Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Zaifliklarim Xudoning kuchidan dalolat

Zaifliklarim Xudoning kuchidan dalolat

XOTINIM bilan 1985-yili Kolumbiyaga borganimizda, u yer zo‘ravonlikka to‘lib-toshgan edi. Hukumat shaharlarda qudratli giyohvand kartellar, tog‘larda esa partizanlar bilan kurash olib borgan. Keyinchalik biz xizmat qilgan Medelin hududida qurollangan bosqinchilar ko‘chalarda izg‘ib yurardi. Ular giyohvand moddalarni sotardi, odamlarni talon-toroj qilardi va pul uchun odam o‘ldirardi. Ularning hech biri ko‘p yashamagan. Biz go‘yo boshqa dunyoda yashayotganday edik.

Qanday qilib ikkita oddiy kishi, sayyoramizdagi eng shimoliy mamlakatlarning biri, Finlyandiyadan Janubiy Amerikaga tushib qolgan, deysizmi? Yillar osha qanday saboqlar oldim?

FINLYANDIYADA O‘TGAN YOSHLIGIM

Men 1955-yili tug‘ilganman, oilada uchta o‘g‘ilning kenjasiman. Men Finlyandiyaning janubiy sohilidan uzoq bo‘lmagan hududda, hozir Vantaa deb nomlanadigan shaharda katta bo‘lganman.

Dunyoga kelishimdan bir necha yil avval onam Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mgan. Biroq otam haqiqatga qarshi bo‘lgan va onamga biz bilan tadqiq o‘tkazishni hamda bizni yig‘ilishlarga olib borishga ruxsat bermagan. Shuning uchun u uyda bo‘lmaganida onam bizga Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rgatardi.

Yetti yoshimda Yahovaga xizmat qilishni boshladim

Bolaligimdan Yahovaga bo‘ysunishga harakat qilardim. Masalan, yetti yoshligimda verilattuyani (tarkibida qon bor bo‘lgan fin pishirig‘ini) yemaganim uchun o‘qituvchim g‘azabga mingan. Og‘zimni ochishim uchun u bitta qo‘li bilan yuzimning ikki tomonini siqqan, boshqa qo‘li bilan esa o‘sha pishiriq suqulgan sanchqini og‘zimga solishga harakat qilgan. Men esa o‘sha sanchqini qo‘lidan tushirib yubordim.

12 yoshda bo‘lganimda otam hayotdan ko‘z yumdi. Shundan so‘ng yig‘ilishlarga bora oladigan bo‘ldim. Jamoatdagi birodarlar menga qiziqish ko‘rsatishgan va bu meni ma’nan ulg‘ayishga undagan. Kunda Muqaddas Kitobni o‘qishni va adabiyotlarimizni puxta tadqiq qilishni boshladim. Bunday tadqiq qilish odati tufayli 1969-yili 8-avgustda 14 yoshda suvga cho‘mdim.

Maktabni bitirgach, doimiy kashshoflikni boshladim. Bir necha hafta o‘tgandan keyin Finlyandiyaning markazi yaqinidagi Piyelavesiga — ehtiyoj katta bo‘lgan hududga ko‘chdim.

U yerda keyinchalik qadrdon xotinim bo‘lgan Syorkka ismli bir qiz bilan tanishdim. U o‘z haddini bilgani va Yahovani qattiq yaxshi ko‘rgani uchun uni yoqtirib qoldim. U mashhurlikka yoki boyib ketishga intilmagan. Ikkimiz ham xizmatda eng a’losini qilishni istardik va topshirilgan har qanday vazifani tayyorlik bilan bajarardik. Biz 1974-yili 23-martda turmush qurdik. Asal oyiga bormadik. Buning o‘rniga Shohlik xabarchilari juda kerak bo‘lgan Karttula shahriga xizmat qilish uchun ketdik.

Karttulada (Finlyandiya) ijaraga olgan uyimiz

YAHOVA BIZGA G‘AMXO‘RLIK QILGAN

Akam bergan mashina

Nikohimizning boshidayoq Yahova agar biz Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ysak, moddiy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatdi. (Mat. 6:33) Masalan, Karttulada mashinamiz bo‘lmagan. Boshida velosipedda yurardik. Lekin qishda juda ham sovuq edi. Va’z qilish uchun jamoat hududi kattagina edi va bizga mashina kerak bo‘lgan. Ammo uni xarid qilish uchun pulimiz bo‘lmagan.

