap emas. Nima uchun? Sababi ular nomukammal. Biroq ularning ijobiy emas, salbiy tomonlariga diqqat qaratsak, aslida dushmanlarimizga yordam bergan bo‘lamiz. Qiziq, qanaqasiga? Dushmanlarimiz Xudo bizni boshqarishda tashkilotidan foydalanishdan shubhalanishimizni istaydi. Demak, oqsoqollar haqida salbiy fikrda bo‘lsak, tashkilotimiz borasida ham xuddi shunday o‘ylay boshlashimiz va ishonchimizni yo‘qotishimiz mumkin. Xo‘sh, dushmanlarimizning yolg‘onlarini aniqlash va rad etish uchun nima qila olamiz?

BOSHQALAR ISHONCHINGIZNI ZAIFLASHTIRISHIGA YO‘L QO‘YMANG

13. Qanday qilib Xudoning dushmanlari tashkilotimizni yomon otliqqa chiqarmoqchi?

13 Xudoning dushmanlari tashkilotimizning ijobiy tomonlarini salbiy qilib ko‘rsatmoqchi. Misol uchun, Muqaddas Yozuvlardan shuni bilib oldikki, Yahova topinuvchilaridan jismonan, axloqan va ma’nan pok bo‘lishini kutadi. U axloqsiz hayot kechirib, tavba qilmagan har bir kishi jamoatdan chetlatilishini talab qilyapti. (1 Kor. 5:11–13; 6:9, 10) Biroq bu amrga amal qilganimiz uchun dushmanlarimiz bizni odamlarni sevmaydigan, hukm qiladigan va fanatik deb ayblashyapti.

14. Tashkilotimiz haqida yolg‘on gap-so‘zlarni tarqatayotganlarning ortida kim turibdi?

14 Aslida kim hujum qilayotganini aniqlang. Tashkilotimiz haqidagi yolg‘onlarning ortida aslida Shayton Iblis turibdi. U «yolg‘onning otasi». (Yuhan. 8:44; Ibt. 3:1–5) Shayton tashkilotimiz haqida yolg‘onlarni tarqatish uchun tarafdorlaridan foydalanayotgani bizni hayron qoldirmasligi kerak. Bu birinchi asrda ham yaqqol namoyon bo‘lgan.

15. Din rahbarlari Iso hamda uning izdoshlariga nisbatan nima qilishgan?

15 Birinchi asrda Shaytonning tarafdorlari Xudoning mukammal O‘g‘li va u yaratgan ajoyib mo‘jizalar haqida yolg‘on gapirishgan. Misol uchun, din rahbarlari Iso «yovuz ruhlarni jinlar hukmdori» yordami bilan quvib chiqarganini aytishgan. (Mark 3:22) Isoni hukm qilishganda din rahbarlari uni Xudoga qarshi gapirishda ayblashgan va uni o‘ldirishni so‘ranglar deb xalqni qayrab qo‘yishgan. (Mat. 27:20) Keyinroq Isoning izdoshlari xushxabarni va’z qilishdi. Dushmanlar esa xalqqa «yomon ta’sir o‘tkazib», bu izdoshlarni quvg‘un qilishlari uchun ularni qo‘zg‘atishdi. (Havor. 14:2, 19) «Qo‘riqchi minorasi» 1998-yil 1-dekabr sonida Havoriylar 14:2 shunday tushuntirilgan: «Dushmanlik qilgan yahudiylar xushxabarni rad etish bilan kifoyalanmay, Isoning izdoshlari haqida bo‘htonlar tarqatib, o‘zga xalq vakillarini ularga qarshi qayrab qo‘yishgan».

16. Yolg‘on gap-so‘zlarni eshitsak, nimani yodda tutishimiz kerak?

16 Shayton hozir ham odamlarni aldab kelyapti. U «butun yer yuzini yo‘ldan ozdirib yur»ibdi. (Vah. 12:9) Agar tashkilotimiz yoki rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan birodarlar to‘g‘risida salbiy narsalarni eshitsangiz, Xudoning dushmanlari Isoga hamda birinchi asrdagi shogirdlarga qanday munosabat ko‘rsatganini eslang. Kalomda bashorat qilinganiday, hozir Yahovaning xalqi quvg‘unlarga va bo‘htonlarga duch kelyapti. (Mat. 5:11, 12) Yolg‘on gap-so‘zlar qayerdan kelib chiqayotganini tushunsak, ularga laqqa tushmaymiz va zudlik bilan harakat qilamiz. Xo‘sh, bizdan qanday harakatlar kutiladi?

17. Yolg‘on gap-so‘zlar bizga ziyon yetkazmasligi uchun qanday choralar ko‘rsak bo‘ladi? (2 Timo‘tiyga 1:13) (« Yolg‘on gap-so‘zlarga qanday munosabatda bo‘lish lozim?» nomli ramkaga ham qarang.)

17 Yolg‘onni rad eting. Havoriy Pavlus yolg‘on gaplarni eshitganimizda nima qilishimiz to‘g‘risida aniq yo‘l-yo‘riqlar bergan. U Timo‘tiyga ba’zi kishilarga «uydirmalar... bilan boshlarini qotirmas»likni «muqaddas narsalarni bulg‘aydigan kufr so‘zlarni rad et»ishni yetkazishi kerakligini aytgan. (1 Tim. 1:3, 4; 4:7) Bir o‘ylab ko‘ring: yosh bola yerdagi kir narsani og‘ziga solishi mumkin, lekin yoshi katta inson bunday qilmaydi. Sababi bu uning sog‘ligiga zarar keltirishini tushunadi. Yolg‘onlar ortida kim turganini bilganimiz uchun ularni rad etamiz. Biz «sog‘lom so‘zlar»dan iborat haqiqatnigina eshitishni istaymiz. (2 Timo‘tiyga 1:13 ni o‘qing.)

18. Tashkilotimizga bo‘lgan ishonchni qay yo‘sin oshira olamiz?

18 Xudoning tashkiloti Isoning o‘rnagiga ergashayotganining ko‘pgina yo‘llaridan bor-yo‘g‘i uchtasini ko‘rib chiqdik. Muqaddas Kitobni tadqiq qilar ekansiz, tashkilotimiz uning o‘rnagiga ergashayotganining boshqa yo‘llariga ham e’tibor qarating. Jamoatingizdagilarga tashkilotimizga bo‘lgan ishonchni kuchaytirishga ko‘maklashing. Shuningdek, Yahovaga sadoqat ila xizmat qilish va U irodasini amalga oshirishda foydalanayotgan tashkilot bilan birga bo‘lish orqali ishonchingizni namoyon eting. (Zab. 37:28) Keling, Yahovaning mehribon va sadoqatli xizmatchilari bilan birga bo‘lish sharafi uchun doim minnatdor bo‘laylik.

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Xudoning xizmatchilari Isodan qaysi yo‘llar orqali o‘rnak olyapti?

  • Yahovaning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni namoyon etishda qanday davom eta olamiz?

  • Yolg‘on gap-so‘zlarga duch kelsak, nima qilishimiz kerak?

103-QO‘SHIQ Cho‘ponlar — Alloh bergan hadyalar

a «Nihoyat pok topinish tiklandi!» kitobining 102-, 103-sahifalaridagi «Nega 1919-yil?» nomli ramkaga qarang.

b RASMGA SHARH. Oqsoqollar jamoat joylarida va’z qilish borasida muhokama qilgach, guruh noziri va’zgo‘ylarga devorga orqasini o‘girib turish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq beryapti.