Kutilmaganda akam biznikiga mehmon bo‘lib keldi. U mehribonlik bilan mashinasini bizga taklif qildi. Sug‘urtasi to‘langan edi, biz faqat benzin quyishimiz kerak bo‘lgan. Shunday qilib mashinaga ega bo‘ldik.

Yahova moddiy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatini O‘z zimmasiga olganini bizga ko‘rsatdi. Bizning ishimiz Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish edi.

GILAD MAKTABI

Doimiy kashshoflar maktabi (1978)

1978-yili Doimiy kashshoflar maktabida o‘qiganimizda, ustozlarimizning biri, Raymo Kuokkanen a Gilad maktabida o‘qish uchun bizni ariza to‘ldirishga undadi. U yerda o‘qiy olish uchun ingliz tilini o‘rganishni boshladik. Lekin 1980-yili hali arizani to‘ldirmaganimizda, bizni Finlyandiyadagi filialda xizmat qilishga taklif qilishdi. O‘sha paytlarda baytilchilar bu arizani to‘ldira olmasdi. Ammo o‘zimiz emas, Yahova istagan joyda xizmat qilishni xohlardik. Shunga bu taklifga rozi bo‘ldik. Shunday bo‘lsa ham, Giladda o‘qish uchun ariza to‘ldirishga imkon tug‘ilar deb ingliz tilini o‘rganishni davom ettirdik.

Bir necha yil o‘tgach, Yetakchi kengash baytilchilar ham Giladda o‘qish uchun ariza to‘ldirishi mumkinligini aytdi. Biz shu zahotiyoq uni to‘ldirdik. Lekin buni Baytilda baxtsiz bo‘lganimiz uchun emas, aksincha, agar layoqatli bo‘lsak, ehtiyoj katta bo‘lgan hududda xizmat qilish uchun o‘zimizni taqdim etishni xohlaganimiz sabab qildik. Bizni taklif qilishdi va 1985-yili sentabrda 79-sinfni bitirdik. Bizni Kolumbiyaga tayinlashdi.

TO‘LA VAQTLI MAXSUS VA’ZGO‘YLIKDAGI ILK VAZIFAMIZ

Kolumbiyada avval filialga tayinlandik. Xizmatda eng a’losini qilishga intilardim, biroq bir yil o‘tgach o‘zgarishlar qilishimiz kerakligini tushundim. Hayotimda birinchi va so‘nggi bor vazifamizni o‘zgartirish haqida so‘radim. Shunda Uila departamentidagi Neyva shahriga daladagi to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar sifatida tayinlandik.

Menga doim va’z qilish yoqardi. Finlyandiyada bo‘ydoq bo‘lib kashshoflik qilganimda ba’zan sahar ertalabdan kechki paytgacha xizmat qilardim. Yangi oila sifatida ham Syorkka bilan kun bo‘yi va’z qilardik. Olis hududlarda xizmat qilganda, gohida mashinamizda tunab qolardik. Bu tufayli safar uchun mo‘ljallangan vaqt kamayardi va ertalabdanoq xizmat qilishni boshlashimiz mumkin edi.

Daladagi to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar etib tayinlanganimiz uchun xizmatdagi avvalgi g‘ayratimiz yana tiklandi. Jamoatimiz o‘sdi, Kolumbiyadagi birodar-u opa-singillar mehribon, minnatdor bo‘lishgan va boshqalarni hurmat qilishgan.

IBODATNING KUCHI

Biz xizmat qilgan Neyvaga yaqin shaharlarda bitta ham Yahovaning Shohidi bo‘lmagan. O‘sha olis hududlarda xushxabar qanday va’z qilinarkan, deb tashvishlanardim. Biroq partizanlarning urushi dastidan o‘sha hududlarda mahalliy aholidan bo‘lmagan insonlar uchun xavfli bo‘lgan. Shu bois o‘sha shaharlarning birida bir kun kelib kimdir Yahovaning Shohidi bo‘lishi borasida ibodat qilardim. Bunday inson Neyvada yashab haqiqatni bilib olishi kerak deb o‘ylardim. Shu sababli Xudodan u suvga cho‘mgandan so‘ng ma’nan o‘sib, va’z qilish uchun ona shahriga qaytishi so‘rardim. Yahovada menikidan yaxshiroq yechim borligini esda saqlashim kerak edi.

Ko‘p o‘tmay, Fernando Gonzalez ismli yigit bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladik. U Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan shaharlarning birida, Alxesirasda yashardi. Fernando Neyvaga ishlash uchun har hafta 50 dan ziyod kilometr yo‘l bosib kelardi. U har bir tadqiqqa puxta tayyorgarlik ko‘rardi va darrov hamma yig‘ilishlarga borishni boshladi. Tadqiq boshlagan haftasidayoq Fernando uyidagilarining hammasini yig‘ib, tadqiqda bilib olganlarini ularga ayta boshladi.

Fernando bilan birga (1993)

Fernando tadqiq boshlaganidan olti oy o‘tgach, 1990-yili yanvarda suvga cho‘mdi. So‘ng u doimiy kashshoflikni boshladi. Fernando Alxesirasda yashagani uchun filial o‘sha yerga maxsus kashshoflarni tayinlashi ancha xavfsizroq edi. 1992-yili fevralda o‘sha shaharda jamoat tashkil etildi.

Xo‘sh, Fernando faqat o‘z shahri bilan chegaralanib qoldimi? Yo‘q. Uylangandan keyin u xotini bilan Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan boshqa shaharga, San-Vinsente-del-Kaguanga ko‘chdi. U yerda ular jamoat tashkil etilishiga yordam berishdi. 2002-yili Fernando tuman noziri etib tayinlandi va xotini Olga bilan hozirgacha bu xizmat turida qatnashyapti.

Bu vaziyatdan tashkilotimizdagi vazifalarga taalluqli masalalarda muayyan narsalar haqida ibodat qilish juda muhim ekanini o‘rgandim. Yahova qo‘limizdan kelmaydigan narsalarni qila oladi. Bundan tashqari, bu bizning emas, Uning o‘rim-yig‘im ishi. (Mat. 9:38)

YAHOVA BIZDA «ISTAK UYG‘OTIB, KUCH ATO ETADI»

1990-yili biz tuman nozirlik xizmatiga tayinlandik. Ilk tumanimiz poytaxt shahar Bogota bo‘lgan. U yerda qanday xizmat qilamiz, deb xavotirlanganmiz. Chunki xotinim ikkimiz o‘zgacha iste’dodi bo‘lmagan oddiy inson edik. Buning ustiga, gavjum katta shaharda yashamaganmiz. Ammo Yahova Filippiliklarga 2:13 dagi mana shu va’dasini bajardi: «Tangri O‘ziga yoqadigan ishlarni qilish uchun sizlarda istak uyg‘otib, kuch ato etadi».

Keyinchalik Medelin hududidagi bir tumanga, yuqorida aytib o‘tgan shaharga tayinlandik. U yerda odamlar zo‘ravonlikka ko‘nikib ketgani uchun bu ularni qo‘rqitmasdi. Misol uchun, bir kuni Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotganimda, yonimizdagi uyda otishma boshlanib ketdi. Shunda men polga yotib yashirinmoqchi edim, tadqiq o‘tayotgan kishi esa hech narsa bo‘lmaganday xotirjam bo‘lib xatboshini o‘qishda davom etdi. O‘qishni tugatgach esa uzr so‘rab, tashqariga chiqdi. Sal turib u ikkita kichkina bolasi bilan qaytdi va bamaylixotir: «Uzr so‘rayman, farzandlarimni olib kelishim kerak edi»,— dedi.

Boshqa xavfli vaziyatlar ham bo‘lgan. Bir safar uyma-uy va’z qilganimizda, xotinim yonimga yugurib keldi, rangida rang qolmagandi. U bitta kishi unga qarab o‘q uzganini aytdi. Shunda rosa qo‘rqib ketdim. Lekin keyin u Syorkkaning yonidan o‘tib ketayotgan kishiga qarab o‘q uzganini tushundik.

Vaqt o‘tib, ko‘chadagi zo‘ravonlikdan dahshatga tushmaslikni o‘rgandik. Bu kabi va bundan ham battarroq vaziyatlarga duch kelayotgan mahalliy imondoshlarimiz bardoshli ekanidan dalda olardik. Yahova ularga yordam berayotgan bo‘lsa, bizga ham yordam beradi, deb xulosa qildik. Doimo mahalliy oqsoqollarning maslahatlariga quloq solardik, xavfsizlik choralarini ko‘rardik, qolganini esa Yahovaning qo‘liga topshirardik.

Albatta, ba’zi vaziyatlar biz kutganday uncha xavfli bo‘lmagan. Bir kuni men borgan uy yaqinida ikkita ayol bir-biriga haqoratli so‘zlarni aytib janjal qilayotganini eshitganday bo‘ldim. Bu meni umuman qiziqtirmagan, lekin uy egasi tashqariga chiqishimizni aytdi. Aslida esa, «janjal» qo‘shnilarga taqlid qiladigan ikkita to‘tiqush orasida bo‘layotgandi.

QO‘SHIMCHA VAZIFALAR VA QIYINCHILIKLAR

1997-yili Xizmat malakasini oshirish maktabida ta’lim berish uchun tayinlandim b. Tashkilotimizning maktablarida bo‘lishni hamisha qadrlardim. Biroq ularning birida ta’lim berish sharafiga ega bo‘lishim xayolimga kelmagan.

Keyinchalik viloyat noziri etib tayinlandim. Viloyat noziri etib tayinlanish to‘xtatilganda esa yana tuman noziri bo‘ldim. Shunday qilib, 30 yildan oshiqroq vaqt mobaynida instruktor va tuman noziri bo‘lib xizmat qildim. Shunda ko‘p barakalarga ega bo‘ldim. Lekin qora kunlar ham bo‘lgan. Keling, bu borada ham aytib beray.

Men shaxsiyati kuchli insonman. Bu menga qiyin vaziyatlarda qo‘l kelgan. Ammo jamoatdagi masalalarni hal qilishda haddan tashqari ko‘p g‘ayrat ko‘rsatgan paytlarim ham bo‘lgan. Ba’zida ayrimlarni boshqalarga nisbatan ko‘proq mehr ko‘rsatishga va mulohazakor bo‘lishga jo‘shqinlik bilan undardim. Lekin shunisi qiziqki, aynan o‘sha paytda o‘zimga ham shu narsalar yetishmayotgan edi. (Rim. 7:21–23)

Kamchiliklarim dastidan ba’zan ko‘nglim buzilardi. (Rim. 7:24) Bir kuni Yahovaga ibodat qilib, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylikni to‘xtatganim va Finlyandiyaga qaytganim yaxshiroq, deb o‘yladim. O‘sha kuni kechki payt yig‘ilishga bordik. U yerda eshitganlarim tufayli vazifamni bajarishim va kamchiliklarim ustida ishlashda davom etishim kerakligiga amin bo‘ldim. O‘shanda Yahova bu ibodatimga aniq javob bergani menga qattiq ta’sir qildi. Qolaversa, U kamchiliklarimni yengishga mehr ila yordam berayotganidan nihoyatda minnatdorman.

KELAJAKKA AMINLIK BILAN QARASH

Syorkka va men Yahova hayotimizning ko‘p qismini to‘la vaqtli xizmatda o‘tkazish sharafini berganini qadrlaymiz. U bu yillar davomida juda mehribon va sadoqatli bo‘lgan xotinimni bergani uchun ham minnatdorman.

Yaqinda 70 yoshga to‘lganimda instruktor va tuman noziri bo‘lib xizmat qilishni to‘xtataman. Ammo bundan xafa emasman. Nega deysizmi? Sababi Yahovaga o‘z haddimizni bilib xizmat qilish va sevgi hamda minnatdorchilikka to‘la qalb bilan Uni madh etish katta sharaf ekaniga yuz foiz aminman. (Mixo 6:8; Mark 12:32–34) Yahovani sharaflash uchun mashhur bo‘lishimiz kerak emas.

Bajargan hamma vazifalarni eslaydigan bo‘lsam, boshqalardan yaxshiroq bo‘lganim yoki o‘zgacha qobiliyatim borligi uchun ularga ega bo‘lganman, deb o‘ylamayman. Aslida Yahovaning inoyati tufayli ularga ega bo‘lganman. U kamchiliklarimga qaramay, menga bu vazifalarni topshirgan. Ularni faqat Yahovaning ko‘magi bilan bajara olyapman. Shunga zaifliklarim Xudoning kuchidan dalolat deb ayta olaman. (2 Kor. 12:9)

a Raymo Kuokkanen birodarning tarjima holi «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2006-yil 1-aprel (rus) sonidagi «Yahovaga xizmat qilish qarorimiz qat’iy» nomli maqolada keltirilgan.

b Hozir Shohlik xabarchilari maktabi.